“Kitob doʻkoniga “Lolazor” kelganmish!” Ana boʻlarkan-ku, qoʻlimni oyogʻimga olib, kechirasiz, shoshganimdan adashib ketdim-a, oyogʻimni qoʻlimga olib kitob doʻkoniga chopdim. Afsus, tugab qolibdi. Necha yildan beri izlaganim, bir zamonlar talabalikda oʻqiganim, kitob javonimning eng tepasida turishini istaganim – “Lolazor” yana nasib qilmadi.
– Nahot, tugadi, balki bitta-yarim qolgandir, – dedim umid bilan.
Sotuvchi qiz mening holatimga hayron boʻldi va dedi:
– Yana “zakaz” qilganmiz, keladi.
– Kelsa-yu, yana shu ahvol boʻlsa-chi?! Kech qolsam-chi?! – xavotirimni aytishdan tortinmadim.
– Siz uchun bitta olib qoʻyaman, xabar olib turing! – dedi qiz.
Naq ikki oycha xabar olib turdim. Har oʻtganimda soʻrayman. Keyingi borishlarimda, soʻramasam ham, “Lolazor” kelmadi” deydigan boʻlishdi. Ishqilib, kitob doʻkoni xodimalari menga “Lolazor” degan laqab qoʻyishmasin-da. Balki orqavorotdan shunday deyishayotgandir, har qalay buni men eshitmadim. Ammo har kitob doʻkoniga kirganimda quruq qaytmasdim. Bir-ikki asarni qoʻltiqlab chiqaman. Kitob javonim ham toʻlishib, chiroyli koʻrinishga kelib qolgandi.
Kecha doʻkonga kirsam, ne koʻz bilan koʻrayki, “Lolazor”ning besh-oltitasi turibdi-da yal-yal yonib! Koʻzlarimga ishonmadim. Shartta ikkitasini bagʻrimga bosdim-u, pulini toʻlashga oshiqdim.
– Voy, siz ham “Lolazor”ni juft oldingizmi? – dedi sotuvchi qiz.
– Ha, bu yomonmi? – dedim. – Uchtadan olish kerakmidi? Unday boʻlsa, yana bitta olganim boʻlsin.
– Yoʻq-yoʻq, meni tushunmadingiz. Bu kitob oʻtgan kuni kelgan edi. Tugab qolay dedi darrov. Kim kelsayam, “Lolazor”ni ikkitadan olib ketishyapti. Doʻkonimiz ochilganidan beri hech qaysi kitob bu darajada sotilmagan edi, – izohladi u shosha-pisha.
– Ajoyib-ku! Kitob bunga munosib! – dedim ishonch bilan unga.
Qanot chiqargandek, ishxonamga tez qaytib keldim-u, oʻqishga shoʻngʻib ketdim...
Shu oʻrinda bu kitob haqida sizga yolgʻon, menga chin, bir voqeani aytib beraman: talabaligimizda bir hamxona kursdoshimiz “Lolazor”ni boshiga yostiq qilib yotardi. Tavba, dasturxon boshidayam shu kitob edi. Boʻsh qolsa, “Lolazor, lolazor” degan qoʻshiq aytadi. “Hoy inson, buncha yopishib olding, ber, qani, biz ham mundoq oʻqiylik”, desam, ushlab koʻrishga-da qoʻymaydi, juda gʻalati. Qiziqishim oshib, u uxlaganda, biror joyga chiqqanda besh-oʻn varagʻini oʻqiyman. Qaydandir keladi-yu, shartta tortib olib qoʻyadi. “Zarur boʻlsa topib oʻqi, lekin bunga qoʻl tekkizma!” Bilishimcha, shu yigitcha “Lolazor”ning anchagina qismini yodlab ham olgan edi. Baʼzida monolog ham oʻqib qolardi. Xullas, boʻlmadi, viloyat kutubxonasiga borib, tanish opalarga yalina-yalina oʻqilaverganidan titilib ketgan “Lolazor”ni olib kelib oʻqidim. Tugatmaguncha “enbi” tushsayam darsga bormasdan oʻqiyverdim-oʻqiyverdim. Baʼzi sahifalarini qayta-qayta oʻqidim. Keyin haligi kursdoshimga aytdimki: “Endi ikkovimiz tengmiz”, deb. U mudom bizni masxara qilardiki, “Senlar ham yuribsizlar, “Lolazor”ni oʻqimay!” Biz mulzam qolardik oʻsha paytda...
Sevimli yozuvchimiz Murod Muhammad Doʻstga chandon havas qilganman. Axir, shu kitobni deb yoqalashishgacha borganlarni-da koʻrdim. Bundan ortiq yozuvchiga ne kerak, birodarlar! “Shunday asar yozsangki, kitobxon uni oʻqiyotganida hamma narsani unutsa, asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Kitobni oʻqib boʻlgan kuni kechasi bilan uxlamay, toʻlgʻanib chiqsa… Vaqti kelib oʻsha kitobni yana qoʻliga olganida qaytadan hayajonga tushsa… Orzum shu...”, deb yozgan edi ustoz adib Oʻtkir Hoshimov. Ne ajabki, bu baxt Murod Muhammad Doʻstga ming bora nasib etdi, desam yanglishmagan boʻlaman.
Kezi kelganda aytish lozim, mutolaa qilish baxtiga bizni ozmi-koʻpmi musharraf etgan behad zahmatkash va mehnatkash doʻstimiz Davronbek Tojialiyevga minnatdorligimni bildiraman. Azbaroyi kitobga muhabbati uchun juda qattiq hurmat qilaman. Bu yigitning saʼy-harakati bilan koʻplab topish mushkul boʻlgan nodir kitoblar elektron koʻrinishda “Ziyouz” saytidan joy oldi. Hatto “Lolazor” ham.
Lekin maqtanish boʻlsayam aytaman, biz kabi kitobni suyganlarga elektron tarzda oʻqish ancha mushkul savdo. Uch-toʻrt sahifani oʻqiguncha “dod” deyishgacha borasan, kishi. Lekin elektron shaklining ham boriga shukr. Buyam bir imkoniyat emasmi?! Uzr, koʻp gapirib yubordim, oʻzi vaqtim kamroq edi, “Lolazor”ni oʻqiyotgan edim...
Doʻstbek SULAYMONOV
Tarix
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q