Bir asar tarixi
Mustabid tuzumda oʻz yurti tarixi haqida badiiy asar yozishga bel bogʻlagan shoir, yozuvchi borki ikki oʻt orasida qovurilardi. Bir tomonda haqiqat tigʻi, ikkinchi tomonda “dorning ogʻochi”... “Navoiy” romani Oybekni, “Mirzo Ulugʻbek” dramasi M.Shayxzodani, Ibn Sino, Beruniy, Forobiy kabi buyuk allomalarga bagʻishlangan “Jayhun ustida bulutlar” kitobi Mirkarim Osimni, “Ulugʻbek xazinasi” romani Odil Yoqubovni mana shu ikki oʻt orasiga tashlagani kabi, Pirimqul Qodirov ham Boburga bagʻishlangan asari uchun ne savdolarni boshdan oʻtkazmagan, deysiz. Bu asarlar asosida kino yoki telefilm suratga olish esa undan-da ogʻir edi. Oyina.uz navbatdagi “Bir asar tarixi” ruknida “Yulduzli tunlar” romani va u asosda yaratilgan koʻp qismli televizion film tarixiga toʻxtaladi.
Roman haqiqatlari
“Yulduzli tunlar” tarixiy romani 1972-yilda yozib tugallangan boʻlsa-da, uning nashr etilishiga olti yil toʻsqinlik boʻldi. Bu haqda muallifning oʻzi asarning mustaqillik yillarida qayta nashri soʻz boshisida shunday yozgan edi: “1979-yilda rahmatli Sharof Rashidovning yordami bilan roman kitob boʻlib chiqdi. 1981- yilda unga Davlat mukofoti ham berilganligi mustabid tuzum zolimlarining qahrini keltirgan boʻlsa kerak. Ular “paxta ishi”, “oʻzbek ishi” degan dahshatli tuhmatlar davrida Amir Temur va Bobur mirzoga qarshi yangi hujumlar uyushtirib, meni ham roman bilan birga loyqa sellar girdobiga tortib tushirishga urinib koʻrdilar”.
Asosan “Boburnoma”ga tayangan Pirimqul Qodirov faqat va faqat haqiqatga suyanishga, Bobur shaxsiga mustabid tuzum koʻrsatmalariga koʻra “bosqinchi” shoh niqobini yopishtirmaslikka, shu bilan birga Boburni haddan ortiq ideallashtirmaslikka harakat qildi. Shuning uchun ham bu asar hanuzgacha tarixiy faktlarga boyligi, haqiqat va badiiy toʻqima muvozanatini saqlaganligi bilan eʼtirof etiladi.
“Yulduzli tunlar” nashr etilganidan soʻng asarning shuhrati katta boʻldi. Asar tarixiy biografik roman ixlosmandlari orasida qoʻlma qoʻl oʻqildi. Tarixga haqiqatparvar yozuvchi nigohi ila xolis baho berilgani sababli roman xalqning sevimli asariga aylandi, adabiyotshunos va tarixchilar tomonidan yuksak bahosini oldi. Asarni varaqlasak, 1494-yildan 1530-yillar oraligʻidagi juda katta hajmdagi tarixiy voqelik Pirimqul Qodirovning yuksak badiiy mahorati bilan ifodalangani guvohi boʻlamiz.
12 yoshida otasi Umarshayx mirzoning bevaqt oʻlimidan soʻng taxtga oʻtirishga majbur boʻlgan Boburni beklar oʻz tomonlariga ogʻdirishga harakat qilishlari, oʻgay ukasi – oʻzidan ikki yosh kichik Jahongir mirzoni unga qarshi qoʻyishlari, gʻalaba u tomonda boʻlganda uni alqashlariyu, magʻlubiyatga uchrasa xoinlik qilishlari, Shayboniyxon temuriylarning soʻnggi avlodlarini birma bir yoʻq qilishi, Boburning boshiga oltin vaʼda etilishi, Samarqand qamalida opasi Xonzoda begim oʻzini qurbon qilib, ukasini asrab qolishi voqealari tarixning oʻzi chalkash dramatik voqeliklarga boyligini isbot etadi.
Mazkur asar orqali Bobur oʻzbek xalqining chin qahramoni boʻlib boʻy koʻrsatgan edi. Asarni oʻqigan har oʻquvchi qalbini faxr va iftixor hissi qamrab oladi. “Yulduzli tunlar”ning nashri Bobur ijodiga, “Boburnoma”ga boʻlgan qiziqishni kuchaytirib yuborgan boʻlsa, “Bobur” serialining namoyishi bu qiziqish va muhabbatni yuz chandon oshirdi.
“Bobur” teleseriali tarixi
1990-yilda Oʻzbekiston hali sobiq sovet mamlakatlari tarkibidan chiqmagan bir paytda “Bobur” televizion koʻp qismli filmining namoyish etilishi juda katta voqea boʻldi. Aslida bu videofilm ustida 1984-yilda ish boshlangan edi. Ammo, ayrim sabablarga koʻra jarayon toʻxtab qoladi. Maqsud Yunusov intervyulardan birida “Bobur” serialining epizodlaridan birini suratga olib, yozuvchi Pirimqul Qodirovga koʻrsatganini, yozuvchi telerejissyorning mehnatlarini qadrlagan holda, oʻzining qimmatli maslahatlarini ham ayamaganini aytib oʻtgan.
“Bobur” serialiga qadar xalqqa manzur boʻlgan bir necha televizion filmlar suratga olgan Maqsud Yunusovning ijodiy tajribasi katta edi. Rejissyor “Yulduzli tunlar” romanini inssenirovka qilib, telessenariy yozadi. Respublikaning barcha shahar va viloyat teatrlaridan aktyorlarni tanlaydi. Uzoq muddat tayyorgarlikdan soʻng, oʻsha vaqtda Surxondaryo viloyat teatrida ishlayotgan Muhammadali Abduqunduzovga Bobur rolini ishonib topshiradi.
Kino-televizion badiiy asarlarda munosib bosh qahramon tanlay olish asarning 50 foiz muvaffaqiyati garovidir. Maqsud Yunusov hali kinofilmda ham rol oʻynab koʻrmagan aktyorni bosh rolga taklif etishi bir qadar xavfli ham edi. Chunki, teatr sahnasi bilan aktyor yuz ifodasining har bir mimikasini roʻy rost tasmaga muhrlaydigan kamera orasida katta farq bor. Ammo, Maqsud Yunusov nafaqat bosh rollar ijrochilarini, balki videofilmdagi har bir rolga teatr aktyorlarini taklif qiladi. Aktyorlar bilan yakkama yakka ishlagan rejissyor pirovardida “Bobur” seriali orqali katta muvaffaqiyatga erishadi.
Bobur
Aktyor Muhammadali Abduqunduzovning ijodiy faoliyatida Bobur obrazi alohida oʻringa ega. Bu obrazni oʻzining eng kuchga toʻlgan davrida yaratgan M.Abduqunduzovni hanuzgacha tomoshabin oʻz Boburi, deb biladi. Oʻziga xos ovoz tembri bilan gʻazal oʻqigan, ahli ayoliga alohida muomala, saroy ayonlariga yana bir boshqacha muomalasi bilan, doʻstu dushmaniga xarakterining turli qirralarida namoyon boʻlgan Bobur – Abduqunduzov ruhiyatidagi evrilishlar teleserialning qismdan qismga oʻtishda sayqallanib boradi. Rejissyor va ssenariynavis M.Yunusov badiiy asardagi syujet ketma ketligiga keskin oʻzgartirish kiritmaganligi va Pirimqul Qodirov qalamiga mansub dialog va monologlarni deyarli oʻzgartirmagani sababli XV asr adabiy turkiy tiliga xos nafosat, nazokat va saroy muhitiga oid koʻtarinki ruh Boburning ekrandagi obrazini haqqoniy va ayni paytda havas qilarli darajada badiiy ifodalanishiga yordam bergan edi.
Serialning 1-2 qismlarida 12 yosh va 15-17 yosh oraligʻidagi ikki yosh aktyorlarda bir oz gʻoʻrlik, bir oz oʻziga ishonchsizlik holatlari guvohi boʻlsak, 3-qismdan boshlab Boburdagi yigitlik shijoati, janglarda toblangan shahzoda qatʼiyati boʻy koʻrsatadi. Shu bilan birga nazm va navoga boʻlgan kuchli havas Boburning Samarqandni ikkinchi bor qoʻldan boy berishiga sabab qilib koʻrsatiladi. Shunda, tomoshabin sifatida koʻngildan Bobur aslida shohlik uchun tugʻilmagan-da, u qalban nazm va nafosat kuychisi degan fikr kechadi. Ayniqsa, opasi Xonzoda begimning Shayboniyga sulh evaziga turmushga chiqishi oldidan opa va uka suhbati oʻta taʼsirli ifodalangan. Bobur Xonzoda begim unga bildirmay Samarqand darvozasidan chiqib ketganini kech biladi. Boburning noilojlik va alamdan azoblangan qiyofasini koʻrish ham azobli. Tomoshabin Boburning holiga bir achinsa, darvoza oldida qizining ortidan yigʻlab qolgan Qutlugʻ Nigor xonim holiga ikki achinib yigʻlaydi. Ayni paytda saroydan uzoqlashib borayotgan 25 yoshli goʻzal va sarvqomat malika Xonzoda begimning jasoratiga tahsin oʻqiydi.
Koʻplab temuriy podshoh va shahzodalar oʻz ogʻa inilari yoki qavmlari bilan taxt talashib, bir birining joniga qasd qilishlari oddiy hol boʻlganini tarix tasdiqlaydi. Shoh Bobur esa oʻgay ukasi Jahongir mirzoga Fargʻona viloyatining yarmini boʻlib beradi, opasi va farzandlari bilan inoqlikda yashaydi. Hatto, oʻgʻli Humoyun oʻlim bilan olishgan mahalda Allohdan oʻgʻlining joni oʻrniga, oʻz jonini olishini soʻrab iltijo qiladi. Ana shu tarixiy fakt ham bu videofilmda oʻzgacha bir shukuhda ifodalangan. Sirli tarixiy hodisa roʻy bergani qayd etilgan koʻplab manbalarda Bobur oʻgʻlining jonini soʻrab betob Humoyun boshi uzra aylanarkan, tobora oyoqlaridan mador ketib, kuchdan qoladi. Mana shu sahnada oʻgʻli atrofida aylanayotgan Bobur, hushsiz yotgan Humoyun, bu holni hayron boʻlib kuzatib turgan tabib va boshqa ayonlar – hammasi bir kadrda jamlanib, tomoshabinni kuchli hayajonga soladi.
Boburning zaharlanishiga sababchi boʻlgan malika Baydani tirik qoldirishga buyruq bergan Bobur – aktyor M.Abduqunduzov soʻzlaridagi keskinlik, nigohlaridagi uchqun goʻyo u kelajakni oldindan koʻrib turgandek, boburiylar avlodi 300-yildan ortiq Hindistonda hukmron boʻlishini bilgandek qatʼiyat bilan soʻzlaydi.
Shayboniyxon
“Bobur” serialida Boburdan keyin katta taʼsir kuchiga ega boʻlgan obraz Shayboniyxon obrazidir. Bu rol Buxoro viloyat teatri aktyori Muhammad Rafiqovga topshiriladi. Ayrim tarixiy faktlar va buyuk musavvir Behzod qalamiga mansub suratda Shayboniyxon koʻrkam etib tasvirlanmagan. “Boburnoma” da Bobur ham gʻanimining jang bobida “purtajribalik” ekanini tan olsa ham, takabbur, maqtanchoq va islom aqidalariga koʻp ham amal qilmasligi haqida yozgan. Bulardan farqli tarzda teleserialda Shayboniyxon xushbichim, koʻrkam va aqlli inson sifatida koʻrinadi. Oʻzining jangovar tajribasi, bilimi bilan ayonlari oldida soʻzamol boʻlgan Shayboniyxon Samarqand taxtini jangsiz qoʻlga kiritishda ayyorlik qiladi. U Sulton Maxmudxonning bevasi Zuhra begimga soxta ishqiy maktub yoʻllab, uning oʻgʻli Sulton Ali mirzoni aldab huzuriga chorlaydi. Shohning hiylasiga uchgan ona-bola Shayboniy va uning ayonlari tomonidan kalaka qilinadi.
Aktyor Muhammad Rafiqov bu ikki Samarqandning sobiq hukmdorlari sigʻingan pir Xoʻja Yahyoga qarata aytgan gaplari esa tarixda mujmalroq boʻlgan muammoli masalalardan biriga bir oz oydinlik kiritgandek. Xususan, Xoʻja Ahror haqida u shunday deydi: “Bu mirzolaringning piri — sizning otangiz Xoʻja Ahror edi. “Men valiyman” deb, podshohlarga hukmini oʻtkazib, juda katta boylik orttirgan edi. Bizning xabarimiz bor, otangizdan sizga juda koʻp oltin qolgʻan. Otangiz oʻlgandan keyin, mana, oʻn bir yildan beri siz Samarqandgʻa ruhoniy ota boʻlib yuribsiz. Siz ham nafsga berilib, juda koʻp siymu zar toʻplagʻansiz. ...Sizning yana bir muridingiz ayol boshi bilan er istab kelib, pastda oʻtiripti. Sizning qanday pirligʻingizni mana shular koʻrsatib turipti! Siz avval muridlaringizga xiyonat qilib, Samarqandni Boburga bermoqchi boʻldingiz. Keyin bular pirlariga xiyonat qilib, mening oldimga keldi. Xiyonat ustiga xiyonat! Biri u yoqqa tortsa, biri bu yoqqa tortadi! Podshoh oʻzicha-yu, din rahnamosi oʻzicha! Biri birini aldaydi. Biri birining goʻshtini yemoqchi boʻladi!”
1500-1510-yillar mobaynida Movarounnahrda markazlashgan davlat bunyod etgan aqlli va tadbirkor Shayboniyxonning oʻziga xos qiyofasi “Bobur” seriali orqali ajoyib talqinda namoyon boʻldi. Bu talqin Shayboniyxonga bir taraflama baho berish, uni koʻchmanchi, savodsiz, bosqinchi sifatida emas, Buxoroyi sharifda tahsil olgan, diniy bilimga ega, shu bilan birga jangovar hiylalarni koʻp qoʻllaydigan siyosatchi sarkarda sifatida koʻrsatdi. Bu talqin sharqshunos va tarixni yaxshi bilan Pirimqul Qodirovning qalamiga mansub badiiy voqelik boʻlsa-da, asosida haqiqat mavjudligini keyingi vaqtlarda Shayboniyxon toʻgʻrisida ochiqlayotgan tarixiy faktlar isbotlaydi.
Tarix charxpalagi va ayollar
Videofilmda yana bir necha ayol obrazlari borki, barcha voqealar shu obrazlar atrofida birlashadi. Xususan, Xonzodabegim, Umarshayx mirzoning zavjalari Qutlugʻ Nigor xonim, Fotima Sulton, Sulton Ali mirzoning onasi Zuhra begim, Husayn Boyqaroning bevasi Xadicha begim, Boburning zavjalari Oysha begim, Mohim begim obrazlari voqealar rivojida hal qiluvchi vazifani bajaradilar.
Xonzodabegim
Videofilmda markaziy ayol obrazlaridan biri Xonzoda begim obrazidir. Bu obrazni talqini aktrisa Zuhra Ashurovaga berildi. Zuhra Ashurova taqdir zarbalariga mardonavor chidagan oʻzbek malikasi obrazini maromida ijro etadi. Yosh va goʻzal qiyofasiga monand nafis ovozi, dono soʻzlari Boburni ilhomlanishiga, kelajakka ishonishiga va ijodini tashlab qoʻymaslikka undaydi.
Mavlono meʼmor Fazliddinning yashirin muhabbatiga befarq boʻlmagan malika sifatida taʼriflangan badiiy asarda tarixiy haqiqat mavjud yoki yoʻqligi haqida biz biror bir maʼlumot uchratmadik. Lekin “Yulduzli tunlar” da ham, videofilmda ham Xonzoda begim va Fazliddin orasidagi dardli muhabbat tarixi tomoshabinni oʻziga jalb etadi. Xonzoda begimga Ahmad Tanbal sovchi qoʻyganda Bobur opasining noroziligiga qarshi bormasligi, Xonzoda begim Ahmad Tanbal xoinlik qilganida jangga oʻzi chiqmoqchi boʻlib mardona kiyinib olishi, uni Fazliddin Ahmad Tanbaldan himoya qilishga urinishi, meʼmor Fazliddin Xonzoda begim iltimosiga koʻra uning suratini chizishi va finalda ular ikkisi Kobulda oʻtmishni eslab gʻamnok boʻlishi lavhalari nihoyatda taʼsirli.
Tarixda jasoratli malika boʻlib nom qoldirgan Xonzoda begim Samarqand qamalidan ham xalqni, ham ukasi Boburni ozod qilgan malikadir. U Shayboniyxonning sulh taklifi shartiga rozi boʻlmaganida Samarqand ichkarisidagilarning bari azobda qolgan va tarix charxpalagi boshqacha aylangan boʻlardi.
Shayboniyxon shoh Ismoil tomonidan yengilib, oʻldirilgach, Bobur opasi Xonzoda begim bilan qayta topishadi. Manbalarga koʻra, Bobur opasini uzoq ayriliqdan soʻng ilk marta koʻrganida tanimaydi. Xonzoda begim ham Boburni tanimaydi. Videofilmda ham bu sahna televizion imkoniyatlar darajasida haqqoniy ifodalangan. Oʻn yillik ayriliqdan soʻng Xonzodabegim obrazi aktrisa Sayyora Yunusovaga topshiriladi. Sayyora Yunusova talqinidagi endigi Xonzodabegim yoshlik shijoatini gʻamgin nigohlar egallagan, mayin tabassumi ortiga oʻtmish dardlarini yashirgan malika edi.
Zuhra Begim
Aktrisa Mahfuza Bobotillayeva Samarqandning soʻnggi temuriy malikasi Zuhra begim obrazini yaratdi. Zuhra begim oʻz nomi va xatti-harakatlari tarixda qolishini oʻylamagan ojiza ayol sifatida taxtni tashlab, dushmani Shayboniyxondan panoh soʻrashi va bu bilan oʻgʻlini ham dunyodan erta koʻz yumishiga sababchi boʻlib qolishi tomoshabinni hayratga soladi.
Shayboniydan kelgan ishq maktubini qayta qayta oʻqir ekan Zuhra begim – M. Bobotillayeva shirin xayol ogʻushiga choʻmadi. Boshqa tomondan, aldanayotganini taxmin qiladi. Bu ikkilanishlar aks etgan chehraga boqib, katta ehtimol bilan uning aldanayotganini tomoshabin sezib turadi. Ammo, baribir tarix haqiqatiga koʻra Zuhra begim aldanadi va oʻgʻlining tanasidan judo boʻlgan boshini koʻrib qon yigʻlaydi. Videofilmda bu detallar koʻrsatilmagan, lekin Shayboniyxonning hiylakor yolgʻonchi ekanligi ochiqlangan.
Xadicha begim
Tarixda juda katta shuhrat topgan temuriy malikalardan yana biri Xadicha begimdir. Husayn Boyqaroning sevimli rafiqasi boʻlgan bu ayol oʻz mavqeyidan foydalanib, Boyqaroning suyukli nabirasi, kelgusida taxt vorisi boʻlishi kutilgan Moʻmin Mirzoning oʻlimiga sababchi boʻlgani qayd etilgan. Bu obraz aktrisa Oydin Norboyevaga topshiriladi. U Xirotda Boburni ochiq chehra bilan qabul qiladi. Boburning birlashib, jang qilish kerak, degan taklifiga esa bepisand qaraydi. Ammo, Shayboniyxonning lashkarlari u yashiringan qalʼani zabt etganlarida, Xadicha begim yosh Moʻminmirzo oʻlimiga sababchi boʻlgani eslatiladi va unga behurmatlik bilan munosabat qilinadi.
Mohim begim
Humoyunning onasi, Boburning sevimli rafiqasi Mohim begim oʻgʻli Humoyunni ham, kundoshi Dildor begimning farzandlari Gulbadan begim va Hindolni ham bir-birlariga mehrli, ilmga eʼtiborli qilib tarbiyalaydi. Bobur bu rafiqasi bilan qalban yaqinligi uchun ham uni qattiq eʼzozlagan. U bilan sirlashgan va boshqa rafiqasidan boʻlgan farzandlari tarbiyasini ishonib topshirgan. Ehtimol, shu tarbiya sabab Humoyun mirzoga bu ikki aka singil sadoqatli chiqdilar. Gulbadan begimning “Humoyunnoma” asari ham dunyoga mashhur voqeiy asar boʻlib qoldi. Mohim begim Bobur uchun yaqin va suyukli boʻlgan ayollar qatoridadir. Uning goʻzallikdan tenggi yoʻq chehrasi, husnu xulqi, dono va bilimi tarixda yozib qoldirilgan. Shu bilan birga tarix charxpalagini teskari aylantirishga qodir boʻlgan Xadichabegim kabi ayollar ham qoʻlyozmalarda qayd etildi.
Serial saboqlari
“Bobur” teleseriali 10 qismdan iborat boʻlib, har bir qismi 1 soati 20 daqiqa atrofida davom etadi. 300 betdan oshgan katta hajmdagi epik asarni 10 qismli teleserialda aks ettirish juda mushkul ish edi. Rejissyor Maqsud Yunusov asarni inssenirovka qilganida davriy ketma ketlik buzilmasligiga, muhim faktologik voqealar tushib qolmasligiga, shu bilan birga teleasarga tomoshabin ishonishiga qattiq harakat qilgan. Shuning uchun ham asosiy urgʻuni aktyorlar ansambliga qaratgan. Teleserialdagi har bir obraz, har bir epizod tomoshabin yodida qoladi. Tanlangan mizansahnalar operator, rassom va aktyor hamjihatligida katta mahorat bilan suratga olingan. Toʻgʻri, televideniyening moddiy imkoniyatlari tarixiy serialni yanada haqqoniy suratga olishda zaiflik qilgan jihatlar yoʻq emas. Masalan, saroy muhitini yaratishda yemirilib borayotgan mustabid tuzum imkoniyatlari koʻrinib qolgan. Ammo, imkon darajasida sanʼatga xos shartli muhit yaratilgani va bu muhitda aktyorlar yashaganini inkor etolmaymiz.
Bobur siymosi mazkur serial tufayli oʻzbek tomoshabiniga yanada qadrli va yaqin boʻlib qoldi. Shoh va shoir oʻz hayoti bilan “Vaqoye” asarida ilgari surgan aqida va maslagiga sodiq qolganini u haqida turli tillarda yozilgan tarixiy va badiiy asarlar tasdiqlaydi. “Bobur” videofilmi esa mustabid tuzumda suratga olinganiga qaramay, bir taraflama talqindan chekingan, haqiqat tigʻiga dosh bergan asar boʻlib yashab kelmoqda.
“Yulduzli tunlar” romanini yana qayta televizion serial qilish uchun bugun asosli dalillar yetarli. Bir necha yuz seriali teleserial suratga olish va xuddi turklarning “Muhtasham yuz yil” seriali kabi dunyoning bir necha mamlakatlariga sotish mumkin. Buning uchun hozirgi kunda maishiy turmush “gʻiybatlari” aks etgan seriallarga sarflanayotgan behisob mablagʻlarni bir joyga toʻplash va dunyoga maqtanishga arzigulik buyuklarimizni jahonga tanitishga astoydil harakat qilishimiz kerak.
Shohida ESHONBOBOYEVA,
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q