Jurnalistlar Don Kixot singari “telba” boʻlishini xohlayman – Akbar Nurmatov


Saqlash
18:23 / 12.02.2024 1066 0

Uzoq yillik pedagogik faoliyatingizda toʻplagan tajribangizga tayanib, bugungi kun taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlarga munosabatingiz yoxud bahoyingiz?

 

Bugungi kun taʼlimiga baho berishdan avval boʻlgan voqealarga, vaziyatlarga bir sidra nazar tashlashimizga toʻgʻri keladi. Aslida taʼlim biroz konservativ soha. Unga hadeganda oʻzgartirishlar, yangiliklar kiritaverish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Masalan, biz mustaqillikdan keyingi yillarda taʼlimda qancha bosqichlarni bosib oʻtdik. Oddiygina reyting tizimini olaylik. XX asr 90-yillarining boshida chet elga chiqib kelgan baʼzi mulozimlarimiz xorij taʼlimidagi uzuq-yuluq tajribalarni oʻzimizga joriy etmoqchi boʻlishdi. Niyatlar ulugʻvor edi, lekin real vaziyat buni doim ham toʻgʻri qabul qilmadi. Buning ustiga, bir ishni tugatmasdan turib, boshqasiga oʻtib ketish, haybarakallachilik va kampaniyabozlikka ruju qoʻyish, islohotlarni oxirigacha olib borish uchun siyosiy irodaning yetishmasligi, baʼzi soha rahbarlarining nokompetentligi bu ishlarni amalga oshirishga toʻsiq boʻldi. Shuningdek, jarayonga tizimli yondashilmagani, filni koʻrishga borgan koʻrlar kabi xorijdagi tizimning qaysi unsuri maʼqul koʻringan boʻlsa, oʻsha joyini taʼlimga joriy qilmoqchi boʻlishgani aks natijalar ham bera boshladi. Oliy taʼlim turgʻunlik holatiga kelib qoldi, yaxshi oʻqiydigan talabalar qatlamini yoʻqotib qoʻydik.

 

Uzoq vaqtlik bu kabi sandiroqlashlardan keyin va nihoyat Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oliy taʼlimni isloh etishga qatʼiy qaror qildi. Besh-olti yildirki, oliy taʼlim kredit-modul tizimiga oʻtmoqda. Shuningdek, Prezident taʼlim izchilligini taʼminlash uchun kasb-hunar kollejlari va texnikumlar ham kredit modul tizimiga oʻtkazilishini taʼkidladi. Bu kabi xalqaro taʼlim standartlariga tizimli ravishda yondashib borayotganimiz quvonarli hol, albatta. Pandemiya davrida insoniyat bir qancha anʼanaviy faoliyat turlarini masofadan amalga oshirish yoʻllarini qidira boshladi, ayniqsa, taʼlim sohasida bunga har qachongidan ham kuchliroq ehtiyoj yuzaga keldi. Shu nuqtayi nazardan, oliy taʼlim tizimida kredit-modul tizimini joriy etishni zamonning oʻzi taqozo etmoqda. Xalqaro hamkorliklar turli jabhalarda, xususan, taʼlim tizimining integratsiyalashuvi, diversifikatsiyasi, baynalminallashuvi, ommaviylashuv jarayonlari tez rivojlanayotgani tufayli ham jadallashyapti. Albatta, bu jarayonlar tezlikda amalga oshmasligi mumkin, lekin bundan boshqa yoʻl ham yoʻq.

 

Koʻrsatuvlarning birida Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” asari haqida fikr bildirar ekansiz, “Magarkim, bugʻdoy donasi yerga tushib oʻlmasa, bir oʻzi qolajak, agar oʻlsa, unda koʻp hosil berajak”, degandingiz. Biroz mulohaza qilsak, jumladagi “bugʻdoy donasi”ni ustozlarga qiyoslash mumkin. Koʻp hosil berishi uchun bugʻdoy qanday “oʻlishi”, yaʼni fido boʻlishi kerak?

 

Hozir koʻrsatuvda bu haqda aynan nima deganim esimda yoʻq, lekin muqaddas kitob – Injildan keltirilgan bu jumla meni doim hayratga solib keladi. Bu gap falsafadagi inkorni inkor qonunini ham esga soladi, yaʼni yerga tushgan urugʻ oʻz shaklini inkor etmas ekan, undan minglab urugʻlar unib chiqmaydi. Bu mavzuda gap ketganda, hazrat Alisher Navoiyning quyidagi satrlarini ham yodga olish mumkin:

 

Tuxum yerga kirib chechak boʻldi,

Qurt jondin kechib, ipak boʻldi.

 

Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmi?!

Pilla qurticha himmating yoʻqmi?!

 

Xuddi shu singari, muallimlarning “koʻp hosil berishi” uchun ustoz-u tolibdan ham gʻayrat, ham himmat talab qilinadi. Zamon va vaqt oʻzgaruvchan. Undagi qonuniyatlar ham oʻzgarib turadi. Taʼlimdami yo boshqa sohada boʻladimi, oʻzingizni isloh qilib, har qanday oʻzgarish, yangiliklardan foydali va ijobiy natijalar chiqarishga harakat qilmas ekansiz, rivojlanishdan toʻxtaysiz. Dunyoqarashingizni rivojlantirish uchun kezi kelganida oʻz-oʻzingizni keskin malomat qilishingizga toʻgʻri keladi. Butun koinot harakat tufayli oʻzgarishda ekan, demak, siz ham yangilanishga majbursiz.

 

Men futurolog olim emasman, lekin texnik rivojlanish shu tarzda oʻsib boraversa, baʼzi bir kasblar, jumladan, oʻqituvchilik ham ortiqchalik qilib qoladiganday. Chunki internet platformasi kim nimani xohlasa oʻshani oʻqitib-oʻrgatib qoʻymoqda. Bu mening shunchaki tasavvurlarim, xolos.

 

Baʼzan oʻtgan asrning 90-yillarida oʻqitgan shogirdlarim mendan soʻrashadi: “Hozirgi talabalar qanday? Bizlarday emas-a?” Yoʻq, hozirgi yoshlarning ham oʻziga xos ustunliklari bor, kamchiliklari ham yoʻq emas. Bugun tom maʼnoda texnika va texnologiya asri boʻlgani bois ilm va axborotga talab ham avvalgilaridan farq qiladi. Bugungi “Z” avlod vakillarini oldingi davr talabalari bilan solishtirib boʻlmaydi. Ular hozirgi zamon manzarasidan kelib chiqib, ilmga, axborotga munosabat bildirishadi. Bu vaziyatda biz ustozlarning vazifasi nima? Bunday axborot changalzorida kerakli va toʻgʻri axborot manbalarini koʻrsatish, har qanday manbaga tanqidiy nuqtayi nazardan qarashni shakllantirish, rostni yolgʻondan ajratish uchun ham ustozlarning koʻmagi zarur. Har qanday fanning falsafiy negizlari va qonuniyatlari mavjud, unga talabalarni toʻgʻri yoʻnaltirish muhim.

 

Bugun koʻr-koʻrona ilmga ergashayotganlar yoki manfaat ortidan ilm qilayotganlarni koʻrib, nomzodlik dissertatsiyangiz va doktorlik ishingiz orasidagi tanaffusda ham bir hikmat bormikin, degan fikr keladi xayolimizga. Ammo rahbarlik va boshqaruvdagi masʼuliyat tufayli ilmda yoʻqotilgan yillaringizga hech afsus qilganmisiz?

 

Hazrat Navoiyning ajoyib bir satri bor:

 

Kimki ishqsiz ilmi irfon istagʻay,

Ilm birla mol-u davlat istagʻay.

 

Nafaqat ilm, balki hayotda kichik bir ishga qoʻl urmoqchi boʻlsangiz ham, toki unga muhabbat qoʻymay, chin koʻngildan bajarmas ekansiz, koʻzlangan natijaga erisha olmaysiz. Xuddi shunday, ilmdagi soxtalik, koʻzboʻyamachilik, koʻchirmachilikning oqibati hayotingizni maʼnisizlikka aylantiradi, ruhiyatingizni abgor qiladi. “Ichi puch” ilmiy ishlarga kelsak, bu jarayon, ayniqsa, oʻqituvchilar oylik maoshining ancha koʻtarilgani bilan ham bogʻliq, deb oʻylayman. Oʻzingiz tasavvur qiling, bundan o‘n-o‘n besh yil avval oliy taʼlimda ishlaydigan oʻqituvchining oyligi 150-200 dollardan oshmasdi, hozir esa dotsent, professorlar 1000-2000 dollargacha maosh olishyapti. Oliy taʼlim muassasalarining soni keyingi besh-olti yil davomida uch-to‘rt baravarga koʻpaydi. Falsafada “Miqdor oʻsishi sifat oʻzgarishiga olib keladi” degan tushuncha bor. Yaʼni son(miqdor)ning ketidan quvish maʼlum bir davrga borib toʻxtaydi va sifatga eʼtibor berila boshlaydi. Shu bois men ham bu masalaga falsafiy qarayman. Lekin ilmda prinsip, belgilangan tartib-intizom ham bor. Ilm qilaman degan yoshlarga Navoiyning yuqoridagi satrlarini yana bir eslatmoqchiman.

 

Adashmasam, 1990-yili ilmiy ish qilishga qaror qilib, doʻstim Nazar Eshonqulga maslahat soldim, u esa meni ustoz Gʻaybulla as-Salomning oldiga olib bordi. Domla “Temur Poʻlatov degan yozuvchi bor. Uning ijodi rus tilida yaxshi jaranglaydi va shuning uchun butun dunyoga mashhur. Ammo nima uchun asarlari oʻzbek tiliga mohir tarjimonlar tomonidan oʻgirilganiga qaramay, oʻquvchilarimiz yaxshi qabul qilolmayapti? Shu haqda oʻz fikr-mulohazalaringni yozib kelsang”, dedi. Men yozuvchi ijodi bilan avvaldan tanish edim, kattaroq referatnoma bir maqola yozib bordim. Domla bir muncha vaqtdan soʻng chaqirtirib, kafedraga ishga olishini, faqat “propiska”ni oʻzim hal qilishim kerakligini aytdi. “Propiska” masalasini hal qilolmadim (hozir bu bir choʻpchakday tuyuladi), shundan soʻng Samarqand pedagogika institutiga ishga kirdim. Oʻsha yerda professor Hotam Umurovning rahbarligida ilmiy ishni davom ettirdim.

 

Polifoniya mavzusini tanlashimga ikkita sabab bor edi. Birinchidan, oʻsha davrda polifoniya haqida oʻzbek adabiyotida biror ish qilinmagan ekan. Ikkinchidan esa, ustoz Ibrohim Haqqul va rahmatli yosh olim Mirzaahmad Olimning polifoniya hamda M.M.Baxtin haqidagi maqolalarini oʻqib qolganman. Tadqiqot obyekti sifatida Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor” romanini, sheʼriyatda esa Rauf Parfi ijodidagi polifonik hodisalarni tanlaganman va tadqiq qilganman.

 

1993-yili “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnalida “Hozirgi zamon oʻzbek sheʼriyatida polifonik hodisalar” degan maqolam bosilib chiqdi. Lekin bu maqolaga yoʻq joydan noilmiy ayblar qoʻyilib, boshimga ancha-muncha tashvishlar keltirdi. Rahmatli ustoz Ibrohim Haqqul bilan soʻnggi marta koʻrishganimizda, “Akbar, nega polifoniya mavzusini davom ettirmading?” deb soʻrab qoldi. Jurnalistika sohasiga oʻtib ketdim-ku, deganimda, “Jurnalistika yo boshqa sohaga oʻtib ketasanmi, nima farqi bor, shu mavzuni davom ettirishing kerak edi. Polifoniya – cheksiz-chegarasiz mavzu edi”, dedi. Ustozning shu xitobi haligicha qulogʻim ostida jaranglaydi... Doktorlik dissertatsiyasini himoya qilmaganimga faqat oʻzim sababchiman. Albatta, yalqovligim tufayli behuda yoʻqotilgan yillarga afsus qilaman. Ehtimol, vaqti kelib, yana polifoniya mavzusiga qaytarman. Ammo hozirgi doktorlik ishimning mavzusi boshqa.

 

Badiiy polifonizmga oid qarashlaringizda murakkab obrazlarga munosabatingizni koʻrish qiyin emas. Shu maʼnoda Dostoyevskiyning “Telba”si va Ken Kezining “Kakku uyasi uzra parvoz” romani orasidagi rishtani ilgʻay olgan boʻlsangiz, ajabmas. Milosh Formanning 1975-yili katta ekranlarga chiqqan filmini tahlil qilar ekanmiz, unda bosh yovuz qahramon hamshira Mildred Retched emas, balki biz “telba” deb ataydigan oʻziga xos dunyoqarashga ega odamlardan voz kechib, ruhiy kasallar shifoxonasini bunyod etgan jamiyat ekani talqin qilinadi. Sizningcha, bugungi maorifda “telba”larga munosabatimiz qanday? Biz ham oʻz mezonlarimizga koʻra iqtidorli deb bilgan oʻquvchilarni boshqalaridan ajratib qoʻyib, filmdagi jamiyat yoʻl qoʻygan xatolarni takrorlamayapmizmikan? Taʼlimni qolipdan chiqarish fursati yetmadimikan?

 

“Telba” va “Kakkuqush uyasi uzra parvoz” romanlaridagi “telba”larni yaratgan asli jamiyat, degan tushuncha badiiy asarlarga qaratilgan turli fikrlardir. Badiiy asarni esa xohlagancha talqin qilish mumkin. Ammo real voqelikdan olib qaraydigan boʻlsak, har bir sohani tartibga solib turuvchi maʼlum bir mezonlar, oʻlchovlar boʻladi. Aslida jurnalistik faoliyat ham tizginsiz bir soha. Uni tom maʼnoda jilovlab boʻlmaydi. Yaʼni, bir polyak jurnalisti aytganidek, “Jurnalistika kasb emas – xarakter”. Ijodga moyil odamni qolipga solish qiyin. Lekin oliy taʼlim talabaga maʼlum bir tizimlashtirilgan koʻnikma, malaka berish uchun tashkil etiladi. Masalan, biz jurnalistikada maqola yozish tartibi, yangiliklar tayyorlash koʻnikma va malakasini oʻrgatamiz, ammo haqiqiy badiiy ijod qilish mahoratini emas.

 

Jurnalistika bilan adabiyot bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlishi bilan birga, bir-birini inkor etuvchi soha, desak ham xato boʻlmaydi. Masalan, jurnalistlar orasida shoirtabiat, his-tuygʻuga beriluvchan insonlarni uchratamiz. Jurnalistika esa tuygʻular va hissiyotni tan olmaydi. Negaki unda xolislik tushunchasi oldingi oʻringa chiqadi. Garchi mutlaq xolislikka erishish qiyin boʻlsa-da, u oliy maqsad boʻlib qolaveradi.

 

Koʻpincha talabalardan “Jurnalist Hamlet boʻlishi kerakmi yoki Don Kixot?” deb soʻrar edim. Bu savolga javob berish uchun, avvalo, Hamlet kim, Don Kixot kimligini bilish kerak. Masalan, Hamlet koʻrinib turgan narsa haqida oʻylayveradi, fikrlayveradi, lekin qatʼiy bir qarorga kelolmaydi. Sevimli shoirimiz Rauf Parfi yozganidek: “Faqat vijdon bilan oʻrtanar Hamlet, Doniyo – zindonga qarab turar lol...”. Oxirida Hamlet bir toʻlgʻonadi-yu, alaloqibat butun bir zamonni fojeaga aylantiradi. Don Kixot esa goʻzallikni, idealini qutqarish uchun oʻylab oʻtirmay jangga kirishib ketaveradi. Garchi u har qadamda pand yesa-da, qaqshatqich magʻlubiyatga uchrasa-da qaytmaydi. Jurnalist qanday boʻlishi kerak? Hamletga oʻxshab oʻylab oʻtirishi yoki Don Kixotga oʻxshab amaliy harakat qilishi joizmi? Obrazli qilib aytganda, jurnalistdan ikkalasi ham boʻlish talab etiladi. Oʻylamasdan harakat qilib ham boʻlmaydi, lekin faqat fikrlasang-u, Don Kixot singari adolatni oʻrnatishga kirishmasang, u ham boʻlmaydi. Men jurnalistlar koʻproq Don Kixotga oʻxshashini xohlagan boʻlardim. Don Kixot boʻlish uchun esa sal “telba” boʻlishga toʻgʻri keladi. Aslida jurnalist xarakteri degani shu-da! Shu bois bu “telba”larga bir tomondan juda ijobiy qarayman. Ular bir zum oʻzini oʻylamaydi. Haqiqiy jurnalistlar ham xuddi shunday, jamiyat taraqqiyoti, adolat qaror topishi, ideallar va insoniyatning kelajagi uchun oʻylab oʻtirmasdan “jangga tayyor turishadi. Biz esa “Yoʻq, kulgili ahvolga tushib qolmang, Hamletga oʻxshab biroz boʻlsayam, hayot qonuniyatlari haqida ham fikr yuriting”, deb aytib turamiz.

 

Jadid bobolarimiz aslida Don Kixot boʻlishgan. Ular harakatlarining oxiri nima bilan tugashini bilishgan, his etishgan. Lekin shunday boʻlsa-da, bir zum ham oʻylab oʻtirmasdan millatning kelajagi uchun oʻzlarining jonini fido qilishgan. Masalan, Qodiriy ham 1926-yili qamalib sud boʻlganidan soʻng, goʻyo “egarlangan otdek” ruhan oʻzini oʻlimga tayyorlagan, qaysidir maʼnoda buni oldindan bilgan, his etgan. Shu nuqtayi nazardan jurnalistlar biroz “telba” Don Kixotga oʻxshashsa yomon boʻlmasdi, degan oʻyga ham boraman.

 

Filologiya fanlari doktori, dotsent Amrullo Karimov siz haqingizda gapira turib, “Eng demokrat ota boʻlsa kerak deb oʻylayman”, degandi. Demokrat otaning farzandlar tarbiyasidagi oʻrni haqida ham ikki ogʻiz soʻz yuritsangiz?

 

Mening qanday ota ekanimni farzandlarimdan soʻrashingiz kerakdir, balki. Tarbiya masalasida koʻproq onalar katta rol oʻynaydi, deb hisoblayman. Ammo bu bilan tarbiya masʼuliyatini otalardan soqit qilmoqchi ham emasman. Baʼzan yillar oʻtib, tarbiyada qilgan kamchiliklarimizni anglaymiz. Masalan, men oʻgʻlimning tarbiyasida yoʻl qoʻygan xatoyimni hozir tan olaman. Oʻgʻlim litseyda oʻqib yurgan kezlari shaxmatga qiziqib, fanlarni oʻzlashtirishi pasayib ketdi. Taʼlimda oqsamasin, degan niyatda unga shaxmat oʻynashni taqiqlab qoʻydim. Lekin yillar oʻtib, oʻgʻlim Yaponiya Yokohama milliy universitetida oʻqib yurganida kunchiqar o‘lkaning ochiq chempionatiga qatnashib, sovrinli oʻrinlardan birin qoʻlga kiritdi (keyinchalik havaskorlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatida ham vitse-chempion boʻldi). Hozir kunda gohida yarim hazil-yarim chin qilib, “Oʻshanda shaxmat oʻynashimga ruxsat berib, qoʻllab-quvvatlaganingizda hozir katta muvaffaqiyatlarga erishib yurgan boʻlarmidim” deydi. Shundan soʻng oʻylanib qolganman. Endi bilsam, bolaning qiziqishlarini taqiqlash emas, oʻz holiga qoʻyib berish, kerak boʻlsa, qoʻllab-quvvatlab turish juda muhim ekan.

 

OʻzJOKU doktoranti Munira NAZAR suhbatlashdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 1504
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23010
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//