“Davlat ishtirokini maksimal minimallashtirish kerak”, “Jamoatchilik kitoblarni tanlashda faol boʻlsin” – “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi qanday boʻlishi kerak?


Saqlash
20:36 / 05.12.2023 797 0

Oʻtgan hafta mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy hayotidagi eng katta yangilik – Prezidentning “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori boʻldi.

 

3-dekabr, yakshanba kuni Oyina.uz portalining X (Twitter) sahifasida mazkur mavzuda chat tashkil etildi. Tarjimon A'zam Obidov, Yoshlar ishlari agentligi boʻlim boshligʻi Mehrinoz Abbosova, loyiha menejeri Xurshid Yoʻldoshev mehmon sifatida chaqirilgan chatga jurnalist Inobat Ahatova moderatorlik qildi.

 

Chatda bildirilgan ayrim fikrlardan keltirib oʻtamiz.

 

Mehrinoz Abbosova: Loyihaning dastlabki qismida ilmiy-ommabop kitoblar tarjima qilib, chop etish masalasi oʻylanyapti. Badiiy, ilmiy-ommabop asarlar, bolalar uchun kitoblar ham oʻrin oladi. Mingta deb olingani ham chegara emas, katta bir maqsad, unga birdan erishib boʻlmaydi, albatta. Qarorda mobil ilova ishlab chiqish ham koʻzda tutilgan. Kitoblar tarjimasi, ishni har tomonlama sifatli boʻlishiga agentlik mas’ul hisoblanadi. Shu bois biz sohada yetarli tajribaga ega Xurshid Yoʻldoshevni menejer sifatida taklif etdik.

 

Xurshid Yoʻldoshev: Loyihada birinchi yil uchun qoʻyilgan vazifa tanlab olingan 50 ta kitob tarjimasini nashriyotlar bilan birga tashkil etish. Loyiha bir yildan beri oʻylab kelinayotgan edi. Rejalar, ekspertlar, kitoblar roʻyxati tuzilgan edi. Yaqinda ekspertlar tanlagan kitoblar roʻyxati ommaga e’lon qilinadi. Ekspertlar kengashi ham tasdiqlangan, va ular ham e’lon qilinadi. Nashriyotlar qanday tanlanadi? Istagan nashriyot loyihada ishtirok etish uchun murojaat qilishi mumkin. Tarjima, tahrir, nashr etish jarayonini sifatli amalga oshira olsa boʻldi. Jarayon oshkora boʻladi. Nashriyotning ish tajribasi, ularda malakali muharrirlar borligi, tarjimani asliyatdan qiladigan va ikkita tilni solishtirib tahrir qiladigan muharrirlar borligi muhim talablardan biri.

 

Chatda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ham ishtirok etdi. Ish jarayonini tashkil etish, tenderlarda shaffoflikni ta'minlash masalalariga toʻxtaldi.

 

Alisher Sa’dullayev: Tenderlar qanaqa oʻtishi, mablagʻlar qanday sarflanishini men hal qilmayman, jamoatchilik belgilab bersin. Biz jamoatchilik orasidan ekspertlarni tanlab olaylik, haq toʻlaylik. Ular mas’ulyatni olsin, ochiqlikni ta’minlasin. Biz loyihani mana shunday ochiqlik bilan olib borishga tayyormiz. Qarorda aytilgan 20 mlrd soʻm hali bizga berilgani yoʻq. Keyingi yilga qoʻshib berilishi mumkin. Byudjet qonun bilan tasdiqlanadi, bu borada ishlayapmiz. Ungacha agentlik byudjetidan qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz.

Loyihada Yoshlar agentligi byurtmachi. Jamoatchilik, ekspertlarning oʻzi hal qilsin. Davlat ishtirokini maksimal darajada minimallashtirish kerak.    

 

A’zam Obidov: Loyiha xalq pulidan moliyalashtirilyaptimi, iltimos qilaman mas’ullardan, tender, nashriyot tanlashda ham halol boʻlinglar, korrupsiyaga yoʻl qoʻymang. Hamma oʻqiydigan eng zarur kitoblarni tanlab tarjima qilinglar. Jamoatchilikdan kitoblarni tanlashda faol boʻlishni soʻrayman. Hadeb dunyo adabiyotini tarjima qilamiz demasdan, oʻzbek adabiyotini xorijga chiqarish uchun ham mablagʻ ajratinglar.

 

Chatda bookblogerlar, jurnalistlar, tarmoq foydalanuvchilari ham oʻz fikrlari bilan ishtirok etdi. Chatning toʻliq variantini Oyina.uz portalining X (Twitter) va Youtube sahifasida tinglashingiz mumkin.

 

Oyina.uz’ni Telegramda oʻqing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 79
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 269
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//