“Tormoz” sof turkiycha so‘z – Abduvohid Hayit


Saqlash
11:04 / 11.12.2025 140 0

Ruscha “tormoz” so‘zi etimologiyasida bu so‘z yunoncha “tormos” (“τόρμος”) yoki turkcha “turmaz”ga borib taqaladi, degan ikki xil fikr mavjud.

 

Olmon olimi Maks Fasmerning “Этимологический словарь русского языка” lug‘atida, jumladan, shunday deyiladi: “Odatda, bu so‘zni yunoncha: “tiqin, mix, qoziq kabilar chiqib turadigan, har xil narsalar tiqib qo‘yiladigan teshik” ma’nosidagi “tormos” (“τόρμος”) so‘zidan, deb tushuntirishadi” (ЭСРЯ. Т. 4. М. “Прогресс”. 1987. 84). Ammo izoh davomida M.Fasmer bu fikrga ba’zi tilshunoslar qarshiligi va ular “tormoz” – turkiy “turmaz” so‘zidan, degan taxminni ilgari surishini aytadi (“предполагает заимств. из тюрк. turmaz “он не стоит”, также “подкладыш для колес арбы”). “Turmaz” bu – tilimizdagi “turmaydi” ma’nosidagi “turmas”, ya’ni “turmoq” fe’lining bo‘lishsizlik shakli. Lekin shunisi ajablanarliki, “turmas” deganda biz bir joyda turmaydigan, harakatdan to‘xtamaydigan narsani tushunamiz, “tormoz”ning ma’nosi esa aksincha, ya’ni “tormoz”, “tormozlanish”da harakatdagi narsaning sekinlashuvi va to‘xtab bir joyda TURISHINI tushunamiz.

 

Shu nuqtai nazardan yunoncha “tormos” (“τόρμος”) jozibaliroq tuyuladi, chunki bu so‘z g‘ildirakning o‘q o‘tadigan teshigi va uning atrofidagi qismlar, shuningdek, soat kabi mexanizmlar ichidagi tishli g‘ildiraklarning tishlariga nisbatan ham ishlatilgan. Savol tug‘iladi: xo‘sh, o‘tgan asrlarda rus tiliga yunon tilidan texnikaga oid so‘zlar ham o‘tganmi? Pyotr I dan boshlab, Romanovlar davriga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, dastlab kemasozlikka oid barcha atamalar nederland tilidan, keyinchalik, texnikaga oid so‘zlar asosan olmon tilidan rus tiliga o‘zlashgan. Boringki, istisno tarzida faqat “tormoz” qadimgi yunonchadan olingan deylik, baribir bu so‘z dastlab olmon yoki boshqa ovro‘pa tillarida texnik atama sifatida qo‘llangan va keyin rus tiliga o‘tgan bo‘lsa, mantiqqa to‘g‘ri kelar edi. Lekin “tormoz” rus tilidan boshqa biron ovro‘pa tili, hatto slavyan tillari, boringki, yunon tilining o‘zida ham mazkur ma’noda ishlatilmaydi. Lug‘atlarda esa: “bu so‘z yunoncha YOKI turkcha etimologiyaga ega” degan mavhum jumla takrorlanaveradi. Bizga esa aniq xulosa kerak.

 

Yunonchami yo turkcha?

 

Bu so‘zning ildizlarini paypaslab ko‘rish uchun atoqli rus olimi Vladimir Dalning XIX asrda tartib berilgan “Толковый словарь живаго великорускаго языка” lug‘ati (Lug‘at nomining o‘sha davrdagi imlosi saqlandi. A.H.) 4-tomi 1866-yil nashriga murojaat qilamiz. Shu o‘rinda muallif haqida ikki og‘iz so‘z: V.Dal (1801–1872) – rus yozuvchisi, etnograf, tilshunos, folklorshunos, harbiy shifokor; rus shoiri A.S.Pushkinning zamondoshi va yaqin do‘sti; kelib chiqishiga ko‘ra asli daniyalik (shuning uchun familiyasi – Dahl), qonida bir tomchiyam rus qoni bo‘lmasa-da, u o‘zini ruhan rus millatiga mansub deb bilgan. Undan qolgan eng katta meros to‘rt tomli “Ulug‘rus jonli tilining izohli lug‘ati” (“Толковый словарь живого великорусского языка”) bo‘lib, lug‘at ustida olim deyarli butun umr – 53 yil mehnat qilgan. Bu lug‘at shunisi bilan ham qimmatliki, V.Dal 19 yoshidan boshlab unda izohlangan so‘zlarni oddiy xalqning jonli so‘zlashuv tilidan yig‘ishni boshlagan. Lug‘atda biz juda ko‘p turkiy so‘zlarga ham duch kelamiz (V.Dal tilshunos sifatida bir qancha tillarni, shu jumladan, turk tillarini ham yaxshi bilgan. Shu bois u birinchi rus turkshunosi sifatida ham e’tirof etiladi).

 

Xullas, mazkur lug‘atda “tormoz” so‘zi – “тóрмаз(с)ъ” shaklida yozilib, shunday izohlangan: “chanalar kamroq sirpanishi uchun ularning sirpanchiq temir oyoqlari tagidagi kesilgan joy, uzun temir tasma; || aravalarda g‘ildiraklar o‘qi tagidagi temir tasmaga yoki arava shotisiga qoqib qo‘yilgan zanjirli ilgak yoki boshmoq: tepalikdan tushishda aravani tutib turish uchun ilgak g‘ildirak kegayiga (spisasiga) ildiriladi, boshmoq esa g‘ildirak tagiga tushuriladi. || mashinalarda changak, stopor, harakatni to‘xtatish moslamasi” (“Тóрмаз(с)ъ м. У саней, пóдрѣзъ, желѣзная полоса подъ полозомъ, чтобы сани менѣе раскатывались; || у повозокъ, крюкъ или башмакъ на цѣпи, прикованый къ дрожинѣ или подоселинѣ: крюкъ закладывается за спицу, а башмакъ подводится подъ ободъ колеса, для удержанья повозки, при спускѣ съ горы. || Въ машинахъ: палъ, клевъ, стопоръ, устройство, для остановки ходу, оборота”. ТСЖВЯ. В. Даль. IV. Москва-1966. стр. 384)

 

Bu izoh XIX asrning birinchi yarmida, qariyb bundan ikki yuz yil oldin yozilgan. Ayni paytda uning qandaydir texnikaga oid qo‘llanmadan emas, xalq tilidan olinganligi shundoq ko‘rinib turibdi. Xalq tilidagi so‘zlar bir kunda paydo bo‘lib qolmaydi, balki uzoq o‘tmishga ega bo‘ladi. Guvohi bo‘ldikki, izohda yana bir turkiy so‘z – “boshmoq” (“башмакъ”) ham bor. “Boshmoq” – turkiy xalqlarda oyoq kiyimi bo‘lib, rus tilida ham faol ishlatilgan. Rus tilida, shuningdek, shaklan boshmoqqa o‘xshash boshqa ba’zi narsalar, jumladan, arava, keyinchalik, vagon g‘ildiraklari tagiga to‘xtatish uchun qo‘yiladigan uchburchak moslama ham “boshmoq” deb atalgan.

 

Izoh davomida keltirilishicha, o‘sha davrda rus tilida “тóрмаз(с)ъ” so‘zidan yasalgan “торма(о)зить” fe’li ham faol bo‘lgan. V.Dal bunga misol qilib: “Yugurging kelgan joyda to‘xtatishadi” (“Где скакать хочется, тамъ и тормозять”),  – xalq maqolini keltiradi. Yana lug‘atda “торможенье” (“to‘xtash”), “тормазка”, “тормозила” (“to‘xtatuvchi”, “biror ishga to‘sqinlik qiluvchi odam”), “тормозникъ” (“arava shotisidagi boshmoq ilinadigan ilgak”) kabi so‘zlar keltiriladi. “Тормозилка” esa lug‘atda – “dehqonlar va aravakashlar aravaning baland tepalikdan tushishida g‘ildiraklari aylanmasdan sirg‘alib tushishi uchun g‘ildirak kegaylari orasiga tiqib qo‘yadigan qoziq, tayoq”, deb tushuntirilgan. Tabiiyki, mutlaqo savodsiz krestyan dehqonlar bu kabi moslamalarni nomlashda qadimgi yunon tiliga murojaat qilishi mumkin emas edi, balki ular hamon Oltin O‘rda, turkiy madaniyat ta’sirida bo‘lib, Ovro‘pa madaniyatiga esa faqat tepadagi bir qism dvoryanlar yaqin edi. Umuman, V.Dal lug‘atini varaqlaganda minglab shu kabi turkiy so‘zlarni ko‘ramiz, ba’zi o‘rinlarda lug‘at hatto turkiy so‘zlarning ruscha izohli lug‘atiday taassurot qoldiradi.

 

O‘ylaymanki, ushbu misollar: “tormoz – yunoncha” degan qarashni butunlay unutish uchun yetarli bo‘ladi. Xo‘sh, endi uning turkiy so‘z ekanligini qanday isbotlaymiz?

 

“’” (“Ъ) – unlimi yo unsiz?

 

V.Dal lug‘atidagi “тóрмаз(с)ъ” so‘zining yozilishiga e’tibor qaratamiz: hozirgi rus tilida “тормоз” so‘zi ikkinchi bo‘g‘inida “m” tovushidan keyin “o” yoziladi, V.Dal esa uni “a” bilan yozgan, hozirda oxirgi harf “z”, V.Dal lug‘atida bu – “z” bilan “s” oralig‘idagi tovush, shu bois lug‘atda qavs ichida “s” ham keltirilgan. Nihoyat, so‘z oxirida kelgan “ъ” belgisi so‘zning muzakkarligini (mujskoy rod) bildirish bilan birga juda qisqa “i” unlisini ham ifodalaydi. Chunki eski rus yozuvidagi “ъ” belgisi 1918-yil islohotigacha uch xil vazifa bajargan: undosh bilan tugagan so‘zlar oxirida kelib, uning muzakkar jinsiga mansubligini bildirgan, yozuvda so‘zlarni bir-biridan ajratish uchun xizmat qilgan, undosh bilan tugagan so‘zlarning oxirida eshitiladigan qisqa unli tovushni ifodalagan.

 

Demak, “тóрмаз(с)ъ”ni – “тормас(и)” deb o‘qishimiz mumkin.

 

“-Mas” emas, “-ma”

 

Negadir barcha ruscha tadqiqot va lug‘atlarda (M.Fasmer, Dmitriyev, A.Semenov, N.Shanskiy) “тормоз”ning turkcha asli sifatida “turmaz” so‘zi keltiriladi va “он не стоит”, ya’ni, “turmaydi” deb tushuntiriladi. Bu yerda muammo shundaki, mazkur so‘z – “tur-” o‘zagiga “-mas” qo‘shimchasi qo‘shib yasalgan “turmoq” fe’lining bo‘lishsizlik shakli – “turmas” emas.

 

Turk tillarida fe’ldan ot yasaydigan “-ma” qo‘shimchasi hozir ham, ilgari ham faol bo‘lgan. Bunday so‘zlarga “Devonu lug‘otit-turk”da ham ko‘p duch kelamiz (tutma, o‘yma, bichma, tizma, tugma, tikma, chalma, suzma kabi). Shuningdek, turk tillarida ko‘pgina yemak otlari ham “-ma” qo‘shimchasi bilan yasalgan: qovurma, dimlama, qiyma, do‘lma, chevirma va hokazo. Rus tiliga “тóрмаз(с)ъ” bo‘lib o‘tgan turkiy so‘z ham aslida fe’ldan ot yasovchi ana shu “-ma” qo‘shimchasini “tur-” o‘zagiga qo‘shib yasalgan “turma” so‘zi bo‘lib, so‘z oxiridagi “-s” esa turkiy tillardagi uchinchi shaxs egalik qo‘shimchasi (“-si”,“-i”)dir, ya’ni bu so‘z: “(aravaning) tur+ma+si” shaklida yasalgan.

 

“Tormoz”ning o‘zbekchasi

 

Shunday qilib, “tormoz” o‘rnida o‘zbek tilida “turma” deb qo‘llashimiz mumkin ekan, bu bilan biz yangi so‘z yasamagan, balki tarixda mavjud bo‘lib, unutilgan o‘z so‘zimizni yana iste’molga qaytargan bo‘lamiz. Deylik, “mashinaning tormozi” emas – “mashina (ulov)ning turmasi”, “gidravlik tormoz tizimi” emas – “suyuqlikli turma tizimi” va hokazo. Uni o‘zbekchalashtirish shuning uchun ham muhimki, bugun u nafaqat arava, balki velosipeddan tortib uchoqgacha, umuman harakatlanuvchi barcha uskuna, mashina, moslamada bor. “O‘zbek tilida “tormoz”ni “turma” deyish noqulay, biz “tormoz”ga o‘rganganmiz”, deguvchilar bo‘lishi mumkin. Bir paytlar “tuman” emas – “rayon”, “viloyat” emas – “oblast” deyish biz uchun qulay tuyilgan. Endi esa “tuman” o‘rnida “rayon” deganimizga ishongimiz kelmaydi. Kimdir: “turma” desa, ruscha “тюрьма” bilan bir xil bo‘lib qoladi”, deyishi ham mumkin. Darvoqe, finlandiyalik atoqli turkshunos olim A.Rasanen bir paytlar ruscha “тюрьма” so‘zi ham aynan ana shu turkcha “zindon” ma’nosidagi “turma” so‘zidan ekanligini isbotlab bergan. Shuningdek, Xorazmda ipakdan to‘qilgan ro‘mol ham “turma” deb atalar ekan. Aslida uchalasi ham bitta so‘z, faqat turli vaziyatlarda turli ma’nolarda ishlatilib, keyinchalik omonim so‘zlarga aylangan. Umuman, tilimizda bunday omonimlar juda ko‘p, misol uchun: “o‘q” – miltiqning o‘qi, g‘ildirakning o‘qi, o‘q ildiz; “ko‘k” – rang va osmon, “yoz” – fasl, dasturxon yozmoq, oyoqni yozmoq, xat yozmoq va hokazo. “Tuman” so‘zi ham tilimizda uch xil ma’noga ega: hududiy birlik, yerdan namlik ko‘tarilishi natijasida hosil bo‘ladigan tuman va qadimgi turkiyda: tuman – o‘n ming. Umuman, “tormoz” o‘rnida “turma” so‘zi iste’molga kiritilsa, o‘ylaymanki, “tuman”, “viloyat”ga ko‘nikkanimiz singari unga ham tezda ko‘nikiladi, chunki u o‘zlashma emas, o‘z so‘zimizdir.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Falsafa

13:12 / 01.12.2025 0 175
Yaxshi rahbar, shifokor va jurnalist. Ambivert kim?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//