Siyqalashtirib yuborilgan tuyg‘ular, yoshlarni eshitmaydigan kattalar – “surish kerak” tendensiyasi qanday paydo bo‘lyapti?


Saqlash
12:12 / 05.12.2023 555 0

Dunyo o‘zgarib borayapti. Bu jarayonda tomir tushunchalarga qarashlar va munosabatlar ham o‘zgarayapti. Ayrim yoshlar bilan suhbatlashsangiz, xorijga ketmoqchi ekanini aytadi. Ular yashash sharoiti qulay bo‘lgan joylarga ko‘chib yurish to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaydi. Ammo Boburning “Hind sori yuzlandim...”, degan hasratini eslab, javobsiz savollar girdobida qolasiz. Xo‘sh, yoshlarda xorijga ketish istagi paydo bo‘lishining sababi nima? Bu qanchalik to‘g‘ri yo chalkash yo‘l? Bu kabi savollarga javob topish uchun taniqli publitsist, tarjimon, yozuvchi Qulman Ochil va jurnalist, “Mahalla” telekanali direktori Ikrom Choriyevlarga yuzlandik.

 

 Boboravshan G‘oziddinov:

  

– Vatanparvar insonni qanday tasavvur qilasiz?

  

Qulman Ochil:

 

 

– Hamkasblarimiz bilan ma’rifatli bir anjumanning birinchi kuni ajoyib ma’ruza tingladik. Tinimsiz savol-javob qildik. Ertasi kuni ha deganda voizimiz kelavermadi. Ilhaq kutdik. Kelmadi.  Ma’lum bo‘ldiki, Andrey (afsus, familiyasi yodimda qolmabdi) 24-fevral kuni erta tongda ona yurti – Ukrainaga jo‘nab ketibdi. Vatanida urush boshlanganidan xabar topgan yigit aytibdiki, qalamimni endi qurolga almashtirishga majburman. Notinch yurtidan xiyla uzoqda – osoyishta o‘zbek diyorida huzur-halovatda, kattagina maosh olib, o‘z ishini bemalol davom ettiraversa, birov uni ayblay olmasdi. Nufuzli xalqaro tashkilotning obro‘li vakili edi.  Lekin Vatanining, xalqining boshiga kulfat tushganini ko‘rib, chin farzand, iymonli inson sifatida qarab turolmadi: “Mabodo, boshqa ko‘risholmasak, uzr so‘rayman!” Ko‘p o‘tmay shum xabar tarqaldi: “Og‘ir janglarning birida dushman o‘qiga uchibdi!” Iymonli, mas’uliyatli va tiynatida fidoyilik alomatlari barq urib turgan inson edi, o‘sha hamkorimiz.

 

 Ikrom Choriyev:

 

 

– Men masalaning boshqa jihati haqida gapirmoqchiman. Bu so‘z va tushunchani uzoq yillardan beri kerak-kerak emas joylarda shu qadar ko‘p va xo‘p istifoda etdikki, endi u lab jiyirish, ensa qotirish bilan qabul qilinadigan bo‘lib qoldi. Savolingizdan kaminaning ham peshonasiga tirish tushganini yashirmayman. Buni zinhor vatansuymaslikka yo‘ymang, bo‘ldi-bo‘lmadi, xalta-xurjunini ko‘tarib, allaqayga surib qolishni ayuhannos soladigan ba’zi injiq yoshlar kayfiyatiga ham mengzamang. Muqaddas so‘z va tushunchalarni hech qachon siyqalashtirmaslik kerak. Endi savolingizdagi “vatanparvar inson qiyofasi”ga  kelsak, nuqul ko‘z oldimga Ochildi bobo keladi, deng. Bobo mo‘jazgina shaharchamiz biqinidagi qishloqda yashardi. Uning ellik tanobcha yeri bo‘lib, biz o‘qiydigan maktabning shappatida joylashgan edi. Har tanaffusda boboning bo‘yidan ikki baravar yuqori ko‘tarilib, har ko‘tarilib tushganida quyosh shu’lasida yarqirab ketadigan ketmon bilan yer chopayotganini ko‘rardik. Jazirama kunlarda ham egnida chopon bilan bobo ketmon urardi. Albatta, shaharning ishyoqmas bolasi sifatida boboga havas bilan qaramaganimiz aniq.

 

90-yillarning boshida hammaga tomorqa uchun yer berildi. Bizga ham Ochildi boboning yeriga qo‘shni hududdan tomorqa ajratildi. Yakshanba kunlari bir to‘p ishyoqmas aka-ukalar o‘sha yerga borib bir nimalar qilgan kishi bo‘lib qaytamiz. Shu asnoda bobo bilan gurung qiladigan bo‘ldik. Men keyinchalik, talaba bo‘lib, odamning farqiga bora boshlagan kezlarimda Ochildi boboni ataylab qidirib boradigan, suhbatini oladigan bo‘ldim. Boboning gurunglari shu qadar sodda va samimiyki, hozir bundayini kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz. Bobo yer haqida, ekin-tikin, hosil to‘g‘risida gapiradi, umrida bir bor ko‘rmagan men o‘qiyotgan katta shahar haqida maydalab so‘raydi. Tabiiyki, Ochildi bobo bilan gurunglarimizda “vatan” so‘zi aytilmasa-da, aslida hamma gap shu mavzu atrofida bo‘ladi. Men otaning biror marta noligani, turmush qiyinchiliklari-yu, dehqonning kosasi oqarmayotganidan zorlanganini eshitganim yo‘q. Tez-tez “Xudog‘a shukur”, deb qo‘yguvchi edi. Holbuki, zamon og‘ir, bir tishlam non “arzanda” vaqtlar edi. Boboning turmushida ham kemtikliklar ko‘pligini har-har zamonda otamdan pul qarz so‘rab turganidan bilaman. Yana men ko‘p eslab yuradigan gap esa mana bu: “Ulim, qish oylari juda qiyin o‘tadi, sovuqdan emas, ish jo‘qligidan, jer chopolmaganimdan.” Hozir o‘ylab qarasam, dunyodagi eng vatanparvar, elsuyar odam Ochildi bobo bo‘lib ko‘rinadi. U kishi bu tuyg‘ularning hammasini yer bilan, uni obod qilish ishqi bilan birga tasavvur qilgan bo‘lsa kerak. Bobo maktab ko‘rgan, televizor ko‘rgan va albatta, ko‘p balandparvoz so‘zlarni eshitgan. Lekin bunday odamlar siz-u bizdan farqli o‘laroq, davralarda yangroq ovoz bilan bu so‘zni aytmaydi, minbarlardan turib  chinqirmaydi. Yurtni, eldoshlarni jimgina sevadi. Bir hovuch bo‘lsa ham el rizqini undirishni o‘zining hayotiy burchi deb biladi. Faqat Ochildi boboga qish qiyin o‘tadi, chunki ishlayolmaydi, rizq-ro‘z yaratolmaydi, vatanni ketmon bilan obod qilolmaydi. U zorlansa, faqat shundan zorlanadi...  

  

 

Boboravshan G‘oziddinov:

 

– Yoshlar o‘rtasida biron adolatsizlik yoki ijtimoiy muammoga duch kelsa, rivojlangan mamlakatlarga qarab “surish”  ko‘yiga tushadiganlari uchrab turadi. Boshqacha aytganda, muammoni hal qilishga bosh qo‘shishdan ko‘ra, juftakni rostlash yo‘lini ma’qul ko‘radi. Bunday kayfiyatning paydo bo‘lish sabablari nimada?

 

 

 Qulman Ochil:

 

– Bunday kayfiyat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligi ayon. Qayerdaki, adolat tamoyillari buzilsa, o‘sha yerda, ayniqsa, hali hayotiy tajribasi kamroq yoshlar ko‘nglida, o‘kinch paydo bo‘lishi tabiiy. Bunda yoshlarga xos maksimalizmning alomatlari ham yo‘q emas. Ayni jarayonda muammoning oqibatini emas, sababini – so‘z va a’mol birligini, qonunga itoat va qonun oldida barchaning tengligini, qilmish uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga e’tiborni yanada kuchaytirgan jamiyat yutadi. Ijtimoiy tarmoqlarda mutaraqqiy mamlakatlarga “surishga shay” yoshlarning fikrlariga unda-bunda ko‘zim tushganida, shunchaki jilmayib qo‘ya qolaman. Bu nevaraning bobosiga: muzqaymoq olib bermasangiz, bugun bog‘chaga bormayman, degan xarxashasini eslatadi. Farzandlarimiz ba’zan erkalik yoki sarkashlik qilsa, to‘nimizni darhol teskari kiyib olmaylik. Ular birovning emas, o‘zimizning zurriyodlarimiz. Bugungi yoshlar buzilib ketdi, deb vahimaga tushib, ularni xoinga chiqarishga shoshilmaylik. Avvalo, o‘zimiz ularga hayotda ibrat-u namuna bo‘lib, insoniylig-u adolatdan saboq beraylik.

 

Yana shukur qilaylikki, ayni sarkashlikning zamirida ulug‘ bir hikmat – yuksalish bor. “Temir qafas” ichida – qizil imperiya davrida suyagi qotgan yoshi ulug‘lardan farqli o‘laroq, farzandlarimiz o‘zining mustaqil Vatani – Yangi O‘zbekistonda, dunyoga bag‘rini keng ochgan, demokratik mamlakatda emin-erkin yashamoqda. Bir necha tilni biladi. Chet ellarda o‘qish, ishlash, dam olish – ular uchun odatiy hol. Qarangki, bundan qariyb o‘ttiz besh yil avval atoqli shoirimiz Erkin Vohidov suhbatlarimizdan birida armon bilan aytgan gaplar yodimga tushdi. “Robindranat Thokurning bir she’ri bor, – degan edi Erkin aka. – Ona Hindiston! Farzandlaringni bunchalar sevib bag‘ringga bosmasang! Sen ularni qo‘yib yubor. Chiqsin. Dunyo bo‘ylab parvoz qilsin. El-yurtlarni ko‘rsin. Boshi omon bo‘lsin. Bir kuni qaytib kelib, sening kuningga yaraydi, ular. Keyinroq Abdulla Oripovning “Qo‘yvor nabirangni, otajonim Sharq” degan she’ri paydo bo‘ldi.

 

Men ham bugun ona O‘zbekistonimizga shunday murojaat qilgim keladi: sen ham sevikli farzandlaringni hadeb bag‘ringga bosib o‘tiraverma. Xorijga chiqsa, kapitalizmning yuqumli kasaliga chalinib, dunyoqarashi o‘zgarib ketadi, aynib qoladi,  deb cho‘chima. Ularni butun dunyoga yubor… Buning uchun qudrating yetadi. O‘n besh-yigirma, balki undan ham ko‘proq talabani Ovrupo, Amerika, Osiyo mamlakatlariga o‘qishga yuborib, tarbiyalasang, ertaga kuningga yarashi muqarrar…” O‘zbek donishmandining ezgu orzulari bugun mo‘l-ko‘l ushalib turganini ko‘rib turibmiz. Xorijda tahsil olayotgan qorako‘zlarimiz 150 mingdan oshganini eshitgandirsiz. Millatimizning eng bebaho boyligiyam, davlati-yu savlatiyam, ertangi kuniyam ilm va bilim yo‘lida zahmat chekayotgan yoshlarimiz! Eslaylik, o‘tgan asrning avvalida Ovrupoda ta’lim olgan va bugun biz jadid bobolarimiz deb faxrlanadigan bor-yo‘g‘i yigirma chog‘li yigit-qiz – ma’rifatparvar fidoyilar – mudrab yotgan butun Turkistonni uyg‘otib yubormaganmidi?!.. Endilikda jamiyatimiz boshidan kechayotgan erkinlik jarayonlari milliy yuksalish sari qo‘yilayotgan dadil qadamlardir.

 

 

 Ikrom Choriyev:

 

– “Surish” fikrining genezisini sal chuqurroqdan izlash kerak. Jamiyatdan, ulusdan qochish, bugungi til bilan aytganda “surish” istagi zo‘r badiiy talqin topgan mana bu baytga e’tibor qiling:

 

Parim bo‘lsa uchub qochsam ulusdin to qanotim bor,

 Qanotim kuysa uchmoqdin, yugursam to hayotim bor.

 

Albatta, Hazrat Navoiyning “ulusdan qochish” fikri bilan bugungi yoshlarning “surish” g‘oyasi o‘rtasida farq katta. Ammo men bitta umumiylikni ko‘raman. Ya’ni inson qachon bunday kayfiyatga tushadi, qachonki u bir natijadan qattiq umidvor bo‘lsa-yu, ul o‘lgur sodir bo‘lavermasa... Hazrat ulug‘ ruhoniy maqomga yetishish yo‘lidagi harakatlari natijasidan qoniqmasa, bugungi yoshlar orzu qilgan, o‘zlari ko‘rishni istagan hayotning tezroq ro‘yobga chiqavermaganidan kuyadi, ba’zan adolatning qaddi bukilib, qonunlardan ko‘ra dasti uzunlarning aytgani ko‘proq tosh bosayotganidan o‘kinadi. Shunday paytda ularning “surgisi” keladi. Yana ongli odamning dunyoni, borliqni komil ko‘rish istagi ham borki, shu his ham ba’zan jondan to‘ydirib yuboradi. Yoshlar undan “surib” qutulmoqchi bo‘lsa, Hazratga o‘xshagan daholar go‘zal san’at yaratadilar. Yoshlarning bunday ezgin kayfiyatga tushishini istamasak, davlat va jamiyatni muttasil isloh qilib borishdan, erkinlikni hayotimizning hamma jabhasiga dadil olib kirishdan, hayotdagi nedir bir kemtiklikni ko‘rib asoslidir, asossizdir tanqidiy fikr aytsa, unga toqat qilishdan va, albatta, har-har zamonda “surgisi” kelib qolayotgan yoshlarni eshitishdan chekinmasligimiz kerak, vassalom. Aslida, ular juda ko‘p narsa so‘rayotgani yo‘q bizdan. Muhimi, ular dunyoning qaysi burjida bo‘lmasin, qalbidagi Vatanni yo‘qotib qo‘ymasa bo‘ldi. Qolaversa, og‘alar, yoshlarning bu gaplarini ko‘pam jiddiy olavermaslik, bundan fojia yasamaslikni maslahat beraman.

  

 

Boboravshan G‘oziddinov:

 

– Jadid bobolarimiz bugungidan ko‘ra jiddiyroq muammolar girdobida yashagan. Ular jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, Vatanini ravnaq toptirish, mazlum xalqini ozod qilish uchun kurashgan. Ma’rifarparvar bobolarimiz va bugungi yoshlar o‘rtasida qanday uyg‘unlik va tafovut ko‘rasiz?

 

 

 Qulman Ochil:

 

– Mehnatsevarlik, adolat va ilmga chanoqoqlik, sabr-qanoat millatimizning qonida bor. Uyg‘unlik ana shunda. Ba’zan, e’tibor bersangiz, nafaqasi do‘kondan arang non-u choy xarid qilishga yetadigan yolg‘iz qariyadan ko‘ra, o‘sha hashamatli do‘konning navqiron xo‘jayini ko‘proq noliydi. Bu yog‘i endi qanoat-u tafovutga tobin. Inson o‘zi shunday yaralgan – erkinlik, farovonlik, boylik kabi hammaga va hamisha ham nasib etavermaydigan ne’matlarga tezroq va mo‘lroq erishishni istaydi. Qancha do‘rji bo‘lsa, shuncha kamdek tuyulaveradi. Ehtiyojning esa had-cheki yo‘q.

 

Ammo ortimizga birrov nazar tashlasak, dahshatli tush kabi tuyuladigan ayanchli manzaralar yodimizga tushmaydimi?! Eng zarur ne’matlarni qo‘ya turaylik, oddiy non, shakar, tuz xarid qilish ilinjida peshtaxtalari huvillab yotgan magazinlar oldida kallai sahardan yarim tungacha navbatda turmasmidik? Istiqlolimiz bergan imkoniyat o‘laroq, farovon yurtlarga ilk bor qadam qo‘yganimizda, “hatto moshinlarning magazinlarda sotilayotganini” ko‘rib, og‘izlarimiz lang ochilib qolmasmidi? Asrlar osha mustaqillik nashidasini surib yashayotgan qudratli davlatlar ahliga havasimiz kelishi, ulardan ulgu olishga intilishimiz tabiiy. Faqat qariyb 150 yil davom etgan istibdoddan xalqimiz kuni kecha xalos bo‘lgani-yu, har jabhada qaddini dadil tiklayotganini ba’zan unutib qo‘yayotgandekmiz.

 

 

 Ikrom Choriyev:

 

– Jadid bobolardan so‘z ochdingiz, rostini aytay, hamma millat o‘tmishida ham shunday tarixiy vaziyatlar bo‘ladiki, unda xalqning qahramonlari tabiiy ravishda va tabiiy ehtiyoj taqozosi o‘laroq tarix sahnasiga chiqib keladi. Bizda bu hodisa mustamlakachilar mamlakatni g‘orat qilib, qadriyatlar toptalgan, xalqlar maysaday ezilgan, ming yillik davlatchilik tarixiga ega xalqlarning ustidan kechagina o‘rmondan chiqib kelgan millat hukmfarmolik o‘rnatgan “moziyning eng kirlik, qora kunlari bo‘lg‘an” pallada bo‘y ko‘rsatdi. Tarixiy vaziyat taqozosi bo‘lib dunyoga kelgan bu qahramonlarning fidoyiliklari, jonnisorliklarini hamma davr odamlaridan talab qilaverish imkonsiz, deb hisoblayman. Dangalini aytganda, biz har qancha orzu qilmaylik, o‘zbekning onasi har yili jadid tug‘a olmaydi. Agar gap ilm egallash, shu orqali yurtni ravnaq toptirish haqida ketayotgan bo‘lsa, unda bu hamma davr odamlarining hayotiy a’moli bo‘lmog‘i lozim. Qolaversa, bugun bu ishni amalga oshirish jonni xatarga, boshni kundaga qo‘yish degani ham emas. O‘z ilm-zakosi bilan dunyoni lol qoldirayotgan yoshlarimiz ham borligidan ko‘z yummaymiz. Lekin 36 millionlik nufuzli xalqqa bu yetarli emasligini ham to‘g‘ri tushunamiz.

 

Bu yilgi test natijalari ilm-ma’rifat, ta’lim-maorif ishlaridagi nuqsonlarimizni suv betiga qalqqan moyday yuzaga chiqarib tashladi. Hisoblab ko‘ring, mustaqil bo‘lganimizdan beri o‘tgan 32 yilda ta’lim tizimi necha bor “tub islohot”ga giriftor bo‘ldi. Xalqning umumiy savodxonligi, ma’rifatida muhim o‘rin tutadigan yozuv-alifbo masalasida hali hamon bir qarorga kelolganimiz yo‘q. Har kuni o‘nlab shunday mazmundagi e’lon sizning ham telefoningizga kelayotgan bo‘lsa kerak: Necha ball to‘plagan bo‘lishingizdan qat’i nazar, bizning xususiy xalqaro universitetimizga kelib o‘qing yoki hech qanday imtihonlarsiz bizda talaba bo‘ling... Kirish oson-u, bitirish qiyin bo‘lgan mamlakatlarnikiday tizimimiz bo‘lsa edi, bunday yondashuvni oqlasangiz bo‘lardi. Bizda o‘qishga kirgan odamning bitira olmaganini hech eshitganmisiz? Otini yoza olmagan bola ertaga diplom olib xalq xo‘jaligini ko‘tarib berishiga hech ishonasizmi? Endi yoshlarning ilmga berag‘batligiga keladigan bo‘lsak, buning ham obyektiv va subyektiv taraflari bor. Nazarimda, ma’rifatga eng katta rag‘bat – intellektning pulga, moddiy mulkka aylanishiga erishish. Ya’ni aqli, ilmi bor odam shu ne’matlardan bebahra qavmdan ko‘ra to‘kisroq yashasa, hech kimni targ‘ib-tashviq qilib o‘qitishga hojat qolmaydi. Rivojlangan dunyo tajribasi shunday.

 

Bugungi suhbatimizning bosh mavzusi bo‘lgan vatanparvarlik tuyg‘usi ham ana shu yerdan o‘sib chiqadi, deb o‘ylayman. Axir, ma’rifatsiz odamni, qalbi tarbiyalanmagan kimsani vatanvarparvar qilib bo‘ladimi? U faqat qorin g‘ami bilan yashaydigan nafs bandasi, ishkamba asiridan boshqa yana nima bo‘ladi? Demoqchimanki, sovet demagoglari kabi odamlarni nuqul fidoyilikka, o‘zidan kechishga, deylik olim faqat ilm dargohlarining tuprog‘ini yalab, bitta kamzul bilan kifoyalanib yashashga targ‘ib qiladigan daqqi usuldan emas, zamonaviy dunyo tutgan ilm, bilim – bu mulk, farovon hayot degan tutumlardan ulgu olish pallasi allaqachon yetdi. Shunda hech bir yosh “surish” haqida, boshqa ellarning yo‘l-yo‘laklarini supurish to‘g‘risida o‘ylamaydi, ozmi-ko‘pmi shu yerda olgan bilimini xorijga borib pulga, mulkka aylantirishga shoshilmaydi.

  

 

Boboravshan G‘oziddinov:

 

– Yoshlar ongiga vatanparvarlik tuyg‘usini kengroq singdirish uchun nimalarga ko‘proq e’tibor berishimiz, qanday yo‘l tutishimiz zarur?

 

 

Qulman Ochil:

 

– Bu yo‘l azaldan aniq va ravshan: ilm-ma’rifatga e’tiborni yanada kuchaytirishimiz zarur. Shukrki, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaralarini ko‘rib, ko‘nglim o‘sadi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasiga tez-tez borib turaman. So‘nggi paytda bu ma’rifat maskanida bir muhim o‘zgarish yaqqol sezildi. Xoh begim, xoh dam olish kuni bo‘lsin, qiroat zallarining birortasidan o‘tirgani joy topolmaysiz. Ertalabdanoq band! Liq to‘la! Deyarli hammasi yoshlar! O‘quvchi, talaba yoshlar! Shundoq parket polga o‘tirib olib, berilib kitob o‘qiyotganlari, nimalarnidir yozayotganlari qancha. Kutubxona bekalarining esa qo‘li-qo‘liga tegmaydi. O‘zim guvohman – ular ilgari bo‘m-bo‘sh zallarda zerikkanidan esnab o‘tirishar edi. Ey, Xudoyim, deb suyunaman, yoshlarimiz kitob o‘qimay qo‘ygan deb tashvish chekayotganlar kelib ko‘rsa edi, shu go‘zal manzarani! Yosh avlodning ma’rifatga bu buyuk intilishini hisobga olgan Milliy kutubxonamiz rahbariyati ish tartibini tubdan o‘zgartirdi: qiroatxonalar kun-u tun ishlashga o‘tdi! Albatta, yoshlarning uyida, bizning kechmish davrlarimizda bo‘lgani kabi liq to‘la kitob javonlarini uchratmaysiz. Endi u gaplar yo‘q. Chop etilayotgan kitoblarning tiraji ikki-uch ming nusxadan oshmasa, kimning qo‘lidan topasiz. O‘zining shaxsiy pasportini ham bosma matnda o‘qishni eskilikka yo‘yadigan elektron avlodning topgan-tutgani qo‘lidagi telefonida.

 

Shunday bo‘lsa-da, men yoshlarimizni badiiy mutolaa zavqidan butunlay bebahra deyishdan tiyilaman. Ular qo‘lidagi o‘sha “o‘yinchoq-ovunchog‘i”ni sal kavlasa, yetti iqlimning eng boy kutubxonalaridan istalgan tildagi, istalgan davrda chop etilgan kitob yoki gazeta-jurnalni topishi mumkin. Gap ana shu ganji dunyoga qo‘l uzatishni ranj deb bilmasligida. Binobarin, chakkasiga quloqchin tutgan yigit yoki qizga ko‘zimiz tushsa, hadeb ginador bo‘lavermaylik. Balki u Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlari” romanini, ehtimol Alisher Navoiy yoki Abdulla Oripovning dilbar she’rlarini audiokitobdan tinglab huzur qilayotgandir. Bu yog‘ini so‘rasangiz, elektron mutolaaga doxil ana shunday usullar o‘zimga ham qulayroq ko‘rinib qolgan.

  

 

Ikrom Choriyev:

 

– Bunga o‘z mulohazalarimni yuqorida qisman bayon qildim. Yana qo‘shimcha shuki, bizning odamlarimiz ko‘p narsalarga yondashuvda ilg‘or tajribalar, vaqt sinovidan o‘tgan metodlardan ko‘ra, suyagimiz qotgan tizim va tuzumlar uslublarini afzal ko‘ryapti. G‘arbda bu tuyg‘u yo‘qmi? Unda bu ulkan mamlakatlarni tutib turgan ustunlar nima? Vatanparvarlik ko‘krakni avtomatning o‘qiga tutib berish, allaqachon umrini o‘tab bo‘lgan eski urf-odatlarga mahkam yopishib qolish, teleminbarlar, ijtimoiy tarmoqlardan chiqib tomoq yirtib “vatan” deb ayqirish emas. Dehqon dalani, bog‘bon bog‘ni quritmasa, quruvchi qurgan inshoot ishga tushmay qulab tushmasa, amaldor xalqning mulkiga ko‘z olaytirmasa, huquqingizni himoya qilishi kerak bo‘lganlar uni oyoq osti qilmasa, korrupsiya ildizi bilan qurib ketsa, xullas, hamma o‘z kasb-korida, oila, bola-chaqasi tepasida halol bo‘lsa, sidqidildan ishlasa, huquq va majburiyatlarini bilsa – shu-da vatanparvarlik. Bunga yoshlarni qanday o‘rgatamiz desa, yana xalq naqlida javob borki, katta karvon qayerdan ko‘chsa, kichigi ham shu yerdan. Yoshlarimiz biz o‘kinch bilan eslayotgan illatlarning hammasini xorijdan yuqtirgani yo‘q. Aksariyat milliy kasalliklarimiz nasl surib yuribdi. Xulosa shuki, yoshlarni sen undoq bo‘l, bundoq bo‘l deb emas, o‘zimiz chiroyli namuna bo‘lib tarbiyalaylik. Til va dil birligiga erishib ulardan ham sidq-u safoni talab qilaylik.

 

 

Suhbatni Boboravshan G‘OZIDDINOV uyushtirdi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 3-son.

Vatanparvar yoshlar qanday tarbiyalanadi?” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 83
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19371
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16506
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi