Sochilgan bug‘doy donalari
Fyodor Dostoyevskiy. Aka-uka Karamazovlar. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2021.
fyodor dostoyevskiy “Aka-uka Karamazovlar” romanini azob, og‘rinish, cheksiz dilgirlik va qo‘qqisdan kelishi mumkin bo‘lgan qismat zarbalaridan tahlikada yozgan. Roman xudo, ozodlik va axloq, ayni bugungi kunimiz, navqiron umrimiz haqida.
Asarga Yuhanno Injilidagi “Rost, rost aytaman sizga: magarkim, bug‘doy donasi yerga tushib o‘lmasa, bir o‘zi qolajak; agar o‘lsa, unda ko‘p hosil berajak” so‘zlari epigraf qilib olingan. Bu, nasroniycha e’tiqodga ko‘ra, Iso alayhissalomning o‘lib-tirilishi va insoniyat baxti uchun o‘zini qurbon qilgani haqidagi aqidaga borib taqaladi.
Men sizga asarda sochilib yotgan bug‘doy donalarini ko‘rsatsam deyman.
Ota Zosima huzurida sud qilingan, aziz zotning o‘ziga bosh egganidan tongriqqan Dmitriy Karamazovni eslang. Azob-uqubatni bo‘yniga olayotgan Dmitriy o‘zini yerga ko‘mayotgan bug‘doy doni kabi edi. U ko‘p hosil berish uchun o‘ziga o‘zi hukm o‘qiydi. O‘ziga azobni hozirlash unga kimdan meros bo‘lib o‘tgan?..
Dmitriy – mardona er, ammo tolesiz ayoldan tug‘ilgan pastarin farzand. Xotinini tahqirlab charchamagan otaning g‘azabiga nishon o‘g‘il. U “o‘zi uchun tayyorlayotgan narsani” onasi bir zamonlar o‘zi uchun hozirlagan, jamiyat rad etgan tuban kimsani unga turmushga chiqish orqali sharaflamoqchi bo‘lgan. Dmitriy ana shu “merosiy haq-la” hissiyotlarni jilovlay olmaslik, ammo tuban ketolmaslik o‘rtasida muallaq...
Ivan va Alyosha ham o‘sha tuban erning va mute, xo‘rlangan, muttasil zulm oqibatida esdan og‘ib, asab kasalligiga yo‘liqqan ayolning farzandi. Ular onasidek xudoga, dinga tashna, nedir ichki taraddudga cho‘mgan yigitlar. Ivan va Alyosha boshqa-boshqa qutbda-yu, lekin bir-birini taqozo etadi. Ivan Alyosha orqali o‘zini poklashi, Alyosha Ivan orqali chinakam harakat maydonlariga kirib borishi kerak. Asarda Ivan hammadan ham ko‘proq dinga tashna va hammadan ham ko‘proq xudoga yaqin. Axir, naq iblis bilan so‘zlashgan u emasmi?
Alyosha Karamazov – bola yoshida vafot etgach, asar zaminiga ekilgan va unib chiqqan Aleksey Dostoyevskiy. Alyosha birovga malol keltirmaydigan, uyatchanligi hatto surbet va kirlangan odamlarga ham og‘ir botmaydigan, o‘zi kirib borgan davrada ma’naviy o‘zgarish yasay oladigan yigitcha. U ota yurtga volidasining qabrini izlab boradi. Chunki xotirasining bir nuqtasida onaizor aziz farzandini Bibi Maryam panohiga uzatayotgan tasvir muhrlanib qolgan. Shu sabab rohiblar dunyosi toza go‘shadek uni o‘ziga tortadi. Qariya Zosimaga esa “tashnakom yuragining qaynoq birinchi muhabbati ila bog‘langan”. Ammo bu ham bir sinov. Negaki, odamni sig‘inish darajasida sevish xatarli. Agar u qari bo‘lsa va o‘limni munosib tarzda qarshi ololmasa-chi? Yomon gumonlarni haydab solish uchun bug‘doydek naq yer ostiga kirishing, chirib bitmay unib chiqishing kerak...
Ichingdagi iblisni, tubanlikni o‘ldirish va poklanish azobida o‘zingni isloh etish qanchalar og‘ir! Dostoyevskiy farzanddan ayrilish azobini va barcha alam-iztiroblarini bug‘doy donasidek yerga ko‘mdi va yangi inson bo‘lib ko‘z ochmoqni, ezguliklar yaratmoqni istadi.
Roman markazida falokat, jinoyat – ota Karamazovning o‘ldirilishi turadi. Dolg‘ali zamonning vahimaga berilgan, ammo soxta tantanavorlik va go‘llikdan voz kecholmagan ilmiliq kishilari haqida roman yozish uchun ularni har narsaga egilavermaydigan bir odamga bog‘lab qo‘yish kerak edi, yo‘qsa hammasi tariqdek sochilib ketadi. Bu, ideal desangiz ideal, Dostoyevskiy aytganidek, arbob desangiz arbob – kenja Karamazov. Odamlarning tavba-tazarrusini tinglaydigan va uzrxohliklarni bir-birlariga yetkazib turadigan timsol. Ta’bir joiz bo‘lsa, fojia-kulgi, axloqsizlik-buzuqlik va vasvasaga to‘la chirkin o‘rada unib chiqqan bir gul!
Dmitriy – axloqan o‘lgan, lekin unga muhabbat bilan, yangi azob va sarsongarchiliklar bilan qayta tug‘ilmoq uchun umid yo‘llari ochilgan. U shu jihatdan “Iblislar”dagi Stavrogindan farq qiladi. Roman monastir hujrasida Dmitriy ustidan sud bilan boshlanib, sud bilan tugashi bejiz emas. U boshdan-oxir ham o‘zi, ham jamiyat tomonidan so‘roq-tergov qilinadi.
O‘rtancha o‘g‘il (Ivan) og‘ir savollar, yetilmagan ulkan mushohadalarni o‘zida ifoda etadi. U fikr egasi, faylasuf. Shu jihati bilan g‘oya ijrochisi Raskolnikovdan murakkabroq va fojeiy qiyofaga ega. Zero, uning uchun dunyo izdan chiqqan, la’natlangan, iblisona tartibsizlik domida qolgan.
Muqarrarlik uch o‘g‘ilni bir nuqtaga olib keladi. Bu nuqtada badxoh va hissiyotchan ota turadi. Ammo unutmangki, asar bosh qahramoni Aleksey emas. Dostoyevskiyning barcha romanlarida bo‘lgani kabi “Aka-uka Karamazovlar”da bosh qahramon – g‘oya. Ko‘p cho‘zib nima qildim, bu – o‘lgan, yo‘ldan ozgan odamning qayta tiklanish g‘oyasi. Odamning yer ostiga kirgan va qayta ungan bug‘doy donalariga aylanishi g‘oyasi.
Butun asar davomida muallif usta dorbozdek mangulikka tortilgan dor ustida u yoqdan-bu yoqqa oshib o‘ynaydi: din – dinsizlik, ixlos – dahriylik, haq – haqsizlik, jiddiyat – masxarabozlik, ota – o‘g‘il, sharaf – toptalish... Tadqiqotchi Konstantin Tyunkinning quyidagi fikri g‘oyat e’tiborli: “Romanning ichki syujet harakatidagi cho‘qqi – “birinchi kun” – Dmitriyning tazarrusi bo‘lsa, hal qiluvchi daqiqa – “ikkinchi kun” – Ivanning tavbasidir”.
Asarning avj nuqtasi, shubhasiz, “Buyuk inkvizitor”. Dostoyevskiy Dante, Gyote kabi ilohni yerga olib tushadi. Faqat bu mutlaqo boshqacha tushish, hatto tushish ham emas. Bu sotqin shogird tomonidan egallangan dunyoga guvohlik berayotgan ustozning yana bir yurishi. Shogird – Buyuk inkvizitor so‘nggi damda ishonchini boy bergan sahronishinlardan. Murakkab obraz bu. Shunchaki qabih dahriy, “kichkina shaytonvachcha” ham emas, u dono, shafqatli, ulug‘vor va fojeiy qiyofaga ega. Asosiy masala – erk va hokimiyat, zamonaviy sotsializm vasvasalari. Tadqiqotchilar fikricha, unda qiblasini yo‘qotish, sotsializm qurish jazavalari ifodalangan. Bu sharpa Zosima otaning xotiralarida, Ivanning xayolotida lopillab-silkinib turadi.
Inkvizitorni bir narsa qo‘rquvga soladi. Bu aslo Ustozning, Xaloskorning tushib kelishi, ya’ni paydo bo‘lishi emas. Hamma vahshat shundaki, olomonga aylangan odamlar endi xudosini ham yuragiga sig‘dirolmaydigan darajada kichraytirilgan, maydalashtirilgan. Ularga erk endi ortiqcha va og‘ir tuyuladi. Zaminiy non – samoviy erk, samoviy rizqdan kuchliroqdir, axir, odam bolasini to‘ydirmoq kerak... Ivan suhbatni bolalardan boshlagan edi, uning Inkvizitori butun insoniyatni bolalarga aylantirishni va balog‘atga yetib bormaydigan umr faslida saqlashni istaydi...
Tadqiqotchilarning yozishicha, asarda XIX asrning 60–70-yillari rus hayoti qomusi – reformadan keyingi og‘ir, dog‘uli, alahlayotgan Rossiyaning turish-turmushi qalamga olingan. Barcha ijtimoiy qatlamlar – aynigan zodagonlar-u yuksak “madaniyat” sohiblaridan tortib yo‘qsil mujiklargacha; turli jamoalar-u yangi sud tizimigacha; nasroniycha utopiyadan isyon qilayotgan xudosizlikka qadar yoyilgan g‘oyaviy ziddiyatlar, avlodlar o‘rtasidagi dushmanlik ifodalanadi. Dostoyevskiy mana shu talato‘p ichida insonni izlaydi: yo‘ldan ozgan, ammo najot yo‘liga qaytgan insonni. Har kim xudo yelkasiga yuklagan vazifani ado etishi kerak. Yo‘qsa, baxt ato etilmas...
Tubanda o‘lmak, yuksakda tug‘ilmak
Фёдор Достоевский, Анна Д Достоевская. Переписка. Москва, “Наука”, 1979.
To‘plam Fyodor Dostoyevskiy va Anna Dostoyevskaya 1866-yil 9-dekabr – 1880-yil 13-avgust oralig‘ida bir-biriga yozgan xatlardan iborat. Men bu kitobni “Aka-uka Karamazovlar” romanini nashrga tayyorlash asnosida o‘qib chiqdim.
Rossiyalik adabiyotshunoslar Dostoyevskiy asar ustidagi rasmana ishni 1878-yilda boshlagan, deydi. Shu jihatdan adib va uning rafiqasi o‘rtasida 1866–1877-yillardagi yozishmalar e’tiborimni tortdi...
Dostoyevskiy o‘z qahramoni Mishkinning beg‘ubor va baxtiyor egizagidek tasavvur uyg‘otadi, xatlarga “sening baxtiyor F.Dostoyevskiying” deya imzo qo‘yadi. O‘z holi-ahvolini zo‘r berib tushuntirishga urinadi: “Meni o‘shshaygan, asabiy, axloqsiz ko‘rarsan, lekin bu faqat zohiriy xulosa, ichdan boshqachaman, ishon, ishon bunga”. O‘sha kezlarda adib qimorga mukkasidan ketgan edi. Muttasil qaytish, quyuq va’dalar va “meni sev” degan cheksiz iltijolar ichida o‘zini azoblardi. U gunohdan ham, gunohkorlik azobidan ham o‘zini tiyolmasdi: “Men jinoyatga qo‘l urdim, barini yutqazdim, Anya, sen jo‘natgan oxirgi kreysergacha – barini kecha oldim-u o‘sha zahoti boy berdim... Birgina vahshat meni ezadi: nima deysan, nima o‘ylaysan endi men haqimda?! Endi ish va mehnat, ish va mehnat, men hali ko‘rsatib qo‘yaman, men ado etaman... Men haqimda pastarin xayolga borma. Axir, men insonman! Axir, menda olam-olam odamiylik mujassam”.
Bu vaqtlarda Dostoyevskiy Mosart, Rossini kuylarini, Betxovenning “Fidelio” operasini, Mendelson Bartoldining “Nikoh marshi”ni tinglashni sevardi. Ularda yuksak polifoniya qaynab toshardi. Vagnerni esa hech xushlamasdi. Uni tinglab sovqotardi. “Anya, Anya, yodingda tut, men ablah emasman, bor-yo‘g‘i bedavo qimorbozman”. Keyinroq Dmitriy Karamazov “Sening qoshingda ablah bo‘lsam-da, o‘g‘ri emasman!” deya hayqiradi.
Nihoyat, patologiyaga aylangan qimorda yutishdek qabih xayolot Dostoyevskiyni tark etadi. Ammo tutqanoqning qo‘qqis boshlanishidan qo‘rquv aslo yo‘qolmaydi. “Anya, tutqanog‘imni avvalgidek deb o‘ylayotgandirsan, lekin men bilaman, endigisi meni o‘ldiradi. Og‘ir zarba bo‘ladi. Men uni eshityapman, men uni sezyapman”. Qattiq qichqiriq, so‘ng inson qiyofasidan chiqib, xirillayotgan mavjudotga aylanish. Ko‘zda, yuzda nurning so‘nishi, bu xorlikdan jirkanish. Hodisaga guvohlarning endi senga to‘laqonli inson sifatida qaramasligini ayon ko‘rish va ruhingni tahqirlayotgan nigohlardan mudom qochish. Ming tavallo ila yaqinini o‘zini sevmoqqa ko‘ndirayotgan inson. Suyukli insonlarning tasodifiy uqubati yoki o‘limidan tahlika, uyqusizlik, dilgirlik...
Unga quvonch beruvchi yagona kuch – oilasi, farzandlarining muhabbati edi. Ammo haddan ortiq sevilishni istagan insonning bitmas-tuganmas yozg‘irishlari-yu shikoyatlari-chi? Dilgir, asabiy, xasta va yuksak muhabbatiga javoban ayni shunday muhabbatni talab qilish-chi? Annaning Dostoyevskiyni shu holida sharaflashi, sevishi, avaylashi unga eng katta kuch – ertangi kunga umid va quvonch tuhfa etardi: “Men sen bilan tirilaman, Anya. Meni bir marta ham tushingda ko‘rmadingmi?” Dunyo qo‘pol va dag‘al, shovqin-suronga to‘la. Dag‘allik, qo‘pollikdan og‘ringan yurak shu injalik ichida halovat topadi: “Hech kutilmaganda oliyhimmat, yuksak, pok, nomusli, aziz bir inson meni sevdi. Bilmaysan, Fedya, sening sevging va uning yuksakligidan qanchalar g‘urur tuyaman! Senga doim aytganman: “Mening quyoshimsan tog‘ cho‘qqisidagi, men bo‘lsa tubanda yotibman-u faqat yukunaman”.
Adibning boshqa hamkasblariga nisbatan juda kam qalamhaqi olishi va doimiy yetishmovchilik, Anna Grigorevna ta’biri bilan aytganda, “Dostoyevskiy uchun chinakam baxtsizlik” edi. Har bir asarni pul topish ilinjida yozish, shunga ko‘ra vaqtni belgilash, ruhan, jismonan zo‘riqib ishlash mashaqqatini tasavvur qiling! Axir, bu mutlaqo tolstoycha yoki turgenevchasiga ijod qilish emas edi. “Kech tushganda g‘amginlig-u ziqlik yuragimni to‘ldiradi, tongda harqalay yengilroq, shuning uchun ham subh mahali ishga tutinaman”. Bu qoraxayol odamning yorug‘likka adoqsiz intilishi emasmi? Uning qahramonlari ham borliq zulmatga cho‘kayotganda naq telbaga aylanadi: Alyosha sharafning “toptalishi”dan tunda titroqqa tushadi, Ivan kechda ichidagi iblis bilan olishadi, Dmitriy tun avvalida ko‘ksiga urib sharmandaligiga iqror keltiradi.
Asar qog‘ozga tushirilayotgan vaqtda, xatlardagi taassurotlarga ko‘ra, oila bunday holatda edi: Anna Dostoyevskaya tug‘ilajak farzandlari egiz bo‘lar deya taxmin qilardi, o‘g‘il tug‘iladi. Ammo Aleksey uch yasharligida, 1878-yil tutqanoq zo‘ridan jon beradi. Kutilmagan o‘lim (ehtimol, kutilgandir, zero, Dostoyevskiy hamisha tasodifan bostirib keluvchi falokat vahimasi bilan yashagan) yozuvchi ruhini abgor etadi. Rafiqasining maslahati bilan yozuvchi dardni bir oz yengillatmoq uchun Kalugadagi mashhur monastir – Optina xilvatxonasini ziyorat qiladi. “Uqubatli safar”dan so‘ng oxirgi romani bo‘lmish “Aka-uka Karamazovlar”ni yozishga o‘tiradi. Uni rafiqasi Anna Grigorevnaga bag‘ishlaydi.
Romanning “Xudojo‘y ayollar” bobida ozg‘in, sillasi qurigan, aft-angori xuddi kuyganday so‘xta bo‘lib ketgan bir ayol Zosima otaga “O‘g‘ilchamga achinaman, otaginam, uch yilgina umr ko‘rdi...” deya zorlanadi. “...u tiz cho‘kib turar va qariyadan ko‘zini uzmasdi. Ko‘zlarida quturishga o‘xshash bir ifoda zuhurlanardi”. Dostoyevskiyning o‘zi mana shunday holatda yetib borgan edi xilvatxonaga, qalbiga yupanch va mador izlardi. G‘oyalar kurtagi oiladagi mash’um yo‘qotishdan so‘ng rasmana asar sifatida yetila bordi. Bola Alekseyning vafoti bu muhtasham asar tug‘ilishi uchun ekilgan urug‘ edi. Roman boshdanoxir tubanda o‘lish va yuksakda tug‘ilishga bag‘ishlangan. Bu Sharqning “o‘limdan avval o‘lish, o‘zingda o‘lish va Haqda tirilish” g‘oyalariga mos. Ko‘hna Sharqning qalandarlik, malomatiya tariqatlariga qanchalar yaqin kelgan Dostoyevskiy! Inson har qayerda inson ekan-da!..
Anna Dostoyevskaya o‘z xotiralarida romandan Zosima otaning “Duoda yod qilgayman, ey onaizor, yod aylagayman sening g‘am-anduhingni, duo qilgayman, zavjingning ham sihat-salomatligini so‘ragayman” so‘zlarini keltirar ekan, bunday yozadi: “Bu so‘zlarni menga 1878-yil Optina xilvatgohidan qaytar chog‘ida Fyodor Mixaylovich jo‘natgan. U yerda u Amvrosiy ota suhbatida bo‘lgan, o‘g‘limizning vafotidan qon yig‘lab, o‘rtanib-yonayotganimiz haqida so‘zlab bergan. Amvrosiy ota Fyodor Mixaylovichga “Alyoshaning va mening azoblarim haqqi iltijo qilish, biz hamda bolalarimiz sog‘lig‘i uchun duoda bo‘lish”ga va’da qilgan. Fyodor Mixaylovich ruhoniy otaning suhbatidan va haqqimizga duoda bo‘lish haqidagi ahdidan qattiq hayajonga tushgan edi”. Roman tadqiqotchilari mana shu manbalarga tayanib, Zosima otani Amvrosiy otaning prototipi, monastir bilan aloqador sahnalar Optina xilvatgohi taassurotlari deya baholaydilar. Dostoyevskiy yozadi: “Bu chol yelkamda juda uzoq o‘tirdi...” Ushbu tasvirlar bizdagi tariqatlar, tafovutlar, adashishlar va toblanishlarga qanchalar yaqin.
Oilaviy yo‘qotishdan so‘ng Anna Dostoyevskayaning xatlari hajman qisqargan. Adibda esa uyqusizlik, sovqotish, zerikish, sog‘inch, bosim ostida ishlash, ochiq-oydin va mehr bilan xatlar yozishga undash kuchaya borgan: “Gazetalardan faqat butun Rossiyadagi qotillik, talon-torojlar haqida o‘qiysan. Shubha-gumon egallaydi, sizlarga biror kor-hol bo‘ldimikan deb g‘amgin tortib qolaman”; “Bolalarga men haqimda biror ko‘ngilga xush yoquvchi narsa aytib ber”; “Bo‘ynimda “Karamazovlar” turibdi, qoyilmaqom qilib yakunlashim kerak, garchi og‘ir va tahlikali, bor quvvatimni olib qo‘ysa-da! Ammo bu muqarrar bir ish: u bilan mustahkam oyoqqa turishim kerak, undan boshqa biror umidim yo‘q... qalamhaqiga bo‘lsa yer sotib olaman”; “bu beshinchi kitob – “Pro et contra”, nazarimda, romanning avj nuqtasi, eng puxta ishlangan mukammal qismi bo‘lishi kerak. Bunda mutlaq kufrga ketgan davrimizning, Rossiyaning, yoshlar hayotidan uzib qo‘yilgan muhitning izdan chiqishidagi bosh sabab tasviri bor, boshboshdoqlik va shakkoklik bilan bir qatorda – ularning raddiyasi ham, bu jon berayotgan qariya Zosimaning so‘nggi so‘zlarida aks etadi”.
Xatlarda aks etgan Pushkin tavalludiga bag‘ishlangan nutq xotiralari ham alohida qimmatga ega. Dostoyevskiy uyga qaytishni va romanni oxiriga yetkazishni istardi, ammo tavallud kunlari uni qo‘yib yuborishmaydi. “Tanaffus vaqti zalda son-sanoqsiz odamlar – yoshlar, keksalar va ayollar meni o‘rab olib aytishdiki: “Siz bizning xaloskorimizsiz, “Karamazovlar”ni o‘qir ekanmiz, siz bizni yaxshiroq qilib qo‘ydingiz...” Keyin butun olomon zinada menga yopirildi va ustki kiyim-boshlarini unutib, ortimdan ko‘chaga otilishdi, meni izvoshga o‘tqazib qo‘yishdi. So‘ng birdan qo‘limni o‘pgani intilishdi – bir emas, o‘nlab odamlar, faqat yoshlar emas, yoshi ulug‘lar ham. Turgenevniki yollangan olqishlovchilar bo‘lsa, bular chinakam ishtiyoqmand-ixlosmandlar edi... Chiqib kelganimda zal qarsaklardan larzaga keldi, uzoq, juda uzoq vaqt o‘qigani imkon bermadilar. Ta’zim qildim, o‘qishga imkon berishlariga ishora berdim – foydasiz: zavq-shavq, hayajon (hammasi “Karamazovlar” sharofati bilan!). Nihoyat, o‘qiy boshladim... Men baland ovozda, yonib o‘qidim. Yakunda umumjahon birligi haqida tantanali iqror keltirganimda, zalda jazava boshlandi. Yakunlaganimda – men buni to‘liq ifodalab berolmayman, hayajondan dodlab yuborishdi: olomon orasida yig‘i boshlandi, ho‘ngrab yig‘lashdi, notanish odamlar bir-birlarini quchishdi va bir-birlariga yaxshiroq bo‘lish, bundan buyon bir-birlaridan nafratlanmaslik, aksincha, sevish ahdini berishdi... “Sohibkaromat, xaloskor!” deya qichqirardi olomon... “Siz dahosiz, siz dahodan ham ortiqroq” dedi Turgenev bilan Annenkov menga... Anya, bu kelajak uchun kafolat, hammasi uchun kafolat, hatto men o‘lsam ham”.
Sizga maktublardagi o‘zim uchun muhim deb belgilagan o‘rinlarni va ayrim xulosalarimni keltirdim. Ularda Dostoyevskiy goh xasta, dilgir, kamsitilgandek, goh jo‘shqin, tajang va o‘ta hassos qiyofada boqadi...
Koinotdan tashqarida
Эжен Ионеско. Носорог. Пьесы. Санкт-Петербург, “Азбука-классика”, 2008.
“Erkin yashamoq, tarixdan-da tashqarida bo‘lmoq, dunyo tartibotiga doxil bo‘lmaslik, orkestrdagi bir cholg‘u, simfoniyadagi bir nota bo‘lib qolmaslik. Sahnada qolib ketmaslik. Zaldan turib hammasini ko‘rmoq va eshitmoq. Go‘yo Koinotdan tashqarida turgandek. Agar sahnadagina qolib ketsang yoki orkestrda chekingga tushgan kuynigina chalsang, bor-yo‘g‘i shovqinni eshitasan, ilg‘aganing dissonanslargina bo‘ladi”.
1968-yilda o‘z tutumi va maslagini shu tarzda ifoda etgan Ejen Ionesko (1909–1994) – ruminiyalik dramaturg, nosir, absurd teatri asoschilaridan. O‘ttizdan ortiq pyesa, talay hikoya, romanlar muallifi. U ham Artyur Adamov, Bekket, Kamyu, Kafka, Sartr kabi absurd dunyoni realizmdan ham realroq hodisa sifatida qabul qilgan. Uningcha, “Realizm, sosrealizm bo‘ladimi yoki boshqasimi, voqelikning faqat bir tomonini ifoda etadi. Realizm bizning asl haqiqatlarimiz va vasvasalarimiz: sevgimiz, o‘lim va hayratimiz bilan hisoblashishni istamaydi, cheklaydi, o‘zicha yumshatadi, buzadi”. Shu bois uning qahramonlari, Kafkada suvarakka aylangani kabi, karkidonga do‘nadi; Sartrdagi kabi o‘zlarini jahannamda tasavvur qiladi, Bekketdagi kabi mangu kutish chegarasida to‘xtab qoladi. Aqliy bo‘lsin, ruhiy bo‘lsin, jismoniy bo‘lsin – o‘lim bu dunyoning bosh qahramoni o‘laroq talqin etiladi. Uning atrofidagi qaysidir personaj esa zamonaviy dunyoni yutayotgan omma vasvasasi ichida insoniylik tugab bitguniga qadar bunga qarshilik qiladi.
Kitobdan joy olgan pyesalardan biri – “Karkidon” 1958-yil yozilgan, 1959-yil sahnalashtirilgan. Tadqiqotchilar uni nafaqat fashizmga qarshi yozilgan, balki hozirgi omma ongi tadqiq etilgan asar deb baholaydi. Pyesadagi suhbatlar, harakatlar, qahramonlar xuddi suv yuzasida girdob yasayotgan-u, lekin uning tubiga cho‘kmaydigan xas-xashakdek tasavvur uyg‘otadi. Odamlar karkidonga aylanayotgan bir vaqtda, ular karkidon yanchib ketgan mushukni tantanali dafn etadilar. Odamlar karkidonga aylanayotgan bir vaqtda, karkidonning qaysi turi bir shoxli, qaysi turi ikki shoxli bo‘lishi haqida bahs qiladilar. Bu yerda insondan boshqa hamma narsaning qiymati bor. Bu yerda odamlar siyqa va hissiz tarzda munosabatga kirishadi. Bu yerda insoniylikni saqlab qolgan yagona qahramon (Beranje) yerga uriladi, unga – yagona INSONga insondek yashashni “o‘rgatadilar”. Yagona insoniylik eski, chirkin kiyimlarda, kechagi sarxushlikdan diltang holda yuradi, charchoq va zerikishning qalin ko‘rpasi ostida bo‘g‘ilib nafas oladi, atrofdagilarda irganch tuyg‘u uyg‘otadi. Unga “A’lo odam bu – shunchaki o‘z burchini ado etayotgan... o‘z qarzini... ya’ni xizmat vazifasini ado etayotgan odam” deya tushuntirmoqchi bo‘ladilar. U esa e’tiroz bildirmaydi, esnaydi, xolos: “Hayot bu – tush”. Uni “madaniylashtirmoq”qa urinadilar, muzeylarga borish, adabiy jurnallar o‘qishga chaqiradilar. Oqibatda o‘z haqqini himoya qila olmaydigan bu odamdan voz kechadilar. Mantiqsizlikka aylangan mantiqqa borib bosh uradilar. Chirigan miyalar harakatdan to‘sadi va vaqt yo‘lagini band qilib qo‘yadi.
Odamlar karkidonga aylanar ekan, avval bu jirkanch botqoq maxluqini xushlamaganlar uni bora-bora yoqtirib qoladi, burni tumshuqqa aylanishini orzu qiladi, xurillagan ovozga oshiq bo‘ladi. Shu tariqa o‘zi ham karkidon qiyofasiga kiradi. Beranje ularni inson holida saqlab qolmoqni ko‘zlaydi. Ammo uning yonida faqat go‘zal mashinkachi qiz Dezi qoladi. U Dezi bilan xuddi Odam va Havo kabi Yer yuzida inson naslini qaytadan davom ettirishni istaydi. Ammo qiz ham xurillayotgan, ho‘rillayotgan, qichqirayotgan karkidonlar shovqinini bora-bora dilxush kuydek qabul qiladi, hatto ularni ilohlar deya ataydi va o‘shalar yoniga ketadi. Boyoqish Beranje hech kimni, inson naslini davom ettirishi mumkin bo‘lgan so‘nggi ayolni ham inson sharif ekani, eng go‘zal suratda xalq etilganiga ishontira olmaydi. Qahramonning “Men oxirgi insonman va inson bo‘lib qolaman oxirigacha!” degan hayqirig‘i bilan parda yopiladi. U mana shu mangu kutish, mangu hayqiriq ichida qolib ketadi.
Menga ham negadir yon-atrofim karkidonlarga to‘layotgandek tuyuladi. Dag‘allik, fikrsizlik, hissizlik, insonlik sharafidan tonish asnosida qandaydir maxluqqa aylanish – Ionesko ogohlantirayotgan tahlika naq insoniyat boshi uzra osilib turgandek. Ionesko nomi sobiq Ittifoq hududlarida taqiqlangan edi. Sotsialistik vatan kengliklarida karkidonlar yugurib yurganini tan olishni kim ham istardi?! Bizning XXI asrda ham metro, avtobus eshiklaridan, teleekran, radio to‘lqinlari, gazeta-jurnallar sahifalaridan karkidonlar chiqib keladi go‘yo... Eski dunyoga erkinlik yetishmagan bo‘lsa, zamonaviy dunyoga erkinlik og‘irlik qilmoqdami?!
Ejen Ionesko “Reallikdan oshib, uning chegaralarini yorib o‘tib, biz endi absurd chegaralariga kirdik va hatto undan tashqariga ham chiqib bordik”, deydi. Bu so‘zlar mag‘zini chaqishga tirishayotgan vaqtimda tashqaridan karkidonning shovqini eshitilgandek bo‘ladi...
Yurak ustida saqlangan kitob
Sabzazor. Bayoz. Toshkent, Ilin bosmaxonasi, 1914.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sharq qo‘lyozmalari xazinasi asosiy fondida 12891 raqami bilan “Sabzazor” nomli kitob saqlanadi. Ko‘pchilik, hatto ancha-muncha adabiyotshunos olimlar ham u haqda bilmaydi, bilsa-da, juda oz ma’lumotga ega. Bu asar deyarli 110 yildan beri o‘z o‘quvchisini kutadi.
Kitob 21x13,5 sm o‘lchamda bo‘lib, muqovasi och yashil tusli kartondan ishlangan. Hijriy 1332, milodiy 1914-yilda Toshkentdagi Ilin bosmaxonasida nashr etilgan. 49 sahifadan iborat ushbu toshbosma kitobni Munavvarqori to‘plab nashrga tayyorlagan. Bayoz an’anaviy tarzda basmala, hamd va na’t bilan boshlanadi. So‘ng Vasliy, So‘fizoda, Avloniy, Xislat, Tavallo, Siddiqiy Ajziy, Xolid Said Xayoliy, Miskin, Hamza, Mirmullo Shermuhammad o‘g‘li, Ahqariy, Axtariy, Laylixonim, G‘ofil kabi ijodkorlarning tahririyatga yo‘llagan tabriklari, g‘azal, muxammas, musaddaslari beriladi. Ya’ni to‘plam jadid ziyolilari ta’sis etgan “Sadoyi Turkiston” gazetasida e’lon qilingan materiallar asosida tartiblangan.
“Sabzazor” boshdan oxir millatga, xalqqa murojaatdan, milliy ogohlik da’vatidan iborat. Zamonaviy kitob dunyosidagi bu ilk milliy nashrlar Turkiston xalqlari uchun yorug‘lik, najotdek qabul qilingan. Ko‘krak cho‘ntaklarda, yurak ustida saqlangan. Taqiq zamonlarida she’rlar yuraklarga ko‘milgan, kitoblar chordog‘-u qabristonlarga yashirilgan. Qo‘rquv zamonida yer ostiga kirgan kitoblar hali ham zamin qatlaridan sado berib turadi.
Shu kunlarda Uyg‘onish ma’rifati haqida ko‘p so‘zlanyapti. Axloqiy bezanish, ilmlarni o‘zlashtirishgina emas bu. Uyg‘onish ma’rifati – uyg‘onish og‘riqlariga chidamoq hamdir. “Sabzazor” aynan milliy uyg‘onish ma’rifati, milliy og‘riqlardan naql etadi. Cho‘lpon yuz yil avval “Yozilmog‘onmi bu tunlar so‘nginda tong otmoq?!” deya hayqirgan edi. Tong otdi, ammo bu she’rlar bugun ham yuragimizni yoqadi, millatni ma’rifat va hushyorlikka da’vat etadi. Ularning hech biri eskirgan emas. Mirmullo Shermuhammad o‘g‘li bayozda yozganidek, barchasi ruhan, ma’nan qadni tik tutish haqida. Qolaversa, Vatan yo‘lidagi mangu tashnalik, mangu bezovtalik haqida. Zotan, mangu tashnalik, mangu bezovtalik bizdan tashqarida emas.
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 4-son.
“Rostin aytaman sizga” maqolasi
Tarix
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q