“Ular banditlarni emas, qora sochlilarni ushlaydi”. Krokus’dagi teraktdan soʻng Rossiyada migrantlarga qarshi reydlar va millatchilik avj olmoqda


Saqlash
17:26 / 26.03.2024 752 0

“Crocus City Hall”dagi terakt va Tojikiston fuqaroligiga ega boʻlgan gumondorlar qoʻlga olinganidan soʻng Rossiya xavfsizlik kuchlari “sharqona qiyofaga ega” odamlarni tekshirishni kuchaytirdi. Rossiya shaharlarida insonlar tojikistonlik haydovchilarning taksi xizmatidan foydalanishdan bosh tortmoqda. Tojik diasporasi yetakchilari esa vatandoshlariga kechki paytda uylarini tark etmaslikni tavsiya qilyapti. Qamoqqa olingan gumonlanuvchilardan biri ishlagan sartaroshxona xodimlariga ommaviy ravishda tahdidlar yog‘ila boshlagan.

 

“Crocus City Hall”dagi teraktning ertasi kuni ijtimoiy tarmoqlarda Bryansk viloyatidagi Rossiya-Ukraina chegarasi tomon ketayotgan vaqtda xavfsizlik kuchlari tomonidan qoʻlga olingan gumonlanuvchilarning ismlari paydo boʻldi. Ulardan biri, 19 yoshli Muhammadsobir Fayzov bir necha oydan beri Teykovo shahridagi “Ploshadka” (Maydon) sartaroshxonasida ishlab kelgan. Bundan xabar topgan mahalliy aholi salon administratori va ishchilariga tahdid qila boshlagan.

 

“Baza” telegram kanalida chop etilgan skrinshotlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “ushbu barbershop”ga “toʻdalashib borish”ni, salon xodimlarining uylarini topib, oʻt qoʻyishni taklif qilgan. Bunday izohlar qayerda qoldirilganiga aniqlik kiritilmagan. Katta ehtimol bilan, sartaroshxonaning “VKontakte”dagi norasmiy sahifasida yozilgan, biroq keyin oʻchirib tashlangan.

 

Muhammadsobir Fayzov sud zaliga zambilda olib kelindi

 

Ammo rasmiy sahifada 23-mart kuni sartaroshxona “yovvoyi nafratga duchor boʻlgani” haqida xabar qoldirildi. “Administrator va ishchilarga qoʻngʻiroq qilib, tahdid etishmoqda, odamlar past baholar qoʻyib, dahshatli sharhlar yozmoqda”, deyilgan xabarda. Sartaroshxona xodimlari Fayzov salonda 2023-yil noyabridan sinov muddatida bir necha hafta ishlagani, keyin esa aloqa uzilganini tasdiqlagan. Koʻp oʻtmay bu xabar oʻchirib yuborildi, sartaroshxona esa yopildi.

 

Sartaroshxona direktori Yamina Safiyeva “Moskovskiy komsomolets” nashriga bergan intervyusida salon rahbariyatining “telefonlari jiringlashdan toʻxtamayotgani”, odamlar qoʻngʻiroq qilib, tahdidli xabarlar qoldirayotganini aytgan.

 

“Odamlar menga qoʻngʻiroq qilib, oʻlim tilamoqda. Oʻzim homiladorman, nima qilishimni bilmayman. Koʻchaga chiqishga qoʻrqyapman”, degan Safiyeva. Uning soʻzlariga koʻra, xodimlar Fayzovda hech qanday shubhali narsani payqamagan.

 

 

25-mart kuni sartaroshxonaga borgan “RIA Novosti” nashri muxbiri muassasa xodimlari soʻroq uchun olib ketilganini xabar qilgan (Safiyeva ham buni tasdiqlagan).

 

“Shubhasiz, biz hozir ksenofobik kayfiyatning muvaffaqiyati haqida gapirishimiz mumkin. Men ushbu kayfiyat birdan oʻsib ketdi deyolmayman, lekin endi u oʻzini koʻproq koʻrsata boshladi”, deydi “Memorial” markazi eksperti Stefaniya Kulayeva.

 

“Sobiq prezident Dmitrit Medvedov ogʻzidan “(teraktga) har qanday aloqasi bor insonlar oʻldirilishi kerak”ligi haqidagi gaplar chiqib turgan paytda oddiy xalqdan yana nima kutish mumkin? Albatta, bu hamma narsa mumkinligi, barcha narsaga ruxsat etilgani boʻyicha aniq signal beradi. Va bu juda xavotirli”, deya qoʻshimcha qiladi ekspert.

 

 

Mahalliy “Itʼs My City” nashri yozishicha, Yekaterinburgda politsiya “sharqona koʻrinishga ega” odamlarni tekshirishni boshlagan. Shahardagi savdo markazlaridan birining maʼmuriyati esa oʻz ijarachilaridan Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirgʻiziston fuqarosi boʻlgan xodimlari haqida maʼlumot taqdim etishni soʻragan.

 

“Bir tomondan, ular (Rossiya hukumati) Rossiyaning barcha aholisi va Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar Gʻarbga qarshi birlashishi kerak, demoqda. Boshqa tomondan esa, ularning oʻzi Ukrainaga qarshi urush fonida oʻta oʻng qarashlarni dastakladi. Va endi ular migrantlarga qarshi qaratilgan bunday oʻta oʻng kayfiyatdan qanday qochish kerakligini bilmaydi. Bu birinchidan.

 

Ikkinchidan, yaqinda patriarx Kirilldek nufuzli shaxs migrantlar, ayniqsa, markaziy osiyolik muhojirlar Rossiya uchun xavfli ekanini, chunki ular boshqa dinga eʼtiqod qilishi va ruslarning sivilizatsiyaviy birligini buzishini aytdi.

 

 

Boshqa tomondan, Rossiyada Ukrainadagi urush tufayli dahshatli demografik inqiroz paydo bo‘lgan va hukumat Markaziy Osiyodan keluvchi mehnat migrantlarisiz ushbu inqiroz bilan qanday kurashishni bilmaydi. Shuning uchun ham ular hozir qanday yoʻl tutishi mutlaqo nomaʼlum”, deydi siyosiy fanlar doktori, Markaziy Osiyo va Afgʻoniston boʻyicha ekspert, Begin-Sadat nomidagi strategik tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi Andrey Kazansev.

 

Taksi xizmatlarining ayrim mijozlari tojikistonlik haydovchilarning mashinalariga chiqishdan bosh tortmoqda. Telegram kanallar va nashrlarda tarqalayotgan skrinshotlarda mijozlar ilova orqali haydovchilardan agar Tojikistondan boʻlsa, buyurtmani bekor qilishni soʻrayotgani aks etgan.

 

“Salom, agar tojik boʻlsang, buyurtmani bekor qil, men sen bilan ketmayman”, deya yozgan taksi xizmati foydalanuvchilaridan biri.