Adabiyot har bir millatning hisli ko‘ngul tarixining eng qorong‘u xonalarida maishat (tirikchilik)ning ketishiga qarab har xil tusda va rangda yetishgan, fayzli til birla taqdir etula olmaydirg‘on bir guldir. Ushbu yashadigimiz muhit doirasinda aning to‘lquni odamning har xil maishatiga qarab o‘zgaradir.
Har sinf, xalqning o‘ziga maxsus ohangi, o‘ziga ta’sir qiladurg‘on zori bo‘lur. Mana shul muhit bo‘shlig‘inda bo‘lgan qat’iy to‘lqunning bir-biriga birlashmagidan har odamga har xil shodliq va yo ko‘b achchiq ta’sir etmagindan odamning ko‘nglida o‘zi bilmasdan o‘rnashub qolg‘on va har vaqt, umrining oxiriga qadar saqlanaturg‘on qayg‘ulanmak va yo ko‘krak kerib ko‘b dam olurday oh urmaklar – hamasi ko‘ngilda har xil rangda, har xil kayfiyatda to‘lub yotqon adabiyot xosasindan sanalur. Kishi ba’zi vaqtda shodlikdan kulur va ba’zi vaqtda ko‘z yoshin to‘kib yig‘lar, oh tortar. Odamning mundog‘ har xil kayfiyatga kirub turmog‘i o‘z ixtiyori ila bo‘lmay, balki maishati yo‘lida har vaqt uchrab turadurg‘on falokatning anga ba’zi vaqtda zulm ko‘rsatmog‘i va ba’zi vaqtda bir yaxshilik ko‘rsatub suyundirmog‘idin kelub – yaxshi ko‘rganda suyunib, yomonliq ko‘rganda yig‘lab – shundog‘ bo‘lub ikki turli o‘zgarub turar, ba’zi vaqtda falak bir odamni qayg‘uga solar, ul o‘zi tushunib, o‘ylab turub, oh tortub yig‘lar. Bu hasratlarni o‘z ichiga sig‘dirolmas. Birovga aytsa, “Voy bechora” deyurmukin, deb o‘z qayg‘usini birovga aytmakka tilar. To‘p-to‘g‘ri aytganda u qadar ta’sir qilmas. Adabiyot ila aytganda albatta ta’sir qilar. Mening bir oshnamning o‘ldigi xabari kelar. Men hech xafalanmayman. Bir vaqtda maktub kelar, maktubda alarning ko‘rgan kunlari adabiyot ila bunday yozilur:
Gullar bila pok qayg‘uli mahzun boqurdi,
Ko‘z yoshlarimiz to‘xtamay tun-kun oqurdi.
Mana shuni o‘qub albatta bir ta’sir ila alarning qayg‘usiga qo‘shulurmiz. Bir bola uxlamasa alla aytarlar. Bola tez uxlab ketar. Chunki ul andin bir lazzat his qulur. Eski bobolarining bir ma’shuqa uchun Qoshg‘ar taraflariga yayov borganini va yo‘lda o‘g‘rilar tarafidin o‘lturulgani g‘oyat yaxshi ohang bilan aytilur. Ul vaqtda bola ta’sirindan uxlab ketar. Shunga o‘xshash o‘zining shavkat va g‘ayrati ila zamonasida butun dunyoni havor[1] va dahshatga solg‘on jahongirlarning o‘tkazgan kunlarin va davrlarin tarixlarda ko‘rsa va eshitsa har kishi yuragida bir botirliq va bir fidokorlik his etar va qahramonona umidlarda bo‘linur.
Mana shunday qahramonona umid, qahramonona his va qahramonona g‘ayrat – barchalari tarixiy adabiyotning natijasidan boshqa narsa emasdir. Hech to‘xtamasdan harakat qilub turg‘on vujudimizga, tanimizga suv-havo ne qadar zarur bo‘lsa, maishat yo‘lida har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa – millat yashar. Adabiyoti o‘lmag‘on va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishdirmag‘on millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz bo‘lur. Muni inkor qilib bo‘lmas. Inkor qilg‘on millat o‘zini inqirozda ekanun bildirur.
Bizdan boshqa millatlarga ko‘z solsak ko‘ramizki, alarning olti yoshdan oltmish yashar qarilarina qadar adabiyotdan bir lazzat olub oxir umriga qadar adabiyot o‘qub eshitmakni vazifai milliyasidan hisob qilur. Mana shuning uchundirki, Ovro‘poning har shahar va qishloqlarida har kun, har hafta adabiyot kechalari qilinur, adabiyot o‘qilur, nutq so‘ylanub xalq ko‘b kirub ta’sirlanurlar. Mana totor qardoshlarimiz yilda bir daf’a bo‘lsa ham shahar va qishloqlarida “Adabiyot kechalari” qilub xalqg‘a ruh berub ko‘b olqishlar, ofarinlar oldigini gazetalardan o‘qub turmakdamiz. Bizlar esak adabiyotdan lazzat olmak bir tarafda tursun, hatto bobolarimiz va bilxosa[2] “Islom madaniyati” zamoninda katta ro‘l o‘ynag‘on va alarning maishatlarin ko‘rsatgan ta’rix umumiylarni o‘qub anglamoqdin ham ko‘b yiroq turamiz.
Bizni ulamo va eshonlarimiz to‘n kiymakdan, avomlarimiz choyxonalarga chiqub choy ichmakdan va ziyolilarimiz esa Ovrupo kiyumliklaridan va qiymatlik papiro‘slaridan lazzat olurlarki, “adabiyot nima?” desang, javobida yuqorida aytilgancha “ya’ni, masalan”dan boshqa javoblari yo‘qdir. Mana shuning uchundirki, kundan-kunga ruhimiz tushub, keladirg‘on istiqbolimizga umidsiz qarab, boshqa millatlar kabi shod va umidli yashamaymiz va bizda shodlik va ruh bo‘lmagani uchun bir ishni qilamiz deb endi o‘ylaganimizda o‘y yo‘q – fikrlar chochilub, aqllarimiz parishon bo‘lub ketar.
Adabiyot chin ma’nosi ila o‘lgan, so‘ngan qaralgan, o‘chgan, yarador ko‘ngilga ruh bermak uchun, faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tozalaydirg‘on, o‘tkur yurak kirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat suvi, xiralashgan oynalarimizni yorug‘ va ravshan qiladirg‘on, chang va tuprog‘lar to‘lgan ko‘zlarimizni artub tozalaydirg‘on buloq suvi bo‘lg‘onlikdan bizga g‘oyat kerakdir.
Endi, ey, qardoshlar! Adabiyot o‘quyluk. Adiblar yetishdirayluk, “adabiyot kechalari” yasayluk. Ruh, his-tuyg‘u, fikr, ong va o‘y olayluk, bilayluk. Agarda “bayoz”[3] va bema’ni bir-ikki dona kitoblar ila qolsak, mahv-u inqiroziy bo‘lurmiz. Yuragimiz kundan-kun toshdan ham qattig‘ bo‘lur. Yurakni eritayluk, ruh berayluk, inqiroz bo‘lmayluk. Menim bu ojizona fikrima qo‘shilaturg‘onlar bo‘lsa adabiyotning foydasi to‘g‘rusinda “Oina” va “Sado”larimizga[4] tarixiy va adabiy maqola va she’rlar yozsunlar, kitoblar tartib bersunlar. Hozirda bizga birdan-bir lozim bo‘lg‘on narsa – adabiyot, adabiyot, adabiyot…
Abdulhamid CHO‘LPON
“Sadoi Turkiston” gazetasining 1914-yil 4-iyun sonida bosilgan.
[1] Havor – asoratga solmoq, ezmoq.
[2] Bilxosa – xususan.
[3] Bayoz – o‘tgan asr boshlarida yurtimizda keng tarqalgan she’riy majmualar nazarda tutilyapti. Bayoz – biror shoir tomonidan tarkib berilgan she’riy to‘plamlarning bir turi. Masalan, “Bayozi Haziniy”, “Bayozi Kamiy”…
[4] “Oina va sadolarimizga” – 1913–1917 yillar orasida Samarqandda jadidlarning ma’naviy otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy muharrirligida chiqib turgan “Oina” jurnali va “Sadoi Turkiston” hamda “Sadoi Farg‘ona” gazetalari nazarda tutilmoqda.
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q