Davlat tili bo‘yicha maslahatchi lavozimi o‘zini oqlayaptimi?


Saqlash
16:24 / 29.10.2021 1802 0

 Davlat tashkilotlari va organlari rahbarlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman va shahar hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q.

Vazirlik, idora va hokimliklar kundalik faoliyatini doimgidek davom ettirmoqda. Bir qarashda ma’naviy-ma’rifiy yoki davlat tili masalasida hech qanday ish qilinmayotgandek ko‘rinadi. Biroq ichkariga bosh suqsangiz, fikringiz o‘zgarishi aniq. Ilgari to‘liq rus tilida faoliyat yuritgan idora yoki tashkilot ish muhiti birdaniga davlat tiliga o‘tishi oson emas. Ba’zan “Men xohlagan tilimda ishlayman!” yoki “Bizni necha yillik odatimizdan voz kechtirmoqchimisan?” degan iddaolar oldida tilingni tiyishga ham majbur bo‘lasan. Yoki maslahatchilar faoliyatiga “Shuyam ish bo‘ldi-yu” degan kinoyali nazar bilan qaraydiganlar ham yo‘q emas.

O‘rni kelganda o‘z faoliyatimga oid bir voqeani eslasam. Har doimgidek ishga ko‘milib o‘tirar ekanman, xizmat telefoni asabiy jiringladi. Hamkasbim og‘riqli masalani ko‘ndalang qo‘ydi: “Biz xorijiy kompaniya bilan shartnoma imzolash arafasidamiz, odatda o‘sha tashkilot faoliyat yurituvchi davlat tilida va rus tilida tuzardik. Bugungi siyosatdan kelib chiqib hujjatni ularning va o‘zimizning tilimizda rasmiylashtirishni taklif qildik. Ammo hamkorlar o‘zbek tilidagi shartnomani imzolamaymiz deb oyoq tirab turib olgan...”. Biroz qiyin vaziyat. Shartnomasi kerak emas, deyin desam, birinchidan, menda bunday vakolat yo‘q, ikkinchidan, hamkorlik nafaqat tashkilotga, balki mamlakatimizga yaxshigina manfaat keltirishi mumkin... Six ham, kabob ham kuymaydigan yo‘l topish mushkul.

Vazirligimizda 99 foiz holatda davlat tilida ish yuritilmoqda. Nega yuz emas, deyapsizmi? O‘sha bir foizi mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar elchixonalari, tashkilot va korxonalar vakolatxonalari yoki chet davlatlarga yuboriladigan hujjatlar hisoblanadi. Bundan tashqari, xatlarga javobni imkoni boricha murojaat qilingan tilda yozamiz. Ha, nega, shuni davlat tilida qilsa bo‘lmaydimi, degan savolingiz o‘rinli. Lekin qonunchilik murojaatchiga ustunlik beradi. “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahririda, balki, bu kabi savollarga o‘rin qolmas.

Biz bag‘rikeng xalqmiz. Turkiyada bo‘lgani kabi barcha yozishmalar, hisob-kitoblarning hech qanday istisnolarsiz davlat tilida olib borilishini talab qilib o‘tirmaymiz, yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan davlat tilida bo‘lmagan shartnomalarni bekor ham qilmaymiz. Ming afsus bilan aytish kerakki, har qancha harakat qilinmasin, qat’iy chora-tadbirlar belgilanmasin, baribir xat-hujjatlarni haligacha rus tilida yuritayotgan vazirlik va idoralar mavjud.

Shu joyda Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev har safar maslahatchilar bilan uchrashganda takrorlashdan charchamaydigan gaplardan iqtiboslar keltirmoqchiman:

– O‘zbekistonning biror chekka qishlog‘i, u yerda o‘zbekdan boshqa millatning o‘zi yo‘q, lekin do‘kon peshlavhasiga “Мы открылись” (biz ochildik) deb yozib qo‘yishmoqda. Bu nima sharmandalik?!

– Rossiyaning biror tuman, shahrida qarorlar blankasi ustida ruscha-o‘zbekcha yozishadimi?

– Tadbirkor reklama e’lonlarini, oshxona-yu do‘konlar peshlavhasini davlat tilida yozsa, savdosi o‘ladimi, biznesi sinadimi?..

Milliy o‘zlikning bosh sharti – tildir. Ona tilidan ayrilgan xalq millat sifatida yo‘qolib ketishiga ko‘hna tarix necha bor guvoh bo‘lgan. Jahon sahnasida o‘zbek tilining o‘rnini mustahkamlash faqatgina maslahatchilarning vazifasi emas, balki har bir yurtdoshimizning burchidir. Xalqaro nufuz haqida gapirishdan avval esa mamlakat ichkarisidagi muammolarimizni badastir qilib olishimiz shart.

Nurulla ABDULLAYEV,

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish

 vaziri maslahatchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 125
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//