O‘zgalar hayotini saqlab qolgan qo‘llar – 2023-yil qahramonlari


Saqlash
01:47 / 29.12.2023 839 0

Oyina.uz nihoyasiga yetib borayotgan 2023-yilni sarhisoblar bilan kuzatmoqda. Bir nechta material bilan tanishishga ham ulgurdingiz. Endi e’tiboringizni ko‘ngilsiz vaziyatlarda o‘zgalarga yordam qo‘lini cho‘za olgan, insonlar musibatiga befarq bo‘lmagan, joiz bo‘lsa qahramonlik ko‘rsata olgan ba’zi yurtdoshlarimiz ro‘yxatiga qaratamiz.

 

 Chalg‘imaslik uchun qulayroq o‘rnashib oling.

 

18 nafar tiriklar, 200 ga yaqin jasad

 

Yanvar oyidagi anomal sovuq yurtdoshlarimiz irodasini sinadi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Bu pallada bir-birining hojatini chiqargan sahovatli insonlar ham bo‘ldi, musibatdan foyda ishlashga uringan “tadbirkorlar” ham. Lekin 6-fevral kuni Turkiyada 7,4 magnitudali zilzilaning sodir bo‘lishi butun xalqimizni ko‘proq tashvishlantirdi. Zilzila oqibatida Turkiyaning bir necha shaharlari vayronalar bilan to‘ldi. Holatga befarq bo‘lmagan O‘zbekiston hukumati 7-fevral kuni ikkita samolyotda insonparvarlik yordami bilan birga 100 nafar FVV qutqaruvchilarini eng og‘ir jabr ko‘rgan Adana va Gaziantep shaharlariga yubordi.

 

Qutqaruvchilar 2 haftadan ko‘proq vaqt davomida vayronalar ostidan 18 nafar tirik odam va 200 ga yaqin jasadni olib chiqdi. O‘ylaymizki, ular yil qahramonlari ro‘yxatiga munosib.




Metropolitendagi suitsid

 

Afsuski, Toshkent metropoliteni hududida o‘zini poyezd ostiga tashlagan yurtdoshlarimiz haqidagi xabarlarni tez-tez eshitayapmiz. Bu metropoliten xodimlaridan yanada diqqatliroq bo‘lishni talab etadi. 20-fevral soat 19.20 larda “Paxtakor” metrobekatida ro‘y bergan voqeani eslatamiz. Unda 1997-yil tug‘ilgan toshkentlik fuqaro o‘z joniga qasd qilish maqsadida, o‘zini elektropoyezd yo‘liga tashlamoqchi bo‘lgan edi. Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi saf bo‘linmalari ikkinchi batalon, safdor xodimi A.Dalaboyev xavfni vaqtida sezib, yo‘lovchini to‘xtatib qolgan. 

 

Keyin aniqlandiki, fuqaro 2016-yildan buyon ruhiy-asab kasalliklari dispanserida «Shizofreniya» tashxisi bilan ro‘yxatda turadi. Yigit ko‘ngilsiz voqeadan so‘ng sog‘-salomat onasiga topshirilgan.

 

O‘z vazifasiga hushyorlik bilan yondashgan A.Dalaboyev qahramonga aylandi.

 


4-qavatdan tushib ketgan qizaloq

 

Iyun oyida sodir bo‘lgan bu voqea ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Samarqand shahrida to‘rt nafar maktab bitiruvchisi ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatidan tushib ketgan qizaloqni qutqarib qoldi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, qizcha yashaydigan uy eshigi qulflanib qolgan. U tashqaridan yordam chaqirish maqsadida derazaga yugurgan. Ehtiyotsizlik sabab qizaloq derazaga o‘rnatilgan temir to‘siqqa osilib qolgan va bir muddat o‘tib pastga qulagan.  Holatning guvohiga aylangan yigitlar qizchani tutib olgan va tezlik bilan unga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatishgan.

 

Samarqand shahridagi 80-umumta’lim maktabining 11-sinf bitiruvchilari Shohrux Boborahimov, Murod Saydalimov, Jasur Eshnazarov hamda Ozod O‘tkirovlarning  tezkor xatti-harakati, ko‘rsatgan jasorati ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarida iliq taassurot uyg‘otdi.

 

Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbarlari bitiruvchi yigitlarni alohida rag‘batlantirdi va ularning ota-onalariga minnatdorlik bildirdi.

 

Shuningdek, yigitlarning oliy o‘quv yurtiga tayyorlov kurslari uchun sarflanadigan mablag‘lari  Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, ular kelgusi o‘qishlarida ham moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishi ma’lum qilindi.

 

Falokatdan omon qolgan qizaloqning holati hozirgi vaqtda yaxshi va u ota-onasining bag‘rida.




Ariqda oqqan 2 yoshli go‘dak

 

Joriy yilning 20-iyunida Toshkent viloyati Qibray tumanida 18 yoshli yigit ariqda oqib ketayotgan 2 yoshli qizchani qutqarib qoldi. Bu xabarni eslasangiz kerak.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, qizcha yashaydigan xonadon hovlisidan katta ariq oqib o‘tgan. Qizcha ariq bo‘yida o‘ynab, suvga tushib ketgan va hushsiz holda taxminan 200 metr masofaga oqib borganida yo‘ldan o‘tib ketayotgan 18 yoshli yigit Yusufbek Tojiboyev uni qutqarib qolgan.

 

“Ariqqa qarab ketayotgandim, qizni ko‘rib, zudlik bilan suvga tushib, uni olib chiqdim. Orqasini o‘girib, belini ishqaladim va ichidagi suvini chiqarib tashladim. Shundan so‘ng, qizni shifoxonaga olib bordik”, – deydi qizaloqni qutqarib qolgan qahramonimiz.

 

Voqea sodir bo‘lgan vaqtda qizchaning otasi uy ishlari bilan band bo‘lgan. Shubhalanib ariq bo‘yiga chiqqanida esa xavf ortda qolgan edi.

 

Qahramonlik ko‘rsatgan Yusufjonga tuman FVB xodimlari tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirilgan.

 


Kanalga cho‘kayotgan ona-bola

 

Iyul oyining boshlari… Sirdaryo viloyati Yangiyer tumanidagi “Janubiy Mirzacho‘l” kanali sizga qandaydir voqeani eslatayaptimi? Ha, 21 yoshdagi Saidislombek Abdulqosimzoda ismli yigit kanalga cho‘kib ketayotgan ona va bolani qutqarib qolgan edi.

 

Saidislombek ko‘ngilsiz voqeaning guvohiga aylangach, o‘z hayotini xavfga qo‘yib kanalga sakragan va qiyinchilik bilan ona-bolani qutqarib qolgan.

 

Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev qutqarib qolingan ona va bolaning xonadonida boʻlib, ularning holidan xabar olgan. Shuningdek, koʻrsatgan jasorati uchun Saidislombekka minnatdorlik bildirib, sovgʻalar topshirgan.

 

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, yigit hokim tavsiyasi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

 


Itlar hamlasiga uchragan bolakay

 

Iyul oyining o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil yo‘li chetida ketayotgan bolakayga itlar hujum qilgani tasvirlangan video tarqaldi. Bu video ko‘plab yurtdoshlarimizning e’tiborini tortdi.

 

Samarqand shahridagi “Yoshlar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan avtoturargoh (garaj) oldida sodir bo‘lgan bu holatda 23 yoshli taksi haydovchisi Firdavs Ahmedov alohida qahramonlik ko‘rsatgan. U bolakayni itlar hamlasidan qutqarib qolgan.

 

Ma’lum bo‘lishicha, bu qopag‘on itlar “avtogaraj”ga tegishli bo‘lgan va holatdan so‘ng Obodonlashtirish boshqarmasining Nazoratsiz hayvonlarni ovlash guruhi tomonidan tutilib, Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga topshirilgan.

 

Bolaning salomatligi to‘liq nazoratga olingach, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov hamda shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ismatjon Ibragimov bolaning hayotini saqlab qolgan Firdavs Ahmedov va uning ota-onasi bilan uchrashgan hamda minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, qahramonimizga esdalik sovg‘alari topshirilgan.

 


Yong‘in ichida qolgan ayol

 

Qahramonlik hudud tanlamaydi. Muhimi insoniylik va jasorat bo‘lsa bas. Joriy yilning 18-sentabrida Janubiy Koreyaning Yangsan shahrida o‘zbekistonlik erkak yong‘in ichida qolgan 69 yoshli koreyalik ayolni qutqardi. Mamlakat manbalari bu haqida atroflicha yoritgan edi.

 

Janubiy Kyonsan provinsiyasi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, keksa er-xotin tomonidan boshqariladigan tamaddixonada soat 18:44 atrofida yong‘in kelib chiqqan. Portlash ovozi, oynalar sinishi va alangani ko‘rgan odamlardan biri yong‘in-qutqaruv raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Yong‘in tezda va kutilmaganda yoyilgani sababli ayol restoranda yolg‘iz qolgan. O‘t o‘chirish bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, u kuygan va joyida yiqilib, og‘ir ahvolda qolgan. Ayolning 70 yoshli turmush o‘rtog‘i esa yong‘in boshlanishidan oldin restoranni tark etishga ulgurgan va kuchli yong‘in tufayli qaytib kira olmagan. Shu paytda qo‘shni xonadonda yashovchi 40 yoshli O‘zbekiston fuqarosi yong‘in ichiga kirib, ayolni qutqarib chiqqan.

 

Voqeadan so‘ng ayol 2-darajali kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan, qahramonimizga voqea joyida birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Afsuski, hamyurtimiz shaxsi ochiqlanmagan.

 


Suvsizlikdan aziyat chekayotgan xalq

 

Ohangarondagi “Temir ota” oshxonasining rahbari Dilbar opa haqida eshitganmisiz? Dilbar opa Ohangaron shahrida ilk choyxonani yoʻlga qoʻygan tadbirkor ayol. Ilk biznesini bozorda manti sotishdan boshlagan. Yillar davomida kichik biznesini katta muvaffaqiyatli biznesga aylantira olgan. “Temir ota” choyxonasi hanuzgacha Dilbar opaning mantilari bilan mashhur. Lekin bu ayol qanday qahramonlik ko‘rsatgani hammaga qiziq bo‘lsa kerak.

 

Oktabr oyida Dilbar opa Afrikadagi davlatlarning birida toza ichimlik suvi chiqarishga homiylik qildi. Afrikaliklar bu xayrli ishdan juda xursand bo‘lib raqs tushayotgani aks etgan video tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, Dilbar opa doimiy ravishda hayriya ishlarida faol.

 


Biz sizga ijtimoiy tarmoqlarda omma e'tiborini tortgan qahramonliklarni eslatdik, xolos. Yurtdoshlarimiz orasida qahramonlar va yaxshilik qilishga qodir jasorat egalari talaygina.

Sirojiddin Rustamov,

Oyina.uz

 

 

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 110
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//