Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor”i boshqa davrdosh romanlardan farqli ravishda barcha ijtimoiy muammolarning ildizi mavjud siyosiy tafakkur bilan bogʻliqligini asoslab bergan. Yozuvchi davrga xos muammolar uchun aniq yechim taklif qila olmaydi, biroq paradoksal tuzumga nisbatan ziyoli odam qanday maqomda turishi kerakligini anglab yetadi. Yolgʻonga asoslangan tuzum va manipulyativ hukmron elita taʼsiridan maʼnan xalos boʻlish, mavjud siyosiy-ijtimoiy jarayonlarning illyuziya ekanini anglash, shu aldovga hissa qoʻshmaslik ziyoli insonning burchi deb biladi. Bu burch mohiyatida nafaqat obyektiv voqelikni haqqoniy baholash, balki oʻzlikni anglash masalasi ham turadi. Boshqacha aytganda, yozuvchi yolgʻon jamiyatda yashayotganini anglagan shaxsni oʻzligini anglagan shaxsga tenglashtiradi. Shu bois “Lolazor” romanini toʻlaligicha kinoya asosiga quradi. Adib uchun kinoya shunchaki badiiy vosita emas, balki oʻzlikni anglashning muhim belgisi. Binobarin, shaxsning yolgʻonlardan yuqorida ekaniga yagona dalil uning shu voqelikka nisbatan istehzoli pozitsiyada turishidir. Yaʼni faqat aldanmagan odamgina kinoya qila oladi.
“Lolazor” romanida koʻtarilgan inson muammosini toʻlaqonli anglash uchun kishida sobiq Ittifoqqa xos siyosiy madaniyat va siyosiy tafakkur haqida tasavvur boʻlishi lozim. Chexiyalik yirik siyosatchi Vaslav Havel SSSR tuzumi “siyosiy byurokratiyaning nivelirlangan jamiyat ustidan diktaturasi” sifatida xarakterlanishini aytadi va “diktatura” istilohida ijtimoiy maʼno – “maʼlum bir toʻda manfaatlari yoʻlida jamiyat aʼzolarini osonlik bilan manqurtlashtirish” nazarda tutilishini qayd etadi.
Sobiq Ittifoq tipidagi siyosiy madaniyatlar jamiyatni uzoq yillar davomida mafkuralashtirish evaziga shakllanadi. Ayni damda, bu tipdagi siyosiy madaniyatlarda mafkura barqaror siyosatning poydevori hisoblanadi. Albatta, hududi jihatdan dunyoda birinchi oʻrinda turgan ulkan “imperiya” aholisini uzoq yillar davomida faqat zulm va total nazoratda boshqarib turish imkonsiz edi. Shu sababli sovet hukmron elitasi siyosatning muhim quroli boʻlmish yolgʻondan samarali foydalanadi. Shoʻrolarning buyuk yolgʻoni esa mafkurasi edi: “Mafkura bu – tizim tashqi barqarorligining ustunlaridan biridir. Ayni paytda, bu ustun beqaror poydevor, yaʼni yolgʻonlar uzradir. Shuning uchun mafkura – yolgʻonga rozi boʻlsangizgina, sizni koʻtarib turadi” (V.Havel).
Eʼtiborli jihati shuki, siyosiy mafkuralar har doim mohiyatan yolgʻon asosiga quriladi. Shoʻrolar davridagi real hayot va “targʻibot”ning oʻzaro paradoksal munosabati ham shundan edi. Yaʼni “tizimdagi hayot ikkiyuzlamachilik va yolgʻon bilan qorishib ketgan boʻlib, bunda byurokratik hokimiyat – xalq hokimiyati deyiladi; ishchilar sinfi nomi bilan – ishchilar qul qilinadi; insonni total tahqirlash – inson erkinligi deb qaraladi” (V.Havel).
“Lolazor” romanidagi ijtimoiy dardni his qilishimizda rus yozuvchisi, Nobel mukofoti sohibi Aleksandr Soljenitsinning 1974-yili yozilgan “Yolgʻonda yashamaslik” (“Jit ne po lji”) essesi ham muhim ahamiyatga ega. Adib sobiq Ittifoqning yolgʻon siyosati bilan birga, davr ziyolilarining iztiroblarini ham butun mohiyati bilan ochib beradi: “zoʻravonlik tez qariydi, bir necha yil oʻtadi – endi u oʻziga ishonmaydi, tutib turish, munosib koʻrinish uchun, albatta, ittifoqchilikka yolgʻonni chaqiradi. Zotan, zoʻravonlikni yolgʻondan boshqa hech vaqo yashira olmaydi, ayni damda, aldovni faqat zoʻravonlikkina tutib tura olishi mumkin. Zoʻravonlik har kuni, har bir odamning yelkasiga ogʻir panjasini qoʻyavermaydi. Biroq u bizdan yolgʻonga boʻysunishni va har kuni unda ishtirok etishni talab qiladi. Sadoqatning mohiyati ayni shudir”. Soljenitsin sobiq Ittifoqning ibtidoiy siyosati zoʻravonlikka, keyingi bosqichlarda esa zoʻrlik va yolgʻon tandemiga asoslanganini aytmoqda. Eng yomoni, bu yolgʻon siyosat shaxsdan nafaqat boʻysunishni, balki jarayonda “yolgʻonchi ishtirokchi” boʻlishni talab qiladi. Bizningcha, ayni shu omil Murod Muhammad Doʻstning inson konsepsiyasini tushunishda muhim ochqich vazifasini oʻtaydi.
Murod Muhammad Doʻstning inson konsepsiyasiga shaxsning oʻzini anglash va oʻzini namoyon etish ehtiyoji nuqtai nazaridan qarash toʻgʻri boʻladi. Lekin total siyosat va yolgʻonlar asosiga qurilgan jamiyatda oʻzlikni anglash nimani bildiradi? Uning mazmun-mohiyati asli nimada? Ayni sharoitda oʻzlikni namoyon etishning imkoni bormi? Biz mazkur savollarga ham javobni Soljenitsinning essesidan topamiz: “Shu vaziyatda bizning erkimizni taʼminlashi mumkin boʻlgan eng oddiy, eng kamtarona va imkonli vosita: yolgʻonda shaxsan ishtirok etmaslik! Mayli, yolgʻon hamma narsani qamrab, egallab olsin, lekin siz eng kichik imkon bilan ayting: mayli, egallab olsin, faqat men orqali emas!” Essedan shunday xulosa chiqadiki, Soljenitsin uchun sobiq Ittifoq muhitida oʻzlikni anglash shu tuzumning yolgʻon ekanini anglash bilan barobar. Bu kabi oʻzlikni anglash mavjud sharoitda shaxs imkoni doirasidagi juda joʻn, ayni damda kurashning samarali, yolgʻon tuzum uchun esa halokatli qurolidir. Jamiyatda yolgʻonda yashamaslikni ixtiyor etgan kishilar soni ortib borsa, yolgʻon tuzum oʻz-oʻzidan yemirila boshlaydi.
***
“Lolazor” romanining markazida uch qahramon turadi. Bu uchovlonning roman mazmunida tutgan oʻrni va vazifasi, yozuvchining badiiy konsepsiyasidagi ahamiyatini tushunishda Saidqul Mardonning quyidagi tasnifi muhim rol oʻynaydi: “Oshno – Iskandari Zulqarnayn, Yaxshiboyev Iskandarning shoxini koʻrib ichiga singdirolmagan sartarosh, men esam – quduq, chuqur va zimiston quduq”. Oshno, Nazar Yaxshiboyev va Saidqul Mardonning taqdiri, aʼmoli, feʼli-huyidan kelib chiqsak, ularning birortasi ham bir vaqtda oʻzligini anglagan va oʻzligini namoyon etgan shaxslar emas.
Romanda hech bir qahramon Nazar Yaxshiboyevga oʻzlikni anglash darajasida teng kelolmaydi. U yolgʻon siyosatning koʻlamini hammadan koʻra kengroq his qiladi, eng katta rahbardan tortib oddiy choʻpon taqdirigacha kirib boradi, ruhiy evrilishlarni kuzatadi, baholaydi, davr fojiasini butun murakkabliklari bilan koʻradi. Aslida, Murod Muhammad Doʻstni qiynagan muammo ham shu – davr ziyolisi, agar u juda ildamlab ketsa, fojiani faqat koʻra oladi, xolos, undan ortiq emas. Yaʼni yaxshiboyevlar oʻzligini toʻla anglasalar ham, oʻzligini namoyon (isyon) qila olmaydi. Zero, yolgʻon tizimli tomir otgan, har sohani total nazoratga olgan “qoʻrquv saltanati” bunga yoʻl qoʻymaydi.
Demak, Nazar Yaxshiboyevning qismati maʼlum, buni bir soʻz bilan “ilojsizlik” deb atash mumkin. U hayoti oxirlab, oʻtgan umrini sarhisob qilarkan, faqat roʻyoni koʻradi: na turmushda, na ijodda va na mansabda yuk bosadigan biror xayrli ish qilganini bilmaydi. “Bulduruqda bogʻ qilolmadim. Armonki, qolgan hammasini bir tiyin qiladi: obroʻyimni ham, unvonimni ham, boringki, butun xonumonimni!” deydi. Shu sababli zigʻircha boʻlsa ham yolgʻon aralashmagan, qoʻl bilan ushlash mumkin boʻlgan rost ish qilishni koʻngliga tugadi. Oʻz qishlogʻida bogʻ yaratadi. Bu bogʻ Nazar Yaxshiboyev dunyoga kelib topgan yagona haqiqati, birdan bir yupanchi edi.
Adabiyotshunos Rahmon Qoʻchqor “Lolazor” romani haqida “Bunda biror ijtimoiy tip nigohi orqali uning oʻzi yaratishda qatnashgan va oxir-oqibat oʻzi qul boʻlgan muhitning mohiyati tahlil qilinadi”, deya asarning muhim gʻoyasiga eʼtibor qaratadi. Chindan ham, romanda tasvirlangan paradoksal ijtimoiy muhit uning faol aʼzolari – hokimiyat vakillari tomonidan shakllantiriladi. Unda yolgʻon siyosiy madaniyatning ajralmas uzvi, aytish mumkinki, davlatchilikning tayanchlaridan biri. Yaʼni davlatchilik aholini mafkuralashtirish evaziga qurilarkan, shu mafkuraning oʻzi yolgʻonga asoslanadi.
Yolgʻon ijtimoiy-siyosiy muhitda shu qadar keng quloch yozganki, kishilar uning mavjudligiga tabiiy holdek qarashga oʻrgangan. Matbuot, televideniye yoki radio “musaffo osmon”, “farovon hayot”, “yorqin kelajak” haqida bong urishi va bularning birortasi real ijtimoiy vaziyatga mos kelmasligi mumkin. Lekin ish berishi aniq! Zotan, propaganda shunday qurolki, sekin-asta “farovon hayot” haqida illyuziya yaratishi va odamlarni osongina manipulyatsiya qilishi mumkin.
Shoʻro hukumati propagandaning ayni shu qudratidan samarali foydalanadi. Qizigʻi, bu yolgʻonga avvalo uning yaratuvchilari ishonadi. Murod Muhammad Doʻst mazkur fenomenal hodisaga alohida eʼtibor qaratadi va uni anglashga intiladi. Shu sababli Oshnoning hali begʻubor, sofdil yigitlik chogʻlaridan tortib, mansab zinalaridan birma-bir koʻtarilishi, unda siyosiy madaniyatning shakllanishi hamda ruhiyatidagi evrilishlarni muayyan tadrijiylikda tasvirlaydi.
Adib shaxsga sigʻinish, bir kishi irodasini mutlaqlashtirish, maddohlik, mansabparastlik, unvonparastlik, poraxoʻrlik, qoʻrqoqlik kabi illatlarning siyosiy elita ruhiyatida evolyutsion shakllanishi va bu jarayonga taʼsir etuvchi ruhiy-ijtimoiy omillarni birma-bir koʻrsatishni niyat qiladi. Oshnodek aqlli, zukko, begona joyda “boshqa mazhab-ku” deya goʻsht yeyishdan tiyiladigan, haromdan qattiq hazar qiladigan odamning butunlay boshqa, yigʻlasa ham “jilmayibroq yigʻlaydigan” yuzsiz kimsaga aylanish jarayonini tasvirlaydi. Eng muhimi, yozuvchi sanalgan illatlarning siyosiy qarorlarga qanday taʼsir etishini ikir-chikirlari bilan, ishonarli tarzda tasvirlab beradi.
Yaxshiboyev doʻstining “siyosiy hushyor” boʻlib qolganini hali u Kattaqoʻrgʻon miqyosidagi yuqori lavozimlarga oʻtirgan vaqtda payqaydi. Oʻshanda Oshno hatto yolgʻiz chogʻlarida ham doʻstiga “Nazar”, “joʻra” deb emas, “Nazar Yaxshiboyevich” deb murojaat qiladigan, sizlab gapiradigan boʻlib qolgandi. Keyinchalik, Oshno yanada kattaroq lavozimlarga koʻtarilganda Yaxshiboyev ilk bor “tilini tishlagan”, “siyosiy hushyorlik”ni yoʻqotgan voqea sodir boʻladi. Oshnoga beixtiyor haqiqatni aytib qoʻyadi. Chunki uning hali haqiqatdan koʻra yolgʻonga moyil boʻlib qolganini bilmasdi. Oʻshanda Yaxshiboyev doʻstiga Xotam Shoʻroning halolligi, fidoyiligi haqida soʻzlab, “Men kolxozchidan bir chaqa pora olmadim” degan gaplarini aytib beradi va oʻzidan ilova qiladi: “kolxoz rayonga pora bermasa, rayon oblastga pora bermasa, oblast respublikaga pora bermasa, respublika Maskovga pora bermasa... qanday soz boʻlardi-ya!”. Yaxshiboyev bularni samimiyatdan, azbaroyi xayr istab aytgani rost. Biroq shu rostlik Oshnoga yoqmaydi, “Xoʻsh, oʻrtoq Yaxshiboyev, deb soʻraydi salmoq bilan u, siz qayerda bizning sistemadan yaxshiroq sistemani koʻrdingiz; hamma teng huquqli; hamma barobar mehnat qiladi; ishiga yarasha haq oladi; oʻqish bepul; meditsina bepul; dam olgani borsangiz, profsoyuz yoʻllanma beradi; bu gaplar esa – gʻirt koʻcha gaplar, xoʻsh, ayting-chi, qaysi kolxoz rayonga pora beribdi, qaysi rayon oblastga pora beribdi, oblast-chi? [...] Moskvaga tuhmat qilishga qanday haddingiz sigʻdi?”
Gap shundaki, totalitar tuzum uchun yolgʻonga “moyillik” ayni tabiiy va qonuniy jarayon. “Hokimiyat, – yozadi V.Havel, – oʻz yolgʻonlari asiri boʻlgani bois soxtakorlikka ehtiyoj sezadi. Oʻtmishni, bugunni, kelajakni va statistikani qalbakilashtiradi”.
Vaqti kelib Oshno yolgʻonni yaratishga shu qadar berilib ketadiki, endi oʻzi toʻqigan uydirmalarga oʻzi ham sidqidildan ishona boshlaydi. Hatto shu darajaga boradiki, burnining ostini koʻrmay qoladi. Romanda bu holat oʻtkir kinoyaga olinadi: “... minbarda Oshno, hayʼatda – Yaxshiboyev, doxillik mayidan mast boʻlgan mahalliy faollar… Yigʻilganlarning ayrimlari istehzo bilan kulganini Oshno koʻrmaydi. Yaxshiboyev koʻradi, lekin sirtiga chiqarmaydi”.
Oshno obod maskanda, anvoyi gullar, yashil daraxtlar qurshovida joʻshib nutq soʻzlarkan, bu uning kelishi oldidan tayyorlangan “vaqtinchalik dekoratsiya” ekanini bilmaydi. Yerdagi yorqin lolalar aslida tuvak gul ekanini, u ketgandan soʻng yigʻib olinishini va yana keyingi manzilga ekilishini, minbar ortida yashnab turgan teraklar esa qayerdandir kesib kelib shunchaki qadab qoʻyilganini sezmaydi, chippa-chin ishonadi. Shu sababli ham Yaxshiboyev bu qishloqqa suv kerak deganda “Bulduruqning suvi oʻziga yetarli, nahotki yashnab turgan teraklarni koʻrmagan boʻlsangiz!?” deya jahl qiladi.
Oshnoning yolgʻonda yashashi mamlakatga juda qimmatga tushdi. U gʻoʻzashunos Aleksandr Shoymardonov bilan til biriktirib, yurtni “obod” etmoqni, hamma joyni paxtazorga aylantirmoqni niyat qiladi. Natijada ekologik, epidemiologik talafotlar boshlanadi. Yaxshiboyev joʻrasining bu holiga shunday taʼrif beradi: “... ikki koʻzing ham ochigʻ-u, hech baloni koʻrmaysan. Soʻqirlik yomon, loaqal oʻzingni sal chekkaroqdan turib koʻrolmasang yomon!”
Yozuvchi tobora “kolxoz”lashib borayotgan yurt kelajagidan qaygʻuradi. U xalqi boshiga kelgan qullik qismati, bogʻlari buzilib oʻrniga paxta ekilishi, daryolarning boʻgʻilishi, dengizning qurishi, odamlarning ham maʼnan, ham jismonan mayib-majruh boʻlishi – bari-bariga yurtning kattalari, ularning ish tutumini belgilovchi siyosiy madaniyat sababchi demoqchi boʻladi. Zotan, yurtda shakllangan siyosiy tafakkurga koʻra islohotlar xalq uchun, inson uchun emas, balki bir hovuch mansabdorning manfaati uchun, “ochko” uchun amalga oshirilishini roʻy-rost koʻrsatishga urinadi...
Xoʻsh, Oshno qanday qilib bu ahvolga tushib qoldi? Albatta, oʻzi istab yolgʻon hayotni tanladi deb aytish qiyin. Chunki Yaxshiboyev Oshnodan qoʻrqib hamda nafsiga quloq tutib yolgʻon hayotga koʻnganidek, Oshnoning tepasida ham “nado!” deb turguvchi Katta Paxtakor bor. Katta Paxtakorning tepasida yana bittasi… Hammadan tepada esa asliyati yolgʻon boʻlgan mafkura turadi.
Murod Muhammad Doʻst oʻzining inson konsepsiyasi markaziga “yolgʻonda yashayotgan” shaxslarni qoʻyarkan, ularning taqdiri, oʻy-xayollari, ruhiy evrilishlarini shoʻro tuzumi tabiatidan kelib chiqib tasvirlaydi. Xulosa qiladiki, yolgʻon gʻoya asosiga qurilgan jamiyatda odamning toʻgʻri boʻlishi deyarli imkonsiz. Balki ayrimlar goʻyo “toʻgʻri” yashagandek, lekin bu ham aslida yolgʻonning mezonlariga koʻra “toʻgʻri”, romanda buning ochib berilishi esa, albatta, adibning mutafakkirona kashfiyotidir.
“Lolazor” milliy adabiyotimizda hokimiyatni anglashni, hukmron elitaga xos murakkab ruhiy tovlanishlarni koʻrsatishni maqsad qilgan nodir asar. Shu maʼnoda oʻlmas asar, oʻlmaski, “har kishining oʻz zamoni va oʻz Oshnosi bor”. Mutafakkir adib SSSR parchalangani bilan unga xos siyosiy tafakkur yangi hokimiyat vorislariga qolishini, asr boshlarida kommunizm otalari yaratib ketgan yolgʻon siyosat, xuddi estafeta tayoqchasidek hali uzoq yillar qoʻldan-qoʻlga oʻtib yurishini sezganmi, eldosh-u tildosh ukalarim “oʻzga avlod odamlarining ahvolini tushunsa, oʻshalarning hayotini oʻz umriga juda qisqa bir muddat payvand qilsa, soʻng oʻylasa, koʻp va xoʻp oʻylasa! Qiynalib, azoblanib, kulib, yigʻlab oʻylasa-da, minbaʼd oʻzlari oʻsha yoʻriqqa tushmasa!” deb niyat qiladi.
Murod Muhammad Doʻst oʻzining inson konsepsiyasini davr va oʻzlikni anglashdek ulkan ehtiyoj pishib yetilganda, favqulodda katta mahorat bilan yaratdi. Undan keyin “Lolazor” kabi siyosiy tuzum va hukmron elitani anglashga qaratilgan romanlar yozilmadi. Sababi ehtiyoj boʻlmadi, aniqrogʻi, oʻtgan asrdan buyon oʻzgarmay kelayotgan bizdagi dunyoqarash uchun “Lolazor” kifoya qiladi. Zotan, biz roman badiiy voqeligida tasvirlangan siyosiy madaniyat, ijtimoiy-siyosiy munosabatlar, ijtimoiy hayot va siyosiy tafakkurdan hali u qadar ham olislab ketganimizcha yoʻq...
Saʼdullo QURONOV.
Oyina.uz
Oyina.uzꞌni Telegramda kuzating
Til
Til
Ma’naviyat
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Maftuna
13:12 / 21.12.2023
Asar juda yaxwi tahlil qilingan. Shu asarni o"qiwni boshlaganlar uchun yaxwi annotatsiya