Otasi dushmanga garov uchun bergan o‘g‘il qanday qilib buyuk imperiya qurdi? – Xunlar tarixi


Saqlash
20:08 / 26.02.2024 1297 0

Jahon tarixchilari Yevrosiyo dashtlaridagi qabilalarning qisqa vaqtda yirik imperiyaga aylanish jarayonini doim qiziqib o‘rgangan. Bu izlanishlar natijasida ulkan ilmiy material to‘plangan. Ammo haligacha ko‘chmanchilar davlatchiligi mavzusi oxirigacha ochilgani yo‘q[1].

 

Eng oldin “ko‘chmanchi davlat” yoki “ko‘chmanchi imperiya” atamalariga to‘xtalsak. “Ko‘chmanchi davlat”, lug‘atda “ko‘chma davlat” ilk bor xitoycha sin go (so‘zma‑so‘z “chorvasi bilan birga kezib yuruvchi davlat”) ko‘rinishida Xitoyning Xan sulolasi saroy yozuvchisi Sima szan (eradan oldingi II yuzyillik)ning “Shi‑szi” (“Tarixiy esdaliklar”) bitigida uchraydi. Xitoy yilliklarida Juan-juan xoqonligiga qarata “go lo” (so‘zma‑so‘z “ko‘chib yuruvchi davlat”) atamasi ishlatilgan bo‘lib, xitoyshunos V.S.Taskin uni “o‘tov davlati” deb o‘girgan [25: 264].

 

Aslida “ko‘chmanchi davlat” anchagina tushunarsiz, to‘la oydinlashmagan atamadir. Antropolog A.M.Xazanovning uqtirishicha, ko‘chmanchi davlat deb shunday mustaqil tuzilmalarni atash kerakki, u mos keluvchi evolyutsiyaviy saviya hamda siyosiy tashkilotlarga ega, aholisining ko‘pchiligi hukmron va bo‘ysunuvchilarga bo‘linuvchi chorvadorlardan tashkil topgan bo‘lishi kerak. Biroq ayrim hollarda ekin‑tikinchilik bilan shug‘ullangan ko‘chmanchilar jamiyatini bosib olishi evaziga yuzaga kelgan hukmron sulola ham “ko‘chmanchi davlat” deb yuritiladi [35:362].

 

To‘g‘ri, garchi imperiya asoschilari chorvadorlardan kelib chiqqan bo‘lsa‑da, imperiya tuzishda birgina chorvachilik iqtisodiyoti emas, balki ekin‑tikinchilik ham kerak bo‘lgan. Boshqacha qilib aytganda, imperiyaning imperiya bo‘lib qolishi va davlat barqarorligi uchun ko‘chmanchi sulola vakillari o‘troq aholini bo‘ysundirishlari shart edi. Shu sababli bunday davlatlar tom ma’nodagi sof ko‘chmanchi davlat emas [35:451]. Bu esa “ko‘chmanchi imperiya” atamasini ehtiyotlik bilan, butunlay shartli ishlatishni talab etadi.

 

Ba’zi izlanuvchilar “ko‘chmanchi davlat” atamasi o‘rniga “dasht davlati” yoki “dasht imperiyasi”ni ishlatgan. XX asrning 30-yillarida O.Yanze, keyinchalik fransuz sharqshunosi R.Grusselar dasht imperiyasi” terminini ilk bor qo‘llagan bo‘lsalar-da, unga mazmun bermasdan, geografik kengliklarni ko‘zda tutgancha “Buyuk dasht” deb yuritishgan. Ularga ko‘ra, ushbu atama ostida ko‘proq Ichki Osiyo landshaftlarida yashovchi ko‘chmanchi xalqlar tomonidan qurilgan davlatlar tushunilgan [15: 9].

 

Bizningcha, “ko‘chmanchi davlat” yoki “dasht davlati” atamalari Yevrosiyoning chorvachilik xo‘jaligi ustuvor bo‘lgan elatlar tomonidan tuzilgan siyosiy uyushmalar, va umuman, ularning davlatchiligini o‘zida to‘la qamrab ololmaydi. Shu bois ushbu kengliklarning o‘tmishdagi davlatlarini ularning o‘zlari qanday nomlagan bo‘lsa, o‘shani ishlatgan yaxshiroq. Aytaylik, eski turklar bitiktoshlarida o‘z davlatlarini “xoqonlik” deb atashgan va xuddi shu atama, bizningcha, Turk davlatini to‘la ochib bera oladi.

 

Yevrosiyoda chorvadorlar tomonidan qurilgan siyosiy uyushmalarning ayrimlari o‘zining xo‘jalik munosabatlari‚ madaniy aloqalari va yuksalishiga ko‘ra imperiya saviyasigacha ko‘tarilgan bo‘lsa, ayrimlari bunga erisha olmagan. Imperiya davlatchilikning shunday ko‘rinishiki‚ u ancha keng tegralarga va vassallar yoki qaram hukmdorliklarga ega bo‘lishi kerak[2]. Ana shunday imperiyalarlardan biri, birgina Yevrosiyo kengliklari va bugungi Xitoy o‘tmishida emas, balki Markaziy Osiyo, to‘g‘rirog‘i, Turkiston tegralarida sezilarli iz qoldirgan shonli Xun imperiyasidir.

 

Eng eski xitoy bitiklarida Syunnu (Xun)larning kelib chiqishi ancha uzoqqa borib taqalgan. Aytaylik, “Zuo to‘g‘risida qissa” (“Zuo jyuan”, eradan oldingi VII yuzyillik)da yozilishicha, xitoylarning shimoli-g‘arbida yashagan xalqlar “xu”, “xulu”,  “xude”, “rung”, “rungdi”, “sirung”, “shanrung”, “chyuanrung”, “dingling”, “di”, “dili” deb atalgan. Izlanuvchilarga ko‘ra, “xu” va “rung” atamasi xitoylarning shimoli va g‘arbidagi barcha xalqlarning umumiy oti bo‘lgan[3]. “Di” atamasi eradan oldingi VII–V yuzyilliklarda Xitoyning shimoli-g‘arbidagi ko‘plab qabilalardan iborat xalqlarga qarata qo‘llanilgan. Ularning “dingling” (dinlin) deb yuritilgan janub tarmog‘i Sibirning janubidagi Boyko‘l atrofi, Enasoy daryosidan biroz naridagi yerlarda yashagan[4].

 

Eradan oldingi VII asrda Xitoydagi bir qancha kichik davlat hukmdorlari aholisining ko‘payishi tufayli qo‘shnilarining yerini tortib ola boshlagan[5]. Ana shunday kichik davlat Chjao boshqa Xan va Veylar bilan ittifoq tuzib, kuchsizlangan Sziniga qarshi urush boshlaydi. Xitoydagi mayda davlatlarning har biri ko‘chmanchilardan o‘zlarini qo‘riqlash uchun shimol bo‘ylab uzun devorlar qurishga kirishadilar[6]. Eradan oldingi 221-yilda Szin hukmdori Xitoyni birlashtirib, avval qurilgan, alohida mudofaa devorlarini qayta tuzatadi, kengaytiradi va ularni o‘zaro tutashtiradi. Shunday qilib, uzoq chaqirimlarga cho‘zilgan Buyuk devor yoki bugungi kunda “Buyuk Xitoy devori” oti bilan mashhur obida хunlardan Xitoyni qo‘riqlash uchun qurilgan.

 

Eradan oldingi III asr so‘nggida Szin imperiyasi parchalanishidan oldin хunlar deyarli har tomondan kuchli qo‘shnilar bilan o‘ralgan edi. Umuman, ko‘pchilik jahon tarixi tadqiqotchilari Xitoy tekisligida bitta markazlashgan davlat – oldiniga Szin, keyin Xan imperiyasining tashkil topishi va Buyuk devorning qurib bitkazilishi xunlarning o‘z siyosiy imperiyalarini qurishlarini tezlashtirgan deb qaraydilar[7].

 

Eski xitoy yilliklarida “Xun” elati tuzgan siyosiy imperiya eradan oldingi IV asr – eraning V asrlarigacha Yevrosiyo kengliklari bo‘ylab o‘z boshqaruvini yoygan edi. Xunlar Maodun (Mode; eradan oldingi 209–174-yillar) shanyuyning[8] davlat boshqaruvi, shuningdek, qattiq qonunlar va doimiy qo‘shin tuzish kabi bir qancha yangiliklar tufayli Yevrosiyodagi kuchli imperiyaga aylanadi. Shunga ko‘ra, tashqi siyosatda o‘z yerlarini kengaytirish davlat darajasidagi masalalardan biri darajasiga chiqdi. Buning barchasi xunlarda ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishning yuksalganini anglatadi. Yo‘qsa, Xitoydagi Xan imperiyasi[9] xunlarning to‘la erkinliginini tan olibgina qolmay, balki yiliga ularga tovon to‘lamas edi[10].

 

Maodunning taxtga kelishi to‘g‘risida xitoy bitiklarida afsonaviy hikoya saqlanib qolgan. Unga ko‘ra, “Maodun Tumanning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lsa-da, otasi boshqa o‘g‘lini taxt vorisi deb topadi va Maodunni g‘arbdagi Yuechjilarga garovga yuborib, keyin ular ustiga yurish qilib, Maodundan qutulmoqchi bo‘ladi. Biroq Yuechjilar Maodunni o‘ldirishidan oldin, u eng yaxshi otlaridan birini o‘g‘irlab, qochib ketishga erishadi. Tuman shanyuy o‘g‘lining jasoratiga qoyil qoladi va unga 10 000 otliq kamonchilar qo‘mondonligini berish orqali mukofotlaydi. Maodun bu kamonchilarni maxsus hushtak o‘q bilan hech ikkilanmay otishga o‘rgatgan. Buni qilmaganlar shu yerdayoq o‘ldirilgan. Maodun oldin sevimli otiga, so‘ng suyukli xotiniga hushtak chaladigan o‘qni otib, ikkilanib qolganlarni yo‘q qilishdan boshladi. Maodun o‘z otasining eng zo‘r otini kamon bilan otganida, qo‘l ostidagi kamonchilardan hech biri to‘sqinlik qilmaganida, ularning qattiq intizomga o‘rgangan kamonchilar bo‘lib yetishganini angladi. Shundan keyin buzilmagan tartib-intizomga ishonib, u otasiga qarata o‘q uzdi va uning odamlari itoatkorlik bilan ergashdilar. Keyin Maodun o‘ziga qarshi fitna uyushtirgan oilaning qolgan a’zolarini va o‘zi bilan birgalikda ishlamaydigan amaldorlarni yo‘q qildi”. Shunday qilib, Maodun boshchiligida Xun imperiyasi ichki tomondan mustahkamlangach, endi butun e’tibor tashqi siyosatga qaratildi.

 

Sima Szanning yuqoridagi hikoyasini N.N.Kradin chinakam voqeliklarni ko‘rsatmaydi, nima bo‘lganda ham Maodun hokimiyatga zo‘rlik bilan kelganini anglatadi, deb topgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, aynan Maodun shanyuy boshqaruvi – imperiya qurilishining ilk kezlarida harbiy yo‘nalishdagi qattiq tartib‑intizom imperiyaning kuchayishiga olib kelgan. Buni o‘sha chog‘larda xunlar bilan teng, hatto, ulardan birmuncha kuchliroq bo‘lgan dun-xularni yengganlaridan bilsa bo‘ladi.

 

Bu to‘g‘rida xitoy yilliklaridan biri “Xan-shu” (“Xan sulolasi tarixi”, eradan oldingi II yuzyillik)da yana bir hikoya saqlanib qolgan: “Xun shanyuysi Mode (Maodun) o‘zining o‘ta kuchli qo‘shiniga ega bo‘lishiga qaramay, dashtda tinchlik bo‘lishini istardi. Biroq qo‘shni dun-xu qabilasi xunlarni haligacha kuchsiz deb o‘ylardi. Bir kuni dun-xulardan elchi keldi va Modedan sevimli otini ularga berishini so‘radi. Mode dashtdagi tinchlikni buzishni istamay, dun-xularga otini berdi. Biroq ular shu bilan to‘xtashmadi. Keyin ular Modedan xotinini so‘rab kelishdi. Mode ularga xotinini yubordi. dun-xular o‘z istaklari birin-ketin bajarilganini ko‘rib, ko‘proq narsani talab qila boshlashdi. Eng so‘nggida ular xunlardan chegaradagi taqir sho‘r va botqoq yerning kichik bir qismini berishni talab qildilar. Bu Modening g‘azabini keltirdi. Shu kuniyoq qurultoy chaqirib: “Ot va xotin mening o‘zimniki edi, shunga yurt tinchligi uchun ularni berib yubordim. Biroq ular talab qilayotgan yer davlatniki. Bu bir menga emas, barcha Xunlarga, xalqqa tegishli. Biz o‘z yurtimizning bir bo‘lagidan ham yuz o‘girmaymiz!” dedi. Maodun g‘azablanib, to‘satdan dun-xularga yurish qilib, ularni butunlay yengdi. Ularning yo‘lboshchisini o‘ldirib, ko‘plab tutqinlar va chorva mollarini qo‘lga kiritdi”.

 

Shundan keyin Maodun g‘arbga – eng eski g‘animlari bo‘lmish yuechjilarga yurish boshladi va ularni butunlay tor‑mor qildi. Yuechjilar oldin Gansu mintaqasida yashagan va tadqiqotchilarga ko‘ra, 100 000 dan ortiq kamonchilardan iborat harbiy kuchga ega edilar.

 

Yuechjilar orasida garovda bo‘lganligi sabablimi, Maodunda ilk hukmronlik yillarida ularga nisbatan nafrat paydo bo‘lgandek edi. Birinchi urushida Maodun Gansu yo‘lagining ko‘p qismini yuechjidan tortib oldi. Chamasi eradan oldingi 175-yilda Maodun yuechjilarni butunlay tor‑mor etadi. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng yuechji Gansu yo‘lagida o‘z mavqeini saqlab qola olmaydi hamda Buyuk va Kichik yuechji kabi ikki guruhga bo‘linadi.

 

Kichik yuechji Pomir tog‘larining janubiga (Gansu yo‘lagi bilan chegaradosh) chekinib, bu yerning mahalliy syan xalqi bilan aralashib ketdi. Buyuk yuechjilar esa g‘arbga qarab ketadi. Biroq keyinroq, eradan oldingi 162-yili xun shanyuysi Buyuk yuechji hukmdorini o‘ldirib, uning bosh chanog‘ini sharob idishiga aylantirgan. Shundan so‘ng ularning o‘rniga usunlar ko‘chib o‘tadilar va Buyuk yuechjilarning qolgan bir qismi g‘arbga, Sug‘dning janubiga yo‘l oladi. Xunlar Gansu yo‘lagini egallagach, Tarim havzasi atrofidagi G‘arbiy o‘lkalarni bosib olishni davom ettirgan. Tez orada xunlar nazorati barcha G‘arbiy o‘lkalarga tarqalib, o‘z imperiyasining siyosiy va iqtisodiy asoslarini yanada mustahkamlaydi. G‘arbiy o‘lkalarni boshqarish uchun xun shanyuysi “Qullar uchun mas’ul nazoratchi” (xitoycha “Tongpu tu-vey”) lavozimini o‘rnatdi va u Qorashahr (xitoychasi Yansi) atrofidagi qarorgohdan turib vassal o‘lkalardan har xil soliqlarni yig‘ish bilan shug‘ullangan[11].

 

Eradan oldingi 203–165-yillar – Maodun va uning o‘g‘li boshqaruvi davrida bugungi Sinszyan uyg‘ur avtonom respublikasidagi Tarim havzasining barcha shahar-davlatlari xunlarga bo‘ysundiriladi[12]. Bu yerlardagi shahar-davlatlar xunlar uchun iqtisodiy tomondan sezilarli ahamiyatga ega edi. Tarim havzasi hududida ular hukmronligi davrida ekin-tikinchilik bilan shug‘ullanganligi to‘g‘risida quyidagilar uchraydi: “Eradan oldingi 66-yilda har biri 10 ming otliqdan tuzilgan ikkita qo‘mondon G‘arbiy yurtga[13] ekin-tikinchilik bilan shug‘ullanish uchun yuborildi”[14] yoki “eradan oldingi 87-yilda 4 ming qo‘shinni birgina harbiy garnizon o‘laroq emas, balki ekin-tikinchilik qilish uchun ham yubordi”[15]. Umuman, xitoy yilliklarida Tarim havzasidagi davlatlarda o‘z boshqaruvini o‘rnatish uchun Xun va Xan imperiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urushlar ko‘p bor eslatilgan.

 

G‘arbni qo‘lga kiritgach, janubga – xunlarning eski yerlari – Ordosni Xitoyning Szin sulolasi qo‘lidan qaytarib olish uchun yurish boshladi. Eradan oldingi 200–133-yillar xunlarning Xitoydagi Xan sulolasiga sezilarli yurishlari va Xan imperiyasining tinchlik hamda qarindoshlik bitimini tuzish bosqichi, deb qaraladi[16]. Umumiy qilib olganda, Xan sulolasi bilan xunlar o‘rtasida barchasi bo‘lib 25 bora urush bo‘lgan[17].

 

Xitoyning Xan sulolasi xunlarning harbiy kuch‑qudratiga teng kela olmas edi, shuning uchun ular o‘rtasidagi munosabatlar “Xo‑szin kelishuvi” doirasida olib borilgan. Bu kelishuvning mohiyati aslida o‘ta jo‘n bo‘lib, Xan malikasi Xun shanyuysiga uzatilgan, yiliga bir necha bor Xan sulolasidan xunlarga turli sovg‘alar, jumladan, belgilangan miqdorda ipak, sharob va oziq-ovqat jo‘natilgan. Bunda xunlarning maqomi Xan sulolasi bilan tenglashgan qardosh davlat edi. Buning evaziga xunlar xan yerlariga bostirib kirmaslikka so‘z bergan. Eradan oldingi 198 yili Xan sulolasi oilasidan bir qiz “Imperator malikasi” nomi bilan xunlarga uzatilib, birinchi Xo-szi kelishuvi tuzildi[18].

 

Biroq Xun imperiyasi kengayib borgani sari Maodun bu kelishuv shartlaridan ko‘proq norozi bo‘lib, takabburligi ham kuchayib boradi. Eradan oldingi 192-yilda boshqa bir Xan malikasini Maodunga yuboradi. Xan imperatori yosh bo‘lgani uchun chinakam hokimiyat uning onasi qo‘lida edi. Chamasi shu kezlarda Maodun Xan imperatorining onasiga shunday xat yozgan: “Men botqoqlar orasida tug‘ilib, yovvoyi dashtlarda, chorva va otlar yurtida o‘sgan yolg‘iz beva hukmdorman. Men Xitoyga bormoqchi bo‘lib chegaraga tez-tez kelib turardim. Hazrati oliyalari ham yolg‘iz turmush kechirayotgan beva hukmdordir. Ikkalamiz ham zavqdan mahrummiz va zavqlanish imkoniyatimiz yo‘q. Umid qilamanki, bizda bor narsani bizga yetishmayotgan narsaga almashtira olamiz”.

 

Ushbu haqoratli xatga Xan imperatorining onasi o‘z javobida shunday yozadi: “Mening yoshim o‘tib qolgan, kuch‑quvvatdan qolganman. Sochlarim, tishlarim to‘kilayapti, hatto, to‘g‘ri yurolmayman. Shanyuy men to‘g‘rimda bo‘rttirilgan mish-mishlarni eshitgan bo‘lsa kerak. Men uning o‘zini kamsitishiga arzimayman. Biroq mening yurtim hech qanday yomon ish qilganicha yo‘q, umid qilamanki, u bizni ayaydi, kechiradi”.

 

Keyinroq Xo-szin kelishuvi yana yangilanadi. Maodun shanyuy eradan oldingi 176-yilda Xan imperatoriga xat yuboradi, unda uning jasorati yanada yorqinroq ko‘rinadi: “Osmon tomonidan o‘rnatilgan xunlarning Buyuk shanyuysi. Jannatning yordami, jangchilarimizning ustunligi va otlarimizning kuchi tufayli biz yuechjini yo‘q qilishga erishdik, qabilaning har bir a’zosini o‘ldirdik yoki bo‘ysunishga majbur qildik. Bundan tashqari, biz louyan, usun va xuse qabilalarini, shuningdek, 26 qo‘shni davlatni bosib oldik, shunda ularning barchasi xun xalqining bir qismiga aylandi. Kamon tortib yashayotgan barcha xalq endi bir oilaga birlashgan, butun shimoliy mintaqa tinch. Shunday qilib, endi men qurollarimni tashlab, jangchilarimga dam berishni va otlarimni yaylovga qo‘yishni, yaqin tarixni unutishni va eski kelishuvimizni tiklashni istayman”.

 

Ushbu tahdid ohangidagi xatdan ko‘rinib turibdiki, xunlar yuechji va boshqa xalqlarni bosib olganidan so‘ng Maodunning mavqei sezilarli darajada mustahkamlanib, shimolda ular nazorati kuchaygan. Ushbu xatni olgan Xan imperatori saroy kengashi chaqiradi va vazirlar Xo-szin kelishuvini yangilash borasidagi Xun shanyuysi istagini bajarishga bir ovozdan kelishib oladilar[19].

 

Qisqasi, Xun imperiyasi o‘zining eng yuksalgan kezlarida kunchiqarda Xingan tog‘laridan, kunbotarda Tangritog‘ etaklarigacha, terskayda Boyko‘l va Sayan tog‘  yonbag‘irlaridan, kungayda Gobi cho‘ligacha bo‘lgan yerlarni o‘z qo‘l ostiga birlashtirgan edi.

 

Endi xunlarning kundalik turmush tarziga to‘xtalsak. Xunlar yaylov chorvachiligi, birinchi o‘rinda yilqichilik, ovchilik bilan shug‘ullanishgan. Xitoylik saroy yozuvchisi Sima Szan o‘zining “Shiszi” (“Tarixiy esdaliklar”, eradan oldingi II yuzyillik) bitigida Xunlarning turmushini quyidagicha yoritgan: “Ular Xitoyning terskayidagi yerlarda o‘z suruvi bilan yaylovdan yaylovga ko‘chib yuradi. Ularning suruvi ko‘proq ot, mol va qo‘ylar bo‘lib, o‘t-suvga qarab, bir yerdan boshqasiga ko‘chib yuradi. Shaharlari yo‘q, bir yerda uzoq yashamaydi, ekin‑tikinchilik bilan shug‘ullanmaydi. Biroq har kimning o‘ziga ajratilgan yeri, yaylovi bor”[20]. Ushbu bitiklar keyingi xitoy yozuvchilarini xunlar va ularning o‘rniga kelgan keyingi elatlar, aytaylik, eski turklarning barchasi ko‘chmanchi, bir yerdan ikkinchisiga ko‘chib yuradi, degan qarashlarga olib keldi.

 


1-rasm.  Xunlarning ko‘chma o‘rdalari (XV asrga tegishli xitoy manbasidagi  rasm)

 

Xunlarning turmushi va uylarini eraning I asri so‘nggida yashagan xitoyliklardan biri shunday yozgan: “to‘qilgan tol butog‘i ularda uy uchun yaraydi, kigiz bo‘yra esa tom o‘rnini o‘taydi”[21]. Eradan oldingi II asrda Xun shanyuysiga uzatilgan xitoylik bir malika say Ven-szi o‘z she’rlarida devorlari to‘qilgan gumbazsimon chaylada yashaganini yozib ketgan[22]. Ushbu bilgilar xunlarning chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi guruhi kigiz uylarda yashaganini anglatadi.

 

Chindan, eradan oldingi I mingyillikning so‘nggida xunlar dashtga moslashgan va yig‘ilib aravalarga ortilmaydigan gumbazsimon kapa (chayla)larda yashashgan. Bu chaylalar egiluvchan tol novdalaridan to‘qilgan yarim doirasimon qobirg‘a (sinch)lardan tayyorlangan. Yuqorisida tutun chiqadigan maxsus qismi yog‘ochdan aylana qilib yasalib, ichki tomondan ustunlar ham o‘rnatilgan. Yog‘ingarchilikdan saqlanish uchun kapaning gumbazi kigiz bilan yopilgan. Yilning sovuq kunlarida esa uy butunlay kigiz bilan qoplangan[23]. Qolaversa, xunlarda aravalarga ortiladigan chodir uylar ham bo‘lgan. Aravalardagi uylar o‘lchamiga qarab ikki yoki to‘rt g‘ildirakli bo‘lib, ular urushlar chog‘ida, doim uzoq chaqirimlarga yurish kerakligi uchun o‘ylab topilgan[24].

 

  

2-rasm. O‘rda atrofida qo‘shinning o‘rnashuvi

 

Xunlar ekin-tikin bilan shug‘ullanishgan. Xitoy yozuvchilaridan yana biri Shi-Gu: “eradan oldingi 89-yilda xunlarda bir necha oyga cho‘zilgan qor va qattiq sovuq mol-holning o‘limiga, kishilar orasida esa yuqumli kasalliklarning ko‘payishiga olib keldi. Daladagi g‘alla‑da pishmay qoldi. Xunlarning terskay yerlariga erta sovuq tushadi, g‘alla ekishga qulay bo‘lmasa-da, xunlar yerlariga donli ekin ekkanlar”[25], deb tushuntirish berib ketgan. Chindan, tabiiy sharoitning qulay emasligi xunlarda ekin-tikinchilikning gullab-yashnashiga to‘sqinlik qilgan, o‘zlari yetishtirgan don (ko‘proq tariq va arpa) esa millionlab kishini (bugungi izlanuvchilar xunlar o‘sha chog‘larda chamasi 1,5 million kishi bo‘lgan deb topishgan) qoniqtirmagan[26]. Shuning uchun, donga bo‘lgan ehtiyojlarini Xan imperiyasidan tovon undirish, ayirboshlash yoki chegara tijoratini ochish orqali qoplagan, degan qarashlar ilgari surilgan[27]. Xunlarga tegishli Noin-ula va Ivolga shahar qoldiqlaridan chiqqan topilmalar – omoch tishi, o‘roqsimon pichoqlar, yorg‘uchoq, don saqlanadigan chuqur o‘ralar va tariq urug‘i ulardagi ekin-tikinchilikni ko‘rsatadi[28].

 

Yevrosiyoning keyingi siyosiy uyushmalariga andoza vazifasini bajargan Xun imperiyasining davlatchilik udumlarini ham eslab o‘tish kerak. Xunlarda davlat uchga bo‘lib boshqarilgan: 1) Sharqiy (sharq kun chiqar tomon o‘laroq muqaddas sanalganligi uchun uni taxt vorisi – valiaxd boshqargan); 2) G‘arbiy (shanyuyning boshqa o‘g‘illari yoki aka-ukalaridan biri boshqargan); 3) Markaziy (shanyuyning o‘zi boshqargan) bo‘laklar edi[29].

 

Odatda, Yevrosiyo dashtlarining siyosiy uyushmalarida oliy hukmdorlar oldiniga saylangan. Buni ularning kelib chiqishi bilan bog‘liq afsonalar, xitoy yilliklaridagi yozuvlardan bilsa bo‘ladi. Ular urug‘-qabila ichida kim eng qobiliyatli va kuchli bo‘lsa, o‘sha kishini o‘zlariga yo‘lboshchi qilib saylaganlar[30]. Bu udum harbiy demokratiya bilan bog‘liq bo‘lib, keyinchalik asta-sekin hokimiyat akadan ukaga meros bo‘lib o‘tadigan bo‘lgan.

 

Xunlar doimo urushga tayyor holatda bo‘lganligi uchun harbiy ishga o‘zgacha yondashganlar. O‘g‘il bolalarni yaxshi jangchi bo‘lib ulg‘ayishi kerak deb qarashgan. Oldin bolalar qo‘yga minib qushlar va sichqonlarni ovlashgan. Ular ma’lum yoshga yetib ot poygalarida qatnasha boshlaganlar, qurol-yarog‘ ishlatishga mohir chavandoz bo‘lib yetishishgan.

 

Xunlarning davlat boshqaruvidagi ayrim udumlari xitoy yilliklarida saqlanib qolgan. Ularda yozilishicha, хunlarda yilda uch bora yig‘in o‘tkazilib turilgan: “Har yangi yilning birinchi oyida shanyuy qarorgohidagi ibodatxonada kichik yig‘inga to‘planib, qurbonlik o‘tkazganlar”[31]. Keyingi ikki yig‘in esa “Beshinchi oyda Lunchen (so‘zma-so‘z o‘girmasi “Ajdar shahri”)da katta yig‘ilish bo‘lgan. Xunlar bu yig‘inda ota-bobolari, yer-osmon va ruhlarga atab qurbonlik qilishgan. Shuningdek, bu yig‘inda davlat va hukumat ishlari-da ko‘rib chiqilgan. Lunchenda ot va tuyalarning bellashuvlari va sayillar uyushtirilgan. Kuzda yilqilar semirganda Daylin (so‘zma-so‘z o‘girmasi “Ibodat o‘rmonligi”)da yig‘ilib, kishilar va mol-hollarning sanog‘i aniqlanib, ulardan soliq olingan”[32].

 

Qisqasi, bunday yig‘inlarda ijtimoiy, siyosiy‚ harbiy‚ iqtisodiy va madaniy masalalar ko‘rib chiqilgan‚ tortishuv va kengashishlardan keyingina bir qarorga kelingan. Qizig‘i shundaki, ana shu Lunchendagi yig‘ilishda barcha o‘lka boshqaruvchilari va qaram yerlarning vakillari qatnashishi shart bo‘lgan[33]. Bordi-yu, markaziy hokimiyat kuchsizlashgudek bo‘lsa, erkinlikka intilgan o‘lka boshqaruvchilari Lunchenga borishmagan va shu yo‘l bilan o‘z erkinliklari, birovga qaram emasliklarini bildirgan.

 

Ko‘pchilik izlanuvchilar Lunchen va Daylinni xunlarning yozlik yoki shimoliy va qishlik yoki janubiy qarorgoh shaharlari bo‘lgan, deb qarashadi[34]. Lunchenni janubda, Ordos yaqinida bo‘lgan ko‘rinadi[35]. Ayrim izlanuvchilar esa ikkisini-da shahar emas, balki mo‘g‘ullardagi qurultoyga o‘xshash yig‘in bo‘lgan deb topishgan. Bunga sabab qilib Lun-chenning oldin Ordosning kunbotarida bo‘lgani, u yer xitoyliklar tomonidan bosib olingach, u Sariq daryo (xitoychasi Xuang‑xe) bo‘yiga ko‘chirilganini ko‘rsatishadi[36]. Bizningcha, Daylin chindan ham shahar bo‘lmay, balki yig‘in va sayil o‘tkaziladigan yer bo‘lib, buni uning otidanoq bilsa bo‘ladi. Lunchen esa chinakam shahar bo‘lgan ko‘rinadi. Chunki xitoy yilliklarida u doimo “shahar”ni anglatuvchi “chen” atamasi bilan yuritilgan. Ustiga-ustak, Xan qo‘shinlarining Lunchendan 700 kishini tutqin qilib olib ketgani to‘g‘risidagi yozuvlar‑da uning shahar bo‘lganini ko‘rsatib turibdi[37]. Xitoy yilliklarida uchraydigan Lun-si (Lun-si)“Ajdarho ibodatxonasi”, bizningcha, xuddi shu Lunchenda bo‘lgan ko‘rinadi. Sababi, ibodatxona va shaharning otlari o‘xshash, Lun-chenga topinish uchun yig‘ilishlari shunchaki emas. Demak, yuqoridagilardan Lunchen xunlarning siyoiy va diniy o‘chog‘i vazifasini bajargan shahar bo‘lgan degan xulosa kelib chiqadi.

 

Xunlarning butun Yevrosiyo bo‘ylab o‘z boshqaruvini o‘rnatgani, qo‘l ostidagi uzoq‑yaqin hukmdorliklar ustidan olib borgan siyosatiga to‘xtalsak. Xususan, usun[38] hukmdori 1000 bosh ot evaziga Xan sulolasidan kelin qilib olgan malikani kichik xotun, xunlardan olgan malikani esa katta xotun o‘laroq tayinlaydi. Shundan so‘ng usun hukmdori o‘zining keksaygani bahonasida o‘z nabirasini xitoylik malikaga uylantiradi. Bizningcha, aslida bosh yoki katta xotun maqomidagi Xun malikasini o‘ziga xotin qilib olgach, xitoylik malikani nabirasiga bergan ko‘rinadi[39]. Bu esa, aslida, xitoylik malikalarning Xun malikalaridan pastroq turganini anglatadi. Chunki usunlar xunlarga qaram bo‘lib, har yili shanyuyning o‘rdusiga borib, u yerdagi qurultoyda qatnashishga majbur edilar[40].

 

Bordi-yu, xunlardan elchi shanyuyning yorlig‘i bilan yo‘lga otlangudek bo‘lsa, Xun imperiyasi qo‘li ostidagi har bir hukmdorlik elchini yo‘l anjomlari, ot-ulov va yegulik zaxiralari bilan tekin ta’minlashga majbur edi. Xitoylik elchilar esa yegulik zaxiralarini pulsiz va biror mahsulotsiz olisholmagan, hatto, ot-ulov sotib olishmasa, o‘z yo‘llarini davom ettirolmagan. Xitoy bitikchilari bu holatning boisi Xitoyning uzoqdaligi, qolaversa, ko‘p boylikka egaligi, deb tushuntirishgan.  Shundan faqat xarid qilish evazigagina kerakli narsalarni olish mumkin edi. Umuman, xitoy elchilaridan ko‘ra ko‘proq ular (usunlar va ulardan g‘arbdagi boshqa hukmdorliklar) xunlardan qo‘rqishardi, deb qo‘shimcha qilib qo‘yishgan[41]. Bizningcha, aslida xitoyliklardan ko‘ra ko‘proq xunlardan qo‘rqishgani sabab bo‘lgan. Chunki shu xitoy yilligining o‘zida usunlardan g‘arbga to Qorashahrgacha bo‘lgan hukmdorliklar xunlarga yaqin bo‘lib, ustiga-ustak xunlar yuechjilar ustidan ham boshqaruvini o‘rnatgan deb yozilgan[42].

 

Eradan oldingi 129–58-yillarda Xitoyning Xan qo‘shinlari xunlarga qarshi faol jang olib borgan kezlar deb qaraladi[43]. Shuningdek, Xan imperiyasi xunlarni butunlay yenga olmadi. Qulay bo‘lmagan iqlim sharoiti, o‘zaro ichki kelishmovchiliklar va tinimsiz olib borilgan harbiy to‘qnashuvlar xunlarni kuchsizlantiradi. Bundan foydalangan usun, uxuan[44] va dinlinlar ularning yerlariga bostirib kiradi va хunlarning 3/10 qismi qirilib ketadi[45]. Bu voqea Yevrosiyo Xun imperiyasi hukmronligining tanazzulini boshlab beradi.

 

Eradan oldingi 56-yilda xunlar Janubiy va Shimoliy bo‘laklarga bo‘linib ketadi[46]. Xuxane shanyuy boshchiligida Janubiy xunlar Xitoyning Xan sulolasi vassaliga aylanib, uning madaniyati va urf-odatlarini qabul qila boshlaydi. Xitoyga qaram bo‘lishga ko‘nmagan Chji‑chji shanyuy boshchiligidagi Shimoliy (yoki G‘arbiy) xunlar esa g‘arbga Jung‘oriya va qirg‘iz sahrosi orqali Tarim havzasidagi yerlarga ko‘chib ketadi[47].

 

Xitoy yilligi “Syan Xan-shu”da yozilishicha, usunlarga qarshi Shimoliy xunlar shanyuysi Chji‑chji va Qang‘ davlati o‘rtasida bitim tuziladi. Bu bitimni mustahkamlash uchun Qang‘ hukmdori o‘z qizini Chji‑chjiga beradi va unga saltanatiga kiruvchi Talas daryosi bo‘yidan yer ajratadi. Talas daryosining Qang‘ davlatida ekanligini alohida ko‘rsatgan xitoy tarixchilari u yerda Chji‑chjining qo‘rg‘on-shahar qurdirganligini yozib qoldirgan[48].

 

Xususan, “Syan‑xanshu”da Chji‑chji shanyuyning G‘arbiy yurtlardagi ishlari quyidagicha yoritilgan: “Bu uch hukmdorlik (usun, xakas va dinlinlarni [Chjichji] o‘ziga qo‘shib oldi. Xakaslar sharqdagi shanyuy o‘rdasidan 7000 chaqirim yiroqlikda, janubdagi Cheshi (Choch) hukmdorligidan 5000 chaqirim yiroqlikda edi. Shanyuy mana shu yerda poytaxt qilib turdi. U usunlarga qarshi Qang‘ davlati bilan o‘zaro ittifoq tuzadi. [Chjichji] Xitoy elchisini o‘ldirtirgach, o‘zini himoyalash uchun Dulay (Talas) daryosi bo‘yiga mustahkam shahar quradi va shaharni “Talas” deb ataydi. Talas daryosi Qang‘ davlatida... Shahar qurilishida har kuni 500 ta ishchi ishlab, ikki yilda qurib bitiriladi”[49]. Yozma manbalarda “shahar tashqi tomondan ham tuproq, ham yog‘ochdan qilingan qoziq devorlar bilan mustahkamlangan va to‘rt tomonidan minoralar qurilib, handaqlar bilan qurshalgan” deb yozilgan[50].

 

Biroq Chji‑chji shanyuyning g‘arbda Tyanshan va Yettisuvdagi qabilalarni bo‘ysundirganidan xavotirga tushgan Xan imperiyasi, shimoliy хunlarni yo‘q qilish uchun eradan oldingi 36-yili unga qarshi qo‘shin yuboradi[51]. Bu qo‘shin Chji‑chjini yo‘q qilib, uning saroyi va shaharini yoqib yuboradi[52].

 

Umuman, III-IV asrlarda Xun imperiyasining tarmoqlaridan yangi ko‘chmanchi uyushmalarning Markaziy Osiyoga kirib kelishi bu yerdagi Kushon va Qang‘ saltanatlarining qulashiga olib keldi. Vizantiya manbalarida хunlarning Markaziy Osiyoga kirib kelishi chamasi 350‑yillarga to‘g‘ri kelishi yozilgan. Xuddi shu kezlarda Ammian Marsellin ilk bor Sosoniy forslarining sharqdagi dushmani o‘laroq “xionitlar”ni tilga olgan. “Xun” so‘ziga “i” harfi qo‘shilib, “Xun”lar “xionit”larga aylanganini Hindiston va Erondan topilgan mintaqaga bostirib kelgan xalqlarning parallel ro‘yxatlaridan bilsa bo‘ladi. Bu yozma bilgilarda hindlar “Oq Xunlar” va “Qizil Xunlar” deb, forslar esa ularni “Oq xionlar” va “Qizil xionlar” deb o‘girishgani saqlanib qolgan[53].

 

Shunday qilib, Xitoy tekisliklarini himoyalash uchun xanlik (qadimgi xitoylik)larni asrlarga cho‘zilgan “Buyuk devor”ni tiklashga, Xitoyning Szin va Xan sulolalarini ulkan o‘lponlar to‘lashga, “Osmon o‘g‘li” bo‘lgan Xan imperatorlarini Xun shanyuylarini o‘zlari bilan teng ko‘rishga, yon berish va kelishish uchun qudalashish va sovg‘a‑salomlar uzatishga majbur qilgan Xun imperiyasi edi.

 

 

O‘zining harbiy muvaffaqiyatlari evaziga tezda Yevrosiyoning ulkan tegralarini egallab, bu yerlardan o‘tgan transkontinental tijorat yo‘llarini nazorat qilgan. Tarixiy jarayonlarning borishini ko‘p tomondan Xunlar davlati asoschisi Maodun shanyuyning harbiy-siyosiy iqtidori belgilab bergan. Xun imperiyasini Yevrosiyoning shimoli va g‘arbidagi Xitoy sulolalarining siyosiy va madaniy bosimiga uzoq vaqt qarshi tura olgan ilk imperiya deb atasa to‘g‘ri bo‘ladi. Umuman, Xun imperiyasi Xitoy, Oltoy va Janubiy Sibir, Sharqiy Turkiston, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Eron va Hindiston o‘tmishi va madaniyatida sezilarli iz qoldirgan.

 

Munira XATAMOVA,

O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori



[1] Barfield. 1993; Golden. 1992; Golden, Adas. 1998; Kradin. 1992; Kichanov. 1997; Klyashtorniy, Sultanov. 2000; Kradin. 2007; Jumaganbetov. 2003; Khazanov. 2001 va h.k.

[2]  Крадин. 2001. 21.

[3] Указ. соч. С. 12.

[4] Кембридж, р. 120.

[5] Aytbayev, 2004. 33-34-b.

[6] Кембридж, р. 118.

[7] Кембридж, р. 120; Крадин Автореферат.

[8] Shanyuy – xunlar o‘zlarining bosh hukmdorlarini “tangriqut”, ya’ni Tangri bolasi deb atagan. Xitoy manbalarida esa qadimgi o‘qilishida “tanyi”, bugungi o‘qilishida esa “shanyuy” deb transkripsiya qilingan. Xodjayev A. Сведения китайских источников оюэчжи” // “O‘zbek xalqining kelib chiqishi…” seminar materiallari. T., 2004, 25-b.

[9] Xan imperiyasi – Xitoyda eradan oldingi 206 – eraning 8 yiligacha hukmronlik qilgan sulola.

[10] Xun davlatining yuzaga kelishi, boshqa yerlarga yurishi va siyosiy voqeliklar borasida kengroq qarang: Гумилёв Л.Н. Хунну. М., 1960; Крадин Н.Н. Империя Хунну. М., 2001; Кляшторный С.Г., Султанов Т.И. Государство и народы Евразийских степей. СПб., 2000.

[11] Кляшторный С.Г. Хунны и тюрки… с. 119-120.

[12] Кляшторный С.Г., Султанов Т.И. Государство и народы... с. 53;  Кляшторный С.Г. Хунны и тюрки... с. 118-119.

[13] G‘arbiy yurt – 1914-yilda yapon olimi X. Ryotay: “Si‑yuy (G‘arbiy yurt) atamasi birinchi bor Oldingi Xan chog‘ida uchraydi, biroq uning mazmuni aniq bo‘lmagan. Bizningcha, bu atama Xitoyning chegara qorovullik mahkamalari – Yuymen va Yanguandan g‘arbdagi o‘lkalarga qarata ishlatilgan bo‘lib, ushbu o‘lkalarning aniq chegarasi har qaysi chog‘ning o‘z geografik bilim doirasidan kelib chiqqan” deb yozib qoldirgan edi. Малявкин А.Г. Танские хроники о государствах Централной Азии. Тексты и исследование. Новосибирск: Наука, 1989, с. 110. 

[14] Бичурин Н.Я. Собрание… т. 1, с. 83-84.

[15] Бичурин Н.Я. Собрание… т. 2, с. 207; Кляшторный С.Г. Хунны и тюрки… с. 197.

[16] Крадин Н.Н. Коchевые империи: генезис, расцвет, упадок // Восток (Oriens), 5. М., 2001, с. 28.

[17] Кляшторный С.Г. Хунны и тюрки ... с. 566.

[18] Кембриж, 122.

[19] Кембриж, р. 123.

[20] Бичурин Н.Я. Собрание…, т. 1, с. 39-40. Кюнер Н.В. Китайская известия о народах Южной Сибири, Централной Азии и Далнего Востока. М.: Изд-во Вост. лит., 1961, с. 336.

[21] Материалы по истории сюнну. Пер. В.С. Таскина. Вып. 2. М., 1973, с. 142, прим. 147.

[22] Вайнштейн С.И. Проблемы истории жилища степных коchевников Евразии // СЭ, 4. М., 1976, с. 45.

[23] Указ. соch., с. 45.

[24] Майдар Д., Пюрвеев Д. От коchевий  до мобилной архитектура. М., 1980, с. 21.

[25] Бичурин Н.Я. Собрание... т. 1, с. 76, см. прим. 4.

[26] Кляшторный С.Г., Султанов Т.И. Государство и народы Евразийских степей. Древност и средневекове. СПб., 2000, с. 61.

[27] Руденко С.И. Културы хуннов... с. 29; Haeshi T. The role of sedentary people in the nomadic states: from the Hiongnu empire to the Uigur qaghanate // Урбанизация и номадизм в Централной Азии: истории и проблемы. Материалы меж-й конференции. А.: 2005, р. 120-122.

[28] Давыдова А.В., Шилов В.П. К вопросу о земледелии у гуннов // ВДИ, 2. М., 1953, с. 197.

[29] Бичурин Н.Я. Собрание... Т.1, с. 48-49.

[30] Masalan, хunlarda Maodun, syanbilarda Tanshixay, turklarda Ashina.

[31] Бичурин Н.Я. Собрание… т. 1, с. 119.

[32] Bangu. Xannoma (arab grafikasidagi uyg‘ur tilida). Urumchi, 1994, 690, 765-betlar; Кюнер Н.В. Китайская известия … с. 74, прим. 27; Бичурин Н.Я. Собрание… т. 1, с. 119.

[33] Указ. соч., с. 117.

[34] Кызласов Л.Р. История Южной Сибири... с. 12;  Дробышев Ю.И. Природоползование… с. 54.

[35] Кызласов Л.Р. История Южной Сибири… с. 13.

[36] Дробышев Ю.И. Природоползование… с. 54; Боровкова Л.А. Царства «Западного края» во II-I веках до н. э. Востоchный Туркестан и Средней Азии по сведениям из «Ши цзи» и «Хан шу». ИВ РАН: ACADEMIA, 2001, с. 190.

[37] Бичурин Н.Я. Собрание… Т. 1, с.

[38] Usun – etnik kelib chiqishi to‘g‘risida fanda turlicha qarashlar bo‘lib, ko‘pchilik tadqiqotchilar ularni turkiy xalqlardan deb sanaydilar. Yu.Zuyevga ko‘ra, usunlar xunlarning ayricha bir tarmog‘i o‘laroq protoxun qabilalar uyushmasiga kirib, Ordosdan bugungi Yunnan provinsiyasiga ko‘chgan. Shuningdek, xitoy yilnomalarida usunlarning urf-odatlari “tusyue” – turklarnikiga o‘xshashligi ko‘p bor aytiladi. Ularning kunbegi turadigan shahri manbalarda “Kun-kat”, “Chigu” – “Qizil qo‘rg‘on”, “Qizil vodiy shahri” kabilarni anglatgan.

[39] Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах ... Т. 2. – С. 160.

[40] Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах ... Т. 2. – С. 155.

[41] Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах ... Т. 2. – С. 161.

[42] Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах ... Т. 2. – С. 161.

[43] Крадин Н.Н. Кочевые империи: генезис… с. 28.

[44] Uxuan – mo‘g‘ul qabilalaridan biri.

[45] Бичурин. Н.Я. Собрание... Т. 1, с. 82.

[46] Указ. со.  С. 88, 117.

[47] Иностранцев К. Хунну и гунну. 1926. С. 118; Бернштам А.Н. Очерк истории гуннов. Л, 1951. С. 78.

[48] Материалы по истории сюнну (по китайским истоchникам) / Пер. В.С.Таскина. Вып. 2. М., 1973. – С. 126; Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах … Т. 1. – С. 91; Бичурин Н.Я. Собрание сведений о народах … Т. 2. – С. 184; Бан Гу. Ханнама. Урумчи, 1994. – 782-б.; Зуев Ю.А. Ранние тюрки ... – С. 93.

[49]  Материалы по истории сюнну. Вып. 1. 1968.- С.126; Биchурин Н,Я. Собрание… Т. 1, с. 91; Т. 2, с. 184; Бангу. Ханнома. 1994. 782-б.

[50] Материалы по истории сюнну. Вып. 2. 1973. С. 128-129;  Рыспаев К. Древний Тараз. Тараз, 2001. С. 8-9.

[51] Бернштам А.Н. Оchерк истории гуннов. 1951. С. 78.

[52] Материалы по истории сюнну. Вып. 2. 1973. С. 129.

[53] Grenet F. Crise et sortie de crise en Bactriane-Sogdiane aux IVe–Ve s. de .n. è: de l’héritage antique à l’adoption de modèles sassanides // La Persia e l’Asia Centrale da Alessandro al X secolo. Atti dei Convegni Lincei, 127. – Rome: Accademia Nazionale dei Lincei, 1996. – Р. 388, n. 57. (367–390).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23761
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//