Yana-da xalqchil, yana-da adolatli – konstitutsiyamizda inson huquqlari ifodasi


Saqlash
13:46 / 08.12.2023 910 0

Qadim-qadim zamonlardan buyon qayerdaki insonlar jamiyati bor ekan, ularning haq-huquqlarini himoya qiluvchi, burch va majburiyatlarini belgilab beruvchi, kishilar oʻrtasida tenglikni taʼminlovchi qonunlar jamlanmasiga ehtiyoj ham boʻlgan. Busiz jamiyat, shubhasiz, kemtikli jamiyat boʻlardi.

Bugun kurrayi zamindagi barcha mustaqil yurtlarning oʻz qomusi – konstitutsiyasi bor. 1789-yilda hozircha dunyodagi rasman birinchi va eng qisqa konstitutsiya hisoblanmish Amerika Qoʻshma Shtatlari Konstitutsiyasi tuzildi. Shundan beri jahonning mustaqil davlatlari tomonidan sakkiz yuzga yaqin konstitutsiyalar yozildi, qabul qilindi, oʻzgartirildi va bu jarayon haligacha davom etib kelmoqda. Bu tatbiq etish va oʻzgartirishlarning boisi esa, albatta, inson huquqlari, jamiyatning farovonligidir.

 

 

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng, tabiiyki, davlat tuzilishi, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimi, ularning vakolatlari va shakllantirish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, sud tizimi, jamiyat va shaxsning hamda davlat va jamiyatning oʻzaro munosabatlarini belgilab beradigan asosiy qomusga ehtiyoj yuzaga kelgan edi. Ammo konstitutsiyamizni yaratish yoʻlidagi birinchi qadamlar bundan biroz ilgari, aniqroq aytganimizda, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi uchun qilingan saʼy-harakatlar barobarida tashlangan edi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki mustaqil Oʻzbekiston konstitutsiyasini yozish uchun, avvalo, oʻz tilimiz rasman tan olinishi juda muhim edi.

 

Foto: Daryo.uz

 

Bundan keyin ham Bosh Qomusimiz tuzilishiga qadar yana bir necha muhim qadamlar dadil qoʻyildi. Jumladan, 1990-yilda Oʻzbekistonda ilk bor prezidentlik instituti tashkil etilishi va davlat ramzlarini taʼsis etish boʻyicha komissiya tuzilishi; “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning eʼlon qilinishi va nihoyat Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilishini aytib oʻtish muhim.

1990-yil 21-iyun kunida tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiyaga Birinchi prezident Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar va mutaxassislardan iborat jami 64 kishilik jamoa yigʻildi, ikki yil davomida konstitutsiya loyihasi ishlab chiqildi. Ikki yil davomida bir necha bosqichli muhokamalardan oʻtgach, 1992-yilning 8-dekabrida Bosh Qomusimiz qabul qilindi.

Yuqoridagi maʼlumotlarni bekorga keltirganimiz yoʻq. Mana oradan 31 yil oʻtibdi, shuncha yildan buyon, xalqchil qomusimiz qabul qilingan sanani umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelmoqdamiz. Oradan yillar oʻtib, dunyo ham, jamiyat ham, insonlar ham oʻzgardi. Endi oldimizda qomusimizni yana-da xalqchilroq koʻrinishda yangilash vazifasi paydo boʻldi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning paydo boʻlishi bilan bogʻliq jarayonlardan, muhokamalardan xabaringiz bor, deb oʻylayman. Chunki bu gal Konstitutsiya loyihasida nafaqat ekspertlar, balki fuqarolar ham qatnashish imkoniga ega edi. Shu jihatdan ham oltmish besh foizga yangilangan Konstitutsiyamizni fuqarolarning bevosita faolligi natijasida yuzaga insonparvar qomus deb atasak mubolagʻa boʻlmaydi.

Joriy yilning 1-mayidan eʼtiboran kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasida moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar soni esa, 245 tadan 434 taga koʻpaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlari ustuvorligini taʼminlovchi oʻrinlar talaygina ortgan. Jumladan, yangi Bosh Qomusimizning ikkinchi boʻlim (“Inson va fuqaroning asosiy huquqlari va burchlari”) 20-moddasida shunday qayd etilgan:

“Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”.

 

 

Toʻgʻri, inson huquqlari doim qadrlanishi kerak. Ammo bunda yakka insonni, yaʼni har kim oʻzinigina tushunmasligi lozim. Buning uchun esa insonning boshqa insonlar oldidagi burchini ham aniq qayd etish lozim. Yangilangan Konstitutsiyamizning 21-moddasida ayni mana shu nozik jihat ham eʼtiborga olinganiga guvoh boʻlamiz:

“Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklariga putur yetkazmasligi shart”.

Soʻnggi yillarda yurtimizda taʼlim sohasiga, oʻqituvchilar faoliyatiga muntazam eʼtibor qaratilayotgani hech kimga sir emas. Buning yana bir isbotini yangi qomusimizga oʻqituvchilar haqida alohida modda (52-modda) qoʻshilganidan ham bilib olish mumkin. Mazkur modda ikki banddan iborat:

“O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish va tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.

Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʼsishi toʼgʼrisida gʼamxoʼrlik qiladi”.

Qolaversa, sobiq Konstitutsiyamizning 1-moddasida qayd etilgan “Oʻzbekiston – suveren demokratik davlat” jumlasi yangi tahrirda quyidagicha keltirilgan:

“Oʻzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatdir”.

Yangi Konstitusiyamizning oltinchi boʻlim (“Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish tartibi”) 154-moddasida esa yuqoridagi moddaning oʻzgartirilmasligi haqida qatʼiy yozilgan:

“Ushbu Konstitutsiya 1-moddasining va ushbu modda ikkinchi qismining qoidalari qayta koʻrib chiqilishi mumkin emas”.

Soʻz va matbuot erkinligi taʼminlanayotgan bir davrda ommaviy axborot vositalarining faoliyati haqida ham zarur qoʻshimchalarni kiritish ahamiyatli edi. Shu boisdan ham avvalgi konstitutsiyaning birgina moddadan iborat “Ommaviy axborot vositalari” nomli bobiga yangi tahrirda yana bitta modda qoʻshildi va “Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʼlishi" alohida taʼkidlab oʻtildi.

Sirasini aytganda, yangilangan qomusimizda inson huquqlarini himoya qilishga, davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatni yana-da yaxshilashga, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirishlar talaygina. Xalqimizning bevosita ishtiroki bilan dunyoga kelgan yangi Konstitutsiya yurtimiz farovonligi yoʻlida umrbod xizmat qilishiga aminmiz.

Shohrux USMONOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 353
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21316
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//