Kavkazdagi Elbrus tog‘ining baland cho‘qqilari orasida Jilisuv degan bir maskan bor. Bu yerda Sultonsuv, Qoraqoyasuv, Qizilko‘lsuv, Amirsuv deb nom olgan bir nechta mineralga boy issiq buloq bor. Suvi shifobaxsh. Havosi toza. Tabiati go‘zal. Yaylovlari keng. Qo‘y-qo‘zilar o‘tlab yurganida ko‘rsangiz ko‘zingiz zavq oladi.
Shu nabotot-u hayvonoti ajoyib bo‘lgan go‘zal tabiatning qo‘ynida turmushi chorva bilan bog‘langan, qalbi pok bir el yashaydi. Bular – balqarlar.
Balqarlar haqidagi hikoyani nega tog‘ tasviri bilan boshladi demang. Buning sababi bor. Chunki bu el o‘zini tavlilar (tog‘liklar) deb atab kelgan[1]. Balqar nomi esa ularga qadimgi turkiy el balg‘ar (bulg‘or)lardan meros qolgan.
Balqarlar kamsonli turkiy ellardan biri. Ularning nufusi 150 000 ga yaqin, xolos. Elning asosiy qismi Qabardin-Balqar Respublikasida yashaydi. Shuningdek, Qorachoy-Cherkas Respublikasi, Stavropolda, umuman, sobiq sho‘rolar mamlakatining barcha hududlarida balqarlar bor. Jumladan, O‘zbekistonda ham 900 dan ziyod balqar yashashi qayd etilgan[2].
Balqarlar balqar tilida so‘zlashadi. Balqar tili turkiy tilning qipchoq lahjasiga mansub. Shu sabab ularni hamma balqar atasa-da, o‘zlari o‘zlarini malqar deydi.
Balqarlarning kelbati ko‘proq kavkaz xalqlarinikiga o‘xshaydi. Ammo sinchiklab qarasangiz, qipchoq qiyofalilari ham ko‘p. Ayniqsa, Jilisuv atrofidagi balqarlar ko‘proq o‘zbeklarga o‘xshab ketadi. Ular qiyofasining o‘zgarishi asosan shu yerda yashovchi xalqlar bilan quda-andachiligi sabab yuzaga kelgan assimilyatsiya bilan bog‘liq. Inchunin, bugungi balqarlarning etnik shakllanishida bulg‘or, xazar, qipchoq, turkiy tilda so‘zlashuvchi alan xalqlarining ta’siri katta bo‘lgan.
Balqarlar islom dinining sunniylik oqimi, hanafiya mazhabiga e’tiqod qiladi. Shuningdek, balqarlarning diniy tafakkurida tangrichilik dinining unsurlari ham ko‘zga tashlanadi. Misol uchun yetti, qirq, yil marosimlari, is chiqarish, ajdodlarning ruhi uchun jonliq so‘yishlar uchrab turadi. Jilisuv atrofida yashaydigan cho‘ponlarda muqaddaslashtirilgan daraxtlar, toshlarga sig‘inish, ma’lum bir yaylov yoki daraning egasi (ruh)ga atab jonliq so‘yish holatlari ham kuzatilgan. Balqarlar tarixida toshsanam – balbaltoshlar yasash va ularga hurmat ko‘rsatish ham bo‘lgan va bu toshlar hozirgacha saqlanib qolgan. Boshqa tog‘ xalqlari kabi balqarlar ham toshga ishlov berish an’anasini yaxshi bilgan.
Balqarlarning islomni qabul qilishi VIII asrdan boshlangan bo‘lsa-da, bu jarayon XVII asrga qadar davom etgan. Ma’lumki, VIII asrgacha Shimoliy Kavkaz hududi Xazar xoqonligi tarkibiga kirgan. Xazarlar esa yahudiylik dinida edi. Shuning uchun balqarlarda ham ayrim gebraizmlar[3] saqlangan. Masalan, shanba kuni shabat deb ataladi. Ular shabatni arabcha sabt shaklida qo‘llamasligi, shuningdek, shanba kunini alohida kun sifatida ifodalovchi aforizmlar saqlangani ham buni tasdiqlaydi: shabat kunda jangur toxtamasa qiyamatda-da toxtamaz (shanba kuni yomg‘ir to‘xtamasa qiyomatda ham to‘xtamas).
Balqarlarning naqsh-u nigorlarida ham Kavkaz, ham turkiy bezaklarni ko‘rish mumkin. Ammo ular orasida turkiy, aniqrog‘i qipchoq ellariga xos naqshlar ko‘proq. Misol uchun, balqarlar kigizni xuddi o‘zbek qipchoqlari kabi kiyiz deb atashadi. Kigiz ularning turmush tarzida muhim o‘rin tutadi. Ular yerga to‘shaladigan (jayma), sandiqlar ustiga taxlab qo‘yadigan (jiyma) to‘shaklarini, shuningdek tuzxalta, choyxalta va boshqa ko‘plab maishiy buyumlarini aynan kigizdan tayyorlashgan. Kiyiz buyumlarida julduz, ko‘z, qo‘chqormuyiz (qo‘chqorshox), qo‘shmuyiz, jilanizi (ilon izi) kabi bezaklar ko‘proq uchraydi.
Balqarlarning turmush tarzida turfa taomlar alohida o‘rin tutadi. Sutli va go‘shtli, undan tayyorlanadigan taomlar, jumladan bovursaq, manti, pishloq, qaymoq, ayran, jo‘gurt (yogurt), bo‘za, jalbaur (dumbali jigar kabob), do‘lma, qovurilgan va dimlangan go‘sht ularning eng sevimli taomlaridan. Balqarlar qaymoq so‘zini sutbashi deb bir boshqacha ishlatishadi. Bu so‘z o‘zbek tilida uchramasa-da, mazmunan qaymoqqa nisbatan aniqroq ekani, sof turkiy so‘zligi uchun ham qiziqarli tuyuladi va e’tiborni tortadi.
Balqar tili
Yuqorida keltirganimizdek, balqar tili turkiy tilning qipchoq lahjasiga mansub. Men bu tilni ko‘plab jihatlariga ko‘ra o‘zbek tilining qipchoq lahjasiga o‘xshataman. Nega?
Balqar tilida so‘z yasalishi o‘zbek tilining qipchoq lahjasiga juda o‘xshash. “Men qaerdan bilaman? Bilmayman!” ma’nosidagi so‘zlarning balqarcha shakllariga e’tibor bering: qaydam, kim biledi, kim bilsin. Bu so‘z doimiy istilohdagi o‘zbek so‘zlariga o‘xshaydi.
Ilmiy manbalarda ularning tili qorachoy-balqar tili deb berilsa-da, asli ularning tili balqar tili. Qorachoylarning tili bilan o‘xshashligi yoki yagona alfavitga ega ekanligi ularni bitta tilga birlashtirish uchun asos bo‘lmaydi. Inchunin, til millatni identifikatsiyalashning asosiy shartlaridan biridir.
Qorachoy va balqar tillari uchun 1920-yillarga qadar arab alifbosi qo‘llangan. Arab alifbosidagi ilk yozuvlar XVII-XVIII asrning boshlariga tegishli. Ungacha bo‘lgan yozma yodgorlik Qumanlar qomusi bo‘lib, balqar tili ham leksik, ham fonetik xususiyatlariga ko‘ra quman tiliga yaqindir.
1924-yilda ikki xalq – qorachoy va balqarlar uchun yagona bo‘lgan lotin alfaviti ishlab chiqildi. 1937-yilga kelib kirill grafikasiga asoslangan yangi alifbo qabul qilingan.
Balqar tilining alohida xususiyati umumturkiy b tovushi o‘rniga m tovushining ko‘llanishida ko‘zga tashlanadi: balqar – malqar, biyiz (bigiz) – miyiz, biyik – miyik, baqirmoq – maqirmak, burun – murun, baqa – maqa va hokazo. Bu xususiyat qorachoy shevalarida uchramaydi.
Ayni jihatlarni tahlil qilish uchun umumiy qorachoy-balqar shevalariga e’tibor qaratamiz.
Qorachoy-balqar tillari ch va j tovushlarining talaffuziga ko‘ra bir nechta shevaga bo‘linadi.
Bunda s va sh o‘rniga qipchoq shevalariga xos tarzda ch ishlatilishi alohida ajralib turadi. Sach (o‘g‘uz, qarluq) so‘zi qipchoq-no‘g‘ay guruhida shash, balqar tilida esa o‘zbek tili qipchoq lahjasidagi kabi chach shaklida talaffuz qilinadi. Ammo ayrim balqar shevalarida (Cherek vodiysi) chachning sas shaklida talaffuz qilinishi ham ma’lum.
Y o‘rniga j ishlatilishi qorachoy-balqar shevalarining barchasida bor. Balqar tilining qiziq jihati shuki, til so‘zligida aynan y tovushi bilan boshlanadigan bironta so‘z yo‘q. Ammo bu hamma y tovushlari o‘rniga j ishlatilishini bildirmaydi. Ayrim harflar o‘rniga cho‘ziq ya (ya) yoki yu (yu) harf birikmasi qo‘llanadi: yus (yuza), yaniq.
Ayrim holatlarda u o‘rniga ham j qo‘llanilishi kuzatiladi: uyqu – juqu, uyquchi – juquchi.
Balqar tilining o‘zbek tili qipchoq lahjasidan yana bir farqi – u harfining o‘rniga yu qo‘llanishida ko‘rinadi: yuy (uy), yuzyuk (uzuk), yulgyu (ulgu, namuna, andoza ma’nosida), yulyush (ulush), yuch (uch), yurgenmek (o‘rganmoq, qipch. urganmoq).
Balqar tilida o‘zbek tilidagi o‘ tovushi o‘rniga yo ishlatiladi: yogey – o‘gay, yoz – o‘z, yozek – o‘zak, yokyunyus – o‘kinish, yolet – o‘lat, yolyum – o‘lim, yopke – o‘pka va hokazo.
Yo ayrim hollarda h o‘rnida ham qo‘llanadi: yokyuz – ho‘kiz, yoki v (w) o‘rnida ham ishlatiladi: yozer – vazir.
Balqar tilida boshqa turkiy tilda uchramaydigan o‘zak so‘zlar ham uchraydi. Ulardan biri igi. Igi yaxshi ma’nosida qo‘llanadi: igi adam – yaxshi odam, igilendirar – yaxshilash, igilendiru – takomillashtirish, igilik – yaxshilik va hokazo. Bu o‘zak turkiy tillardagi iyi (yaxshi) so‘zining buzilgan shakli bo‘lishi ham mumkin.
Balqar tilidagi iy o‘zagidan yasaluvchi so‘zlar o‘zbek tili qipchoq lahjasi bilan bir xil talaffuz qilinadi: iyna – igna, iydiru – ko‘ndirmoq, iymoq – egmoq, iyilu – enkaymoq, iyiltu – engashtirmoq, iyiru (urchuq bila iyiru) – yigiruv (urchuq bilan yigiruv), iyartu – ergashtirmoq, iyin – yelka, iyak – iyak (engak), iylau – oshlash (terini).
Qorachoy-balqar alfaviti yaratilishining achinarli tomoni shundaki, bu alfavit yaratilgandan keyin qorachoylar va balqarlar yagona adabiy til atrofida birlashgan bo‘lsa-da, ularning tili boshqa turkiylar uchun ancha begonalashib qoldi. Bu aynan yuqorida keltirganimiz o‘ tovushining yo, u tovushining yu shaklida yozilishida yaqqol ko‘rinadi. Bu so‘zlar yangi alfavit yaratilgunga qadar qirimlar yoki qo‘miqlar tili bilan bir xil talaffuz qilingan. Katta ehtimol bilan bu holat shevalarda 1990-yillargacha saqlangan. Chunki men 1990-yilda balqar (jilisuvlik) do‘stlarim bilan gaplashib o‘tirganimda u tovushining “yu”ga o‘zgarganini sezmaganman. Aksincha, balqarlarning tili qirimlarnikidan ko‘ra o‘zbek tili qipchoq lahjasiga yaqinroq tuyulgan.
Balqarlarning o‘zlarini tavli yoki tavchi deb atashi-yu, boshqalar tomonidan balqar atalishining ham sababi bor. Bir zamonlar turkiy tilning to‘rt o‘zanidan biri bo‘lgan bulg‘or guruhi aynan balqar tiliga o‘xshash bo‘lgan. Hozirgi kunda bu til guruhiga mansub tillardan faqat chuvash tili saqlanib qolgan bo‘lsa-da, uning lug‘at tarkibi katta o‘zgarishlarga uchragan. Bugungi chuvash tili leksikasida rotatsizm[4] va zetatsizmlar[5] ko‘p uchraydi. Misol uchun turkiy tillardagi kez/gez so‘zi chuvash tilida ker, qiz xer shaklida ishlatiladi. Bundan ko‘rinadiki, chuvash tilining shakllanishi o‘rtabulg‘or davrida Oltin o‘rdaning bulg‘or ulusi atrofida shakllangan. Balqar tilida ham qadimgi bulg‘or tili bilan o‘xshashliklar ko‘zga tashlanadi. Qadimgi bulg‘or tilidan saqlangan quyidagi to‘rtlikda ularning o‘xshashligi aniq ko‘rinadi:
Balqar tilida so‘z umumturkiy qolipda o‘zak buzilmasdan yasaladi. Affikslarning qo‘shilishi esa qipchoq tillariga xos. Ammo so‘z yasalishida ba’zan noan’anaviy holatlar ham uchraydi. Masalan, Nasriddin Xo‘ja balqarlarda ham eng mashhur obraz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, aslida so‘fiy shayxlarining nisbasi yoki “ega” ma’nosida ishlatiladigan “xo‘ja” so‘zi qiziqchi, hazilkash, masxaraboz ma’nolarida qo‘llanadi. Shunga ko‘ra xo‘ja o‘zakli boshqa so‘zlarning ham ma’nosi buzilgan: xo‘jalaydiru – hazillashish, xo‘jalanma – hazillashma. Ayni so‘zning ma’nosini buzib ishlatish usmonli turkchasida ham uchraydi. Ammo unda xo‘ja – o‘qituvchi ma’nosida ishlatiladi. Chunki dars berish va dinga o‘rgatish xo‘jalarning sifatlaridan biri bo‘lgan. Shu sabab buni tushunsa bo‘ladi.
Umuman olganda, balqar tili o‘zbek tili qipchoq shevalariga juda o‘xshash. Faqat yozma manbalar orqali tilni o‘rganish birmuncha qiyin kechadi. Negaki, kiril alifbosida tovushlar talaffuzdagi aniqligini yo‘qotgan. Balqarlarning o‘zlari bilan so‘zlashganda, qo‘shiqlarini tinglaganda yoki she’rlari, maqollarini eshitganda tarjimon mutlaqo kerak bo‘lmaydi.
Balqar tili go‘zal bir til. Adabiyoti undan-da go‘zal. Bunga shu elning buyuk shoiri Qaysin Quliyevning she’rlarini o‘qisangiz, amin bo‘lasiz:
Suuuq qilich tiygendi bashinga,
Iyering sensiz qalg‘andi.
Ating qarindashi yolgen egech
Kibik, betinge qaraydi.
Ketmeyd, tashlamayd, syuygen tengingcha
Sanga qayitad, tabadi.
Kyun kyuydyurgen suuug‘an betinge
Jili shitisi tamadi.
Tarjimasi:
Sovuq qilich tekkanda boshingga,
Egaring sensiz qolganda.
Oting ukasi o‘lgan opa (egachi) kabi
Betinga qaraydi.
Ketmaydi, tashlamaydi, sevgan do‘stingdek
Senga qaytadi, topadi.
Kun kuydirgan sovuq betinga
Iliq ko‘z yoshlari tomadi.
Nart so‘z
Balqarlar maqollarni boshqa turkiylardan o‘zgacha “nart so‘z” deb atashadi. Nart balqarchada bahodir, qadimgi ma’nolarida ishlatiladi:
“Nart syoz tilge jan salir” (Maqollar tilga jon kiritadi);
“Nart so‘z tilning tamiri” (Maqollar tilning tomiri).
Balqarlarning milliy xususiyatlari va o‘zligi ularning maqollarida yaxshiroq ko‘rinadi:
“Syuryuuchyu keb bolsa, qoy xaram yolyur” (“Cho‘pon ko‘p bo‘lsa, qo‘y harom o‘lar”; bu yerda “cho‘pon” suruv so‘zidan suruvchi shaklida kelayapti. Biz “bir suruv qo‘y” deymiz-ku).
“Iynek saua bilmegenge arbaz qingir kyoryunyur” (“Sigirni sog‘ishni bilmaganga hovli qiyshiq ko‘rinar”).
“Ishi bolmaqan itleni suug‘a eltir” (“Ishi yo‘q itini sug‘orar”).
“Igi malchini tyort kyozyu bolur” (“Yaxshi podachining to‘rt ko‘zi bo‘ladi”).
“Osal malchi kyun tiyginchi uyanmaz, uyansa-da qobub malin jayalmaz” (“Yomon (o‘sal) podachi kun chiqqancha uyg‘onmas, uyg‘onsa-da turib molini yoyolmas”).
“Ayyuden qachsang, kyondelen qach” (“Ayiqdan qochsang, ko‘ndalang qoch”).
“Djatxan byoryu toq bolmaz” (“Yotgan bo‘ri to‘q bo‘lmas”).
“Igi jilqichini mingen ati bek chabar” (“Yaxshi yilqichining mingan oti tez chopar”).
“Jilanni bassang, bashindan bas” (“Ilonni bossang boshidan bos”).
Bu maqollarni o‘qisangiz, turmush tarzi chorva bilan bog‘langan bir elning butun kechmishini, tashvishlarini ilg‘aganday bo‘lasiz. Shuning bilan birga ular sizga ham tanishday tuyuladi. “E, bu maqol bizda ham bor-ku” deysiz beixtiyor. Chunki bu maqollar ham, balqarlar ham bizga begona emas. Biz bir otaning bolasimiz.
Shunday bo‘lsa-da balqarlarning maqollarida bizga tanish bo‘lmaganlari ham uchraydi:
“Qarg‘a q’angqildab qaz bolmaz, amma singsildab qiz bolmaz” (“Qarg‘a qanqillab g‘oz bo‘lmas, qari sinini bezab qiz bo‘lmas”.
“Byodene suug’a kirmeydi, chabak’ suudan chik’maydi” (“Bedana suvga kirmaydi, chavoq (baliq) suvdan chiqmaydi”.
“Tyulkyu yurse, itni k’arni aurur” (“Tulki hursa itning qorni og‘rir”).
“At ayag‘an bet tabmaz” (“Otini ayagan mashhur bo‘lmas”).
“Eshek giliuun bek syuer” (“Eshak xo‘tigini ko‘p suyar”).
O‘zbek tilida “Har kimning bolasi o‘ziga oy ko‘rinar” degan maqol bor. Shu maqolning ham balqar tilidagi ma’nodoshlari uchraydi: “Ayyunyu balasi ayyuge ay kyoryunyur” (“Ayiqning bolasi ayiqqa oy ko‘rinar”).
Xulosa o‘rnida
Kavkazda, Qabardin-Balqar Respublikasida Ulutov degan tog‘ bor. Tog‘ning etaklaridagi yassitog‘larni yerli xalq adir deydi. Tog‘dan tushadigan keng sayhonlikni Adirsay, darani Adirsu deb atashadi. Adirsuda Jayliq degan alpinistlar lageri bor. Ulutovning eng tepasiga birinchi bor 1903-yilda ingliz alpinisti Tom Jorj Longstaff chiqa olgan. Longstaff Ulutovni juda mashaqqat bilan zabt etadi. U hali hech kimning qadami yetmagan yerlarni zabt etayapman degan o‘y bilan Adirsuv darasi bo‘ylab ko‘tarilib borar ekan, tog‘ning tepalarida bemalol qo‘y boqib yurgan balqarlarni ko‘radi. Uni chorlayotgan tog‘larning haybati bu tog‘larga allaqachon chiqib ulgurgan va shu yurni vatan tutgan odamlarga bo‘lgan hayrati oldida hech narsa emas edi.
Keyinchalik ham bu yurtga alpinistlar ko‘p kelishgan. Sobiq sho‘ro davrida Jayliqda alpinistlarning eng yirik lageri ham barpo etilgan. Alpinistlar Ulutovni har tomondan chiqib zabt etishgan. Ammo balqarlarni ko‘rib, doim hayratga tushishgan.
Balqarlar shunday, hammani hayratga soladigan el. Balqarlar – bizning chinakam qardoshlarimiz, bovurlarimiz. Buni ularning yuziga qarab ham, so‘zini tinglab ham his qilasiz. Bir marta bo‘lsa ham bag‘ringizga bosgingiz, “og‘amsan, inimsan” deb aytgingiz keladi.
Negadir mening o‘sha yerlarga borgim keladi. Nega? Bilmayman!
Balki yana Qaysin Quliyev javob berar:
Tashla meni atimi aytxanday,
Auaz keledi manga uzaqdan.
– O, qaydasa? Kel! – dep qichirg‘anday
Yon eshtiledi mangu tauladan…
Tarjimasi:
Toshlar mening otimni aytganday
Ovoz keladi menga uzoqdan.
– O, qaydasan? Kel! – deb chaqirganday
Un eshitiladi mangu tog‘lardan...
Anvar BO‘RONOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.
“Qondoshim qarindoshim” maqolasi
[1] Волкова Н. Г., «Этнонимы и племенные названия Северного Кавказа», 1973. «Наука» (Главная редакция восточной литературы, г. Москва), стр. 87.
[2] Country: Uzbekistan. Joshua Project. Дата обращения: 22.01.2016. Архивировано 5 апреля 2019 года.
[3] Gebraizm – qadimgi yahudiy tilidan o‘zlashgan so‘zlar.
[4] Rotatsizm (yunoncha ρ, “ro”) – turkiy tillarda biron tovushining titrovchi r shaklida talaffuz qilinishi.
[5] Zetatsizm (yunoncha ζῆτα – “zeta”) – turkiy tillarda biron tovushining z [z] shaklida talaffuz qilinishi.
Falsafa
Ma’naviyat
Vatandosh
Tarix
Ma’naviyat
Adabiyot
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q