Tarixiy shaxslar haqida film suratga olish har doim murakkab boʻlgan. Ayniqsa, tarixiy shaxs sarkarda, yetakchi, imperator boʻlsa masʼuliyat va talab yanada ortadi. Zero, yetakchilarning harbiy yurishlari, jang sahnalarini suratga olish murakkab ijodiy va texnik jarayonni talab qiladi. 2023-yilda jahon kinematografiyasida mana shunday ikkita yirik tarixiy epik biografik filmlarning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bular Kristofer Nolanning “Oppengeymer” va Ridlik Skotning “Napoleon” filmlaridir.
Dunyo tarixida oʻz soʻzini ayta olgan buyuk sarkarda – Napoleon Bonapart (“Urush va tinchlik” 2016, “Buyuk jang” 2007, “Napoleon” 2002, “Yevropa asiri” 1989, “Napoleon va Jozefina. Muhabbat tarixi” 1987, “Bonapart va davlat toʻntarilishi” 1972, “Vaterlou” 1970, “Urush va tinchlik” 1965, “Austerlis” 1960, “Napoleon” 1954, “Napoleon” 1927) haqida qator badiiy, hujjatli filmlar suratga olingan. Ammo Ridlik Skotning “Napoleon”i ulardan oʻzgacharoq, yaxshiroq boʻlishi kutilgandi, biroq bu kutuvlar oʻzini oqlolmadi. Xoʻsh, koʻpgina shov-shuvlarga sabab boʻlgan va taqdimotdan soʻng kinoshunoslar tomonidan tanqid qilingan filmning asosiy kamchiliklari nimalardan iborat edi? Bunga qadar oʻttiz oltita filmda rejissyorlik qilgan Ridli Skot qayerda adashdi?
Birinchi xato. Aktyor – filmda markaziy figura. Agar u bosh qahramon boʻlsa tanlovda adashish kechirib boʻlmas xatoga aylanadi.
Ridli Skot navbatdagi katta loyihasiga yana Xoakin Feniksni taklif etdi. Afsuski, oldingi ijodiy hamkorlikning (“Gladiator” 2000, Kommod) muvaffaqiyati bu safar takrorlanmadi. Xoakin Feniks 25 yoshlar atrofidagi Napoleon va uning yetuk sarkarda sifatida tanilayotgan davridagi kechinmalari, ruhiyati, tarixiy shaxsning sajiyasi, ichki va tashqi holatini tomoshabinga tushuntirib, koʻrsatib, ochib berolmaydi.
Jozefina-Vanessa Kirbi Napoleondan 6 yosh katta boʻlgan beva boʻlgan. Ridli Skot tomoshabinga taklif etgan Napelon va Jozefina esa buning aksi. Filmda Napoleon ancha katta yosh vakili, taxminan 50 yoshlar atrofida, Jozefina esa 30-35 yoshlardagi ayolni tasvirlanadi. Qahramonlar yoshidagi ayni nomutanosiblik ham koʻplab tomoshabinlar eʼtiroziga sabab boʻldi.
Ikkinchi xato. Tezlashtirilgan voqealar. Koʻp narsa vaʼda qilinib, deyarli hech narsa qilinmagan.
Albatta filmda voqealar tafsilotining tezlashtirilgani, xarakterlar toʻlaqonli ochib berilmagani rejissyorning eng katta kamchiliklaridan yana biridir. Shu joyda Ridli Skotning texnik imkoniyatlari, tasviriy yechimlar bilan bogʻliq qator yutuqlarini ham taʼkidlash joiz. U tasvirga olish jarayonlarini imkon qadar tezlatish maqsadida har bir dublni 8 ta, har bir jang epizodini esa 11 ta kamerada suratga olgan. Lekin mazkur kadrlar maʼlumotlarning koʻpligidan nihoyatda tez oʻtib ketadi. Kartinada tarixiy voqealar, imperatorning bosib oʻtgan hayot yoʻli, janglari shunchaki xronologik ketma-ketlikda sanab ketilgan. Natijada voqelik(janglar, yurishlar, sulhlar, kelishuvlar)ni tushunish uchun internet yoki qoʻshimcha manbalardan maʼlumotlar qidira boshlaydi tomoshabin.
Voqealar koʻlami kengligidan ikki yarim soatga sigʻmagan. Toʻgʻrida, shuncha maʼlumot, shuncha voqeani juda tez aytib oʻtgan taqdirda ham ularni ikki soatga sigʻdirish mushkul edi. Aynan mana shu xronametrajga qizgʻonish natijasida filmning sifati yana bir pogʻonaga tushgan.
Uchinchi xato. Xarakterlarga toʻgʻri urgʻu berilmagan. Qahramon xarakteri toʻgʻri ochilmas ekan uni tomoshabin qabul qilolmaydi.
Napoleon tarixda deyarli tanqid qilinmagan, u doimo aqlli rahbar, kuchli sarkarda, ziyrak inson sifatida tariflanadi. Shu bois yarim yil davomida targʻiboti olib borilgan tarixiy filmni koʻrish uchun oshiqqan tomoshabin undan aniq va kuchli strategiyaga ega, qatʼiyatli rahbar va notiq liderni qidiradi. Taassufki, uning harakatlari sodir boʻlayotgan shiddatli voqealar oqimida qahramonni tushunishga urinish bilan yakunlanadi.
Tarix kitoblarida, hatto internet manbalarida Napoleon hayoti davomida bitta roman yozgani, Fransiya akademiyasining akademigi, tengsiz sarkarda, iqtidorli davlat rahnamosi, matemakadan bilimdon shaxs, mohir shaxmat ustasi va oʻyinchisi boʻlgani taʼkidlanadi. Napoleon daqiqasiga ikki mingta soʻz oʻqiy olgan. Koʻrinib turibdiki, u maktabda yaxshi oʻqigan, zehni oʻtkir, dunyoqarashi keng, kitobsevar inson. Bundaylar esa Ridlik Skot taklif etayotgan qahramondek hadeganda ayol kishi qarshisida “mingʻillayvermaydi”. Oʻn olti yoshidan harbiy xizmatga kirgan, yigirma toʻrt yoshida general, oʻttiz besh yoshida imperator boʻlgan Napoleon aniq qatʼiyatli, irodali va bir soʻzli inson boʻlgan. Xoakin Feniks ijrosidagi Napoleon esa oʻta sovuqqon, muhabbat oldida hamma narsani unutib qoʻyuvchi, yigʻloqi va qatʼiyatsiz kishi sifatida gavdalanadi. Negadir imperator Jozefina oldida boʻsh-bayov, ojiz inson sifatida talqin qilingan. Bu rejissyor talabimi yoki aktyor talqini, har ikki holatda ham ayni yechim notoʻgʻri qaror edi. Chunki tarixda Jozefina Napoleonga motivatsiya bergan, uni ruhan qoʻllab-quvvatlagan boʻlishi mumkin. Ammo Napoleon shaxsiyatining oʻzi ham tabiatan baland ruhli, keskir soʻzli, irodasi kuchli boʻlgan.
Filmda Ridli Skotning Napoleon shaxsiyati haqida tomoshabinga aytmoqchi boʻlgan fikri noaniq qolgan. Bundan tashqari, nafaqat Napoleon shaxsi kabi uning atrofidagi Jozefina-Vanessa Kibri, Pol de Barras-Taxar Raxim, Arman de Kolenkur-Ben Maylz, Mariya Antuanetta-Ketrin Uoker kabi koʻplab qahramonlarning ham xarakteriga aniqlik kiritilmagan. Ularning hayot liniyalari ochiqlanmay mavhumligicha qoldirib ketilavergan.
Toʻrtinchi xato. Qahramon butun voqealar tizginida yolgʻiz qoladi. Uning atrofida doʻstlari yoʻq.
Filmda katta ijodiy guruh, koʻplab janglar, jangovar yurishlar tasvirlanadi. Napoleonning hayoti bilan bogʻliq oʻnlab yirik voqealar tafsiloti sanab oʻtiladi. Lekin qahramonning atrofidagi yaqinlari, doʻst va dushmalari haqida, ularning xarakteri, istaklari, manfaatlari deyarli ochiqlanmagan. Napoleon kimlar bilan doʻst, hammaslak edi? Uni yurtidan surgun boʻlishi, umrining oxirgi yillarida boshiga tushgan tashvishlariga atrofidagi insonlarning qanchalar taʼsiri boʻlgan? Bu savollar filmda ochiqlanmagan. Natijada imperator butun film davomida yolgʻiz, oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib yuraveradi.
Kartinadagi xatolar bilan birga, yutuqlarini taʼkidlash ham joiz. Filmda ommaviy sahnalar, jang, botal epizodlar mohirona suratga olingan. Butun kartina davomida operator Dariush Volskiyning ham texnik, ham ijodiy mahorati yaqqol namoyon boʻladi.
Ridli Skot tanqidlarga javoban filmining besh soatga yaqin toʻliq rejissyorlik versiyasini ham taqdim etish niyati borligini aytdi. Mazkur toʻliq variantda Napoleon va Jozefinaning tanishuvi, ularning oʻzaro munosabatlariga eʼtibor kuchaytirilgan, deydi. Demak, yana oʻsha takror muhabbat liniyasi. Holbuki, Napoleonning hayotida romantikadan boshqa roʻy bergan juda shiddatli, keskin, dramatik voqealar koʻp boʻlgan. Unga qarshi kuchlar, dushmanlarning kutilmagan zarbalari, doʻstlarining hiyonatlari haqida ham koʻrsatilishi kartinani qiziqarliroq, boyroq qilardi. Napoleon haqidagi epik tarixiy biografik film uning shaxsiyati, ichki kechinmalari, olimligi, xalqparvar va vatanparvar inson sifatidagi qiyofasini ochib berishi kerak edi. Filmga bildirilayotgan turfa xil munosabatlarga qaramay asar dunyo kinematografiya tarixiga kirdi va millionlab insonlar tomonidan tomosha qilindi. Shu maʼnoda kartinani Napoleon haqidagi toʻliq haqiqatlar tasviri deb emas, balki rejissyor Ridli Skotning imperator toʻgʻrisidagi shaxsiy qarashlari aksi deb qabul qilish toʻgʻriroq boʻladi, bizningcha.
Omina AZIZOVA,
Sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Mansurbek
04:02 / 23.02.2024
Omina Azizova tomonidan sanab o'tilgan xatoliklarni o'rinli hisoblashimiz mumkin. Lekin ba'zi xatoliklarni o'ylab ko'rish kerak. Sababi, Ridli Skottning o'zi bu versiya rejissyorlik versiyasi emasligini, tomoshabinlar e'tiboriga havola qilingan versiyada ko'p epizodlar kesib tashlanganini va rejissyorlik versiyasida barchasi saqlab qolinganini intervyusida aytib o'tdi. Menimcha, rejissyorlik versiyasi chiqqanidan keyin xatoliklarni barchasi o'rinli yoki o'rinsiz ekanligini bilib olamiz.