Buyuk ishonch kuni


Saqlash
12:11 / 04.11.2021 1065 0

“...Sening go‘zal, nurli ko‘zingda bu millatning saodatin, baxtin o‘qudim”.

Abdurauf FITRAT

Tarixiy siymolar va yo bugun dunyodagi davlat rahbarlari faoliyatiga nazar solsak, ularning muayyan qismi xalqni bo‘ysundirish hisobiga mamlakatni mustahkamlashga harakat qilishgan. O‘zbekiston Prezidenti esa ulardan farqli o‘laroq, xalqning qalbini zabt etdi. Ha, mehr, e’zoz, odamiylik, bag‘rikenglik, kechirimlilik, eng muhimi, farovonlikka asoslangan siyosat, tezkor, natijador, amaliy ishlar bilan millionlab qalblar to‘ridan joy oldi. O‘tgan besh yilda biz, butun xalqimiz yangi bir olamga qadam qo‘yganimizni anglay boshladik.

Agar davlat va jamiyatni bir butun jism deb bilsak, bugun bu jismning har bir a’zosi, bosh tomirlaridan tortib ko‘zga ko‘rinmas kapillyarlarigacha yangi havo yetib borayotir. Negaki, bu jismdagi yurak boshqacha ura boshladi, undagi tafakkur o‘zgacha ishlay boshladi, undagi qalb shiddatli g‘oya va tashabbuslarga bayroq bo‘la boshladi. Butun islohotlar xalq dard-u tashvishini aritishga qaratilgan “MEHR” degan bebaho qadriyat atrofidagi halqaga aylandi.

Ma’naviyat borasidagi ishlarda so‘zdan amalga o‘tildi. Prezidentimizning “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir”, degan so‘zlari isbotini adabiyot, san’at, ilm-fan, madaniyat, milliy qadriyatlar degan bog‘lar gullab-yashnayotganida ko‘ryapmiz.

“Adolat va haqiqat rahbaringiz va shioringiz bo‘lsin, xalqning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifangizdir” – Sohibqiron Amir Temurning avlodlarga qarata aytgan bu so‘zlari bugunning shioriga aylandi. “Xalqimiz ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilsin”, “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, “Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi”, degan xalqchil da’vatlar amaliy harakatga aylandi. Butun mamlakatda xalq dardini eshitish, islohotlar natijasini har bir inson o‘z oilasi, hayoti misolida his qilsin, degan talab davlat idoralari faoliyatini tamomila yangicha ishlashga majbur etdi.

Odamiy ersang, demagil odami,

Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Hazrat Alisher Navoiyning bu bayti bugun islohotlarning bosh mezoniga aylandi, desam mubolag‘a bo‘lmas. Bugun har qadamda bo‘layotgan o‘zgarishlarga nisbatan xalqona bir hayratni eshitamiz: “E, bo‘lar ekan-ku!”. Yodimda, Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatidagi faoliyatining dastlabki yillarida Prezident Matbuot xizmatida ishlardim. Prezidentimiz Qirg‘izistonga tashrifi davomida necha yillar, necha asrlar davomida jondosh-qondosh bo‘lib yashab kelgan xalqlarni diydordan ayirgan ikki davlat o‘rtasidagi chegaralarni ochish tashabbusini ilgari surdi. Tegishli vazirlik va idoralar, tashrifda qatnashayotgan Farg‘ona vodiysining uch viloyati hokimlariga bugunoq chegaralarni ochish bo‘yicha topshiriq berildi. Men safarimiz o‘sha kun kechqurun nihoya topadi, keyin bir soatlar chamasi Toshkentga uchiladi, so‘ngra besh soatlarda Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyati hokimlari vodiyga yetib boradi, qanday qilib chegaralarni bugun ochish mumkin, deb o‘ylardim.

Safar yakunlandi, Toshkentga kelib televizordan har uch viloyat hokimi, qo‘shni davlat viloyatlari rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaralarni ochgani, ikki mamlakat xalqining quvonchi, ko‘z yoshlarini ko‘rib hayratda qoldim. Qanday qilib hokimlar bu qadar tez yetib kelishga ulgurdi? Keyin bilsam, oliy darajadagi uchrashuv yakunlanishi bilan Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyati hokimlari qirg‘izistonlik hamkasblari bilan Bishkekdan to‘g‘ri O‘shga uchishibdi. Shunda beixtiyor ko‘zimga yosh kelib, bo‘g‘zimdan o‘sha so‘zlar otilib chiqdi: “E, bo‘lar ekan-ku?!”.

Ha, bo‘lar ekan. Qo‘shni davlatdan kelin bo‘lib tushgan, taqdir taqozosi bilan O‘zbekistonda yashab, o‘ttiz yillab fuqarolik ololmay yurgan yetmish mingdan ortiq insonga fuqarolik bersa bo‘lar ekan. Shuncha yil korrupsiya botqog‘iga botgan oliy ta’limda adolatli qabul tizimi yaratsa bo‘lar ekan. Yillar davomida odamlar qiynalib qatnagan o‘ydim-chuqur, yozda chang, qishda loy bo‘ladigan ming-minglab ko‘chalarni asfalt qilsa bo‘lar ekan. Fermerlarga o‘zi yetishtirgan paxtani o‘zi sotishiga ruxsat bersa bo‘lar ekan, konvertatsiyani ochsa, naqd pulni bemalol yigirma to‘rt soat davomida ko‘chada bankomatdan yechib oladigan qilsa ham bo‘lar ekan. Kun davomida atigi bir soat elektr beriladigan qishloqlarni charog‘on qilsa ham bo‘lar ekan. Tuhmat bilan ishi sudga oshgan fuqarolarni adolat bilan sha’nini himoya qilsa ham bo‘lar ekan. Xalq ichida If qal’asidek noxush tasavvur uyg‘otgan Jasliq qamoqxonasini yopsa ham bo‘lar ekan... Qisqa vaqt ichida bemisl jur’at va shiddat bilan naqadar katta ishlar qilindi. Bu kabi misollarni ko‘p keltirish mumkin. “Sendan harakat, mendan barakot” deganday, Allohning o‘zi yurtimizga baraka yog‘dirayotganday. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning qora ro‘yxatidan namunali ro‘yxatiga o‘tsa ham bo‘lar ekan.

Bugunga kelib hayotimiz tubdan o‘zgardi, Shavkat Mirziyoyevning shiddatli islohotchilik siyosati nafaqat O‘zbekistonni taraqqiyotning milliy yuksalish bosqichiga olib chiqdi, balki Markaziy Osiyoda o‘zaro hurmat va ishonch asosidagi yangicha munosabatlar shakllanishiga olib keldi. Bugun islohotlar, munosabatlar yangicha. Qarashlar yangicha. Chunki yondashuvlar, ijrolar yangicha. Xalqimiz kechagi odamlar emas, ongimiz, dunyoqarashimiz, fikrlarimiz o‘zgarmoqda. Qadamlarimiz salmoqli, intilishlarimiz shiddatli, mo‘ljalimiz baland, murodimiz yuksak. Bugun yangi O‘zbekiston qalbi orzularga limmo-lim to‘la. Eng muhimi, bu orzularning juda tez sur’atda ro‘yobga chiqayotganidir.

Inson baxtli yashashi uchun, avvalo, unga boshpana kerak. Uysiz odam o‘zini baxtli hisoblashi qiyin. Shu ma’noda, o‘tgan yillar davomida bir necha yangi shaharga teng uylar qurilgani yurtimizda baxtli xonadonlar safini ko‘paytirgani haqiqatdir. O‘ylab ko‘raylik, qancha odam uy-joyli bo‘ldi, ularning ichida og‘ir dardga chalingan, turmush o‘rtog‘i bevaqt vafot etib boquvchisiz qolgan, nogiron holatda yillarni yillarga ulab, nochor holatda yashab kelayotganlari bor. Uyli bo‘lgan odamlarning ko‘zida yongan quvonch, titragan lablaridagi shukronalik, minnatdorlikni ko‘rganda yana hazrat Navoiyning hikmatga aylangan so‘zlari yodga keladi:

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,

Oncha borki, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” – bu “mening xalqim orasida birorta kambag‘al bo‘lmasligi kerak”, deb azm-u shijoat bilan ishga kirishgan jonkuyar davlat rahbarining belni mahkam bog‘lab maydonga chiqishi bo‘ldi. Bu o‘ta mushkul ishni ham amalga oshirsa bo‘lar ekan. Uning berayotgan ijobiy hosilalarini bugun hammamiz ko‘rib turibmiz. Bu daftarlarni umumlashtirib bitta so‘z bilan aytish mumkin bo‘lsa, men ularni “Mehr daftari” degan bo‘lardim.

Kechirimlilik – eng oliyjanob fazilat. Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, bag‘rikenglik, odamiylik bilan qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz “qora ro‘yxat”dan chiqarildi – afv etildi, ularning nafaqat o‘zi, balki oilasi, farzandlari, avlodlari ta’na-yu malomatdan ozod qilindi. Turmush qiyinchiliklari tufayli boshida suyanchi yo‘q, farzandini boqaman deb o‘zi bilib-bilmay jinoyat yo‘liga kirgan qanchadan-qancha ayollar afv etilib, oilasi bag‘riga qaytdi. Onasining issiq, mehrli bag‘riga sog‘inch va quvonch yoshlari bilan talpingan bolalarni ko‘rib, qalbimiz to‘lib ketgan kunlar ko‘p bo‘ldi. 

Davlatimiz rahbari “Bugun bizga Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar yetishmayapti”, degan so‘zlarni ko‘p bora o‘kinch bilan tilga oladi. Bu haq so‘z. Vatanparvarlik va millatparvarlik bilan bog‘liq yuksak ma’naviy ehtiyoj juda katta og‘riq va armon ekanini dildan his qilamiz. O‘sha paytda ham doimo ularning holidan xabar olib turilganini yaxshi bilamiz.

Prezidentimiz e’tibori tufayli xalqimiz yangidan anglay boshlagan Abul Muin Nasafiy go‘yo ming yil shunday rahbar kelishini kutib, Suzuk ota uning e’tiboriga mushtoq yotganday. Qanchadan-qancha ziyoratgohlar, qadamjolar obod bo‘ldi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari to‘la ma’noda xalqqa qaytdi, masjid majmui bunyod etildi. Muqaddas islom dini haqida ko‘p yillar davomida ezgu so‘zlarni baland minbarlardan turib aytdik. Ammo so‘z boshqa, amal boshqa edi.

Yodimda, davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga safarlaridan birida oqshom tusha boshlagan payt edi. Mahallama-mahalla aholi bilan dardlashib yurilgan chog‘da muazzin azoni eshitildi. Shavkat Mirziyoyev suhbatdan to‘xtadi. Shundan so‘ng bu ulug‘ chorlovga ehtirom bilan bunday dedi:

“Xudoga shukr, oldin azonlar eshitarmidik? Qanday yoqimli! Hamma narsa yopiq edi, ko‘p narsa mumkin emasdi. Mumkin emas, nimaga mumkin emas? Bu ham o‘zligimizni anglash, qadriyat-ku! Islom dinini o‘qigan, to‘g‘ri tahlil qilgan, to‘g‘ri yo‘l tanlagan odam hech qachon kam bo‘lmaydi. Dinimizning buyukligini, insonparvarligini, ezguligini tarannum qilishimiz kerak. Bu ham bizning tariximiz, ertangi kunimiz, o‘zligimiz...”.

Ha, masjidlarimizga, yurt Shahar-u qishloqlariga azonlar qaytdi.

2017-yil 19-sentabr. BMT minbaridan turib o‘zbek tilida so‘zlangan nutqni butun dunyo hamjamiyati, qanchadan-qancha davlat rahbarlari, islom olami ulamolari, jahon musulmonlari, jumladan, O‘zbekiston xalqi katta hayajon, g‘urur, shukronalik bilan tingladi. Negaki, shu kuni ilk bor islom dinining asl insonparvarlik mohiyati bilan birga buyuk vatandoshimiz, ulug‘ muhaddis Imom Buxoriy nomi ushbu yuksak minbarda uning munosib avlodi tomonidan yangradi.

“Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab- avaylashga da’vat etadi. Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulug‘ zotning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifiy islom to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”.

Bu so‘zlar millionlab, ehtimol milliardlab dillarda aks-sado berdi. Bu muqaddas dinimiz, buyuk ajdodimizga nisbatan juda katta ehtirom edi. Bu juda katta jur’at ila muqaddas dinimiz himoyasi yo‘lidagi qat’iy fikrlar edi.

Yana bir jihatda aminmanki, Shavkat Mirziyoyev “Amallar niyatga bog‘liqdir” degan muborak hadisni o‘ziga shior qilib olgan. Niyati qutlug‘ insonlarning qadamlari ham shunga munosib shijoatli, xayrli bo‘ladi. Prezidentimizning tashabbusi, asosli jur’ati bilan jahon tarixining birinchi, ikkinchi Renessanslari beshigi bo‘lgan diyorimizda ilm-u ma’rifatning chiroqlari yanada yorqin porlashi, yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessans ostonasiga qadam qo‘yishi buyuk uyg‘onishga da’vatdir.

Garchi, 1989-yilda ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan va buni mustaqilligimizning bosh belgisi deb, ta’kidlab kelgan bo‘lsak-da, ajdodlarimiz qalbi, ruhi, orzu-intilishlari ganjina asarlarning harf-u so‘zlariga singib ketgan tilimizning qaddi, qadri keyingi ikki-uch yilda chinakamiga tiklanish davriga kirdi. Bag‘rikeng O‘zbekiston hayotining barcha sohasida o‘zbek tili nufuzi eng yuksak pog‘onaga ko‘tarildiki, buning iftixorli dalili – BMT minbaridan dunyo ahli o‘zbek tilidagi ma’ruzalarni tingladi. Aytish mumkinki, bu yuksak minbardan ilgari surilgan umumbashariy fikr va takliflar qanchalar ezgu, jahonshumul bo‘lsa, ularning o‘zbek tilida irod etilishi yana bir ulug‘ voqeadir.

Davlatimiz rahbari xalq roziligini olishni faoliyatining bosh maqsadi deb bildi, bu qutlug‘ niyat yo‘lida qilayotgan izchil ishlari bilan xalq qalbiga kirib bordi. Bugun diyorimizning barcha hududlarida odamlar hayotdan rozi bo‘lib yashashlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar samarasi xonadonlarga obodlik, to‘kinlik, shukronalik baxsh etmoqda. Bir e’tirofni qayd etgim keladi: keyingi yillarda jamiyatimizda ilgari hech qachon kuzatilmagan holat – insonlar ruhiyatida mamlakatning eng oliy darajadagi rahbari bilan yaqinlik, birdamlik tuyg‘usi shakllandi. Buni katta-yu kichik yig‘inlarda ko‘rib, his qilib turibmiz.

Og‘ir sinovlar xalqning barcha toifasi, katta-yu kichigi uchun hayotiy imtihon, desa bo‘ladi. Pandemiya sinovlarida yer yuzi aholisining “yo‘g‘oni cho‘zildi, ingichkasi uzildi”. Aytish mumkinki, shunday murakkab bir paytda O‘zbekistonda mehr-muruvvatli, jiddiy tahlillarga asoslangan oqilona siyosat tufayli bu og‘ir dardga chalinganlar, ularning yaqinlari doim e’tiborda, g‘amxo‘rlikda bo‘ldilar. Beshafqat koronavirusga chalinib, hayot-mamot kurashini boshidan o‘tkazgan ming-minglab yurtdoshimiz bugun so‘zlari, qo‘llari bilan malham bo‘lgan tibbiyot xodimlarini, shifoxonalarda yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni ko‘zlarda yosh bilan e’tirof etmoqdalar.

Oktabr oyi o‘rtalarida havo harorati birdan pasayib, bir necha kun yog‘ingarchilik bo‘ldi. Shunda xayolimdan oktabrdagi havo ham dekabrdagiga o‘xshab qoldi, saylov sentabrda bo‘lganida yana ham yaxshi bo‘larmidi, degan o‘y o‘tdi. Lekin 24-oktabr kungi havoni ko‘rib, ko‘nglim ochilib ketdi. Quyoshning zarrin nurlari oltin yaproqlarda akslanib, hammayoq yorishib ketganday bo‘ldi. Bunday paytda kattalar “Allohning o‘zi ham qarashdi”, deyishadi. Haqiqatda ham bu kun bayram bo‘ldi. Ko‘chada saylovga ketayotgan odamlarni, televizor orqali xalqimizning faolligini ko‘rib, o‘zim ham hayron qoldim. O‘sha kuni ovoz berib bo‘lgach, oilaviy “Farhod” bozoriga tushdik. Qassob yigit: “Aka, saylov soat nechagacha davom etadi”, deb so‘rab qoldi. Men ularga 20.00 gacha bo‘lishini aytdim. Shunda u yigit: “Xizmatchilik-da, men ertalab 4 da bozorga chiqqanman, soat 17 larda ishimni tugatib ovoz berishga borsam, ulgurar ekanman”, dedi mamnun holatda.

Saylov haqida ko‘p yozilyapti, aytilyapti, televizor orqali xalqaro kuzatuvchilarning fikrlari berilyapti. Hatto bunday jarayonlarga hamisha o‘ta jiddiy qaraydigan xalqaro tashkilotlarning qora ko‘zoynaklari ham bu gal ish bermadi. Haqiqat oyday ravshan turibdi-ku, qanday qilib yomonlasin. Ularning samimiy e’tiroflarini eshitish, albatta, bir fuqaro sifatida har birimizni quvontiradi. Ha, Prezident saylovi xalqni yanada birlashtirdi. Bu jarayonda men yaxlit bir butunlikni ko‘rdim, qalban his qildim. Xayolimdan “Xalqim deb yonib-kuyib mehnat qilgan yetakchi shu xalqni birlashtiruvchi bayroqqa aylanar ekan”, degan fikr o‘tdi.

25-oktabr, “Humo” arenasi. Bu joydagi monitor Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markaziga ulandi. Arenaga gulduros qarsaklar ostida Shavkat Mirziyoyev kirib keldi. Komissiya raisi saylov natijalarini tahlil qildi. Navbat saylov yakunlari bo‘yicha nomzodlar olgan ovozlarni e’lon qilishga yetib keldi. Hamma hayajonda. Nihoyat tarixiy e’lon yangradi, tomog‘imga bir narsa tiqildi, ko‘zimga tirqirab yosh keldi. Qarsaklar, hayajonli so‘zlar, hilpirayotgan sonsiz bayroqlar – bari bir zumda xalqning qudratli quvonchi aks-sadosiga aylandi.

Shu kuni men “Mustaqillik”, “Prezident”, “Xalq”, “Millat”, “Qadr”, “Mehr” degan ulug‘ so‘zlar birlashib, “Yangi O‘zbekiston” degan qadriyatga aylanganini ko‘rdim.

Dunyoda Prezidentlar ko‘p. Ular meni kechirsinlar-ku, ko‘pchiligining tuflisi yillar davomida chang ko‘rmaydi. O‘zbekiston rahbari esa, hamisha xalqning ichida. Uning uchun har kuni oliy vazifaga boradigan yo‘l xalq qalbi, yuragi, hayoti orqali o‘tadi. Yangi barpo bo‘layotgan uylar, bog‘lar, korxonalar, maktab va bog‘chalar... Davlatimiz rahbari xalqning dardini o‘ylab, garchi rejada bo‘lmasa-da, yo‘lini yurib bo‘lmaydigan ko‘chalar, yerto‘lalar, tashlandiq hududlar sari soladi. Ko‘rdik-ku, nafaqat viloyatlar, Toshkent shahrining o‘zida qancha omonat uylar, chiqindiga to‘lib ketgan ko‘chalar, tashlandiq joylar bor ekan. Sezib turaman, qani imkon bo‘lsa-yu, Shavkat Mirziyoyev barcha ko‘chalarga kirib chiqsa, barcha muammolarni tezroq hal qilsa, odamlarning g‘amdan ezilgan yuzlariga quvonch yugursa, hamma baxtli va farovon bo‘lsa. Jinoyatchilik, huquqbuzarlik, yana bir muhim narsa – ajrimlar bo‘lmasa. Ajrimlar to‘g‘risida faktlar u kishining qalbini qanchalar titratishini, og‘ritishini xalqimiz sezib turadi.

Prezident Matbuot xizmatida ishlab yurgan paytimdagi yana bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Toshkent viloyatidagi tashrif mobaynida Bekobod shahriga kelindi. Bir nechta obyektdan keyin yangi qurilgan maktabgacha ta’lim muassasasi tomon yurildi. Bog‘chaga kirishda shunday qarshi tomondagi xonadon eshigi tagida to‘shaklar yozilgan uzun o‘rindiqlar turardi. Lekin atrof kimsasiz. Ayon bo‘ldiki, o‘sha xonadon ulug‘laridan biri vafot etgan bo‘lib, butun mahalla-ko‘y mayitni dafn etgani qabristonga ketgan ekan. Bog‘chadagi tanishuv tugadi, boshqa obyektlarga borildi. Rejadagi ishlar hammasi bajarilib, Toshkent shahri tomon yurishimiz kerak edi. Birdan kortej ortga qarab yurdi, yana bog‘cha ko‘rilgan mahalla tomon burildi. Davlat rahbari mashinadan tushib, azali xonadon sari yurdi. Hamma shoshib qoldi. Bizga tasvirga oluvchi kameralar shart emas, degan ishora berildi. Mashinadan tushdim, uzoqdan bo‘lsa-da, kuzatib turdim. Shavkat Mirziyoyev qo‘li ko‘ksida hovliga yaqinlashib, azadorlar, o‘rindiqlarda o‘tirgan mahalla ahli bilan salomlashdi. O‘tganlar haqqiga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilindi. Xonadon ahliga ta’ziya bildirib, tasalli berish bilangina kifoyalanmadi. Eski, pastqam bu uyda yashovchilarning eng katta muammosi – uy-joy masalasi o‘sha yerda hal qilindi. Qo‘llar duoga ochildi... Bilaman, bunday voqealar Prezidentimiz faoliyati davomida juda ko‘p bo‘ladi, lekin rahbarning o‘zi ularni ko‘rsatishlarini istamaydi. Negaki, ko‘rsatish uchun emas, qalbi buyurgan, vijdoni amr etgan ishni qiladi.

Shavkat Mirziyoyev ko‘pincha armon va o‘kinch bilan jadidlar to‘g‘risida so‘zlab, agar mash’um qatag‘onlar bo‘lmaganda Uchinchi Renessans jadidlar davrida sodir bo‘lardi, deydi. Shunda o‘ylayman, qani endi jadidlar davrida mana shunday mard, xalqparvar, millatparvar, butun xalqni birlashtira oladigan yo‘lboshchi bo‘lganida bugungi O‘zbekiston tamomila boshqacha bo‘larmidi? Turkiston qayg‘usi qayg‘uligicha qolib ketmasmidi?! Bir taskin bor, ko‘pincha davlatimiz rahbarining yonib so‘zlayotgan holatlarini kuzataman-da, qalbida, so‘zida, ko‘zida o‘sha jadidlar nafasini tuygandek bo‘laman. Qalbida o‘sha buyuk millat dardini his qilaman. Hayrat bilan Abdurauf Fitratning qaynoq satrlarini yurakdan o‘tkazaman:

Og‘ir yigit, sening go‘zal nurli ko‘zingda

Bu millatning saodatin, baxtin o‘qudim.

O‘ylashingda, turishingda hamda o‘zingda

Bu yurt uchun qutulishning borlig‘in ko‘rdim.

Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal!

Biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Bu xalqning g‘ururi, ori, hamiyati 130 yil davomida turli bahonalar bilan qayta va qayta sindirildi. Mutelik botqog‘iga botirildi. Ruhlar sindi, qalblar lat yedi. Endi bu millatning uyg‘onadigan, qaddini ko‘taradigan davr keldi. Prezidentimizning har bir so‘zi mohiyatida men: “Ey millat, uyg‘on, uyg‘onish zamoning keldi, dunyoga o‘zingni ko‘rsat, so‘zingni ayt, ilm-u shuuring, qudratingni namoyon et!” degan xitoblarni uqqanday bo‘laman. Beixtiyor shivirlayman:

Sano aytib kelgan giyohlar,

Ey toptalib cho‘kkan tog‘larim,

Endi qadni tiklangiz deyman,

Gullash payti keldi, bog‘larim!

Davlatimiz rahbari bir kuni yuksak minbardan turib jadidlar oqsoqoli Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Haq olinur, berilmas!” degan so‘zlarini tilga oldi. Yangi O‘zbekistonni shunday yetakchi rahbarligida bunyod etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, Buyuk Turon, qadim Turkistonning qalbiga aylanish bizning haqqimiz! Dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoriga kirish, yuksak e’tirof va ehtiromlarga sazovor bo‘lish bizning haqqimiz!

Prezidentilikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv so‘ngida aytgan so‘zlarini eslab bir hayratimga o‘n hayrat qo‘shilgandek bo‘ladi: “Biz to‘xtamasligimiz kerak, to‘xtasak o‘tirib qolamiz, o‘tirsak, yotgimiz keladi, yotsak, uxlab qolamiz!”. Bu chinakam uyg‘onishga da’vat, bu shiddat otiga mingan chavandozning so‘zi. Bu so‘zlar har bir millatparvar ijodkorga ilhom berishi tabiiy. ...

Yozyapman, yozyapman, qalamim to‘xtashni bilmas, to‘g‘risi, to‘xtagisi kelmaydi. Axir besh yildagi tarixiy o‘zgarishlarni bir maqolaga sig‘dirib bo‘ladimi? Qancha kitob bo‘ladi? Eng muhimi, bu kitoblar bugun har bir inson qalbida bor bularni jamlasa 35 million jild bo‘ladi. Bu kitobning nomi esa, “Qadrnoma” bo‘ladi. Bu ulkan kutubxona esa, “Yangi O‘zbekiston” deb ataladi.

Minhojiddin MIRZO,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi,

2021-yil 30-oktabr, 217 (473)-son

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19271
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16334
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi