Taʼlim sifati past, darslar esa deyarli boʻlmagan holatda toʻliq davomat talabi qanchalik toʻgʻri? — Ota-onalar fikri


Saqlash
13:03 / 03.04.2024 1287 0

Soʻnggi vaqtlarda maktablarda yuzaga kelayotgan muammolar, davomat yomonligi, buni yaxshilash uchun qoʻllanilayotgan choralar va ularning oʻquvchilarga taʼsiri koʻp muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Raqamlarga eʼtibor bersak, masala chindan ham jiddiy tus olgan koʻrinadi:

 

Joriy yilning 5-fevral kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili voyaga yetmaganlar oʻrtasida 3,5 ming jinoyat sodir etilganini taʼkidladi. Demakki, bu jinoyatlar maktab oʻquvchilari ishtirokida boʻlgan. Maktablardagi davomat esa 50 ming oʻquvchining darslarga surunkali bormaganini koʻrsatadi.

 

Yigʻilishda vaziyatni yaxshilashga qaratilgan bir qancha vazifalar belgilanib, masʼullar biriktirildi. Ijrosi ham oʻsha kunlardanoq taʼminlana boshladi: maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga oʻtkazildi, hatto, hokimning “telefonsiz maktab” tashabbusini qoʻllagan maktablar ham boʻldi. Xullas, muammoning oqibatlari bilan kurashishga jiddiy kirishildi. Shundan keyin oʻquvchilarning darslardagi ishtiroki yuqori koʻrsatgichlarga ham yetdi.

 

Lekin muammoning sabablari-chi?

 

Toʻgʻri, Oʻzbekistonda boshqa rivojlangan davlatlarda yoʻq imkon – 12 yillik bepul taʼlim sharoiti mavjud. Ammo minglab oʻquvchilar bu imkondan qisman yoki umuman foydalana olmaydi. Ularning maʼlum qismi imkoniyati cheklangan yoki sharoitsizligidan taʼlim ololmasa, boshqalari nazoratsiz kun tartibi tufayli dars qoldiradi. Yana uchinchi guruh salbiy davomat sababchilari ham bor – ular mavjud imkoniyatlar talabga javob bermaganidan boshqa yerdan bilim izlashga urinadi.

 

UNICEF xalqaro bola huquqlarini himoya qilish tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Yevropa va Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlarda 95% bola boshlangʻich taʼlimga qamrab olingan. Ammo bu raqamlar millionlab bolalarning maktabga bormasligi, taʼlim ololmasligi haqidagi faktni yashiradi.

 

Xoʻsh, bolalar oʻzi nima uchun dars qoldiradi?

 

Bolalikdagi tajribadan kelib chiqadigan boʻlsak, dars qoldirishga faqat ogʻir yoki yuqumli kasal boʻlishimiz sabab boʻlardi. Boshqa vaqtlardagi iltimoslar-u oʻqituvchi va dars ustidan shikoyatlar – shunchaki bahona sifatida qabul qilingan.

 

Bugungi davr bolalari esa boshqacha: asossiz tanqidlarga chidamaydi, dars boʻlmasa, vaqtini “oʻgʻirlanishi”ga yoʻl qoʻymaydi. Shu bilan birga, dars vaqtida bezorilik, va hatto, jinoyatga qoʻl urayotganlari, buning oqibatida oʻz teng-qurlari yoki katta-kichikka jismoniy zarar yetkazayotganlari ham koʻp uchrab turibdi. Yaʼni ular majburiyatini unutishi mumkin, ammo huquqlarini yaxshi bilib, talab ham qiladi. Bu esa tabiiyki, oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi.

 

Boshlangʻich sinflardan keyingi hafsalasizlik

 

Kuzatgan boʻlsangiz kerak, bolalar boshlangʻich sinfda maktabga mamnuniyat bilan qatnaydi, ustozini qadrlaydi, vazifalarini qiziqish bilan bajaradi. Yuqori sinflarga oʻtganidan keyin esa barchasi oʻzgaradi: oʻsmirlik davridagi qiziqqonlik, asabiylik, taqiqqa qiziqish va majburiyatlardan qochish istagi bilan birga, ijtimoiy bosim, yuqori baho olishga majburlov yoki boshqalar bilan taqqoslash holatlari bola ruhiyati va hayotida jiddiy ziddiyatlarga sabab boʻladi. Kichik sinflarda xuddi onasidek mehribon bir insondan taʼlim olgan bola, oʻrta va yuqori sinflarda turli fan oʻqituvchilarining feʼli, dars uslubi va talablariga moslashishi kerak boʻladi. Koʻnikish jarayoni murakkab kechsa, bola vaziyatdan oʻzini qutqarish uchun imkon qadar atrofidagilardan, ayniqsa, maktabdan qochish yoʻllarini qidira boshlaydi. Shu tariqa, taʼlimdan uzoqlashish, dars qoldirish odatlari shakllana boshlaydi.

Ushbu davrni barcha bolalar boshdan oʻtkazadi va bu holat dars qoldirishga asos boʻlolmaydi. Ammo shunday omillar borki, ularning oʻquvchi va uning bazaviy taʼlim olishiga taʼsirini inkor etib boʻlmaydi.

 

Oʻquvchilarni taʼlimga teng qamrab olishga xalal beruvchi asosiy muammolardan biri maktablardagi haddan ziyod yuklama, oʻrinlar va resurs yetishmovchiligi sanalsa, boshqasi – oʻquvchilar erta mehnat faoliyatini boshlashidir. Dastlabki masala siyosat darajasida muhokama qilinib, yillar davomida hal etib kelinmoqda. Lekin maktab oʻquvchisining pul topishga ishtiyoqi haligacha dolzarb ijtimoiy muammolardan boʻlib turibdi. Baʼzi oilalar sharoitiga koʻra bolani mehnatga jalb qilsa, boshqa bolalar ota-onasidan yashirincha pul topishga kirishib ketadi.

 

Qonunchilik esa 16 yoshgacha boʻlgan bolalar mehnatini qoralaydi. Agar 16 yoshga toʻlgan bola mehnat faoliyatini boshlashni istasa, bu ota-onasining rozilik xati bilan, oʻquvchining taʼlim-tarbiyasiga ziyon yetkazmagan holda amalga oshirilishi kerak.

 

Ammo amaliyotda biroz boshqacha: oʻquvchi mehnat yoshiga yetmasidan norasmiy ish boshlaydi, ish beruvchi esa qonunchilikka zid ravishda, normadan koʻproq ish hajmi yuklab, bola mehnatidan foydalanadi. Shu tariqa, bola daromadga qiziqish ortidan oʻquvchi emas, ishchi pozitsiyasini maʼqul koʻra boshlaydi va taʼlimdan uzoqlashib boradi.

 

Qoʻshimcha darslar

 

“Bola nega dars qoldiradi” degan savolga tub ildizi maktab, oʻqituvchi, oʻquvchilarga, umuman, taʼlim tizimiga borib taqaladigan javoblar ham bor. Masalan, oʻquvchi darslarning sifati yoki umuman oʻtilmasligidan norozi boʻlib, qoʻshimcha darslarga qatnashni afzal koʻradi. Ochigʻi, ularni qoralashga asos, maktabga qaytarishga esa kuchingiz yetmaydi. Oʻquvchi maktabdan keyingi taʼlim yoʻlini davom ettirishi uchun yetarli bilimni oʻzlashtirishi, buning uchun esa maktabdagi darslar sifatli va oʻz vaqtida boʻlishi kerak. Aks holda, qoʻshimcha darslarni deb maktabdan qolayotgan bolaning davomatini malomat qilish – uning taʼlim yoʻli va kelajagiga toʻsqinlikdan boshqa narsa boʻlolmaydi.

 

Bulling

 

Yana shunday holatlar bor-ki, bolani ruhan maktabdan uzoqlashtiradi. Masalan, bugungi kunda avj olgan bulling holatlari. 13-15 yoshdagi 150 millionga yaqin bola, yaʼni dunyo boʻylab oʻquvchi bolalarning 50 foizi maktabi va uning atrofida turli shakldagi zoʻravonlikka, jumladan, bullingga uchraydi.

 

Bulling – bolaga doimiy ravishda, qasddan zarar yetkazish holatidir. U haqorat, kamsitish, tahqirlash, qoʻrqitish yoki tajovuzkorlikning boshqa koʻrinishlarida amalga oshirilishi mumkin.

 

 

Bulling aslida, har kim bilan yuz berishi mumkin. Ayniqsa, koʻngli boʻsh va aqlli bolalar undan koʻproq aziyat chekadigan bu holat nafaqat maktablarda, balki ijtimoiy tarmoqlarda yoki yozishmalarda ham kuzatiladi. Oqibatlariga toʻxtaladigan boʻlsak, bolada diqqat buzilishi, uzoq vaqt davom etadigan ruhiy tushkunlik, oʻziga boʻlgan ishonchning pasayishi va odamlardan qochish holatlari yuzaga keladi.

 

Oyina.uz soʻrovnomasi

 

Maktablardagi infratuzilma, ularning oʻquvchi salomatligiga va darslardagi ishtirokiga taʼsiri, oʻqituvchilarning bola bilan ishlash metodikasi hamda taʼlim sifati bilan bogʻliq muammolar ham yetarlicha. Lekin ularni faqat kuzatuvlargagina asoslanib sanashning oʻzi kamlik qiladi. Shu sababdan, “Oyina.uz” Oʻzbekistonning turli hududlaridagi ota-onalar oʻrtasida anketa soʻrovnomasini oʻtkazdi.

 

Soʻrovnomada qatnashgan 79 nafar ishtirokchining 51 nafari Toshkent shahri va viloyatida istiqomat qilishini hisobga olsak, quyida sanaladigan muammolar va maʼlumotlarning asosiy qismi shu hududlardagi maktablar bilan bogʻliqligi maʼlum boʻladi.

 

Maktab infratuzilmasi, bola salomatligi va davomat

 

“Farzandingiz qanday sabablarga koʻra maktabga bormaydi”, degan savolga 82,3 foiz (65 nafar) ota-ona “faqat kasal boʻlib qolganida bormaydi”, degan javobni tanlagan. 

 

 

Bolaning salomatligiga, albatta, birinchi navbatda ota-ona masʼul. Biroq bunga qoʻshimcha taʼsir oʻtkazuvchi (maktablardagi) yana bir nechta omillar ham bor:

 

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti olib borgan tahlil natijalariga koʻra, maktablarning 70 foizi kanalizatsiya tizimiga ulanmagan. Bu esa hojatxonalar maktab binosidan tashqarida joylashganini, zarurat uchun har qanday ob-havo sharoitida tashqariga chiqish majburiyatini yuklashini bildiradi. Atmosferaga chiqadigan zararli moddalar hajmi oshib borishi esa undan nafas olayotgan aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Shu va boshqa oqibatlari bilan, maktablarning 70 foizi  sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi maʼlum boʻladi.

 

Sovuq, sharoitsiz sinf xonalarda taʼlim samaradorligi talabga javob beradimi?

 

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekistondagi maktablarning deyarli 16 foizi kapital taʼmirga muhtoj, 4,6 foizi esa yaroqsiz holatda. Ushbu holat taʼlim samaradorligiga soʻzsiz salbiy taʼsir koʻrsatadi. Lekin samaradorlikdan ham avval, bu sharoitda bolaning darslardagi ishtiroki haqida oʻylash mantiqan toʻgʻri boʻlsa kerak. Maktab masʼullariga eng muhimi davomat boʻlsa, ota-ona uchun bolaning salomatligi barchasidan ustun turadi, ularning aksariyati sharoiti yoʻq, ayniqsa, issiqlik taʼminoti boʻlmagan maktabga farzandini yuborgisi kelmaydi. Chunki ularda 3 kun sovuq sinf xonasida dars olib, 7 kun uyda kasal boʻlib yotgan bola tajribasi bor. Davomatga keladigan boʻlsak, ikki holatda ham oʻquvchi dars qoldiradi: birida kasal boʻlib, boshqasida esa kasal boʻlmaslik uchun.

 

“Maktab bilimi bilan davlat institutlariga kirish imkoni boʻlganda edi, hech kim dars qoldirmasdi”, – deydi soʻrovnoma ishtirokchilaridan biri. Unga hamfikr boʻlgan 19 % ishtirokchi farzandlari maktabdan koʻra qoʻshimcha darslarni ustun koʻrishini bildiradi. Ishtirokchilarning 13,9 foizini farzandi “borganim bilan darslar boʻlmayapti”, deya maktabdan hafsalasi pir boʻlganlar, 7,6 foizini farzandi oʻquvchilar bilan kelisholmay, bullingga uchragan va maktabga borgisi kelmay qolganlar tashkil etadi.

 

Ota-onalar soʻrovnomadagi mavjud variantlarni tanlash bilan birga, oʻz fikri bilan ham boʻlishdi.

 

 

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham “Bola nega dars qoldiradi?” degan savolga shaxsiy tajribalari asosida javob qoldirgan.

 

 

Ishtirokchilarning bir nechtasi bunga ota-onaning masʼuliyatsizligini sabab deb bilsa, boshqalar bolada maktab taʼlimidan qoniqish yoʻqligini, oʻqituvchilar bolani darsga qiziqtirolmasligini asos sifatida keltiradi.

 

 

Maktablarda allaqachonlardan buyon olib boriladigan davomat siyosati aslida, taʼlim samaradorligini oshirish, uzviyligini nazorat qilish orqali yuqori samaradorlikka erishish boʻlgan boʻlsa, bugun faqatgina ishtirok omili muhim boʻlib qolgan. Natijada, yuqorida sanalgan sabablar bilan oʻquvchilar asosiy, bazaviy taʼlim olish huquqidan yetarlicha foydalanolmayapti. Maktabga sarflanadigan bola resurslari esa baʼzan ijobiy, baʼzan esa salbiy bandlikka sarflanmoqda. Ularning doimiy nazoratidan koʻra, bolani maktabga oʻz istagi bilan qaytarish choralarini koʻrish samaraliroq, boʻlsa kerak. 

 

Oʻquvchilarning darslardagi ishtirokini maksimal darajada taʼminlash uchun avvalo, taʼlim sifati va doimiyligi toʻlaqonli taʼminlanishi zarur. Maktab sharoiti oʻqituvchi va oʻquvchiga imkon qadar qulay, talabga javob beradigan darajada boʻlishi kerak. Shundan keyingina davomatni talab qilish, darsda qatnashmaganlik uchun chora koʻrish asosli boʻladi.

 

Muqaddas MUSAYEVA

"Oyina.uz"

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

12:10 / 10.10.2024 0 168
Neoimperializm: mustaqillikka yangi tahdidlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20461
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi