Qarz qiyomatga qolmadi


Saqlash
17:37 / 17.01.2024 1159 0

Parij chekkasidagi Matyuren-Sen-Jak deb ataluvchi loy koʻchaning adogʻida nurab borayotgan besh qavatli uy cherdagida uzun boʻyli, jingalak sochli, koʻzlari osiyolik odamga xos boʻlgan yigitcha ijarada yashardi. Gersog Orleanskiyning idorasida kichik ish yurituvchi boʻlib xizmat qiladigan bu yigit ertalablari titigʻi chiqib ketgan portfelini qoʻltiqlagancha ishga yugurardi. Syurtigini tirsagi, shimining tizzalari azbaroyi kiyilaverganligidan yaltirab ketgandi. U kiyimining shu joylariga gersog Orleanskiy idorasida moʻl-koʻl boʻlib yotgan siyohdan surtib qoʻyardi. Yigitcha odatda juda kamtarona ovqatlanardi: piyoz va oʻta arzon vino. Aslida esa piyozni jini suymas, vinoni koʻpam yoqtirmasdi...

 

U yashaydigan uy qarshisida eshigi tepasiga kattaligi qovoqdek keladigan, misdan yasalgan qaragʻay gʻuddasi osib qoʻyilgan koʻrimsizgina tamaddixona ishlab turardi. Qahramonimiz ahyon-ahyonda bu maskanga bosh suqib turardi. U avvaliga qovurilayotgan kartoshkaning xushboʻy hididan toʻyib-toʻyib hidlab olar, soʻng oshxona xoʻjayiniga toʻng ovozda:

– Ozroq qovrilgan kartoshka oʻrab bering... – derdi.

– Axir siz shusiz ham mendan qirq frank qarzdorsiz! – derdi gʻazabi qoʻzib oshxona xoʻjayini Jirardo ota.

– Biroz sabr qilib turing, men yaqinda boyib ketaman va qarzlarimni ikki baravar qilib toʻlayman, – deb ishontirardi oʻspirin yigit uni.

Shu tariqda ozroq qovrilgan kartoshkani cherdak ostidagi xonasiga olib ketardi. Shu tariqa yigitchaning Jirardo otadan qarzi koʻpayib borardi. Ajoyib kunlarning birida uzun boʻyli, jingalak soch yigitcha birdan gʻoyib boʻlib qoldi. Uy cherdagidagi xonani esa boshqa bir yigit ijaraga oldi.

 

Oradan yillar oʻtdi. “Qaragʻay gʻuddasi” oshxonasi kasodga uchradi. Asosan studentlar qoʻnim topgan mavzeda saxiy va mehribon qalbli Jirardo otaning boyib ketishi amri-mahol edi. U oshxonasining eshik-derazalarini mixlab berkitdi. Endi u boylar yashaydigan Sen-Jermen mavzeyida ishini davom ettirishga qaror qilgandi. Kunlarning birida uning oshxonasi yoniga toʻriq otlar qoʻshilgan fayton kelib toʻxtadi. Dastlab, fayton zinasida echki terisidan kumush tolalar bilan tikilgan etik koʻrindi. Soʻng egniga olcharang frak kiygan, jingalak sochlariga oq oralayotgan navqiron janobning oʻzi tushib keldi. Yo, Alhazar! Jirardo ota cherdakda yashagan yosh yigitni darrov tanidi. Serviqor janob ham oʻz kreditorini tanib, uni mahkam quchoqlab bagʻriga bosarkan, qimmatbaho kiyimlariga gard tegmasligi ehtiyotini qilish ham esidan chiqmadi.

– Nazarimda, mening sendan qarzim bor edi? – dedi janob.

– Naq ikki yuz frank, – deb javob berdi oshxona egasi. – Ayni vaqtda pul juda zarur boʻlib turibdida!

– Hozir yonimda pulim yoʻq, – dedi janob. – Biroq, senga saxiylik bilan qarzimni qaytaraman mehribon doʻstim. Albatta, qarzlarimni toʻlayman... adabiy va abadiy shuhrat topishing bilan!

U hayron boʻlib qolgan Jirardo otaning yelkasiga qoqib, xonadonlardan biriga lip etib kirib ketdi. Koʻchada esa uni zar yoqali kiyim kiygan sarkash xizmatkor kutib turardi.

 

 

Oradan uch oy oʻtdi. Jirardo ota uyiga kelayotgandi. Uning bugun ishi yurishmagan, bir qadoq ham qovrilgan kartoshka sotolmagandi. U burchakdan uyi tomon burilarkan, hayratdan dong qotib qoldi. Asilzodalarning oʻnlab faytonlari Matyuren-Sen-Jak koʻchasida toʻplanib turardi. Eshik-derazalari mixlab tashlangan oshxona atrofiga tomoshatalab odamlar yigʻilgandi. Qimmatbaho kiyimlar va eng aʼlo silindrlar kiyib olgan zodagonlar qoʻllaridagi laklangan hassalari bilan mixlangan eshikni qoqib:

– Bizning mehribon Jirardomiz, tezroq eshigingizni oching, juda ochiqib ketdik”, – deb xitob qilardilar.

– Xoʻsh, xizmat, – deb ularga murojaat qildi Jirardo ota.

Bir olifta unga hayron boʻlib qaradi.

– Sening xabaring yoʻqmi, qariya? Axir, bu – “Qaragʻay gʻuddasi”-ku! Butun Fransiyadagi eng urfdagi qovoqxona.

– Nima, mening ustimdan kulyapsizlarmi? – deb soʻradi Jirardo azbaroyi hayrat va jahl aralash.

Olifta choʻntagidan yarqiroq muqovali kitobni qoʻliga oldi:

– Oʻqishni bilasanmi?

Jirardo ota tasdiq ishorasini berdi.

– Unda eshit, – dedi olifta va kitobni oʻqiy boshladi.

“Endilikda hayot butunlay boshqacha – yaxshi tomonga oʻzgarib ketdi! – deb xitob qildi gersog. Keyin doʻstlari bilan Matyuren-Sen-Jak koʻchasidagi “Qaragʻay gʻuddasi” oshxonasi tomon yoʻl olishdi. Ularni bu yerda katta hurmatga sazovor metr Jirardo ajoyib tarzda mehmon qildi...”

Hayratga tushgan Jirardo ota “Bu asarning muallifi kim?” – deb soʻradi.

Va unga shunday javob berishdi:

– Aleksandr Dyuma!

 

Sergey DOVLATOV, yozuvchi.

Rus tilidan Jaloliddin SAFOYEV tarjimasi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23701
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//