Yulduzlar mangu yonadi – uloq Tog‘ay Murodda ketdi


Saqlash
12:49 / 06.02.2024 2632 0

Ellik besh yosh insonning eng navqiron payti. Adib yetuk faslida hayot bilan vidolashdi. Ammo undan o‘lmas bitiklar qoldi. “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Momo yer qo‘shig‘i” qissalari, “Otamdan qolgan dalalar”, “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romanlari bilan o‘ziga, balki o‘zi aytganidek, o‘zbek xalqiga mangu haykal qo‘ya oldi.

 

 

Xo‘jasoatda bo‘lganmisiz?

 

Taqdir taqozosi bilan menga Oltinsoyda, aniqrog‘i, “Oltinsoy tongi” gazetasida ikki yil ishlash nasib etdi. Mirshodi-yu Jindibuloqdan, Xo‘jasoat-u Vaxshivorgacha, Qarliqdan Sinagacha odimlab kezdim. Bu maskanning oddiy, lekin valiysifat mardumi bilan suhbatlar qurdim. Tog‘ay Murod tug‘ilgan, tuya o‘rkachiday yastangan qirlar va Keragatovga tutash Xo‘jasoat qishlog‘ida ham bo‘ldim, u kishi yashagan uylarga kirib bordim.

 

Men Surxondaryo viloyati Denov tumani, Xo‘jasoat qishlog‘ida dunyoga keldim, – deydi adib “Badiiy mutolaa inson ko‘zini ochadi” sarlavhali suhbatida. – Onamiz og‘iroyoq bo‘ldi. Bir oqshom og‘ir oyog‘i bilan bir devor qo‘shnimiz – tog‘amnikiga bordi. Tog‘amiznikida onamizni to‘lg‘oq tutadi. Momochi izlab yugur-yugur bo‘ladi, chop-chop bo‘ladi. Ammo momochi topilmaydi. Onamiz yengil ko‘z yoradi. Men ana shunday dunyoga kelaman”.

 

Qishloqning zahmatkash, tinib-tinchimasligini qishloqda ulg‘aygan boladan ko‘ra hech kim yaxshi bilmas-ov. Inchunin, u shaharlik erkatoylarga o‘xshab ertalab soat 7-8 gacha dong qotib yotmaydi. Tong g‘ira-shirasida qo‘ylarni qirga yoyadi. Ona sigir sog‘sa, buzoqni ushlab turadi. Kun bo‘yi mol-holga o‘t-o‘lan tashiydi, qishga xashak yig‘adi. Bo‘lg‘usi adib ham Xo‘jasoat qirlarida teng-to‘shlari bilan qo‘y-poda boqib, goho tepalashib, goho yarashib o‘sdi.

 

Aytmoqchi, Xo‘jasoat elining yana bir asosiy yumushi – bog‘dorchilik, aniqrog‘i, uzumchilik. Xo‘jasoatning jovuzidan totli uzum dunyoda bo‘lmasa kerak. Mana shu uzumdan bosilgan mayizni yemabsiz, dunyoga kelmabsiz. Sho‘rchi, Denov, Termiz bozorlarida Xo‘jasoat mayizi hamisha xaridorgir. Tog‘ay aka ham o‘sha mirishkor bog‘bonlarning avlodi emasmi, Darxondagi uyining o‘ziga ajratilgan bir qarichgina joyini ham yashnatib, shotut, tok, nastarin va atirgullar ekib, mo‘jaz bog‘ yaratgandi.

 

Adabiyotga ixlos, umuman nafis so‘zga mehr, nazarimda, avvalo, inson yashab turgan muhitdan boshlanadi. Cho‘ng Keragatov, mangu yam-yashil archazorlar adib ko‘ngliga cho‘g‘ tashlagani shubhasiz. Aslida Tog‘ay Murodni hayotning o‘zi adib qildi. Ikki yasharligida otadan yetim qoldi. O‘gay ota kolxozda hisobchi bo‘lib ishlardi, u ham keyinchalik “O‘g‘il ko‘rishim kerak”, degan vaj bilan boshqa oila qurib ketadi. Murg‘ak qalb “O‘gay o‘g‘il o‘g‘il emasmi”, deya ichi-ichidan iztirob chekkan, ko‘ngli o‘ksigan bo‘lsa-da, umr bo‘yi o‘gay otadan minnatdor yashadi. Mana shu bolalik chog‘larida maktab kutubxonachisi Xadicha opa unda ilk adabiy tafakkurni kurtaklatdi.

 

Maktabimizda katta kutubxona bo‘lardi, – deydi bu haqda Tog‘ay aka. – Xadicha opa degan tatar ayol kutubxonachi edi. Xadicha opa Qozon shahridan kelib qolgan edi. Ana shu Xadicha opa bolalarni kutubxonaga a’zo qilolmay sarson edi. Xadicha opa bolalarni kutubxonaga olib kelardi. Bolalar kitobni olmay qochardi...”

 

Lekin Tog‘ay Murod qochmadi, kitoblarga mehr qo‘ydi. Opa bergan ertak kitobchani bir oy o‘qidi. Kutubxonachi unga alohida jurnal ochdi, ilk bor baho qo‘ydi. Tag‘in bir ertak kitob berdi, keyin doston kitoblar... To‘qqizinchi sinfga borib maktab kutuxonasida u o‘qimagan biror kitob qolmadi. Matematika yo fizikadan “ikki” olishdan qo‘rqmasdi. Xadicha opadan “ikki” olishdan qo‘rqardi.

 

Kutubxonachining maslahati bilan Tog‘ay Murod “adabiy lavhalar” mashq qilib, tuman gazetasiga yo‘llaydi. Qancha tirishib-tirmashmasin, odatdagidek, tahririyat yosh havaskorning yozganlarini e’tiborsiz qoldiradi. Uning nomidan adabiyot muallimi Hamza Hamroyev chiqargan maqolacha yosh qalbga qanot bag‘ishlaydi. Mana shu himo Tog‘ay Murodni yozishga undaydi.

 

 

Yulduzlar mangu yonadi

 

Adib ohanrabosining siri nimada edi, deb o‘ylayman. Ayrim yozarmanlarning asarini bir marta o‘qisangiz kifoya, yana o‘qishga hojat qolmaydi. Nima uchun Tog‘ay Murod qissalarini qayta-qayta o‘qib to‘ymaymiz? Ulug‘ Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari ham shu yo‘sindagi kitoblardan. Bunday asarlarni o‘lmas kitoblar deymiz.

 

U dumburlarda adabiyot eshigiga yaqin yo‘lamagan bir yigitcha – mening adib bilan yuzma-yuz ko‘rishishimga ancha yillar bor edi. Ammo yozuvchini “Sharq yulduzi” jurnalida e’lon qilingan “Yulduzlar mangu yonadi” qissasi bilan 1976-yili taniganman. Asar bir nafasda meni tortib ketgan. O‘sha paytlardagi Surxon to‘ylaridan bir lavha:

 

“To‘yxonada o‘ynab yurmish bolalar oldiga chopib keldi.

To‘ylovchi ayollar sochqilar sochdi: yong‘oq, pista, mayiz.

Bolalar qo‘llarini cho‘zib-cho‘zib sapchidi. Sochqilarni ilib-ilib oldi. Yerga tushganlarini talashib-tortishib qo‘yinlariga soldi.

Ikkita bola yumalab borayotgan yong‘oqni quvib ketdi.

Bolalar to‘da-to‘da bo‘lib, yong‘oq, oshiq, shumshak, quloqcho‘zma o‘ynadi. Do‘l, g‘irboydi, chillak, zuvillatar o‘ynadi...”

 

Ellik yil muqaddam ko‘rganim Surxon to‘ylarining tanish manzaralarini mingta qalamkash ming xil yo‘sinda bayon etishiga shak-shubham yo‘q. Tog‘ay Murodning uslubi esa baxshiyona, shoirona, xalqona, hech kimnikiga o‘xshamas bo‘ldi.

 

Asar qahramoni Bo‘ri Nasim bilan qiyomatli do‘st tutinadi, bir-biriga to‘n yopishib, sirdosh bo‘ladi. Bo‘ri oshiq, do‘sti Nasimga ko‘nglini ochadi. Aksari qissa-yu romanlardagidek Bo‘ri – Momoqiz – Nasim uchligi. Odatda, asarlarda ilk sevgining tug‘yonlari, do‘st xiyonati uzundan uzun bayonlarda izohlanmasmidi? Bo‘ri polvonimiz esa Momoqizni xilvatga chaqirib, ko‘nglini ochishga uyaladi. Chunki u o‘zbek. Ko‘ksida o‘zbek yuragi tepib turgan adib Nasimning qiyomatli do‘stga, sevgiga xiyonatini mutlaqo kutilmagan dialoglarda ochadi:

 

“– Bo‘ri, men gaplaringni oqizmay-tomizmay aytdim. Bo‘ri oshnamga sensiz kunduz ham qorong‘i, dedim.

Uh, bormisan, oshna! U nima dedi?

Jo‘ra, u, beti qursin, deb qo‘l siltadi. Senga ko‘ngli yo‘q ekan, jo‘ra. Ishonmayapsanmi? Mana, qiblaga qarab aytaman: agar yolg‘on aytsam, ko‘r bo‘layin!

Bo‘rining dili xufton bo‘ldi. Bir mahalgacha xo‘rsinib yotdi”.

 

Vositachi – do‘st xoin, aldov ustiga aldov. Nasim “qizbet” qiyomatli do‘st Bo‘riga, Momoqizga yolg‘on gapirar ekan, aldasam ko‘r bo‘layin deb, Xudoni o‘rtaga qo‘yib ont ichadi. Qazoyi qadarning azmoyishi naqadar hayratli. Ayni balog‘at yoshida ichilgan bu qasam beiz ketmadi...

 

Muallif polvon xalqining el-yurt, millat ori uchun maydonga tushishini, polvonlikning o‘ziga xos ilmi va sirlarini turli vaziyatlarda tasvir etadi. Ko‘hna qadriyatlar, urf-odatlar eskilik sarqiti sifatida kamsitila boshlagan, xalq, millat tushunchalari mavhumlashgan zamon edi. Muallif esa milliy kurashni qadriyat sifatida e’tirof etishga jasorat topdi:

 

“Bo‘ri polvon ich-ichidan zil ketdi. O‘zi bilan o‘zi gapirishdi.

“Biz polvonlik maktabida o‘qimadik. Polvonlik bizga otameros. Pushtdan-pushtga, qondan-qonga o‘tib kelyapti.

Polvonlikning ko‘zga ko‘rinmas, til bilan tushuntirib bo‘lmas shunday sirlari borki, buni faqat tomirida polvonlik qoni borlargina biladi. Biz bilamiz! Bu sirlar hech bir kitobda yo‘q!

Mana, mening o‘zim, Surxon vohasida mendan yiqilmagan polvonning o‘zi yo‘q! O‘sha maktab ko‘rgan sport masterlariyam yag‘rinimdan oshib ketdi!

Xalq nimasi bilan xalq?

O‘zining urf-odatlari bilan xalq! Ota-bobosidan qolgan milliy an’analari bilan xalq!

Ko‘p urf-odatlarimizni birovlar... birovlar o‘ziniki qilib oldi! Biz qo‘limizni burnimizga tiqib qoldik.

Shunday keta bersak, hademay... o‘zimizni-da boy berib qo‘yamiz!

Buyog‘i kamday, ne-ne nimalarimizni eskilik sarqiti deb yo‘q qildik.

Xiyol bo‘lmasa, xalqning o‘zini-da... eskilik sarqitiga chiqarib yuborayin dedik! Bugun buni yo‘qota bersak, ertaga uni yo‘qota bersak, adirdagi... podadan nima farqimiz qoladi?..”

 

Sho‘ro avj pardasiga ko‘tarilgan, “bepoyon sovetlar diyori”da millat va tillar hademay yo‘qolib ketadi, degan puch g‘oya yosh-u qari tafakkurini zaharlayotgan vaziyatda bu odam nima deyapti? Qadriyatlari, o‘zligini yo‘qotgan xalqni podaga mengzayaptimi? Yopiray!!!

 

Ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriy Otabek va Kumush muhabbati, qismati bayonida millat tarixining fojialarini ochgani singari, Tog‘ay Murod ham ikki yosh yurak sevgi dostonida o‘zbek xalqining urf-odatlari, mentaliteti, polvonlar hayotini adabiyotga muhrladi. Ijobiy jihatlarni muhrlabgina qolmay, o‘sha davr jamiyatining chirkin illatlarini ham fosh etdi. O‘quvchi Bo‘ri polvon, Abil polvon, Normurod polvon, Sana polvon, Maksim polvon, Tilovberdi va boshqa o‘nlab polvonlar siymosida hali Alpomishning avlodlari kuchdan qolmaganini, nasllar bardavomligini his etadi.

 

Taassufki, o‘tgan asrning 70-yillari kitobxoni hamda adabiy jamoatchiligi qissaning qamrovi, qadr-qimmatini yetarlicha baholay olmadi. Oradan yigirma yillar o‘tib, o‘zbek kurashi jahon maydoniga ko‘tarilgach, Tog‘ay Murodning buyuk kashfiyotiga, nainki kashfiyoti, balki bashoratiga shohid bo‘ldik.

 

 

Tog‘ay Murod bilan tanishuv

 

Universitetni tugallagach, 1983–1985-yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida korrektor (musahhih) bo‘lib ishladim. “Oydinda yurgan odamlar” kitobi chiqishi arafasida Tog‘ay Murod bilan tanishdim.

 

1984-yili Tog‘ay Murod va parkentlik iste’dodli yozuvchi Ma’suma Ahmedova oila qurdi, avtobusda butun jamoa Parkentga to‘yga borganmiz. Yanga bilan bir jamoada ishlashimiz Tog‘ay aka bilan meni yaqinlashtirdi. U kishi shoirtabiat inson edi, baxshiyona she’rlarni xush ko‘rardi. O‘sha yillari endi bir-ikki qofiyani juftlayotgan g‘o‘r bir shoir, ya’ni mening “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan “Qo‘hna ohanglarda” she’rimdan to‘rt satr aytganida hang-mang bo‘lib qolganman.

 

Oy yuzingga oyna bo‘lsam bo‘larmi,

Egachingga yazna bo‘lsam bo‘larmi,

Avji bahoringda gulzor oralab,

Gullaring atriga bag‘rim to‘larmi?

 

Keyinchalik Ma’suma yangamiz ham bu to‘rt qator bitikni Tog‘ay aka bot-bot takrorlaganini bir necha da’fa ta’kidlaganlar.

 

 

“Oydinda yurgan odamlar”ga hujum

 

1985-yili chop etilgan “Oydinda yurgan odamlar” kitobiga muallifning “Oq kishnagan oqshom” va “Oydinda yurgan odamlar” qissalari hamda “Ku-ku” va “Bobosi bilan nevarasi” hikoyalari kiritilgan. Korrekturasini katta hayajon, entikish bilan o‘qib chiqqanim kechagidek esimda. Yana esimda qolgani, korrekturalar o‘qilib bo‘lingach, O‘zkompartiyaning mash’um XVI plenumidan keyin Sharof Rashidov qoralanib, milliy va diniy qadriyatlarimizga qarshi navbatdagi “salb yurishi” e’lon qilingani munosabati bilan qissalarning tubdan qayta tahrirlangani, aniqrog‘i, shafqatsizlarcha “so‘yilgan”ining ham guvohi bo‘lganman. Ayrim jumla yoki abzaslar u yoqda tursin, balki butun-butun sahifalar qizil chiziq tortilib, qisqartirib tashlangan edi.

 

Qissaning ilk sahifalaridagi Oymomoga Qoplondan sovchilar kelgandagi holat 1985-yildagi nashrida:

 

“– Xushvaqt bo‘l, Eson traktorchi, xushvaqt bo‘l. Shu uyda katta-katta to‘ylar bo‘lsin.

– Aytganingiz kelsin”.

 

Mazkur nashrga Eson traktorchining to‘yni o‘tkazish yuzasidan rais bilan maslahati mana shunday “yopishtirilgan”.

 

“To‘y yoz oqshomi bo‘ladigan bo‘ldi.

Eson traktorchi raisning huzuriga borib, maqsadini aytdi.

– Yangicha to‘y qilsam degan edim, rais bova, yo‘l-yo‘riq bersangiz.

– Qaniydi, uka, Sovet hukumatining kelganigayam o‘n yil bo‘lyapti. Yangicha to‘ylarni turmushga tezroq joriy etishimiz kerak. Lekin yangichasini hali yaxshi bilmaymiz-da”.

 

Endi asarning 1994-yilgi nashrida sovchilar kelishi lavhasini ko‘raylik:

 

“ – Xushvaqt bo‘l, qassob, xushvaqt bo‘l, – dedi sovchilar.

– Qani, ilohi omin, shu uyda katta-katta to‘ylar bo‘lsin, Ollohu akbar!

– Ollohu akbar! Aytganingiz kelsin!”

 

Mazkur nashrda yangicha to‘ylar o‘tkazish haqida yuqoridagi dialogni ko‘rmaymiz.

 

1994-yilgi nashrda kelindan vakil so‘rash hamda nikoh o‘qish lavhalari ham o‘rin olganki, ular oldingi nashrda butunlay “kallaklab” tashlangan edi.

 

“Shu vaqt besh-olti odam kelinli uy dahliziga keldi.

Ikki eshik qiya ochib qo‘yildi.

Xayrulla domla kelindan vakil so‘radi:

– Sizkim Oymomo Abdiboy qizi, o‘zingizni Qoplonboy Qurbonboy o‘g‘liga bag‘ishlamoq vakolatingizni akangiz Esonqul o‘g‘liga topshirdingizmi?”

 

Qisqasi, 85-yilgi nashrda bunday “tahrir”lar qayta-qayta qilinganki, bu bedodlik nainki Tog‘ay Murodni, balki har qanday qalamkashni ham muvozanatdan chiqarib yuborishi tabiiy edi.

 

Befarzandlik vajidan Qoplonning So‘fi Ollоyor bobo ziyoratiga borib qon chiqarishi, hazrati Xizr bobo bilan uchrashuv lavhalari 85-yildagi nashrdan butunlay olib tashlangan. Ushbu nashrga so‘ngso‘z yozgan Pirimqul Qodirov “Oydinda yurgan odamlar”ning qayta tahrir qilinishi haqida so‘z yuritib, “g‘oyaviy soflik uchun kurash ketayotgan paytda sovet yozuvchisining bid’at va xurofot sarqitlariga murosasiz bo‘lishini” ta’kidlaydi va qissa nuqsonlari yuksak partiyaviylik nuqtai nazaridan jiddiy tanqid qilinganini aytadi. Qayta ishlangan variantda Qoplonning qaynag‘asi Eson birinchi bo‘lib qishloqqa traktor minib kelgan firqa bo‘ladi. Lenin vafotining o‘n yilligida ma’ruza qiladi. Qoplon yapon bosqinchilariga qarshi urushda qatnashib, buyuk g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shadi.

 

Yaxshiyamki, qissada tok zangini ochish, pilla boqish, mayiz bosish tasvirlari, ayniqsa, to‘y manzaralari saqlab qolindi. Dorilomon kunlar kelib haqiqat qaror topdi. 1994-yilgi nashrda avval “kesib tashlangan” boblar to‘lig‘icha tiklandi. Kitob annotatsiyasida bu shunday aks etdi:

 

Bu qissalar ne kunlarni ko‘rmadi!

Zoti nomard bo‘ldi, ushbu qissalar yoqasidan oldi. Og‘zi buzuq bo‘ldi, ushbu qissalarga tupugini sochdi. Qo‘li nopok bo‘ldi, ushbu qissalardan butun-butun boblarni o‘chirib tashladi. Oqibat, ushbu qissalar o‘z vaqtida pati yulinmish tovuq misol chop etildi.

Alqissa, dorilomon kunlar keldi. “Ot kishnagan oqshom”dagi Ziyodulla chavandozchasiga aytar bo‘lsak... uloq Tog‘ay Murodda ketdi!”

 

Xotin-xalajlarning topishmoq aytish lavhasi bolalik paytlarimizni, qish kechalarida tancha yoki pechka yonida paxta chigitlab, ertak yoki topishmoqlar aytgan damlarimizni esga soladi.

 

“El og‘zida yurmish topishmoqlardan aytish boshlandi.

Aytishuvni Xoldon momo boshlab berdi.

Men aytsam, uzun-uzun iz ketdi, uzun bo‘yli qiz ketdi – qasavasi qarsillab, manglayi yerga tarsillab. Bu nima?

– O‘rmak.

– Kichkina qozonning oshi shirin.

– Yong‘oq.

– Bukri momom buk etdi, yugurib uyiga kirib ketdi.

– Sichqon.

 

Ayollar tinimsiz o‘t yoqib turdi, tinimsiz o‘t kovlab turdi.

Boisi, o‘t hovuri pasaysa... sumalak ayniydi!

Sumalak ana shunday nozikta’b taom bo‘ldi!

 

Chin qushim, chinni qushim, chin tepaga qo‘ndi qushim, og‘zidan bol uzatib, xalqqa salom berdi qushim.

Samovar...

Tuzi yo‘q oshni ko‘rdim.

Bari ayol o‘yda qoldi! Birov u dedi, birov bu dedi, birovi-da topolmadi!

Shunda, ushbu topishmoqni aytmish Oymomo onamiz huzurlanib-huzurlanib kuldi. Tizzasiga urib-urib kuldi. Ketiga chalqayib-chalqayib kuldi. Kula-kula, qo‘li bilan sumalakni ko‘rsatdi.

Tuzi yo‘q osh – sumalak bo‘ldi”.

 

 

Adibni yig‘latgan voqea

 

Tuz-nasiba qo‘shilib, 1985–1987-yillari “Oltinsoy tongi” gazetasida ishladim. 1987-yil oxirlarida poytaxtga qaytgach, biroz o‘tib Tog‘ay Murodning “Oltinsoy tongi”da ishlayotganidan xabar topdim. Adib o‘z yurtiga “Otamdan qolgan dalalar” romani uchun materiallar yig‘ish, paxtakor dehqonlar hayotini yaqindan o‘rganish uchun borgan edi.

 

Gazeta bilan hali aloqani uzmaganim bois 1988-yili Oltinsoyga, “Sho‘rchi” sovxozida joylashgan ko‘rimsizgina tahririyatga borganimda Tog‘ay aka bilan ko‘rishdik. Esimda, adib har doimgidek toza-ozoda, oppoq ko‘ylakda, kostyumlari ham o‘ziga yarashgan edi. Gazeta bosh muharriri rahmatli Eshmirza aka, adib hamda men tushlikka tuman markaziga chiqdik. Tushlik paytida Tog‘ay aka roman uchun materiallar yig‘ishda kimlar bilan uchrashayotgani, hatto kechalari dalalarda suvchilar bilan paxtaga suv tarayotganini maroqlanib gapirdi. Ma’suma yanganing fikrlari yuqoridagi so‘zimni tasdiqlaydi:

 

“Yozuvchi ko‘pincha Surxondaryoning Vaxshivor degan tog‘li so‘lim qishlog‘idagi o‘zlari ta’rif berganlariday, tog‘chorbog‘da ijod qilganlar. Qanday asar yozayotgan bo‘lsalar, o‘sha muhitning urf-odatlaridan tortib, o‘tmishi-yu bugunigacha, tanovul qiladigan taomi-yu shevasigacha shunchalar puxta o‘rganar edilarki, hattoki oylab, yillab el orasida yashar, birga-birga ishlar edilar. Shu mehnat samarasini adib asarlarida ko‘rishimiz mumkin, shirasi, hayotiyligi, mazmunan teranligi fikrimizga dalil bo‘la oladi”.

 

Adibning shashti, gaplari va ko‘zlari chaqnab turishi romanning zo‘r chiqishidan darak berardi. Tushlikdan so‘ng bizlar xayrlashib, Eshmirza aka bilan tahririyatga qaytdik, Tog‘ay aka Vaxshivordagi ijodxonasiga jo‘nab ketdi.

 

Milliy qadriyatlarimiz, muqaddas dinimizga boshlangan navbatdagi qatag‘on tufayli mozorlar tekislandi, ziyoratgohlar buzildi. Namoz o‘qish, janozaga borish taqiqlandi. Hatto partiya-sovet arboblari o‘z ota-onalarini janozasiz ko‘mishgacha borib yetdilar. Shunday sharoitda, 1988-yil 21-iyulda ijodini o‘rganish tugul, nomini ham tilga olish man etilgan ulug‘ mutasavvuf shoir haqida Tog‘ay Murodning “So‘fi Olloyor kim bo‘lgan?” maqolasi gazetada chiqib qolsami?

 

Bu sokin osmonda portlagan momqaldiroq edi! Gazetaning o‘sha soni tala-tala bo‘lib, narxi 10 so‘mga ko‘tarilib ketdi. Motsart bor joyda Salerilar ham topilganidek, bir g‘alamis o‘sha gazetadan bir nusxasini pochta orqali O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasiga yo‘llagan ekan. Bir oyog‘i allaqachon go‘r yoqasiga kelib qolgan komfirqa tazyiqi bilan maqola raykom byurosida ko‘rilib, bosh muharrirga qattiq hayfsan berildi, muallif esa... ishdan bo‘shatildi.

 

O‘sha voqealarning guvohi bo‘lgan bo‘lim mudiri Jo‘ra aka Qodirov atoqli adibning firqa zulmidan xo‘rlangani haqida shunday deydi:

 

“Ko‘rib turibman. Tog‘ay Murod yig‘lamoqdan nari-beri. Uning polvon kelbat vujudi titrardi. Axiri bo‘lmadi. U o‘rnidan turdi. Raykom xodimlari uni gapirishga qo‘ymadi.

 

Biz sizdan hech narsa eshitmaymiz, o‘tiring. Oltinsoyni O‘zbekistonga sharmanda qilganingiz yetar.

 

Ammo Tog‘ay Murod o‘tirmasdi. Uning ko‘zlari, yuzi qip-qizil bo‘lib ketgandi. Uning ovozi zalda momaqaldiroq yanglig‘ portladi:

 

Aytinglar, men nima qilibman? Mening aybim nima? Shu maqolammi? Shunga shunchami? Men unda nimani noto‘g‘ri yozibman? Nimasi yomon? Hali ko‘rasizlar, yaqin qoldi. Odamlarning bari islomga qaytadi. Xudoga qaytadi. Kerak bo‘lsa, hamma qishloqlarda machit bo‘ladi. Odamlar emin-erkin namoz o‘qiydi. Har bir uyda Qur’on kitobi ochiq turadi. Sizlar xudobexabar odamlarsiz”.

 

Ha, adib bor-yo‘g‘i o‘z hamyurti, valiy zot So‘fi Olloyor ijodi va hayoti bilan eldoshlarini tanishtirgani uchun ur-kaltak, sur-kaltak qilindi. Jo‘ra aka adibning Surxondan ketish holatini bunday tasvirlaydi:

 

Denov vokzalidamiz. Dardi dunyosi bu yorug‘ olamga sig‘mas yozuvchiga taskin-tasalli berolmayman.

 

O‘z elimda meni sharmanda qilishdi-ya. Kun keladi, bu muttahamlar mendan oldin mullo bo‘ladi. Shunda oldilaridan salom berib o‘taman. Bular dumi yo‘q, orqasi siyg‘onchiq tulki.

 

Aytganingiz kelsin. Hayot jazosini bersin.

Yuzi bo‘g‘riqqan Tog‘ay Murod poyezdga chiqdi. Uning so‘nggi gapi shu bo‘ldi:

 

– O‘z yurtiga sig‘magan yozuvchi oshnangga xayr de! Tuman gazetasida ishlay olmay haydalgan, senlarni qora otli qilib ketayotgan oshnangga qo‘l silta!

 

Uning ko‘zlari to‘la yosh edi. Endi bu yoshlarni g‘ijim dastro‘moli bilan ham artmasdi...”

 

Tog‘ay aka umri davomida ko‘p marta mana shunday qarshiliklar, g‘ovlarga to‘qnash kelsa-da, ularni pisand qilmadi, ruhan sinmadi, tushkunlikka tushmadi, faqat maqsad sari intildi. Lekin har qancha metin iroda bo‘lmasin, adib ham inson. U ham barcha qatori bir shirin so‘z gadosi, bir yomon so‘zdan dili vayron bo‘ladi. Tog‘ay aka “Otamdan qolgan dalalar” romani dunyoga kelishi tarixi haqida yozarkan, “Men nimaga erishgan bo‘lsam – barchasi uchun g‘animlarimdan minnatdor bo‘ldim. G‘animlarim bo‘lmasa – men Tog‘ay Murod bo‘lolmas edim”, deydi.

 

“Men qishlog‘imga qaytdim.

Onam sandiq kovladi. Lattalar ostidan bir tuguncha oldi. Tugunchsani aylantirib ochdi.

Tugunchadan besh-olti so‘m pul chiqdi.

Onam shu pulni menga uzatdi.

Shunda men... bir boshqa bo‘lib qoldim. Men tashqari otilib chiqib ketay, dedim.

Bu pul... onamni... o‘limlik puli bo‘ldi.

Men devorni ushlab qoldim.

Olmayman... – dedim.

Ol, sen shoir bo‘lsang bo‘ldi, ol, – dedim onam.

– Yo‘q... – deya bosh chayqadim.

– Ol, sen shoir bo‘lmaguningcha men o‘lmayman, – dedi onam”.

 

Tog‘ay Murodning 1988-yili raykom byurosida qilgan bashoratlari ko‘p o‘tmay ijobat bo‘ldi. Mustaqillikka erishilib, milliy-diniy qadriyatlarimiz tiklandi. Ming-minglab masjidlar ochildi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, So‘fi Olloyor va boshqa talay allomalarimizni tanish baxtiga muyassar bo‘ldik. Ming shukr, barcha muslimlar, ahli sunna val jamoa masjid-u ibodatga qaytdi... va kechagi xudosizlar ham bir dumalab xudojo‘yga do‘ndi...

 

“Otamdan qolgan dalalar” romani endi dunyo yuzini ko‘rgan paytlar... Asar e’lon qilinishi bilanoq keng jamoatchilik tiliga tushdi. O‘zbekiston televideniyesi adabiy-dramatik ko‘rsatuvlar tahririyatida ishlardim. Ushbu asardan inssenirovkalar tayyorlab, Said Ahmad, Umarali Normatov, O‘tkir Hoshimov kabi yozuvchilar va adabiyotshunoslar hamda muallifni “Bo‘ston” degan ko‘rsatuvga davra suhbatiga taklif etdim. Tog‘ay aka ham qatnashishga rozilik berdi.

 

Taklif etilganlar hammasi (Tog‘ay Muroddan boshqa) kelishdi. Oxirgi daqiqalargacha adibni kutdik, ammo kelmadi, go‘shakni ham ko‘tarmay qo‘ydi. Na iloj. Ko‘rsatuv boshlanib, ustoz yozuvchilar “Otamdan qolgan dalalar” asarini ko‘klarga ko‘tarib maqtadi. Tog‘ay Murod sha’niga chiroyli ta’rif-u tashbehlar aytildi.

 

Ertasiga vaqt topib, adib bilan bog‘landim, Tog‘ay aka go‘shakni ko‘tardi:

 

– Aka, nega kelmadingiz, ustozlar oldida juda xijolat tortdim, – deya o‘pka-gina qilgan bo‘ldim.

 

Tog‘ay aka xush kayfiyatda, pinagini ham buzmasdan javob berdi.

 

– Ko‘rsatuv menga yoqdi, maqtovlar ham zo‘r bo‘ldi, rahmat. Xo‘sh, men ular oldida “Maqtovchilar nima derkin”, deb og‘ziga qarab o‘tirishim kerakmidi? Yo bo‘lmasa, “Ko‘rib qo‘yinglar, akang qarag‘ay bu asarni qoyillatib yozib qo‘ydi”, deb kerilishim kerakmidi?

 

Tog‘ay aka yuz foiz haq edi, bu dalil-da’volarga bir nima deyishga ojiz qoldim. Muhimi, ko‘rsatuvdan adibning ko‘ngli to‘lgani edi.

 

Adabiy jamoatchilik orasida hali-hanuz Tog‘ay Murodning odamoviligi, keskinligi va keskirligi, ko‘p odamlarni yoqtirmagani, ichimdagini top ekani haqida iddaolar yuradi. Bu gaplarda balki qisman jon bordir. Chin, Tog‘ay aka hamma bilan ham murosa qilib ketavermasdi. Adibning “odamovi”ligini esa Ma’suma yangamiz hammadan, ayniqsa, bekorchi davralar-u choyxonalar, to‘y-hashamlardan vaqtini qizg‘angani bilan izohlaydilar.

 

Tog‘ay akaning haqiqatparastligiga kelsak, yomon ko‘rganini ham, yaxshi ko‘rganini ham o‘sha zahoti yuziga aytar, ayniqsa, yolg‘onchilik, munofiqlik, yaltoqilik, ikkiyuzlamachilikni ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi. Tog‘ay aka nimadan kuyinar edi? Ba’zi nopok, iste’dodsiz hamkasblarining “Qadam olishingiz yomon emas”, “Tengdoshlaringizdan kam emassiz”, “Anavi asaringizni bir o‘qisa bo‘ladi”, degan sassiq pichinglaridan kuyinardi. Uning oldida bir gapni aytib, orqasida esa teskarisini gapirib yuruvchi ikkiyuzlamachilardan kuyinardi.

 

Adib tahririyatlarda o‘tirib, rahbarlarga mute bo‘lib ishlashdan ko‘ra emin-erkin ijodni ma’qul ko‘rardi. Lekin Xudo shohid, Tog‘ay aka bilan qancha suhbatlashgan bo‘lsam, biror marta qo‘polligini, manmansiraganini sezmaganman. Ko‘ngli nihoyatda nozik, g‘ururi Keragatog‘day yuksak edi. Tog‘ay Murodning iymon-vijdon, adabiy prinsiplarga kelganda hech qachon chekinmasligiga butun hayoti va ijodi guvoh. Chunki millat va adabiyot Tog‘ay Murod uchun hayot-mamot edi. Hayotining so‘nggi daqiqalarigacha ushbu maslak va tutumlariga sodiq yashadi.

 

Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 353
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21316
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//