Almisoqdan qolgan qo‘rquv


Saqlash
11:10 / 29.10.2021 1230 0

Bizga  kimlar  kerak?

…mutelarmi, manqurtlarmi yoki xuddi suyuqlikdek turli shaklga kiradigan olchoqlar-u yengilning ustidan, og‘irning ostidan yuradigan “qochoq”larmi? Harholda, aytganidan qaytmaydigan o‘r, e’tiqodda sobit gajirlarga tobi-toqatimiz yo‘qligi aniq.

Adashmasam, imperator Birinchi Pyotr edi shekilli, qaysidir universitetga qadam ranjida qilar bo‘libdi. U bilan uchrashuvga namunali talabalar saralanibdi. Yoshlik – beboshlik, deydilar, beboshlardan birovi gustohlik qilib, oqpodsho bilan gap talashib qolibdi. O‘z oti qolib, jahl otiga mingan imperator universitet rahbariyatiga qarata: “Bizga aqlli talabalar emas, intizomli talabalar kerak!” degan ekan. Shunday qilib, har kimning o‘z qarichi bor: yaxshi talaba deganda, birov tartib-u odob me’yorlariga o‘lguday amal qiladigan, boshqa birov esa o‘z so‘zi, o‘z yuziga ega talabani tushunadi.

To‘g‘ri, hech bir jamiyat munosabatlarni tartibga soluvchi me’yorlarsiz yashay olmaydi. Ammo shunisi ham aniqki, olg‘a yurmagan ortda qoladi, jamiyat bardavomligi yangilanishlarga bog‘liq. Yangilik qilishga esa o‘ta intizomlilar emas, joni ichiga sig‘maydigan “buzg‘unchi”lar jur’at topadi. Chunki bunyodkorlik ham… buzishdan boshlanadi, aslida.

Ustabuzarmonlik barcha bolalarga xos. Qiziqadi-da, nega radio gapiradi, ichida kimdir bormi? Nega soat chiqillaydi?.. Buyuk kashfiyotlar ana shunday savollardan boshlanadi. Oldiniga radio buziladi-yu, qayta tuzalmaydi, keyin-keyin bir-ikki sochib-terilgach, bulbuldek sayray ketadi. Taqiqlar esa bolaning shashtini bitta-bitta sindirib boradi. Shu bois yigirmadan hatlagan o‘smirlarning aksari yetmishni urib qo‘ygandek mulohazakor, yoshlik jo‘shqinligidan mahrum bo‘lib qoladi yoki ertadan umidi yo‘q iste’molchiga aylanadi. O‘zi shunaqa: dastlab bolalarga gapirishni o‘rgatgan kattalar keyin butun umr sukut saqlashni uqtiradi. Keyin nima bo‘ladi? Keyin… “och qornim – tinch qulog‘im” shiori asosida yashay boshlaymiz. Shu tarzda ruhi singan mutelar-u dunyoni suv bossa to‘pig‘iga kelmaydigan beg‘amlar tarbiyalanadi...

Bizga shundaylar kerakmi?! Bilaman, bu savolga “yo‘q” deb javob berasiz. Lekin amalda-chi? Fikr, so‘z va amalni bir qilib yashashni chidaganga chiqargan, axir! 

Yozuvchi – axloqsiz odam, degan edi amerikalik mashhur adib Uilyam Folkner. Iste’dodlarni omma har doim telbaga chiqargan. Chunki ular jamiyatning turli tartib-u cheklovlariga ko‘navermaydi-da. Odamzod esa hammani o‘ziga o‘xshatgisi keladi, sal boshqacharoqlarni qabul qilolmaydi: sig‘dirmaydi,ishdanhaydaydi, ajratibqo‘yadi. Ammo, asli, taraqqiyotcharxini ana shunday telbalarharakatlantirib kelayotibdi.Biz – o‘rtamiyonalar esa bu haqiqatnitanolgimizkelmaydi. “Xalq dahosi” iborasini takrorlab dilga taskin beramiz go‘yo. Bu bilan xalqning, demakki, uyushib, to‘dalashib yashayotgan o‘zimizning kuchimiz, salohiyatimizni bo‘rttirib ko‘rsatmoqchi bo‘lamiz. Masalan, ketmonni kim kashf etgan? Xalq! Non yopishni-chi? Xalq! Nima, uch-to‘rt millionlik xalq bir joyga o‘tirvolib, o‘ylab topganmi? Yo‘q, azizim, bog‘ daraxtlardan iborat. Xalq dahosini ham ko‘pchilik xushlamaydigan “telba”lar yaratadi.

Yoshlardan ko‘p narsa kutiladi, negaki, ular jamiyatni yangilovchi hujayralardir. Lekin o‘rindiqqa mustahkam o‘rnashib olib, otilib chiqqan har bir navqironni ko‘kragiga tepib qulataversak…

Bizga kimlar kerak o‘zi? Qanoti qayrilganlarmi, ruhi singanlarmi? Yo‘q, xato qilish erkinligini o‘z ichiga olmagan erkinlik – bir tiyinga qimmat erkinlik. O‘z “telba” farzandlarining erkaliklarini ko‘targan xalq yashovchandir!

 

Eski  strategiya

Juda qadimiy bir ertak bor: arslon, buqa va tulki haqida. Baquvvat muguzi va o‘tkir tishlariga ishongan o‘rmon zo‘raborlarini ojizgina tulki mavh etadi. Eski strategiyani ishga solib, raqiblarni bir-biriga qayrab qo‘yadi, xolos.

Shu ertakni aytib berib, bolalardan so‘rayman: “Sizlar ertakdagi qaysi hayvonga o‘xshashni istaysizlar?”. “Arslonga!”, “Buqaga!” deya chug‘urlay boshlaydi ular…

O‘ylanib qolaman: ul zamonlar o‘tib ketmadimikan?! Hozir bilakka emas, bilimga ishonadigan davr keldi-yov. Ehtimol, hayotda arslonga aylanguncha tulkilik qilib turish kerakdir?! Ehtimol, hayotda buqalik gashtini uzoqroq surish uchun tulkilik qilib yurish kerakdir?! Ehtimol…

Hammani hayratlantiraman: tulki bo‘lgim kelyapti! Eng avval asl tulkilar kuladi ustimdan! Chunki tulki hech qachon tulki bo‘lgisi kelmaydi. Chunki hech qachon tulkilikni eplolmaganlar tulki bo‘lgisi keladi. Chunki…

Xayollarim chalkashib ketadi: kim arslon-u kim buqa-yu kim tulki… – bilib bo‘lmaydi. Hayot ssenariysida rollar palapartish taqsimlangan: tulkilik qilib arslon-u buqa maqomini egallavolganlar qancha?! Buni uddalay olmagan muguzdor-u o‘tkirtishlar esa…

Bo‘ldi, bas, aniq qarorga kelaman: yashasin tulkilar! Keldi tulkilar zamoni! Bizning zamon! Ur-rey!!! Odatda, bolalar shunday qichqiradi.

 

Sovunko‘pik

Zamondoshlarimizga “Birinchi kosmonavt kim bo‘lgan?” deb so‘rang, hamma darhol “Yuriy Gagarin!” deb javob beradi, deya yozg‘irib yozadi bir vatandoshimiz. Birdan sergak tortasiz. Buning iddaosiga qaraganda, Gagarindan oldin bizdan biror kim kosmosga uchgan ko‘rinadi! Har narsaning soxtasi chiqayotgan bir zamonda yashayapmiz, balki Yuriy Gagarin ham soxtadir? Yo‘q! Yozg‘iruvchi so‘zida davom etib, “Forobiy, Beruniylarga zamondosh Ismoil Javhariy nomli ajdodimizning o‘zi yasagan qanotlar bilan parvoz qilgan”i haqida ma’lumot beradi va eski tuzum davrida tariximizning bunday yorug‘ lavhalari cheklab o‘tilganiga o‘zicha sabab qidiradi: “xalqimizning milliy g‘ururi kuchayishidan cho‘chib, balki Yuriy Gagarinning shuhratiga soya solishi mumkin, degan o‘yga borib”, Shayxzodaning “Javhariy farzandim samoga uchgandi” degan misrasi bosilishiga ruxsat berilmagan.

Vatandoshimizning “Birinchi kosmonavt Gagarin emas, Javhariy!” deya dag‘dag‘a qilishi menga g‘alati tuyuldi. Har ne evi bilan, axir! To‘g‘ri, har bir inson milliy g‘ururdan mosuvo bo‘lmasligi kerak, lekin, harholda, no‘xat tarvuzdan katta deydigan darajada jinni bo‘lmaydi-da odam! Yasama qanotlar yordamida uchishga uringan kishi soniyasiga 7-11 km tezlikda harakatlanadigan kosmik kemada koinotga parvoz qilgan fazogirning shuhratiga soya solishi mumkinmi? Qolaversa, qanot yasab samoga uchgan aka-uka Dedal va Ikar haqida qadimgi yunon afsonasi-da bor. Bu borada ham biz birinchi emasligimizni unutmaylik! Mayli, u bir afsona bo‘laqolsin. Biroq Javhariy parvozini Gagarin shuhrati bilan emas, Leonardo da Vinchining uchish qurilmasini ixtiro etishi bilan solishtirish mantiqqa yaqinroq, nazarimda. Shu da’voni ilmiy isbotlab, jahon afkor ommasiga tan oldirishdan keladigan shuhrat ham yetadi bizga, aslida. Axir, Yevropa payg‘ambar darajasida ulug‘laydigan Da Vinchidan to‘rt-besh asr oldin qo‘lbola qanotda parvoz qilish ham chakana ish emas…

Ha, bizning dunyoga da’vomiz ko‘p. Jahon ilm-fanida Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishini Galiley, Yer quyosh atrofida aylanishini Kopernik kashf qilgan degan qarash hukmron. Aslida, ulardan 4-5 asr oldin Beruniy zabt etgandi bu cho‘qqilarni. Yerning narigi tarafida quruqlik (Amerika materigi) borligini ham farazan aytgan u. Necha asrlardan buyon dunyo xalqlari ko‘r-ko‘rona ishonib kelayotgan ilmiy yolg‘onlarni fosh etuvchi, xalqimizning insoniyat sivilizatsiyasidagi o‘rnini bir necha pog‘ona yuksakka ko‘taruvchi dalillar oz emas. Jahon ahliga Buyuk mo‘g‘ullar emas, Boburiylar imperiyasi ekanini singdirish uchungina o‘zbek ziyolilari ozmuncha zahmat chekishi kerakmi hali. Shunday bo‘laturib, eshitgan odamning kulgisini qistatadigan da’vo-yu iddaolar bilan bashariyat oldiga sovundek ko‘pirib chiqsak… Bu bir paytlar Ma’mun akademiyasi, Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabi singari ilm-fan o‘choqlarini yaratib, insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan allomalarning vorislariga yarashadimi?   

 

Yolg‘on  tasalliga  inonib...

Uchinchi qavatda o‘tiribman. Binoning orqa hovli tomoni bor bo‘yicha oynavand. Tashqaridan qaragan odam qora oynada o‘zini, osmonni, daraxtlarni, favvorani, beton to‘shamani ko‘radi – necha bor o‘tganda e’tibor qilganman bunga. Ichkaridan qaragan odamga esa barchasi kaftdek namoyon, faqat o‘zining aksidan boshqa. Orqa hovlida ora-sira paydo bo‘ladigan odamlarni kuzataman: aksari o‘z dardida qaygadir shoshiladi; qayerda yuribdi, oyog‘ining tagida nima bor – asfaltmi, betonmi, atrofida nima bor – gulmi, tikanmi, bariga befarq o‘taveradi. Xayoli band, lekin xatti-harakati risoladagidek. Ba’zan esa shundaylar ham uchrab qoladi: u yoq-bu yog‘iga alanglaydi-da, hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, bir qiliqsiydi, bir qiliqsiydi; yo yo‘l-yo‘lakay kerishadi, yo raqsdagiday muqom qilib qo‘yadi, yo... Xullas, hech biri o‘zining kuzatiluvchi ekanini, qayerdadir kuzatuvchi borligini payqamaydi. Boya aytdim-ku, qora oynaga qarasa, o‘zini va yon-verini ko‘radi, ichkari esa ko‘rinmaydi...

Daf’atan qo‘rqib ketaman. Hech kim ko‘rmayapti degan yolg‘on tasalliga inonib qilgan qilg‘iliqlarimdan tortib miyamda g‘ujg‘on o‘ynayotgan yaxshi-yomon xayollarimgacha, shar’iy-noshar’iy mayllarimgacha... bari-bari Ilohiy Nazarga zarrabindagidek namoyon-ku! Bo‘ylamasiga ham, enlamasiga ham – 360 gradusdan kuzatilayapman-ku! Tash-tashimga dovur, ich-ichimga dovur...

Ushbu satrlarni bitar ekanman, qalbimni taftish etaman: menga bildirilgan haqiqatni o‘zgalarga yetkazish niyati kuchlimi yo shu bitiklar vositasida bandalarining olqishidan umidvorlikmi?.. Tavba, hatto oxirgi iqrorimda ham “men”, “Men”, “MEN”... kuchli-ya?! 

Yo so‘fiy bobolarim! 

Yo so‘fiy bobolarim!

Yo so‘fiy bobolarim!

Siz nafs bilan olishuvda qanchalar kuchli bo‘lgansiz? Siz almisoqdan qolgan qo‘rquv oldida qanchalar ojiz bo‘lgansiz? Shu ojizligingiz “men”ga qarshi jangda kuch berganmi?!

Ojizligimni anglaganim sari kuchayib boraman. 

Kuchimga ishonganim sari ojizlanib qolaman. 

O‘zimga kelaman, O‘ziga boraman. 

Shu ikki orada ovoraman...

Farrux JABBOROV

“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 4-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 129
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19162
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15958
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi