Abdulla Qodiriy islomga qarshi boʻlganmi? Ijtimoiy tarmoqda jamoatchilikni gʻazablantirayotgan, birlashtirayotgan mavzu tahlili


Saqlash
02:37 / 13.12.2023 2389 1

Bir necha kun avval feysbuk ijtimoiy tarmogʻida ijodkor Akrom Malikning yozuvchi Abdulla Qodiriy va uning “Oʻtkan kunlar” hamda “Mehrobdan chayon” asarlari haqidagi tanqidiy posti tarqaldi. Mulohazada Akrom Malik Qodiriyning yozuvchiligi haqida gapirarkan, “havaskordan yuqori, professionaldan quyi”, “Oʻtkan kunlar” – oʻrtacha asar, “Mehrobdan chayon” esa islom diniga qarshi yozilgandek, degan fikrlarni beradi. Ushbu mulohazaga ijtimoiy tarmoq faollari, ziyolilar tez orada oʻz munosabatlarini bildirishdi. Ularda Akrom Malik tanqidining oʻta biryoqlama ekani, adabiyotga diniy rakursdan qarash notoʻgʻriligi va ayni shunday yondashuv sabab Qodiriy oʻtgan asrda siquvga olingani, asarlari taqiqlangani haqida yoziladi. Shundan soʻng Akrom Malik postni yopiq telegram kanalidan oʻchirib yubordi, keyinchalik kanalning oʻzi ham butunlay oʻchirildi. Oyina.uz ushbu tanqidiy mulohazaning saqlangan varianti va unga jamoatchilik bildirgan fikrlarni bir joyga toʻpladi. 

 

“Oʻtkan kunlar” oʻrtacha asar. Qahramonlar saviyasi past, maishiy fikrga moyil. Ayrim isbot:

 

1. Yusufbek hoji: oilasi boshqaruvni xotiniga topshirib qoʻygan boʻshang erkak.

2. Otabek ikki xotin orasida adolat qila olmagan landavur.

 

Xalq qalbida oʻziga ishonch uygʻotmaydigan asar. Xalq ongiga sen shu qadar xorsan degan gʻoyani quyadi. Xalqni oʻz milliy davlatiga qarshi fikrlashga undagan va oʻsha davlatlardan qoʻrqib, sovetga qul boʻlishga undagan asar. Chunki Qodiriy davrida oʻtmishni kirlik va qora deb koʻrsatish joriy boʻlib turgan sovet hukumatiga simpatiya uygʻotish uchun xizmat qilgan. Otabekning ikki xotinni eplolmagan esipast qilib tasvirlash odamlar Alloh bergan ruxsatga nisbatan antipatiya uygʻotgan.

Bizda “Oʻtkan kunlar”ni koʻr-koʻrona ulugʻlash u yozilgan davrdan qolib kelayotgan traditsiya. Xalq oʻsha vaqtda bunday uslubdagi asarni oʻqimagani uchun berilib oʻqigan va shu sababli bu asar gard yuqmas oliyshon matndek koʻrilib qoldi. Jadidlarga kelsa, ular milliy harakatchi emas, Gʻarb gʻoyalariga ergashgan toifa edi. Qodiriyda ham shunga ishora bor, masalan, Otabek aynan Shamayga borib kelgani uchun fikri ochiq deb tasvirlangan, goʻyo oʻlkamizda umuman fikrli odam yoʻqdek, umuman xalq gʻamini oʻylagan va xalqni inqirozdan olib chiqishga uringan odam yoʻqdek koʻrsatilgan. Va hokazo. Fikrlar bormi?

 

DININI SEVGAN ODAM “MEHROBDAN CHAYON” ROMANINI YOZMASDI

 

Qodiriyning dinga, xossatan, Islomga fobiyasi yoki nafrati boʻlgan boʻlsa kerak. Xudo gunohlarini kechirgan boʻlsin. Chunki musulmonlar sajda qiladigan mehrobdan chayon chiqdi deb yozish uchun odamning tabiati qanday boʻlish kerak, bilmadim. Bu romanda musulmon jamiyati qoloq va past deb tasvirlangan. Ilmsizlar ulugʻlangan, ilmlilar xor koʻrilgan, masalan, ilm tarqatuvchi Solih maxdum salbiy boʻyoqlarda berilgan, lekin Anvarning oʻrtoqlari, ilmsiz soʻkongʻir va johillar maqtalgan. Davlat rahbari xotinboz koʻrsatilgan. Bu hech bir toʻgʻri mafkuraga mos emas. Hayot qonuniyati shuki, boʻzchining bolasi boʻzchi, olimning bolasi olim, dehqonniki dehqon boʻlgan.

 

Ammo Qodiriy boʻzchining bolasidan salkam inqilobchi yasagan, yaʼni Anvardan. Insonlarning salohiyatlari ularning zotiga yashiringan boʻladi, shu bois ulugʻ va oliynasab insonlar hamisha yuksak tarbiyali boʻlganlar va ular millatni tamsil etadilar. Biroq Qodiriy bu qoidani pisand qilmagan. U sovetlar gʻoyasi – past tabaqalarni ulugʻlash yoʻlidan borgan. Albatta, buni ongli qilmagan. 24 yoshida ilk romanni yozgan yigitcha edi u. Demak, dunyoqarashi ham shunga yarasha boʻlgan. Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiga mansub birgina “Alpomish”daning bir betiga bu odam yozgan ikki roman teng emas. Masalan, choʻridan boʻlgan bola “Alpomish” dostonida xoin oʻlaroq tasvirlangan, yaʼni Ultontoz. U choʻri, yaʼni zoti tayinsiz xotindan tugʻilgan nikohsiz bola edi. Otasini qamadi, yurtda zulmni kuchaytirdiyu Alpomish esa asilzoda va olijanob, mard inson – unga oʻz joyini koʻrsatdi va xalqni adolatli kunlarga yetkazdi. Bu oddiy qoida. Xalq donishmand, ammo sodda, Qodiriy xalqni aldagan, arzon romanlari bilan odamlar tafakkurini buzgan hamda haqiqatlarga xiyonat qilgan. Abdulla Qodiriy maishiy tafakkurli bir odam edi, shuningdek, ozgina islomofob. Yozuvchilik bobida esa havaskordan yuqori, professionaldan quyi. Hali umummilliy yoki umuminsoniy sferada tafakkur qiladigan darajaga chiqmagan edi, rahmatli. Sizlar Abdulla Qodiriy rus-tuzem maktabida taʼlim olganini unutmanglar! Rus-tuzem maktabi qandayligini esa vikipediya ham aytib beradi. Shoshib fikr bildirishdan avval uch daqiqa oʻylanglar va balki toʻgʻridir, xato boʻlsa, qayeri xato denglar ovoz chiqarib. Zamonaviy adabiyotimiz boʻm-boʻsh va soʻnggi yuz yillikda adabiy tafakkurimiz gʻaribdan gʻarib boʻlib ketgan. (Uslub saqlangan.)

 

Akrom Malik

 

 

Aytilganidek, hammasi ushbu postdan boshlandi. Ijodkorning bir qadar keskin, bir qadar shoshqaloqlik bilan yozilgandek taassurot uygʻotuvchi tanqidiy chiqishiga birinchilardan boʻlib, tarix fanlari nomzodi, fiqhiy va aqidaviy masalalarga oid koʻplab maqolalar muallifi Hamidulloh Beruniy oʻz feysbuk sahifasida munosabat bildirdi:

 

...Akram Malikning Abdulla Qodiriy toʻgʻrisidagi taʼnalari radikal fikrli musulmonlarning ming yillardan keyin chiqib olib, Imomi Aʼzam Abu Hanifani Abu Jiyfa – Oʻlimtik otasi, Imom Molikni esa Imom Holik – Halok qiluvchi imom deb safsata sotishlariga oʻxshab ketadi. Ana shunday radikal fikrlilar bugungi muammolarimiz bir yoqda qolib, oʻtmishni kovlashtirish bilan ovoralar.

 

...Yozganlaridan Akram Malik islomofobiyani yoqtirmaydigan dinparvar boʻlib koʻringan. Lekin u haqiqatdan ham dinparvar boʻlganida, aqalli, imom-domlalarimiz koʻp eslatadigan “Uzkuru mahosina mavtokum” – “Oʻlganlaringizning goʻzal xislatlarini eslang! hadisi sharifiga amal qilib, shahid ketgan ulugʻ adibdan tilini tiygan boʻlardi. Yoki “Zunnuu bi-l-moʻminina xayron! – “Moʻminlar toʻgʻrisida yaxshi gumonda boʻling!" hadisi sharifiga amal qilib, yuz yildan beri musulmonlar koʻklarga koʻtarib, hatto koʻzlariga surtib oʻqib kelayotgan bir musulmonning kitobidan kir axtarib oʻtirmasdi. Aks holda, Abdulla Qodiriyni Oliy Sudimiz ham oqlab turganda, unga qarshi taʼna qilish oqilu boligʻ musulmonning ishi emasdi!

 

Akram Malik oʻyicha, yuksak adabiyot islomiy-diniy boʻlishi kerak va u ulugʻ axloqni targʻib qilishi kerak, xolos. Aslida, unday emas! Adabiyot  din emas, din adabiyot emas! Dindan oldin ham adabiyot boʻlgan. Sevimli Paygʻambarimiz alayhissalom islomdan avvalgi shoirlarning sheʼrlarini ham yoddan oʻqiganlar, sahobalarga oʻqitib eshittirganlar. Oysha onamiz yoki boshqa sahobalar aslida nomusulmon va butparast boʻlgan shoirlarning ham minglab baytlarini yoddan bilganlar. Ularda din targʻiboti yoʻq edi. Ayrimlarida esa yuksak odob-axloq targʻibi ham yoʻq, badiyat bor edi, xolos. Yoki asrlar davomida madrasalarda oʻqib kelingan “Muallaqot as-sabʼ” yoki “Muallaqot al-ashar” kabilarda, islom shoirlarining maqoma janridagi ayrim asarlarida bular boʻlmagan, ular ulugʻvor va muhtasham badiyati, fasohat va balogʻati uchun qadrlangan edi. Adabiyot dinga bogʻliq boʻlishi kerak va shart, deyish adabiyotning asl mohiyatini bilmaslik, menimcha. Toʻgʻri, din oʻz targʻiboti va tashviqoti yoʻlida adabiyotdan unumli foydalangan, tasavvufiy adabiyot bejiz yaralmagan. Lekin bu degani adabiyot hamisha diniy boʻlishi kerak yoki tasavvufiy sheʼriyat faqat yigʻloqi boʻlishi va oxiratni eslatishi lozim, degani emas. Alisher Navoiyning yoki Abdulqodir Bedilning barcha gʻazal va baytlaridan tasavvufiy-irfoniy va diniy-islomiy fikrlarni oʻylab topish, Umar Xayyomning ruboiylarining hammasini sirli tasavvufga bogʻlash – bular xuddi ularning baytlaridan ateistik fikrlar urchitishdek bemaʼnidir. Shuningdek, adabiyot faqatgina yuksak odob-axloqni targʻib qilishi lozim, deyish ham toʻgʻri emas. Adabiyot faqatgina diniy odob-axloqni (aslida odob-axloq diniy emas, insoniy boʻladi) yoki diniy qadriyatlarni emas, umuminsoniy axloqni hamda umuminsoniy qadriyatlarni targʻib va tashviq qilishi, ulugʻlashi va ulugʻligini koʻrsata bilishi lozim. Shu bilan birga, razil xulqlarni, razolat va qabohatni, iflos urf-odatlarni ham koʻrsata bilishi kerak. Ularning hammasi badiyat bilan sugʻorilishi shart. Aks holda, u sariq adabiyotga va sariq matbuotga mansub boʻlib qolaveradi. Shu maʼnoda, Abdulla Qodiriyning asarlari har ikkala vazifani aʼlo darajada uddalay olgan. Yaʼni unda yuksak odob-axloq targʻiboti ham, razil xulqlar manhiyyoti ham bor. Shuningdek, islomofobik qarashlar emas, diniy va milliy qadriyatlar ham oʻz aksini topgan. Agar bunday boʻlmaganda, Akram Malikka oʻxshaganlar undan “yomonlik” va “saviyasizlik” topa olmagan boʻlardi!

 

 

Akram Malik buyuk adibning “musulmonlar sajda qiladigan mehrobdan chayon chiqdi”, deb yozganidan yozgʻiradi. Aslida, bu oddiy majozni tushunmaslik oqibati boʻlsa kerak. Chunki mehrobdan chayon-u ilonlar chiqqaniga odamlar koʻp bora guvoh boʻlishgan. Mehrobda turgan odamlarning hammasi ham yaxshi boʻlavermasligiga esa islom tarixi guvoh. Aks holda, Paygʻambarimiz alayhissalomning shaxsan oʻzlari, Qurʼonda ham yomonlab zikr qilingan “Ziror” masjidini tep-tekis qildirib tashlamagan boʻlar edilar. Akram Malikning “Hayot qonuniyati shuki, boʻzchining bolasi boʻzchi, olimning bolasi olim, dehqonniki dehqon boʻlgan”, degan gapi ham toʻgʻri emasligini hayot ming bora isbotlab bergan. U oʻzidan buyuk qahramon yetishib chiqmayotganidan alamzada boʻlsa, ne ajab! Aks holda, islomning ilk azonchisi oddiy qul boʻlgani, yana oʻnlab qorilaru diniy ulamolar qullardan chiqqani, yana qulbachchalardan xalifalar, davlat arboblari, ulugʻ sarkardalar yetishib chiqqani hayot haqiqati ekanini ham tushungan boʻlardi. Yoki Soʻfi Allohyor bobomizning: “Qoracha oʻgʻli xoʻja oʻgʻlidin kam, Muʼallam (Muallim) boʻlsa sayyiddin oʻtar ham” degan baytini eslaganda yaxshi boʻlardi.

 

Xullas, agar Akram Malik kabi fikrlaydigan boʻlsak, biz eng kamida yuz yillik adabiyotimizdan butkul voz kechishimizga yoki har yili Nobel kabi turli mukofot va eʼtiroflar olayotgan oʻsha Gʻarb adabiyotini chiqitga chiqarib tashlashga toʻgʻri keladi. Bu esa aqlli insonning ishi emas! (Qisqartirishlar bilan olindi.)

 

Tanqidda Abdulla Qodiriy va uning asarlariga baho berishda diniy tomondan yondashuv boʻlgani bois unga yozilgan munosabatlar, fikrlarda ham ayni jihat koʻproq tilga olinmoqda. Yaʼni bugun oʻquvchi din va adabiyotni aralashtirib yubormasligi kerakligi, adabiyot din targʻibotchisi boʻlishga majburmasligi taʼkidlanyapti.

 

Dilbar HAYDAROVA, tarmoq foydalanuvchisi:

Soʻnggi yillarda adabiyotshunoslikda diniy sentralizm borgan sayin chuqurroq ildiz otyapti. Fanning asosiy oʻlchov mezonlari, metodologiyasi bir chetda qolib, diniy dunyoqarash bilan tahlil qilishga urinish va uni yoqlashlar koʻzga tashlanib qolyapti. Bugun Qodiriy shaxsiyati va asarlariga otilayotgan toshlar meni ajablantirmadi. Chunki tanqid hamisha boʻlgan va bundan keyin ham boʻladi. ...Yevrosentralizmdan aziyat chekkan sharq olimlari bugun islomosentarlizmni yoqlab chiqayotganlari meni ajablantirmoqda. Adabiyotning oʻz qonuniyatlari oʻz mezonlari bor! Bir vaqtlarda islom dinini oddiy xalq orasida keng targʻib qilish uchun adabiyotdan yordam olganlar, bugun oʻsha din bilan adabiyotni “boʻgʻishi” va cheklashi kamida nohaqlik. Adabiyot dinni oʻzida akslantiradi, ammo adabiyot din emas. Men har qanday sentralizmga qarshiman, markazda faqat HAQIQAT turishi tarafdoriman. Shundagina olim xolis va teran qaray oladi. Biroq haqiqat shunday nozik hodisaki, u hech qachon bir tomonga mutlaq ogʻmaydi.

 

 

Aslida Qodiriy shaxsiyati va uning asarlariga oʻtgan yuz yil davomida xuddi xuruj kabi, vaqti-vaqti bilan tanqidlar yogʻdiriladi. Qizigʻi, bir gal uni dinga qarshi boʻlgan, deya malomat qilishsa, boshqa safar xalqni qoʻzgʻolonga boshlagan, deb loy chaplamoqchi boʻlishgan. Yoki asarlarini “Mana bunday yozmagan, mana bunday yozishi kerak edi” qabilida tanqid qilishgan. Yozuvchi Ulugʻbek Hamdamning 2000-yilda yozilgan maqolasidan parchani oʻqirkansiz, bunga amin boʻlasiz:

 

 

...Samiyev ayni shu narsada judayam oqsaydi, u turmushning oʻz tasavvuridagi adolat mezonlaridan turib yuksak badiiyat namunasi boʻlmish – “Oʻtkan kunlar”ni baholamoqchi boʻladi va qattiq yanglishadi. Shuning uchun ham uning nazarida Abdulla Qodiriy koʻp oʻrinlarda “yolgʻonni yozadi”, “noaniqlikka yoʻl qoʻyadi” va hokazo. Vaholanki, yozuvchi voqelikni (asar tarixiy roman janrida bitilganiga qaramay) qanday boʻlsa, oʻshandayligicha tasvir etmaydi, balki uni oʻz xayolida qayta jonlantiradi: fantaziyaga beriladi, xayol qiladi. Shuning natijasida mavjud reallikka tahrirlar kiritadi hamda oʻz realligini yaratadi. Bu badiiy reallik deb ataladi. Lekin u (adib) xayol darajasini ijodiy maqsadga koʻra oladi. Oʻzi xohlagancha, oʻzi bilgancha ish tutmaydi. Va bularning hammasi badiiylik prinsiplaridan kelib chiqib amalga oshiriladi. Shu tarzda M.Samiyev “taqriz”ining har bir sahifasi bilan uzoq tortishish mumkin. Lekin asosiy xulosa shundan iboratki, ulugʻ oʻzbek adabi Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani borasidagi M.Samiyev olib borgan tanqidiy kuzatishlar badiiy asarni baholash kriteriyalaridan anchagina uzoq yondashuv boʻlib, u ilmiy poydevorga ega emas, deb qaralmogʻi lozim.

 

Mavzu ochilganiga bir necha kun boʻlganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqda Abdulla Qodiriy shaxsiyati va ijodi haqida fikrlar tobora koʻpayib boryapti. Quvonarlisi, faqatgina ziyolilar, adabiyotshunoslar yoki jurnalistlar emas, balki boshqa soha vakillari ham befarq boʻlmay, adib va asarlarning bu tanqidlardan balandroq ekani haqida yozishyapti. Holatni kuzata turib, oʻshanda ham xalq Qodiriyni shunday himoya qilinganida, omon qolarmidi, degan oʻkinchli oʻy yurakni ezadi. Ammo boshqa tomondan Qodiriyning oʻlimi izsiz ketmadi, axir u mana shu kunlarni orzu qilmaganmidi? Xalqning oqu qorani ajrata olishi, birlashishi, ziyoli boʻlishi uchun jon bermaganmidi? Bugun yozilayotgan minglab mulohazalar uning orzusi amalga oshganidan darakdek...

 

Rahimjon RAHMAT, adabiyotshunos, jurnalist:

Odatda dushmanimizning eng yaxshi narsasini yomonlash, kamsitish orqali uning obroʻsini pasaytirmoqchi boʻlamiz. Yana bilamizki, umuminsoniy maʼnaviy-ruhiy meros yaratolmagan xalqlarni mayda, mahdud, faqat qora mehnat uchun yaratilgan toʻda deb bilishadi. Shuning uchun millatimiz dushmanlari bizlarni oyoq-osti qilish uchun birinchi navbatda buyuklarimizni kamsitish, ular qoldirgan maʼnaviy merosning qimmatini pastga urishga urinadi. Qodiriy shunchaki yozuvchi emas, u millat timsoliga aylangan buyuk adibdir. Oʻzbek xalqiga dushmanligi bor odamgina Qodiriy va uning asarlariga loy chaplashi mumkin.

 

Mulohazalar davomida qiziq bir holat yuzaga chiqdi. Tarmoq foydalanuvchilari Akrom Malikning bundan bir necha yil avval Abdulla Qodiriy ijodi haqida bildirgan fikrlarini esladi:

 

“Oʻylab koʻring: “Oʻtkan kunlar”dan keyingi biror badiiy asarda Otabek va Kumushning muhabbati kabi muhabbatning tasviri boʻldimi? Shaxsan men bunday tasvirni bilmayman. Qodiriy boboning yutugʻi asarning har bir voqeasini, gʻoyasini Islom dini asoslari ustiga qurganidadir. Shuning uchun dahriylik kayfiyatidagi biror asar undan keyin uning darajasiga mutlaqo chiqa olmadi”.

 

Akrom MALIK, 2020-yil, may.

 

Ushbu fikrlarni oʻqirkansiz, bir odamdagi bunday ikki xillik qanday yuzaga kelgani hayratlantiradi kishini. Ammo tadqiqotchi, tilshunos Eldor Asanov tanqidiy chiqish haqida telegram kanalida fikr bildirarkan, uni jiddiy qabul qilmaslikni soʻradi:

 

... Akrom Malikning adabiyot borasidagi fikrlari men uchun avtoritet emas. “Oʻtkan kunlar” haqida yozgani esa mutlaqo ilmiy tahlilmas, adabiyotshunos yondashuvi emas, hatto ziyolining fikri emas, bir oʻrtamiyona tafakkurdagi insonning oʻz diniy qarashlari va axloq haqidagi subyektiv tushunchalaridan kelib chiqqan subyektiv baholari yigʻindisi xolos. Uni jiddiy qabul qilmanglar. “Oʻtkan kunlar”ning sifati borasidagi bahslar aslida adabiyotshunoslikda ham bor, ammo bu bahslar tamomila boshqa sabablardan kelib chiqadi. Romanni rus tilida oʻzining kattakon kirish soʻzi bilan chop ettirgan Izzat Sulton bu bahsni boshlab bergan. Men ham shu kirish taʼsirida professor Bahodir Karimdan “Oʻtkan kunlar” “Mehrobdan chayon”ga nisbatan zaifroqmi, deb soʻraganimda, ustoz Izzat Sulton nashr yoʻlidagi toʻsqinliklarning oldini olish uchun sinfiy yondashuvdan kelib chiqib, tanqid qilishga majbur boʻlgan, deb aytgan edi. Shuncha yaxshi mutaxassis, ziyoli borligida axloqiy paranoyyaga berilib, progressni, har qanday oʻzgarishni inkor qilib yurgan ultraqadimchilarni jamiyatga biror nima bera oladigan toifa deb qabul qilmanglar. (Qisqartirishlar bilan olindi.)

 

Shoira Tillaniso esa Abdulla Qodiriy ijodiga davr nuqtai nazaridan qarash kerakligini, oʻshanda uning asl qiymatini anglash mumkinligi haqida yozarkan, ijodkor Akrom Malik oldiga bir nechta savollarni qoʻyadi:

 

...Pushkingacha ilk boshlab beruvchi yozuvchi-shoirlar juda koʻp boʻlgan. Karamzin, Derjavinlarni oʻziyam koʻp eslaydi. Qodiriyning paydo boʻlishi ham shu hol – oʻzidan keyin oʻzidan kuchli geniylar tugʻilishi tayyorlangan zamin. Qodiriy boʻlmasa, adabiyotda 100-yil davomidagi oʻzgarishlar, katta shoir yo yozuvchilar boʻlmasdi. Yuzaga chiqishi kechikib ketardi. Shu tomonlama Qodiriy bizga yangi roman yaʼni yangi til va ong shaklini taqdim etib, inqilob qilib berdi. Ungacha bizda roman bormidi? Yoʻq. Nima oʻqishardi: xalq qissalari, dostonlar, folklor. Qodiriy jurʼati va romani – jiddiy inqilob. Roman global dunyo tafakkuriga xos edi va oʻzbek tafakkuri ham Qodiriy tufayli bunga ega chiqdi – global dunyo bilan oʻzimizni bogʻlovchi katta bir koʻprik qurildi. Va eng muhimi u xalqchil edi, xalq ongiga, tafakkuriga bunday shakl singdi. Xalq uning maʼnosi haqida qaygʻurdimi, bunga ongi yetdimi yoki yoʻq, bu boshqa masala. Ammo xalq boshqa bir shaklni qabul qila oldi. Yangi shakl esa oʻzgarishlarga doim debocha.

 

Jadidlarning asosiy maqsadi – Oʻzbekistonni global dunyo tafakkuri bilan bogʻlash edi. Nega shu paytgacha “Oʻtkan kunlar” dan zoʻr asar yozilmadi (garchi bu bahsli fikr), degan savol ham bor. Xoʻp, yana davrga qaraymiz. Oʻzbek jamiyatni oʻz tarixining boshqa biror bir davrida jadidlar davrida boʻlganidek erkinlik, uygʻonish, kurash, jamiyat transformatsiyasi – hozir daʼvo qilinayotgandek renessans bosqichini boshdan kechirdimi? Afsuski, yoʻq.

 

 

...Qodiriy birinchi bosqichni qoʻydi, afsuski u davom ettirilmadi. Xalqning holatiga, qalbiga koʻzgu tutildi-yu, endi nima qilishi keragi aytilmadi. Hammasi shu yerda toʻxtadi. Akrom (Malik – tahr.) maqolasida Qodiriy qahramoni gʻarb taʼsirida ongli firklashga erishgan, vaholanki, ungacha Turkistonda gʻoyalar, ongli odamlar yoʻqmidi? deb yozibdi. Bu savol men uchun ham qiziq. Qodiriyni ayblashdan oldin javob qidiraylik – bormidi yo yoʻqmidi, boʻlsa qani, nega biz ularni bilmaymiz? Ularning gʻoyalari qanday edi, maqsadi nima edi? Ular mutlaq hech qayerdan taʼsirlanmagan boʻlsa, kuchni, tayanchni qayerdan oldi? Juda yaxshi savollar, toʻgʻrimi? Akrom izlanib koʻrsa, bizga yetkazsa boʻladi. “Oʻtkan kunlar” ga baho berarkanmiz, davr prizmasidan qarashimiz kerak. Shundagina uning noyobligini, qimmatini anglaymiz.

 

Garchi ijodkor Akrom Malik tanqidini oʻchirgan, garchi bu uning shaxsiy qarashlari ekani, fikr bildirishga u ham haqliligini bilsak-da, bu mulohaza kishini ogʻrintiradi. Chunki oʻzbek nasriga asos solgan, asrga tatigulik asarlar yaratgan, millat qaygʻusi yoʻlida yozilgan maqolalari uchun tazyiqqa uchragan, dinga emas, undan oʻz shaxsiy gʻarazlari yoʻlida foydalanuvchi manfur kimsalarga qarshi kurashgan, millatning ziyoli boʻlishini oʻzidan ham koʻproq oʻylagan inson haqida bu qadar bepisandlik bilan fikr yuritish har bir oʻzbekni gʻazablantirishi aniq. Biroq bir haqiqatni unutmasligimiz kerak. Qodiriy hayotligida ham tanqidlardan, boʻhtonlardan balandroq boʻlolgan va toʻxtamay yozgan edi. Bugungi manzara Qodiriyning ushbu soʻzlarini qayta esga soladi:

 

“Xulosa boshqalarning xizmati daftar bilan sobit boʻlsa, menim xizmatlarim matbuot bilan ravshandir. Ishchi-dehqonlar yozgʻon asarlarimni suyunib oʻqiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon oʻqirlar va unutmaslar...”.

 

Haqiqatdan ham shunday, uning vafoti, u haqidagi turli fikrlar na adibni, na “Oʻtkan kunlar”, na “Mehrobdan chayon”ni bizdan uzoqlashtirmadi. Aksincha, bugun Qodiriy boʻlishni istaydigan yuzlab ziyolilarni yuzaga chiqishiga sabab boʻlmoqda.

 

Feruza XAYRULLAYEVA,

Oyina.uz

 

1 Izoh

Jobborov Oloviddin

04:12 / 14.12.2023

Bu yerda A. Malikning yozganlariga sinchkovlik bilan qaraydigan bo‘lsak, u judayam katta iddao bilan chiqibdi! Lekin, o‘rtaga ajoyib ziddiyat, muammolarni qo‘ygan! Bu shov-shuv bo‘lishini, eshitgan, o‘qigan har bir o‘zbek A. Malikni ichida bir yomonlab qo‘yishini ham A. Malik juda yaxshi bilgan, anglagan holida bu maqolani yozgan! Mavoiyshunos olim, yozuvchi, shoir kishi, o‘zining asarlarida ham A. Qodiriy uslublaridan foydalangan kishi bunaqa qoralab chiqishi aqlga to‘g‘ri keladimi? O‘zi, aslida qoralab chiqmayapti-ku! Yaxshilab e'tibor bersak, bu asarning yaxshi tomonining aks tomonini aytib, tanganing ikki tomoni bor ekanligini ta'kidlayapti va eng muhimi ''O‘tkan kunlar''ni yana qayta sinchkovlik bilan, tahlil, tanqid, mantiq bilan o‘qib chiqishga undayapti hamda A. Malikning shu maqolasidan keyin juda ko‘pchilik asarni qaytadan o‘qiydi, asar haqida gaplar qancha ko‘paysa, uning ovozasi shuncha yiroqlargacha boradi, odamlar kitobni qaytadan o‘qiydi! Demak, A. Malik asarni odamlarga qaytadan o‘qittirmoqchi, o‘z shaxsiy fikrlariga keltirtirmoqchi... Jobborov Oloviddin

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23698
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//