Insonparvarlik va mardlikni Alloh ham, xalq ham ulug‘laydi – Amir Temurning hayot dasturi


Saqlash
12:04 / 04.04.2024 1096 0

Biz kim – maliki Turon, amiri Turkistonmiz. 

Biz kim – millatlarning eng qadimi va ulug‘i,

Turkning bosh bo‘g‘inimiz.

Amir TEMUR

 

Buyuk davlat arbobi va yuksak ma’rifat sohibi Amir Temur ibn Tarag‘ay Muhammad Bahodir mohir sarkarda, odil podsho, eng asosiysi, ma’rifatparvarligi bilan nafaqat Markaziy Osiyo xalqlari tarixida, balki jahon tarixida salmoqli o‘rin egallagan. Temuriylar sulolasining XIV-XV asrlardagi hukmronligi jahon tarixida alohida o‘chmas iz qoldirdi. O‘tgan olti yuz yil mobaynida Amir Temurga bag‘ishlab Yevropada 500 dan ziyod, Sharq tillarida esa 900 ga yaqin asarlar yaritlgan. Tarixda birorta davlat boshlig‘i yoki sarkardaga bag‘ishlab bunchalik ko‘p asarlar bitilmagan.

 

Amir Temur o‘z davlati dunyoga yuz tutishi uchun dastavval harbiy va davlatchilik sohasida chuqur bilim va tajribaga asoslangan muhim islohotlarni amalga oshirishga erishdi, o‘z zamonasiga nisbatan, qolaversa, kelgusi avlodga dasturilamal bo‘la oladigan davlat boshqaruv tizimini yaratdi. Buning natijasida Markaziy Osiyoda bir yarim asr hukmronlik qilgan mo‘g‘ullarning beboshligi natijasida bosqinchilik, zo‘ravonlik, adolatsizlik va vayronagarchilik hukm surgan feodal tarqoqlikka barham berildi. Xalq iqtisodiy, madaniy, ma’rifiy turg‘unlik girdobidan olib chiqildi. Uning buyuk ishlari va salobatli davlati o‘z davrida ham Sharq, ham G‘arb davlatlarida tan olindi.

 

Amir Temur Ikkinchi Renessansni boshlab berdi va temuriylar hukmronligida bu davr gullab-yashnadi.

 

Amir Temur ma’naviyatining yuksakligiga quyidagi omillar sabab bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin:

 

Birinchi. Amir Temurning ota avlodi va ona avlodi ilm-ma’rifatli insonlar bo‘lgan va sohibqiron ziyoli oilada tarbiya topgan. Amir Temur 1336-yil 9-aprelda Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xoja Ilg‘or qishlog‘i (hozirgi Yakkabog‘ tumani)da tug‘ilgan bo‘lib, u yoshlik yillarini Keshda o‘tkazgan.

 

Temur yoshlik chog‘laridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga o‘q uzish, boshqa turli mashq va harbiy o‘yinlar bilan mashg‘ul etilgan. Shu asnoda Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir bo‘lib voyaga yetgan. U tabiatan og‘ir-bosiq, teran fikrlovchi, yuksak idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson bo‘lgan.

 

Otasi amir Bahodir Tarag‘ay barlos urug‘ining oqsoqollaridan hamda Chig‘atoy ulusining e’tiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilishgan. Amir Temurning otasi yilda bir marotaba Ili daryosi bo‘yida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilardi. Uning bunday yig‘inlarga muttasil qatnashib kelganini muarrix Sharafuddin Ali Yazdiy quyidagicha ta’kidlab o‘tadi: “ulamo va sulaho va muttaqiylarga mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi...”. Tarag‘aybek piri Shamsiddin Kulolni ayniqsa chuqur ehtirom qilgan. Keyinchalik Shayx Kulol Amir Temurning ham piri bo‘lgan. Tarag‘aybek 1360-yilda vafot etgan.

 

Amir Temurning onasi Takinaxotun buxorolik mashhur faqih Toj ash-sharia (shariat toji) taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Ubaydulla ibn Mas’udning avlodi (1350-yil vafot etgan) edi. Sohibqiron Amir Temurning onasi va otasi Shahrisabzda dafn etilgan. Amir Temur onasining xotirasiga bag‘ishlab balandligi 71 metr keladigan dunyoga mashhur Oqsaroy yodgorligini bunyod ettirgan.

 

Ikkinchi. Amir Temur ulug‘ ustozlardan tarbiya olgan. Fransuz temurshunoslaridan biri, professor Marsel Brionning “Menkim, Sohibqiron-jahongir Temur” asarida Amir Temurga ustozlik qilgan ulug‘ zotlarga o‘rin ajratilgan bo‘lib, u Alibek ismli o‘qituvchisidan dastlabki saboqni olganligi aytiladi. U yetti yoshga to‘lganidan so‘ng Alibek maktabini tark etib, Shayx Shamsiddin degan ustozidan Kalom ilmini olgani va Qur’on oyatlarini yod olgani qayd etiladi. Amir Temur Shayx Shamsiddin maktabini muvaffaqiyatli yakunlagach, otasi uni ilmda benazir inson bo‘lgan Abdulla Qutb mudarrislik qiladigan madrasaga olib borib qo‘ygani aytiladi.

 

Amir Temur o‘n olti yoshga to‘lganida hayotida ahamiyatga molik voqealardan biri ro‘y beradi: u Samarqandga safari chog‘ida Amir Kulol bilan tanishadi. Shamsiddin Kulolni Temurning otasi, keyinchalik Amir Temurning o‘zi ham piri deb bilgan va u zotga chuqur ehtirom ko‘rsatgan. Sohibqiron Temur ulkan zafarlarga erishishini Amir Kulolning duolari sharofati bilan, deya e’tirof etgani tarixdan ma’lum.

 

Bahouddin Naqshbandiyni Movarounnahrda tasavvuf ilmining yirik namoyаndasi, karomat ko‘rsatuvchi mo‘jizakor, naqshbandiya tariqati asoschisi va rahnamosi sifatida butun musulmon dunyosi yaxshi taniydi. Amir Temurning pirlaridan biri ana shu ulug‘ zot bo‘lib, u 1318-yilda Buxoroda tug‘ilgan. Bahouddin o‘n sakkiz yoshga yetganda Amir Temur dunyoga kelgan. U yetuk davlat arbobi sifatida o‘z saltanatini mustahkamlayotgan bir davrda (1389-yilda) Naqshband bu dunyoni tark etadi. Amir Temur katta davlatni idora qilishda o‘z pir-u komili g‘oyalariga tayangan.

 

XIV asrning boshlarida Movarounnahrda mo‘g‘ul istibdodidan qutulish harakati tobora keng quloch yozayotgan edi. Yurt va millatni xonavayron qilgan bosqinchilarga qarshi kurashga bel bog‘lagan Temur mamlakatning turli vohalarida qasoskorona boshlanayotgan kurash jarayonlarini diqqat bilan kuzatadi. Uning o‘tkir nigohi doirasiga Buxoroda xalqni ozodlik kurashiga undayotgan Bahouddin Naqshbandning vatanparvarona chiqishlari ham kirganligi tarixiy haqiqatdir.

 

Sohibqiron o‘z o‘gitlarining birida shunday deydi: “Piru komil shayx Bahouddin Naqshbandning: “Kam yegin, kam uxla, kam gapir”, degan pand-u nasihatlariga amal qildim. Arkon-u davlatga, barcha mulozimlarimga ham aytar so‘zim shu bo‘ldi, kam yenglar – ocharchilik ko‘rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar – mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar, dono bo‘lasizlar”.

 

Amir Temurning ulug‘ pirlaridan biri bo‘lgan Mir Sayid Baraka 1320-yilda hozirgi Afg‘onistonning Andxoy degan joyida tug‘ilgan. U islom dinini keng targ‘ib qilish mobaynida turli o‘lkalarga borgan Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) avlodlaridan edi. U dastlab Balxga Amir Husain huzuriga boradi, lekin Amir Husain u zotga yaxshi munosabatda bo‘lmagani uchun Termizga keladi va shu yerda islom dinining ko‘zga ko‘ringan peshvolaridan biriga aylanadi.

 

1370-yil bahorida Amir Temur amir Husainga qarshi yo‘lga chiqadi. Qo‘shin Termiz yaqinidagi Biyo qishlog‘iga yetganda makkalik shariflardan Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, unga oliy hokimiyat ramzi katta nog‘ora-tabl bilan yalov-bayroq tortiq qiladi. Amir Temur saltanat nog‘orasi va bayrog‘ining o‘ziga tortiq qilinishini chuqur anglab yetgan va tarixiy manbalarga ko‘ra, mazkur ramzlarni umrining oxirigacha ardoqlagan. Sayyid Barakani esa o‘ziga pir deb bilgan.

 

Uchinchi. Amir Temur islom ilmi va ma’naviyatini mukammal egallagan. Yuqorida zikr etilganidek, Amir Temur kichikligidayoq Qur’oni karimni yod olgan. “Temuriylar shajarasi” nomli asarda muallif Turg‘un Fayziyev Amir Temurning ixlos, e’tiqodi haqida, jumladan, quyidagilarni keltiradi: “Amir Muhammad Tarag‘ay avvalo komil musulmon va bahodir jangchi bo‘lgan. Shuningdek, ulamo fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi edi”. Tarixchi Helda Hukhem o‘zining “Yetti iqlim sultoni” asarida yozishicha: “Temur besh vaqt namozni kanda qilmas, ramazon oyida, albatta, ro‘za tutardi. Iyd Ramzon ham Temur saroyida katta tantana bilan nishonlanardi”. Yana mazkur asarda Sohibqironning xayr-u saxovati haqida ham iliq so‘zlar keltirilgan.

 

Amir Temur markazlashgan davlatga asos solish jarayonida dinga bo‘lgan e’tibori kuchli bo‘lganligini ko‘rishimiz mumkin. Amir Temur bir haqiqatni yaxshi anglagan – jamiyat e’tiqodsiz yashay olmaydi. Odamlarga din kerak, iymon kerak, ishonch kerak. U o‘z “Tuzuklari”da shunday deydi: “Har yerda va har vaqt islom dinini quvvatladim”. Temur insonparvarlik va mardlikni Аlloh ham, xalq ham ulug‘laydi, degan gapni ko‘p takrorlar edi. Shuning uchun o‘z muhriga “adolat” va “ozodlik” degan so‘zlarni yozdirgan edi. U ana shu ikki so‘zga umrining oxirigacha sodiq qolgan.

 

Amir Temur o‘zining kundalik hayotida va olib borgan siyosatida Qur’on va Hadislarda ilgari surilgan kamtarlik, adolat, poklik, dunyoviy va islomiy qonun-qoidalarga doimo amal qilish, mehnatkash xalq ahvolidan xabardor bo‘lish, davlat qudrati va shon-shuhratini oshirish, yurtni obod qilishga e’tibor berish, olim-u fuzalolarni e’zozlash kabi hayotiy qoidalarga asoslanib ish tutdi.

 

To‘rtinchi. Amir Temurning oila va farzandlar tarbiyasidagi o‘rni. Amir Temur xotinlari orasida eng mashhuri Saroymulkxonim nomi bilan tanilgan Bibixonim bo‘lgan. Bibixonim Chingizxonning nabirasi bo‘lgani uchun, sohibqiron unga uylanganidan keyin Ko‘ragon unvoniga sazovor bo‘lgan. Saroy Mulk Xonim farzand ko‘rmagan. Sohibqironning xotini Turmush og‘adan o‘g‘li Umarshayx Mirzo tug‘ilgan, nabiralari Ali Mirzo, Rustam Mirzo, Iskandar Sulton Mirzo, Boyqaro Mirzo va boshqalar bo‘lgan. Dilshod og‘adan o‘g‘li Shoxrux Mirzo, nabirasi Ulug‘bek, Sulton Muhammad va boshqalar dunyoga kelgan. Menglik Qurbon og‘adan o‘g‘li Mironshoh, nabiralari Muhammad Sulton, Og‘a begim, va boshqalar tug‘ilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur ham Menglik Qurbon og‘a avlodidan bo‘lgan. Amir Temur bo‘lajak kelinlarining nasl-nasabiga ham alohida e’tibor qaratgan.

 

Adib Xurshid Davronning “Samarqand xayoli” nomli kitobida yozilishicha, Amir Temur Hindistondan zafar bilan qaytganida, sohibqironni Termizda Saroymulkxonim bilan suyukli nabirasi Ulug‘bek tantanavor kutib olishadi. G‘alaba munosabati bilan Hindistondan olib kelingan o‘ljaning namoyishi o‘tkaziladi. Amir Temur Ulug‘bekni qo‘lidan ushlab, o‘ljalar namoyishini aylanarkan, Dehli shahridan keltirilgan qilichni unga sovg‘a qilmoqchi bo‘ladi, ammo nabira bobosidan qilichni emas, osmon jismlarini o‘lchaydigan asbobni, ya’ni usturlobni sovg‘a qilishini so‘raydi. Temurning ushbu sa’y-harakatida bir tarafdan birgina Mirzo Ulug‘bek misolida nafaqat farzandlariga, balki nabiralariga bo‘lgan e’tiborini ko‘rish mumkin bo‘lsa, boshqa tarafdan sohibqironning hamda temuriy shahzodalarning mohir jangchi bo‘lishlariga qaramay, vaziyat taqozo etgandagina qilichga murojaat etishi, imkon qadar dunyo sir-sinoatlarini ilm-ma’rifat bilan zabt etishga intilishini kuzatasiz.

     

Amir Temur davlat boshqaruvida “Rosti rusti”, ya’ni “Kuch adolatdadir” tamoyiliga asoslanib boshqargan. U ushbu shiorni hamisha o‘zi bilan birga ekanligi ramzi sifatida uzugiga yozdirgan. U davlatning obro‘si, sharafi, xalq manfaati yo‘lida g‘oyat adolatli bo‘lgan. Temur qattiqqo‘llikda o‘zini ham, o‘g‘illari va nabiralarini ham, qarindosh-urug‘larini ham ayamagan va davlat ishlarida g‘oyat mustahkam turganligi tarixdan yaxshi ma’lum. Uning oilaparvar, yurtparvar ekanligini farzand va nevaralariga atalgan quyidagi dil so‘zlaridan ham bilishimiz mumkin: “Har nekim mamlakat maslahati uchun aytdim, qulog‘ingizda tutinglar… Agar mening vasiyatimga amal qilib adl-u ehson bilan olamni obod qilsangiz, ko‘p yillar davlat va mamlakat sizlarda qolg‘usidir”. Amir Temur mamlakatni sitam va zulm bilan emas, balki yuksak ma’naviyat bilan, tafakkur bilan boshqargan insongina uzoqqa borishi mumkinligini his etgan.

 

Beshinchi. Amir Temurning o‘z yurtiga va xalqiga bo‘lgan cheksiz muhabbati. Amir Temurda vatanparvarlik, erkinlik va milliy iftixor tuyg‘usi nihoyatda yuqori bo‘lgani sababli ham Movaraunnahrni mo‘g‘ullarning bir yarim asrlik asoratidan xalos etdi, qudratli davlat tuzib, o‘lkani dunyoning ma’naviyati, iqtisodiyoti, madaniyati eng yuksalgan mintaqasiga aylantirdi. Manbalarda sohibqiron Amir Temur – yorqin xislatlarga ega, xotirasi o‘tkir, shijoatli va qat’iyatli, bir so‘zli, zo‘r ruhiy qudrat egasi, salobatli inson sifatida ta’riflanadi.

 

Amir Temur o‘z davriga xos bo‘lgan turli sabablarga binoan boshqa mamlakatlarga yurishlar qildi va Yevropa mamlakatlari rivojlanishining tezlashishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Rossiyani Oltin O‘rda zulmidan, Yevropani Turkiya tajavvuzidan saqlab qoldi va o‘z siyosatida madaniyat, obodonchilik, hunarmandchilik homiysi bo‘lib tanildi. Davlat boshqaruvida madaniy yuksalishga va turkiy tilning rivojiga keng yo‘l ochdi. Amir Temur qator Sharq mamlakatlari va ayniqsa, Yevropa mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatib, ular bilan madaniy va savdo-sotiq sohasida keng hamkorlik qildi.

 

Sohibqironning xislatlaridan biri shu ediki, u biror masalani hal etishdan oldin shu sohaning bilimdon olimlari bilan maslahatlashar, so‘ng qaror qabul qilar edi. Amir Temur davlatni aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning …davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim, degan so‘zlari buning yorqin dalilidir.

 

Ibn Arabshohning yozishicha, Amir Temur Samarqand atrofida qad ko‘targan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr, Bag‘dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Amir Temurning fikricha, Samarqand kattaligi, go‘zalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmog‘i lozim edi. Hofizi Abro‘ning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi. Odatda, u tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek, ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar o‘tkazardi. Amir Temur saroyida ulamolardan mavlono Abdujabbor Xorazmiy, mavlono Shamsuddin Munshi, mavlono Abdullo Lison, mavlono Bahruddin Ahmad, mavlono Nu’monuddin Xorazmiy, Xo‘ja Afzal, mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiy va boshqalar xizmat qilardi.

 

Markaziy Osiyo xalqlari orasida yetishib chiqqan buyuk tafakkur egalarining butun bir avlodi Amir Temur asos solgan hududda shakllandi va ijod qildi. Butun dunyoga nomlari mashhur tarixchilar Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy; olimlardan Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy; faylasuf-shoirlardan Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy; musavvirlardan Kamoliddin Behzod, Qosim Ali, Mirak Naqqosh; xattotlardan Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Muhammad Nur va boshqalar shular jumlasidandir. Ularning barchasi o‘sha davr va o‘zlarigacha bo‘lgan insoniyat ma’naviyati, ma’rifati va madaniyati yutug‘ining barcha sohalarini mukammal bilib, o‘zlashtirib olgan, o‘zlari tanlagan sohalarining hali hech kim tomonidan zabt etilmagan cho‘qqilarini egallagan ulug‘ siymolar, qomusiy ilm egalari bo‘lganlar.

 

Amir Temur ma’naviyatining mustahkam poydevori asrlarga yuz tutib kelayotgani, yillar ushbu poydevor to‘zonida to‘zimasdan, aksincha, yanada sayqal topayotgani siri ham, shubhasiz, shundadir.

 

Bo‘ri QODIROV,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi