“Ilon dunyoda o‘zidan-da yirtqich jonzotlar borligi uchun ham zahar to‘playdi” – Farmon Toshevdan “Tafakkur manzaralari”


Saqlash
16:22 / 09.11.2021 1494 0

Nega fikrimizning qaymog‘ini ko‘pincha maqol qo‘shish orqali ifodalaymiz? Chunki maqollar yillarni, asrlarni yengib kelayotgan jangchiga o‘xshaydi. Shuning uchun ham maqol va matallarning toshi og‘ir, hikmati teran.

Shoir, yozuvchi, publitsist Farmon Toshevning “Tafakkur manzaralari” to‘plamida uning hayotiy xulosalari – jamiyat, tabiat, insonlarning evrilishi, fe’l-atvori, o‘ziga xosligi aks ettirilgan. Bu qaysidir jihati bilan maqol-u aforizmlarni eslatadi. Vaqt va tajriba chig‘irig‘idan o‘tib dunyoga kelgan teran fikrlar, xulosalar o‘quvchining ma’naviy dunyosi boyishiga xizmat qilishi shubhasiz. Quyida mazkur kitobdan o‘rin olgan hikmatona bitiklarning ayrimlarini keltiramiz:

 

***

Vijdoni qiynalmagan odam vatanparvar bo‘lolmaydi.

 

***

Odamlar havas qiladigan yoxud ibrat oladigan har bir holat komillik belgisidir.

 

***

Ziyoli degan faqat ilmli emas, o‘z faoliyati bilan boshqalarga ibrat bo‘lish hamdir.

 

***

Haqiqiy donishmand o‘zining donishmandligini bilmaydi, har bir a’molini farz deb o‘ylaydi.

 

***

“Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin!” Bu ibora nazarimda ko‘rmaganlarga emas, ularni yuzaga keltiradiganlarga saboq bo‘lishi zarur.

 

***

Qorni och odam to‘yguncha yeydi, ko‘zi och odam esa o‘lguncha.

 

***

Hamma ham nurga intilmaydi, chunki qorong‘uda umr kechiradigan jonzodlar ham bor.

 

***

Uni dard shoir qildi. Shoirligi esa dard bo‘ldi.

 

***

Iqtidorli insonning hurmatini joyiga qo‘yishni o‘rganing.

 

***

Talaba o‘zi pora bergan o‘qituvchini ustoz sifatida tan olmaydi.

 

***

Farosat ilm emas, ota-onadan farzandlari o‘tadigan ma’naviy merosdir.

 

***

Muhabbat matematikasi bor gap. Lekin unda ayiruv, ko‘paytiruv va qo‘shuv belgilarini har kim o‘zicha qo‘llaydi.

 

***

Ilon dunyoda o‘zidan-da yirtqich jonzotlar borligi uchun ham zahar to‘playdi.

 

***

Muhabbatning abadiyligi unda doimo sadoqatning borligidadir.

 

***

Ko‘ngil og‘rimaydi, aslida uni og‘ritadilar.

 

***

Ishdagi muammo rejaning yo‘qligi va xomligidan kelib chiqadi.

 

***

Ko‘zi ochlik – tuzalmaydigan illat, uni farzandlarga o‘tishidan asraylik.

 

***

O‘zingiz kitob o‘qimay turib, bolangizga “Nega kitob o‘qimayapsan?” demang.

 

***

Birovga maslahat berish uchun ham uni avvalo hurmat qila bilish kerak.

 

***

 

Aqlli bo‘lish vijdonli bo‘ldim, degani emas.

 

Kitobning to‘liq varianti bilan tanishish uchun: Tafakkur manzaralari”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//