TikTokʻga nisbatan jarima va cheklovlar – dunyo mamlakatlari platformadan nega norozi?


Saqlash
17:03 / 16.03.2024 597 0

Oʻtib borayotgan hafta TikTok kompaniyasi uchun ogʻir kechdi: AQSH Kongresining Vakillar palatasi mamlakatda platformani taqiqlash boʻyicha qonun loyihasini qabul qildi, endi AQSH hududida TikTok taqiqlanishi mumkin. Italiya regulyatori esa kontent nazorati yoʻqligi uchun kompaniyaga 10 million yevro miqdorida jarima soldi. Lekin bu eʼtirozlar dunyo miqyosida birinchi martasi emas.

 

Oʻzbekistonda

 

Oʻzbekistonda koʻplab ijtimoiy tarmoqlar faoliyat yuritadi.  Lekin 2020-yilda mamlakatga kirib kelgan TikTok biroz oʻtib, taqiqqa uchragan. Bunga yetarlicha sabablar bor edi: TikTokʻda asosan, qisqa va maʼni-mantiqsiz videolar ommalashib, avvaliga, mahalliy yoshlarini va bora-bora kattalarni ham tun-u kun oʻziga jalb qila boshladi. Foydalanuvchilar zararli kontentni shunchaki kuzatmay, real hayotida ham virtual olamdagi “qahramonlarga” taqlid qiladigan boʻldi: bolalar  nutqida jargon soʻzlarni qoʻllay boshladi, baʼzilari esa boshqalarni kalaka qilish evaziga janjallar keltirib chiqardi va bularning barchasini prank nomi ostida tarmoqqa joylab bordi. Ilovaning ishlash algoritmiga koʻra, videolar qisqa muddatda ommalashib, hayotda ham, tarmoqda ham koʻp uchraydigan boʻldi.

 

Ammo platforma bloklanishiga asosiy sabab bu boʻlmagan. Yuqoridagilarning barchasini TikTokʻning inson hayotiga bevosita taʼsiri, deb oladigan boʻlsak, undan tashqari platforma  “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonunning tegishli moddasini buzish orqali fuqaro huquqlariga ham tahdid solgan.

 

Achinarlisi, axborot oqimni cheklash, uning zararidan himoyalash ham murakkab: foydalanuvchilar turli taqiqlarni ham chetlab oʻtib, maxsus VPN dasturlari yordamida “maqsadiga yeta” oladi.

 

 

Platformada foydali kontentlar ham anchagina. Ammo asosiy videolar mantiqsizlik, shafqatsizlik va axloqsizlikka asoslangan. Bundan tashqari, platformaning xavfsizlik darajasi va Xitoy bilan aloqalaridan choʻchib, koʻplab mamlakatlar oʻz hududida undan foydalanishni cheklagan. TikTok mamlakatlar kesimida qanday zarar yetkazgani va hukumat darajasida koʻrilgan choralarni quyida sanab oʻtamiz:

 

AQSHda

 

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp 2020-yilda TikTokni mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdid sifatida baholab, uning faoliyatini cheklashni taklif qilgan. Hukumatning bugungi eʼtirozi esa foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlari bilan bogʻliq. Unga koʻra, Xitoy hukumati Bytedanceʻdan AQSHdagi TikTok foydalanuvchilarining maʼlumotlarini talab qilib, oʻzlashtirishi mumkin. TikTok asoschisi esa bu shubhani doimiy inkor qilib, AQSHdagi foydalanuvchilarning maʼlumotlari mamlakat ichida qolishini, Pekinga yetib bormasligini taʼkidlab keladi. Paradoks shundaki, TikTok ilovasi avval boshidanoq Xitoydan tashqari bozorlar uchun moʻljallangan boʻlib, Xitoy hududida mavjud emas. Kompaniya Gonkongdan 2020-yilda chiqib ketgan.

 

Yevropa ittifoqi

 

17-fevral kuni Yevropa ittifoqining raqamli xizmatlar toʻgʻrisidagi qonuni kuchga kirgan. Qonunga koʻra, platforma sozlamalarida yoshga doir cheklovlari boʻlishi kiritilgan. Shundan keyin Yevropa ittifoqi ushbu tarmoq ustidan tergov ishlarini boshlagan. Tekshiruv davomida TikTokʻka “Foydalanuvchilarning psixo-fizik xavfsizligi” va tarqalayotgan kontent uchun javobgarlik masʼuliyati yuklatilgan. Biroq TikTok bunga qarshi tegishli choralarni koʻrmagan va buning oqibatida bir necha million yevro miqdorida jarimalarga duchor boʻlgan.

 

Italiyada

 

Italiya regulyatorlari voyaga yetmaganlarda taqlid qilishga moyillik boʻlishini inobatga olib, TikTokʻda xavf tugʻdiruvchi kontentlarni cheklab yoki nazorat qilib boʻlmasligidan shikoyat qilgan. Bu oʻz oʻrnida, platformaning xavfsizlik tamoyillariga javob bermasligini va foydalanuvchilar, ayniqsa, oʻsmirlarning psixo-jismoniy xavfsizligiga tahdid solishini bildiradi.

 

Italiya rasmiylari bunga chora sifatida, TikTok asoschisi Bytedance Ltd guruhiga tegishli 3 ta: Irlandiyaning TikTok Technology Limited, Britaniyaning TikTok Information Technologies UK Limited va Italiyaning TikTok Italy Srl kompaniyalariga nisbatan 10 million yevro miqdorida jarima qoʻllagan.

 

Irlandiyada

Jarima jazosi aslida, kompaniya uchun yangilik emas: TikTok anchadan buyon Yevropa regulyatorlarining kuzatuvida boʻlib, bir necha million dollar miqdoridagi jarimalarga uchragan. Platformaning Yevroittifoqdagi faoliyatini nazorat qiluvchi Irlandiyaning maʼlumotlarni himoya qilish komissiyasi TikTokʻni bolalarni himoya qilolmagani uchun 345 million yevro miqdorida jarimaga tortgan. Bunga esa yaqinda yaratilgan bolalar akkauntlari barcha uchun ochiqligi, unga internetdagi istalgan odam kirishi mumkinligini asos sifatida keltirgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19282
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16357
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi