Sharof Boshbekov (1951–2022) turli to‘dalarga qo‘shilmasdan, manfaatlar to‘qnashuvida murakkab rollarni ijro etmasdan (chunki teatr sahnasida o‘ynagan rollari bas edi unga), birovga malol kelmay deb qisinib-qimtinib (holbuki, bu dunyoda mavjudliging kimlargadir xalaqit berib qolar ekan), o‘zicha yashab, o‘zicha ijod qilib o‘tdi (“Mening muchalim yo‘lbars”).
Shunday katta dramaturg biz bilan zamondoshligini birov bildi, birov bilmadi. Oxirgi yillarda “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘ining hadisini olib, kuydiradigan-kuldiradigan fikr-mulohazalari bilan kunda-kunora ko‘rinish bera boshlagach, minglab muxlislari yana ijodkorni topib oldi. Bundan quvonchini bildirgan ko‘p edi.
“Sh”dan boshlanuvchi buyuklar” hangomasiga maddohlikning juda inja yo‘lini topibsiz degan hazilnamo izoh qoldirganimda nozik ishorani ilg‘ab jig‘ibiyron bo‘lib qolgani esimda. O‘ylab qarasam, oltin yaloqqa bosh suqmay, boriga qanoat qilib, qo‘l uchida yashab o‘tayotgan ijodkorni bundan ortiq tahqirlab bo‘larmi?!
Sharofsiz dunyoda Sharof Boshbekovning internet sahifalaridan quyidagi yozmishlari, kechmishlarini to‘pladik.
***
Men tug‘ilmasimdan oldin bu dunyoning rasvosi chiqib bo‘lgan ekan. Mening sirayam aybim yo‘q.
***
Men odamlarning baxshisi, baxshilarning yaxshisi ustoz Fozil Yo‘ldosh bilan deyarli hamqishloq edim. “Deyarli” deyishimga sabab qishloqlarimiz yonma-yon, juda yaqin edi. Ayni qish. Fozil ota “Ko‘mir, o‘tin-cho‘pdan qiynalib qoldim, uyimdan chakka tomyapti, hech kim xabar olmaydi”, deb Yozuvchilar uyushmasiga, Oliy Sovetga, Markazqo‘mga ustma-ust shikoyatlar yozaveribdi. O‘sha paytdagi Oliy Sovet raisi Sharof Rashidov yangi yilni kutib olish uchun Samarqandga boradi. Qaytishda “Oqsoqoldan bir xabar olib ketaylik”, deb Fozil otaning uyiga kirib o‘tadi. Baxshining xonadonida hurmatli mehmon sharafiga qo‘y so‘yilib, katta ziyofat beriladi. Qishloqning boobro‘ odamlari qatorida bizning otamiz ham aytiladi (otamiz o‘sha paytlar “Qoramo‘yin” qishloq sovetida kotib bo‘lib ishlaganlar). Allohning qudrati bilan o‘sha kechasi qalin qor yog‘ib, uy eshiklari ochilmay qolgan, mashinani ko‘mib yuborgan (otamizning aytishlaricha, “ot yurolmas qor bosgan”). Mehmonlar yana bir kecha qolishga majbur bo‘lishadi. Vaqt yarim kechadan oqqanda qo‘shnilardan biri derazani chertib:
– Boshbek aka, o‘g‘illi bo‘ldingiz! – degan xabar olib keladi.
– Nima ism qo‘yasiz, Boshbekboy? – deydi Fozil ota.
– O‘zlaringiz bir nima deysizlar-da… – deydi otamiz boshlarini eggancha.
– Bo‘lmasa, hurmatli mehmonimiz sharafiga “Sharof” deb qo‘yasiz-da! – deydi baxshi ota va savol nazari bilan Sharof otaga qaraydi.
Sharof ota miyig‘ida kulib o‘tirarkan, e’tiroz bildirmabdi.
Buni “sukut – rizolik alomati” deb tushungan otamiz ertasi kuni yangi tug‘ilgan mehmonga “Sharof Boshbekov” degan hujjat olib keladi.
Ana o‘sha “ot yurolmas qor bosgan” kechada tug‘ilgan chaqaloq kamina bo‘ladi. O‘shanda 1951-yilning 4-yanvar sanasi edi...
***
Mening muchalim yo‘lbars. Tor so‘qmoqda kuchukmi, mushuk bilan to‘qnash kelib qolsam, “Shu bilan teng bo‘lib yuramanmi?” deb yo‘l beraman. Buni ba’zilar “Itdan qo‘rqdi” deb tushunishadi.
***
Onamiz bizdan shirinlikni berkitmay qo‘ygan paytdan boshlab bolalik deb atalmish betashvish davr tugaydi.
***
Ayolim Toshkentlik. Qishloqqa borsak, sumalakning ustidan chiqib qoldik. Bahoriy marosimlarga doimgiday rahmatli katta enam bosh-qosh.
Bir payt qozon kavlashdan charchagan “toshkentlik kelin” tong otay deb qolganda uyga kirib keldi:
– Enam so‘kinvottila... – deb e’lon qildi ostonadanoq.
– Yo‘g‘-e? – deganimcha tashqariga chiqdim.
Qarasam, katta enam kuta-kuta charchab mudrab o‘tirgan chevarasiga mehribonlik qilyapti:
– Hozir ochaman, sumalakdan je (sumalakdan ye), hech bo‘masa ozg‘ana jalab (yalab) ko‘r, keyin jotasan (yotasan).
Hali-hali enamning “so‘kish”larini sog‘inaman...
***
Topishmoq. Otamizning maktab vinetkasida bittagina ayol muallim bor ekan, qolgani erkak. Mening 8-sinfda tushgan vinetkamda 12 ta muallimdan 5 tasi ayol, 7 tasi erkak. Qizimning vinetkasida 3 tagina erkak, qolgani ayol muallimlar. Nevaramning vinetkasida hammasi ayol, birorta erkak zoti yo‘q. Bu nimadan dalolat?
***
Ilgari yoshligimga borib, agar men hech kimga yomonlik qilmasam, dushmanim ham bo‘lmaydi, deb o‘ylar ekanman. Keyinchalik tushunib yetdimki, birovga yomonlik qilmasang ham, bu dunyoda yashayotganing, ishlayotganing o‘zi kimlargadir “xalaqit berib” qolar ekan...
***
Bir qarashda, “Baxt tilayman” degan kalima juda jo‘n, salmog‘i yo‘q jumladay tuyuladi. So‘zlashuv tilimizda bunga hech bir ma’no yuklamay, shunchaki gapirishga o‘rganib qolganmiz. Chuqurroq o‘ylab qarasak-chi?
Dunyoda yaxshi yo yomon odam bo‘lmaydi, baxtli va baxtsiz odam bo‘ladi. Baxtli odam turmush ikir-chikirlaridan, har xil ming‘ir-ming‘ir, shivir-shivirlardan olis bo‘ladi. O‘zi haqidagi noo‘rin gaplarga ham parvo qilmaydi. O‘sha gap-so‘zlar uning baxti oldida naqadar mayda, naqadar arzimas bo‘lib tuyuladi. Baxtli odam birovga yomonlik qila olmaydi. Shuning uchun biz uni “yaxshi odam” deymiz. Hayotingizning eng baxtli damlarini eslang. Nikoh kuningizni yoki farzand ko‘rgan paytingizda qo‘shningizning yoki hamkasbingizning siz haqingizdagi fisq-u fujur gaplari qulog‘ingizga kiradimi? Yo‘q. Chunki, siz baxtlisiz!
Baxtsiz odam alamzada bo‘ladi. Dunyo ko‘ziga rangsiz, odamlar esa o‘ziga o‘xshagan baxtiqaro bo‘lib ko‘rinadi. Qo‘rslik, dilozorlik baxtsiz odamning doimiy yo‘ldoshi bo‘ladi. Unga hamma dushman, uni hamma ko‘rolmaydiganday tuyulaveradi. Undaylarni biz “yomon odam” deymiz. Mayli, ular ham baxtli bo‘lishsin...
***
Dushmaningga baxt tila, toki u o‘z baxtiga o‘ralishib, senga yomonlik qilishga na vaqt topa olsin, na xohish.
***
Bu dunyoda baxtli odam yo‘q, o‘zini baxtli qilib ko‘rsatadiganlar bor.
***
Koinotda bir ajib hodisa ro‘y berayotir. Olam kengayyapti. Bu kengayish oqibatida ko‘zga ko‘rinmas zarralardan tortib sayyora va yulduzlargacha bir-biridan uzoqlashadi. Nainki koinot jismlari, bu uzoqlashish Yerda ham davom etadi: bus-butun imperiyalar parchalanadi, er-xotinlar ajrab ketishadi, yaqin jigarlar bir-biridan yiroqlashib, o‘rtadan mehr-oqibat ko‘tariladi. Hatto musiqa ansambllari tarqalib, barcha o‘ziga xon, o‘ziga bek bo‘lgisi keladi. Bu odamzod ixtiyoridan tashqarida ro‘y beradi.
Lekin oradan yuz yil o‘tadimi, ming yil o‘tadimi, tabiat qonuniga asosan koinot toraya boshlaydi. (Cheksiz kengayishning imkoni ham yo‘q.) Osmon jismlari bir-biriga yaqinlasha boradi. Yerda ham turli-tuman birlashmalar, uyushmalar tarkib topadi, xullas, odamlar o‘rtasida yaqinlik paydo bo‘la boshlaydi. Xo‘jaliklar yiriklasha boradi. Nikoh to‘ylari ko‘p, ajralishlar kam bo‘ladi. Odamlar bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lishadi, har qadamda vijdon, diyonat degan tushunchalar manaman deb bo‘y ko‘rsatib turadi...
Lekin olamning torayishi qachon ro‘y beradi, buni bilmayman...
***
Birovga pul bersangiz qarzga emas, esdalikka deb bering – tinch uxlaysiz!
***
Sizni kimdir to‘satdan yoqtirmay qolsa, bilingki, bir paytlar siz unga yaxshilik qilgansiz...
***
Biz birovlarning kamchiligini ko‘rishga ustamiz, lekin o‘zimizning xatolarimizni payqamaymiz.
***
Vijdon nima? Insonning ichida vijdon degan organ yo‘q. Yurak bor, taloq bor. Lekin vijdon og‘risa, azob bersa, odamning hayoti zulmatga aylanadi.
***
Hozir, nazarimda, ko‘pchilik o‘z yo‘liga tushgani yo‘q: etikdo‘z artist bo‘p yuribdi, o‘qituvchilikni qoyillatadigan odam o‘rtamiyona aktyor… Inchunin, hamma o‘z kasbini almashtirgandek. Hayotda hamma o‘z o‘rnini topishi kerak.
***
Men bolaligimda uchuvchi bo‘lishni orzu qilardim. Hayot – hayot ekan. Turfa so‘qmoqlarni bosib o‘tdim. O‘z o‘rnimni topgunimcha ko‘p tentiradim. Ashulachilik qildim, baletda rollar o‘ynadim, kinoda sudralib yurdim. Ko‘p tentirab, oxiri yozuvchilikda to‘xtadim.
***
Men ko‘pincha hajviy asarlar, kinokomediyalar va yumoristik pyesalar yozaman. Aslida yig‘lab yubormaslik uchun kulaman.
***
Uzoq vaqt davomida hamma mavzular taqiqlandi. Faqat qaynona-kelin, narkomaniya, odam savdosi mavzulari mumkin edi. Syujetlar, musiqalar originalligini yo‘qotdi. Teatrmi, adabiyotmi, gazetami, hammasi didni o‘stirishga xizmat qilishi kerak.
***
Yozuvchi uchun hech kim bilmaydigan, mutlaqo yangi gap aytishdan ko‘ra hamma biladigan, lekin hech kim ayta olmaydigan gap aytishi muhimroqdir.
***
O‘qimishli odam o‘qimaganlardan yaxshi yashasa, xalq mashina sovg‘a qilishmasa ham kitob o‘qiyveradi.
***
QARG‘ISh. V.I.Lenin nomidagi Xalqlar do‘stligi saroyida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlarining qurultoyi bo‘lyapti. Prezidiumda Moskovdan kelgan KPSS MKning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha kotibi, Sharof Rashidov va hukumat a’zolari o‘tirishibdi. Bir payt ilg‘or sut sog‘uvchi opaga so‘z berishdi. Opa minbarga chiqib, “Assalomu alaykum...” deyishi bilan to‘rt yarim ming kishilik zal jimib qoldi. Shunaqa sukunat cho‘kdiki, pashsha uchsa eshitiladi. So‘ng birdan go‘yo bomba portlaganday norozilik hayqiriqlari, polni tepishlar, hushtaklar ovozidan zal larzaga keldi. Haligi opa, nimayam bo‘lib, o‘zbek tilida gapirib qo‘ydi-da! U paytlarda bu mutlaqo mumkin emas edi. Hatto O‘ZBEK tilida yozadigan, O‘ZBEK yozuvchilarining to‘rtta odam qatnashadigan yig‘ilishlari ham begona tilda olib borilar edi. Boyagi sut sog‘uvchi opa Rashidov tomon qaradi. U esa yerga qaradi. Shu payt Sharof otaning xayolidan nimalar o‘tdi, buni uning o‘zi-yu, yolg‘iz Xudo biladi. Opa Sharof otadan umidini uzib, yig‘laganicha minbardan tushib ketdi.
Ertasi kuni shu ko‘rsatuv takroran namoyish qilindi – ammo unda bu sahna qirqib tashlangan edi... Men bir narsaga hayron bo‘laman: zaldagi hushtak chalib, polni tepkilaganlar o‘zimizning qorako‘zlar – dehqon, chorvador, mirishkorlar. O‘lsin agar, ularning birortasi rus tilida “tvaya-maya” qilib bo‘lsayam uch bahoga ham gapira olishsa! Bir g‘azabim qo‘ziydi, bir rahmim keladi. Bugun “O‘zbek tili haqida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasini qabul qilmaganlar o‘shalarning farzandlari bo‘lsa, ne ajab! Yo minbardan yig‘lab tushib ketayotgan opaxonimiz “Bolangdan qaytsin” deb qarg‘aganmikan?..
***
Shoir emasman.
Lekin hayotda shunday pallalar bo‘larkanki, shoir bo‘lmaslikning iloji yo‘q. Agar kulmasangiz, bitta mashqimni sizlarga ham ilinaman:
Mayli, yog‘dir yana neki azoblaring bor,
G‘anim bo‘lsin, mayli, qancha kazzoblaring bor.
Tanim nimta qilsin, ne-ne qassoblaring bor,
Yig‘lamayman, ne qilsang qil, ey olchoq dunyo!
Sevsam kimni, oh-vohlarsiz kulib suyaman,
Xiyonatga ko‘zyosh to‘kmam, kulib kuyaman.
Armonlarning yuki ezsa, kulib o‘laman,
Yig‘lamayman, ne qilsang qil, ey olchoq dunyo!
***
Katta lavozimda ishlaydigan bir do‘stim undan-da yuqori mansabga mindi. Tabriklagani bordim.
– O‘-o‘, kabinetlar ja-a vahima-yu! – dedim chin dildan quvonib va orqadagi eshikni ochib so‘radim: – O‘qtin-o‘qtin kirib, dam oladigan xona-da, a?
– Yo‘q, o‘qtin-o‘qtin kirib, yig‘lab turadigan xona...
Iymoni but rahbarlar ham bor.
***
Vijdon ko‘richakday gap: hech ish qilmaydi-yu, og‘rig‘i olamni buzadi.
***
Sichqonning falsafasi:
Odam bolasiday ahmoq mavjudot bo‘lmas ekan. Nonning og‘zim tekkan joyini olib tashlab, ketim tekkan joyini bemalol yeyveradi.
***
Kallada g‘imirlayotgan fikrlar turkumidan:
– Bizga qiyin, – debdi yozuvchi uh tortib. – Bor-yo‘g‘i 32 ta harfdan romanlar, qissalar yozamiz...
– Sizlarga maza ekan, – debdi kompozitor. – Bizda atigi 7 tagina nota bor. Ana shu 7 ta notadan oratorayalar, kantata, operalar yozamiz.
– O‘lmagan bizning jonimiz, – debdi doirachi. – Bizda attigi ikkita nota bor – bum-bak! Ikki-uch soatlik konsertlarni, tongotar to‘ylarni indamay o‘tkazaveramiz!
***
“Feysbuk”dagi yoqimsiz odamlardan va ularning undan-da yoqimsiz postlaridan qutulishning eng samarali yo‘lini bilaman. Do‘stlikdan o‘chirishning ham, bloklashning ham hojati yo‘q.
Qadimda ota-bobolarimiz gunohkor odam uchun eng oliy jazo – uning otini atamaslik deb bilganlar. Hech kim, hatto ota-onasi, yaqin jigarlari ham ismini aytib chaqirmas ekan. Ana shunday taqiqlardan so‘ng siqilib, ich-etini yeb, o‘zi o‘lib ketar ekan. “Oting o‘chsin, urush!”, “E, uni gapirma, oti o‘chsin!” degan iboralar o‘sha davrlardan meros bo‘lsa, ne ajab!
“Feysbuk”ka yangi kirganimda soddalik bilan “Meni tushunmadi” deb, zo‘r berib tushuntirishga urinardim. Keyin bilsam, u banda tushunishni atay “istamayotgan” ekan. Sizning fikringizga qarshi post yozsalar, siz javob berib o‘tirmang – o‘zi akillab-akillab bir kuni charchaydi-da, sizni tinch qo‘yadi. Javob bersangiz, u ham bir nima deydi, siz tag‘in yozasiz, u ham javob qaytaradi. Qarabsizki, asosiy gap bir chetda qolib, maydalasha-maydalasha, siz ham uning darajasiga tushib qolasiz, sizning ham o‘shandan farqingiz qolmaydi. Eng yaxshisi – o‘rischasiga aytganda, nol vnimaniye!
***
Bukrini... “Feysbuk” tuzatmas ekan...
***
“Guanjo” xitoy tibbiyot markazining reklamasini bir kunda turli kanallarda 70 martadan 120 martabagacha ko‘raverib-ko‘raverib, asablar butunlay tugab, qon bosimim falakka chiqib ketdi, qo‘lim qaltiraydigan bo‘lib qoldi. O‘zingiz o‘ylang, men ko‘rmoqchi bo‘lgan kino, spektakl, ko‘rsatuvlarni ko‘rolmasam, uning o‘rniga bir yoqimtoygina qizning “Erkaklik kuchingizni tiklang va ayolingizni xursand qiling”, degan “nasihat”ini eshitib o‘tirsam! Teledasturlar – yo‘liga, aslida it egasini tanimaydi. Dardimga hech qanaqa laktavita, hech qanaqa laminalayflaru sedana yog‘lari foyda qilmadi. O‘zimizning poliklinikaga chiqdim. Vrach retsept yozib berdi. U yerda mana shu so‘zlar yozilgan ekan: “O‘zbekiston televideniyesini ikki oy ko‘rmay turing, otday bo‘p ketasiz”. Aytganini qilgan edim, yoshim 70 dan oshgan bo‘lsa ham, o‘zimni 25 yoshli yigitday sezyapman. Sog‘lom bo‘lay desangiz, siz ham mendan o‘rnak oling!
***
Seriallarida “Axborot” dasturini o‘qiyotgan diktordan tashqari hamma yig‘laydi: yosh-u qari, ayol-u erkak. Yaxshiyam, “Axborot”ni mana shu ssenariynavislar yozmagan.
***
O‘zbek seriallarida rol o‘ynab, mashhur bo‘lish uchun faqat yig‘lashni eplasa bo‘ldi, talant-palant shart emas.
***
O‘zbek seriallarida to‘kilgan ko‘z yoshlari bilan bemalol Orolni to‘ldirish mumkin.
***
Kitobning televideniyedan ustun jihati – kitob ichida reklama yo‘qligi.
***
TUSHLAR:
Boshlovchi va qiziqchilar diqqatiga!
Hali hech ish qilmasdan tomoshabindan chapak so‘raganlar 1,5 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
***
Olti milliard obrazi bor spektaklni kim yozishi mumkin?! Tepamizda Buyuk Dramaturg o‘tiribdi. Men Unga ishonaman...
***
Dunyo “shishyapti”... Bir hovuch boylarning karmoni “shishyapti”. Bozorda narx-navo “shishyapti”. Shaharlar “siti”lar evaziga “shishyapti”. Qizlarning labi, ko‘kragi, hatto dumbasi (qo‘shtirnoqsiz) shishyapti. Yigitlarning bilagi (buyam qo‘shtirnoqsiz) shishyapti. Dunyo shishyapti... Oxir-oqibat “paq” etib yorilib ketmasa bo‘ldi!..
***
Javobsiz sevgi bo‘lishi mumkin, javobsiz do‘stlik bo‘lmaydi. Unda u do‘stlik emas.
***
Vaqt dil yarasini davolamaydi, faqat kishi o‘sha og‘riqqa ko‘nikib ketadi.
***
Bir kuni Amir Temur xiyobonida tushlikdan keyin dam olib o‘tirsam, O‘zbekiston xalq rassomi, ajoyib inson Ro‘zi Choriyev (oxirati obod bo‘lsin) o‘tib qoldi. Ikki tomonida ikki yevropalik go‘zal qiz (naturshitsa bo‘lsa kerak). Nihoyatda go‘zal, bo‘ylari ham salkam ikki metr. Ro‘zi aka suluvlarning belidan keladi. Menga ko‘zi tushgan zahoti qizlarni ham tashlab yugurgilab oldimga keldi. Bag‘riga bosib, o‘pishib ko‘rishdi. Ro‘zi aka bilan turli tadbirlarda, yig‘ilishlarda ko‘rishib turardig-u, lekin munosabatlarimiz o‘pishib ko‘rishadigan darjada emas edi. Shu sabab men o‘zimni tortibroq turdim. Buni Ro‘zi aka sezdi.
– Bilasizmi, Sharofjon, – dedi u negadir menga qaramay. – Men dunyoni go‘zal qilishni bilaman. Qanday qilib odamlar bir-biriga mehrli, oqibatli bo‘lishining yo‘llarini bilaman.
Mening yuz ifodamdagi savolni o‘qiy oldi, shekilli, savolga o‘zi javob berdi:
– Bu juda oson: ko‘rishayotgan odamingiz bilan ham, xayrlashayotgan odamingiz bilan ham o‘zingizni go‘yo oxirgi marta uchrashib turganday tutishingiz kerak. Shu odamni boshqa ko‘rmaysiz! Qanday ko‘rishasiz? Qanday xayrlashasiz? Hozirgina bag‘ringizga bosib turgan kishi haqida qanday qilib yomon o‘yga borasiz? Borolmaysiz. Ana! Hamma yoqni odamiylik, mehribonlik, g‘amxo‘rlik, muruvvat bosib ketadi...
Bunga ko‘p yil bo‘ldi. Endi u odam yo‘q... O‘sha suhbatni eslasam, o‘zimni tortibroq turganim yodimga tushib, xijolatdan qora terga botib ketaman.
Mundoq o‘ylab qaralsa, chindan ham, biz shunchaki salomlashamiz, shunchaki xayrlashamiz, o‘sha odamning ko‘zlarini ko‘rmaymiz, aft-angoriga razm solmaymiz. Rasm bo‘lib qolgan so‘zlarni shunchaki takrorlaymiz, xolos. Yaqinlarimizni yo‘qotganimizda afsuslanib yuramiz: “Eh, o‘shanda chiroylar gaplar bilan ko‘nglini ko‘tarsam bo‘lmasmidi?”, “Eh, anavi ishni bundoq qilsam bo‘lmasmidi, armonda ketdi bechora!”.
Keling, bir-birimiz bilan shunchaki salomlashmaylik, shunchaki xayrlashmaylik, bag‘rimizga bosib, sidqidildan salom-alik qilaylik. Zero, Ro‘zi aka aytganidek, dunyoni odamiylik, mehribonlik, g‘amxo‘rlik, muruvvat bosib ketsin!
***
Unda yosh edim... Yozgan pyesalarimda agar sharti ketib parti qolgan, to‘kilib ketay-to‘kilib ketay deb turgan, qarib-qartayib, ertaga o‘ladigan chol obrazi bo‘lsa, “Ishtirok etuvchilar” degan joyiga “60 yoshda” deb ko‘rsatar edim. Bo‘ldi, go‘yo ertadan boshlab hayot quyoshi so‘nadiganday.
Mana, 70 yoshgayam kirdik... 60 dan keyin ham hayot bor ekan...
Farrux JABBOROV
tayyorladi
2022-yil.
Tarix
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q