Har millatning maktab va madrasasi oʻldigʻi kabi, bizni ham maktab madrasalarimiz garchi benizom va beusul oʻlsa ham, yoʻq demak darajada oz emas. Har millat avlodini tarbiyalash va taʼlimi ulumda koʻrsatgan himmat va gʻayrati kabi bizlarda ham oʻz maʼsum avlodlarini jaholat va gʻaflat zulmatida qolmoqigʻa hech bir rizolari oʻlmay, qoʻllaridan kelgancha taʼlim va tarbiyati avlodda qusurlik koʻrsatmakchi zotlar mavjuddirlar.
Va lekin dunyogʻa nima uchun kelgonini bilmay, ilm va maorifgʻa aslo ragʻbat qilmay, jonidin shirin bolalarini koʻcha-bakoʻcha kezdirib, bechora maʼsumning aziz umrini jaholat otashina yondirgʻuvchi behamiyat va bediyonat otalar ham oramizda oz emasdur. Koʻp dindoshlarimizni koʻrarmizki, oʻz farzandlarini aslo maktabgʻa bermay orqalaridin ergashtirib, ruslar eshigida oʻzlari kabi xizmatchilikka oʻrgatib, dunyo va oxiratning saodati oʻlgʻon ilm va maorifdin mahrum qoʻymoqdin hech bir ibo qilmaslar. Baʼzi azizlarimiz bordurki, oʻgʻlini qoʻlidin tutib maktabga olib borur. Muallimdan tolib qilurgʻa: “Taqsir, shu oʻgʻlimni goʻshti sizniki ustixoni bizniki, bir iloj qilib, tezlik ila naqd va nasiya yozmoqni oʻrgatib berursiz”, der. “Eshagiga yarasha tushovi” degan oʻzbek maqolicha, muallimlar ham aksarlari qonuni taʼlim-tarbiyadin butun-butun bexabar kishilar oʻlub, balki oʻquv va yozuvni ham lozimincha bilmasliklari vajhidan bechora maʼsumalarni isteʼdodi zotiyasigʻa nazzora ikki yil zarifida jamiʼ lavozumoti diniyani bildirmoq mumkin oʻlgʻon holda, toʻrt-besh yilgʻacha hijja usuli birla dunyo va oxiratga foydasi boʻlmagʻon Fuzuliy, Navoiy, Xoʻja Hofiz va Bedil kabi mushkul manzuma kitoblargʻa umri azizini barbod etarlar.
Ey vatandoshlar! Diqqat nazari ila boqing! Bir bolani maktabgʻa bermakdan maqsudi vojibot diniyamiz oʻlgʻon ilmi qiroat, masoili eʼtiqodiya, farz, vojib, sunnat, mustahab, harom, makruh, namoz va roʻza, haj va zakotlarni ham zaruroti dunyaviyamiz oʻlgʻon ilmi hisob, jugʻrofiya, tavorix, xususan, “Tarixi Islom” kabi foydalik ilmlarni bildurmoq oʻlgʻon holda johil domlalarning “taʼlimi faloniy, qoshi qaro, qaro koʻzi, qaro yuzi, oh, soʻzi shirin”, deb bolalarni fasod axloqigʻa birinchi sabab oʻladurgʻon manzuma kitoblar oʻlmish.
Bu xususda otada ayb yoʻq, chunki bu bechorani eʼtiqodida bolani oʻqutmoq yolgʻiz naqd va nasiya yozdurmoqdin iboratdur. Muallimda ham ayb yoʻq, chunki bu zikr qilingʻon ulumi zaruriyalarni bechora muallimning oʻzi bilmas, balki baʼzilarini ismini ham eshitgan emas. Bechora na qilsun? Nochor, befoyda boʻlsa ham maktablarda bolalarga oʻqitgudek bulardan boshqa bir kitob topilmagʻon zamonlarda oʻzi oʻqib, bilgan kitoblari shu kitoblar oʻldigʻi chun eski oʻrunlarda eski tushlarin koʻrmakdadurlar. Mani soʻzimdan Fuzuliy, Navoiy, Xoʻja Hofiz, Bedillar kabi ulugʻ zotlarni tahqir qildi, deb gumon qilinmasun. Chunki mani gʻarazim bu kitoblarni zotan befoyda demak emas, balki yosh bolalargʻa bu kitoblarning taʼlimi befoyda, demakdir. Misola bir bolaga Fuzuliy oʻrniga ilmi qiroat, Navoiy oʻrniga masoili eʼtiqodiya, Xoʻja Hofiz joyiga masoili amaliyot, Bedil badaligʻa ilmi hisob oʻqitilsa, din va dunyosi uchun qancha foydalar hosil qilib, musulmon oʻlur. Bilʼaks, bu kitoblarning oʻzi oʻqitulgʻon holda bu foydalardin mahrum qolib, balki fasod axloqqa mubtalo oʻlmogʻi ham ehtimoldir. Chunki bu kitoblarni tasnif qilgʻon zotlar Olloh taoliygʻa qurbat paydo qilgʻon kishilar oʻlgʻonlari uchun aytgan soʻzlarining zohiri shariatga muxolif oʻlsa ham, haqiqati muvofiqdir. Chunonchi mavlono Fuzuliy derki, fard:
Sanamlar sajdasidur bizda toat tangri-chun, zohid,
Kishi koʻrsang sen, oʻz diningda taklifi namoz ayla.
Yoki
Xoʻblar mehrobi abroʻsina mayl etmaz faqih,
Oʻlsa kofirdur, musulmonlar ango qilmang namoz.
Mavlono Hofiz derki:
May noʻshki, umri jovidoniy in ast,
Kayfiyati roʻzgori foniy in ast,
Hangomi gulu, lolau yoron sarmast,
Xushbosh, dameki, zindagoniy in ast.
Bu kabi soʻzlarning zohiriy muxolifi kitob, sunnat boʻlsa ham, haqiqati bir boshqadir. Ammo yosh bolalar, shubha yoʻqdurki, buni haqiqatda bilmaslar. Balki oʻqitgan muallimlari ham bilmaslar. Nochor zohiri ila amal qilib, fasod axloqgʻa mubtalo boʻlmoq xavfi bordur. Baʼzi juhalo dermishki, bu tartib hazrat Imomi Aʼzamning tartiblari, buni buzaman degan kishining oʻzi buzulur. Ajabo, bu kabi jaholat ham boʻlurmi? Bu jahli murakkab emasmu? Chunki bu johillar hazrat Imomi Aʼzamning umrlarida bu kitoblardin hech bir asar oʻlmagʻonini bilmaslar. Bilmaganlarini ham bilmaslar. Qachon ul janobning zamonlarida Fuzuliy yo Bedil, yo Xoʻja Hofiz, yo Navoiy bor edi? Qachon ul janob bu kitoblardin bolalarga taʼlim berdilar. Ul janob kabi zotning haqlarigʻa bu kabi boʻlgʻon iftiro, tuhmat qilgʻon johilni inshoolloh oʻzi bilur.
Baʼzi nodonlar dermishki, shu kitoblarni oʻqimaguncha bolalarning savodi chiqmas. Bu ham eʼtiqodi fosid va daʼvoyi bedalildur. Chunki bu eʼtiqod durust boʻlsa edi, Turkiston viloyatidin boshqa viloyatlarda hech kimning savodi oʻlmas edi. Vaholanki, boshqa viloyatlarda xat bilmaydurgʻon kishi yuzdan oʻn boʻlsa, Turkiston viloyatida yuzdan toʻqsondir. Mundin ham maʼlum oʻlurki, savod chiqmaq bu kitoblarni oʻqumoqqa muvaqquf emas, balki bu kitoblar gʻoyat qiyinlikidin bolalarni besavod qolmogʻigʻa ham sabab oʻlur. Chunki bu kitoblar oʻqilodurgʻon maktablarda ellik boladin oʻn bola toʻrt-besh yilda bazoʻr ushbu kitoblarning oʻzinigina xatini tanub chiqur. Boshqa kitoblarni yana durust bilmas.
Ammo bu kitoblar oʻqilmaydurgʻon jadid maktablarida ikki yil ichida ellik bolani qirq toʻqqizi, balki hammasi alassaviya necha xil ilmlardan imtihon berib chiqar. Boz bu kitoblarni ham bilur. Xayr, durustroq ham bilmasun? Lekin, bilmagʻoni birla bu bolaning na dunyosigʻa va na oxiratigʻa hech bir zarari yoʻq. Chunki bu kitoblarning oʻzini dunyo va oxiratgʻa xech bir foydasi yoʻq. Balki zararining ehtimoli bolada eikr qilindi. Xayr, kelaylik sadadi kalomgʻaki, oʻgʻlini maktabga bermakdin maqsadi naqd va nasiya yozdurmoq oʻlgʻon johil otaning oʻgʻligʻa qilgʻon muallim bechoraning tarbiyati, chekkan mashaqqatini va maʼsum bechoragʻa maktabda bergan kulfatini yozib bitirmak mumkin emasdir. Koʻrgusi va bilgusi kelgan kishi bizning Toshkand maktablarining biriga kirib, ikki soat istiqomat qilsun. Shuncha demak mumkindirki, muallim afandi qoʻlida zoʻr bir tayoq, qaysi bolaning boshi harakatdin qolsa, ushbu tayoq shu bolaning boshida oʻlur. Ammo oʻqugʻon-oʻqumagʻoni ila hech kimning ishi yoʻq. Boshini qimirlatib oʻltursa kifoya qilur. Hattoki, oʻtgan yillarda bu tariqa zolim muallimlarning tayoqi ostida vafot qilmoq ham voqeʼ oʻldi.
Bu tariqa zolim va badxulq, johil muallimlarning tarbiyasida oʻsgan bolalardin nima umid qilmoq kerak? Fasodi axloqdin boshqa bir ish oʻrganmas. Johil otalarni umid etduklari naqd va nasiya yozmoq ham tanho oʻndan bir, yigirmadan bir bolaga hosil oʻlub, boshqalari esa “maktabda oʻqumoq, igna ila choh qazimokdan ham qiyin (mushkul) ekan”, deya-deya qochar-ketar. Bunga sabab muallimning badxulqligi, maktabning benizomligi oʻlur. Agar bizlarning maktablarimiz boshqa millatlar maktablari kabi bir nizomgʻa qoʻyilib, yaxshi muallimlik vazifasini lozimincha ado qilurlik kishilardin muallimlar tayin qilinsa edi, maʼsum avlodlarimizning ruhini hayotigʻa, dunyo va oxiratining saodatigʻa birinchi sabab oʻladurgʻon ilm va maorifdin bu darajada mahrum oʻlmakigʻa sabab boʻlmas eduk.
Ey qardoshlar, voy millatdoshlar!!! Koʻzimiz gʻaflat uyqusidin ochib, atrofimizgʻa nazar solmakimiz lozimdir. Har millat oʻz saodat hol va istiqbolini muhofazatigʻa birinchi vosita ilm oʻlmakigʻa qanoat hosil qilib ilm va maorifgʻa ortiq darajada koʻshish qilgan bu zamonda bizlar bu gʻaflat va jaholatimizda davom etsak, istiqbolimiz nihoyatda xavflik oʻlub hamma olamga masxara va kulgu oʻlmogʻimizda hech shubha yoʻqdir. Balki, bu jaholat zulmatida saodati uxraviyadin ham mahrum qolmoq xavflidir. Bu jaholat natijasidurki, oʻzimiz yerlik musulmonlardan oʻldigʻimiz holda musofir rus va yahudiylar eshigida mardikor va xizmatchi oʻlduk. Bu jaholat xohishidurki, millat foydasi uchun jonin qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz butun millatni yodlaridin chiqorib, isteʼdod va gʻayratlarini choyxona va pivaxonalargʻa sarf etmakdadurlar.
Munavvar qori ABDURASHIDXONOV,
“Taraqqiy” gazetasi, 1906-yil, 14-iyun
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q