Dunyoning eng mashhur detektiv yozuvchilari


Saqlash
16:16 / 09.11.2021 6384 0

 Detektiv hikoyalar ilk marta Yevropada 1840-yillardan boshlab yozila boshlagan. Ushbu janrning uchta muhim jihati mavjud: jinoyat, qidiruv va fosh etish. Quyida dunyo bo‘yicha tanilgan 10 ta eng mashhur detektiv yozuvchilarni e’tiboringizga taqdim etamiz. 

 

10-o‘rin: Den Braun. 1964-yil AQSHda tug‘ilgan adib ijoddan tashqari, jurnalistika va musiqa bilan ham shug‘ullanadi. “Da Vinchi siri” romani Nyu York bestsellerlari reytingida 1-o‘rinni egallagan. Ushbu asari, shuningdek “Farishtalar va iblislar”, “Inferno” romanlari ekranlashtirilgan. “Da Vinchi siri” o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

 

9-o‘rin: Remond Chandler. 1884-1959-yillarda AQSHda yashab o‘tgan yozuvchi va adabiy tanqidchi. Aksar detektiv asarlarining qahramoni Filip Marlou ismli izquvar. “Chuqur uyqu”, “Xayr, azizim” kabi asarlari mashhur. “Ikki karra sug‘urta” nomli kitobi suratga olinganda yozuvchi ham tasodifan kadrga tushib qolgan.

 

8-o‘rin: Jon Grishem. 1955-yilda AQSHda tug‘ilgan. Yozuvchi beysbolchi bo‘lishni orzu qilgan, lekin otboqar, santexnik, asfaltlovchi, sotuvchi, ta’lim olgach esa advokat bo‘lib ishlagan. Yuridik trilleri asosida Gollivudda ko‘plab filmlar ishlangan. Asarlari 42 tilga o‘girilgan. “O‘ldirish vaqti keldi”, “Firma” kabi asarlari mashhur.

 

7-o‘rin: Yan Fleming. 1906-1964-yillarda Buyuk Britaniyada yashab ijod qilgan. Harbiy-dengiz kuchlarida ofitser, so‘ng jurnalist bo‘lib ishlagan. Jeyms Bond haqdagi romanlar muallifi. Mashhur “Kazino Royal” asari ekranlashtirilgan. Yozuvchi urush davrida ingliz razvedkachisi bo‘lib ishlagan payti Bond obrazini o‘ylab topgan. Agent 007 haqda 12 ta roman yozgan.

 

6-o‘rin: Erl Stenli Gardner. 1889-1970-yillarda AQSHda yashab o‘tgan. “Qayg‘uli qiz ishi”, “Baxmal mushuk ishi”, “Qarg‘alar sanay olmaydi” kabi asarlari mashhur. Advokat ayol Perri Meyson obrazini 82 ta romaniga kiritgan. Yozuvchining o‘zi advokat bo‘lib ishlagan.

 

5-o‘rin: Boris Akunin. 1956-yil Gruziyada tug‘ilgan. Adabiyotshunoslik va tarjima bilan ham shug‘ullanadi. “Azazel”, “Turk gambiti” asarlari dovrug‘ qozongan. Erast Fandorin haqdagi sarguzashtlar unga omad keltirgan. 

 

4-o‘rin: Jeyms Xedli Cheyz. 1906-yilda Buyuk Britaniyada tug‘ilib, 1985-yilda Shveysariyada vafot etgan. “Blendish xonimga orxideyalar yo‘q”, “O‘liklar tishlamaydi”, “Qo‘g‘irchoqdan noxush xabarlar” kabi asarlari bilan tanilgan. Yozuvchi avvaliga yumor hikoyalar yozgan. Ilk detektiv romanini 12 kunda tugatgan. Hayoti davomida yuzdan oshiq roman yozib qoldirgan.

 

3-o‘rin: Reks Staut. 1886-1975-yillarda AQSHda yashagan.

“Cho‘chigan erkaklar ligasi”, “Yana o‘ldirish”, “Qora orxideyalar” asarlari mashhur. Asarlari 35 ta tilga o‘girilgan. Romanlaridagi Niro Vulf ismli detektivning xarakteri muallifning o‘ziga o‘xshab ketadi. Reks qulupnaylarni, Niro esa orxideyalarni kolleksiya qilgan. 

 

2-o‘rin: Agata Kristi. 1890-1976-yillarda Angliyada yashab o‘tgan adiba. “O‘nta negr bolasi”, “Jigarrang kostyumdagi odam”, “Golf maydonidagi qotillik” kabi asarlari shov-shuv bilan o‘qilgan. Dramaturgiya bilan ham shug‘ullangan. Albatta, Kristi yaratgan Puaro obrazini tanimaydigan odam yo‘q. Adibaning ko‘plab asarlari ekranlashtirilgan. Eng mashhur detektiv qirolichasi.

 

1-o‘rin: Artur Konan Doyl. 1859-1930-yillarda Buyuk Britaniyada yashab ijod qilgan. Yozuvchi bo‘lishidan avval shifokorlik bilan shug‘ullangan. “To‘rtlar belgisi”, “Baskervillar iti”, “Dahshatlar vodiysi”, “Sherlok Xolms sarguzashtlari” asarlari dovrug‘ qozongan. Yozuvchiga shubhasiz, Sherlok Xolms obrazi shuhrat keltirgan. Konan Doylning o‘zi baquvvvat inson bo‘lgan, ko‘plab sport turlari bilan shug‘ullangan. Detektiv janrdan tashqari, fantastika va bolalar adabiyotiga oid asarlar ham yozgan.

 

Nodirabegim Ibrohimova tayyorladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//