“Sharq yulduzi”ning 2023-yildagi 12-soni, yil davomida navbat kutib qolganu, shu mavsumda berilmasa boʻlmaydigan yaxshi asarlarni oʻzida jamlagan ekan chogʻi, yutoqib oʻqib chiqdim. Dastlab, Sobir Oʻnarning “Oʻlmaydigan odam”idan mutaassir boʻldim. Rahmatlik, biz tengilarga “sizlar bir toʻlqin boʻlishlaring kerak!” deb kuyunardi. Ustozning shu gaplari yodimga tushib, oʻyga toldim. Tengdoshlarim bir-bir xayolimdan oʻtdi. Qarangki, jurnalning 16-betidan boshlab, Jasur Kengboyevning “Sinov” qissasi chop etilgan ekan. Asarga epigraf boʻlgan “Osmon yigʻlamay, yer kulmas” maqoli qalbimga xush yoqib, qissani bir oʻtirishda oʻqib tugatdim.
“Shunday asarlar yozsangki, kitobxon uni oʻqiganda hamma narsani unutsa. Asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Quvonsa, iztirob cheksa...» Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, ustoz Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobiga kiritilgan ushbu orzumand soʻzlarni Jasur Kengboyevning “Sinov” qissasiga nisbatan ham qoʻllash mumkin. Asar oʻquvchini ana shunday inja hislar ummoniga gʻarq etadi. Adabiyotimizdagi aksariyat asarlar ikkinchi shaxs (muallif) tilidan hikoya qilinadi. Jasur Kengboyevning oʻziga xos uslubi borki, har bir asar syujeti bosh qahramon tilidan beriladi. Shu tarzdagi ravon ifoda oʻquvchini rom etadi va asar qaʼriga “yutib yuboradi”. “Sinov”da siz ham shu kuyga tushasiz. Nigohlaringiz misralar uzra yugurib ketar ekan, xayolga choʻmasiz. “Sinov”dagi Iskandar – men, siz, balki, u. Iskandar Karim – umid bilan oʻqishga kirgan va “oltin davr” deya xaspoʻshtlanuvchi, aslida koʻtara sinov boʻlgan talabalikning yaxshi-yomon kunlarini umumlashtirgan tipik obraz. Taʼbir joiz boʻlsa, hatto qilmishlarni koʻz oldiga keltiruvchi vosita hamdir.
Asarda syujet chizigʻida “tugun tashlash” – intihodan ibtidoga kelish usulidan unumli foydalanilgan. Dastlab, Iskandar Karimning oʻziga aziz boʻlgan narsalarni barbod qilib, sargʻayib ketgan taxlam-taxlam gazeta-jurnallar, bagʻri qon qoralamalarini toʻplab koʻhnachilarga topshirishga ahd qilgani sinovlarga dosh berolmay hayotda yutqizgan inson siymosini gavdalantiradi. Hatto uning metro bekatida turib, poyezd tagiga tashlash haqidagi oʻylari vaziyatni battar taranglashtiradi. Ilk muhabbat iztiroblari, darsda Baxtigulning tobi qochib qolishi, Iskandarning uni uyiga olib borishi, talaba qizlar qoʻllagan “sinov operatsiyasi”, ota-ona orzusi, ish va oʻqishdagi sarguzashtlar... Oʻquvchida bu tugunlarni yechish – sababini bilish ishtiyoqi paydo boʻladi va shu tarzda asarga singib ketadi. Bu ham bir saodatdir. Sodda va samimiy, ravon hikoya uslubi – “Sinov”ning katta yutugʻi, jozibasi. Asar syujeti mumtoz xarakterga ega boʻlsada, ravon ifoda kasb etgan roviylik va kutilmagan toʻqnashuvlar, goʻzal tashbeh va topilmalar, doim ham oʻrnini topib qoʻllash qiyin boʻlgan maqol va matallar, xalq tilida qolgan iboralarning oʻz oʻrnida kelishi uzukka koʻz qoʻygandek mos tushadi. Hatto ustozlarning xarakter xususiyatlaridan, dars jarayonida eng qoʻp qoʻllaydigan soʻzlaridan laqab chiqarish ham asarning jozibasini oshirishga xizmat qilgan. Har ikki gapning birida “demak, demak” deb ezib yuboradigan tarix oʻqituvchisining “Demak” laqabi, yana bir poraxoʻr, taʼmagar domlaga yopishtirilgan “Tutqanoq” ham yaxshi topilma. Qissaga kiritilgan har bir voqelik, detal maʼno tashiydi.
Jasur Kengboyevning asarda maqol va matallarni oʻrinda qoʻllash mahorati tahsinga sazovor. Savr yomgʻiri dashtu dalalarga qanchalik foyda va baraka keltirgani kabi “Sinov”da qoʻllanilgan maqollar ham asar qatiga shunchalik singishib, voqelikning jozibasini oshirgan. Chorasiz qolgan talaba yigit avrab, uyiga taklif qilgan hurliqoga qoʻllangan “Qari qizga tong otmas”, Iskandarning oʻziga nisbatan keltirilgan “Qilich tutgan qilichdan oʻlar”, “Sayoq yurdingmi, endi tayogʻini ham yeysan”, “Boy bir oʻlsa, kambagʻal har kuni oʻladi”, “Tirik boʻlib bozorda yoʻqsan, oʻlik boʻlib mozorda”, “Oʻlmagan qul sabr qilsa, boshiga tushganini koʻraveradi”, “Toʻygan odam oʻzidan ortadi”, “Yuk ogʻirini nor koʻtarar, dard ogʻirini – er” maqollari yoki Baxtigulga aytilgan “Hayosizga har kuni hayit” kabi naqllar bunga misoldir.
Darvoqe, qissaning 3 gapdan iborat 15-bobida “Tashnaning tushiga suv kirar emish” maqoli qoʻllanganki, muallif keyingi ikki gapni yozmasa ham maqol syujet taqozo etgan maʼnoni toʻla anglata olgan. Bundan tashqari, qissada keltirilgan “Qaynoq qoʻllar uchrashib, yuraklarning sogʻinchlarini yetkazdilar”, “Bu mudhish tush unga umrbodlik doʻst tutindi” kabi nozik umumlashmalar ham muallifning mahoratidan boʻy beradi.
Asar voqealari shu qadar tabiiyki, muallif yodingizdan chiqib, Iskandar Karimga ergashib, u bilan birga har kuni ijara uy, oʻqish va ishxona oʻrtasida boʻzchining mokisidan zir yugurasiz. Uzun sochlari bir tekis tovlanadigan, “Boʻychangina qomati tik, oppoq silliq yuzidan doim nur taralib turadigan, koʻpda boʻyanmasa ham tabiiy goʻzalligi bilan har qanday odamning eʼtiborini darhol oʻziga torta oladigan jozibasi bor” Laylo haqida oʻylaysiz. Uning latofati, zukkoligiga maftun boʻlasiz. Hatto u Iskandar Karimning kitobi orasiga solib qoʻygan dastroʻmolchaga sepilgan atir hidi dimogʻingizga uriladi. Asar voqealari oʻquvchini shu qadar tortib ketadiki, muallif qizlar taʼrifida nihoyatda saxiylik qilib, meʼyorlarni buzib yuborganiga ham ahamiyat bermaysiz. Iskandarni chuv tushirgan, sinov uchun qovoqxonaga taklif qilgan qizni “koʻzlari charos, lablari ingichka, ikki yuzi(!) oppoq va dumaloq, oʻng qoshining uchida mittigina yarashiqli xoli bor” deb taʼriflanadi va buyuk rassomlarning erta oʻlib ketganini aytilib, agar ulardan birortasi shu qizni koʻrganida uning suratini chizar, “Oʻshanda, ehtimolki, dovruq bozorida Mona Lizalar boʻlmasdi” deydi. Ammo Layloning dugonasi, keyinchalik Iskandar Karimga turmushga chiqqan Baxtigulni onasining vafotidan keyingi holatda oʻquvchiga tanishtirar ekan, “Yuzidan qon qochgan, rangi roʻyi aftoda, koʻzyoshlardan qurib ketgan koʻzlari nursiz, bemajol tanasidan mador ketib, qup-quruq sumbatga aylangan edi”, deydi. Suymaganga suykalgan bu qizni muallif ham Iskandar Karim nazari orqali shunchalar mehrsiz tasvirlaganki, bir gapda ikki marta “koʻz”ni qoʻllab, “yuz” bilan “rang-roʻy”ni yonma-yon keltirib, boʻy qizga adolatsizlik qilgan.
Qissada yana ayrim yopishmagan gajaklar ham borki oʻquvchini ziyrak torttiradi. Masalan, Laylo kasalxonada yotganida Iskandar uni koʻrgani boradi va qizning ota-onasi sezib qolishidan xavotirga tushadi. “Sen qirchangʻi(!) oʻqiyman deb yigitlar bilan gaplashib yuribsanmi?” deb taʼzirini bermasin, deydi. Bu gapdagi “qirchangʻi” soʻzining maʼnosiga qarasak, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da qoʻtir va oriq otga nisbatan qoʻllanilishini koʻramiz... Qissada Baxtigulning onasi vafotidan keyin otasining “bir begona ayol bilan telefonda miyovlashib, chah-chahlashib oʻtirganini” eshitib qolgani aytiladi. Bu gapdagi “miyovlashib” iborasi ham anchayin bahsli.
Ammo eʼtirof etish kerakki, qissada ayrim soʻzlarning mumtoz shakllari yoki zamonaviy soʻzlashuvda urf boʻlmagan ifodalari ham qoʻllanganki, ularni topilma desak, haqimiz ketmaydi. Masalan, eski-tuski buyumlarni oluvlarni “koʻhnachilar”, toʻy yoki biror voqelik xabarini beruvchilarni “aytimchi” deb atash muallifning oʻzbek tili imkoniyatlarini, xalq donishmandligini koʻrsata olish salohiyatidan darak beradi. Birgina Layloning yigitlar qatʼiyati haqida mulohaza qilyotib, “subut” iborasini qoʻllashi ham bunga dalildir. Jasur Kengboyevda yumor ham kuchli. Iskandar Karimning pul ayriboshlashdagi holati va firibgar ayolga laqqa tushishi satira. Davrga koʻzgu... Muallif birgina voqelik orqali bugungi jamiyat illatlarini ham ocha olgan.
Atoqli yozuvchi, filologiya fanlari doktori, professor Ulugʻbek Hamdam “Istiqlol davri oʻzbek nasriga ayrim chizgilar” maqolasida bu davr namoyondalarini haqli ravishda toʻrt avlodga boʻlgan va mustaqillik davrida yetishgan deb qator tengdoshlarimizni sanab, “...kabi oʻnlab yosh nosirlarni koʻz oldimga keltirar ekanman, bugun biratoʻla toʻrt adabiy avlodning dunyoqarashi, kayfiyati va badiiy tafakkuri mahsuli boʻlmish nasr bilan tanishish imkoni borligini mamnuniyat bilan qayd etgim keladi”, deya katta ishonch bildirgan. Bu ishonch bugun yuzaga chiqmoqda. Jasur Kengboyevning “Sinov” qissasi orqali oʻz soʻzini aytdi. Oltin silsilani davom ettirayotgan avlod sifatida yalov koʻtardi. Bu qanchalik uzoq va baland hilpirab turadi, buni vaqt koʻrsatadi.
Xoliyor SAFAROV
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q