Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar


Saqlash
16:03 / 28.03.2024 465 0

Markaziy Osiyolik olimlarning saʼy-harakati bilan boshlangan ilk Sharq uygʻonishi Movarounnahr, aniqrogʻi, bu yerlik olimlarni butun jahonga tanitdi. Ularning olamshumul kashfiyotlari esa hozirga qadar insoniyatni hayratlantirib kelayotir. AQSHdagi Markaziy Osiyo, Kavkaz boʻyicha tadqiqotlar instituti prezidenti, Jon Xopkins universiteti huzuridagi xalqaro tadqiqotlar maktabi professori Stiven Frederik Starr oʻzining “Yoʻqotilgan maʼrifat” kitobida buyuk tamaddun tadrijiga teran nazar tashlab, uning ravnaqi va inqirozga yuz tutishi sabablarini tahlil etadi. Asrlar oʻtib Markaziy Osiyoning “Yevrosiyo markazi” maqomidan ovloq hududiga aylanib qolishi omillarini ochib beradi. 

 

Tarixchi gapni 26 yoshli Abu Rayhon Beruniy va 19 yoshli Abu Ali ibn Sino oʻrtasidagi milodiy 999-yildagi yozishmalardan boshlaydi. Yozishmalarda boʻlajak daholarning nimalarni muhokama qilganiga eʼtibor beraylik. Koinotdagi yulduzlar orasida galaktikamizga oʻxshash boshqa dunyolar ham bormi? Ikkovlon Yer sayyorasi bir lahzada yaralganmi yoki uzoq muddatli davomiylikdami, degan jumboq ustida ham bosh qotirgan. Ushbu munozaralardan 600-yil oʻtib, Jordano Bruno koinotda boshqa olamlar mavjud degan qarashi uchun dahriylikda ayblanib olovda yoqildi. Ikki buyuk alloma esa biz(yerliklar) koinotda yakka-yolgʻiz emasligimizni oʻshandayoq bashorat qilishgan.

 

Amerikalik faylasuf Tomas Kun oʻzining “Ilmiy inqiloblar tuzilishi” kitobida ilmiy kashfiyotlar kamdan kam hollarda birdan yuz berishini, aslida fan kumulyativ jarayonligini, unda kuzatilayotgan voqelik va umumqabul qilgan nazariya (paradigma) oʻrtasida farqlanish kuchayib boraverishini taʼkidlaydi. Oxir-oqibatda bunday farqlanish va anomaliyalar yangi nazariya yoki paradigmalar rivojiga olib keladi. Tarixchi Beruniy, Ibn Sino hamda Markaziy Osiyolik oʻnlab allomalarning ilm-fanda erishgan yutuqlari Yevropada XVI-XVII asrlarda ulkan ilmiy inqilob yasaganini taʼkidlaydi. Xususan, Ibn Sino ilmiy merosi – bir necha sahifadan tortib bir necha jildni tashkil etuvchi asarlari nomi 400 dan oshishini eʼtirof etadi. Afsuski, ulardan bizga atigi 240 tasi yetib kelgan. Beruniyning 180 ta qomusiy asaridan esa 22 tasigina saqlanib qolgan.

 

“Location, location and location” yaʼni jugʻrofiy joy muhim, deya xitob etadi F. Starr Markaziy Osiyoda oltin asr ibtidosi sabablarini ochish asnosida. Buyuk dengiz yoʻllari hali ochilmagan paytlarda Markaziy Osiyoning jugʻrofiy oʻrni mintaqani Yevrosiyoning muhim savdo-sotiq yoʻllari tutashgan markazga aylantirdi. Sharqda Xitoy, janubda Hindiston, janubiy- gʻarbda Arabiston yarim oroli, gʻarbda Usmoniylar imperiyasi va Yevropa. Savdo logistikasining asosiy vositasi ikki oʻrkachli Turkiston mahalliy tuyasi edi. “Buyuk Ipak yoʻli” orqali ming-ming kilometrga otlangan karvonlarni boshqarganlar  ham arablar yoki xitoyliklar emas – balki Markaziy Osiyolik tujjorlar edi. “Devonu lugʻotit-turk” muallifi Mahmud Koshgʻariy ilk xaritashunos olim sifatida uzoq Yaponiyani ham qamrab olgan jahon xaritasini yaratib, unda Bolosogʻun va Issiqkoʻlni Yevroosiyoning qoq markaziga qoʻyishi Markaziy Osiyoning oʻsha davrdagi mavqeiga toʻlaqonli mos keladi.

 

Oʻsha zamon Yevropa tibbiyoti aynan qadimgi yunon va Markaziy Osiyo tibbiyot maktabiga asoslanib, bemorlarni davolagan. Buxorolik Abu Ali ibn Sino asarlari XII asrdan XVII asrga qadar (besh asr!) magʻribu mashriqda asosiy darslik hisoblangan “Tib qonunlari”da muallif suvni ifloslaydigan va kasalliklar tarqatuvchi koʻzga koʻrinmas mavjudotlar mavjudligini faraz qiladi. U chechak, oʻlat va vabo kasalliklari oʻrtasidagi farqni, moxov va boshqa koʻplab kasalliklarni aniq tavsiflab beradi. Avitsennaning (gʻarbda Ibn Sino shunday ataladi) “Tib qonunlari” asrlar davomida eng nufuzli Yevropa universitetlarida qimmatli manba sifatida qoʻllanilib kelindi. Markaziy Osiyolik yana bir olim, Ar-Roziyning chechak va qizamiq kasalliklariga oid izlanishlari kitob holida Yevropada taxminan 1475-yillardan 1866-yillargacha kamida 40 marotaba nashr etilgan. Abu Rayhon Beruniyning “Tibbiyotda farmakognoziya” (“Dorivor oʻsimliklar haqida”) gi kitobida qariyb 900 ga yaqin turli xil oʻsimliklar, ularning bir nechta tilda nomlanishi, davo xususiyatlari va tavsiflari berilgan.

 

Fargʻonada (hozirgi Oʻzbekiston hududi) tugʻilib oʻsgan Ahmad al-Fargʻoniy “Astronomiya ibtidosi” asarida oʻzidan oldin yashab oʻtgan olimlarning kashfiyotlarini yanada takomillashtirgan. Al-Fargʻoniy dunyoda eng koʻp oʻqilgan islom astronomi boʻlib, hatto 500-yildan keyin mashhur dengizchi Xristofor Kolumb uning kitoblarini mutolaa qilgan. Mazkur kitob Dantening “Ilohiy komediya” asarida  ham tilga olinadi.

 

“Fozil odamlar shahri” asari muallifi Abu Nasr Forobiy Sharqda “muallimi soniy” yaʼni Arastudan keyingi ikkinchi muallim deya shuhrat qozongan. Alloma Aristotelning “Kategoriya”, “Xermenevtika”, “Sofistika”, “Ritorika”, “Mantiq” va “Sheʼriyat” hamda Porfiriyning “Falsafa asoslari” kabi asarlariga sharhlar bitgan. Forobiyning sharhlarini oʻqiganlar yunon falsafasi mohiyatini oson anglay olgan. Xususan, Ibn Sino ham Forobiyni oʻqigandan keyingina yunon falsafasi mohiyatini tushunganini taʼkidlaydi. Olimning tabiiy-ilmiy fanlar haqidagi qarashlari “Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi” asarida batafsil yoritilgan. Kitobda oʻrta asrlarda maʼlum boʻlgan 30 dan ortiq fanning taʼrifi, ahamiyati koʻrsatib berilgan. Forobiyning tibbiy qarashlari esa “Inson aʼzolari haqida”gi risolasida batafsil bayon etilib, u inson aʼzolari, turli xil kasalliklar sababi, ularning paydo boʻlish shart-sharoitlarini alohida-alohida oʻrganish, organizmning salomatligini tiklashda tanovul qilinadigan oziq-ovqatlarga eʼtibor qaratish zarurligini qayd etadi. Insonning ruhiy va jismoniy holati tashqi omillar va muhit taʼsiriga bogʻliqligiga eʼtibor beradi. Forobiyning tibbiyot vazifasi va maqsadi haqidagi fikrlari yosh Ibn Sinoga katta taʼsir koʻrsatgan.

 

Abu Muso Muhammad al-Xorazmiy va unga safdosh astronomlar Kurrai arz (Yer) meridiani gradusini oʻlchovchi va gorizontal quyosh soati qurilmasi loyihasini ishlab chiqqan, algebrani tizimga solgan va mohiyatan, unga mazkur nomni bergan. Algebra standartlarini 500-yil oldinga surib, kvadrat tenglamalarni yechishning qulay uslubini taklif qilgani, sferik trigonometriya, hind oʻnlik son tizimining keng tarqalishi, “nol” raqami, manfiy sonlarni qoʻllash Al-Xorazmiyning nafaqat oʻz davri, balki barcha davrlarning buyuk matematiklaridan biri boʻlganining yaqqol isbotidir. Uning “Algebra” kitobi Markaziy Osiyo olimlari uchun hamda savdo-sotiq ishlarini olib borishda, jumladan, mol-mulk merosi, uni boʻlish, sud daʼvolari va savdo-sotiq hamda oʻzaro bitimlar, yerlarni chamalash, kanallar va turli xil obyektlarni qurish, geometrik hisoblashlarda qoʻl kelgan. Hozirda zamonaviy dasturlashda qoʻllaniladigan “algoritm” termini Al-Xorazmiy nomidan olingan boʻlib, rim raqamlari oʻrniga arab raqamlarini ishlatishni afzal bilgan yevropalik matematiklar Al-Xorazmiy sharafiga oʻzlarini “algoritmchilar” deb atashgan.

 

Yana bir marvlik olim Al-Haziniy oʻzining “Donishmandlik vaznlari kitobi”da “vazn”, “massa”, “kuch” tushunchalarining differensiallarini topadi. U isteʼdodli mexanik sifatida oddiy narsalarni oʻlchaydigan, nisbiy zichlikni aniqlaydigan va turli aralashmalarning tarkibini oʻrganadigan dunyodagi eng aniq uskunani yaratgan – zamonaviy tadqiqotlar ushbu asbobning aniqligi 1:60 000 ga teng ekanini koʻrsatdi.

 

Ilk globusni yaratgan shaxs, “Geodeziya” asari muallifi Abu Rayhon al-Beruniy ham Markaziy Osiyolik hisoblanadi. Olim 1038-yilda “Mineralogiya” yoki “Qimmatbaho toshlarni aniqlash uchun maʼlumotlar” asarini bitgan. Unda koʻplab minerallarning solishtirma ogʻirligi koʻrsatilgan, 50 dan ortiq mineral, ruda, metall, qotishmalar haqida batafsil maʼlumotlar bergan. Beruniyning “Hindiston” asari xalqaro munosabatlar, ilohiyot va ilm-fan tarixi sohasida erishilgan buyuk yutuqlardan sanaladi. Mazkur asarda Hindiston tarixi, dini, aholi maishiy turmushi va madaniyati bilan birga, hindlarning ilmiy yutuqlari, pi sonining hind uslubidagi hisobi bayon etilgan. Olim “Qonuni Masʼudiy” asariga sayyoramizning minglab jugʻrofiy koordinatalarini kiritgan. U astronomik maʼlumotlardan foydalanib, quruqlik va dengiz nisbatlari oʻlchami asosida, birinchi boʻlib Atlantika va Tinch okeani orasida quruqlik mavjudligi haqidagi farazni ilgari surganki, bu, shubhasiz, oʻrta asrlarning buyuk kashfiyoti boʻlgan.

 

Mirzo Ulugʻbek oʻz davrida 12 ta madrasadagi 10 ming talabaga moliyaviy yordam koʻrsatgan, zamonaviy tilda aytganda stipendiya toʻlagan hukmdor edi. Bu tolibi ilmlardan 500 nafari matematikaga ixtisoslashgan edi. Temuriy hukmdorning ilmparvarligini 1417-yilda Registon maydonida qad rostlagan mahobatli Ulugʻbek madrasasi ham tasdiqlab turibdi. Mirzo Ulugʻbekning ushbu madrasa peshtoqiga paygʻambar Muhammad Mustafo(s.a.v.)ning “Ilm talab etish har bir musulmonga farzdir” degan soʻzlari(hadis)ni yozdirib qoʻyishining oʻzi mamlakatda ilmga eʼtibor naqadar katta ekanini koʻrsatib turibdi. Mazkur madrasaning oʻquv dasturida dunyoviy fanlar, ayniqsa, matematika va astronomiya asosiy oʻrinni egallagan. Ulugʻbekning aniq fanlardan tashqari, tarix, adabiyot va musiqaga chuqur qiziqishini nazarda tutsak, ushbu fanlar ham madrasa oʻquv dasturidan joy olgani aniq.

 

Moʻgʻullar bosqinidan oldin mavjud boʻlgan ulkan kutubxonaning Ulugʻbek tomonidan qayta tiklanishi Samarqand yoshlarining barcha fanlarni oʻrganishlari uchun  turtki berdi. Mudarrislar guruhini Ulugʻbekni ustozi Qozizoda Rumiy boshqarardi. Ustozlar orasida asli Erondan boʻlgan Jamshid al-Koshiy (1380-1429) ham bor edi. Samarqandga kelgandan bir-necha oy oʻtib, al-Koshiyning otasiga yozgan 2 ta xati saqlanib qolgan. Ushbu bitiklarda poytaxtdagi ilmiy muhitning ochiqligi va olimlar oʻrtasida raqobat juda kuchliligini taʼkidlab, Misrda oʻqib kelgan maqtanchoq kimsaning munozara paytida uyalib qolgani bayon qilinadi. Sharmisor boʻlgan haligi olim pirovardida bu ishdan voz kechib, tinchroq soha boʻlgan dorishunoslikka oʻtib ketgan ekan.

 

Yuqorida koʻrganimizdek, F.Starrning buyuk temuriy hukmdor Mirzo Ulugʻbek ilmiy salohiyati va shaxsiga eʼtibori yuksak. Muallif Ulugʻbekning umr boʻyi astronomiya bilan  shugʻullanib, yulduz yili uzunligini Kopernikdan koʻra aniqroq hisoblab chiqqanini eʼtirof etadi. Uning shogirdi Ali Qushchi kometalar harakatidan kelib chiqib, Yer sayyorasi oʻz oʻqi va quyosh atrofida aylanishini isbotlab bergan. Ulugʻbekning  safdoshi boʻlgan Jamshid Al-Koshiy “Xorda (Egri chiziqning ikki nuqtasini tutashtiruvchi toʻgʻri chiziq) va sinus haqidagi asar”ida uchinchi darajali (kub) tenglamalarni yechishning yangi usulini tavsiflaydi va ikki asrdan beri olimlar yecha olmagan bir gradusning sinusini hisoblab chiqadi. U “Arifmetikaga kirish” risolasida  Pi sonini qiymatini yunonlar va xitoyliklardan ikki baravar aniqlikda hisoblab berib, Yevropadan 150-yilga oldinlab ketadi. Ulugʻbek rasadxonasida olib borilgan ishlar asosida 300 sahifalik “Ziji jadidi Koʻragoniy” (Astronomik jadvallar toʻplami) yaratilgan boʻlib,  unda 992 ta (asl manbalarga koʻra 1018ta) yulduzning aniq joylashuviga oid hisob-kitoblar keltirilgan. Oksford universiteti arabshunos olimi Tomas Xayd 1665-yilda buyuk vatandoshimiz  Mirzo Ulugʻbekning  ushbu asarini ingliz tiliga tarjima qiladi va yulduzlar katalogini nashr etadi. Ulugʻbek ilmiy maktabining nufuzi va taʼsiri, ayniqsa, Usmonlilar imperiyasida yaqqol koʻrinadi. Jumladan, Ulugʻbekning ustozi Qozizoda Rumiy saltanatda birinchi olim, buxorolik Ali Qushchi esa, Istanbulda bir yilgina yashaganiga qaramasdan, birinchi astronom deb eʼlon qilingan.

 

F.Starr koʻplab gʻarb manbalarida bugungi kungacha Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Xorazmiy, Forobiy, Fargʻoniy, Ulugʻbek va boshqa koʻplab Oʻrta Osiyolik olimlarni arab millatiga mansub deyilishiga eʼtiroz bildirib, bu xato fikr ekanini alohida taʼkidlaydi: “Ming yil avval arab tilida ijod qilgan bu olimlarning aksariyati oʻz kasbiy faoliyatini arab tili muhitida olib borgan boʻlsa-da, atigi bir qismi eroniylarga mansub, ammo koʻpchiliklari turkiy olimlar edi,” deya qayd etadi tadqiqotchi.

 

Muxtasar aytganda, amerikalik olim F.Starrning buyuk bobolarimiz kashfiyotlari Yevropa uygʻonish asriga koʻrsatgan olamshumul taʼsiri borasidagi eʼtiroflari har qanday tahsinga munosib. Eng asosiysi, muallif tarixni buzmay, voqelikka imkon qadar xolislik  bilan yondashgan.

 

                                                       Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19293
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16365
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi