"Qizgʻaldoq bargidek uchar dildan gʻam..." yoxud Abdulla Oripov ijodining falsafiy talqini


Saqlash
12:34 / 05.08.2021 2669 1

1321-yil, 1441-yil, 1941-yil va 2021-yil. Bu sanalar nimani anglatadi? Ularning bir-biriga qanday bogʻliqligi bor?

1321-yilda – jahon adabiyoti namoyandasi, buyuk shoir va olim, siyo­satchi hamda faylasuf, Italiya adabiy tilining asoschisi Dante Aligyeri “Ilohiy komediya” dostonini yozib tugatgan.

1441-yilda – ulugʻ shoir va mutafakkir ajdodimiz, oʻzbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy hazratlari tavallud topgan.

1941-yilda – Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri, Oʻzbekiston Res­publikasi Davlat madhiyasining muallifi Abdulla Oripov tugʻilgan.

2021-yilda – “Ilohiy komediya” dostonining 700-yilligi, Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi va Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi keng nishonlanmoqda...

Modomiki, Abdulla aka, bir tomondan, Navoiy hazratlaridan soʻng oʻzbek sheʼriyatidagi eng mashhur va margʻub shoir sifatida eʼtirof etilgani, ikkinchi tomondan, sevimli shoirimiz “Ilohiy komediya” dostonining tarjimoni ekani nazarda tutilar ekan, ushbu sanalar oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik yana-da oydinlashadi.

Sodda qilib aytganda, joriy yilda Alisher Navoiy bobomizning 580-yilligi bilan “Ilohiy komediya” dos­tonining 700-yilligi bayramlari chorrahasida Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi keng nishonlanayotgani shunchaki tasodifdan koʻra, ilohiy qonuniyatga koʻproq oʻxshaydi, nazarimizda.

Taniqli adabiyotshunos olimlar Ilhom Gʻaniyev va Nodira Afoqovaning 2021-yilda “Muharrir” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Abdulla Orif falsafasi” kitobini mutolaa qilish asnosida, bu fikr bejiz emasligiga yana bir bor amin boʻldik. Binobarin, Ustoz shoirimiz ruhi poklariga bagʻishlangan ushbu adabiy-ilmiy asarda mualliflar oʻzlarining qariyb oʻttiz yillik tadqiqotlari natijalarini jamlabdilar.

Bu yil Abdulla Oripovning qutlugʻ toʻyi bahona boʻlib, turli nashriyotlar tomonidan shoir asarlaridan namunalar, uning hayoti va ijodiga doir bir qancha yangi kitoblar chop etildi. Oʻz navbatida, I.Gʻaniyev va N.Afoqovaning ushbu kitobi shoir ijodini ichdan nurlantirib, elga manzur qilib turgan qirralar, badiiy soʻz qudrati, milliy his-tuygʻular va umumbashariy gʻoyalar, jaydari falsafalar, serqatlam maʼnolar, metaforik obrazlar inson taqdiri, davr, ilohiy taʼlimotlar bilan uygʻunlikda tahlil va talqin etilgani bilan alohida ajralib turadi.

Avvalo, mualliflarning oʻzlari tahlil va talqin etgan har bitta muhim voqea-hodisaga bergan taʼriflari qisqaligi, aniqligi va nihoyatda taʼsirchan mazmunga egaligi bilan eʼtiborimizni tortdi. Mualliflar qayd etish­laricha, “ijod – bu kashfiyot, yaratish zavqi, oʻz-oʻzini anglash, namoyish qila bilish, oʻz haqiqatiga oʻzgalarni ishontirish va ergashtirish, butun bir muhitni oʻzgartirishga intilish qudrati, ilohiy ilm va zehn, olam va odamni ichdan chuqur bilish sanʼati hamda masʼuliyati. Abdulla Oripovning oʻz taʼbiri bilan aytganda, ehtiyoj farzandi”.

Kitobda bunday magʻzi toʻq jumlalar juda koʻp. Shulardan ayrimlarini keltiramiz:

“ijodkor – aslida uygʻoq fikrli dono shaxs, kelajakni koʻra oluvchi munavvar siymo”;

“ijod – xalqni ogohlikka chorlov, komil axloqli boʻlishga daʼvat, hayotda qaysi tomonda tursa, saodatmand boʻlishini koʻrsatuvchi sogʻlom fikr, gʻoya, eʼtiqoddir”;

«adabiyotning vazifasi – insonshunoslik, insonni oʻrganish»;

“inson – eng yuksak maqom, rutba bilan sharaflangan zot”;

“sheʼr – oniy kayfiyat surati”;

“sheʼr – ruhning surati”;

“shoir – sanʼatkor”;

“Abdulla Oripov – turkiy soʻz sanʼatkori, oʻzbek sheʼriyatining yoʻlchi yulduzi”;

“Abdulla Oripov ijodi – adabiy sintezning goʻzal namunasi”;

“Abdulla Oripov – milliy anʼana va jahon adabiyoti badiiy tafakkurini oʻzida uygʻunlashtirgan soʻz sanʼatkori”.

Bir oʻrinda hatto shoir “sheʼriyatimizning simfonik orkestri” deya gʻaroyib, ayni chogʻda, mantiqan juda asos­­li tavsiflangan. Kitob mualliflarining eʼtirof etishicha, «Abdulla Oripov ijodida har bir soʻz uzukka qoʻ­yilgan koʻzdek nurlanib, mazmun bilan uygʻunlik hosil qiladi. Har bir sheʼr bir simfoniya, uning oʻz notasi bor».

Yana bir oʻrinda Abdulla Oripov ijodiga berilgan quyidagi yana bir taʼrif diqqatimizni jalb etdi: «Shoir ijodining asosida xudodod isteʼdod, bukilmas metin iroda va jasorat, eʼtiqod, erk va ozodlikka qatʼiy intilish va kurash, millatparvarlik va bagʻrikenglik turadi. Bularning barchasini harakatga keltirguvchi kuch esa ruhiy-maʼnaviy ehtiyoj sanalmish adolat va haqiqatga tashnalik, muhabbatga sadoqat, sobit eʼtiqod hamda yaxshilikni ulugʻlashdir».

Bunday teran falsafa bilan sugʻorilgan yuksak baho va xulosalar shunchaki, oʻz-oʻzidan tugʻilib qolmaydi. Binobarin, “Abdulla Orif falsafasi” kitobi mualliflari ulugʻ shoir ijodini uzoq vaqt mobaynida va chuqur ilmiy-nazariy asosda oʻrganib kelayotganlarining yaqqol dalolatidir bu.

Haqiqatan ham, taniqli olimlar I.Gʻaniyev va N.Afo­qova 1984-yildan buyon mutafakkir shoirimizning suhbatlaridan bahramand boʻlib kelgan. Jumladan, Nodira Afoqova 1995-yilda shoir ijodi boʻyicha dissertatsiya yoqladi va oʻsha yili uning bir yoʻla ikkita kitobi — “Abdulla Oripov lirikasida badiiy sanʼatlar” va “Sheʼr, hadis, hikmat” asarlari nashr etildi. Soʻngra, 2006-yili olimaning turmush oʻrtogʻi Ilhom Gʻaniyev bilan hamkorlikdagi tadqiqotlari mahsuli boʻlmish “Ozod ruh falsafasi” kitobi dunyo yuzini koʻrgan.

Shu maʼnoda, mualliflar Abdulla Oripov ijodining turfa yoʻnalishlari — sheʼriyat, tarjima, adabiy tanqid, publitsistika, jamoatchilik faoliyatiga teran nazar solgan holda, shoirning dunyoviy va ilohiy fanlardan ham, insoniyat tarixidan ham, jahonning koʻplab xalqlari adabiyotidan ham chuqur boxabarligini koʻra bilganlari har tomonlama asoslidir. I.Gʻaniyev va N.Afoqovaning Abdulla Oripov ijodiga bagʻishlangan yangi kitobiga xos bir qator juda muhim va betakror xususiyatlar bu fikrimizni tasdiqlaydi.

Birinchidan – kitobda Abdulla Orif falsafasi, mualliflar iborasi bilan aytganda, “Orifona falsafa” ishonchli negizlarda yorqin ochib berilgan. Zero, “shoirning har bir sheʼrida poetik umumlashma — sharqona donishmandlik, hikmatnavislik, pandnoma, jaydari falsafa mavjud”.

Alisher Navoiy hazratlari Insonga taʼrif berar ekan, «Haq sirri zotida pinhon» deb qayd etgani bejiz emas. Oʻz navbatida, Abdulla Oripov Insonning mohiyatini muxtasar shunday ifodalagan:

Koinot gultoji insondir azal,

Undadir eng oliy tafakkur, amal.

Hatto u tubanlik ichra ham tanho,

Yo falak, ijoding buncha mukammal.

Mualliflar taʼbiri bilan aytganda, Abdulla Oripov ijodida inson obrazining tadrijini tekshirish shoirning nafaqat badiiy-falsafiy qarashlari, balki qalbida kechgan ijodiy evrilishlar kardiogrammasini aniqlashtirish imkonini beradi. Eng muhimi, Abdulla Oripov sheʼrlarining mahzanida soʻz sehri va qudratiga cheksiz ishonch oʻz mujassamini topgan.

Shoir nazdida samimiy, chin va adolatli soʻz dunyoni oʻzgartirishga, kulfatlarga qalqon boʻlish va madaniy olamni birlashtirishga qodir. Abdulla akaning sheʼriy misralarida bezovta qalb iztirobi, isyon va oʻtli nafasi, toʻlib turgan millat dardi, kelajakning goh achchiq sogʻinchi zuhur etib turganini koʻramiz. Binobarin, mavlono Jaloliddin Rumiy lutf etganlaridek, “soʻzda ruh bor”.

Ikkinchidan — kitobda Abdulla Oripov ijodida ustuvor ahamiyat kasb etgan borliq va uning Yaratuvchisi, tabiat va inson munosabatlari, umrning mazmuni, olamning siri, zamon va makon, Vaqt, aql va idrokning dunyo va odamning mohiyatini anglash jarayonidagi oʻrni, har bir voqelikning sabab va oqibati kabi muammolar qiziqarli, mantiqiy tugal va ilmiy asoslangan tarzda tahlil etilgan. Tahlil xulosasi shuki, shoir sheʼrlarida tafakkur va hukm-mulohaza oʻrtasida oʻzaro munosabat, uzviy bogʻlanish bor.

Uchinchidan — kitob mualliflari daho ijodkorning xalqqa boʻlgan munosabati, yaʼni xalqparvarligi va millatsevarligini oʻziga xos sohir bir mahorat bilan talqin etgan. Ularning fikricha, “Abdulla Oripovning bitganlari shunchaki baytlar yoki baytlar majmui emas. U oʻz asarlarida izchil ravishda xalqning qudratli timsolini yarata oldi. Bu timsolda Fitrat iztiroblarining zardobi, Choʻlpon ishonchining tadriji, Oybekning jimjit oʻkinchlari, Gʻafur Gʻulom iftixorining gulduroslari, Mirtemirning mayin lirizmi, Shayxzoda tafakkurining dahosi mubolagʻasiz mujassamlashgandir”.

Abdulla Oripovning muhabbat, hijron, ona, bahor haqidagi sheʼrlaridan tortib, oʻz davrida ruhiy tutqunlik — erksizlikka qarshi milliy birlik, kurashga chorlagan isyonkorlik ruhidagi sheʼrlarigacha, yaʼni xalqimiz koʻpini yod biladigan ana shu nodir nazm javohirlarini I.Gʻaniyev va N.Afoqova «xalqnoma» degan ibora bilan ifodalar ekan, ushbu sheʼrlarda juda muhim, takror-tak­ror tilga olingan alohida bir mavzu ham borligiga eʼtibor qaratgan.

Bu – birlik mavzusidir. Xususan, Mustaqillikning bir yilligi nishonlangan kunlarda yozilgan “Turkiston bolalariga” yoki 1994-yili bitilgan “Xalq” sheʼri, umuman, shoirning butun ijodi mohiyatiga, magʻziga buyuk birlik sogʻinchi, muazzam istiqbol orzusi singdirilgani har qancha tahsinga munosibdir.

Toʻrtinchidan — kitobda shoirning qalbi oʻz Vataniga cheksiz mehr-muhabbat va sadoqat, gʻurur-iftixor va shaʼn-shavkat tuygʻulariga toʻlaligi haqida juda mantiqiy fikr-mulohazalar, ilmiy asosga ega aniq xulosalar qayd etilgan. Buni, ayniqsa, Abdulla Oripov Oʻzbekiston ta­biatining takrorlanmas goʻzalliklari musavviri ekaniga doir yetuk ilmiy-badiiy talqinlar misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Beshinchidan — kitob mualliflari Abdulla Oripov ijodining magʻzi-magʻzida tabiiy bir mahzunlik, mung borligini nainki ilgʻay bilgan, ayni chogʻda ana shu holat, birinchidan, dunyoni dramatik idrok etishdan kelib chiqsa, ikkinchidan, real hayotning shoir shaxsi, ijodiga taʼsiri, munosabatlarning soʻzga koʻchgan suvrati ekanini yuksak ilmiy-badiiy asosda nafis sharhlab ham bergan.

Mualliflarning fikricha, «Ijod aslida shaxs va jamiyat oʻrtasidagi qandaydir bir muvozanatning buzilishi, toʻqnashuv, ziddiyat, haqsizlik va qarashlar manfaati oʻrtasidagi qarama-qarshilikdan tugʻiladi. Shu jarayonda isteʼdod, ilhom va gʻoya, milliy anʼana va jahoniy tafakkur sintezlashadi».

Oltinchidan — kitobdagi “Koʻhna torning yangi navolari” fasli bizni Abdulla Oripovning aruz vaznidagi ijodi tarixi va mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtiradi. Shoir aruzdagi birinchi sheʼrini 24 yoshida, yaʼni 1965-yilda yozgan. «Etgali» radifli ushbu gʻazal anʼanaviy ishqiy mavzuda bitilgan. Shu tariqa “Bu kun”, “Ketmoqdaman”, “Ayon boʻlgay” kabi orifona gʻazallar silsilasi ishq mavzusidagi roman boblari singari bir-birini toʻldirib borgan.

Yettinchidan — mualliflar Abdulla Oripov sheʼriyatida shunday favqulodda, javohirday porlab turgan mis­ra va baytlarni hassos bir sinchkovlik bilan tarannum etganlar. Xususan, «Qizgʻaldoq bargidek uchar dildan gʻam...», “Yaproqlar uchida oy nuri zarhal...”, «Hali lab tegmagan kulgular oldda...» kabi turli sheʼrlardan olingan sara misralarni, hech mubolagʻasiz, shoh satrlar deyish mumkin.

Sakkizinchidan — kitobda Abdulla Oripovning “Haj daftari” va “Hikmat sadolari” turkumlariga kiritilgan sheʼrlari ilk bor atroflicha va chuqur tahlilga tortilgan. Bunda mualliflar, avvalambor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Imom Yahyo bin sharaf an-Navaviy kabi Sharq mumtoz sheʼriyati namoyandalarining qirqta hadis asosida yaratilgan «Arbain hadis» yoʻnalishidagi asarlariga murojaat qilganlari bejiz emas.

Chunki bu yoʻnalishdagi nazmiy majmualar Muhammad paygʻambarimizning (s.a.v.) «Kimki ummatlarimga din xususidagi qirq hadisni yetkazsa, Tangri taolo uni qiyomat kuni faqh (huquq) bilimdonlari, olimlar toʻdasiga qoʻshadi», degan hadisi asosida yozilgandir. Odatda, islom dini asoslari va qoidalari (“Usul ud-Din”), Islom yoxud Alloh yoʻlidagi muqaddas kurash (“Jihod”), toat-­ibodat yoki odob-axloq qoidalarini targʻib qilishga qaratilgan bunday asarlarning barchasida qirqtadan hadisning sharhi berilgan boʻladi.

Olimlar I.Gʻaniyev va N.Afoqova tomonidan «Arbain hadis» yoʻnalishidagi anʼanaviy asarlar bilan Abdulla Oripovning ayni mavzudagi sheʼrlarini qiyosiy tahlil etilgani diqqatga molikdir. Natijada mualliflar qu­yidagi muhim xulosalarni ilgari surgan:

Abdulla Oripovning “Hikmat sadolari” turkumi XX asrning soʻnggi choragida oʻzbek adabiyotida bu boradagi anʼanani davom ettirish yoʻlidagi ilk urinishdir;

shoir ushbu asarida qirqta emas, balki ellikta hadisga sheʼriy sharhlar bitgan;

shoirning eʼtirofiga koʻra, Kaʼbatulloh – Ollohning uyi yonida tugʻilgan ushbu oʻn ikki satrlik sheʼrlar hadislarning shunchaki quruq sharhi yoki sheʼriy bayoni emas, balki jonli ijod jarayonida yuzaga kelgan mustaqil badiiy asarlar hamdir;

«Arbain» turkumidagi boshqa asarlarda avval hadisning arabchasi, soʻng forscha yoki turkiy tarjimasi keltirilib, shundan keyin nazmiy yo nasriy sharh berilsa, Abdulla Oripov asarida hadisning asl shakli keltirilmay, bevosita sheʼrning oʻzi berilaveradi. Bu ham shoirning ilohiy ilhom bilan mazkur turkumni yaratganidan dalolat;

Anʼanaviy «Arbain» asarlarida bitta hadisga bir sheʼriy sharh bagʻishlansa, Abdulla Oripov nazmiy turkumidagi sheʼrlarga — bir nechta hadis, masalan, “Rioya” sheʼriga bir yoʻla sakkizta hadis mazmuni singdirilganini kuzatish mumkin;

Abdulla Oripov qalamiga mansub “Hikmat sadolari” turkumining oʻziga xos xususiyatlaridan yana biri shundaki, turkumdagi sheʼrlarning ayrimlari biror kichik voqeani bayon qilsa, boshqa birlari shoirning hadis mazmunini aks ettirgan his-tuygʻulari va fikrlaridan iborat. Alisher Navoiyning «Arbain» asarida esa voqeaband sheʼrlar deyarli uchramaydi;

Alisher Navoiyning «Arbain» asaridagi sheʼrlar asosan toʻrtlik – ruboiy vaznida boʻlsa, Abdulla Oripov turkumidagi 49 ta sheʼrning 48 tasi — oʻn ikkilik va bittasi toʻrtlik shaklidagi sheʼr hisoblanadi.

Bu xulosalarning barchasi, oʻz navbatida, Abdulla Oripovning “Hikmat sadolari” turkumi, bir tomondan, Paygʻambarimiz (s.a.v.) hadislari sharhlariga asoslangan, uzoq tarixga ega mumtoz anʼananing davomi ekanini anglatadi.

Badiiy asarning umrboqiyligi esa shubhasiz uni oʻqigan har bir oʻquvchi oʻzgacha bir tuygʻu, yangicha bir maʼnolarni kashf qilib borishi bilan belgilanadi. Binobarin, ulugʻ rus yozuvchisi Lev Tolstoy yozganidek, “Har qanday asar faqat u hayotning yangi tomonini ochib bersagina sanʼat asaridir”.

Kitobning 243-247-betlarida ilova sifatida berilgan jadval alohida diqqatimizni tortdi. Unda Abdulla Oripov sheʼrlarida qoʻllangan istiora, mubolagʻa, talmih, tamsil, tajnis, tashbih, tanosib, tazod, tazmin singari 53 ta badiiy sanʼat nomlari sanalgan va ularning har biriga shoir sheʼrlaridan misollar keltirilgan.

Yana bir eʼtiborli jihati shuki, shoirning sheʼrlaridagi aforizmlar, yaʼni hikmatli soʻzlar ham badiiy sanʼat sifatida talqin etilgan. Mualliflarning fik­richa, Abdulla Oripov aforizmlariga xos xususiyatlardan biri – ularda, xalq maqollaridan farqli oʻlaroq, inversiya kuchliligidir.

Bu ayni hikmatlar sheʼrning tarkibiy qismi ekani bilan izohlanadi. Shoir: «Bir hovuch kul emish otash qismati», deb yozadi. Grammatika qoidasiga koʻra: «Otashning qismati bir hovuch kul emish», tarzida boʻlishi kerak. Bunday inversiya progressiv mohiyatga ega boʻlib, aforizmning sheʼrxonga kuchli maʼnaviy-hissiy taʼsir oʻtkazishi va tez yodda qolishini taʼminlaydi.

Darvoqe, alohida taʼkidlash joizki, kitobning soʻnggi sahifalaridan Abdulla Oripov oʻz ijodi davomida eng koʻp qoʻllagan soʻzlar jadvali joy olgan.

Ushbu moʻjaz tadqiqot hosilasi bilan tanishish asnosida Abdulla Oripov “Soʻz” soʻzini eng koʻp – 2 ming 430-marta qoʻllaganini koʻrish mumkin. Shuningdek, “xalq” soʻzi – 1 ming 619-marta, “yoʻl” – 1 ming 607-marta, “jon” – 1 ming 311-marta, “Vatan” – 1 ming 152-marta qoʻllanilgan.

Biz Abdulla Orifning sheʼrlarida eng koʻp uchrashini shu vaqtga qadar taxmin qilib kelgan “iztirob” soʻzi – atigi 119-marta ishlatilgan ekan. Bundan tashqari, “hasad” – 125-marta, “alam” – 427-marta, “gʻam” – 531-marta istifoda etilgan. Boshqacha aytganda, Abdulla Oripovning sheʼrlari mohiyatan qanchalik nekbin va hayotbaxsh ekanini ham ushbu muxtasar jadval misolida bilib olish mumkin.

Shunday qilib, Abdulla Oripovga zamondosh boʻlgan ulugʻ ijodkor — Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov taʼkidlaganidek, «Sheʼriyatning buyuk qud­rati uning ishontirish kuchidadir. Biz har bir sheʼr ortida uning egasini koʻramiz, uning maʼnaviy olamini tasavvur etamiz, oʻsha sheʼr ortida turgan odam oʻzining samimiyati bilan, halolligi bilan bizni oʻz tuygʻularining chinligiga ishontirmogʻi kerak».

Abdulla akadan ana shunday ulugʻvor, ishonchli va qud­ratli ijod mahsullari xalqimizga, butun insoniyatga maʼnaviy meros boʻlib qoldi. Ilhom Gʻaniyev va Nodira Afoqovaning “Abdulla Orif falsafasi” kitobi – ana shu boy va inja merosni oʻrganish yoʻlidagi muhim zalvorli qadam, taʼbir joiz boʻlsa, «mahzanida soʻz sehri va qudratiga cheksiz ishonch oʻz mujassamini topgan» shoir ijodining serqirra, qomusiy talqinidir.

Akmal Saidov,
akademik.

1 Izoh

Asadbek

12:01 / 01.01.1970

Yaxshi ekan

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//