Amir Temur saltanatining xavfsizlik xizmati qanday ishlagan?


Saqlash
22:22 / 20.12.2023 2391 0

Sohibqiron bobomiz yashagan davr bilan bugungi dunyo siyosati va davlat boshqaruvida, tabiiyki, katta farq bor. Ammo bugun dunyo siyosatchilari Amir Temurdan davlat boshqaruvini o‘rganishi, hayotga tatbiq etishi mumkin bo‘lgan jihatlar talaygina. Jumladan, Sohibqiron davlat ustunlarini mustahkamlashda kengashlar siyosatini keng qo‘llagan. “Kengashlar siyosati” nima o‘zi? Ularning huquqiy-siyosiy holati, tuzilishi va faoliyati qanday bo‘lgan?

 

Amir Temur davlat boshqaruvida qurultoy, kengash kabi ijtimoiy-siyosiy institutlarga tayanib, ularning faoliyatiga katta e’tibor qaratgan. Xususan, mamlakat xavfsizlik tizimining oliy organi hisoblangan Xavfsizlik kengashi davlatni boshqarish, ichki, tashqi va harbiy xavfsizlik siyosatini shakllantirish bilan shug‘ullangan. Bu tuzilma zimmasiga davlat suverenitetini saqlash, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlash, davlat chegaralarini himoya qilish kabi vazifalar ham yuklatilgan. Bundan tashqari, kengash mamlakatda ro‘y beradigan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, ularning sabablarini o‘rganish kabi muhim ishlarni ham bajargan.

 

Xavfsizlik kengashi a’zolari qaror qabul qilishda teng huquqqa ega bo‘lgan. Unda hukmdorning eng yaqin mulozimlari, siyosiy doira vakillari – amirlar, amirzodalar, bosh vazir, vazirlar, qo‘shin rahbarlari, yirik ulamolar, maslahatchilar, ulus boshliqlari ishtirok etgan. Davlat ahamiyatiga molik kichik yig‘inda saltanat, umuman davlatchilik hayotiga doir shoshilinch masalalar ko‘rilgan. Xavfsizlik kengashida muhokama qilingan masala ular tomonidan ma’qullansa rejaga kiritilgan. So‘ng Xavfsizlik kengashi qabul qilgan qaror asosida qurultoy chaqirilgan.

 

Umuman olganda, Amir Temur har bir farmonini  maslahatlashuv orqali amalga oshirgan. Sohibqiron Turon tuprog‘ida hukm surgan saltanatlarning tarixini yaxshi bilgan. Shu bois har bir zamonda hukmronlik qilgan g‘oya va mafkuralarning falsafiy negizini chuqur anglagan. Bu bilim asosida o‘z davlati uchun mafkuraning falsafiy asoslarini yaratgan. Xavfsizlik kengashi ham ana shu bilimlar hosilasidir.

 

Mafkura hamma zamonlarda eng dolzarb siyosiy-ijtimoiy masala bo‘lgan. Chunki u jamiyatni sog‘lomlashtirishda ma’naviy-ruhiy quvvat beradigan asosiy negizdir. Shu bois Amir Temur mafkurani tanlashda, avvalo, Turon xalqining mentalitetidan kelib chiqib, uni islom dini bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilgan. Jamiyatda barchaning manfaatlarini himoya qilish, ezgu qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan g‘oya davlat boshqaruvining samaradorligini ta’minlagan. Shu jihatdan ham turli din va mazhabdagi o‘nlab xalqlardan tashkil topgan ulkan imperiyani odilona boshqarishida Xavfsizlik kengashining o‘rni beqiyos bo‘lgan. Bugungi siyosiy jarayonlarda ushbu tajribani o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Kengashlarda nafaqat harbiy masalalar, balki xalq manfaatiga xizmat qiladigan ijtimoiy masalalar ham ko‘rilgan va hayotga tatbiq etilgan. Umuman olganda, Amir Temur yuritgan siyosat bag‘rikengligi, ko‘pchilikning fikriga tayanishi bilan ham qadrli. Eng muhimi, bunday qadriyatlarning davlat boshqaruvida ilgari surilgani faqat Turonga xos bo‘lgan jihatlardir. Davlat miqyosida chaqirilgan yig‘inlarda ko‘rilayotgan masala yuzasidan anjuman qatnashchilari amali va mavqeidan qat’i nazar fikrlarini bildirgan. Bunday ochiqlik muhitini Amir Temurning o‘zi yaratgan edi.

 

“Amir Temur jamiyatni toza, xalqni yuksak axloq doirasida tutishga intildi, bu xususda ham maxsus qonun va qoidalarni joriy qildi”, deb yozadi akademik Bo‘riboy Ahmadov. Darhaqiqat, Amir Temurga zamondosh tarixchilarning guvohlik berishicha, sohibqironning insonparvar g‘oyalari saltanatning barcha viloyatlarida targ‘ib qilingan va qayerda adolat buzilsa, buzg‘unchilar qonun posbonlari tomonidan jazoga tortilgan. Shuningdek, Temur davlatida ma’rifatga e’tibor kuchli bo‘lgani mamlakat boshqaruviga ijobiy ta’sir o‘tkazgan. Aynan shu jihat Temur saltanatida ijtimoiy hayotni yaxshilashga yordam bergan. Xususan, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy”, Xondamirning “Xulosat ul-axbor” asarlarida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha davr shifoxonalarida madrasalarda bilim olgan yuzlab iste’dodli tabiblar ishlagan. Bu yetuk shifokorlar bemorni davolash bilan birga madrasalarda ta’lim ham bergan.

 

Demak, Xavfsizlik kengashining boshqaruv instituti sifatidagi mohiyati nafaqat Amir Temur siyosatini amalga oshirishda, balki fuqarolarning qonunlarni hurmat qilishi, mas’uliyat bilan yondashishi, jamiyatda huquqiy tushunchalarning shakllanishida ham ko‘zga tashlanadi. Bunda shariat qoidalari bilan birga milliy qadriyatlarning ahamiyati ham benihoya katta bo‘lgan. Ta’kidlash lozimki, qonunlar – to‘ra-tuzuk kabi tushunchalar xalq tomonidan shariat qoidalaridek hurmatlangan.

 

Bugungi davrda Amir Temurning boy merosini, uning davlatchilik g‘oyalarini har tomonlama o‘rganish va ulardan foydalanish zaruriyati tobora ortib bormoqda.

 

Abror QILICHEV,

siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 3-son.

Temur saltanati: kengashlar siyosatimaqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 121
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22033
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//