Aqlsiz it qanday qilib qaysar eshakka doʻndi? Tor doirada qolib ketayotgan oʻzbekcha tarjimalar tahlili


Saqlash
17:03 / 01.03.2024 807 0

Oʻtgan yil davomida internet saytlarida xorijlik ijodkorlarning yuzga yaqin sheʼriy va nasriy asarlari eʼlon qilindi. Tarjimalar asosan ingliz va rus tillaridan oʻgirilgan. Quyida yil davomida chop etilgan ayrim tarjimalarni asliyat bilan solishtirgan holda tahlil qilishga harakat qilamiz. 

 

2023-yil davomida Ziyo.uz sayti yangi tarjima qilingan yigirmadan ortiq hikoyalarni eʼlon qildi. Ularning asosiy qismi yosh tarjimonlarning oʻgirmalari tashkil qiladi. Shuningdek, avvalgi yillarda bosma nashrlarda chop etilgan tarjimalar ham saytga joylashtirilgan. Tarjimalardan biri – ingliz adibasi Ketrin Mensfildning “Sariq chaqa” hikoyasini Muslima Xidirova oʻzbekchalashtirgan. Asar nomi asliyatda “Olti pens” boʻlib, hikoya shoʻx bolakay Dikkining quloqsizligi bilan boshlanadi. Onasi va singillari uning toʻpolonchiligidan bezor boʻlishadi. Shunda qoʻshni ayol bolani tarbiyalash uchun urib turish lozimligi, ammo buni onalar emas, otalar bajarishi kerakligini uqtiradi. Ayol eri kelgach, undan oʻgʻlini tarbiyalab qoʻyishini soʻraydi. Ishdan horib, asabiy boʻlib qaytgan ota esa oʻgʻlini kamari bilan uradi. Soʻng hovuri bosilgach, bu qilmishidan afsuslanadi. Farzandini ovutib, aybini yuvish uchun unga olti pens beradi. Hikoya badiiy jihatdan yaxshi oʻgirilgan. Ayrim jumlalar oʻzbek tilida qoʻllaniladigan soʻzlashuv uslubiga moslab oʻzgartirilgan. Masalan, Singillari­ning taʼbiriga koʻra, oʻzini qaysar eshakdek tutsayu, nahot uning shoʻxliklariga chora topish shunchalar imkonsiz gapidagi qaysar eshak asliyatda mad dog, yaʼni aqldan ozgan it boʻlib, bu yerda hayvon nomining oʻzgartirilishi oʻzini oqlagan. Shuningdek, xizmatchi qizning poured out the milk and water, yaʼni sut va suvni aralashtirib quyardi, degan gapidagi sut va suv aralashmasini tarjimon qizimiz shirchoy deb munosib oʻgirgan. Ammo ayrim kichik xatoliklar ham yoʻq emas. “Bu holat gʻazablanishdan ham koʻra koʻproq andisha­li edi”, degan gapni asliyatdan oʻgirganda, “Bu holat bezovtalikdan koʻra koʻproq gʻazablanishni ifoda etardi”, deyish toʻgʻri boʻlardi. Bundan tashqari, kir yuvish sovuni jumlasini oddiygina kir sovun deyish mumkin. Umuman olganda, hikoya ruhi tarjimada saqlanib qolgan, mazmuni tarjimon tomonidan toʻgʻri anglangan.

 

 

Mazkur saytdagi Amerika yozuvchisi Nataniel Hotornning “Soyabon ostida” hikoyasini inglizchadan Qandilat Yusupova tarjima qilgan. Aytish kerakki, asar XIX asr uslubida, mohirlik bilan oʻzbekchaga oʻgirilgan. Unda yomgʻirli kunda uyidan tashqariga chiqqan bosh qahramonning yoʻl-yoʻlakay uchratgan manzaralari, insonlar tasvirlanadi. Tarjimon oʻzbek tilining soʻz boyligidan unumli foydalangan, oʻgirmada qaytariqlar, takrorlar uchramaydi, badiiy jihatdan puxta, oʻquvchini oʻziga bogʻlab oladi. Asliyat bilan solishtirilganda tarjimon har bir gap, soʻz ustida jiddiy izlanganini sezish mumkin. Ammo ayrim kichik xatoliklardan ham yoʻq emas. Bewildered by the red, blue, and yellow meteors, in an apothecaryʼs window, they have stepped upon a slippery remnant of ice, and are precipitated into a confluence of swollen floods, at the corner of two streets jumlasi Koʻzlarini quvonchu masrurlik pardasi qoplagan yoshlarning yoʻlidan naq koʻldek keladigan halqob ulkan toʻgʻondek boʻlib chiqib qoldi. Bu shundoqqina ikki koʻcha orasidagi chorrahada – yoʻl­ning ayni qoq oʻrtasida hosil boʻlgan suvli jarlik edi, deb boshqacha tarzda tarjima qilingan. Hikoya yakunidagi jumlani ham tushib qolgan soʻzlar bilan toʻldirish maqsadga muvofiq: And thus we, night-wanderers through a stormy and dismal world, if we bear the lamp of Faith, enkindled at a celestial fire, it will surely lead us home to that Heaven whence its radiance was borrowed. Ana shunday. Biz – boʻronli va mudhish olam oralab, beorom tunda sarkash tentirovchilar, sadoqatimiz ziyosining quvvati yetguniga qadar, qayerda Nurlar makoni boʻlsa, oʻsha tomon, albatta, yoʻl topib borishdan hech qachon charchamaymiz. Qoʻlimizga soyabonimizni olamizu qorongʻi tun ogʻushiga qoʻrqmay singib ketamiz. Bu yerda Jannat soʻzi yetishmaydi, soyabon soʻzi esa ortiqchadek, umuman olganda, ushbu jumlani butunlay qaytadan oʻgirib chiqish kerak, fikrimcha. Bu kamchiliklarga qaramay, hikoya asliyatdan juda maromida, latiflik bilan tarjima qilingan.

 

Navbatdagi tadqiq obyektimiz Govshutkeldi Danatarovning “Choʻrining kulgisi” hikoyasi boʻlib, uni turkman tilidan Rahmat Bobojon tarjima qilgan. Unda choʻri qizning boy xonadoniga olib kelinishi, bu yerda koʻrgan azoblari, yakunda esa xoʻrlab oʻldirishi hikoya qilinadi. U Bu tragediya oʻtmishning sargʻaygan sahifasiga aylanib boʻlgan allaqachon, deb boshlanadi. Bu oʻrindagi tragediya soʻzini fojeaga almashtirish maqsadga muvofiq boʻlar edi. Keyingi abzasdagi Uni toʻqqiz yoshligida isqirt qoʻlidan tutib Otaboy tuman degan boyning xonadoniga olib kelishdi, gapidagi isqirt soʻzi ham boshqa sinonim soʻzga deylik, irkitga oʻzgartirilsa maʼno jihatdan mos tushardi. Hikoyada maqollardan unumli foydalanilgan. Tarjimon ularni quyidagicha tarjima qilgan: “Yaxshi adab – yaxshi dab, ota-bobo davrabop”, “Ojiz boʻlsang gʻaming koʻp, erksiz boʻlsang gʻaniming”, “Qari qargʻa qagʻlayversin”. Birinchi maqoldagi yaxshi dab soʻzining maʼnosi tushunarsiz chiqqan, asliyatdagi maʼnosini qayta koʻrish kerak. Hikoyada choʻri qiz Onamni chala eslayman, otamni koʻrmaganman ham, deydi. Bu yerda onamni gʻira-shira eslayman, deyish badiiyroq chiqqan boʻlardi. Gunohli soʻzini ham gunohkor deb berish mumkin. Hikoyadagi Ogʻir iqbol zolimlar jumlasi tushunarsiz tarjima qilingan. Mazkur kamchiliklar bilan bir qatorda hikoyadagi imlo xatolari ham qayta koʻzdan kechirib chiqilsa, hikoyaning qiymati oshar edi, zero unda oʻtgan asrda qardosh qoʻshni xalqning bizga ham begona boʻlmagan fojesi tasvirlangan.

 

Xurshid Davron kutubxonasi saytida oʻtgan yil davomida oʻttizdan oshiq tarjimalar berilgan boʻlib, ularning asosiy qismini sheʼriy asarlar tashkil qiladi. Jumladan, Amerika shoiri Lengston Hyuzning bir nechta sheʼrlarini Yoʻldosh Eshbek ruschadan oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. “Orzular posboni”, “Muqaddima”, “Men qanday ulgʻaydim”, “Xayoliy qoʻshiq”, “Shodlik” sheʼrlari shular jumlasiga kiradi. “Muqaddima” sheʼri “I am a Negro” (Я негр) deb boshlanadi. Tarjimon bu oʻrinda negr coʻzini oʻrniga zanji deya oʻrinli ifodalaydi. Ammo “Iʼve been a worker” ((Я был рабочим) jumlasi esa negadir ishchi, xizmatkor emas, Men doimo ijodkor boʻldim, deb beriladi. Keyingi kupletdagi “All the way from Africa to Georgia” (Вес свой пут из Африки в Джорджию) gapidagi Jorjiya davlatini tarjimon Missuri deb almashtiradi (Qoʻshiqlarimni Afrikadan Missurigacha eltdim). Bundan tashqari, “The Belgians cut off my hands in the Congo” (Белгийсы отрезали руки мне в Конго) jumlasidagi belgiyaliklar soʻzi tushirib qoldirilgan, chopdilar soʻzi savalashga almashtirilgan (Meni savadilar Kongo dalalarida). Qolgan sheʼrlar esa asliyatdagi maʼnoni saqlab qolgan holda badiiy tarafdan chiroyli tarjima qilingan.

 

 

Ushbu saytdagi yozuvchi Gabriel Garsia Markesning “Maʼyus hikoya”sini Temur Tangriberdiyev rus tilidan tarjima qilgan. Kichik hikoya bosh qahramon boʻlmish yigit yakshanba kuni juda zerikkani, shu bois biror qiz bilan tanishish uchun eʼlon qoldirgani tasviri bilan boshlanadi. Bir necha kun oʻtib u bilan qiz uchrashadi, tamaddi qilishadi, soʻng kinoteatrga borishadi. Yigit baribir u bilan juda zerikadi, sababi qizdan biror maʼnili gap chiqmaydi. Yosh tarjimon hikoyani badiiy tarafdan yaxshi tarjima qilgan, asliyat bilan solishtirganda xatoliklar kuzatilmadi. Shuningdek, saytda “Dunyo adabiyotidan eng qisqa hikoyalar” Xurshida Abdullayeva tarjimasi ostida taqdim etilgan boʻlib, ular ham asliyat bilan solishtirilganda kamchiliklarsiz, maromida oʻzbekchaga oʻgirilganini koʻrish mumkin.

 

Nodirabegim.uz saytida esa oʻtgan yil davomida zamonaviy jahon adabiyotidan oʻndan oshiq tarjimalar berilgan. Jumladan, Xaruki Murakamining “Spagetti yili” hikoyasi Sherzod Komil Xalil tomonidan rus tilidan tarjima qilingan. Tarjimaning badiiy, stilistik, grammatik jihatlariga ijobiy fikr bildirish mumkin, muhimi yapon adibining oʻziga xos uslubi saqlanib qolgan. Biroq umumiy matnda “men” soʻzi meʼyoridan ortiq ishlatilgani mutolaa davomida tishga tegadi. Deylik, Oʻshanda 15:20 da men toʻshakda shiftga tikilib yotganimda, telefonim jiringlagandi. Men yotgan joydan qishki quyosh nuri koʻlmakda aks etib koʻrinib turardi. Dekabr oyining shu gʻira-shira yorugʻligida men nobud boʻlgan pashsha kabi oʻrnimda befarq choʻzilib yotardim. Bu yerda birinchi va uchinchi gapdagi “men” olib tashlansa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Shuningdek, ovqat kitobi jumlasini taomlar kitobi yo pazandalik kitobiga almashtirish mumkin. Gʻira-shira quyilgan zaytun moyi jumlasining tarjimasini ham oʻylab koʻrish kerak, odatda kamroq miqdorda quyilgan yogʻga nisbatan gʻira-shira ifodasi ishlatilmaydi. Hikoya davomida U baxtsiz kulib yubordi gapi uchraydi. Bu oʻrinda baxtsiz soʻzi oʻrniga maʼyus, gʻamgin kabi sinonimlar mos tushgan boʻlardi, nazarimda.

 

 

Saytda shuningdek, zamondosh turk shoirasi Ulku Oljay sheʼrlari yosh adabiyotshunos Ruxsora Nur tomonidan, yapon yozuvchisi Xaruki Murakamining “Bir goʻzal aprel tongida 100 foiz mukammal qizni koʻrganim” hikoyasi Qodirov Jamshidbek tomonidan, amerikalik yozuvchi Steven Kingning mistik hikoyalaridan biri Alp Demir tomonidan, yapon adibi Akutagava Ryunoskening “Bambukzorda” hikoyasi Zoir Zokirov tomonidan oʻzbekchaga oʻgirilgan. Ularning aksari tarjimonlikka endi qadam qoʻygan yoshlar boʻlib, hikoyalarda tahrirbop joylar uchrasada, biroq asliyatga sodiqligi, eʼtibor va ishtiyoq bilan tarjima qilingani sezilib turadi. 

 

Internet saytlaridan tashqari, 2023-yil davomida bir qancha telegram kanallar, feysbuk ijtimoiy tarmogʻi orqali yuzdan oshiq sheʼriy va nasriy tarjimalar erkin tarzda taqdim qilingan. Oʻtgan yilda yosh tarjimonlar safi kengaygani quvonarli hol, albatta. Biroq ustoz-shogirdlik anʼanalari yetishmayotgani, mazkur havaskor tarjimalarni koʻrib baholaydigan, fikr beradigan, tahrir qiladigan, bosma nashrlarga tavsiya qiladigan mexanizmning sustligi tufayli ular koʻp hollarda tor doirada qolib ketmoqda.

 

Nodirabegim IBROHIMOVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19236
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16082
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi