2021-yilda bir qancha davlat hukumatlari va maxsus xizmatlari Isroilning NSO Group kompaniyasiga tegishli dasturiy ta’minot orqali mamlakatdagi huquq himoyachilari va jurnalistlarni kuzatgani ma’lum bo‘ldi. O‘shanda isroilliklar yaratgan Pegasus dasturi smartfonlarga sezdirmasdan “kirib”, ulardan xabar, fotosurat va elektron pochta xabarlarini o‘g‘rilash, qo‘ng‘iroqlarni yozib olish va mikrofon hamda kameralarni yashirincha faollashtirishga imkon berishi aytilgan edi.
Pegasus dasturi o‘zi nima?
Pegasus – bu Isroilning NSO Group kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot bo‘lib, uni Android va iOS operatsion tizimlariga ega telefonlarga o‘rnatish mumkin. Dastur smartfonga “kirib olishi” uchun foydalanuvchi oldindan tayyorlab qo‘yilgan havolani bir marta bosishi yetarli. Pegasus dasturchiga foydalanuvchining ijtimoiy tarmoqlari va elektron pochtasidagi yozishmalar, fotosuratlar, audio va video yozuvlariga kirish, shuningdek, egasiga bildirmasdan qurilmada mikrofon yoki kamerani ishga tushirish imkonini beradi.
Ushbu soft (dasturiy ta’minot) nomi ilk bor 2010-2016-yillarda omma e’tiboriga tushdi. Rasmiy ravishda, hukumatlar uni terrorchilar va ayniqsa, xavfli jinoyatchilarni kuzatib borish uchun sotib oladi. Biroq, jurnalistlar va huquq himoyachilari 2021-yilda Pegasus dasturidan nafaqat jinoyatchilar, balki jurnalistlar, faollar, huquqshunoslar va umuman muxolifatni kuzatish hamda ularga bosim o‘tkazish uchun foydalanilganini aniqladi. Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP), Amnesty International hamda The Washington Post, The Guardian va Suddeutsche Zeitung kabi yetakchi jahon ommaviy axborot vositalari bir necha oy davomida tekshiruv loyihasi ustida ishladi va dunyo bo‘ylab 11 davlatda insonlar smartfonlar orqali kuzatilganini aniqladi.
Dastur takomillashmoqda, bu bilan barobar xavflar ham
Bugungi kunga kelib, Isroil kompaniyasining ishlanmasi yana-da kuchli kiberkuzatuv vositasiga aylanib boryapti. Agar ilgari telefonga “kirib olish” uchun uning egasi havolani bosishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, endilikda Pegasus iOS qurilmalariga tashqi yordamisiz butunlay sezdirmasdan va jimgina “kira oladi”.
Qirqdan ortiq mamlakatlarning politsiya va milliy xavfsizlik xizmati ushbu dasturdan foydalanadi. Pegasus hozirda bozorda mavjud bo‘lgan eng kuchli josuslik dasturi hisoblanadi.
Har bir muvaffaqiyatli “kirish” smartfonni tom ma’noda to‘liq boshqarishga imkon beradi: dastur telefon orqali geolokatsiyaga kiradi, elektron pochta yozishmalari, matnli xabarlar, ma’lumotlar, fotosuratlar va videolarni ushlaydi hamda istalgan vaqtda qurilmaning mikrofoni va kameralarini masofadan turib faollashtiradi.