Mehribonlik kishanga aylanmasin


Saqlash
22:30 / 18.03.2024 1158 0

O‘qituvchi bergan uy vazifasini bajargan o‘g‘il yo qizini “charchab ketdi”, “muncha ko‘p vazifa berishadi”, deb boladan ko‘proq noliydigan, farzandining sog‘ligini o‘ylab emas, uning xohish-istaklariga qarab taomlantirib, kiyinradigan, qo‘yib bersang kuni bo‘yi o‘ynab, yugurib charchamaydigan o‘smir farzandi o‘tirib ketishi uchun avtobusda kattalar bilan joy talashadigan, balog‘atga yetgan nuridiydasining paypog‘igacha yuvib berishni oddiy holat deb bilgan ota-onalar (va hokazo) oz emasmiz.

 

Aslida, to‘rt muchasi sog‘, aql-u hushi joyida tug‘ilgan bolaning jismoniy, aqliy imkoniyatlari biz o‘ylagandan ancha ko‘proq. Tuproqni yorib chiqqan giyohda lahza sayin o‘sib gurkirash ehtiyoji bo‘lganidek, inson bolasi jismi, fitratida ham ulg‘ayish ehtiyoji va bunga imkoniyatlar jam.

 

Yodimdan chiqmaydi: tug‘ruqxonada 40 yoshida o‘g‘il ko‘rgan ayol hamxonam uzoq kutilgan farzandi tug‘ilgach, qattiq hayajonlanganmi, suti kelmay qoldi. Shifokorlar go‘dakka barmoqdekkina shishachada sun’iy ovqat berib turishni aytishdi.

 

O‘sha kuni yarim kechada hamxonamning chaqalog‘i big‘illab yig‘lay boshladi, murg‘akkinaning lablari ko‘karib ketgandi. Ma’lum bo‘ldiki, kecha onasi chaqaloqqa shifokorlar aytganidek ikki emas, uch mahal sut bergan ekan. “Nimaga unaqa qildingiz?” degan savolga lablari titrab: “Bolamning qorni yaxshi to‘ysin dedim-da”, – deb javob berdi.

 

Asalni ham me’yorida yegan yaxshi. Hayotda hamma narsa, jumladan, mehribonchilik ham o‘z o‘rnida, me’yorida, to‘g‘ri maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lsagina, kutilgan mevasini beradi.

 

***

Doktor Muhammad Xoniy hikoyasi:

 

Bir kuni mashinada o‘tirgandim. Bir bola kelib “Old oynangizni tozalab beraymi?” dedi. Ajoyib qilib yuvdi. Unga 20 dollar bergandim, bola:

 

– Amerikadan keldingizmi? – deb so‘radi.

 

– Ha.

 

– Tozalash haqini olmay, evaziga Amerika universitetilari haqida so‘rasam maylimi? – dedi.

 

– Yoshing nechchida? – deb so‘radim.

 

– O‘n oltida.

 

Arab mamlakatlari maktablarida o‘qitiladigan fanlarning murakkabligi o‘quvchilar yoshiga qarab turlicha bo‘ladi. Bu bolaning yoshi kichik bo‘lsa ham, barcha fanlardan baholari besh bo‘lgani uchun bir necha yil oldin katta bolalar o‘qiydigan maktabga o‘tkazishgan ekan.

 

Otasi ikki yoshida vafot etgan, onasi bir xonadonda xizmatchi ekan. Bola bilan singlisi ko‘chada ishlasharkan.

 

Eshitishimcha, Amerika universitetlarida a’lochi talabalarga stipendiya berilar ekan, – dedi.

 

– Bu yerda senga yordam beradigan odam bormi, – deb so‘radim.

 

– O‘zimdan boshqa hech kim.

 

Ovqatlanishga birga borishni taklif qildim. “Orqa oynani artib berish sharti bilan”, deb rozi bo‘ldi u. Oshxonada taomni o‘zi yemadi, onasi va singlisiga olib borish uchun xalta keltirishlarini so‘radi.

 

Ingliz tilida ravon gaplashishini sezdim. Bola hamma ishni mahorat bilan chiroyli bajarardi. Hujjatlarini menga yuborishini, men ularni Amerikaga jo‘natishga urinishimni kelishdik. Olti oy o‘tib, u Amerika universitetiga o‘qishga qabul qilindi. O‘shanda menga qo‘ng‘iroq qildi: “Allohga qasamki, biz uyda quvonchdan yig‘layapmiz”.

 

Ikki yildan keyin “The New York Times” gazetasida zamonaviy texnologiyalar sohasidagi eng yosh olim sifatida uning nomi chiqdi. Oilam bilan bundan juda xursand bo‘ldik. Ayolim bildirmay bolaning onasi va singlisi uchun viza yuboribdi. Bola ularni Amerikada ko‘rib, na gapira olardi, na yig‘lay olardi.

 

Bir kuni u tashqarida mashinamni yuvyapti. Kutilmagan holdan uni quchoqlab oldim va “Nima qilyapsan?” dedim. Shunda u: “O‘zimning qanday ahvolda bo‘lganim va siz men uchun nimalar qilganingizni unutmasligim kerak”, dedi.

 

Falastinlik bu yigitning ismi Farid Abdul Oliy bo‘lib, bugun u AQShdagi Garvard universitetining eng afzal va mashhur professor o‘qituvchilaridan biri.

 

O‘z xalqimiz orasida ham bunaqa ibratli taqdir sohiblari oz emas. Texnika fanlari doktori Abdurashid Otaxonov (Alloh rahmat qilsin!) o‘tgan asrning urushdan keyingi yillarida maktabni a’lo baholarga bitirgach, radiotexnikaga juda qiziqqani uchun otasi Namangan temir yo‘l vokzalidan bir quti pomidor bilan (sotib tirikchilik qilishi uchun) Toshkentga kuzatgan ekan.

 

Toshkent aloqa texnikumiga kirib o‘qiyotgan Abdurashid ham Sankt-Peterburg radiotexnika institutiga o‘qishga tavsiya etiladi. U shunday eslardi: “Pochalari yirtilib ketgan bittagina shimim bor edi, shuni kiyib Sank-Peterburgga borganimizda, bizni kutib olgan rus kishi hammaga qarab chiqib, men tomonga ishora qilib nohush kayfiyatda rahbarimizga nimadir deganini ko‘rib, sezib turganman”.

 

Bir yil ham o‘tmay, kelganida rus tilida tuzuk-quruq gapirishni bilmagan shu yigit kursdoshlari ichida, ikki-uch yilda esa institutda eng iqtidorli, ilmiy izlanishlari bilan tanilib qolgan talabaga aylanadi. Institutni bitirib, texnika, kosmonavtika sohasida nomdor, obro‘li rus olimlarining beayov so‘roq-savollari elagidan o‘tib texnika fanlari nomzodi, doktori ilmiy darajalarini oladi.

 

Yoshi kattalar yaxshi eslaydilar: televizor chiqqan dastlabki o‘n yilliklarda ekranlardagi tasvirlar xira, nuqta-nuqta dog‘lar bilan ko‘rinardi. Abdurashid Otaxonov kashf etgan texnik moslamalar yordamida ana shunday noqisliklar yo‘qolib, ekrandagi tasvirlar tiniq ko‘rina boshladi.

 

Sobiq sovet tuzumi davrida bir necha kosmonavtlarning fazoda uchishini kuzatib o‘tirgan olimlar orasida o‘zbek farzandi Abdurashid Otaxonov ham bor edi. Otaxonovning kashfiyoti tufayli yerdan fazoga uzatilgan videotasvirlar sifati ortgan, tasvirlar tiniq ko‘rinadigan bo‘lgan.

 

Texnika fanlari bo‘yicha xalqaro ilmiy akademiyalarning muxbir a’zosi bo‘lgan Abdurashid Otaxonovning ixchamgina jussasidan hamisha g‘ayrat, ko‘zlaridan samimiyat-u jiddiyat yog‘ilib turardi. Bu kamtar insonning to‘rt o‘g‘il va bir qizi bir necha tilni yaxshi o‘rgandilar, dunyoning e’tiborli universitetlarida puxta bilim olishdi. Hozir kenja Sharof Otaxonov Amerikadagi universitetda dars beradi.

 

“Bola hech qachon bekor turmasligi kerak. Uning qalbida tinmay o‘qish, mehnat qilishga ehtiyoj barqaror bo‘lmaguncha, ota-ona nazorat qilishi, bolani bekor qo‘ymasligi, mashg‘ulotlaridan boxabar bo‘lib turishi kerak” Abdurashid Otaxonovning shiori shunday edi. Uning farzandlariga nisbatan talabchanligi, qattiqqo‘lligi, qat’iyatini ko‘pchilik dastlab shafqatsizlik deb baholagan bo‘lsa, natijalarni ko‘rgach, undan ibrat ola boshlaganlar.

 

Yuqoridagi hayotiy misollardan dilbandining kelajagi o‘zi hamda xalq-u Vatan uchun xayrli, baxtli-saodatli bo‘lishini chin dildan istagan ota-onalar xulosa chiqaradilar, degan umiddaman.

 

Zero, haddan ortiq erkalatishlar, quruq maqtovlar, kerak-nokerak rag‘bat-u sovg‘alar, avaylashlar yosh qalbni e’tibortalablik, o‘zini boshqalardan balandroq tutish, doimo faqat maqtov eshitishga talabgorlik tuyg‘usiga qul qiladi.

 

Muhtarama ULUG‘OVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//