Mening Behbudiyim hamon yo‘lda bo‘lishini xohlayman


Saqlash
17:56 / 07.01.2026 97 0

Jadid bobolarning bitiklarini o‘qibman, o‘rganibman, bo‘g‘zimga hayajonlar, qayg‘ular tiqilibdi... lekin ularning siymosini tasavvurimda biron marta chizmabman. Mana endi Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining o‘nlab rasmini birma-bir ko‘rib o‘tiribman-u, miyamda shiddatli davr manzaralari quyundek aylanayotir. Asov quyunlar aro avvaliga bir odamning – o‘z xochini ko‘tarib borgan Iso alayhissalomga o‘xshab (bu balki uydirma rivoyatdir...) – o‘z qabrini o‘zi kovlashi, joynamoz ustida boshi kesilishi kabi mudhish manzaralar jonlanadi. So‘ng esa ul mudhishliklar o‘rnini girdibod ichini-da porloq yog‘dularga to‘ldirgan ulug‘vor siymo egallaydi...

 

Ma’rifatparvar bobomiz deyarli barcha rasmlarda nihoyatda ulug‘vor tasvirlangan. Zero, Sadriddin Ayniy yozadiki: “Behbudiy hazratlari ko‘rinishida g‘oyat mahobatli va salobatli edi. Ahvolig‘a voqif bo‘lmog‘on kimsa, mutakabbir deb gumon qilur edi. Lekin haqiqatda muloyim suhbatlik, takallufsiz bir odam edi”.

 

Menga shunday tuyuladiki, milliy adabiyotimiz-u tasviriy san’atimizda yoki, deylik, emblema-logotiplarda ham ko‘p ma’nolarni birvarakayiga mujassamlashni yaxshi ko‘ramiz. Mahmudxo‘ja Behbudiyning turli janr va turfa uslublarda chizilgan rasmlariga ham har bir musavvir chuqur ma’nolarni jo etmoqqa uringan. Nur va soyalar, ranglar nisbati-yu goho oq-qora yoxud qizil ranglarning quyuqligi, arabiy yozuvlar, interyer, kiyim... bularning barida ramz-u ishora bor. Hatto kompozitsiyaning gorizontal yoki vertikalligi, diagonal yoki kvadratligiga qadar... Ko‘zlar purma’no, o‘ychan va g‘amgin. Kitob va bitiklar. Olisdagi Samarqand va sharqona bezaklar. Qoraqush va yoki odam sumbatli g‘animlar. Muallaq bosh esa ma’rifat muhofizining qay tarzda o‘ldirilganini tamsil etadi; rassom balki muftiy hazratlarining tafakkur odami ekanini nazarda tutgandir...

 

Stol va kursilar ortidan go‘yo jadidlar sardorining ovozi eshitiladi: “Endi kelayluk juz’iy tashabbuhlar masalasig‘aki, bu: kursiga (ustul) o‘lturmoq, qoshuq va chinkicha iste’mol etmak, medol taqmoq, havoning issig‘ligi uchun bosh yalang‘och o‘turmoq kabi shaylardan iboratdur. Agar bu juz’iy tashabbuhlar ila-da kishi kofir bo‘laversa, bas, yer yuzida bir nafar ham musulmon qolmasligi lozim kelurki, bu mumtane’dur”.

 

Elas-elas ko‘zga tashlanayotgan tuyalar karvoni va bulutli osmon. Salla va tasbeh. Daraxtlar, daraxtlar, daraxtlar... Barcha-barchasiga cho‘ng ma’no yuklangan. Alhol, har bir musavvirning o‘z Behbudiysi bor!

 

Xo‘sh, rasm chizish qo‘limdan kelsa, men ul munavvar zotni qanday tasvirlagan bo‘lardim? Kaminada yana bir andisha bor: Behbudiy hazrat padari buzrukvorim bilan otdoshdirlar...

 

Tasavvur-u taxayyulning o‘nlab manzaralari aro nihoyat topdim!

 

Ofoqqa bosh urgan kenglik. Yam-yashil o‘t-o‘lanlar. Quyosh tilloyi rangda, chunki u endi chiqib kelayotir. Nurlaridan o‘t-o‘lan yolqinlanadi. Kartinaga hozir kirib kelgandek yirik plandagi otliq. U qorabayirga salt o‘tirgancha, peshvozidagi quyosh tomon bormoqda. Dalada yolg‘izoyoq so‘qmoq-da yo‘q. Shuning uchun suvoriy otning beliga urgan o‘tlar oralab boradi. Shoshilmaydi, boshi nim solingan ko‘yi ketayotir. Qo‘llari pastga osilgan – chunki u otini qamchilamaydi. Egnida uzun qora chakmon, barlari tong epkinida qanotlari namligidan pastlab parvoz etayotgan subh qushlaridek uchadi. Boshida ko‘rkam salla. Uning yuzi bizga ko‘rinmaydi, ha, ko‘rinmaydi. Biz go‘yo uning ortidan ergashib ketayotirmiz...

 

Rasm gorizontaliga chiziladi – tasviriy san’at tilida bu sokinlikni anglatar ekan. Nega sokinlik – axir, qirq to‘rt yilgina umr ko‘rgan Behbudiy hazratlari nihoyatda shiddatkor bir tarzda yashab o‘tmadilarmi?..

 

...Jahonshumul adib Chingiz Aytmatov 1988-yilda Pekinga boradi. Horib-charchagan yozuvchi uxlamoqqa shaylanar ekan, nogoh telefon jiringlaydi. Qadim Chin yurtida unga tanish biror tirik jon yo‘q, kim bo‘ldi ekan bu? Qirg‘iz tilida “ata”, “aqsaqal” degan so‘zlar eshitiladi go‘shakdan. Telefon simining narigi tarafidan ona tilida so‘ylayotgan odam kimligini bilishga qiziqqan Chingiz Aytmatov suhbatdoshining javobidan hayratda qoladi: “Oq kema”dagi bola qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan! U daryoda g‘arq bo‘lmagan, to‘lqinlar oralab suzib ketgan ekan. Suza-suza, daryodan daryoga o‘ta-o‘ta... Xitoydan chiqib qolibdi, Pekin universitetiga o‘qishga kiribdi. “Oq kema”ning afsonaviy muallifini qirg‘iz talabalari nomidan uchrashuvga taklif etib qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan. Ertasi kuni uchrashuvda yuzlab talaba ichidan bir yigitcha Aytmatovning ko‘ziga boshqacha ko‘rinadi va adib undan “Issiqko‘ldan Xitoyga daryolar osha suzib kelgan yigitchamisan?” deb so‘raydi. O‘sha ekan! Nima uchun u “Oq kema”dagi bolaman” deb tanishtirdi o‘zini? “Men bolakayning cho‘kib ketishini xohlamadim. U halok bo‘lmasligi kerak edi. Uning taqdirini bo‘ynimga oldim. Bolaga yordam berishning boshqa yo‘li yo‘q edi-da!..” deydi u.

 

Ayrim taxminlarga ko‘ra, 1919-yilda Makkai mukarrama sari yo‘lga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy yo‘lda hamsafarlari bilan birga ayg‘oqchilar tomonidan qo‘lga olinadi. Keyingi mudhish tarix esa ma’lum... Mening Behbudiyim esa hamon yo‘lda bo‘lishini xohlayman. Vaqt teatrusidan moziyning mudhish va chirkin sahnasi tushib qolsin deyman... Mening Behbudiyim teran tafakkurga cho‘mgancha vahiy nozil bo‘lgan shahar tomon ketib borayotir...

 

Jadid bobomizning safdoshi va fikrdoshi Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon”da “kuylarga qo‘shib maxtaladurg‘on” qahramonini tavsiflab, menda rassomlik san’ati bo‘lganda “so‘z bilan biljirab o‘turmas”, Ra’noning rasmini chizib ko‘rsatardim-qo‘yardim, deydi. Faqat buning uchun ra’no gulining suvidan ko‘proq kerak bo‘lardi. Benazir Qodiriyga taqlid qilib deymizki: insoniyat tarixining Behbudiy singari mutafakkirlari, umum baxti yo‘lida jonini nisor etgan fidoyilari rasmini chizmoq uchun ham quyoshdan bo‘yoqdon, mangu yashil sarvlardan mo‘yqalam kerakdir...

 

Nodira OFOQ

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Quyoshdan bo‘yoqdon kerak” maqolasi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:01 / 08.01.2026 0 42
Gaspiralining taraqqiyot haqidagi fikrlari

Tarix

17:01 / 07.01.2026 0 92
Amir Temurning bobosi kim bo‘lgan?

Ta’lim-tarbiya

10:01 / 06.01.2026 0 220
Parazitar tafakkur





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//