1990-yillar edi. Yurtimizda mustaqillikning mayin nafasi kezgan, hurlik havosidan emin-erkin nafas ola boshlangan damlar. Men shoir, jurnalist Norqobil Jalil bilan taniqli shoiramiz Zamira Egamberdiyeva orqali tanishdim. O‘shanda “O‘zbekiston ovozi” gazetasi tahririyatida o‘ziga xos ijodiy muhit hukm surardi. Esimda, Norqobil, Zamira va jurnalist Qurbon Eshmatov bir xonada ishlashardi. Bu ijodkorlarning o‘zaro samimiy munosabati, hazil-mutoyibalari hanuz yodimda.
Bir kuni Norqobil mendan Tog‘aymurod aka bilan suhbat qilsam, deb so‘radi. Men o‘ylanib qoldim. Chunki yozuvchini bunday takliflarga ko‘ndirish amri mahol edi. “Meni asarlarim orqali tanishsin. O‘zimni o‘zim afisha qilishga hojat yo‘q”, degan prinsipida qat’iy turardi. Bir yo‘lini qilib, Norqobilning istagini aytdim.
– O‘sha bola... suhbat qilmoqchi bo‘lgan yigit kim? – so‘radi biroz sukutdan so‘ng Tog‘aymurod aka.
Men xursand bo‘lib ketdim. Uning gap ohangidan taklifga rozi bo‘lishi mumkinligini ilg‘agandim.
– Shoir, – dedim shoshilib. – Ajoyib...
Gapimni tugatolmay qoldim:
– Shoir bo‘lsa, she’rlaridan opke! – dedi Tog‘aymurod aka.
Norqobil bir qancha she’rlarini mendan berib yubordi. O‘zim ham o‘shanda yoniq qalbli shoirni kashf etgan edim.
– Manavi misralarni qara, quyma! Juda tiniq tuyg‘ular! – dedi zavqlanib Tog‘aymurod aka. – Barini to‘plab, kitob qilish kerak!
Keyin ushbu she’rlar kitob bo‘lib, dunyo yuzini ko‘rdi. Xalq Norqobil Jalilni yaqindan tanidi, she’rlarini sevib o‘qidi.
Bu orada suhbatga rozilik berildi. Adib savollarga javobini yozib bo‘ldi. Bir jihatni nazardan qochirmaslik kerak: u kishi hech qachon jurnalist bilan birga o‘tirib, an’anaviy tartibda intervyu bermagan. Bu holning sababi yozuvchi tabiatining o‘ziga xosligi, aytajak har bir so‘ziga nihoyatda talabchanligidan edi.
Kunlar o‘tib, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida suhbat e’lon qilinadigan bo‘ldi. Tahrirdan chiqqan varianti tanishish uchun yozuvchiga keltiriladi. Materialning gazeta talqini o‘qiladi. Ana undan keyingi holatni ko‘ring! Hech kim Tog‘aymurod akani kayfiyati buzuq, darg‘azab paytida ko‘rmasin!
– Bo‘ldi, chiqmaydi! – keskin hukm o‘qiladi.
– Axir, gazetaning o‘z qonun-qoidalari bor, tahrirsiz chiqarib bo‘lmaydi! – o‘zimcha vaziyatni yumshatishga urinaman.
– Yozuvchi so‘zi... yozuvchi so‘zi-ya... – jahllanib uqtirishga urinadi Tog‘aymurod aka.
Bari harakatlarim besamar ketadi. Men suhbatni Norqobildan qaytarib olib kelaman. Gazetada e’lon qilinmaydi. Oradan vaqtlar o‘tadi. Shu yerda adibni qoyil qoldirgan holni aytay. Odatdagiday, uning tajribasida kuzatilganiday, desak to‘g‘riroq bo‘ladi, Norqobil yozuvchi akasidan uzilib ketmadi. Vaqt-vaqti bilan qo‘ng‘iroq qilib turdi. Ichki sezgimga ko‘ra, ya’ni Tog‘aymurod akaning ko‘nglini biroz bilganim sabab bir narsaga amin edim: suhbatning gazetaga chiqishini keskin rad etib, Norqobilni ranjitib qo‘ygan bo‘lsam-da, u mendan qaytmadi, deya ichida qoyil qolgan va shu bois Norqobilga bir ukasiday mehr qo‘ygan edi.
Yozuvchiga “Otamdan qolgan dalalar” romani uchun davlat mukofoti berilganida ham “Norqobil kelmadi-ya”, deya uni esladi. Ertasi esa xursand bo‘lib gapirdi:
– Norqobil telefon qildi, kecha navbatchilikda ekan!
Gazetada e’lon qilinmagan o‘sha suhbat tufayli ikki ko‘ngli yaqin inson bir-birini topdi. Yuzma-yuz ko‘rishmay turib, shunchalik birodarga aylanish mumkinligiga ularning samimiy aka-ukaligi, do‘stligi misol bo‘la oladi. Norqobil o‘sha suhbatni muallifning ijozati bilan 2001-yili “Men yer bilan bordi-keldi qilaman” sarlavhasi ostida “Quyoshga tik qarab bo‘lmas” to‘plamiga kiritdi.
Keyinchalik adib xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan aksariyat ezgu ishlar, tadbirlarda chin uka Norqobil belini bog‘lab xizmat qildi. Yozuvchining 60 yillik yubileyi tantanalarini o‘tkazish, qabriga yodgorlik o‘rnatish, “Men qaytib kelaman” (Tog‘ay Murod zamondoshlari xotirasida) kitobini chiqartirishga bosh-qosh bo‘ldi. O‘rni kelganda mana shu xayrli ishlarga matbuot fidoyisi, saxovatpesha inson Rustam Qosimovning ham hissasini eslab o‘tmasam, insofdan bo‘lmas.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti sovrindori Tog‘ay Murodning 70 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlandi. Norqobil Jalil Surxondaryo viloyatining o‘sha vaqtdagi ziyoli hokimi Erkinjon Turdimovga maktub bitishi ortidan bir qancha xayrli ishlar amalga oshganini hamma ham bilavermasa kerak. Hozir Oltinsoy tumanida Tog‘ay Murod nomi bilan ataladigan mahalla bor, uning markazida zamonaviy guzar qad rostlagan bo‘lib, kutubxona va chog‘roq muzey ham tashkil etilgan.
Bugunga kelib, Norqobil Jalil o‘z ijodiy imkoniyatlarini namoyon qila bilgan yetuk shoir, katta publisist, ajoyib jurnalist, tashkilotchi rahbar. Men ukamiz Norqobilni qutlug‘ 60 yoshi bilan tabriklayman! Umringiz uzun, parvozingiz bundan-da baland bo‘lsin, doim el ardog‘ida yuring, ukajon!
Ma’suma AHMEDOVA
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2021-yil 29-oktabr,
44 (4651)-son. “Ajib yaqinlik” maqolasi
Til
Til
Ma’naviyat
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q