Turkiy tilning qipchoq lahjasiga mansub qumiqchani Lermontov va Tolstoy nega o‘rgangan?


Saqlash
17:21 / 13.04.2024 959 0

Qumiqlar – Shimoliy Kavkazdagi eng ko‘p sonli turkiy xalq. Ular islom diniga e’tiqod qilishadi. Ko‘pchiligi shof’e, faqat bir qismigina hanafiya mazhabida. Qumiq tili turkiy tilning qipchoq lahjasiga mansub.

 

Qumiqlarning umumiy soni 600 000 atrofida. Qumiqlar yashaydigan joylar to XX asrga qadar Qumiqiston deb atalib kelingan. Ammo, 1929-yilda o‘tkazilgan ma’muriy-hududiy islohotlar davrida Qumiqiston hududlari yangi tashkil etilayotgan Dog‘iston, Checheniston va Shimoliy Osetiyaga bo‘lib berilgan. Ularning katta qismi hozir ham shu yerlarda, ammo bir-biridan ayro uchta respublikada yashashadi. Bundan tashqari, qumiqlar Rossiyaning hamma hududlarida, shuningdek, Turkiya va boshqa o‘lkalarda ham istiqomat qilishadi. Xususan, O‘zbekistonda ham 2021-yil 1300 nafar qumiqlar yashashi qayd etilgan[1].

 

Qumiqiston Shimoliy Kavkazning yuragi, qumiqlar esa son jihatidan eng katta etnos hisoblanadi. Qumiq tili o‘rta asrlardan to XX asrning 30-yillariga qadar Kavkazda o‘zaro muloqot tili – lingva franka[2] vazifasini o‘tagan. Bu haqda o‘z davrida Lev Tolstoy ham ma’lumot yozib qoldirgan. L.Tolstoyning yozishicha, Shimoliy Kavkazdagi oltmishdan ziyod turli elatlar o‘shanda qumiq tilida muloqot qilishgan[3]. Darvoqe, Lev Tolstoy qumiq tilini juda yaxshi bilgan va uning Kavkaz bilan bog‘liq asarlaridagi asosiy qahramonlarning aksariyati qumiqlar bo‘lishgan.

 

 

Qumiq tilini M.Y.Lermontov ham o‘rgangan. Uning “Zamonamiz qahramoni” romanidagi ko‘plab qahramonlar qumiqlar. Romanda qahramonlar tilidan qumiqcha so‘zlar ko‘p ishlatilgan[4].

 

Qumiqlarning kelib chiqishi bevosita qipchoq turklari bilan bog‘liq. Inchunin, usmonli turk manbalarida Dog‘iston yerlari ham Tavistan deb atalgan[5]. K.F.Smirnovning tadqiqotlariga ishonilsa, qumiqlar Qumiqistonga VIII–X asrlarda kelgani qayd etilgan[6]. Qumiq etnosining shakllanishi bo‘yicha turli versiyalar bor. Misol uchun, nemis sharqshunosi Yulius Klaprot[7] va Herman Vamberi[8] qumiqlarning kelib chiqishini xazar xonligi bilan bog‘laydi. Buni ko‘plab tarixchilar va etnologlar, jumladan birinchi qumiq arxologi G.S.Fyodorov-Guseynov ham keltirib o‘tgan[9]. Darhaqiqat, xazarlar davlati tuzilgandan so‘ng aynan Qumiqistonda ularning poytaxti Samandar shahri barpo etilgan va shu yerdan turib mamlakat boshqarilgan[10].

 

N.A.Baskakov qumiqlar millat sifatida qarayim, qarachay va balqarlar bilan birga qipchoq-o‘g‘uz-bulg‘or urug‘larining quramasi sifatida shakllanganini ta’kidlab o‘tgan[11].

 

Bu boradagi eng ishonchli manba sanalgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atut-turk” asarida qumiqlar turkiy urug‘ sifatida tilga olingan[12]. Bundan ko‘rinadiki, qumiqlar sof turkiy urug‘larning biri o‘laroq tarkib topib, keyin millat sifatida shakllangan.

 

Qumiq so‘zining etimologiyasi borasida ham turli fikrlar yuradi. Albatta, so‘zning o‘zagi “qum” yoki “qu” sof turkiydir. Ammo uni turli noo‘rin fikrlar bilan yoki shaklini bejab tavsiflash g‘ayri millat olimlarigagina xos yondashuvdir. Misol uchun, Petr Uslar[13] qumiqlarning kelib chiqishini Qumuq degan joy (toponim) bilan bog‘laydi. Biroq P.Uslar bilmas ediki, turkiylar o‘z nomlari va taxalluslarini toponimlar bilan atamagan, aksincha, ko‘proq etnonimlar toponimga aylantirilgan.

 

Qumiq so‘zidagi -iq affiks ekani aniq. Demak, bundan ko‘rinadiki, qum bu yerda o‘zak sanaladi. Turkiylarda quman, qumandin, qumaq urug‘lari azaldan bo‘lgan va bu qumiqlar eng qadimiy xalqlardan biri ekanini ko‘rsatadi.

 

Qumiqlar hududiy jihatdan ikki toifaga – janubiy va shimoliy qumiqlarga bo‘linadi. Shimoliy qumiqlar o‘z manzilgohlarini yurt (Xasavyurt, Babayurt, Adil-Yangi-Yurt, Sultan-Yangi-Yurt va h.k), janubiy qumiqlar esa kent (Bashlikent, Qayakent, Yangikent) topoformanti bilan nomlashadi. Har ikki hududda boshqa topoformantlar ham ko‘p uchraydi, ular orasida eng mashhuri auldir: Endirey aul, Qandauraul, Chontaul, Temiraul, Xalimbekaul, Meselemaul, Ag‘achaul va h.k.[14].

 

Shimoliy hududlarda yashovchi qumiqlarning qiyofasi boshqa kavkaz xalqlaridan unchalik farq qilmaydi. Kavkazdagi Qo‘ysuv[15] daryosining atrofida yashaydigan aksar xalqlarning ko‘rinishida umumiy xususiyatlar mavjudligi antropologlar tomonidan qayd etilgan. Ular yevropoid irqining Kaspiybo‘yi va kavkaz toifasiga mansub baland bo‘yli, qotmadan kelgan, soch-u ko‘zi qora odamlar bo‘lishgan[16]. Janubiy hududlarda yashovchi qumiqlarda esa ko‘proq Osiyoga xos xususiyatlar, qisiq va qora ko‘z, keng yuz, baquvvat oyoqlar bilan ajralib turadi.

 

Qumiqlarning an’analari va urf-odatlari ham boshqa Kavkaz xalqlarinikiga o‘xshaydi, ammo ular odatlarga ko‘pam e’tibor qaratishmaydi va mo‘tadil yondashadilar. Qumiqlar islom diniga e’tiqod qiladigan xalq sifatida milliy urflarga, xususan Kavkazda keng tus olgan “qonga-qon, jonga-jon” kabi stereotiplardan ancha uzoqlashgan. Bu ularning maqollarida ham aks etgan: Yamanni yaman bulan quvma, qanni qan bulan juvma (Yomonni yomon bo‘lib quvma, qonni qon bilan yuvma). O‘zaro nizolarda yarashish va murosaga moyilligi ustunroq. Ammo ular din uchun, e’tiqod uchun kurashishga doim tayyor turishgan.

 

Qumiqlar o‘rta asrlardan buyon o‘troq hayot kechirishsa-da, asosan chorvachilik bilan shug‘ullanib kelishgan. Kavkazning iqlimi mo‘tadilligi, o‘t-o‘lanlar va suvning mo‘lligi sabab buyvol, qo‘y, ot boqish eng serdaromad ish sanalgan. Kavkaz xalqlari orasida eng ko‘p dehqonchilik qiladigan va bozorlarni mahsulot bilan to‘ldiradiganlar ham qumiqlardir. Shuningdek, bog‘dorchilik, asalarichilikni ham yaxshi o‘zlashtirishgan.

 

Qumiqlar gilam to‘qish va boshqa to‘qimachilik mahsulotlarini tayyorlashga ham usta bo‘lishgan. XX asrning birinchi yarmida ham har bir qumiq xonadonida o‘rmaklar bo‘lgan. Unda kilim, xali, dum, arbabash kabi gilamlar va to‘rva, qop, xurjun, ot va eshaklar uchun yopinchiq – chul (o‘zb. jul) kabi gilam mahsulotlari tayyorlashgan.

 

 

1-rasm.

 

Kigizdan ham kiyiz (gilam), terlik (to‘qim tagiga solinadigan namat), chepkan (chakmon), namazliq (joynamoz), qo‘lqop, piyma etik va boshqa mahsulotlar tayyorlangan.

 

Qumiq gilamlari orasida o‘zbeklar olacha deb ataydigan gilamlar ham ko‘zga tashlanadi[17].

 

 

2-rasm.

 

Olacha gilamlari O‘zbekistonda asosan qipchoq aholi tomonidan to‘qilgan, foydalanishga qulay bo‘lgani uchun uni ko‘proq ishlab chiqarishgan. Olacha hovliga to‘shash, qoqish, yuvish uchun ham qulay va yengil bo‘lgan. Qumiqlar ham olacha matodan joynamozlar, to‘rva, tuzxalta, choyxalta, oynaxaltalar tayyorlagan. Eng e’tiborlisi shundaki, har bir kelinning sepida olacha gilami va joynamoz bo‘lishi shart sanalgan.

 

Qumiq gilamlaridagi ornamentlar turkiy asosga ega bo‘lsa-da, boshqa xalqlarning bezaklaridan shaklan farq qiladi. Jumladan, ular turkiylarga O‘g‘uzxondan meros qolgan sakkizyulduzning qirrali shaklini ko‘proq qo‘llashgan (3-rasm. 1). Hamma turkiy ornamentlarda keng qo‘llaniladigan muyiznusxa (qo‘chqorshox) ornamentini esa mahorat bilan sakkizburchakka aylantirishgan (3-rasm. 2).

 

 

3-rasm.

 

Qipchoq xalqlariga xos bezaklar qumiqlarning gilamlari bilan birga ko‘rpa-to‘shaklari, kiyim-kechaklari, idish tovoqlarida ham ko‘zga tashlanadi.

 

 

4-rasm.

 

Qumiq oshxonasi asosan go‘shtli va sutli taomlari bilan mashhur. Ular ko‘proq qo‘y etini iste’mol qilishadi. Mol etini esa kamroq ishlatishadi. Qardosh o‘g‘uz xalqlari, xususan ozarboyjonliklar ta’sirida bo‘lsa kerak, ot etini iste’mol qilishmaydi. Ular otni (o‘layotgan ot qiynalmasligi uchun) so‘yishgan, ammo terisini shilib olib etini itlarga tashlashgan. Qumiqlar orasida ot etini faqat Suvloq daryosi atrofida no‘g‘oylar bilan baqamti yashaydiganlarigina iste’mol qilishadi. Qumiqlar go‘shtda o‘ndan ziyod sho‘rpa (sho‘rva)lar, shuningdek do‘lma, qizartma et, bozbash kabi taomlar tayyorlashgan. Eng qizig‘i, qumiqlar palov tayyorlashni ham bilishgan va uni xuddi o‘zbeklar kabi osh yoki pilov deb atashgan.

 

Sutdan qaymoq, yovurt (qatiq yoki yogurt), pishloq, suzma, ayron, sarimoy (saryog‘) tayyorlashgan[18].

 

 

Qumuq tili

 

Qumuq tili turkiy tillarning qipchoq tili guruhiga mansub. Dog‘istonda rus tili bilan bir qatorda 14 ta til davlat tili sanaladi. Ulardan oltitasiga adabiy til maqomi berilgan. Qumiq tili shu tillar orasida eng ko‘p kishi so‘zlashadigan til sanaladi. Yuqorida keltirib o‘tganimizdek, XX asrning 30-yillariga qadar Kavkazdagi barcha xalqlar o‘zaro muloqot uchun qumiq tilidan foydalanishgan. Madrasalar, maktablarda qumiq tilida dars berilgan. 30-yillardan keyin rus tili o‘zaro muloqot tiliga aylangan.

 

Qumuq tilining asosini qipchoq so‘zlari tashkil qiladi. Ammo adabiy til shakllanishida bulg‘or-xazar, o‘g‘uz lahjasining, shuningdek, somiy va forsiy tillarning ham o‘rni katta. XIX asrdan boshlab rus tilidan so‘zlar o‘zlasha boshlagan va hozirgi kunda ham davom etmoqda.

 

Qumuqlar XX asrning 20-yillariga qadar arab alifbosidan foydalanishgan, 1929-yildan lotin, 1938-yildan kiril alifbosiga o‘tilgan. Hozirgi kiril alfavitidagi tovushlar o‘zbek kiril alifbosidagi bilan deyarli bir xil. Faqat qumiq tilida i (ы) tovushining, o‘zbek tilida yumshoq h qabul qilingani bilangina farqlanadi. O‘, Q, G‘ tovushlari U’, Q, G‘ harf birikmalari bilan ifodalanadi. Yana bir farq ‘ ayirish belgisining “qatti belgi”,  yumshatish belgisining “yыmыshaq belgi” deb atalishida ko‘rinadi.

 

Qumiq tilining leksikasi umumoltoy, umumturk qatlamlaridan iborat. Undagi oltoy qatlami o‘zak so‘zlarda va boshqa oltoy tillaridagi so‘zlar bilan parallellarda ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, umumoltoy plastidagi ovsin (mo‘g‘ulcha avsan) so‘zi qumiqchada apsan shaklida ishlatiladi.

 

Umumturk so‘zlaridagi umumiyliklar va farqlar tana a’zolarining nomlarida ko‘rinadi:

 

Qumiqcha

O‘zbekcha

avuz

og‘iz

arqa

orqa

aya

kaft

bavur

jigar

bel

bel

boyun

bo‘yin

burun

burun

gëz

ko‘z

yelin

emchak

yelke

yelka

qash

qosh

qulaq

quloq

myuyuz

shox

opke

o‘pka

tish

tish

syuek

suyak

ucha

dumg‘aza

yurek

yurak

ashыq

oshiq

borbay

boldir

bug‘aq

bo‘qoq

sыyraq

boldir suyagi

tanglav

tanglay

manglay

peshona

chandыr

pay, chandir

chыray

yuz

erin

lab

quymuch

dumg‘aza

 

Qumiq tilining o‘z qatlam so‘zlari boshqa turk tillar leksikasidan fonetik xususiyatlariga ko‘ra farq qiladi. Inchunin, Qumiqistondagi qaytag‘, ters, bo‘ynaq, xasavyurt shevalari bir-biridan farqlanadi. Qumiq adabiy tili bo‘ynaq, xasavyurt shevalari asosida shakllantirilgan.

 

Qumuqlarning so‘zlarni talaffuz qilishi ham o‘zbeklarning talffuziga yaqin, faqat XX asrdan keyin ular boshqa kavkaz xalqlaridan unlilarni tomoqni qirib va undoshlarni bo‘g‘izdan portlatib talaffuz qilishni o‘zlashtirgani uchun ozroq farqlar ko‘zga tashlanadi.

 

Qumiqlar inkor ma’nosida yo‘q so‘zi bilan birga tugul so‘zini ham faol qo‘llashadi: yoq – tyugyul. Tyugul o‘zbek tilida ham qo‘llaniladi, ammo qumiq tilidagidan farqli o‘laroq “nafaqat” ma’nosida qo‘llaniladi: u mendan moli tugul, jonini ham ayamaydi. Qumiq tilida esa unday emas (olay tyugyul), noto‘g‘ri (tyuz tyugyul), nohaq ma’nolarida ham qo‘llaniladi.

 

Ayrim qumiq shevalarida Qashqadaryo shevalariga xos fe’l oxiridagi r o‘rniga y qo‘llash holati ham ko‘zga tashlanadi:

 

Sabanda biz suraydiq,

 Oraqda biz oraydiq,

 Buday ung‘a g‘asiret,

 Dag‘ida biz qalaydiq.

 

Tarjimasi:

 

Omochni biz suraydik,

O‘roqni bip o‘raydik,

Hasratki bug‘doy unning,

Dog‘ida biz qolaydik[19].

 

Til tarkibida qipchoq lahjasining elementlari ko‘proq va u “erga tegmoq” jumlasining qo‘llanilishida ham ko‘rinadi. Qumiqlar “turmush qurmoq” ma’nosida “uylanmoq” so‘zini ishlatadi: Siz uylengenmiciz (qatin alg‘anmisiz)? Men uylengenmen (qatin alg‘anman). Erga tekkan ma’nosida esa erdaman, erga barg‘anman jumlasi qo‘llaniladi: Siz erdemisiz (erge barg‘anmыsыz)? Men erdemen (erge barg‘anman). Bunday yondashuv barcha qipchoq tillarida, jumladan o‘zbek tilining qipchoq lahjasida ham saqlangan.

 

Qumiq tilining asosini qipchoq lahjasi tashkil qilsa-da, XX asrdan keyin leksikada o‘g‘uzcha so‘zlar ko‘proq ustunlik qila boshlagan. Chunki adabiy tilni shakllantirishda j lovchi shevalar emas, balki o‘g‘uz so‘zlarini ko‘proq o‘zlashtirgan o‘troq ellarning shevalarga e’tibor qaratilgan. Ammo, baribir qipchoq lahjasiga xos so‘zlar ham saqlangan. Xususan, ko‘plab so‘zlarda v (u) tovushi o‘z holatida saqlangani, ya’ni g‘ ga aylanmagan: tav, o‘tav, avul, avruv (og‘riq, kasal), avuz (og‘iz), avur (og‘ir) va h.k. Shuningdek, t tovushi ham d ga aylanmagan. Til, tomir, temir, tav, tash, tag‘a (doyi emas), tayanch, til, tish, to‘lqin, to‘rt va boshqa shu kabi so‘zlar qipchoqcha talaffuz qilinadi. Qumiq tilida hozirgi turkiy leksikada qo‘llaniladigan o‘zlashma so‘zlarning unutilgan o‘z qatlam variantlari ham uchraydi. Misol uchun, aksariyat islomni qabul qilgan turkiylarda arabchadan ta’ziya so‘zi o‘zalashgan, ammo uning turkiy varianti muomaladan tushib qolgan. Qumiqlarda uning “qayg‘ыlыq” varianti saqlangan.

 

Adabiy til o‘g‘uz lahjasiga yaqin bo‘lsa-da, ayrim so‘zlar j lovchi formada qolgan: jiyin (yig‘ilish), jiyim (to‘plam), juvqan (yuvilgan), barajaqsan (borasan), ko‘rajaqsan (ko‘rasan). O‘g‘uzcha og‘lan o‘rniga ulan qo‘llaniladi. Eng qizig‘i, qumiq tilida bog‘ so‘zining bav varianti saqlangan bo‘lib, aksar qipchoq tillarida, jumladan o‘zbek tilining qipchoq lahjasida ham boq varianti qo‘llaniladi: tov ustida boq bor.

 

Qumiq tilida o‘g‘uz elementi ko‘proq, ammo so‘zlar onado‘li turkchasidan farq qiladi va qaysidir jihatlari bilan chig‘atoy tiliga yaqinroq. Misol uchun o‘g‘uzcha ol o‘rniga bo‘l ishlatiladi. Bu o‘zaro muloqotda ko‘proq ko‘zga tashlanadi:

 

Tang yaxshi bo‘lsun!

Gech yaxshi bolsun!

 

Salomlashishda va hol so‘rashda turkiy qoliplar saqlangan:

 

Xosh geldigiz!

Esen-amanmisiz?

Ishler nechikdir?

Savluq nechikdir?

Qutlayman sizin!

 

Tilning chig‘atoy turkchasiga yaqinligi so‘fiy adabiyotida qo‘llaniladigan -dir affiksining ishatilishidan ham bilinadi: Bu kim? – Bu kimdir?; Bu ne? – Bu nedir?;

 

XV asrda ijod qilgan Ummu Kamolning ijodida sufiy nazmiyatining stilistikasi ham ko‘zga tashlanadi:

 

Gyul achilir, yaz bolur,

Dengizde bir saz bolur,

Gyul achilir, yaz bolur.

Men yarima gyul demen,

Gyulnyu omyuryu az bolur[20].

 

Tarjimasi:

 

Gul ochilur, yoz[21] bo‘lur,

Dengizda bir soz bo‘lar,

Gul ochilsa yoz bo‘lar.

Men yorimni gul demam,

Gulning umri oz bo‘lar.

 

Qumuqlar islom diniga e’tiqod qila boshlagandan so‘ng arab tilidan juda ko‘p so‘zlar o‘zlashgan. Ammo arabiy so‘zlarning aksariyati buzib talaffuz qilinadi: Muhammad – Magomet yo Mamed, Hamza – Gamzat, Fatima – Patimat, mavlud – mavlet, mahr – mag‘ari, masjid – majgid, nasab – nesep, nomus – lamus va h.k. 

 

Qumuq tilida hafta kunlari mutlaqo boshqacha. Unda arab, qadimgi yahudiy, turkiy so‘zlar ishtirok etgan:

 

Itnigyun (dushanba);

Talatgyun (seshanba);

Arbagyun (chorshanba);

Xamisgyun (payshanba);

Jumagyun (juma);

Songugyun (shanba);

Qattigyun (yakshanba).

 

Qumiqlar haftani juma deb atashadi. Juma kuni ham shunday nomlanadi. Shanbaning so‘ngikun deyilishi, “jumadan keyingi” ma’nosini beradi. Yakshanbaning qattыgyun (qattiqkun)deb atalishi esa biroz bahsli. Nega aynan yakshanba bunday nomlanishiga etimologlar aniqroq javob keltirmagan. Itnigyun (dushanba)dagi o‘zak it so‘zidan emas, – bu so‘zning somiy so‘z ekani ko‘rinib turibdi. Bu so‘z arabcha يوم الإثنين – yavm al-isneynning qadimgi yahudiycha varianti bo‘lishi mumkin. Shunday yondashilsa, talatgyun – arabcha يوم الثُّلَاثاء – yavm as-salasa, arbagyunيوم الأَرْبعاء – yavm al-arb’a, xamisgyun يوم الخَمِيس – yavm al-xamis ekanligi aniq bo‘ladi.

 

Fasllar umumturkiy bazada shakllangan: Yay (yoz), Gyuz (kuz), Yazbash (bahor), Qish (qish).

 

Qumiq tilida tarjimasiz tushunish qiyin bo‘lgan so‘zlar ham talaygina:

 

Qumiqcha

O‘zbekcha

qayinulan

qaynog‘a, qayni

ag‘achusta

duradgor

qaravulchu

soqchi, qoravul, posbon

avlaq

dala

avlaqchi

dala xo‘jayini, brigadir

qayiqchi

matros

abzar

hovli

abzar qulluqchu

hovli qorovul, tozalovchi

tunegen

kechagi kun

tangala

ertangi kun

savunchu

sut sog‘uvchi

sanav

raqam

gyozeldirik

ko‘zoynak

buvma avruv

astma, ko‘ksov

kemitiv

ayiruv

g‘asil

ko‘paytma

terenlik

chuqurlik

ozen

daryo

baziq

qalin

tarx

sana

ag‘achliq

o‘rmon

arishbuday

arpa

yemish

meva

byurlyug

maymunjon

jielek

qulupnay

qozuqulaq

shovul

itqichiv

qo‘ziqorin

byur

g‘uncha

salqim

bir bosh uzum

tamur yemish

tugunak (kartoshka yoki boshqa ildizmeva tugunaklari)

burchaq

loviya

gamish

buyvol

chaq

ob-havo

yallav

jazirama

tunuq

havo ochiq

tatavul

ariq

batmaq

botqoq

dimliq

havoning namligi

ashuy

oshxona

uzun shanjal

skameyka

tish

qoplama, chexol

ojaq

ofis, idora

alapa

oylik

uvaq aqcha

mayda pul

aqcha-mayasi

moliya

oyuv

naqsh

aldiriq

etak, fartuk

qumach

mato, gazlama

maxmar

baxmal

ustyunlyuk

g‘alaba

jiqi

skripka, g‘ijjak

tileymen

iltimos

 

Jadvalda keltirilgan so‘zlar qumiq tilini o‘rganishni qiyinlashtiradi. Biroq turkiy qolipdagilarini, qozuqulaq shovul ekanini otquloqqa qiyosan tushunib olish mumkin. Zamonlar o‘tishi bilan har qanday til o‘zgarib boradi. Xalq og‘zaki ijodi, xususan, dostonlar, maqollar, matallar va topishmoqlarda tilning asl qaymog‘i saqlanadi. Qumiqlar “xalq og‘zaki ijodi” jumlasini ham go‘zal shaklda qo‘llashadi: xalqnы avuz yaratыvchulug‘u.

 

XX asrga qadar qumiq shoirlarining ko‘pchiligi baxshilar bo‘lishgan va ularning aksariyati dombra va qo‘buzni chalib qo‘shiq aytishgan. Qumiqlar dostonni yir, baxshini yirchi yoki yirav deb atashgan. Yirchilar doim hurmatda bo‘lishgan, ularning so‘zlari hikmatga tenglashtirilgan. Buni maqollar ham tasdiqlaydi: Temirchini qolu altin, xalq yiravnu syozyu altin. Yirchilar orasida eng mashhuri Yirchi Qazaq bo‘lib uning ijodida xalqona ruh, qipchoq dostonlariga xos soddalik ko‘zga tashlanadi. Eng asosiysi, bugungi qumuq tili leksikasining shakllanishida ham Yirchi Qazaq asarlarining o‘rni katta. U o‘z ijodida Asqartovni ham tilga oladi va bu qaysidir jihatdan qumiq dostonlarini “Alpomish”ga yaqinlashtiradi.

 

 

Atalar syozyunde altin bar[22]

 

Qumiqlar maqolni “ata so‘z” deb ataydi va ular bolalikdan maqol o‘rganishga, yod olishga intilishgan. Maqollar etnopedogogikaning asosini tashkil qilgan. Tarbiyada ko‘proq maqollar va topishmoqlardan foydalanilgan. Maqollarda xalqning birligi, vatanga sodiqlik ulug‘langan. Birlik o‘z davrida tog‘ xalqlari uchun hayot-mamot vazifasini o‘tagan:

 

Birlikde – tirilik (Birlikda – tiriklik);

 

***

Yangur bulan yer yashg‘arar, birlik bulan el yashar (Yomg‘ir bilan yer yasharar, birlik bilan el yashar).

        

Qumiqlar xoinni va qo‘rqoqni yoqtirishmagan, ularni xotinchalish ma’nosiga yaqin “qizbay” deb atashgan. Qizbaylar doim la’anatlangan:

 

Elin satg‘an qizbayni maychirag‘i yanmasin (Elini sotgan xoinning moychirog‘i yonmas);

 

Batirlar bir o‘ler, qizbaylar ming o‘lyur (Botirlar bir, qo‘rqoqlar ming o‘lar);

 

Qumiqlar mehnatdan qochmaydigan, kezi kelganda mehnatni ulug‘laydigan xalq ekani ham maqollarda ko‘rinadi:

 

Adamni adam etgen ishdir (Odamni odam qilgan ishdir);

 

***

Yaz bolsun, qish bolsun, aldingda ish bolsun (Yoz bo‘lsin, qish bo‘lsin, oldingda ish bo‘lsin);

 

***

Yaz ishlegen qish tishler (Yozda ishlagan qishda tishlar).

 

Maqollarda mehnat ulug‘lanib, dangasalik esa qoralangan:

 

Yaz yirlag‘an qish yilar (Yozda qo‘shiq aytgan qishda yig‘lar);

 

***

Mangalay terlemey mal bolmas (Peshona terlamay boy bo‘lmas).

 

Shu bilan birga, qumiqlarni boshqa turkiylarga yaqinlashtiradigan eng yaxshi manba ularning maqollari sanaladi. Bu maqollar hamma turkiylarga tanish tuyuladi:

 

Bash sav busa, byork tabulur (Bosh sog‘ bo‘lsa, do‘ppi topilar).

        

***

Bashg‘a balag‘ tilden gelir (Boshga balo tildan kelar).

 

***

Bashg‘a yerde soltan bolg‘andan ese, tuvg‘an yeringde ultan bol (Boshqa yerda sulton bo‘lguncha o‘z yeringda qul bo‘l).

 

***

Byoryu gyunag‘dan terisin berip qutulur (Bo‘ri gunohidan terisini berib qutular).

 

***

Byoryu de, itler de yarashsa, qotanda qoylar qalmas (Bo‘ri bilan itlar kelishsa qo‘tonda qo‘ylar qolmas).

 

***

Betingni satma, malingni sat (Vijdoningni sotma, molingni sot).

 

***

Yaz gyunyu – tog‘uz tyurlyu (Bahorning kuni – to‘qqiz turli).

 

***

Mishiq saqlamag‘an chichqan saqlar (Mushuk saqlamagan sichqon saqlar).

 

***

Molla bilgenin oxur, qarg‘a gyorgenin choqur (Mulla bilganin o‘qir, qarg‘a ko‘rganin cho‘qir).

 

***

Myuyuz saldiraman dep, eshek qulag‘in gesgen dey (Shox qo‘ydiraman deb eshak qulog‘ini kesgan ekan).

 

***

Namussuz gishi aqchag‘a atasin satar (Nomussiz odam pulga otasini sotadi).

 

***

Oy tyubyunde altin bar, oylay barsang, tabarsan (O‘y tubida oltin bor, o‘ylayversang toparsan).

 

***

Oylamay syoyleygen avrumay oler (O‘ylamay so‘zlagan og‘rimay o‘lar).

 

***

Ortaq ashag‘an samursaqni iyisi chiqmas (Birgalashib yeyilsa sarimsoqning hidi chiqmas).

 

***

Ot ag‘achdan toymas (O‘t o‘tinga to‘ymas).

 

***

Ogyuz olse – et, arba sinsa – ag‘ach (Ho‘kiz o‘lsa – go‘sht, arava sinsa – yog‘och).

 

***

Oksyuznyu gyunyu de, gechesi de qarangi (Yetimning kuni ham tuni ham qorong‘u).

 

***

Olgen adam uyanmas, betsiz adam uyalmas (O‘lgan odam uyg‘onmas, betsiz odam uyalmas).

 

***

Olmey turup adamni yaxshilig‘i bilinmes.

 

***

Paqirliqni bashi – erincheklik (Faqirlikning boshi – erinchoqlik).

 

***

Pilavdan qaytg‘an qashiq sinsin (Palovdan qaytgan qoshiq sinsin).

 

***

Savluq syuyseng, taza tur (Sog‘liq istasang uyingni toza tut).

 

***

Sangirav eshitgenin, soqur gyorgenin qoymas (Kar eshitganini ko‘r ko‘rganini qo‘ymas).

 

***

Sen – biy, men – biy, atg‘a bichen kim salar? (Sen – bek, men – bek, otga pichanni kim soladi?)

 

***

Suv – gichchiniki, siy – ullunuki (Suv kichikniki, hurmat kattaniki).

 

***

Syuymey bergen suv suvsabin basiltmas (Istamay bergan suv chanqoqni bostirmas).

 

***

Syuyunchlyu syoznyu sangirav da eshiter (Yaxshi xabarni kar ham eshitar).

 

***

Tav tavg‘a yoluqmay, adam adamg‘a yolug‘a (Tog‘ tog‘ bilan uchrashmas, odam odam bilan uchrashar).

 

***

Tavg‘a tash atma!

 

***

Tavuqlani tyusyu bashg‘a busa da, quymag‘ini tativu bir.

 

***

Ta’lli syozden til qurumay (Totli so‘zga til chuchimaydi).

 

***

Tilevchyunyu qabini tyubyu yoq (Tilanchining qopining tubi yo‘q).

 

***

Tishsiz avuz – tashsiz tirmen (Tishsiz ohiz – toshsiz tegirmon).

 

***

Urlug‘un ashag‘an ach qalir (Urug‘lik donini yegan och qolar).

 

***

Uyasinda chichqan da arslandir (Uyasida sichqon ham arslondir).

 

***

Ulker batdi – yer qatdi (Hulkar botdi – yer qotdi).

 

***

Cholpan tuvdu - tang qatdi (Cho‘lpon tug‘di – tong qotdi).

 

***

Xoshgeldi de qonaqliqni yartisi (Xush keldingiz deyish mehmondo‘stlikning yarmi).

 

***

Chaqirg‘an yerden qalma – chaqirmag‘an yerge barma.

 

***

Chepken tikmek – cheberlik (Chakmon tikish – chevarlik).

 

***

Chiq qurug‘uncha chalg‘i chal, yangur yavg‘uncha bichen jiy (Shabnam ko‘tarilguncha cholg‘i sol, yomg‘ir yoqquncha pichan yig‘).

 

 ***

Egizleni nasibi de egiz (Egiz bolalarning nasibasi ham egiz).

 

***

Eki at tebishir, arada eshek oler (Ikki ot tepishar, o‘rtada eshak o‘lar).

 

***

Ekmegim taza busa, yolda olturup asharman (Nonim halol bo‘lsa, ko‘chada o‘tirib yeyman).

 

***

El ayibi elliy yildan juvulmas (chayilmas) (Elning aybi ellik yilda yuvilmas (chayilmas).

 

***

Eri bar qiz elge siyli (Eri bor qizning elda hurmati bor).

 

***

Eri biyni - qatini biyche (Eri bek bo‘lsa – xotini beka).

 

***

Erinchek tyush bolg‘uncha yuxlar, tyushden song esner (Erinchoq tush bo‘lguncha uxlar, tushdan so‘ng esanar).

 

***

Yuz baltag‘a bir qayraq

 

***

Yalang‘ach tonavchudan qorqmas (Yalong‘och talvchidan qo‘rqmas)[23].

 

 

Xulosa o‘rnida

 

VII asrda arablar Kaspiy bo‘ylarini bosib olganda ham bu yer aholisining ko‘pi qumiqlar bo‘lgani qayd etilgan. Abulhasan al-Ma’sudiy[24] o‘z bitiklarida X asrda Kavkazda Qumiqiston degan joy bo‘lganini keltirib o‘tgan va bu Abu Hamid al-G‘arnatiyning asarlarida ham o‘z isbotini topgan[25]. Qumiqiston geografik jihatdan to‘rtga – janubiy, markazi, Suvloqorti va Ters Qumiqistonga bo‘linadi. Ushbu to‘rtta geografik hudaddagi tarixiy-ijtimoiy-siyosiy jarayonlar har doim ham bir xil kechmagan. Shuning uchun qumiqlarning etnik qiyofasi, urf-odatlari ham bir xil emas. Xuddi o‘zbeklar kabi ayrimlari yevropaliklarga, ayrimlari esa osiyoliklarga o‘xshaydi. Din, mazhab, qadriyatlar borasida ham etnik turfa xillik ko‘zga tashlanadi.

 

Mashhur yozuvchi, etnolog, turkolog, qumiq elining o‘g‘loni Murad Adji butun ijodiy salohiyatini o‘z elining tarixini, o‘zining kelib chiqishini o‘rganishga bag‘ishlaydi va bu ishini “o‘zlikni kashf etish” deb ataydi. Murad Adji qumiqlarning negizi qipchoq, dini islom ekanini, milliy shakllanishi xazarlar davri bilan bog‘liqligini qayd etgan. “Mening ajdodlarim qipchoq, bu ularning tarixi, deydi u, men esa bundan faxrlanaman”[26]. Qumiqlar azaldan o‘zlarini “Oltin O‘rda bolalari[27] deb atab kelishi ham ularning asli qipchoq ekanini anglatadi.

 

Qumiqlarda etnik guruhlar ham saqlangan. Faqat ular urug‘ o‘rniga tuxum so‘zini ishlatishadi. Biroq qumiqlar boshqa qipchoq xalqlari kabi qadimiy shakllangan urug‘chilik asoslariga ega emas. Ko‘pincha ota urug‘iga nisbatan tuxumlarga ajratiladi va ularning boshi ko‘pi bilan ikki asrlik tarixni qamrab oladi, xolos. Ota urug‘dan erkaklarni ag‘a, ona urug‘larni dayi, taay deb chaqirishadi. Xolavachcha esa boshqa qipchoqlardan farqli, bo‘la emas, tayzeog‘lu deb nomlangan. Bundan ko‘rinadiki, qavm-qarindoshlikni ifodalovchi so‘zlar jiddiy o‘zgarishga uchragan.

 

Qumiq tilini turkologlar qaraim, qarachayli, balqar, qirimchaq hamda mamluk qipchoq, arman qipchoq tillari bilan qo‘shib poloves-qipchoq guruhiga kiritishgan. Ammo bu qanchalik to‘g‘ri, hali yana vaqt ko‘rsatadi. So‘nggi yillardagi tadqiqotlarda qumiq tilini qarachayli, balqar, mamluk qipchoq, arman qipchoq tillari bilan qo‘shib qipchoq tillarini alohida kavkaz guruhiga ajratish ham ko‘zga tashlanmoqda[28]. Bugungi o‘g‘uz tiliga chig‘atoy adabiy tili va o‘g‘uz dialektidan juda ko‘plab so‘zlar o‘zlashgan. Biroq folklor tili bundan mustasno...

 

Qumiqlarning soni 600 000 ekani haqidagi ma’lumot aniq fakt emas. Chunki Rossiya Kavkaz urushlari, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari davrida o‘n minglab qumiq oilalari Turkiya, Arabiston, Markaziy Osiyo va Sibirga ko‘chib ketgani yoki qatag‘on qilingani haqida ma’lumotlar saqlanganki, bu bizga ularning soni yanada ko‘proq ekanini taxmin qilish imkonini beradi. Umuman olganda, qumiqlar moziyda boshqa millatlardan mental xususiyatlariga ko‘ra farq qiladigan, o‘z madaniyatini shakllantira olgan o‘ziga xos millat, turkiy qavmning bir bo‘lagidir.

 

Anvar BO‘RONOV



[2] Lingva franka (ital. lingua franca “franklar tili”) – kishilar o‘rtasidagi  muloqot uchun tizimli ravishda ishlatiladigan (o‘z ona tilidan boshqa) til yoki dialekt. Arablar va turklar bu tilni “Lisan al-ifrang” deb atashgan.

[3] Толстой Л.Н. Словарь горских слов к повести “Хаджи-Мурат”. Полн.собр.соч. – М: 1950.

[4] Мугумова А. Л. К проблеме ориентального лексического влияния на язык русской художественной литературы 2030-х годов XIX в.: На материале произведений М. Ю. Лермонтова. // диссертация.

[5] Mehmet Gunes. Evliya Celebi ve Hasim Efendi’nin Cerkezistan notlari. Istanbul. 1971. 174 s.

[6] Смирнов К. Ф. Археологические исследованияв Дагестане в 19481950 гг. // Кратк. сообщ. ИМК XIV, 1952,с. 95-96

[7] «Путешествие по Кавказу и Грузии, предпринятое в 1807 и 1808 годах по поручению Императорской академии наук Санкт-Петербурга, содержащее полное описание Кавказских стран и ее жителей. Юлиуса Клапрота». Том 2. Галле и Берлин, 1814 г.

[8] Вамбери Г. «Тюркоязычные народы», Лейпциг, 1885).

[9] Г.С.Фёдоров-Гусейнов. История происхождения кумыков. Махачкала: Дагестанское книжное издательство, 1996. С. 18.

[10]  Аласов Имамаддин Фарман Оглы. Исторические традиции российско-азербайджанских отношений и их влияние на судьбы двух государств // Евразийский Союз Ученых. 2018. Вып. 8-7 (53). С. 914.

[11] Н. А. Баскаков. Введение в изучение тюркских языков. Высш. школа,, 1969 С.255

[12] Koshg‘ariy M. Devonu lug‘otit-turk. III jild. – Toshkent: Fan, 1967. 351-b.

[13] Услар П.К. Этнография Кавказа. Языкознание. 4. Лакский язык. Тифлис, 1890, с. 2

[14] С.Ш.Гаджиева. Материальная культура кумыков XIX – XX вв. – Махачкала: Дагестанское книжное издательство Министерства культуры ДАССР. 1960 – С. 27-28.

[15] Қўйсув(қумиқча Къой сув – “қўй сув ичадиган дарё”) дарёсининг Сувлоқ номи ҳам бор.

[16] В. П. Алексеев. География человеческих рас // Избранное в 5 т. Т. 2. Антропогеография. М.: «Наука», 2007. С. 188.

[17] https://history.wikireading.ru/24873

[18] С.Ш.Гаджиева. Материальная культура кумыков XIX-XX вв. – Махачкала: Дагестанское книжное издательство Министерства культуры ДАССР. 1960. – С. 27-28.

[19] Qashqadaryo shevasida tarjima qilindi. Ma’nosi: Yerni biz haydar edik, o‘roqni biz o‘rardik, lekin bug‘doy un kelsa, doim quruq qolardik.

[20] Асрулар сезе гелген асил сёз. Къумукъ адабиятны антологиясы Махачкала: ГАУ Дагестанское книжное издательство, 2013. 592 с.

[21] Qumiq tilida yoz – bu bahor.

[22] Барча мақоллар Н.Э. Гаджиахмедовнинг “Кумыкско-русский словарь пословиц и поговорок” номли китобидан олинди.

[23] Гаджиахмедов Н.Э. Кумыкско-русский словарь пословиц и поговорок. – Махачкала: 2015. – 350 с.

[24] Микульский Д. В. Арабский Геродот / Отв. редактор Л. Ю. Сергиенко. М.: Алетейа, 1998. 229 с.

[25] Большаков О. Г. Путешествие Абу Хамида ал-Гарнати в Восточную и Центральную Европу (11311153 гг.) / О.Г.Большаков, А. Л. Монгайт. М.: Главная редакция восточной литературы издательства «Наука», 1971. 134 с.

[26] Аджиев М. Кумык из рода Половецкого, или Открытие самого себя. Вокруг света. № 2, 1991; Мурад Аджи, Европа, тюрки, Великая Степь. М.: АСТ , 2007 г.

Источник: https://historylib.org/historybooks/Murad-Adzhi-_Evropa--tyurki--Velikaya-Step/

[27] Чтение в Императорском обществе истории, древности российских при московском университете. 1861. Москва. Книга четвёртая. С.115

[28] Сравнительно-историческая грамматика тюркских языков. Региональные реконструкции/Отв. ред. Э. Р. Тенишев. М. Наука. 2002. 767 с. стр. 732, 736-737.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 570
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//