Bugun oʻzbek kinosida yaratilayotgan filmlarni tomosha qila turib, ulardagi yutuq-kamchiliklarni roʻy-rost ayta oladigan kinoshunosga har doimgidan ham koʻproq ehtiyoj sezamiz. Ana shunday pallalar birinchi oʻzbek kinoshunos ayoli, oʻzbek kinosining Xanjarasi yodimizga tushadi...
1934-yilning 8-fevralida Toshkent shahrida tugʻilgan Xanjara Abulqosimovaning ilk kinoshunos ayol boʻlishi hech kimning xayoliga ham kelmagandi. 1958-yilda Leningrad davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan boʻlgʻusi olima taqdir zayli bilan koʻp oʻtmay – 1963-yili “Oʻzbekistonda kinematografiyaning shakllanishi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi.
Xanjara Abulqosimovaning oʻzbek kinoshunosligi ilmida alohida oʻrni bor. Ayniqsa, Oʻzbekiston kinosi tarixi va nazariyasini tadqiq etgan mutaxassis zamonaviy jarayonda ham juda faol, yangi ishlangan filmlarning yutuq va kamchiliklarini doimo boricha kinoijodkorlarga aytolar, bu jihatdan sira istihola qilmasdi. Uning teran fikri, keng mushohadasi orqali filmlar oʻzining xolis bahosini olardi. Eʼtiborlisi, Xanjara Abulqosimova mavjud kamchiliklarni qay yoʻsinda bartaraf etish boʻyicha oʻz maslahatlarini ham ayamasdi. Shu bois uning fikrlari, ayniqsa, rejissyorlarga qimmatli hisoblanardi.
Uning ismi hayotda ham, kasbiy faoliyatida ham tashrif qogʻoziga aylagani rost. Xanjara opaning ismini eshitgan har bir inson sergak tortardi. Chunki uning oʻziga xos adolati, yetuk sanʼat asariga munosabati boʻlib, “xanjar”ni har doim ham qinidan chiqarmasdi. Kinotanqidchi boʻlishiga qaramay, yaxshi filmni maromiga yetkazib olqishlardi, oʻziga xos jihatlarini eʼtirof etardi.
Xanjara ismi haqidagi xotiralarini keyinchalik ustozning oʻzi mana bunday soʻzlab bergandi: “Qizim qaysi sohada ishlamasin, tili xanjardek keskir boʻlsin, deya bu ismni otam qoʻygan ekan. Darhaqiqat, inson hayoti, maʼlum maʼnoda, uning ismi bilan bogʻliq boʻlarkan. Otamning ismi Nosir edi. Bu ism “yordamchi” degan maʼnoni bildirardi. U butun umri davomida qanchadan-qancha odamlardan qoʻldan kelgan yordamini ayamadi. Onamning ismi esa Hayot edi. Qancha qiyinchiliklar koʻrishiga qaramay, Xudo unga umr berib, 95 yoshida olamdan oʻtdi. Baʼzan oʻylab qolaman, balki ismim Xanjara boʻlgani tufayli hayotda aynan shu kasbda ishlash taqdirimga yozilgan boʻlsa kerak!”
Haqiqatan, Xanjara Abulqosimova otasi niyat qilganidek, tili “oʻtkir” qiz boʻlib yetishdi. Otasi farzandlarining til oʻrganishini va oliy maʼlumotli boʻlishini niyat qilgan. Yetti farzandning toʻngʻichi – qahramonimiz otasining orzu-umidlarini roʻyobga chiqardi. Sankt-Peterburg universitetining filologiya fakultetida oʻqishni bitirgan yosh mutaxassis Oʻzbekiston Til va adabiyot institutida faoliyatini boshladi.
Kunlarning birida institut direktori Aziz Qayumov yosh xodimlarni xonasiga chaqirtiradi. Suhbatda qatnashgan taniqli sanʼatkor Latif Fayziyev kinochilar uyushmasi tuzilayotganini aytadi. Kino nazariyasi bilan maxsus shugʻullanayotgan xodimlar yoʻqligi bois, shu yerdagi yoshlar orasidan kinoshunos mutaxassis tayyorlash haqida fikr bildiradi. Institut rahbariyati bu soha mutaxassisligiga Xanjara Abulqosimovani munosib koʻrib, uni aspiranturada oʻqish uchun Moskvaga yuboradi.
Bundan bir necha yil avval ustoz bilan suhbatimiz davomida u bu dargohga qanday kelgani haqidagi xotiralarini shunday yodga olgandi: “Oʻqishdan qaytgach, hozirgi Sanʼatshunoslik institutiga ishga kirdim. Bu sohada birin-ketin Joʻra Teshaboyev, Hamidulla Akbarov, Abduboriy Hasanov, Saodat Xoʻjayeva, Muzaffar Zohidov kabi kadrlar yetishib chiqa boshlagach, mazkur dargohda maxsus “Kino va televideniye” boʻlimi ochildi. Keyinchalik boʻlimda Maxsura Mirzamuhamedova, Sabohat Xaytmatova, Nigora Karimova kabi olimalar ham faoliyat yurita boshladi. Bu yerda kinoshunoslar tomonidan yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida oʻzbek kino tarixi va nazariyasi haqida qanchadan-qancha kitoblar chop etildi, doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi”...
Xanjara Abulqosimova Oʻzbekiston Respublikasi Sanʼatshunoslik institutida roppa-rosa 50 yil tinimsiz ilmiy tadqiqot olib borgan. Shu bilan birga, u avvalgi Oʻzbekiston davlat sanʼat institutida ham talabalarga oʻzbek kino sanʼati tarixi va nazariyasidan bilim berardi. Oʻz navbatida, oʻzbek kinosining dunyodagi nufuzi ortishida kinoshunoslarga xos konkret fikrlari koʻp oʻrinlarda qoʻl kelgan. Quyidagi voqea buning dalilidir:
“Sen yetim emassan” filmi (rejissyor Shuhrat Abbosov, 1962-y.) Moskvada mutaxassislar ishtirokida namoyish etiladi. Film tugagandan soʻng tanqidchilar asosiy rol ijrochisi, taniqli aktyor Obid Jalilov talqin etgan temirchi Shomahmudov obraziga eʼtiroz bildiradilar. Ularning fikricha, aktyor ijrosidagi ota sovuqqon, beeʼtibor, bemehrroq boʻlib qolgan, otaga oʻxshamagan emish. Haqiqiy ota farzandlariga nihoyatda mehribon boʻlib, ularni bagʻriga olishi, oʻpib, quchoqlashi kerak ekan. Suratga olish guruhi bilan birga borgan kinoshunos Xanjara Abulqosimova oʻzbek erkagi oʻzbek otasining timsoli shunday boʻlishi kerakligini, yaʼni bizning millat otalari tashqaridan qattiqqoʻl, sovuqqon, andak mehrsizdek tuyulsada, aslida qalbida farzandiga cheksiz, jonkuyar, fidoyi ekanini isbotlab bergan. Oʻzbek otalarining koʻzlarida, xatti-harakatlarida oila uchun oʻzlaridan ham voz kecha olishlarida ularning farzandlariga mehrlari koʻrinib turadi. Xullas, tanqidchi-kinoshunoslar oʻzbek olimasining fikri bilan hisoblashishga majbur boʻlganlar. Bu Xanjara Abulqosimova faoliyatidan birgina misol, xolos. U hayoti va faoliyati davomida bunday voqealarning koʻpini boshdan kechirgan.
Ustozning shogirdlari soni behisob. Oldi shogirdlari kino, radio, televideniye, gazeta va jurnallarda faoliyat olib borishmoqda. Hozirgacha sanʼat sohasida taʼlim olayotgan koʻplab talabalar olimaning kino sanʼati tarixi va nazariyasiga doir “Oʻzbek kinosining yaratilishi” (1965), “Nabi Gʻaniyev” (1967), “Taniqli kinorejissyor” (Latif Fayziyev haqida, 1971), “Yoʻldosh Aʼzamov” (1972), “Shuhrat Abbosov” (1976), “Oʻzbekiston kinosi” (J.Teshaboyev va M.Mirzamuhammedova bilan hammualliflikda, 1985), “Oʻzbekiston kinosi va badiiy madaniyati” (1991), “Kino sanʼati asoslari” (2009), “Kinoteledramaturgiya asoslari” (2009) kabi kitoblaridan foydalanmoqdalar. Shuningdek, Sanʼatshunoslik fanlari nomzodi boʻlgan Xanjara Abulqosimova 200 dan ziyod maqolalar yozgan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (2008) unvoni bilan taqdirlangan.
Aksariyat talabalar ustozning qattiqqoʻl va talabchan boʻlganini koʻp xotirlashadi. Hatto rejissyorlar ham yangi film ishlaganida Xanjara Nosirovnaning fikrini eshitishni istashardi. Chunki uning “xanjardek tili” sira aldamagan, faqat va faqat haqiqatni aytardi. Oʻz chiqishlarida biror filmda yoʻl qoʻyilgan xatolar va ularning sababini tushuntirib, asoslab bergani uchun baʼzan gap-soʻzlarga qolganiga qaramay, ismiga sodiq qolaverardi. Xanjara Abulqosimova hayotlik chogʻida unga nisbatan “Kinoning yurib turgan ensiklopediyasi” deb taʼrif berilgan.
Kinoni yaratish rejissyor boshchiligidagi ijodiy jamoaning ishi boʻlsa, uni keng targʻib qilish, tushuntirib berish kinoshunoslar oldida turgan muhim vazifalardan biri. Rejissyorning har bir filmi farzandidek gap. Shuning uchun baʼzan uning kamchiligini koʻrmaydi, hatto sezmaydi ham. Ana shunday paytda har jihatdan yetuk va professional, dunyoqarashi keng, sanʼatning barcha turlarini tushungan kinoshunosning xolis maslahatlari darkor. Ustozimiz hayot boʻlganida bugun 90 yoshni qarshi olgan boʻlar edilar. Afsus, Xanjara Abulqosimova ham koʻplab insonlar singari karantin davrida, aniqrogʻi, kasallik tufayli 2021-yilning 14-iyul kuni 87 yoshida bu yorugʻ olamdan koʻz yumdi. Ustoz yetuk kadrlar tarbiyalash masalasi doimo dolzarb ahamiyatga ega ekanini takrorlashdan va buning uchun oʻz bilimlarini yoshlarga berishdan charchamasdi. Maslahat soʻrab kelgan talabalar va kinoijodkorlar bilan dildan suhbat qurardi. Uning nazarida eng yaxshi inson – kinoni sevgan va uni qadrlagan kishilar edi.
Nigora Karimova,
OʻzR FA Sanʼatshunoslik instituti
“Kino va televideniye” boʻlimi boshligʻi,
sanʼatshunoslik fanlari doktori
Hafiza NIYOZOVA,
OʻzR FA Sanʼatshunoslik instituti
“Kino va televideniye” boʻlimi
kichik ilmiy xodimi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q