Iso Masihning chorcho‘piga tortilgan jadidlar, tobutini moybo‘yoqlar yelkalagan rassom – Boboniyoz Qurbon asarlarida timsollar


Saqlash
21:46 / 15.01.2024 990 0

XXI asr Van Gogi

 

Kelajak rassomlari haqida o‘ylaganimda, Vinsent van Gog va ustoz Boboniyoz Qurbon ko‘z oldimga keladi. Darvoqe, Boboniyoz akaga bag‘ishlangan  she’rimni “XXI asr Van Gogi” deb nomlagan edim. Shaxsiy dardlar ham ifoda etilgan, rassom shoir qiyofasida gavdalantirilgan she’rda, jumladan, shunday satrlar bor:

 

She’rlarimni o‘qimaslar,

Lekin e’lon qilgayman.

Shuhrat menga yuz yildan so‘ng

Kelishin ham bilgayman.

 

Van Gog hayotlik chog‘ida bittagina asarini sota olgan ekan. San’atni anglash, uning qadr-qimmati borasida ahvol oradan ikki asr o‘tgan bo‘lsa-da, afsuski, deyarli o‘zgargani yo‘q. San’at va adabiyotning jamiyat-u xalq uchun naqadar muhim ekani hamon to‘liq tan olinmagandek... Yo‘qsa, san’atkorga e’tibor sportchinikidan ortiq bo‘lsa bo‘lar ediki, aslo kam bo‘lmas edi. Chunki sport insonni jismonan tarbiyalasa, san’at ma’nan yuksaltiradi. Jismonan kuchli odam go‘zallikni sevmasa, his etmasa, kuchini go‘zallikni nobud qilishga sarflaydi. Bu insoniyat uchun qanchalik xatarli!..

 

 

Mo‘yqalamga muhabbat

 

Boboniyoz akani qariyb 20 yildan buyon bilaman. Ustoz butun umr O‘zbek milliy akademik drama teatrida xizmat qildi. Bu davr mobaynida qo‘liga mo‘yqalam olmagan biror kun bo‘lmasa kerak. Harholda, qachon uchrashsak xolst qarshisida qizg‘in ijodiy ish bilan mashg‘ul bo‘lar edi. Boboniyoz aka boshqa rassomlardan farqli o‘laroq faqat tasviriy san’at bilan cheklanib qolgani yo‘q. Ko‘p qirrali iste’dod sohibi pyesa, she’r va hikoyalar yozgan, turli ixtirolar qilgan, hatto tabobat bilan ham shug‘ullangan. So‘z san’atiga mehr, adabiyot va san’atni ayro bilmaslik badiiy ijodga undagan bo‘lsa, Shahlo ismli rassom qizlarining uzoq vaqt xastalanib bevaqt vafot etgani ustozni tabobatni ham o‘rganishga majbur qilgandi.

 

 

Oqibat

 

Boboniyoz Qurbon teatrda ishlagan vaqtlari mo‘jaz ustaxonasidan odam arimas edi. U kishi bu davrda yuzlab yoshlarga ustozlik qildi. Shogirdlarning aksari qo‘li yupqa oilalarning farzandlari bo‘lib, rassom ijod sirlarini ularga fiysabilloh, savob uchun o‘rgatgan. O‘nlab shogirdlari tasviriy san’atda yuksak marralarga erishdi. Ammo oqibatli shogirdlar ham kamyob bo‘lar ekan. Bugun ustoz xastalikka chalinib, uydan chiqolmay qolgan, uning holidan xabar olayotganlar safi esa tobora siyrak...

 

 

San’atga sadoqat

 

...Boboniyoz Qurbon Teatr va rassomlik institutini tugatib, teatrda ish boshlagan kezlar. Necha yillab u ijaradan bu ijaraga ko‘chib yurish serfarzand oilani obdan holdan toydiradi. Rassomning rafiqasi Xolida Qurbonova axiyri bir kuni eriga yoriladi: “Boboniyoz aka, qachongacha teatr berayotgan arzimas oylikka chidab yashaymiz?! Keling, teatrni ham, rassomlikni ham tashlang! Biz ham bozorga chiqaylik!” “Sendan kechsam kechaman, lekin tasviriy san’atdan aslo voz kechmayman!” deydi Boboniyoz Qurbon o‘shanda qat’iyat bilan.

 

San’at asarlarining bosh qahramoni ko‘pincha muallifning o‘zi bo‘ladi. Hatto o‘zga olam, o‘zga odamlar, voqealar gavdalantirilsa-da, ularning ortida san’atkor nigohi, dard-u iztiroblarini payqash qiyin emas. Boboniyoz Qurbon asarlari ham rassomning shaxsiy hayotidan hikoya qiladi. Uning hayoti esa sevimli ishi, kartinalari, bir so‘z bilan aytganda, tasviriy san’atdan iborat bo‘ladi.

 

 

Xayoliy galereya

 

Keling, endi Boboniyoz Qurbon asarlari xayoliy galereyasini birga sayr etaylik. “Xayoliy galereya” deganim bejiz emas. Gap shundaki, garchi bir umr orzu qilgan esa-da, rassom shaxsiy ustaxonaga ega bo‘la olmadi. Zahmatkash inson bir umr teatrdagi kamtarona xonada ijod qildi, o‘sha yerda shogird tayyorladi.

 

 

Moybo‘yoq tubigidagi avtoportret

 

Boboniyoz Qurbon ijodida avtoportret va portret janri alohida o‘rin tutadi. Uning bosh asarlaridan biri “Avtoportret” deb nomlangan. Unda muallif o‘z qiyofasini tepib, majaqlab tashlangan moybo‘yoq tubigida aks ettirgan. Avtoportretini rassomning hayoti bilan muvoziy ifoda etadigan bu kabi obrazlar jahon tasviriy san’atida ham kam uchraydi.

 

 

Ma’lumki, musavvirlikda ishlatiladigan asbob-uskuna, mato-yu moybo‘yoq juda qimmat turadi. Aksar rassomlar aynan shu tomondan qiynalgani sabab, moybo‘yoqning bir qatrasini ham isrof qilmaslikka urinadi. Qolgan-qutgan bo‘yoqni tubikdan siqib chiqarishning iloji bo‘lmaganda, tashlab yuborishga ko‘zi qiymay, oyoq ostiga tashlab, poshnalari bilan tepib-ezg‘ilab, palitraga o‘tkazib oladi.

 

Nazarimda, inson hayoti ham shunday. “Agar chang bo‘lmasa, inson mingga kirar edi” degan ekan Ibn Sino bobomiz. Bu dunyoda adolatsizlik, nohaqlik va ular ortidan keladigan g‘am-qayg‘u bo‘lmasa, odamlar bag‘rikeng va samimiy bo‘lsa, inson ehtimol ming yildan ham ko‘proq umr ko‘rarmidi?.. Afsuski, bir kam dunyo hali-hanuz bu balolardan qutulgan emas.

 

Boboniyoz Qurbon ham turfa sinovlar ichida yashadi – uning hayotida ham quvonch-u qayg‘u bisyor; sodda va samimiyligidan foydalanganlar qancha?.. Ammo rassom yaxshilik qilishdan bir zum chekingani yo‘q. U qancha yoshlarning boshini siladi, qanchasiga ustozlik qildi, yana qanchasiga uyidan joy berdi. Yaxshiligiga javoban qo‘lini tishlaganlar, hayotini zimistonga aylantirganlar ham uchradi... Ayni o‘shalar tufayli Boboniyoz aka o‘z qiyofasini tepib-majaqlab tashlangan tubikda aks ettirgandir.

 

 

Jakonda va Sveta

 

Boboniyoz Qurbonning go‘zal bir turkumi bor. Kartinalarda musavvir bilan ko‘p yillar bir dargohda xizmat qilgan koreys hamkasbi va hamqalami Sveta Soy tasvirlangan. Turkumning Leonardo da Vinchining mashhuri jahon “Mona Liza” – “Jakonda”si bilan ajib o‘xshashligi bor. “Mona Liza” mumtoz, “Sveta” esa zamonaviy uslubda yaratilgan.

 

 

Jakonda – florensiyalik boy savdogar Del Jakondaning bevasi bo‘lib, eri kartina yaratilmasdan bir oz avval vafot etadi. Umryo‘ldoshini yaxshi ko‘rgan Mona Liza motam belgisi sifatida qoshlarini qirib tashlaydi. Shu bois ham u suratda qora libosda tasvirlangan.

 

“Jakonda” tasviriy san’at tarixidagi eng mashhur kartina hisoblanadi. Unga oid tadqiqot, izlanishlar shu kungacha davom etmoqda. Asar Fransiyadagi Luvr muzeyida o‘qo‘tmas oyna ichida saqlanadi.

 

Boboniyoz Qurbon “Mona Liza” haqida qiziq fikr bildirgan edi: “Ko‘pchilik “Jakonda”ni Leonardoning eng buyuk asari deb hisoblaydi. Menimcha esa, musavvirning eng buyuk asari “Sirli kecha” devoriy suratidir. Kartinada Iuda Isoni sotishidan  oldingi  kecha tasvirlangan. O‘sha oqshom Iso o‘n ikki havoriyni mehmon qilib, “Ertaga ichingizdan biringiz menga xiyonat qilasiz!” deydi. Davrada xoin Iuda ham o‘tiribdi... Havoriylar “Isoni kim sotar ekan, kim?!” deb shivirlamoqda. Go‘yo ularning ovozi sizga ham eshitilayotgandek”.

 

Svetaning taqdiri ham Mona Lizanikiga  o‘xshab ketadi. Uning eri uzoq vaqt Parkinson xastaligi bilan og‘rib vafot etadi. Boboniyoz Qurbonning unga bag‘ishlangan kartinasi Svetaning eri kasal vaqti yoki u vafot etgach yaratilgan. Jakondaning qirilgan qoshlari va motam libosi erining o‘limiga, Svetaning sochlariga taqilgan qalampir shodasi esa ayolning achchiq qismatiga ishora qiladi. Qalampir shodalari orasiga ikki mo‘yqalam sanchilgan, ayol rassomlik palitrasini bag‘riga bosib olgan. Palitraga qanotli ilhom tulpori – mitti Pegas qo‘nib turibdi. Svetaning ko‘zlari italyan rassomi Amedeo Modilyani asarlari bosh qahramoni, uning rafiqasi Janna Ebyuternning ko‘z qorachiqlari singari chizilmagan. Ammo ayolni bilgan kishi bir qarashdayoq kartinada aynan u tasvirlanganini payqaydi.

 

 

Men ham Svetani tanir edim. U boshiga tushgan sinovlarni tasviriy san’at yordamida yengmoqchi bo‘lgan edi. San’at uning ovunchog‘i edi. U ismidagi singari yorqin hayotni sevar, rasmlari ham issiq ranglarga to‘la edi.

 

 

Erk qushlari

 

Boboniyoz Qurbon – vatanparvar inson. Sho‘ro qatag‘oni mavzusi uning ijodida alohida, ko‘lamdor o‘rin egallaydi. Rassom Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi shoir-u yozuvchilarimiz, juvonmarg bo‘lgan millat fidoyilarini qush timsolida gavdalantiradi; kartinalarda qurbonlar ruhi tayrga aylanib kezib yuradi, Iso Masih singari 37-yilning qonli chorcho‘piga tortiladi...

 

 

Erk qushi – Boboniyoz Qurbon asarlarida sevimli timsollardan biri. U ozodlik ramzi, xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan, hayotini tikkan hurriyat timsoli, ta’bir joiz bo‘lsa, Boboniyoz Qurbon ijodining totemi. Shuning uchun men bu ijodkorni Qurbonqush deb atagim keladi. Umrini san’atga, odamlarga yaxshilik qilmoqqa qurbon etgan qush...

 

 

Rangin marsiya

 

Boboniyoz Qurbon bir gal, O‘rol Tansiqboyev va Chingiz Ahmarov singari Shuhrat Abdurashid ham o‘z maktabini yaratgan edi, dedi avtohalokat oqibatida hayotdan erta ketgan musavvir do‘stini eslar ekan.

 

Boboniyoz akaning Shuhrat Abdurashidga bag‘ishlangan kartinasi ham bor, u navqiron rassomga yaqin uslubda yaratilgan. Bu taqlid emas, muallif atay shu yo‘lni tanlagan, marhum safdoshiga uning o‘z uslubida rangli marsiya bitgan go‘yo. Kartinaga boqamiz: Shuhrat Abdurashid asarlarida ko‘p uchraydigan kuzgi biyday dala... Nechundir qonrang. Musavvir qalbidek oppoq bulutlar, moviy osmon, uning aksi tushgan ko‘m-ko‘k daryo. Dalaning bir chetida ochiq qolgan molbert... ha, aynan ochiq qolgan – ochiq turgan emas, chunki uning egasi endi qaytib kelmaydi. Molbert xuddi Shuhrat Abdurashidning hayotga to‘ymagan, ochiq ketgan ko‘zlariga o‘xshaydi, unda o‘sha tugallanmagan asar ko‘rinadi – musavvirning qadrdon dalalari. Molbert va tugallanmagan asar egasini kutayotgandek. Chetda yolg‘iz qush mung‘ayib turibdi. Bu qanday qush ekan? Shuhrat Abdurashidning ruhimi?..

 

 

Choyxona

 

Boboniyoz Qurbon – ijtimoiy faol rassom. Uning aksar kartinalari ijtimoiy muammolar, daqqi qarashlar, salbiy arxetiplar dadil ko‘tarib chiqilgani bilan ham ahamiyatli. Ayniqsa, choyxona motivi. Choyxonaga mukkadan ketishimiz taraqqiyotdan ortda qolishimiz sabablaridan biri ekaniga nozik, ammo o‘tkir kinoya bor bunda...

 

 

 

Dashnobod – anduhim mening!

 

“Dashnobod anorlari” kartinasi – mening ham dardim, mening ham anduhim! Chunki men shu qishloqda tug‘ilib o‘sganman.

 

Kartinada kamina ko‘p guvoh bo‘lgan tonggi manzara tasvirlangan: anorlar orasida kulrang zahri qotil (alyuminiy dudi) xuddi suruv oralagan ko‘kbo‘ri misoli suzib yuribdi...

 

      

 

Qo‘limda doiraday aylanar zamon

 

Rassomning ijtimoiy ruhdagi kartinalaridan biri “Doirakash”dir. Asarda bir emas, olti doirani aylantirib o‘ynatayotgan doirakash aks etgan. Bu tasvir chuqur ramziy ma’noga ega. Unda ba’zan sozanda qo‘lidagi doiralardek turlanadigan zamonga inja ishora bor.

 

 

 

E’tiqod

 

Boboniyoz Qurbon san’atga chuqur e’tiqod qo‘ygan. San’at uning uchun hayot-mamot masalasi. Bir asarida dorgacha uzangan uzun yo‘l tasvirlangan, dor esa rassom palitrasiga bog‘langan. Rassom asarni qanday nomlaganini bilmayman, ammo menga qolsa, uni “E’tiqod” deb atagan bo‘lar edim.

 

Musavvir “San’at xiyonatni kechirmaydi!” deb takrorlashni yaxshi ko‘radi. Xiyonat qildingizmi, tamom, uning doriga osilasiz!

 

 

 

Abadiyat yo‘li

 

Yana bir ramziy kartina sharhi bilan xayoliy safarimizni yakunlamoqchiman. So‘nggi yo‘lga kuzatilayotgan rassom. Qizig‘i shundaki, so‘nggi yo‘lga ham ranglar kuzatayotir. Odam shaklidagi moybo‘yoqlar yelkasiga tobut ortmoqlab olgan. Tobutda esa moybo‘yoq odam – rassom yotibdi. Ehtimol, bu san’atkor qismati haqidagi asardir...

 

 

Bir armon dilni o‘rtaydi: Boboniyoz aka yozgan pyesalari sahnaga ko‘chishini bir umr orzu qildi. Ustoz ko‘rishganimizda gohida “Suyunchi ber, yaqinda pyesam sahnalashtiriladi!” deb qolar edi.

 

Balki vaqti kelib, butun umr pyesa bitgan-u, birortasi sahnaga qo‘yilmagan qalamkash haqida hikoya yozarman...

 

Bugun ustoz xastalanib qolgan. Saqlashga joy bo‘lmagani vajidan teatrdagi yuzlab kartinalari arzongarov sotuvga qo‘yilgan. Bu qanday qismatki, bir umr ijod qilib, asarlaringizga umringizni bersangiz-u, xastalanib qolganingizda ular juda ham arzon bahoga sotib yuborilsa!..

 

 

Aminmanki, bir kun kelib, Boboniyoz Qurbon kartinalari ham xuddi Van Gog asarlari singari chinakam qadr-qimmat topadi. Ammo u vaqtda Boboniyoz Qurbon oramizda bo‘larmikan!..

 

Nasrullo ERGASH

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son.

Kelajak musavviri” maqolasi

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 129
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//