Yaqinda qizgʻin suhbat orasida bir doʻstimiz aytib qoldi. Uzoq yillar avval otasi Angliyaga borganida yoʻlda adashib qolibdi. Keksa inglizdan yoʻl soʻrashsa, obdon tushuntiribdi. Masofa uzoq boʻlsa-da, mashinada 30 kilometrcha birga yurib, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib yuborgan. “Dadam har safar inglizlar haqida gap ketsa, ular yaxshi odamlar deydi va shu voqeani aytib beradi”, dedi doʻstimiz.
Yevropada yashab kelgan doʻstimiz birinchi borganida qishloqlarda yoʻl yuzida meva-chevalar egasiz turgani, qutisiga narxlari yozilib, pul uchun idish qoʻyilganini koʻrib hayratlanganini aytdi. “Beixtiyor agar shu holat Oʻzbekistonda boʻlganida odamlar mevani olib, pulini tashlab ketaverarmidi, bir-birimizga shu qadar ishona olamizmi, deb oʻyladim. Biroq pandemiya, anomal ayoz vaqtidagi videolar, osmonga sapchigan narxlar, baqir-chaqir navbat talashishlar koʻz oldimga kelib, ijobiy javob topolmadim”, deya xoʻrsinib qoʻydi u. Darvoqe, baʼzan birgina insonning harakati yoki biror voqea sabab butun bir millat haqida fikr shakllanadi. Endi yuzlar, minglar, millionlarnikini tasavvur qilavering.
Oʻzbek xalqi haqida gap ketganda odatda mehmondoʻst, bolajon, moʻmin-qobil kabi taʼriflarni aytamiz. Har bir mehmonni izzatlab, osh bilan siylab, ustiga toʻn yopib joʻnatishga havasmandligimiz hanuz oʻzgarmagan. Bu mehmondoʻstlikni shaxs va mamlakat miqyosida olib qarasak, isrofgarchilik, kimoʻzarlikka aylanib qolgan. Bolajon taʼrifi ham oxirgi yillarda xiralashgandek. Mediani kuzatib tez-tez duch keladigan bolasini kaltakladi, hatto suvga choʻktirdi, axlatxonaga tashlab ketdi, degan xabarlarga duch kelib “bolajonlik” oʻtmishda qoldimikin, deb oʻylab qolasan. Moʻmin-qobil taʼrifi esa zamonaviy dunyoda oʻz huquqini bilmaydigan, oson boshqariladigan, zulmga qarshi kurasha olmaydigan kabi taʼriflarga sinonim boʻlib bormoqda. Xullas, sanasak, milliy xislatlarimiz ham, illatlarimiz ham yetarlicha.
Millat haqidagi fikr mamlakat ichkarisidan koʻra tashqarisida qabaribroq koʻrinadi. Boshqa xalqlar bilan taqqoslash, solishtirish imkoni boʻladi. Bu borada xorijdagi yurtdoshlarimizning kuzatuvlari ham qiziq.
Koreys oʻqituvchisining sabogʻi esimdan chiqmaydi
Husniddin Islomov,
Janubiy Koreyadagi Chungbuk milliy universiteti tadqiqotchisi:
– Ilk marta Koreyaga borganimda “oʻzbekchilik” qilaman deb qattiq mulzam tortganman. Bilasiz, koreyslar alkogol ichimlik koʻp isteʼmol qiladi. Men ham Oʻzbekistondan borishimda qimmatidan bitta olib bordim. Buni koʻrib oʻqituvchim qattiq xafa boʻlib, jahli chiqib ketgan. Sen menga pora beryapsanmi, bu ishing uchun seni bemalol politsiyaga topshirib yuborishim mumkin, deya baqirgan. Chet ellik boʻlganing, qoidalarni bilmaganing uchun oxirgi marta ogohlantiraman, degandi. Bu saboq umrbod yodimdan chiqmaydi.
Hozir Janubiy Koreyada oliy oʻquv yurtlariga oʻzbek talabalarini qabul qilishga ikkilanishadi, avval bunday muammo boʻlmagan. Ariza topshirganlarning hammasi, hatto soxta hujjat qilgan ucharlar ham oʻqishga qabul qilinardi. Muammo nimada? Kuzatuvimcha, uddaburon oʻrtakashlar koʻpayyapti. Seni Koreyaga joʻnataman, deb sodda yoshlardan 5 ming, hatto 10 ming AQSH dollar olayotganlar bor. Yoʻl-yoʻriq, tilni bilmagan yoshlar qarz-havola qilib joʻnayapti. Koreyada yashash xarajatlari, qarzlarni qoplash, buning uchun esa ishlash kerak. Natijada yoshlar oʻqishga emas, ishga chiqyapti, noqonuniy yurganlar ham juda koʻpaygan. Boshqa davlat talabalarida bu holatni uchratmaysiz. Masalan, qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻizistondan kelganlar ham talay, ishga kelgani ish, oʻqishga kelgani oʻqishdan bosh koʻtarmaydi.
Koreya universitetlari shungayam moslashdi. Ayrim reytingi pastroq taʼlim muassasalari haftada bir kun, shanba kuni dars boʻladigan tartibga oʻtdi. Oʻzbeklar esa oʻsha bir kunlik oʻqishgayam bormayapti, pul topishga chopadi. Pul, pul va yana pul...
Choʻchqa goʻshtini koʻrganda yodimizga tushgan musulmonligimiz nega birovning haqqiga kelganda unutilyapti?
Muammolar faqat talabalar oʻrtasida emas, ishga borganlar orasida ham koʻp. Masalan, oʻzbeklar zavodda ishlayapti, 90 foiz xodimlar koreys, 10 foizi oʻzbek va boshqa millat vakillari. Eng koʻp, taomnomaga eʼtiroz bildiriladi, choʻchqa goʻshti qoʻshilmaganmi, deb soʻrab janjal qiladi. Musulmonmiz, eʼtirozni tushunaman. Koreyada mol goʻshti qimmatroq, asosan tovuq goʻshtidan ovqat qilinadi. Koʻrsangiz, oʻshandayam janjal, nega faqat tovuq, menga mol goʻshtidan ovqat qilib ber, deya. Ish vaqtida namoz oʻqiyman, deydi. Bu, tabiiyki, ish beruvchilarda norozilikni yuzaga keltiradi.
Yana bir qusurimiz – masʼuliyatsizlik, vaʼdada turmaslik. Misol uchun, bir kun avval ishga chiquvchilar roʻyxat qilinadi. Soatiga toʻlanadigan ish haqi oldindan maʼlum (oʻrtacha 120-130 ming von). Millatdoshlarimiz esa savdolashadi, koʻproq berasan, deb turib oladi. Ayniqsa, karantin vaqtida avjiga chiqishdi. Koreyada ishchi kuchi yetishmadi, kasallar koʻpaygan vaqt. Ayrim oʻzbek migrantlari 130 ming emas, 150 ming vondan toʻlaysan, deb talab qila boshladi. Qiyin vaziyatdan foydalanib qolishga urindilar. Mana shu kabi sabablar tufayli oʻzbeklar deganda faqat pulni oʻylaydigan, vaʼdasida turmaydigan odamlar, degan tasavvur shakllanib qoldi.
Oddiy misol, Koreyada aloqa kompaniyalari mijozlariga foydalanish uchun past foizli kreditga, baʼzan hatto tekinga telefon beradi, sugʻurta qilinadi. Bundan xabar topgan oʻzbeklar qimmat telefonlardan olishadi va yoʻqotib qoʻydim, deya yolgʻon gapirib, yana yangisidan umid qilishadi. Bunday voqealarni koʻrib, eshitib uyalib ketaman.
Yaqinda bir holat boʻldi. Ijara uyga kafolat puli sifatida 2000 dollar toʻlagandim, boshqa joyga koʻchishga toʻgʻri keldi. Uy egasi adashib 3000 dollar qaytaribdi. Hayron boʻlib yonimdagi oʻzbek tanishimga bu haqda aytdim. “Yaxshi-ku, indamang, aytmasangiz, bilmaydi baribir”, deydi. Yoʻq, uy egasiga telefon qilib, 1000 dollar koʻp pul yuborganini aytdim. Koreys eslolmadi, shartnomalarni tekshirdi. Maʼlum boʻlishicha, u doim kafolat puliga 3000 dollar olar ekan. Xorijdan kelganim, pulim kamroqligini aytganim uchun mendan 2000 dollar soʻragan va buni unutib ham yuborgan. Ortiqcha pulni qaytarib joʻnatdim, axir menga yaxshilik qilgan insonga boshqacha javob berish mumkinmi? Choʻchqa goʻshtini koʻrganda yodimizga tushgan musulmonligimiz nega birovning haqiga kelganda unutilyapti?
Albatta, faxrlanadigan voqealar ham boʻladi. Yaqinda oʻzbek yigiti 60 yoshlardagi ayolni yongʻindan olib chiqdi, bu holat qizgʻin muhokama boʻldi. Koreyadagi oʻzbeklar guruhidagi izohlarga qarasam, “Xayriyat”, “Oʻzbeklar haqida yaxshi xabarlar ham oʻqir ekanmiz-ku”, deya yozishmoqda.
Qirgʻizistonlik migrant bilan ham shunga oʻxshash holat boʻldi. U noqonuniy kelganlardan ekan. Koreya Adliya vazirligi yigitga viza, qonuniy ishlashga ruxsat berdi. Buni eshitgan yurtdoshlarimiz yozmoqda: “Qaniydi, biror yongʻin boʻlsa-yu, men ham kimnidir qutqarib chiqsam. Menga ham qonuniy yashash, ishlash huquqini berishsa...” Qanchalar achinarli, qoʻrqinchli niyat bu.
Millatdoshlarimizga ishona olmayman, koʻpchilik pand yeganini koʻrganim uchundir
Gulrux Saʼdullayeva,
“Fashion Gross Italy” kompaniyasi HR menejeri:
– Dunyoning koʻp davlatlarida boʻlganman, yashaganman. Har xil oʻzbeklarni koʻraman. Koʻpi aldab ketadi, afsuski, begonani emas, oʻzbekni “kiydiradi”. Shu bois millatdoshlarimizga ishona olmayman, koʻpchilik pand yeganini koʻrganim uchundir. Oddiy misol, kredit tarixida muammo boʻlmasa, kreditga texnikalar olish mumkin. Oʻzbeklar ikki-uchtalab qimmat texnikalar, asosan ayfon oladi va Oʻzbekistonga juftakni rostlaydi. Bu keng tarqalgan “usul”lardan. Chegarada u narsamni oʻtkazib bering, bu narsamni olib oʻtishing, deydiganlar ham juda koʻp. Bunaqa masalalarga xorijda jiddiy qarashadi, hatto ularga ishonib qamalib ketganlar bor. Birovga yaxshilik qilaman, deb boshga balo orttirish hech gap emas. Qoʻldan kelgunicha yordam beradigan, yaxshi insonlar ham koʻp, albatta.
Xalqimizda koʻrmaganning koʻrgani qursin, degan maqol bor. Oilada qattiq nazoratda oʻsgan ayrim yoshlarimiz, asosan yigitlar xorijga chiqqach, birdan erkin hayot bilan yuzlashgach, oʻyin-kulgi, narkotikka ruju qoʻyishadi. Ayrim davlatlarda nisbatan yengilroq narkotik moddalar sotuvda bor, koʻchadan bemalol topish mumkin. Uning taʼmini totgan oʻzbek yoshlari oʻqish, ishni unutadi. Ikki yillik magistraturani toʻrt yilda ham tugata olmayotganlar qancha? Yoki boshqa millat qizlari, ayollariga uylanib olish, birga yashash holatlari koʻp. Vaqti kelib uyiga qaytganda yosh, oʻn gulidan bir guli ochilmagan qizga uylanadi. Xotin, bola-chaqa chet elda qolaveradi. Shumi oila muqaddas deb tarbiyalangan oʻzbek yigitlari? Bunday keyslar juda koʻp, ayniqsa, Amerikada. Grin karta, fuqarolik olish nimalarga majbur qilmayapti? Shu sabab doim aytaman, xorijda oʻqidi yo ishladi degani hammasi zoʻr deganimas. Surishtirish, oʻrganish kerak.
Bir necha yil avval Finlyandiyaga madaniyat almashinuv dasturi boʻyicha borganman, fin oilasida yashab, farzandiga enagalik ham qildim. Oʻzlari rozi boʻlib, qoʻshimcha toʻlovlar qilishgan. “Bundan keyin har qanday oʻzbek qizini ishga olish, farzandlarimiz tarbiyasini ishonib topshirishga tayyormiz”, deyishgan. Oʻzbeklar haqida har doim mana shunaqa yaxshi taassurot, fikrlar qoldirishga harakat qilaman. Italiyada oʻzbeklar kam, shu sababdir negativ fikrlar ham deyarli yoʻq. Lekin oʻzbeklar nisbatan koʻpayib borayotgan Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarda ahvol yomonroq. Londondagi oʻzbeklar ham juda ahil-inoqligini koʻrganman. Bir-biriga yordam beradi, qoʻllab-quvvatlaydi. Kimdir firibgarlik, aldov qilsa, oʻzaro guruhlarda ogohlantiriladi, rasm va kontaktlari joylanadi.
Koʻp millatlar hayotini, madaniyatini kuzataman, oʻrganaman, oʻzimiz bilan taqqoslayman. Tan olish kerak, Yevropa, Finlyandiya kabi davlatlar bilan solishtirganda oʻzbeklarni bolajon millat degan guruhga kiritib boʻlmaydi. Ayniqsa, erkaklarimizni. Bu oʻlkalarda ota tarbiyada faol ishtirok etadi. Ham ota, ham ona dekret taʼtili oladi, bolaga vaqt ajratadi. Parklarda bolalar onalar bilan emas, koʻproq farzandini sumkalarini koʻtarib yurgan, ovqatlantirib, maktab-bogʻchadan olib qaytayotgan otalar bilan yurganini koʻrasiz.
Odamlar bizdagidek qonunni chetlab oʻtish, “lazeyka” qidirish yoʻlidan bormaydi. Ayniqsa, soliqdan qochish, daromadini yashirish holatlariga jazo keskin. Qamoq, deport, katta jarima. Finlyandiyada aytishardi: bu yerda nima qilsang qil, lekin qonunni buzma, soliqdan qochma!
Bilimi kuchli yoshlarimiz koʻp. Lekin xitoy, hind yoshlari bilan taqqoslaganda oʻqishga yuzaki qaraymiz.
Oʻzbekiston fuqarolariga koʻp davlatlarga viza olish qiyin. Pasportimiz qiymati past, jarayonda aldov koʻp. Borgan yurtdoshlarimiz ham belgilangan muddatdan koʻproq vaqtga qolishga urinadi, qonunni buzadi. Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH kabi davlatga viza olish yildan yilga qiyinlashib bormoqda. Qoʻshimcha hujjatlar, bank hisob raqamida yirik summadagi pul boʻlishi talab qilinadi. Koʻpchilik hujjatlarni soxtalashtiradi, konsalting firmalar shu yoʻl bilan fuqarolarni ish-oʻqishga joʻnatyapti. Bunday uddaburonliklar sabab bilimli yoshlarimizning ham yoʻli toʻsilmoqda. Yechim rostgoʻylik va halollikda. Toʻgʻri, ularning ayrim talablarini bajarish noreal, hisobga 30-50 ming dollar qoʻyish imkonsiz. Shu sabab bilimli yoshlar koʻproq grantlar yutib ketishi kerak. Turist sifatida, yo boshqa sabablar bilan borgan insonlar ham qonunlarga amal qilib, vaqtida qaytib kelsa, oʻzidan keyingi millatdoshlariga muammo yaratmaydi.
Millat sifatida ijtimoiy normalarimizni qayta koʻrib chiqish vaqti keldi, nazarimda.
Nega biz bunday yolgʻonchi millatga aylanyapmiz?
Muazzam Ibrohimova,
pediatr, tarmoq faoli:
Turkiyada yirik bir tadbir minbarida maʼruza qildim. Nutq tugagach, bir turk yonimga kelib, oʻzbeklar orasida shunday ilmli ayollar ham bor ekan-da, deb aytdi. “Oʻzbekning elamani (xizmatkor), enagasi, ishchi, uzr-ku, fohishalarini koʻrganmiz, lekin katta tadbirda turk va ingliz tilida ravon gapirganini birinchi marta koʻrdik”, dedi. Ehtimol, kimdir uchun bu gaplar maqtovdir, lekin menga haqorat boʻlib tuyuldi. Biz nega bu holatga tushdik?
Barchasini moddiyatga bogʻlamagan boʻlardim. Pulsiz, qiyinchilikda yashasa-da, oʻzligi, oriyatini sotmaganlar bor. Ozroq pul topib, nafaqat oʻzining, balki millatining ham boʻynini egadigan ishlar qiladiganlar bor. Bu holatlarga koʻp guvoh boʻlamiz, hatto yomon yoʻllardan qaytsin, deb maslahat, mablagʻ, yaxshi ish topib berdik. Afsus foydasiz, oʻzi koʻnikkan, jirkanch yoʻlni tanlab ketdi.
Bir voqea boʻldi. Turkiyada oʻzbek qizi oʻzini toʻqqizinchi qavatdan tashlamoqchiligi haqida xabar berishdi. Oyogʻimizni qoʻlga olib yetib bordik, vaqtida koʻrilgan chora sabab qiz qutqarildi. Gaplashsam, vaziyat juda ayanchli. Uni Turkiyada bola qaraysan deb yuborishgan, ish boshida turgan oʻzining mahalladoshi. Qiz fohishalik uchun sotib yuborilgan, zoʻrlangan, tahqirlangan. Turk politsiyasiga murojaat qildik, qiz Oʻzbekistonga qaytarildi. U va boshqa opa-singillarimizni joʻnatgan odamni topish, jazoga tortishga harakat qildik. Oqibatda esa bu ishlardan onasi ham xabardor boʻlib chiqdi. Sababini soʻrasak, otasi va men nogironman, dedi. Qattiq shokka tushdim. Vositachi mahalladoshi aytyapti: “Onasi yubordi, iltimos qildi-ku. Meni qayerga va nima ishga odam joʻnatishimni bilardi. Mayli, yubor, pul topsin, deb aytdi-ku...”
Bu vaziyatda nima deyish, nima qilishniyam bilmaysan. Ona pul topsin deb oʻz qizini bozorga solishi millat uchun katta fojia. Toʻgʻri, bizda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga berilayotgan yordam yetarli emas, tirikchilik toshdan qattiq. Biroq biz bunday xalq boʻlmaganmiz, axir. Shunday insonlarni bilaman, toʻrt devor orasida qotgan non yeb kun kechiryapti. Lekin gʻururi baland, haromdan hazar qiladi.
Bir koʻrsatuv koʻrsatishdi. Oʻzbek ayoli Turkiyada cholga tekkan, uning oʻgʻligayam xotin boʻlgan, Oʻzbekistonda eri ham bor. Ekranda yuzini roʻmol bilan toʻsib uyalgansimon qiyofada oʻtiribdi. Unga aytilayotgan har bir gap, taʼnalar menga, barcha oʻzbek ayollariga kelib tegadi. Afsuski, turk telekanallarida bu kabi voqealar haqida koʻrsatuvlar koʻpaygan. Baʼzi davralarda oʻzbekman deb aytsangiz, sizga munosabat yomonlashgandek tuyuladi, uyalasiz. Bu jarayonni qanday toʻxtatish mumkin, deb tinimsiz oʻylayman.
Tegishli idoralarga takliflar bilan chiqyapmiz. Mehnat migratsiyasini toʻxtata olmaymiz baribir. Hechqursa ularning reyestrini tashkil qilaylik, kerakli kasb-hunar oʻrganib borsin. Bemorlarga, bolalarga qarash, uy ishlari qilishga borayotganlar ketishidan avval mehnat qoidalari, zaruriy koʻnikmalarni oʻrgansin. Bunday takliflarga javoban “Xizmatkorlar maktabini yaratmoqchimisiz?” degan iddaolar yangradi. Yodingizda boʻlsa, bir necha yil avval Samarqand viloyat hokimining taklifiga ham shunday munosabat bildirilgandi. Aslida bu achchiq haqiqat edi.
Afsuski, xorijda mehnat qilayotgan aksariyat xotin-qizlarimiz huquqlari himoyalanmagan. Ish beruvchiga yoqmasa, biror xato qilsa yoki uy egasi shunchaki ish haqi berishni istamasa, koʻchaga haydab yuboriladi. Kunduzimi, yarim kechasimi, farqi yoʻq. Shunday hollarda ayollarimiz nima qiladi, qayerga murojaat etadi? Ular uchun huquqiy koʻmak markazlari, ishonch telefonlari, advokatlar yordami boʻlishi kerak.
Turkiyadagi zilzilalar vaqtida ogʻir vaziyatda qolgan 19 nafar ayolni Oʻzbekistonga qaytardik. Togʻ-togʻ vaʼdalar aytildi, ish topib beriladi, kasal boʻlsang, davolanishingga koʻmaklashamiz, deb. Ularning 11 nafari qayta murojaat qildi. Qani oʻsha vaʼdalar? Ish soʻradim – yoʻq, davolanishimga yordam soʻradim – yoʻq, bizni aldab qaytargan ekansizlar-da, deb. Yarmi yana Turkiyaga ketdi. Nega biz bunday yolgʻonchi millatga aylanyapmiz? Qiyin vaziyatdan yolgʻon vaʼda bilan chiqib, keyin bemalol gapimizdan tonyapmiz. Shu sabab illatlar koʻpayotgandir.
Oʻn yildan beri hayotim Turkiya bilan bogʻliq, koʻp boraman, turli loyihalarda qatnashaman. Har safar samolyotga chiqsam, toʻp-toʻp boʻlib ketayotgan qorakoʻz, navnihol qizlarimizni koʻraman. Qayerga, nima ishga ketyapsan, deb qiziqaman. Aksariyati tanishim chaqirdi, biror ish toparman, deydi. Shunday sodda, hurkak qizlarimizdan birini toʻrt yil oʻtib qayta uchratdim. Oʻzbekona istaradan asar qolmagan. Oʻziga eslatdim, yodingdami, bola qarashga ketayotgan eding, deb. “Ha, qaradim. “Katta-katta”, otam tengi “bolalar”ga qaradim”, dedi alam bilan. Qani men toʻrt yil avval koʻrgan, gapirganda koʻzini yerdan uzmay turadigan maʼsuma nigohlar? Kumushbibi, Raʼnolar yurti shu ahvolga tushganini koʻrib iztirobga tushaman.
Albatta, hammasi ham bunday emas. Halol, pokiza, sidqidildan mehnat qiladigan opa-singillarimiz koʻp. Kattaga hurmat, kichikka izzatda boʻlib, borgan xonadonida qadr topayotgan, rahmatlar eshitayotgan ayollarimiz bor. Ular misolida haqiqiy oʻzbek farishtalarini koʻraman. Keksa otaxon-onaxonlar bilan gaplashsam, quyuq maqtovlar aytishadi.
Yaqinda Turk dunyosi bolalari fondi tomonidan ixtirochi bolalar festivali tashkil etildi. Uch yildan beri Oʻzbekiston sovrindorlar orasida, ikki marta birinchilikni oldi. Bolalarimiz haqidagi maqtovlar, eʼtiroflarni eshitib, ona sifatida ham, Oʻzbekiston fuqarosi sifatida ham faxrlanib ketdim. Umidim shunday bolalar, yoshlarimizdan. Ular hammasini yaxshi tomonga oʻzgartirsin, toʻp-toʻp boʻlib xizmatkorlikka ketishlarni toʻxtatsin, ilm-maʼrifat uchun borishsin, millat qaddini koʻtarishsin. Bu mening uzoq yillik orzularim, oldimga qoʻygan maqsadlarim.
Inobat AHATOVA,
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q