Fan bashoratga qarshimi?


Saqlash
12:11 / 03.11.2021 1604 0

Obyektiv olam evolyutsion o‘zgarishlar hosilasi o‘laroq vujudga kelgan ekan, o‘sha o‘zgarishlarning muayyan qonuniyatlar asosida kechganini taxmin qilishimiz mumkin. Olimlarimiz ta’kidlaganidek, “Dunyo moddiy bir butunlikdir, undagi xilma-xil, rang-barang narsa va hodisalar o‘zaro bog‘liq va o‘zaro ta’sirda bo‘ladi. Harakatdagi materiyani tadqiq etayotganimizda dastavval ko‘zimizga tashlanadigan narsa – ayrim jismlarning ayrim harakatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishlari, ularning bir-birlarini o‘zaro taqozo qilib turishlaridir” (Tulenov J., Rasulov X. Dialektika va ilmiy bilish. Toshkent, “O‘zbekiston”, 1977. 6-bet). Obyektiv olam qonuniyatlarini kashf etish insonning bilimi, tajribasi va oldindan ko‘ra olish qobiliyatiga tayanadi.

Fan tarixida ilmiy muammolarning nazariy va amaliy jihatdan hal qilinishi borliq qonunlarining kashf etilishiga yo‘l ochdi. Ushbu kashfiyotlar fan strukturasi, bilish tamoyillari, kategoriyalari, metodlari va uning shakllari o‘zgarishiga olib keldi (Большой энциклопедический словарь: Т. 2. Москва, 1991. Стр. 11). Bu esa o‘z navbatida fan taraqqiyotini jadallashtirdi va texnika taraqqiyotiga sharoit yaratdi.

Tabiat va jamiyat qonunlari ma’lum bir shart-sharoitlarda namoyon bo‘ladi, voqealar rivojlanishining tasnifi va yo‘nalishini xarakterlaydi. Ular muhim, zaruriy, umumiy va nisbiy barqaror munosabatlarni ko‘rsatibgina qolmay, balki kelajakda ularning rivojlanish tendensiyalarini ham ochib beradi. Ilmiy va kundalik bilimning vujudga kelishi, uning imkoniyati va chegarasi insondan o‘zgarishlarni avvaldan ko‘ra olish qobiliyatini taqozo qiladi. Ayni shu qobiliyat tafakkurning imkoniyatini belgilaydi, yangi bilim va tajribani qo‘lga kiritishga zamin bo‘ladi. Bunda biz inson tafakkurining o‘z cheklangan imkoniyati doirasida eskilik zamirida yangilikni, murakkablik zamirida oddiylikni topishga yo‘nalganini ko‘ramiz.

Har bir predmet va hodisa ma’lum qonun asosida yuzaga chiqadi. Sababiylikdan xoli hodisa yo‘q. Tabiat va jamiyatda mo‘jizalar yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas. Ilmiy bashorat qilish uchun tabiat va jamiyat taraqqiyoti qonunlarini bilish, dunyoviy bilimlarning asoslarini o‘rganish talab qilinadi.

Forobiy fikricha, aql bilan tasavvur qilish – undan tashqari bo‘lgan narsalar ichidan birortasini sezishdir, aql esa bu narsalarning obraziga (formasi) ta’sir etadi va uni tasavvur qiladi. Lekin, aqlning bu tasavvuri, tasavvur etilgan narsaga (to‘liq) mos kelmaydi, chunki aql barcha narsalarning eng nafisidir va aql tasavvuri eng nafis obrazdir (shakl) (Xayrullaev M. Forobiy va uning falsafiy risolalari / I.Mo‘minov tahriri ostida. Toshkent, 1963. 209-bet). Tasavvurning bunday ko‘rinishi ilmiy bashorat bo‘lib, bu orqali voqelikning ko‘z ilg‘amas, ichki tomoni ochiladi. Ilmiy bashorat deganda bo‘lg‘usi voqelikka mansub, obyektiv qonunlarga tayanuvchi bilish jarayoni tushuniladi.

Tabiiy-ilmiy nazariyalar nafaqat sezgilar orqali to‘plangan faktlar, shuningdek, shaxsiy idrokimiz, ruhiy tajribamiz mahsuli hamdir. Tasavvurimizdagi tartiblashgan olam aslida ruhiyatimizning tartiblashgan faoliyati natijasidir. Immanuil Kant buni quyidagicha izohlaydi: “Aql-idrok o‘zining “a prior” qonunlarini tabiatdan olmaydi, balki ularni tabiatda mavjudligini qayd etadi” (Поппер Карл. Все люди – философы. Москва, 2000. Стр. 49).

Shunday ekan qonun abstrakt tafakkurning yuksak ko‘rinishi bo‘lib, unda voqea va hodisalarning tabiati oldindan idrok etiladi, zaruriy aloqadorlik bashorat qilinadi.

Oldindan ko‘ra bilishning muhim tarkibiy qismi sifatida amal qiluvchi qonunlar, professor Karima Tulyenova fikricha, “Ehtimoliy barcha o‘zgarishlarda saqlanadigan o‘ziga xos invariant tarzda namoyon bo‘ladi. Muayyan qonunda ifodalangan umumiylik darajasiga qarab oldindan ko‘ra bilishning turlarini aniqlash mumkin. Xususan, dinamik qonunlar asosida oldindan ko‘ra bilish shunday tasnifdagi umumiylik, takrorlanuvchanlik, bog‘liqlikki, bunda umumiy takrorlanuvchanlik tegishli qonunga bo‘ysunuvchi belgilarning har bir alohida predmetda namoyon bo‘lishini avvaldan bilishda namoyon bo‘ladi” (Туленова К.Ж. Предвидение и реальность. Монография. Тошкент, “Узбекистан”, 2002). Masalani bunday qo‘yish voqelikdagi biror hodisaning jumbog‘i yechimi boshqa bir jumboqni yechishga yo‘l ochishi mumkin degan farazni tasdiqlaydi. Ushbu qonunlarda imkoniyat hamda voqelik aloqasi aniqlashadi va bu bir hodisaning boshqasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sababiy bog‘lanishida o‘z ifodasini topadi.

Xo‘sh, hozirgi zamon falsafasi va fanida qonun va bashorat qay darajada bog‘liq? Bu ilmiy muammo mazkur masalaning naqadar dolzarbligini ham ko‘rsatadi.

Birinchidan, qonun va qonuniyat ilmiy bashoratning vujudga kelish asosi, negizi. Qonun va bashoratning bog‘liqligi bashoratning ratsionalligi, aniqligini ta’minlaydi.

Ikkinchidan, fan taraqqiyotida ilmiy bashoratlarning vujudga kelishi, shakllanishi fan qonuni va qonuniyatlari ochilishiga zamin bo‘ldi. Zero, ilmiy bashoratlarsiz fan qonunlari empirik jihatdan asossiz bo‘lib qolar edi.

Ilmiy bashorat qilish – fan va texnikaning ajralmas qismi bo‘lib qoldi. Kishilik jamiyatining taraqqiyot yo‘lini ko‘rsatib berishda, moddiy olamning hali kashf etilmagan jihatlarini oldindan aytishda, tafakkur sirlarini ochishda ilmiy bashorat ilmiy bilishning muhim bo‘lagiga aylanmoqda.

D.Mendeleyevning davriy jadvali ilmiy bashoratning ajoyib namunasi bo‘la oladi. Mendeleev bu jadvalni tuzib chiqqanida (1869), jami 63 ta element ma’lum edi. Tabiatda boshqa elementlar bormi? Bu savolga Mendeleyev “bor” deb javob bergan. Uning o‘zi uchta elementning jadvaldagi o‘rni va xossalarini oldindan aytib berdi. Bu elementlar keyinchalik kashf qilindi: galliy (1875), skandiy (1879), germaniy (1886). Bu misol ilmiy bashorat fan taraqqiyotida qanchalik muhim bo‘lganini ko‘rsatadi.

Fikrlarimizni xulosalasak, birinchidan, qonun va uning bashorat shakllanishidagi ustuvorligi muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi; ikkinchidan, qonun va uning bashorat shakllanishidagi ustuvorligini har tomonlama tadqiq etish dolzarbdir; uchinchidan, qonun va uning ilmiy bashorat qilishdagi gnoseologik-epistemologik tahlili umumiylik kasb etadi.

 

Umid MAMAYUSUPOV,

TDPU Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar

kafedrasi katta o‘qituvchisi

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 1-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19122
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15845
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi