Ijod ahli o‘z asarlari uchun to‘lanayotgan qalam haqidan rozimi? “Oyina.uz” ma’naviy-ma’rifiy portali bunga oydinlik kiritish maqsadida bir guruh qalamkashlarni savolga tutdi.
Prezidentning 2017-yil 14-avgustdagi «Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qalam haqi sezilarli miqdorda oshirilgan edi.
Lekin nashriyotlarda mualliflarga gonorar to‘lash tartibi har xil. Ayrimlar oldindan, ayrimlar sotib bo‘lingach; ayrimlar naqd pulda, ayrimlar kitob shaklida to‘laydi... Yaxshisi, bugungi ahvol haqida ijodkorlarning o‘zidan eshitamiz.
Erkin A’zam,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi:
– O‘zimning hisobim bo‘yicha eng katta gonorarni o‘tgan asrning 80-yillari nashr etilgan kitoblarim uchun olganman (“Javob”, “Bayramdan boshqa kunlar”). Ba’zi nashriyotlar qalam haqi deb nomiga bir-ikki so‘m bergandek bo‘ladi. Lekin uyga ko‘tarib borgani ham uyalasiz. Hozir yozuvchilik havaskorona bir hunar, anoyining mashg‘uloti. Uncha-bunchasi bu ishga yo‘lamaydi. To‘g‘ri qiladi. Devona ko‘ngilning ishi bo‘lib qoldi-da u. Eng katta gonorarim mo‘mayroq ekani aniq, ammo miqdori esimda yo‘q. Yosh yozuvchi uchun katta gap edi o‘shanda. Evaziga mashina sotib olgulik asar yozganim yo‘q, afsuski. Yostiqdek-yostiqdek kitoblari chiqqan o‘sha davr klassiklari olgan deb eshitaman.
Usmon Azim,
O‘zbekiston xalq shoiri:
– Eng katta olgan gonorarim? Esimda yo‘q. Nashriyotlar qalam haqi o‘rniga 20-30 kitob beradi. Gazeta-jurnallar, teleradio esa bir tiyin ham bermaydi. O‘zbekistonda yozuvchi-shoirlar mehnatini qadrlash nol darajada. Uyat!
Abduqayum Yo‘ldoshev,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:
– Bir yozuvchidan: “Shu kitobingizga qancha gonorar oldingiz?” deb so‘rashganida “Gonorar? Nima u?” deb javob qaytargan ekan... Biz shunday zamonlarda yashadik. Bugungi yoshlar hatto tasavvur ham eta olmas, ammo o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida biror nashriyotga kitob ko‘tarib borishga yuragimiz dov bermasdi. “Shuni chiqarib ber” deb yig‘lab borsak, ramaqijon noshir “Pul topib kel”, deb ho‘ngrab chiqishi aniq edi-da.
Shungami, gonorar degan tushunchaning o‘ziyam esimizdan chiqib ketgandi hisob. To‘g‘ri, sal keyinroq bozorga ishlash hadisini ola boshlagan ayrim uddaburon noshirlar mashqlarimizni chop etib, sopini o‘zidan chiqara boshladi, ya’ni qalam haqi o‘rniga o‘z kitobingizni o‘zingizga sotadigan bo‘ldi. Shunaqa ajabtovur “oldi-berdi”da ham g‘irromlik qilganlari qancha. Mayli-da...
Shukr, to‘rt-besh yil bo‘lib qoldi, kutilmaganda ayrim nashriyotlar kitobga qo‘shib qalam haqi ham bera boshladi. Yana tuzukkina deng! Bunday omad, rosti, kaminaga hozircha faqat G‘afur G‘ulom nashriyoti tufayli nasib qilib turibdi. Savolingizda gonorar miqdori haqida so‘rabsiz. Endi bu murakkabroq masala-yov. Agar barcha nashriyotlar faqat sifatli (badiiy jihatdan, albatta) kitob chop etishga, shunga yarasha qalam haqi to‘lashga o‘tsa, bilmadim, qancha ijodkorlar, shoirimiz topib aytganidek, “Assalom, iste’dod! Alvido, gonorar”, deya mum tishlab qolisharmidi.
Ayni paytda bu masalada qaytadan velosiped ixtiro qilib o‘tirishning aslo hojati yo‘q. Yangilik, aslida unutilgan eskilikdir. Bir eslaylik, sho‘ro davrida nashriyot yozuvchi bilan uch yilga shartnoma tuzardi, yarim pulini oldindan to‘lab ham qo‘yardi. Bu pulga yozuvchi bir yil asari uchun material to‘plardi, bir yil yozardi, uchinchi yilini esa tahrir va kitob chiqarishga sarflardi. Darvoqe, bu tajriba hozir ham Amerikaday davlatda tuzukkina ishlab turibdi (aynan kitob yozib milliarderga aylangan adibani yaxshi bilasiz). Xo‘sh, uch yil yashash, yeyish-ichish, kiyinish, material yig‘ish, oilani boqish, orada to‘y-po‘y qilish, to‘yona uzatish uchun qancha mablag‘ kerak bo‘ladi? Bu yog‘ini hisoblab olish qiyin emasdir.
Juda katta miqdor bo‘lib ko‘rinyaptimi? Yana tarixga murojaat etaylik-chi. Qaydadir o‘qigandim, ulug‘ Dostoyevskiy janoblari hali yozilmagan romani uchun olingan bo‘nak (avans) puliga rafiqasi bilan yarim yilcha Ovruponi aylanib kelgan, ba’zi hollarda hatto qimorxonalarga ham tushib chiqqan ekan. Buyam bir misol-da...
Xullas, bu mavzuda aytaversak gap ko‘p. Ammo, hamishagiday, ko‘mir oz...
Qo‘chqor Norqobil,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist:
– Ancha-muncha, o‘ndan ortiq kitoblarim chop etildi. Nasriy kitoblarimga oldinlari 2-3 million so‘m atrofida gonorar olganman. “O‘zbekiston”, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot va “Yangi asr avlodi”dan qalam haqlari berishgan. Qanchaligini aytishim joizmas, noqulay bo‘ladi. Ular imkonidan kelib chiqib to‘lashganini bilaman.
O‘zim ham gazetada bosh muharrirman. Tahririyatning iqtisodiy ahvoliga qarab qalam haqi beriladi-da. Ayrim gazetalarda bu ham umuman yo‘q bo‘lib ketdi. Bo‘lsa beradi-da, bo‘lmasa nimani beradi. Nashriyotlarning, kitob chiqaradigan ziyo dargohlarining ahvoli juda xarob. Shular zimistonlik ichra cho‘kayotgan kitobsiz qalblarimizga, ehtimol, kitobsiz jamiyatimizga nur ulashmoqchi bo‘layotganidan hayratga tushaman. Boriga shukr. Nashriyotlarga pul beringlar, ularning qaddini tiklanglar, u yerda ishlayotgan miskin va beg‘ubor qalbli ziyolilarning ham ko‘ksiga shamol, peshonasiga oftob tegsin.
Rossiyada chop etilgan kitoblarim uchun noshirlar bilan shartnoma tuzganman. Sotuvdan tushgan pulning yigirma besh, ellik foizigacha qalam haqqi to‘lash belgilangan. Bir kitobim besh ming, keyingisi ikki ming nusxada nashr etildi. Elektron variantlarini ham internet do‘konlarga joylashgan. Unga alohida haq to‘lashadi.
Shu o‘rinda achchiq bir haqiqatni ham aytaylik; bugun nashriyotlar pul uchun oldi-qochdi, saviyasiz, bo‘sh, urdi-o‘ldirdi kitoblarni ham chop etishga majbur bo‘lyapti. Puling bo‘lsa, nimani yozsang chiqarsa bo‘ladi, degan tushunchadagi hashaki yozuvchilarning ham safi kengayib borayotgani og‘riqli hol. Nashriyotlarning moddiy ahvoli tangligi mana shunday havasmand to‘daning paydo bo‘lishiga imkon beryapti.
Muhabbat Yo‘ldosheva,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, tarjimon:
– Yaqinda tarjimai holimni o‘qigan bir hamkasbim “Voy-bo‘, shuncha kitobingiz chiqqan ekan, pulning hammasi sizda ekan-ku!” deb qoldi. Hamkasbim bilmaydiki, shu paytgacha nashr qilingan kitoblarimning taxminan chorak qismiga, o‘shanda ham ramziy ma’noda gonorar olganman, xolos. Gazeta-jurnallarda ko‘plab e’lon qilinadigan hikoya va ertaklarim ham odatda “tekin” toifaga mansub bo‘ladi.
“Yozuvchining cho‘ntagini qoqish” kasalligi xuddi koronavirusga o‘xshaydi – birvarakayiga butun dunyodagi nashrlarni qamrab oldi. Nafaqat bizdagi, balki ko‘plab xorijiy nashrlar ham asarni chiqarib, gonorarni nasiya qilib ketishni ma’qul ko‘ryapti. Mening AQShda chiqqan kitoblarim bilan shunday bo‘ldi. To‘g‘ri, ba’zan gonorar bermasligi haqida oldindan ogohlantiradigan o‘ta madaniyatli nashrlar ham uchrab turadi. Masalan, yaqinda Qozog‘istondagi nashriyotdan 2022 yili qozoq tilidagi kitobim chop etilishi, lekin chet ellik mualliflarga gonorar to‘lay olmasliklari haqida ogohlantirish xati oldim. Bunday holatlarga o‘rganib ketganman, shuning uchun ham qalam haqi da’vo qilmasligim haqida rozilik xati yozib berdim. Axir o‘zimizda ham chet ellik mualliflarning tarjima asarlariga gonorar to‘lanmaydi, tarjimonga esa oradan ancha-muncha vaqt (ba’zan yillar!) o‘tganidan so‘ng oz-moz pul berib qo‘yiladi.
Menimcha, ijodkorlarning o‘z ijodi orqasidan non yeyishi mumkinligini amalga oshmaydigan orzu yoki ilmiy fantastikadan olingan iqtibos desak ham bo‘laveradi. Odatda o‘zbek yozuvchilarining asarlarini rus tiliga tarjima qilib berganimdan so‘ng, yaxshi gonorar to‘laydigan “Kamerton” adabiy veb-jurnaliga jo‘natishni maslahat beraman. Shu paytgacha o‘zim hamkorlik qilgan nashriyotlardan esa faqat “O‘zbekiston” o‘z vaqtida va qoniqarli darajada gonorar to‘lashini bilaman, xolos.
Jovli Xushboq,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos:
– Sobiq sovet davrini maqtash niyatim yo‘q, ammo u davrda bitta kitobiga bitta mashina olinar edi. Hozir esa ijodkor ikki-uch yil mehnat qilib yozgan va ming mashaqqat bilan nashr ettirgan kitobiga zo‘rg‘a televizor olishi mumkin. Taklifim shundan iboratki, gazeta va jurnallarda maqolasi chiqqan kishiga 500-600 ming qalam haqi to‘lansa. Axir, buning uchun kamida sakkiz-o‘n kun o‘tirib mehnat qiladi. Bitta kitobga bir “Kobalt” mashinasi sotib olishga yetadigan pul to‘lansa, haqiqat qaror topardi.
Dilfuza Zaripova,
jurnalist:
– O‘zbekistonda kitob chiqarishdan faqat nashriyotu bosmaxonalar foyda qilishi mumkin. Mualliflarga esa choychaqaga ham arzimaydigan tangalarni tashlab qo‘yishadi. “Kundoshli uy” kitobim 4 ming nusxada nashr etildi. Shartnoma bo‘yicha 500 ming, “qo‘l”ga esa 2 million so‘m oldim, xolos. “Sirli devor”da shartnomada yozilgan 500 ming plastikka o‘tkazildi. Keyin shu bilan nashriyot ham, o‘rtaga tushgan odam ham ji-imm. Vaholanki, kitobim 5 ming nusxada chop etilgandi. Haqqim qolib ketavergani uchun kitob chiqarishimdan ko‘nglim qolgan. Bizda nashriyotlar faqat o‘z halqumini o‘ylaydi, to‘g‘rirog‘i, noshirlar. Kitoblari “uchadigan” mualliflarni rozi qilib, hamkorlikni davom ettirishsa, nashriyotga keladigan foyda yomon bo‘lmaydi. Kerak bo‘lsa, asarlari o‘qiladigan mualliflarga buyurtma berib kitob yozdirish kerak.
Feruza Quvonova,
muharrir:
– Ijodkorlar bugun olayotgan qalam haqini, Ulug‘bek Hamdam aytganidek, ramziy ma’noda tushunishi kerak. Chunki yozuvchining mehnatini, zahmatini qanchalik qadrlamasin, nashriyotlar adibni xursand qiladigan haq to‘lashga qiynaladi, sabab oddiy. Yozuvchiga gonorarni nashriyot emas, balki kitobxon to‘laydi! Nashriyot shunchaki o‘rtadagi vositachi. Agar ijod mahsuli yuksak darajada, shov-shuvli, talabgir bo‘lsa, minglab, millionlab nusxalarda bosilsa, nega katta qalam haqi olmasligi kerak? Sovet davrida bitta asarning gonorariga bitta moshina berardi, chunki kitob katta nusxada bosilib, shundan foiz ajratilgan, hozir ham shunday, faqat o‘n minglab tiraj o‘rniga uzog‘i besh ming degan son turadi. Nashriyotdayam ijodkorlar ishlaydi, mehnatning bahosini biladi, hech kimni norozi qilishni istamaydi, kam to‘lov uchun uyaladi (!), ammo hal qiluvchi faqat kitobxon, ishoning shunga! Kitobxon qo‘lidan, tilidan, dilidan tushmaydigan kitobning esa gonorari yuqori bo‘ladi, bu zamon talabi!
Iroda Umarova,
shoira:
– Bir necha kitob chiqarib, bittasiga qalam haqi oldim – 1 000 000 so‘m. Yana biriga berishlari kerak edi, necha marta so‘radim – unashmadi, so‘ramay qo‘ydim oxiri. Ko‘plab haftanoma, oynomalarda chiqib, faqat «Bekajon», «Darakchi», «Yoshlik», «Sug‘diyona»dan haq olganman. Hozir matbuotda chiqishlar qilmayapman deyarli, bu bilan moddiy tomondan hech narsa yo‘qotmagandayman...
Go‘zaloy Solih,
adiba:
– Toshkentga kelganimda “Darakchi”, “So‘g‘diyona”, “Bekajon” kabi gazetalarga hikoyalarimni berib, gonarar hisobiga kun ko‘rganman. Birinchi kitobimdan qalam haqi olganman. Ammo juda arzimagan pul edi.
Kamoliddin Shukur,
shoir:
– Bugungi kundagi ijodkorlar oldida ko‘ndalang turgan, yechimini kutib yotgan masalalardan biri aynan gonorar bo‘lgani bois, ko‘pgina yaxshi ijodkorlar butunlay boshqa sohada ishlashga majbur bo‘lishmoqda. Bizda shoirga, yozuvchiga e’tibor yo‘q. Boshqasini qo‘ya turing, hozir Navoiy tirilib kelsa ham, o‘z puliga kitob chop qiladi. Yozuvchi, shoirlarimizning ko‘pi iqtisodiy jihatdan nochor. Dangalini aytganda, xoru-zor. Vaziyat uyushmaning tomoq yirtib, yolg‘on axborot tarqatib, allaqanday ma’lumotlarni qatorlatib yotgani kabi emas aslida. Umuman – yozuvchi, shoirga na jamiyatning va na uyushma degan baland cho‘qqi tashkilotning e’tibori yo‘q. Qisqasi, o‘zing uchun o‘l yetim!
Iqbol Qo‘shshayeva,
jurnalist:
– Yollanma blogerlar Vatani – O‘zbekistonda gonorar tizimi odamni xo‘rlaydigan ahvolda. Faqat “Tafakkur” jurnali tuzukroq to‘laydi. Modomiki, jurnal, gazeta yoki sayt muallifdan o‘zi maqola so‘rar ekan, bir million so‘mdan kami kam. Har betiga (vordda) uch yuz-to‘rt yuz ming to‘lasa, sal insof qilgan bo‘lardi. Chunki muallifning mehnati shunga tortadi. Va o‘shandagina maqolaning sifati ham boshqacha bo‘ladi. Muallif ortiqcha ishlardan o‘zini biroz tiyib, butun fikrini yozadigan narsasiga qaratadi. Bugungi internet asrida “Falon otaxon nashrda nomim chiqsa edi yoki meni muborak nazariga ilsa edi”, degan sodda o‘y-xayollar o‘tib ketdi, nazarimda. Shunda ham yozuvchi yoki tarjimon mardum boylikdan quturib, esi og‘ib qolmaydi.
Tillaniso Nuryog‘di,
ijodkor:
– Uyushma yoki boshqa tashkilotlarga ajratilayotgan pulni gazetalar va nashriyotlarga berish tarafdoriman. Ular yaxshi asarlarni o‘zlari saralab chiqarsin. Yaxshi gonarar bersin yozarlarga. Yaxshi tarjimalarga nashriyotlar katta pul tiksin. Albatta, sotilgan kitoblar pulida yana davlatga qanchadir summa qaytarsin. Shunda soliqlardan ma’naviyatga ketayotgan pul ham o‘lik pul bo‘lmaydi. Aylanib turadi.
Umid Ali,
shoir:
– Ijodkorga beriladigan gonorar masalasi faqat o‘zimizda o‘sal holga tushdimi desam, chet elda ham haminqadar ekan. Uzoqqa bormaylik, Rossiyadagi davlat nashrlari adadi kishini quvontirmaydi, mualliflarga to‘lanadigan qalam haqi haqida ham gap bo‘lishi mumkin emas. Faqat ayrim bosma nashrlar, saytlar (masalan, “Kamerton”) yaxshi gonorar to‘laydi.
Javlon Jovliyev,
nosir:
– Bizda gonorar to‘lash bo‘yicha yaxlit tizim yo‘qligi aniq. Hamma istaganicha mualliflik huquqlarni buzyapti. Oxirgi yillarda hech qanday o‘zgarish sezilmadi. Davlat nashrlarida ham ustoz ijodkorlar juda kam qalam haqi olgani ma’lum, ular ko‘pincha shundan nolishadi.
Shveysariyada, masalan, bu ishlar bilan Mualliflik huquqi tashkilotlari shug‘ullanadi, siz har oyda qayerlarda asaringiz chop etilgan yoki radioda o‘qilgan bo‘lsa, TVda chiqish qilsangiz, barchasining gonorarini shu markazlardan olasiz, elektron tizimda ishlar juda tez olib boriladi. Yozuvchi va OAV, nashriyotlar o‘rtasida mualliflik huquq markazlari turadi. O‘zlari ham ma’lum haq (kam foizlar) oladi, ikki tomon ham xursand, eng muhimi, to‘lovda yagona qonun-qoida bor.
O‘zimizda ham “Asaxiybooks” kompaniyasi boshqacha ishlaydi, chet el yozuvchilarining asarlarini o‘zbek tilida chop etish huquqini sotib oladi va shartnoma qiladi. “Qo‘rqma” romanim uchun men bilan ham bitim tuzilgan, sotuvning 10 foizi har oy naqd beriladi. Hozirgacha kitob ikki marta nashr qilindi, jami 23 ming tiraj chiqqan bo‘lsa, shundan qirq millionga yaqin gonorar oldim va bu to‘lov davom etmoqda. Ijodkorlarga qalam haqi to‘lash tizimi yaxshilanishi katta o‘zgarishlarga olib kelishiga ishonaman. Shunda yozuvchi-shoirlar madhiyabozlik qilmay, xalq uchun chin ma’noda oyina bo‘ladigan asarlar yozadi, degan umiddaman.
Jamiyatda kitobxonlik darajasi qanchalik o‘ssa, bundan nashriyot ham, muallif ham shunchalik foyda ko‘radi. Ellik-oltmish yil avval chop etilgan kitoblarning adadi 30-50 mingga yetgan, gazeta-jurnallar ham katta tirajlarda chop etilar, shu bois mualliflarga ko‘ngildagidek gonorar berilardi. Internet bo‘lmagani bois ham kitob do‘konlari va gazeta shoxobchalari gavjum bo‘lgandir. Hozir aksar yoshlar kitoblarni elektron tarzda o‘qiyapti. Chet elda nafaqat bosma, elektron kitob savdosi ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan, bundan yaxshi daromad ham olishyapti. Bundan o‘rganishimiz kerak, albatta. So‘nggi yillarda o‘zimizda ham kitobxonlikka katta e’tibor qaratilmoqda. Tanlovlar, forumlar, ko‘rgazmalar... Kitob o‘qiganga hatto “Spark” berilyapti. Ammo yozuvchiga-chi? Afsuski, hech birimiz biror zamondosh adib kitob yozib mashinali bo‘lganini eshitmaganmiz. Kelajakda ana shunday davrlar kelar, ehtimol.
Nodira IBROHIMOVA
tayyorladi.
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q