Lingvoma’naviyatshunoslik nima? Jahon ilm-fani terminologiyasiga qo‘shila oladimi?


Saqlash
17:27 / 19.02.2024 1350 1

Yangi yuz yillik global muammolar asri. Bu muammolarni sanab adog‘iga yetish qiyin. Lekin ularning ba’zisi boshqalarini keltirib chiqarishini inobatga oladigan, ularga tizimli yondashadigan bo‘lsak, birlamchi va ikkilamchi, bosh va yordamchi muammolarni farqlash mumkin bo‘ladi.

 

Shaxs ma’naviyati global masalalar sirasida markaziy o‘rinni egallaydi. Zero, juda ko‘p muammolar dialektik nuqtai nazardan oqibat xarakteriga ega, ularning aksariyati uchun shaxs ma’naviyati masalasi sabab bo‘lmoqda.

 

O‘zbekiston milliy mustaqillikka erishgandan so‘ng ma’naviyat masalasi milliy muammo, mustaqil xalqimizning taraqqiyot sharti sifatida kun tartibiga qo‘yildi. 2 tomli “O‘zbek tilining izohli Lug‘ati” sobiq tuzum davrida yaratilgan. Unda ma’naviyat istilohining yo‘qligidan ko‘ra ushbu masalaning istiqlolgacha qay holatda ekanligini dalillaydigan kuchliroq asos bo‘lmasa kerak. Bu lug‘atda ma’naviy so‘zi berilgan (1-tom, 454-sahifa). Demak, bu ma’naviyat  ijtimoiy ongda faqat belgi sifatida mavjud bo‘lganligidan, alohida borliq hodisasi maqomiga ega bo‘lmaganigidan dalolat beradi. Balki bu holatga ma’naviyat so‘zining rus va boshqa yevropa tillarida muqobili yo‘qligi ham sabab bo‘lgandir.

 

Mustaqillik yillarida ma’naviyat alohida soha o‘quv predmeti sifatida ta’lim bo‘g‘inlarida o‘qitila boshladi. Ko‘plab o‘quv adabiyotlari, qomus va lug‘atlar chop etildi, ta’lim yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yildi. Bu borada misli qo‘rilmagan katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. Biroq bosh maqsad yillar o‘tgan sari unutilib bordi. Ma’naviy yuksak shaxs tarbiyasidan ma’naviyat asoslari bo‘yicha bilimli mutaxassislarni yetishtirish yo‘liga o‘tib olindi. Ma’naviyat masalasi ixtisoslashib, tor yo‘nalish – ilmda falsafa, ta’limda madaniyatshunoslik asoslari bo‘yicha o‘quv predmetining mulkiga aylandi. Ma’naviy-ma’rifiy amaliyot esa faqat “tadbirlar” ummoniga cho‘kib ketdi. Ko‘plab fanlar ma’naviyat masalasidan yiroqlashdi. Xususan, tilshunoslik o‘zining eng yaqin muammosiga yaqinlashmasdanoq begonalashdi. Holbuki, ma’naviyatga eng yaqin hodisa tildir.

 

Til – ma’naviyatning  ifodalovchisi va saqlovchisi, boyituvchisi va uzatuvchisi deya e’tirof etilgan bo‘lsa-da, tilning millat ruhi va ma’naviyatini ifodalashini tadqiq qilish bo‘yicha chuqur ishlar amalga oshirilmadi, bu borada o‘zbek tilshunosligining istiqbolli yo‘nalishlari shakllantirilmadi, maqsadlar qo‘yilib, vazifalar belgilanmadi. Buning bir nechta sababi bor, albatta:

 

birinchidan, tilning ma’naviyatni saqlash va ajdodlardan avlodlarga uzatish vazifasini ilmiy o‘rganish o‘zbek tilshunosligi an’analarida yo‘q edi;

 

ikkinchidan,  g‘arb va yevropa tilshunosligida til va ma’naviyat mushtarakligini muammo sifatida qo‘yish urf bo‘lmagan;

 

uchinchidan, o‘zbek tilshunosligi fani respublika ma’naviy-ma’rifiy tuzilmalaridan buyurtmalar olmadi.

 

Bugungi kundagi jadal globallashuv ma’naviyat muammosini yanada o‘tkirlashtirib, boshqa tegishli fanlar qatorida tilshunoslik zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklamoqda. Bu esa til va ma’naviyat muammosini o‘rganadigan alohida soha – lingvoma’naviyatshunoslik yo‘nalishi shakllanishini kuchli taqozo etadi.

 

Til va ma’naviyat mushtarakligi muammosining tilshunoslikda yechiladigan xususiy va boshqa fanlar bilan hamkorlikda tizimli hal etiladigan umumiy tomonlari mavjud.

 

Tilshunoslikning sistem-struktur yo‘nalishida o‘zbek tilidagi “ma’naviyat” kategoriyasining mohiyati, tuzilishi, tarkibiy qismlari, ular orasidagi munosabatlar, kategoriyaga bevosita yoki bilvosita mansub alohida birlik (so‘z, ibora kabi)larning xususiy ma’nosi, umuman olganda, alohida birliklarning tizim tashkil etish va tizimda vujudga keluvchi barqaror belgi-xususiyatlari ochiladi. Bu yo‘nalish tilshunoslikning ma’naviyatni tadqiq qiladigan boshqa yo‘nalish va sohalar uchun poydevor qo‘yish vazifasi bilan yetakchilik qiladi.

 

Shevashunoslik sohasida “ma’naviyat” lisoniy kategoriyasining xalq shevalarida uchraydigan unsurlari, ularning lisoniy qiymati va tarqalish jo‘g‘rofiyasi, adabiy muqobillari bilan munosabatlari tadqiq qilinib, zarur hollarda adabiy nutqdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga doir tavsiyalar va ularning asoslari ishlab chiqiladi.

 

Lug‘atshunoslik sohasi “ma’naviyat” lisoniy kategoriyasi unsurlarini lug‘atlarda berish muammosi bilan shug‘ullanadi. Akademik, ommabop va o‘quv filologik so‘zliklarida, alifboli va sistemali lug‘atlarda mazkur so‘zlarni berish va izohlash muammolari, maxsus lingvoma’naviyatshunoslik lug‘atlari va qomuslarini tuzish masalalari, shuningdek, tarjima va giperlug‘atlarda, milliy korpuslarda  birliklarning mohiyatini ochib berish kabi masalalar nazariy va amaliy lug‘atshunoslikning dolzarb vazifalaridan.

 

Qiyosiy va chog‘ishtirma tadqiqotlarda “ma’naviyat” lisoniy kategoriyasi unsurlarining o‘zga qurilishli va qarindosh tillardagi muqobillari va o‘xshashlari bilan munosabatlari o‘rganilib, lisoniy mohiyati va qiymati ochiladi, tarjima va o‘girish muammolari tadqiq qilinadi.

 

“Ma’naviyat” lisoniy kategoriyasi birliklarining nutqiy qo‘llanishi bir jihatdan, ular zamiridagi mohiyatning shaxs ma’naviy dunyosi prizmasidan o‘tib, munosabat, muloqot va nutq  faoliyatida namoyon bo‘lishi, umuman olganda, shaxsning ma’naviy takomillashuviga ta’siri, takomillashganlikni voqelantirish xususiyatlari, ikkinchi jihatdan, ma’naviy tashxis, tarbiya kabilar nuqtai nazaridan pragmalingvistika, sotsiolingvistika, psixolingvistika, neyrolingvistika kabi amaliy yo‘nalishlar tomonidan o‘rganilib, shaxs ma’naviyatini til vositasida takomillashtirishga doir bevosita yoki bilvosita tavsiyalar yaratiladi.

 

Ta’lim yo‘nalishi esa, bir tomondan, “ma’naviyat” lisoniy kategoriyasi unsurlari mohiyatini o‘quvchilarga singdirish, ikkinchi tomondan, ushbu tizimga kiruvchi til ifodalarining ma’noviy mohiyati ta’limi orqali ular shaxsiy ma’naviyatini yuksaltirish mexanizmini takomillashtirish vazifalarini o‘z zimmasiga oladi.

 

Har bir davr fan yoki uning yo‘nalishlari oldiga muayyan maqsad va vazifalarni qo‘yadi. Ijtiomiy yoki davlat buyurtmasidan kelib chiqib belgilangan aniq maqsad va vazifalar fan yoki uning yo‘nalishi faoliyatining natijalari muayyanligini ta’minlaydi.

 

Lingvoma’naviyatshunoslik yo‘nalishining bosh maqsadi – yuksak ma’naviyatli shaxs tarbiyasi uchun xizmat qiladigan ilmiy-amaliy mexanizm uchun muayyan lingvistik ta’minotni vujudga keltirish. Ma’naviy-ma’rifiy faoliyatimizda kutilgan natijalarga erishilmayotganligining sabablaridan biri ham ushbu maxsus lingvistik bazaning shakllantirilmaganligidir. Bu lingvistik baza “ma’naviyat” umummilliy lisoniy kategoriyasini kompleks tadqiq qilish natijasida yaratiladi.

 

Bir qarashda lingvoma’naviyatshunoslik an’anaviy lingvokulturologiyaning muqobilidek tasavvur uyg‘otadi. Biroq lingvokulturologiyaning o‘rganish obyekti va manbalari, muammolari, maqsad-vazifalari bilan tanishuv ularning o‘xshash va farqli tomonlarini tasavvur qilish imkonini beradi.

 

Nomidan ma’lumki, lingvokulturologiya til va madaniyat munosabati muammosi bilan shug‘ullanadi. Madaniyat esa moddiy va ma’naviy turlarga bo‘linadi. Lingvoma’naviyatshunoslik moddiy madaniyat muammosini chetda qoldirib, uning ma’naviy deb atalmish turini ham to‘liq qamrab olmay, undan o‘z hissasini ajratib oladi.

 

Lingvokulturologiya (lingvomadaniyatshunoslik)ning lingvoma’naviyatshunoslik kabi bir tarkibiy qismi bo‘lgan lingvomamlakatshunoslik (лингвострановедение) tillaridagi muqobilsiz leksika va bo‘shliqlarni tadqiq qiladi. Lingvokulturologiya miflashgan til birliklari, mifologem va arxetiplarni, urf-odat va rituallarni, maqol, matal, iboralar “jamg‘arma”sini, etalon, stereotip va ramzlarni, metafora va lisoniy obrazlarni, tilning uslubiy fondini, nutqiy xulq va nutq madaniyatini qamrab oladi.

 

Lingvoma’naviyatshunoslik aytilganlar sirasidan shaxs ma’naviyati va ma’naviy salohiyatiga tegishli hodisalarni o‘zi uchun xususiylashtiradi. Masalan, iboralarning barchasi lingvomadaniy xarakterga ega. Shu boisdan lingvokulturologiya aslida frazeologik birliklarni tadqiq qilishdan boshlangan. Lekin frazeologik birliklarning barchasi ham lingvoma’naviy xususiyatga ega emas. Yoki “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” maqoli lingvokulturologik talqinlar doirasida qaraladi. Biroq “Andishaning otini qo‘rqoq demang” maqoli shaxs milliy ma’naviyatiga bevosita daxldor.

 

Aytilganlarni umumlashtirgan holda ta’kidlash lozimki, lingvokulturologiya va lingvoma’naviyatshunoslikning o‘rganish manbasi va predmeti farqlanadi. Lingvokulturologiya obyekti lingvistika, kulturologiya, etnografiya va psixolingvistika kabi sohalar uchun umumiy bo‘lib, madaniyat, madaniy axborot “tashuvchisi” bo‘lgan til va til vositasida ushbu madaniyatni yaratuvchi inson orasidagi o‘zaro munosabat deyish mumkin bo‘ladi. Ushbu munosabatni voqelantiruvchi yuqorida sanalgan alohida hodisalar uning o‘rganish predmeti sanaladi. Lingvoma’naviyatshunoslik ham o‘rganish predmetining o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi va, ta’kidlanganidek, bevosita shaxs ma’naviyati bilan bog‘liq, uning tarkibiy qismlari va unsurlari bo‘lgan til ifodalarini qamrab oladi. Bu ifodalar so‘zlar, iboralar, so‘z birikmalari, maqollar, gaplar ko‘rinishlarida bo‘lishi mumkin. Masalan, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida Otabek tomonidan aytilgan “Aqlli kishilarning o‘g‘ullari ustidan qilg‘an ishlari albatta noma’qul bo‘lmas” sintaktik qurilmasi zamirida bevosita milliy xoslangan shaxs ma’naviyati yotadi. U shaxs farosati, e’tiqodi, munosabati darajasini namoyon qiladi. Farosat, e’tiqod, hurmat (munosabat) shaxsning ma’naviy barkamolligini ko‘rsatuvchi sifatlardan.

 

Ko‘rinadiki, lingvoma’naviyatshunoslik axloq (etika), psixologiya, lingvokulturologiya, etnografiya, sotsiolingvistika kabi qator fanlar bilan umumiy o‘rganish obyektiga ega bo‘lsa-da, uning o‘ziga xos predmeti yaqqol ajralib turadi.

 

Bir qarashda lingvoma’naviyatshunoslikni alohida nom bilan ajratib ifodalash zarurati yo‘qdek, uning muammolarini lingvokulturologiya bag‘rida o‘rganaverish mumkindek tuyuladi. Biroq bunga monelik qiladigan ikki jihat mavjud:

 

birinchidan, lingvokulturologiya o‘z muammolarini ko‘proq turli qurilishli tillar kesimida tekshirishi an’analashgan, lingvoma’naviyatshunoslik esa tadqiq predmetini bir til doirasida ham, turli tillarni qiyoslash asosida ham o‘rganish bilan xarakterlanadi;

 

ikkinchidan, lingvoma’naviyatshunoslikning mustaqillashuvi til va ma’naviyat mushtarakligi muammosiga global hodisa sifatida lingvokulturologiyaning boshqa masalalariga nisbatan alohida va ustuvor e’tibor qaratish zarurati natijasi.

 

G‘arb tillarida ma’naviyat so‘zining aynan muqobili bo‘lmaganligi sababli lingvoma’naviyatshunoslik terminini zo‘rma-zo‘raki tarjima qilmasdan, rus tilida lingvoma’naviyatologiya, ingliz tilida linguomanaviatology / linguoma’naviyatshunoslik deb berish maqsadga muvofiq va u ushbu yo‘nalishning originalligi va mustaqilligini yana bir bor namoyish etadi (AQShdagi ilmiy jurnallardan birida shu atamani tushuntirib berganimizdan keyin chop qilingan edi: Spirituality in the soul of the language: about linguomaʼnaviyatshunoslik and its perspectives // American Journal of  P. 32). Masalan, ma’naviyat so‘zining rus tiliga духовность deya tarjima qilinishi ham zo‘rma-zo‘rakilikdir, chunki духовность so‘zining mag‘zida “diniy” ma’nosi yotadi (ingliz tiliga ham, albatta). Muqobili bo‘lmasa, ma’naviyat so‘zining o‘zini beraverish kerak. Kurash, chala, yonbosh so‘zlari kabi bu so‘z ham jahon tillari boyligiga bizning hissamiz bo‘lib qo‘shiladi.

 

Lingvoma’naviyatshunoslik tadqiqotlari umumiy va xususiy metodologik tamoyillariga asoslanadi. Tadqiqotlarning metodologik asoslarini quyidagicha tartiblash mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim va tarbiya, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha farmon va qarorlari, ma’ruza va chiqishlari, fikrlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash haqidagi qarorlari, ta’lim-tarbiya sifatini takomillashtirishga doir me’yoriy hujjatlar, fan va ta’lim-tarbiya uyg‘unligi tamoyillari yo‘nalish tadqiqotlarining nazariy va amaliy ahamiyatini kuchaytirishga asos bo‘ladi. Tilning saqlovchilik vazifasini “ma’naviyat” lisoniy kategoriyasi birliklari misolida yoritish, ularda til va ma’naviyat mushtarakligini ko‘rsatish, lingvoma’naviyatshunoslik tahlili natijalarini ta’limda amaliy foydalanish samaradorligini oshirish mo‘ljaliga yo‘naltirish uchun tayanch vazifasini o‘taydi.

 

Falsafiy nuqtai nazardan dialektikaning miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tishi, inkorni inkor va qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni, umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab va alohidalik, hodisa, voqelik, oqibat tushunchalari, bilish nazariyasining amaliy va nazariy bilim turlarini farqlash haqidagi ta’limoti, tasavvuf falsafasining zot va tajalli nazariyasi, komil inson konsepsiyasi asos vazifasini o‘taydi.

 

Umumfan tabiatli tizim, unsur va munosabat dialektikasi ta’limoti “ma’naviyat” lisoniy kategoriyasiga sistema sifatida yondashib, bu sistemaning yashash qonuniyatlariga doir masalalarni bayon etishda qo‘l keladi.

 

Lingvistik tabiatli lison, me’yor, nutqning yaxlitligi va alohidaligi haqidagi ta’limot mazkur kategoriyaga muloqot, munosabat va faoliyat sistemasi ko‘zgusida qarab, bu sistemaning shakllanishida lisoniy va nolisoniy omillar hamkorligini o‘rganishda nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

Lingvoma’naviyatshunoslik tadqiqotlarida, sof lingvistik tadqiq usullaridan tashqari, kulturologik va sotsiologik metodlar – konsept tahlili, freymal, narrativ analiz, tasnif va tavsif, lingvistik qayta tiklash usullari, ma’noning makrokomponent va mikrokompenent modeli, psixosotsiokulturologik eksperimentlar, matnlarning lingvoma’naviy tahlili – germenevtik metod kabilar qo‘yilgan muammolarning samarali yechimi uchun muhim vositalar bo‘lib xizmat qiladi.

 

Lingvoma’naviyatshunoslik tadqiqotlari ta’lim va tarbiya uchun xizmat qiluvchi,  aniq samarani ko‘zlab ishlaydigan yaxlit sistemaning lingvoma’naviy bazasini shakllantiradi. Kun sayin chuqurlashib, o‘tkirlashib borayotgan shaxs ma’naviyati muammosini hal etish, kelajak yaratuvchilari bo‘lgan yuksak ma’naviyatli yosh avlodni voyaga yetkazishning ilmiy va amaliy asoslarini vujudga keltiradi. Aslida insonshunoslik fani bo‘lgan lingvistikaning shaxs tarbiyasiga o‘zining munosib va zotiy, tabiiy hissasini qo‘shishini ta’minlaydi. Tilshunoslikning shunchaki “tadqiqotlar tadqiqotlar uchun” tamoyili asosida ish ko‘rishidan shaxs ma’naviyati rivojiga, yosh avlodning shaxsiy takomillashuviga ko‘maklashadigan, kerak bo‘lsa, bunga daxldor sohalar oqimida yetakchi o‘ringa ko‘tarilishiga olib keladi.

 

Lingvoma’naviyatshunoslik taqlid va ergashuvchanlikdan xoli, mamlakatimizda shakllangan va dunyo tilshunosligi sahnasiga chiqayotgan gradual lingvistika, substansial-pragmatik tilshunoslik kabi amaliy samarador milliy fan yo‘nalishi bo‘ladi.

    

Baxtiyor MENGLIYEV,

Toshkent amaliy fanlar universiteti tadqiqotchi-professori,

filologiya fanlari doktori

1 Izoh

Sadoqat

11:02 / 26.02.2024

Assalomu alaykum ustoz InshaAlloh Lingvomaʼnaviyatshunoslik taʼlim va tarbiya uchun xizmat qiladigan fan boʻladi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 570
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//