Baxt – boylik, Tojmahal – mo‘jiza, qashshoqlik – fojia emas. Hujjatda yo‘q qonunlar


Saqlash
16:11 / 29.11.2023 794 1

Baxt mezoni bormi, Alomat?!

 

Jahon xalqlarining baxtiyorlik ko‘rsatkichi tadqiq qilinganida, rivojlangan davlatlar emas, qashshoq davlatlar aholisi o‘zini baxtliroq his etishi ma’lum bo‘ldi. Oyda bir million pul topadiganning ham, yuz dollar daromad qiladiganning ham baxtni his qilish darajasi deyarli bir xil, hatto qashshoqlarniki ustunroq ekan. Bir million topadigan mardum oz, kambag‘allar esa yuzlab barobar ko‘p. Demak, bir million topgan yuzta odamdan ko‘ra yuz ming kambag‘alni baxtli qilish osonroq ekan-da! Kambag‘alning bir to‘ygani – chala boyiganidir.

 

Balki o‘zini saodatmand deb yurgan “baxtiyor gadolar” (Karlo Gossi) o‘z baxtsizligidan bexabardir? “Balki biz baxtiyor bo‘la olardik, / Ehtimol, baxtlimiz, xabarimiz yo‘q...” (Ramiz Ravshan) O‘zini baxtli deb yurganlarga aslida baxtsiz ekanini qanday anglatish mumkin? Targ‘ibot orqalimi?..

 

Rahmatli Sharof Boshbekovning “Temir xotin” tragikomediyasidagi Alomatxon – sovuqqon targ‘ibotchilarning tipik vakili. U “baxtsizlik kodi” bilan dasturlangan. Mexanizator Qo‘chqorvoyga “Siz baxtsiz odamsiz, faqat buni o‘zingiz bilmaysiz! Shuyam yashashmi, Qo‘chqorvoy aka!” deyaverib, oxiri Birinchi may bayrami namoyishida qizil bayroqcha ko‘tarib o‘tish-u yashirincha “yuzta-yuzta” otishni baxt deb biladigan odamni ho‘ng-ho‘ng yig‘lashga majbur qiladi. Astoydil yig‘lasang so‘qir ko‘zdan ham yosh chiqur...

 

Insonni baxtsiz ekaniga ishontirdingiz ham deylik, evaziga nima berasiz? Baxtsiz ekanini bilib qolgan odam o‘ziga taskin, tasallini nimadan, qayerdan topishi kerak?..

 

 

Gunoh va xato

 

Ehtimol, ilgari ham bu hol bo‘lgandir, ammo hozir odamlarning bir-birini gunohkorlikda ayblashi urchib ketgandek. Yoshlik kezlarimiz gunoh nimaligini bilmasdan yashagan ekanmiz. Bugun esa kattalar tugul mushtdek bolalar ham bir-birini ma’siyatda ayblamoqda: “Sen olchani danagi bilan yutib gunoh qilyapsan!” Qo‘yib bersangiz, hamma gunohkor, hamma yoqda qizil chiroq!

 

Shu bilan birga, gunoh oddiy xato, ayb ish darajasiga tushirib qo‘yilmoqda. Biri boshqasiga dakki bermoqda: “Navoiyning baytini xato yozish gunohi azim!” Yo‘g‘-ey! “Odam so‘zini inson deb katta gunohga qo‘l urdingiz!” Rostdanmi?! Odamdan insonning nima farqi bor? Ikkalasiyam qo‘sh bo‘g‘inli bo‘lsa! Odamni hayvon degani yo‘q-ku! Bu “harfxo‘rlik”ning ayni o‘zi. Mo‘jiza ro‘y berib, hazrat Navoiy tirilib kelsa, o‘sha harfxo‘rning tanobini tortib qo‘ygan bo‘lardi.

 

Aybni, xatoni gunohga tenglashtirmaylik, azizlar. Gunoh oddiy xatolardan ancha og‘ir keladi. Ha-ya, gunoh tarozisi qachondan beri o‘zi xatokor bandalar qo‘liga o‘tib qoldi?!

 

 

Yetti mo‘jiza

 

Bir guruh amerikalik maktab o‘quvchilariga dunyoning yetti mo‘jizasi ro‘yxatini tuzish topshirildi. Har bir bola varaqqa mo‘jiza deb bilganlarini yozdi. Javoblar yig‘ilgach, eng ko‘p zikr etilganlardan yettitasi ajratib olindi: 1) Misr ehromlari; 2) Tojmahal; 3) AQShdagi Katta kanon; 4) Panama kanali; 5) Empayr steyt bilding osmono‘par binosi; 6) Avliyo Pyotr ibodatxonasi;  7)  Buyuk Xitoy devori.

 

Bir   o‘quvchi qiz  javobini   eng   oxirida   iymanibgina topshirdi. Ro‘yxat bunday   ekan: 1) ko‘rish; 2)   eshitish; 3)   idrok etish; 4)   his qilish;
5) o‘y surish; 6) kulish; 7) sevish.

 

Bir qarashda bari oddiy, odatiy. Aslida esa, ular Olloh faqat insongagina to‘kis-tugal tortiq etgan mo‘jizalardir!

 

 

Shoirlar – shoirlar uchun

 

Bugun she’r-u qo‘shiq ham xuddi tibbiyot sohasi kabi mayda tarmoqlarga bo‘linib ketdi. Ilgari ikki yo‘lda she’r yozilardi: yo aruz, yo barmoqda. Hozir mo‘l-ko‘lchilik: modernizm, postmodernizm, abstraksionizm, avangardizm, realizm, syurrelizm...

 

Boz ustiga, ayrim shoirlar faqat shoirlar uchun yozadigan bo‘lib qoldi. Deylik, bir shoirning besh qalamkash tanishi bor. Bari faqat bir-birovi uchun yozadi: ko‘z oldida ulfatlari turadi. Qoralamalarini boshqalar o‘qimaydiyam-da!

 

Xuddi shunday an’ana bundan yuz yillar burun Fransiya va Rossiyada yuz bergan edi. “San’at – san’at uchun” shiorini bayroq qilganlar avom didi bilan qiziqmasdi: “Biz omma darajasiga tushmaymiz, aksincha, ommaning didini o‘z darajamizga yetkazamiz, xohlamasalar – zo‘rlash befoyda!” Futuristlarning darg‘asi bo‘lmish Vladimir Mayakovskiy bir to‘plamiga “Jamiyat didiga tarsaki” deya nom qo‘ygan edi. Bu toifa Navoiy, Pushkinni zamon kemasidan irg‘itib tashlash fursati keldi, deb hisoblardi. Hozir futuristlarni birov eslamaydi, Navoiy va Pushkin nomi esa barhayot!

 

O‘tgan asrda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva omma e’tiborini she’riyatga qarata oldi: shu tomonda bir gap bor-ov! Chindan ham “bir gap” bor edi. Agar maqsad faqat odamlar e’tiborini qaratish bo‘lsa, karna-yu nog‘ora chalib ham buni uddalasa bo‘ladi. Ammo bunday usulning umri qisqa. Matbuot, televideniye, mashvaratlardagi maqtovlar bois bir muddat otning qashqasi bo‘lib turish mumkin. Ammo asar mag‘zi puch bo‘lsa, muallif o‘lik otni qamchilab borayotgan chavandozga o‘xshab qoladi. Shoir Yevgeniy Yevtushenko bunday degan edi: “She’rlarim o‘zimdan keyin yashab qolishiga unchalar ko‘zim yetmaydi. Ularning allaqanchasi hayotligimda jon berib bo‘ldi. Aravaga qo‘shilgan otlarim o‘lib bo‘lgan, men esa ularni tezroq yurishga qichayotgan aravakashga o‘xshayman”.

 

Yevtushenko shunday deb turgandan keyin qolganlar nima desin?!

 

 

Niqob ustasi

 

Xitoy kinoijodkorlarining “Oskar” mukofotini olgan “Niqob ustasi” degan filmi bor. Uning qahramoni Mao Szedun davrida shaharma-shahar yurib, ko‘hna san’at – niqob almashtirish hunarini namoyish qiladi. Shamoldek tez harakat qilib, yuzidagi ipak qog‘ozdan yasalgan rang-barang niqoblarni ustalik bilan almashtiradi. Bir qarasangiz chol, bir qarasangiz yigit, bir qarasangiz ayol, bir qarasangiz ajdar...

 

Ijtimoiy tarmoqda na ism-familiyasi, na surati tayin mushtariylar uchraydi. Albatta, hammani bir tekisda qaychilash fikridan yiroqman, ammo bitta tirraqi buzoq butun podani bulg‘ashi rost. Tarmoqda o‘z suratini yashirib, boshqa qiyofada chiqadiganlar o‘sha niqob ustasini eslatadi. Bir hafta Robin Gud, bir hafta Sulton Sulaymon, bir hafta qarchig‘ay, bir hafta sirtlon...

 

Niqob bandasining ikki qiziqishi bir-birini rad etadi: u mashhur bo‘lishni istaydi, ammo “razvedkachi”, “josus”lik stixiyasini jilovlay olmaydi... Xuddi endi-endi she’r yozish kasaliga chalingan kabi: ilk mashqlarini birovga ko‘rsatishga tortinadi, ammo shoirlik da’vosidan voz kecholmaydi...

 

 

“O‘lmaydigan” mardum

 

Qartabozlik qilganlar yaxshi biladi: “tuz ko‘zir”ga teng keladigani yo‘q, o‘zidan kichik hamma qartalarni bosib tashlaydi. Hayotda ham ana shunday “tuz ko‘zirlar” bor: bola uchun ota, ayol uchun er, xodim uchun rahbar...

 

Odamzod tabiatan o‘limdan qo‘rqadi. Ajal bevaqt kelib hamma orzu-havas, niyat-mo‘ljallarni bekor qilib tashlaydi-da. Ayblanuvchi suddan, mahbus qamoqdan, qarzdor qarzidan, muammolar iskanjasida qolgan odam g‘amlardan, bir-birining joniga tegib ketgan er-xotin baxtsiz turmushdan, mamlakat mustabiddan qutuladi.

 

Odamlar bir-biri bilan da’volashganda ham o‘limni “tuz qarta” kabi ishlatadi: “O‘lmayman deb o‘ylaysanmi?!”

 

O‘limga chap bergan odamni ko‘rmadik. Tarmoqlarda ham bir-biriga go‘rni, kafanlangan mayitni, sovuq qabrni yuborishlar tez-tez uchraydi – tuz qarta ishga solinadi-da (go‘yo da’vogarning o‘zi o‘lmaydigandek!)

 

Aslida, o‘lim u qadar qo‘rqinchli narsa emas, bari undan keyin boshlanadi. Mirzo Bedil bitmishki:

 

Murda ham mahshar uchun ovora,

Orom olmoq naqadar dushvordir.

 

 

Uyat haqida

 

Bizlar g‘irt “uyatsiz” davrlarda yashagan ekanmiz-da! Odamlarda andisha, birovdan uyalish degani yo‘q bo‘lgan ekan. Uylarimiz nochor, ta’mirtalabligidan uyalmasdik. Bir sidragina kiyimimiz borligidan sira xijolat tortmasdik. Betimiz qattiq bo‘lgan ekanmi... Hozir bir ko‘ylakni ikki marta kiyishdan uyaladiganlar bor.

 

Dasturxonlarni ayting, dasturxonlarni! Mehmon oldiga suvi qochgan nonni qo‘yish “uyat”ligini bilmaganmiz. Istihola qilmay chegalangan, odmi oq piyolada choy uzatib yurgan ekanmiz. Mehmonlar ham ayaganmi, yuzimizga solmagan. Hozir shunday piyolada choy uzating-chi, mehmon nega kelgani ham esidan chiqib, inglizlardek xayr-ma’zurni nasiya qilib ketib qoladi.

 

Qizlar ota-onasi olib bergan o‘g‘il bolalar tuflisini kiygancha maktabga qatnashdan uyalmagan. Paypoqni yamash yoki ikki oyoqqa turli ranglisini kiyish ham ayb emasdi. Paypoq uchidagi yirtiqdan boshmaldoq chiqib turishi oddiy hol edi.

 

Qanday zamonlarda yashadig-a, yoronlar!..

 

 

Boylik – beparvolik

 

Bir do‘stimiz boy davlatlarga kambag‘al davlatlarning kuchi yetmaydi, deya fikr bildiribdi. Bobo tarix esa bu fikr hamisha to‘g‘ri bo‘lmaganini uqtiradi. Ko‘hna Rimni vayronaga aylantirganlar madaniyatsiz va qashshoq varvarlar bo‘lsa, Bag‘dod xalifaligining kuchini qirqqanlar ham ezilgan xalqlardan iborat isyonchilar edi.

 

Odatda, boylik jamiyatda beparvolikni keltirib chiqaradi.

 

Hans Kristian Andersenning “Aql bovar qilmas ish” ertagida qirol “Kimki aql bovar qilmas mo‘jiza yaratsa, o‘shanga qizimni beraman!” deya jar soldiradi. Hamma ajabtovur hunarlar ko‘rsata boshlaydi. Ammo ular orasida eng aql bovar qilmaydigani mahobatli saroyning kichraytirilgan maketi bo‘lib chiqadi. Unda hamma narsa muhayyo, hatto qirol-u qirolicha, xizmatkorlar xuddi jonli kabi harakat qilar edi. Chiroqlar charog‘on, bog‘da bulbullar shodon! “Mana, aql bovar qilmas mo‘jiza! Bundan zo‘rini o‘ylab topish dushvor”, deya tan beradi qirol.

 

Shu mahal talabgorlar ichidan baqaloq yigit chiqib kelib, “Bundan ham zo‘r mo‘jiza ko‘rsataman!” deydi. Hamma hayron: “Nahotki?!” Qirol amr qiladi: “Qani, ko‘rsat hunaringni!”

 

Baqaloq stol ustidagi saroy maketini mushti bilan bir urib yerparchin qiladi, payrahalar har tomon sochiladi. Izdihomning dami ichiga tushib ketadi. Hatto qirol ham bir necha soniya o‘ziga kelolmaydi va nihoyat tan oladi: “To‘g‘ri aytding, bu ishing hammasidan oshib tushdi!”

 

Shu tarzda mushtumzo‘r baqaloq hukmdorga kuyov bo‘ladi.

 

Daniyalik adib ham Qur’oni karimdan xabardor bo‘lganmi deyman. Shunday ajoyib olamni yaratgan Xoliq Egam vaqti-soati kelganda bir ishora bilan uni kunfayakun qiladi – Qiyomat sodir bo‘ladi.

 

Siz esa qudrat boylikda deysiz...

 

 

O‘trog‘-u jahongashtani tanlamas...

 

Moda, aslida, ojizlarning ishi. O‘rtamiyona kishi ommaviy moda ketidan chopadi. Didi nozik boyvachchalar esa hech kimda yo‘q nodir libos kiysam deydi. Ba’zilar o‘zi uchun yeydi, boshqalar uchun kiyinadi. Uyida qirqyamoq jandada, ko‘cha-ko‘yga chiqqanda pason!

 

Modaga ergashuv majburlikdan, tanlash imkoniyati yo‘qligidan ham yuz beradi. Ilgari do‘konlarga yangi gazlama kelganida hamma bir xil matodan ko‘ylak tiktirib kiyar edi. Masalan, bir vaqtlar hammayoqni mahbuslarniki kabi yo‘l-yo‘l xitoycha erkaklar ko‘ylagi bosdi. Qishloqdan shaharga qiz uzatib kelgan avtobusdan avval ayollar tushadi: o‘n yetti yasharidan yetmish yasharigacha – hammasining egnida “Salom, bahor” deb atalgan, sariq fonda qora bargli qizg‘aldoqlar tasviri tushirilgan matodan tikilgan ko‘ylak. Erkaklarni ko‘rib shaharliklarning og‘zi ochilib qoladi – barining egnida mahbuslarnikiga o‘xshagan yo‘l-yo‘l ko‘ylak!

 

Keyinchalik tanlov imkoniyati paydo bo‘lgach, ayollar oldinga chiqib ketdi. Endi ular to‘yga borishdan avval bir-biridan qanaqa ko‘ylak kiyishini surishtiradigan bo‘ldi. Ilgari dugonalar bir xil kiyinamiz, egizaklardek ko‘rinamiz degan bo‘lsa, endi bir-biridan ajralib turishni xohlab qoldi.

 

Sirasi, moda ojizlarni boshqaradigan davrda yashamoqdamiz. Televizor, gazeta, internet jar soladi: “Kuzda yashil rang urfga kiradi. G‘aflatda qolmang!”, “Yashil tusli liboslar, poyabzallar, sumkalarda tengi yo‘q huriliqoga aylanasiz!”

 

Bu yoqda avtomashina, muzlatkich, televizor, telefon, idish-tovoq, gilamlar ko‘z-ko‘z qilinadi. Badavlat, ammo ruhiyati zaif kishilar bisoti mo‘l-ko‘l bo‘lsa-da, yangi urfga kirgan mahsulotlarni harislik bilan sotib oladi – eskilarini qarindoshlarga peshkash qiladi yo ko‘chaga chiqarib qo‘yadi.

 

Moda inson tafakkuriga ham o‘z hukmini o‘tkazayotir. O‘tgan yil urf bo‘lgan fikr bu yil eskiradi. Urfdagi fikrlar haftasiga o‘zgarib ketmoqda! Trenddagi “noyob” xorijiy fikr qulog‘iga chalinib qolganlar bu gaplardan bexabar bandai g‘ofillar ustidan kuladi: “He-e, sadqai mahalla keting-ey!”

 

O‘lim keksa-yoshni tanlab o‘tirmaganidek, urfdagi fikrga bandilik ham o‘trog‘-u jahongashtani tanlamaydi. Ko‘r ushlaganini, kar eshitganini qo‘ymaydi deganlari shumikan?..

 

 

Yurak gardlarin art

 

Adiblar olamini ko‘rmoq, kashf etmoq oson yumush emas. Bu olamning atrofini o‘ragan devorda tirqish ham, deraza ham bor. Ularning qay biridan qarashga ko‘ra bu sirli olam haqida tasavvur paydo bo‘ladi. Jimitdek tirqishdan qaraganga u tang-u tor bo‘lib ko‘rinadi, keng derazadan qaragan esa ulkan manzaralarga shohid bo‘ladi.

 

Tashqi olamdan olinadigan taassurotlar ko‘radigan ko‘zning qanchalar tiyrakligiga ham bog‘liq. Ko‘ziga shapoq tushgan odamga yorug‘ dunyo namozgar g‘ira-shirasidan iborat bo‘lib tuyulishi mumkin. Derazasi xira tortib ketgan ayol qo‘shni bekaning dorga osgan kirlarini ko‘rib, “Bunchalar noshud ekan, choyshabidagi dog‘lar manaman deb turibdi. Ularni ko‘zko‘zlashdan uyalsa bo‘lardi!” degan ekan.

 

Yurak oynasidagi kir dog‘lar bilan olamga boqadigan kishining dili huzur ko‘rmaydi. To o‘z ko‘nglingda intizom joriy qilmas ekansan, tashqi olam lo‘lining to‘rvasiga o‘xshab tuyulaveradi. Axir, “Illat izlaganga illatdir dunyo!” (Sadriddin Salim Buxoriy).

 

Yana Mirzo Bedil pandiga quloq solsak:

 

Yurakdan gardlaring art, to tiriksan

intizom baxsh et,

Axir, fayzi bo‘lak tartibga solmoqning

do‘konlarni.

 

 

Gazeta tilini kim o‘ylab topgan?

 

Kaminaning she’rlari rasmiy gazetalarga to‘g‘ri kelmaydi. Ularni o‘zgartirish, “ramka”ga solish so‘raladi yoki umuman rad etiladi. “Siz Dog‘larjaning she’rlarin gazetlardan topolmagaysiz!”

 

Sabab nimada? Sabab – gazeta tilida!

 

Gazeta tili qanday paydo bo‘ldi o‘zi?

 

O‘zbekistonda XX asr boshlarida gazetalar chop etila boshladi. Jadid ma’rifatparvarlari erkin, shirali tilda yozgani ma’lum. Keyin sho‘ro tuzumi maydonga chiqdi – rasmiy gazetalar ko‘paydi. Mualliflar esa aksar eski jadidlar bo‘lib, ular xalq tilida yozmoqni kanda qilmadi.

 

Keyin senzura va senzorlar paydo bo‘ldi. senzorlar yo “katta og‘a”lardan, yo chorig‘ini sudrab yurgan mahalliy yo‘qsillardan edi. Ular gazetalardagi jonli xalq tilini tushunmasdi: “Shu so‘zlar o‘zbekchami? U holda nega men bilmayman? Men ham o‘zbek ota-onadan tug‘ilganman, axir! Shevada yozish man etilsin! Yagona tilga o‘tilsin! Muqobil til, xalq og‘zaki ijodi bekor qilinsin!”

 

Bosh muharrirlar savodsiz senzorlar bilan olishaverib, enasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rardi. Muhim materiallarni bosh muharrirning o‘zi terlab-pishgancha senzorga tushunarli tilga o‘girar, xodimlar, mualliflardan ham shuni talab qilar edi. Odamzod sabrining ham cheki bor. Tezda jadidlar ham “shamol tegirmoni” bilan jang qilishni to‘xtatdi, ko‘plari qamalib, otilib ketdi...

 

Unutilgan tilning jozibasi hamon kuchli. Ammo rasmiy lisonni yoqlaganlar ham bo‘sh kelmayotir. Xalq tilini ommaviy axborot vositalariga yaqinlashtirgisi yo‘q ularning. Chunki tanglay gazeta tili bilan ko‘tarilgan.

 

Xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev surxon shevasida gapirgan yosh hamyurti Baxtiyor Ollomurodni “Jelagan tillaringga asal!” deb alqagan ekan.

 

Shoir og‘am Matnazar Abdulhakim umrining oxirida o‘g‘uz lahjasida she’rlar bitdi. To‘g‘ri, o‘quvchidan yutqazdi, ammo muhabbat qurbonlik talab qilishi ma’lum...

 

Lahjalar yashab qolishi kerak! Ular bugun paydo bo‘lmagan, eh-ey, qancha sarhadlar oshib, necha mozorlar bosib kelgan!

 

Tilingdan o‘pay, O‘zbegim!

 

 

Alvido, qurol!

 

Ikki kishi aytishib qoldi. Har ikkisi jahl bilan yonidan telefonini chiqarib, o‘zaro janjalni tasvirga ola boshladi.

 

– Tashla qurolingni! – deb o‘dag‘ayladi biri.

– Avval o‘zing tashla! – dedi boshqasi.

 

Keyin ikkovlon atrofdagi tomoshatalab mardumlarga baqirdi:

 

– Hamma qurolini tashlasin!

 

 

Oq tuyaning dumi

 

Tuyani yutsa dumini ko‘rsatmaydigan do‘stim bir gal xatoga yo‘l qo‘ydi...

 

Majlisga shoshgancha xizmat mashinasiga o‘tirgan rahbaridan haydovchisi hayron bo‘lib so‘radi:

 

– Oq tuya yutdingizmi?! 

– Nima deb aljirayapsan, bola! Oq tuyaniyam, ko‘k tuyaniyam ko‘rganim yo‘q!

– Ehtiyotsizlikdan yutvorganga o‘xshaysiz yo o‘zi og‘zingizga kirib ketgandir?

– Jumboq qilmay gapir!

– Og‘zingizning bir chetidan oq tuyaning dumi osilib turibdi, xo‘jayin! Harholda, kattakonning oldiga boryapsiz, sal u yoq-bu yog‘ingizni epaqaga keltirib oling. Yomon nazar tushmasin deyman-da.

 

Rahbar oynaga qarasa, og‘zi chetidan tuya dumi osilib turibdi! Ikki qo‘llab ichkari tiqsa ham yana chiqib kelyapti. “To‘yibmanmi, nima balo?”

 

– Pichoqni uzatvor, Mamarayim!

 

Haydovchi uzatgan pichoq bilan og‘ziga sig‘magan bir qarich dumni shartta kesgan amaldor mashinadan uloqtirmoqchi bo‘ldi-yu, shuyam ro‘zg‘orda asqatar, deya shimi cho‘ntagiga solib qo‘ydi.

 

Qozondek qoringa sig‘magan dum kichik cho‘ntakka sig‘armidi! Majlis bo‘layotgan binoga yetgan zahoti ichkariga yugurgan rahbarining ortidan qarab qolgan haydovchi peshonasiga mushtladi: boyagi dumning shokilali uchi cho‘ntakdan chiqib shamolda o‘ynoqlab borardi. Ammo boshqa manzarani ko‘rgan haydovchining ko‘ngli joyiga tushdi  – o‘nlab amaldorning birining og‘zidan, bosh­qasining shimi cho‘ntagidan oq-u ko‘k tuyaning bir qarich dumi hilpirab ko‘rinardi. Tuya yutgan birgina uning xo‘jayini emas ekan...

 

 

Shiorlarga o‘ranib...

 

Usta Salim kolxoz duradgori edi. Shu sabab simyog‘och-u peshtoqlarga osiladigan shiorlarni eskirganidan keyin yechib olish ham unga tan. Rangi o‘chgan alvonlarni yirtilib ketmasin deya chorcho‘pdan ehtiyotlagancha sidirib olardi. Chorcho‘plarni esa ayamasdi: qancha sinsa, uyiga olib ketadi. Butunlariga yangi shior qoplanadi. Avaylab sidirilgan eski shiorlarni tugib xotiniga olib boradi. Bu yoqda yetti tirmizagi bor, ularga ishton-pishton tikib berish kerak. Qizil ishtonlilar oilasi desangiz haqingiz ketmaydi. Garchi rangi o‘chmagan astar tarafi tashqariga tikilsa ham, shiorlar bilinib turadi. Bir bolasining ishtoni orqasida “KPSS” degan so‘z teskari joy olgan. “Leonid Ilich Brej...”  – davomi boshqa tirmizakning ishtonida. Biz esa shior-u bitiklarni teskari holida ham o‘qib, asliga tiklab olamiz...

 

 

Dezinformatsiya balosi

 

Dezinformatsiya – yolg‘on ma’lumot bilan mamlakatlar, kompaniyalar, mashhur shaxslarning obro‘sini to‘kish, aksiyalar qadrini tushirish, hatto urush boshlash mumkin. Shunday tovlamachilik namunasi yozuvchi Aleksandr Dyumaning “Graf Monte-Kristo” romanida keltirilgan.

 

Edmon Dantes raqibidan o‘ch olish uchun abbat Faria obrazida Atlantika okeani orqali o‘tgan telegraf kabelidagi ma’lumotlarni Parijga yuboruvchi aloqachi xodim oldiga boradi. Unga katta pul berib, “AQShdan kelayotgan falon kema halokatga uchradi, bankirlar cho‘kib ketdi, falon tonna oltin ham ummonga g‘arq bo‘ldi” mazmunida telegramma jo‘nattiradi. Mo‘may pulni qo‘lga kiritgan aloqachi juftakni rostlaydi.

 

Noxush xabar yetib borgan zahoti badavlat shirkat aksiyalari bahosi tushib ketadi, Graf Monte-Kristo esa ularni suvtekinga sotib oladi.

 

Bir haftadan keyin “cho‘kib ketgan” kema Fransiyaga yetib keladi. Kompaniya aksiyalari narxi yana ko‘tariladi. Uddaburon graf esa endi ularni sotib, mablag‘ini yuz barobariga ko‘paytirib oladi.

 

Bu ko‘hna usul hozir unutilgan deb o‘ylaysizmi?..

 

 

Arzanda adolat

 

Adolat mezonini adabiyot, jurnalistika, sud hujjatlari, hayotdan topishga urinamiz. Aslida, uning mutlaq sobit mezonlari yo‘q. Adolatni topdim, tutdim deganingizda ham, u barmoqlaringiz orasidan simobdek chiqib ketadi. Voqelikning oldidan qarasangiz – adolat, ortidan qarasangiz – adolatsizlik. Rakursni o‘zgartirsangiz, uning boshqa yoqimli-yoqimsiz taraflari namoyon bo‘laveradi.

 

Qo‘shxotinlikda odil bo‘lish mumkin deyishadi. Odam gohida ko‘z ochib ko‘rgan rafiqasining haqiga to‘liq rioya etolmaydi-ku!.. Kezi kelganda yakka-yu yolg‘iz farzandga nisbatan ham adolatli munosabatda bo‘lish amrimahol.

 

Adolatni na metrlab, na kilolab, na litrlab o‘lchab bo‘ladi. Jon boshiga taqsimlaganda hammaga teng – bir qarichdan, bir kaftdan, bir mushtdan tegdi deylik, ammo o‘shanda ham bundan kimdir xursand, kimdir xafa bo‘lishi aniq: “minnat bilan tarqatdi, norozi bo‘lib berdi, lahm emas, chandir joyi tegdi” qabilidagi ming‘ir-ming‘irlar chiqaveradi.

 

 

Hayotning astari

 

Bir yosh shoirning gapidan rosa hayron bo‘ldim: “Men haqimda bo‘lmag‘ur gaplar qulog‘ingizga chalinsa ahamiyat bermang, bari dushmanlarimning ishi!”

Qanchalar “kamtarlik”! Yosh boshiga dushmanlari ham bor ekan!..

 

Shu yoshga kirib, “Dushmanlarim bo‘lishi ham mumkin” degan fikr miyamga kelmagan ekan. Men haqimda mish-mish, g‘iybatlar borligini ko‘p ham o‘ylamaganman. To‘g‘ri, rafiqam ko‘cha-ko‘ydan gap topib kelardi: “Sizni falon-pismadon deyishyapti! Ko‘zingizga qarab yuring, obro‘ni o‘ylang!”

 

Odam patgilamga o‘xshaydi, tez-tez changini qoqib turish kerak. Xudoyimning savoq cho‘pi o‘sha g‘iybat-u sinovlardir. Siz haqingizda yomon gap tarqatganlar dushman emas. Odamning eng katta dushmani – uning o‘zi, kibr-u havosi!

 

Menga pand berib ketganlar haqida faqat iliq gap aytaman: ular sababli hayotning astariga ko‘z tashladim, tajriba orttirdim. Faqat do‘stlarim va omad kaftida yurganimda nimani ham bilardim!

 

Shaxsiyatimga doir gaplarga unchalar qiziqmayman, o‘zimdan oshirib biror narsa deyishlari qiyin. Dangalini aytganda, birovlarning past-baland fikridan, haqoratidan titroqqa tushadigan darajada ojiz emasman...

 

Olloyor XO‘JANDOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.

“Yurak oynasiga boqib” maqolasi

1 Izoh

Shahzod

23:01 / 15.01.2024

Yaxshi maqola boʻlgan ekan

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

10:05 / 07.05.2024 0 44
“Avtohalokat” dan keyingi oʻylar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19351
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16468
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi