Adabiyot
Ozarboyjon shoiri Salomning shunday bir mo‘jazgina she’ri bor:
Bizga inqiloblar kerakmas, yetar!
Xalqni uyg‘otish degani
unga uyqu bermaslik degani emas.
Darhaqiqat, xalq adabiyot va san’atning ma’rifati bilan, bilim va tafakkurning qudrati bilan uyg‘onadi. Ko‘pchigan bema’ni baqir-chaqirlar, urho-sur, taloto‘plar, bir-birining ustiga mag‘zava to‘kishlar bilan xalq emas, aksincha, olomon uyg‘onadi. Eng murakkab, og‘ir yillarda Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari qalblarni uyg‘otadigan, millatni uyg‘otadigan qo‘shiqlar bo‘ldi. Xo‘sh, bu qo‘shiqlar qanday paydo bo‘lgan?
1960-yillardan so‘ng o‘zbek she’riyatining yangi bir avlodi maydonga kirib keldi. Bu avlod o‘zining alangali she’rlari bilan millat qalbiga otash tashladi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva she’rlari o‘lik davrni dolg‘alantirib yubordi. She’riyatdagi bu katta to‘lqin qo‘shiq san’atida ham yangi faslni boshlab berdi. Shu o‘rinda bir adibning “Jamiyatdagi o‘zgarishlar avval she’riyatda, so‘ng musiqada, undan keyin romanda aks etadi” degan gapini eslab o‘tmak joiz. Ba’zan menga Sherali Jo‘rayev shu hassos shoirlarning she’rlarini ijro qilib xalqqa yetkazish uchun dunyoga kelganday tuyuladi. Ha, tarixning xalqqa shunday siylovlari ham bo‘ladi. Uning “O‘zbegim”, “O‘zbekiston – vatanim manim” kabi qo‘shiqlari mustabidlar zulmidan bukilib qolgan millatning qaddini ko‘tarib yuborgan edi, biz bunga guvoh bo‘lganmiz. Erkin Vohidov va Abdulla Oripov she’rlari bilan aytilgan bu qo‘shiqlar o‘zbekka o‘zligini namoyon qilgan va asli kimligini eslatib qo‘ygandi. Bu qo‘shiqlarni butun xalq jo‘r bo‘lib aytgan. “O‘zbekiston” qasidasining naqoratidagi “O‘zbekiston!” degan hayqiriq tog‘larni titratgan, “O‘zbegim” qasidasidagi “o‘zbegim!” degan chaqiriq avlodlar tomiridagi daryoni uyg‘otgan, “Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol” degan chorlov paxta dalalaridagi qullarcha mehnatdan ezilib ketgan o‘zbek ayolining sha’nini ko‘targan. Shuning uchun bu qo‘shiqlar xalq qalbining ovoziga aylandi. Agar dunyodagi ahli fikr bizdan “Har bir xalqning o‘z qo‘shig‘i bo‘ladi. Xo‘sh, sening xalqingning qanday qo‘shig‘i bor?” deb so‘rasa, hech ikkilanmasdan “O‘zbegim” va “O‘zbekiston – vatanim manim” deb javob bersak to‘g‘ri bo‘ladi.
“O‘zbegim” qo‘shig‘i ilk bor to‘yda, oshda aytilgan. Qo‘shiqning ilk bandlari ijro etilgan paytda mehmonlarga palov tashiyotgan xizmatchilar turgan joylarida qotib qolishgan. O‘sha xizmatchilarni to‘xtatib, qayerda va qay yumush bilan turganini unuttirgan narsa nima edi? U o‘zlik edi! O‘zini, o‘zligini sog‘ingan kishilar yo‘qotgan narsasini topgan edilar.
Sherali Jo‘rayev o‘zbekning bir necha avlodining birinchi raqamli qo‘shiqchisi bo‘lib qoldi. Bu baxt hammaga ham muyassar bo‘lmaydi. Ba’zida manaman degan san’atkorlar bitta avlod so‘roviga dosh berishi qiyin va buni ayni tezkor zamonda tabiiy hol deb qarash kerak. U oltmishinchi yillardan so‘ng maydonga kirib keldi va umrining oxirigacha – 2023-yilning 4-sentabrigacha o‘z shohsupasidan tushmadi. Va hali ham uning bu cho‘qqidagi o‘rni daxlsizdir. Bu oson emas! Bu mashaqqatli mehnat va tinimsiz ijod natijasidir.
Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni ta’kidlashni istardim. Sherali Jo‘rayev Jaloliddin Rumiy, Xoja Hofiz, Shayx Sa’diy, Nizomiy, Navoiy, Bobur, Ogahiy kabi ulug‘larimizning XX asrdagi xos hofizi bo‘ldi. Chunki asrlar mobaynida til va boshqa mezonlar o‘zgarishi jarayonida ularning anglanishi qiyinlashib qolganda Sherali aka aytgan g‘azallar hech qanday vositachilarsiz xalqning qalbidan joy oldi. Buning uchun na sharh, na lug‘at shart bo‘ldi. Xalq mahorat va muhabbat bilan aytilgan bu g‘azallar zimniga yashiringan o‘z ruhini tez tanib oldi. Bu alohida e’tirof etilishi kerak bo‘lgan xizmat. Chunki millatni Navoiyga yaqinlashtirish o‘z ildiziga yaqinlashtirish bilan barobar. Deylik, Alisher Navoiyning “Surai vash shams” g‘azali o‘ta murakkab, o‘ta og‘ir g‘azal, hatto uni shoirlar va adabiyotshunoslarning o‘zlari ham tushunishga qiynalib qoladi. Sherali Jo‘rayev shu g‘azalni ijro qildi va uning ruhini millionlab qalblarga singdirdi. She’rda shunday sir bor, ruhi singdimi, bas, qachondir anglanadi. Tog‘da yurgan cho‘pon ham, daladagi dehqon ham, kitoblar ichida yashayotgan akademik ham Navoiyning bu qudratli g‘azalini jon qulog‘i bilan tingladi, mohiyati sari qadam qo‘ydi. Mirzo Boburning “Bahor ayyomi”, Ogahiyning “Ko‘rmisham”, Hofizning “Ayo soqiy”, Sa’diyning “Ey sarbon”, Rumiyning “Bilmassan” g‘azallari ham shunday qabul qilindi.
Forobiyning “Musiqa insonni tubanlik va razolat botqog‘idan qutqarib, ruhan balandga ko‘taradi” degan ma’nodagi yaxshi gapi bor. Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarida ham shu mezon yetakchilik qiladi. Lekin XXI asr musiqasining aksar hollarda yo‘rig‘i boshqa bo‘layapti. Bu haqda rus adibi Valentin Rasputinning o‘sha mashhur gapini yana qayta keltirib o‘tishning o‘zi kifoya. U shunday degan: “Agar Pushkin enagasi Arina Rodionovnaning qo‘shiqlarini emas-da, hozirgi zamon estradasi qo‘shiqlarini tinglab ulg‘ayganda edi, undan Pushkin emas, aksincha, Pushkinning qotili bo‘lgan Dantes yetishib chiqqan bo‘lardi”. Shuning uchun qo‘shiq va musiqaning saviyasi va tozaligi milliy did va milliy tafakkur taqdiri bilan bog‘liq ekanligini unutmasligimiz kerak.
San’atkor uchun so‘zni his qilish va so‘zga his berish juda muhim daraja sanaladi. Sherali Jo‘rayevda buning ikkisi ham risoladagiday butun edi. U so‘zni his etgani uchun shunday o‘lmas qo‘shiqlar yaratdi, yo‘qsa, chalajon nag‘malar ichida qolib ketardi. U so‘zga shoirday his bera olgani uchun xalq qalbiga yo‘l topdi, yo‘qsa, allaqanday ko‘lmak to‘dalar qo‘shiqchisi bo‘lib qolardi. U so‘zga his bera olgani uchun ba’zan mundayroq she’rga ham jon kiritib yubora olardi, baland she’rlarni yanada balandga ko‘tarib yuborardi. Uning qo‘shiqlarida so‘z va ohang birlashadi.
Ko‘p yillar burun “Yaxshidur achchiq haqiqat” qo‘shig‘ining ilk marta radio studiyasida yozilishiga guvoh bo‘lganman. Soatlab Sherali Jo‘rayevning ishlash jarayonini kuzatganman. U har bir so‘z, har bir tovush ustida erinmay ishlardi. Musiqadagi bitta ortiqcha nafasga ham toqat qilolmasdi. Yonidagi mutaxassislar “Sherali aka, endi bo‘ldi, maromiga yetdi” deganlarida ham u “Yo‘q, hali bor...” derdi. Bitta shu qo‘shiqni yozish bir haftada ham oxiriga yetmagan. Men keyinroq sahnada Bahodir Yo‘ldoshevning qanday jon kuydirib ishlashini kuzatib, bu ikki san’atkordagi ijodiy jarayonning o‘xshashligini sezganman.
Sherali Jo‘rayevni mustaqillik kuychisi edi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aslida “O‘zbegim” va “O‘zbekiston – vatanim manim” qo‘shiqlari mohiyatan mustaqillikni, ozodlikni ulug‘lagan qo‘shiqlar bo‘lgan. Sherali aka bu qo‘shiqlarni kuylab turganda, o‘sha vaqtlardagi mashhur bir xonandamizning “SSSR” degan qo‘shiq aytib televizorda chiqqani hali ham esimizda. Qo‘shiq naqoratida “SSSR” so‘zi buzilgan plastinkaday o‘n martalab qaytarilardi. Bizning hofizimiz unday qo‘shiqlarni aytmadi, o‘zbekni, vatanni ulug‘laydigan qo‘shiqlar aytdi. 1991-yil 2-sentabrda Surxondaryoda bo‘layotgan bir to‘yda Sherali Jo‘rayev “Azizlar! Biz mustaqil bo‘ldik. SSSR degan ablah narsadan qutuldik” deb hayqirganida butun el gurillagani va bu da’vatdan kimlardir qo‘rqib, “Nimalar deyapti bu?!” deb vahimaga tushib qolganiga o‘zim guvohman.
Bu maqola bahona ko‘nglimdagi yana bir gapni aytay: biz undan qarzdormiz. Shu ma’nodaki, eng farahli kunlarimiz ham, eng tashvishli kunlarimiz ham uning qo‘shiqlari bilan o‘tgan. Shu ma’nodaki, uning qo‘shiqlari tuyg‘ularimizga, fikrimizga, didimizga katta ta’sir qilgan, haqiqiy so‘z va musiqa ne’matidan bahramand etgan. Biz Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlariga suyanib yashadik. Ulug‘ shoirlarimizning she’rlarini anglash va his etishda u har birimizga muallimlik qilgan. U mumtoz san’atimizni, xalqimizning buyuk ustoz hofizlari merosini yangi bir ruhda bizga taqdim etgan.
Yaxshi ko‘rgan odaming haqida gapirish qiyin. Chunki ko‘nglingda aytar gaplaring ko‘p bo‘ladi. Qay birini aytishni bilmay qolasan. Sherali aka haqida gapirish ham men uchun shunday. Bundan ko‘p yillar avval Sherali aka haqida bir she’r yozgan edim. Bu she’rning beshta bandi 2002-yilda “Hamal ayvoni” kitobimda “Sherali Jo‘rayevga bag‘ishlanadi” deb chiqishi kerak edi. Afsuski, o‘sha vaqtlarda buning iloji bo‘lmadi. Zamon senzurasi bunga yo‘l bermadi. She’rning o‘zi chiqishga chiqdi-yu, lekin hofizimizning nomi yulib tashlandi. Gap bunda emas. Gap shundaki, besh banddan iborat she’rim menda doim tugallanmaganday taassurot qoldirar edi. Buyuk hofizimiz Sherali akam vafot etgan o‘sha soatlarda she’rning keyingi ikki bandi yozildi. She’r qiziq hodisa. Qachon boshlanib qachon tugallanishini uning o‘zi hal qiladi.
Xullas, bu she’rning oxirgi ikki bandi Sherali Jo‘rayev vafoti kuni yozildi. Boshidagi besh band esa bundan yigirma ikki yil oldin yozilgan.
Mug‘anniy
(Sherali Jo‘rayevga bag‘ishlanadi)
Mug‘anniy, dardim dudidan
Dutoring duto bo‘ldi.
Ashki selobim ichib,
Sanavbar sato bo‘ldi.
G‘ayri Haq suhbatida
Ruhimni halok aylab,
Mazallat g‘urbatida
Ot surmak xato bo‘ldi.
G‘aflat uyida mastmen,
Ammo noumid emas,
Qo‘l cho‘zsa piri dastgir,
Kofir ham kimyo bo‘ldi.
G‘avg‘oi g‘amdin ne g‘am,
Ne g‘am bu malomatdin.
Yaxshim ham, yamonim ham
Atoyi xudo bo‘ldi.
Dayr aro kuylab o‘tdim,
Hech holim bilolmaslar,
Kuyim – intiho bo‘ldi,
Ko‘yim – ibtido bo‘ldi.
Men haqqa ketar bo‘ldim,
Alvido, do‘stu ag‘yor,
So‘zim bebaho bo‘ldi,
Dunyo bevafo bo‘ldi.
Ey millat, Abdulla-yu
Erkindan so‘ng Sheraling
Yer ostida oqajak
Yana bir daryo bo‘ldi.
Eshqobil SHUKUR
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q