Adabiyot
– Adabiyot ahli orasida kinematografiyaga bepisand qarash seziladi. Nazm-u nasrni eplolmaydigan iste’dodsizlar o‘zini kinoga urib ketadi, degan gaplar yuradi. Siz haqingizda, albatta, bunday deb bo‘lmaydi. Bugungi o‘zbek adabiyotida hikoya yoki roman haqida gap ketsa, Murod Muhammad Do‘st va asarlari eslanishi aniq. Kinoni ham shu siraga qo‘shish mumkin. Tengqur yozuvchi-shoirlar orasida bu tomonga birinchi bo‘lib bo‘ylagansiz, bilishimcha. Nimasi tortgan?
– Sababi jo‘n – kinostudiyaga ishga kirganman. Institutdan keyin bir-ikki joyga bosh urdim, lekin kattalariga turqim yoqmadi. Rahmatli O‘lmas Umarbekov “O‘zbekfilm”da direktor edi. Ishsiz yurganimni bilib, kinostudiyaga taklif qildi. Bordim, joylashdim. 150 so‘m oylik tayinladi. Sharoit yaxshi edi. Yaxshiki, xohlasang ishga borasan, xohlamasang – yo‘q. Ammo kichkina sharti bor – yil davomida bitta ssenariy yozib berasan.
Besh yil ichida yozgan narsalarimdan bittasi o‘tdi. “Ertangi kun saboqlari” filmi (1983). Qishloq muallimi haqida. Nedir ijtimoiy g‘oyalar borday edi. Bugun ko‘rishga arzimaydi. Rejissyor ham, men ham tajribasiz edik. Esimda qolgani – Odilsho Agishev, Shuhrat Abbosov va Aleksandr Pan bizga beminnat yordam bergani. “Galatepalik avliyo” – rejissyor Temurmalik Yunusovning diplom ishi (1986). Televizorda ko‘p qo‘yadi, deb eshitaman. Tomoshabinlarning joniga tegib ketgan bo‘lsa ajabmas.
– Bir umr kinoga oralab yurgan, uch-to‘rt yil sohaning kattasi bo‘lgan odam (2002–2005-yillar “O‘zbekkino” DAK raisi), ya’ni o‘zlari: “Qishloqning changko‘chasidan, shaharning jinko‘chasidan rejissyor yetishib chiqmas ekan, milliy kinematografiyani ko‘tarib bo‘lmaydi”, deganday gap qilgandi. Ayting-chi, kinorahbar paytingiz shu ishga qanchalik hissa qo‘sha oldingiz? Bugun o‘sha yillarni eslaganda ichki qoniqish sezasizmi? “Mening davrimda ishlangan!” deya qaysi filmlarni alohida sanab ko‘rsatishni istardingiz?
– Kinoga oralashni atay orzu qilmaganman. Taqdir ekanki, avval chetroqdan, keyinroq bevosita aralashuvga to‘g‘ri keldi. Xabar sohasida tinchgina ishlab yurgan paytimda marhum kattamiz chaqirib, kinoga o‘tishni so‘radi. Takrorlayman: buyurgani yo‘q, so‘radi. Avvaliga ko‘nmadim, lekin Islom Karimov mening nozik joyimdan tutdi: “millat” deb karillashga ustasan, o‘sha yerga borib, milliy kino qilmaysanmi? Men ham anoyi emasman, darrov aniqlovchi savolni berdim: ortiqcha nazoratsiz, erkin ishlashga kafolat berasizmi?
Xullas, og‘zaki kafolatni ko‘ngilga solib, kinoga o‘tdim. Ba’zida, shu ishim umrimda qilgan xatolarimdan eng kattasi bo‘ldi, deb o‘ylab qolaman. Lekin, bandasi ojiz-da, o‘sha zamonda menga qarshi beayov ot surgan ba’zi odamlar ham bugun, kamina turli amallardan ketib, salkam uzlatga chekingan va oshiqcha lutfga hojat qolmagan paytda, negadir o‘sha men ishlagan davr haqida ikki og‘iz yaxshi so‘z aytganida xayolim yana chuvalashib ketadi.
Eslasam, kinochilar orasida o‘tgan to‘rt yil umrim raislikka emas, dialoglar tahririga sarf bo‘lgan ekan. Ba’zida film montajiga ham aralashishga to‘g‘ri kelardi. Sekin-sekin aktyorlarimiz ekranda chiroyli ko‘rinish shart emas, degan sodda aqidaga ko‘nika boshladi. Shevada emas, adabiy tilda binoyiday gapirishni o‘rgandi. Sheva ham qoldi, lekin u faqat qahramon tarixini, xarakterini ochishga xizmat qildi. Qarangki, film qahramonlarining yoshiga, kasbiga, tutgan mavqeiga xos gapirishi, yurish-turishi, hattoki kimning oldida o‘zini qanday tutishini ham oldindan muhokama qilishga o‘tdik. Qisqasi, talab bitta edi. Kino – o‘yin, o‘yin esa g‘irromsiz bo‘lishi kerak. Endi sezamanki, men o‘zim orzu qilgan milliy kinoni tabiiylikdan izlagan ekanman. Qishloqning changko‘chasida yoki shaharning jinko‘chasida uloqib, xalloslab, sillasi qurib chopgan bolalar haqidagi orzum ham shu izlovning bir qismi edi, xolos. So‘z yoki tasvirni taqdir deya tanlagan odam o‘zi ko‘rgan va ich-ichidan his qilgan voqealarni, odamlarni, manzaralarni yozganida, suratga olganida yoki chizganida g‘irromlikka o‘rin qolmaydi. Aks holda, men bir kinoqissada o‘qiganimdek, qo‘ylar tog‘da qurilgan qo‘tonda qishlaydi, ularga yem-xashak pastdagi qishloqdan ming azob bilan olib boriladi. O‘sha muallifga qo‘ylar tog‘dagi yaylovda bahordan kuzgacha o‘tlashini, keyin quyiroqda qurilgan qo‘tonlarda qishlashini, pichan tog‘ etagi yoki yalang cho‘lda o‘rib g‘aramlanishini, keyin zarurati tug‘ilganda qishloqqa yaqin qurilgan qo‘tonlarga tashib olinishini hech tushuntirolmadim. Muallifga haqiqat emas, “kolliziya” kerak edi, ya’niki mard va do‘lvor cho‘pon qish faslida uzoq tog‘dagi qo‘tonda bir suruv qo‘y bilan yolg‘iz o‘zi hafta tugal qolib ketadi va qor bo‘ronida qishloqdan ikki telejka somon keltirib, “xalq mulki”ni asrab qoladi. Ikki telejka somon bitta suruvga yarim kunga ham yetmasligini aytib o‘tirmadim, arpa to‘yimliroq, dedim, ikki telejka arpa opkelsin. O‘shanda kinoqissa mendan nariga o‘tmadi, keyingi taqdiridan xabarim yo‘q, balki suratga olinib ketgan bo‘lishi ham mumkin. Bunday deyishimga sabab shuki, men yaroqsiz deb qaytargan o‘ta sayoz yoki xom-xatala matnlarning aksariyati o‘tgan o‘n besh yilda kino bo‘lib ekranga chiqdi. Rahmatli Rauf Parfi ta’biri bilan aytganda, badiiy filmga emas, “badiiy pul”ga aylandi. Lekin bu – mutlaqo boshqa mavzuki, kino sohasiga mas’ul odamlarning insofi va talabchanlik darajasiga bog‘liq.
Savolning oxiriga kelsak, o‘zim ishlagan paytni dabdurustdan “mening davrim” deb atashga jur’atim yetmaydi.
– “O‘rtoq Boykenjayev” (2002), “Tanka” (2003) kartinalari titriga qarasak, sizga aloqasi yo‘qdek. Biroq hali-hanuz davralarda “Murod okaxonning filmi”, deya faxr tuyib gapirishib, keyin shu ma’lumot ustida bahs boylashib, yoqalashib yotishadi. G‘afur G‘ulom hikoyalari asosida ishlangan “Afandi va Azroil” filmiga ham Murod Muhammad Do‘stning nuqsi urib qolgandek. Qalam-palamingiz tegib ketgan joyi bormi? Yoki kinolar badiiy kengashning zo‘ri bilan rahbarga o‘xshab qoladimi?
– “O‘rtoq Boykenjayev” filmi matnini men yozmaganman, Yusuf Roziqov bilan Abduxoliq Abdurazzoqov yozgan, deb aytishdan charchadim. Syujet asli rahmatli do‘stimiz shoir Muhammad Rahmonga tegishli edi. Bir gal saxiyligi tutib, menga armug‘on qilgan edi. Lekin, ming afsuski, o‘zim yozolmadim, vaqtim bo‘lmadi, keyin Abduxoliq Abdurazzoqov “O‘rtoq Boykenjayev” degan piyesa yozdi. Undan keyin, kinoga o‘tgan paytlarim shu syujetni rejissyor Yusuf Roziqovga eslatdim. U avvaliga tixirlik qildi, ko‘nmadi, axiyri qistalang ostida Abduxoliq Abdurazzoqov bilan birgalikda matn yozdi. Men qayta tirg‘ilib, el orasida yuradigan bir-ikki voqeiy latifani ham qo‘shishni iltimos qildim. Buni ham inobatga oldi. Qolaversa, Farhod Abdullayev bosh rolni berilib o‘ynadiki, do‘stlari bugunga qadar unga hazil aralash “o‘rtoq Boykenjayev” deb murojaat qilishadi.
“O‘rtoq Boykenjayev”ga mehrim baland. Komediya ham, tragediya ham aralash film. “Tragifars” deb atasak to‘g‘ri bo‘ladi. Yusuf Roziqov o‘zining yaxshi rejissyor ekanini yana bir bor isbotladi: filmdagi manzaralar, odamlarning gapirishi (dialoglar), hattoki g‘irt uydirma holatlar ham juda tabiiy chiqdi. Yaqinda filmni qayta ko‘rdim. Nedir xizmatim singganidan faxr tuydim. Lekin shu barobarida, qullikni, mutelikni Boykenjayevga qo‘shib ko‘mamiz, degan niyatlarimiz chippakka chiqqanini ham sezdim.
“Tanka” ham erkinlik sharoitida olingan film. Uning ham o‘z tarixi bor. Qoraqalpoq rejissyori To‘raniyoz Qalimbetov hujjatli filmlari bilan xalqaro kinoko‘riklarda qatnashib mukofotlar olgan ersa-da, badiiy kinoda tajribasiz edi. Shu bois badiiy rahbarlik Melis Ab(f)zalovning zimmasiga yuklandi. Biror oycha o‘tib, pir-u xalfa bo‘lib, rejissyorlik matnini olib kelishdi. Afsuski, matnda muallif Muratboy Nizanov yozgan gaplardan asar ham qolmagan edi. Nuqul o‘zbek aktyorlari, nuqul me’daga tekkan o‘zbekcha “voxa-voxa”...
Avvaliga yumshoqroq qilib, qoraqalpoq qani, deb so‘radim. To‘raniyoz kamtarona qimtinib o‘tiribdi, Melis aka faqat tepadan keladi – Muratboy Nizanovning “g‘arib syujet”ini o‘zining salkam ilohiy nafasi bilan tiriltirganidan gapiradi. Bugun ochiq tan olaman: rosa jahlim chiqdi. O‘ylaganimning barini aytdim. Oqibat shu bo‘ldiki, To‘raniyoz Qalimbetov o‘zbek “ustoz”larining iskanjasidan qutulib, ijod jarayonida o‘zi bek va o‘zi xon ekanini tushunib yetdi, o‘zi tanlagan yerda (Qoraqalpog‘iston), o‘zi tanlagan aktyorlar bilan (yuz foiz qoraqalpoq!), o‘zi tanlagan tilda (qoraqalpoqcha) rosmana milliy film oldi. Takror aytaman, bu filmning bor tarovati ayni milliy ekanida. O‘zbekchaga o‘girish shart ham emas edi. Ipidan ignasigacha qoraqalpoqcha film vaqt zayli bilan o‘zbekning ham milliy filmiga aylandi. Meni xursand etadigan tarafi ham shunda. O‘sha holatda “ma’muriy-buyruqbozlik” usullarini qo‘llaganimdan bugun xijolat chekaman, lekin “Tanka”ni ko‘rgan tomoshabin bir qoshiq qonimdan o‘tadi, degan ilinjim ham bor. Yana bir narsa: bugun hamma korrupsiyaga qarshi tomoq yirtayotgan zamonda, birodarlar, bundan o‘n besh yil oldin o‘ta kamtarin qoraqalpoq rejissyori To‘raniyoz Qalimbetov bu mavzuni ko‘tarib chiqqan edi, deb eslatgim keladi.
“Afandi va Azroil” filmiga kelsak, G‘afur G‘ulomning so‘zlariga tegishga yurak betlamagan, lekin tayyor filmning montajiga aralashganim rost. Dumini boshga, boshini dumga aylantirishni maslahat berganman, xolos. Maslahat buyruqnamo bo‘lgani ham rost.
– O‘sha davrda ishlangan “Tanka”, “O‘rtoq Boykenjayev”, “Dev bilan pakana” (2004), “Osmondagi bolalar” (2002, 2003), “Erkak” (2005), “Po‘sht, arava” (2006), “18-kvadrat” (2007) va boshqa filmlarda o‘tkir ijtimoiy muammolar ko‘tarilgan. Bu yog‘i bemalolchilikmidi?
– Ibratli bir latifa borki, g‘ijjakchi yahudiy o‘zining eshoni, ya’niki ravvin yoniga kelib, bugun – muborak shanba, lekin g‘ayridin do‘stim aksiga olib ayni shanbada uylanyapti, kechqurun to‘yda mehmonlariga ozgina nag‘ma chalib bersam bo‘ladimi, deb so‘raydi. Ravvin aytadiki, yo‘q, shanba kuni ishlash kulli gunoh, faqat ibodatga ruxsat bor. Rebbi, o‘zingiz shanbada soqol qirtishlab o‘tiribsiz-ku, deya e’tiroz bildiradi bechora g‘ijjakchi. Shunda ravvin aytadiki, bo‘tam, farqimiz shundaki, men birovlardan ruxsat so‘rab o‘tirmayman...
Biz ham birovdan ruxsat ham, maslahat ham so‘rab o‘tirmaganmiz. Filmlarni faqat badiiy kengash qabul qilgan va ekranga yo‘llagan. Boshqa birorta tashkilot ishimizga aralashmagan. Siz sanagan filmlar, avvalroq aytganimdek, ijodiy erkinlik sharoitida olingan. Ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqish haqida gap-so‘zlar bo‘lgan bo‘lishi tabiiy, lekin asosiy talab hayotni boricha, bejamasdan ko‘rsatish edi.
Bugun erinmagan odam borki, milliy televideniyeni yozg‘iradi. Sheva bosib ketdi, ajnabiy seriallar ko‘p, nimyalang‘och laparchilardan dod va hokazo va hokazo. Go‘yo televideniyega tekkan kasalni tuzatib bo‘lmaydiganday. Tuzatsa bo‘ladi. Tuzatish oson. Ko‘p narsa rahbarlarga bog‘liq. Og‘riqli joylarni topib, davolashni talab qilsa bas. Lekin og‘riqli joyni topish uchun avvalo tuzukroq saviya, did-u farosat va ozgina jur’at kerak. Afsuski, zamona zayli bilan bu xislatlar, ayniqsa – oxirgisi, o‘ta noyob matoh bo‘lib qoldi. Lekin yurt ayvoni keng, sidqidildan izlasa topiladi.
– “18-kvadrat” filmi davlat buyurtmasi bo‘yicha ham yaxshi kino olish mumkinligini isbotlagan. Ayni paytda, bunaqa ishlar ijodkorni ma’lum ma’noda kvadratga solib qo‘yishini inkor etib bo‘lmaydi. Muxlislaringiz prezidentning (endi kichik harf bilan yozaversak maylimi) obrazini telefondagi ovozi orqali bo‘lsa-da filmga kiritganingizni aytib, sizni rosa maqtashgan, haliyam maqtashadi. Menimcha esa, bu katta jasoratdan ko‘ra ozgina jur’at bilan qo‘yilgan momiqqina paxtaga o‘xshaydi. Sho‘ro davrida “bosmachifilm” deya ustidan kulingan “O‘zbekfilm”ning mustaqillik davrida “Antiterroristfilm”ga aylanishi mana shu kvadratdan boshlanmaganmi? “18-kvadrat” misolida kinodagi senzura, tayyor asarga tumshuq tiqishlar, ta’qiq-u tazyiqlarga turib bera olish, davlat buyurtmasini bajarishda sixni ham, kabobni ham kuydirmaslik mahorati... haqida gaplashsak. Siyosiy elitaning saviyasi san’atda saviyasizlikni urchitib yubormasligi uchun nimalar qilish kerak?
– “18-kvadrat” shunchaki bahs bahonasida tug‘ilgan narsa. Vatan haqida “vatan” degan so‘zni biror marta ham ishlatmasdan kino olsa bo‘ladimi, degan savolga javob topish mening zimmamga tushdi. Davlat buyurtmasi deysiz-u, davlat ajratgan pul bu filmni olishga yetmasdi. Yetmadi ham. Xayriyatki, ichki ishlar vaziri Zokir Almatov syujet ishonchliroq bo‘lishi uchun o‘zining birinchi muovini, keyinchalik o‘zi ham vazir bo‘lib ishlagan Bahodir Matlubovni maslahatchi etib birkitdi. Mudofaa vaziri Ruslan Mirzayev ulovdan (katta yuk moshinasidan tortib, to jangovar vertolyotlarga qadar), qurol-yaroq, paxtavon o‘q-doridan beminnat yordam berdi, tog‘-u daralarda kechgan jang sahnalarida kursant yigitlar aktyorlik qildi, pirotexnik vazifasini uncha-muncha rutbali harbiy emas, naq polkovnik bajardi (minnatdorlik yuzasidan o‘sha polkovnikni ham bitta kadrga “muhrladik”, kattaroq mukofotga qurbimiz yetmadi). Gapning qisqasi, turli tashkilotlar tarafidan “hashar” yo‘li bilan kino qildik. Birgina Milliy xavfsizlik xizmatini aralashtirmadik, xolos.
Islom Karimov filmni tayyor holida ko‘rib, naq yigirma to‘rt banddan iborat tavsiyanoma bergan. Rejissyor Jahongir Qosimov bilan xoli suhbatlarda orqavoratdan tepaga barmoq nuqib, “bosh rejissyor” deb mutoyiba qilardik. Lekin, insof yuzasidan aytishim kerak, tavsiyalarning aksariyati jo‘yali edi. Biz dastavval olgan finalda yosh qahramonimizni mujohid ayol o‘ziga qo‘shib portlatib yuborardi. Hamma yoq – qip-qizil qon, odam (albatta, ichiga bo‘yoq to‘ldirilgan mulyaj) a’zolari kadrda parcha-parcha bo‘lib uchgan manzarasi esimda turibdi. Shu joyda Islom Karimov qattiq turib oldi: bu san’at emas – g‘irt naturalizm, qaytadan olasanlar. Amri poshsho vojib, sahnani o‘zgartib suratga oldik. Keyin yana bir tavsiya shu ediki, Tosh (Said Muxtorov o‘ynagan mayor Po‘latov) shoshilinch ishga ketishidan oldin keksa onasining duosini olsin. Qarangki, Islom Karimov rassom Rahim Ahmedovning ashaddiy muxlisi edi. Eng yaxshi ko‘rgani – “Ona portreti”. Bu mehr uning izmi bilan maydonga qo‘yilgan Ona haykalida ham o‘z aksini topgan (bir-biriga o‘xshash motamsaro onalarning urchib ketganiga Islom Karimov emas, xushomadgo‘y viloyat hokimlari va pulga o‘ch haykaltarosh ustalar aybdor). Filmga qaytsak, bizdan nima ketdi, yarim tunda atay uxlamasdan o‘tirgan kinokampir o‘g‘liga mo‘l-ko‘l duo berdi-qo‘ydi. Menga eng yoqmagan va biz nochorlikdan e’tiborga olgan tavsiya – filmning oxirgi kadrlarida kampirshoning yana syujetga suqilib kirib, jangdan qaytgan askarlarni butun bir mahalla ahli ishtirokida qayta duo qilishi edi. Mantiqqa ko‘ra, jang-u jadal mahali qishloq ahli pana-pastqamda pusibroq o‘tirgani ma’qulroq bo‘lardi. Ayrim tavsiyalarni bajarmadik, aniqrog‘i, bajara olmadik – pulimiz yetmadi, lekin Islom Karimov oxirgi variantni ko‘rib chiqib, kenglik qildi, filmni ma’qulladi. Men eslaganim shu – Prezident birinchi va oxirgi marta kino ishiga aralashdi. Lekin buni senzura deb atash adolatdan emas, deb o‘ylayman.
O‘zining ham hissasi borligini o‘ylardi chog‘i, meni burovga olganida, ozgina “chegirma” aralash: “Xo‘sh, “18-kvadrat”dan boshqa nima qilding?” deb so‘rardi.
“O‘rtoq Boykenjayev”, “Erkak”, “Osmondagi bolalar”, “Qor qo‘ynida lola” va yana ikki-uch “g‘oyaviy to‘g‘ri” filmni shahar chetidagi chorbog‘iga yuborganimiz esimda. “Tanka” va “Dev bilan pakana”ni jo‘natmaslikka aqlimiz yetgan.
“18-kvadrat” – yurt himoyasi mavzusida olingan film. Muallifga ham, rejissyorga ham hech kim tazyiq o‘tkazgani yo‘q. Keyinroq paydo bo‘lgan va aksariyati ma’lum va mashhur idoralarning bosimi ostida ishlangan antiterroristik filmlarga mutlaqo aloqasi yo‘q. Taassuflar bo‘lsinkim, zamona zayli bilan kinochilar ham qo‘rquv iskanjasiga tushib qoldi. Ojizroqlari xufyalikka yollandi, “aka”lari nimani buyursa shuni qildi, kinoga ajratilgan pulning bir qismini “yuvib” xojalarining cho‘ntagiga tiqdi. Oqibat nima bo‘lgani hammaga ayon.
“Siyosiy elita” – aslida o‘ta yuksak tushuncha. Tepaga chiqqan har qanday guruh o‘zini “elita” sanashi mumkin, lekin bu bilan sara (elite – sara, eng yaxshi) bo‘lib qolavermaydi. Saviyani savlat bilan belgilash zamoni o‘tdi. Darvoqe, “saviya”ning mazmuni “tenglik”dir. Shu ma’noda xudodan siyosat ahliga ham, san’at ahliga ham did-u farosat borasida tenglik tilagan ma’qul.
– Avvaliga filmlaringizda Murodxon oka degan, hamma soyasiga ko‘rpacha to‘shaydigan kattakon obrazi uchrardi, keyin o‘zingiz shunday qiyofada namoyon bo‘ldingiz. Artistlik havasmi sizga yoki okaxonlik?..
– Murodxon oka avval “Dev bilan pakana”da muhtaram akamiz Bahodir Yo‘ldoshev ijrosida paydo bo‘ldi. Xomaki matn yozilayotgan paytda boshqa ism hadeganda topilmay, o‘zimning otimni qo‘yib yuboruvdim. Shu-shu, Murodxon okaligicha qolib ketdi. Keyingi filmda Bahodir Yo‘ldoshev nedir katta bayram tadorigiga band bo‘lib, qadrdon ukam Jahongir Qosimovning qutqusi bilan o‘zim suratga tushdim. Uchinchi filmda esa sharmandalikni uzil-kesil bo‘yinga olib ulgurgan edim. Faqatgina basharamni to‘liq ko‘rsatmaysan, umumiy planda olasan, o‘rta va yirik planni bir-ikki sekunddan oshirmaysan, deb shart qo‘ydim, xolos.
Aktyorlik – og‘ir kasb. Bu kasbga kirishmoqning birinchi sharti yuzdan uyatni sidirib tashlamoqdir. Umuman olganda, yozuvchilikning aktyorlikka uyqash taraflari juda ko‘p. Hikoya, qissa yoki roman yoza turib, xayolan bo‘lsa-da sanoqsiz odamlarning (qahramonlarning) vujudiga kirib chiqasan. Qolaversa, Murodxon oka roli mening yagona gunohim emas. Ancha yillar oldin shayton yo‘ldan urib, o‘zim yozgan birinchi filmda muallim rolini ham o‘ynaganman.
– Jamiyatni ko‘zga ko‘rinmas avtoritetning soyasiga salom berish psixologiyasi boshqaradi, degan tezis nasriy asarlaringizda ham bor edi (masalan, Xorun ar-Rashid obrazi sizni shu sababdan qiziqtirgan deb o‘ylayman). Filmlaringizda ayni fikr ochiqroq, aniqroq ifoda etila boshladi. Aytar gapingizni tomoshabin yaxshi tushunmagandek tuyulganmi yoki o‘sha dard u-bu tarzda zuhurini topsa-da, baribir zahri bosilmaganmi, oxiri “Ro‘yo” (“Okaxon”) dunyoga keldi. Eshitishimcha, ssenariy 2006-yili yozilgan, 2014-yili film ishlangan, 2018-yili taqdimoti o‘tkazildi va... quduqqa tosh tashlagandek ketdi. Xalqimiz tayyor emasmidi (mashhur siyosiy bahona) yoki buning boshqa sabablari bormi? Umuman, shu mavzu siz uchun yopildimi yo davomini kutaylikmi?
– Siz aytayotgan filmning asl nomi – “Okaxon”. “Ro‘yo”, “Soya” degan nomlar asosiy mazmunni xaspo‘shlash uchun qo‘yilgan edi. Matni 2006-yilda emas, ancha keyin yozilgan. “Opaxon” deb atalsa ham mohiyati o‘zgarmasdi, aksincha – ancha hayotiy chiqardi. Filmdagi Okaxon – o‘zi yo‘q odam. Bir gal qahramonimiz ojizlik qilib, o‘zidan zo‘rroq bittasiga ortida nedir Okaxon borligini aytadi, xolos. Turgan-bitgani uydirma. Lekin virtual Okaxon bora-bora qudratli fantomga aylanadi va qahramonni nobud qiladi. Tayyor filmning to‘rt-besh yil chang bosib yotishining sababi oddiy – “quda taraf”ga mutlaqo yoqmagan.
Bugun, demokratik tamoyillar kurtak yorib, odamlar bemalol fikrlash va gapirishni qaytadan o‘rganayotgan paytda “O‘rtoq Boykenjayev” yoki “Okaxon” kabi filmlar televizorda namoyish qilinsa, o‘ziga yarasha tomoshabin topadi, degan umidim bor.
Savolga qaytsak, meni turli okaxonlarning odamlar ongiga in qurgan virtual saltanatidan ko‘ra real hokimiyat va real jamiyat mavzusi ko‘proq qiziqtiradi. Kechagi kunni va bugunni, ya’ni eski saltanat tugab, yangicha rusumlar joriy etmoq istagan yangi siyosatchilar guras-guras bo‘lib maydonga chiqayotgan zamonni badiiy idrok etishga ehtiyoj borday. Xudo umr bersa, kinoda emas, nasrda o‘zimni yana bir sinash niyatim bor.
– “Tafakkur” jurnalidagi suhbatda sizga adabiyotshunoslikda qo‘yilgan ayb – “insonning ustidan kulish noravo” degan e’tirozga qarshi e’tiroz bildirganingiz esimda. Istehzo – Murod Muhammad Do‘stning tabiatidan kelib chiqqan va o‘ziga xosligiga aylangan. Bu jihat filmlarida ham ko‘rinadi. Lekin “Ko‘rgim keladi”ni (2014) tomosha qilganimda film xayrixohlik tuyg‘ulariga yo‘g‘rilganiga, ochig‘i, hayron qoldim. Prodyusser obrazi va shunga o‘xshash ba’zi unsurlar seristehzo yozuvchini eslatib turadi, albatta. Ammo asarga turtki bergan tuyg‘u Ziyodaga hamdardlik bo‘lgan, o‘ylashimcha. Daf’atan Murod aka qariyaptimikan degan o‘y ham keldi, rosti. Ijodda yangicha o‘zanga tushishmi bu yoki tasodifiy holatmi?
– Muallif og‘ir dardga chalingan qizaloq va uning yolg‘iz onasi hayotini hikoya qilayotganida yumshoqko‘ngil bo‘lib qolishi tabiiy holdir. Albatta, kun sayin qarib borayotganim aniq, lekin istehzo qurg‘ur yosh tanlamas ekan. Bukrini go‘r tuzatadi, degan o‘ris maqolini eslasak kifoya. Lekin, tepamda xudo, men istehzo uslubini atay tanlaganim yo‘q. Balki u meni tanlagandir?..
– Chet el yozuvchilari mashhur bo‘lib ketgach, yangi asarlarini boshqa nom bilan nashr qildirib, o‘zining asl kuchini, iqtidorini sinab ko‘rar ekan. Shunday tajribaga qo‘l urish niyatingiz yo‘qmi? Taxallus bilan adabiy asarlar, kinossenariylar yozish, borini e’lon qilish... Nasriddin Xo‘jayev o‘zini oqladi, shekilli?
– Umr bo‘yi biror adabiy mistifikatsiya qilish orzusida yashadim, lekin niyatim amalga oshmadi. O‘z nomimdan ham yolchitib yozolmadim. Fernando Pessoa (yana bir yozuvda – Fernandu Pesoa) degan buyuk portugal shoiri o‘z tili va fransuz tilida barobar ijod qilgan. Rikardo Reys, Alvaro de Kampos, Bernardo Soares kabi jami 136 ta (!) geteronim, yarim geteronim va taxalluslar bilan yozgan. Yozish ham gapmi, uning geteronimlari bir-birlariga maktublar bitgan, she’rlar va maqolalar, butun boshli kitoblar chiqargan, matbuot sahifalarida o‘zaro bahslashgan. Eng qizig‘i, har bir geteronimning o‘z uslubi va o‘z tili bo‘lgan.
Marhum shoirimiz, yurtimizni joniday yaxshi ko‘rgan ajoyib do‘st va olijanob inson Aleksandr Faynberg bilan qilgan quvligimiz, ya’niki “Dev bilan pakana” filmi titriga u o‘zini “Iskandar Faynbergenov” (salkam qoraqalpoq!), men esa “Nasriddin Xo‘jayev” (Xo‘ja Nasriddinga ojizroq sha’ma) shaklida olib chiqqanimiz portugal shoiri qorib tashlagan xamirga urvoq ham bo‘lolmaydi.
– Siz rahbarlik qilayotgan paytda, 2004-yili Prezident farmoni, Vazirlar Mahkamasi qarori chiqarilib, “O‘zbekkino” Milliy agentligi tashkil etilganida yiliga 15 ta to‘la metrajli badiiy film ishlash nazarda tutilgan, amalda esa bu sanoq 5 taga tushib qolgan. Ijro mexanizmida biror qusur bo‘lganmi? Mana, hozir ham 2021-yildan boshlab har yili 30 ta badiiy film olish vazifasi qo‘yilmoqda, bu ham qog‘ozda qolib ketmasligi uchun ishni qanday tashkil qilish kerak deb o‘ylaysiz? Bugungi o‘zbek kinosi salohiyati shunga qodirmi, o‘zi?
– Hukumat qarorida ham, ijro mexanizmida ham hech qanday qusur yo‘q edi. Bola yig‘lamasa, onasi ko‘krak tutmaydi, degan maqol bor. Hukumatdan, qurumsoq moliya vaziridan pul undirish oson emas. Menimcha, keyingi rahbariyat kino sohasini puxta bilgani holda, amaliy ishda ortiqcha andishaga borgan, moliyaning pastki bo‘g‘inida o‘tiradigan mayda klerklarning turli bahonalarini yengib o‘tolmagan. Kamtarlikdan bo‘lmasa-da aytishim kerak, bir gal puldan qiynalganimizda televizorga chiqib: “Kino – mafkura, mafkura kerak bo‘lsa pulini bersin”, deb ro‘y-rost aytdim. Birov qo‘shib-chatib yetkazganmi yoki o‘zi ko‘rganmi, Islom Karimov darrov huzuriga chaqirdi. Gapni cho‘zmasdan, “Nega televizorga chiqib olib manga iddao qilasan?” deb so‘radi. “Iddao qilmadim, Islom aka, shunchaki talab qildim”, deya ko‘zimni lo‘q qilib turaverdim. Xullas, xo‘mraygan ko‘yi “Manavinga pul topib beringlar”, deya zardali farmoyish berdi. Keyin minnatdorlik bildirib, hayhotday kabinetdan chiqib ketayotganimda yana to‘xtatdi: “Baribir iddao qilding!” Nachora, (pul undi-ku!) yana bir bor quyuq minnatdorlik bildirib, oxirida: “Ozgina iddao ham bor edi”, deya tan olishga majbur bo‘ldim. Darvoqe, yiliga 15 film olish haqidagi qaror ham o‘sha “iddao”dan keyin chiqqan edi.
O‘zbek kinochilarining yana ikki yildan keyin yiliga 30 ta badiiy film ishlashga kuchi yetadimi? Javobim qat’iy: yetadi. Hukumat mablag‘ ajratishda g‘irromlik qilmasa bas. Olinajak o‘ttizta filmning saviyasi turli darajada bo‘lishi mumkin, lekin har o‘nta filmga bitta yoki ikkitadan yaxshi film to‘g‘ri kelsa, shuning o‘zi ham juda katta yutuq. Yoshi ulug‘larni unutmagan holda, endi yetishib kelayotgan yoshlarga e’tiborni kuchaytirish va ularga hatto, yurak betlasa, xato qilish uchun ham imkon berish zarur. Uch-to‘rt yilda sarasi saraga, puchi puchakka ajraladi, keyingi muomala ham shunga yarasha bo‘ladi.
Eshitishimcha, yangi rahbariyat kinoga yaxshi ko‘z bilan qarayotgan ekan. Hattoki orqavoratdan, alohida Milliy kinoakademiya ochilarmish, degan yoqimli gaplar ham yetib kelyapti. Yana bir el oralab yurgan gap, ya’niki Moskvadagi kino institutining mahalliy filialini ochish masalasiga to‘xtalsak, bu ishni qilishdan oldin ko‘p va xo‘b o‘ylab ko‘rish kerak. Balki moliya, bank, qurilish yoki konchilik sohasida xorijiy o‘quv yurtlarining filiallarini ko‘proq ochish kerakdir. Lekin dabdurustdan ko‘ngilchanlik qilib, bevosita milliy mafkura va mentalitetga borib taqaluvchi madaniyat va san’at ta’limini ham xorijiy yurtlar vakillari qo‘liga berib qo‘ysak, natijasi xunuk bo‘lmasmikan, degan istihola bor. Biz xohlaymizmi-yo‘qmi, baribir, ular yoshlarimiz ongiga o‘z madaniyatini, alal-oqibatda esa o‘z mafkurasini singdirishi tayin. Tajribamiz yetar-yetmasidan qat’i nazar, yoshlarga san’atdan o‘zimiz ta’lim berishimiz shart deb o‘ylayman.
O‘tgan yildan boshlab San’at va madaniyat institutida o‘n kishidan iborat toliblar guruhiga amaliy mashqlar o‘rgatib yuribman. Ular hali juda yosh, aksari uzoq qishloqlardan kelgan, ingliz yoki rus tilini unchalik yaxshi bilmaydi. Ularning begona tillardan bexabarligi ayb emas, azbaroyi g‘ayrat qilishsa, bir-ikki yilda o‘rganib ham oladi. Men uchun eng muhimi – ularning o‘zbek tilida o‘ylashi, o‘zbek tilida so‘ylashi, o‘zbek tilida tushlar ko‘rishi. Kelajakda ular o‘nlab tillarni o‘zlashtirishi mumkin, yuzlab mamlakatlarda bitilgan yoki suratga olingan kitob yoki filmlarni o‘qiydi, ko‘radi, lekin baribir milliy zamindan, milliy tarbiyatdan uzoqlashib ketmaydi, yana o‘zbekcha o‘ylayveradi, so‘ylayveradi, tushlar ko‘raveradi. Va muqarrar tarzda o‘zbekcha yozadi, o‘zbekcha kino qiladi.
Farrux JABBOROV suhbatlashdi.
“Kino san’ati” jurnali, 2020 yil 2-son.
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q