“Million”ning ming bir qiliqlari yoxud axloq chegarasiga daxl qilayotganlar


Saqlash
20:35 / 04.11.2021 1049 1

Alg‘ov-dalg‘ov, hovliqma bir zamonda yashayapmiz. Gapning indallosi, istaymizmi yo‘qmi, yon-verimizda ruhni yemiradigan hodisalar ko‘paydi. Ular to‘g‘risida ko‘p yozdik, ko‘p gapirdik. Hadeb yozaverish ham nash’a qilmay qoldi. Mayli, bundaylar hamma yerda, hamma zamonda ham bo‘lgan. Gunohi o‘zining bo‘yniga. Lekin biron asarmi, tok-shou yoki konsert bo‘ladimi u ekranga chiqdimi, unutmaylik u – xalqniki. Baho qo‘yadigan ham, ma’naviy ozuqa oladigan ham xalq. Buyog‘ini xalqqa yetkazib aytmoqqa ojizlik qilamiz: “Daraxt qulasa, har kim o‘ziga kerakli bo‘lagini – qassob kundasini, dehqon ketmonsopga mo‘ljallab – tanasini, savatdo‘z – xivichini kesar ekan…”

Shu ma’noda, yaqinda ijtimoiy tarmoqlar yuzini ko‘rgan “Million” jamoasining konserti ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ba’zilar “Konsert axloqsizliklarga targ‘ib qilishdan bo‘lak hech narsa emas”, deya bong urdi. Mardonasiga tan oladigan bo‘lsak, “Maroq bilan tomosha qildim. Baraka topishsin”, deydiganlar ham topildi, shahringizni beravering… Ushbu mulohazalarga to‘xtalmoq muddaomizdan yiroq. Lekin atrofimizda tez-tez ko‘rinish berayotgan ushbu illatlar xususida shingilgina so‘zlamoqchimiz

Mutaxassislar fikricha, ko‘p hollarda omma ongini boshqarishda turli usullar: siyosiy-mafkuraviy mazmundagi axborot xuruji, reklama, tashviqot, tok-shoular, estrada va sport yulduzlarining xulq-atvori hamda ular haqidagi mish-mishlarni zo‘r berib tarqatish, targ‘ib qilish, zo‘ravonlik, urush, fahsh va boshqa axloqsizliklarni ko‘rsatuvchi filmlar, elektron o‘yinlar, noan’anaviy tanlovlar va ommaviy madaniyatning turli mahsulotlari qo‘l keladi. Ular insonda xudbinlik, nafs mayllari, iste’molchilik va boshqa biologik instinktlarni qo‘zg‘aydi, nosog‘lom raqobat va kuchga sajda qilishni avjga oldiradi. Bu amaliyotda sinalgan usul.

Nazdimda, “Million” jamoasi turli muammolarni olib chiqishi bilan tanilgan. Haqiqatan ham, shunday. To‘g‘ri, o‘sha vaqtlarda ham mentalitetimizga to‘g‘ri kelmas sahnalar bo‘lgan. Biroq, bu galgi konsertida qo‘pol bo‘lsa ham aytaman, “buzuqi” sahnalar samimiy yumordan og‘irroq yuk bosayotir. “Million” jamoasining konsertini sakkizinchi sinfda o‘qiydigan ukam olib keldi. Besh yoki olti daqiqa ko‘rdim, xolos. Mavzu mohiyatini ochib berish uchun ko‘zim tushgan sahnalardan keltirmoqchiman. Misol uchun, "Folbin" sahna ko‘rinishidagi gaplarni eshitib, juda ensam qotdi. "Uylanding. Qiz emas ekan" degan o‘ta uyat gapni sahnada aytish kerakmi? Shuningdek, Luiza ismli aktrisaga nisbatan ishlatilgan hazillar ham axloq darajasidan juda-juda tashqarida. Supermarketda sotilayotgan narsalarning ovozlanishiga oid sahna ko‘rinishi ham shular jumlasidagi axloqsizlik. Xullas, bu kabi odam tilga olishga ham uyaladigan “intim” sahnalarga “boy” bu konsert men uchun juda katta fojia emasdir, ammo mendan keyin o‘sib kelayotgan avlod – singlim, ukam, jiyanim va boshqalar uchun bunday sahnalar efir yuzini ko‘rishini aslo xohlamayman.

Voynichning “So‘na” degan romanini o‘qiganimda xuddi bizning jamiyatda kuzatilayotgan ahvolning guvohi bo‘lgandim. Aslida, bosh qahramon Artur jabrdiyda bo‘lsa-da, uni butun jamiyat qoralaydi. Artur katolik dini ruhoniysi, diniy seminariyaning rektori Montanellining o‘g‘li. Ammo Arturning bundan xabari yo‘q. U sirlardan voqif bo‘lgach, o‘zga yerlarga bosh olib ketadi-yu, azob-uqubatlar ta’sirida butunlay boshqa odamga aylanib ortga qaytadi. Keling, endi shu yeridan boshlab, Arturni bizning jamiyatga tashlaymiz. U “beboshlik”lari uchun har kuni ta’qib etilib, oxiri o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Uni shunday bo‘lib ketishiga sabab bo‘lgan ota-chi (tarbiyalagan avlod-chi)? Shunchaki tomoshabin bo‘lib turadi. Vijdon qiynaladi, biroq aytolmaydi… Yoshlar biron-bir qilig‘i bilan omma e’tiboriga tushsa, “Yoshlar aynib ketdi”, deya qutulamiz. Ammo ularni kim, qanday aynityapti, ularning ma’naviyati nimalar bilan shakllantirilyapti, bu bilan hech birimizning ishimiz yo‘q. Xuddi Montanellidek kuzatuvchi bo‘lib turaveramiz. Mana hammasini o‘z qo‘limiz bilan qilyapmiz, deydigan esa topilmaydi. Oilasida yaxshi tarbiya ko‘rgan, nima yaxshi-yu nima yomonligini ajrata oladigan yoshlar bunday kinolarni ko‘rmasligi mumkin. Bunga vaqti ham bo‘lmaydi. Ammo kun davomida ishda yoki biron yumush bilan band bo‘lgan ota-onalarning farzandlari-chi? Ularga bu kinoni ko‘rma, yoshingga to‘g‘ri kelmaydi deb kim aytadi?

Xo‘sh, buyog‘iga qaysi yo‘ldan boramiz? Buyuk Shekspir qahramoni aytmoqchi, “Yo hayot, yo mamot: masala shundoq!”. Bu savolga javob izlab uzoqqa borish shart emas. Prezidentimiz O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida jonkuyarlik bilan javobni aytgandi: “Ma’naviyat tijoratga aylanmasligi kerak!”

– O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz, – deydi Davlatimiz rahbari. – Kimda-kim bu sohalarga faqat pul ishlash, faqat iqtisodiy foyda ko‘rish maqsadida kirayotgan bo‘lsa, ular, marhamat, tadbirkorlik, biznes sohasiga borsin… Lekin ijodiy ishlarga aralashib, o‘zini ham san’at degan muqaddas tushunchani ham beobro‘ qilmasin. Buni hech kim hech qachon unutishga haqqi yo‘q. Prezidentimiz ma’naviyat, madaniyat, kitobxonlikni ommalashtirish kabi masalalarga e’tiborni kuchaytirayotgan vaqtda biz bilganimizdan qolmasak...

Shu o‘rinda, bir savolni o‘rtaga tashlamoqchiman: Birovning angishvonasini o‘margan odam qonun oldida javob beradi, qizil chiroqda harakatlansa, jarima undiriladi va hakozo. Taassufki, vaqt o‘g‘rilarining mushugini birov pisht demaydi. Nima uchun axloqsizlikni ochiqchasiga targ‘ib qilayotganlarga qonunan chora ko‘rilmaydi? Bugun “yengil”, “suyuq” mavzulardagi tok-shou va kinolarni ko‘rgan yoshlarni ertaga Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriylar mutolaasiga qaytarish qiyinligini qachon anglaymiz?

Bu sira paysalga soladigan ish emas. Aks holda...

Murodjon RAHMATOV

“Nuroniy” gazetasi, 2021-yil 3-noyabr, 43-son

1 Izoh

Shahzod

12:01 / 01.01.1970

zo'r yoqdi yana bundan zo'r bolsin

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//