Chordoq, qabristonlarda yashirib saqlangan kitoblar – “Jadid kulliyoti”da nimalar yozilgan?


Saqlash
20:48 / 24.11.2023 6635 0

So‘nggi yillari yurtimizda jadid adabiyotini o‘rganish va ularning asarlarni chop etish borasida xayrli ishlar amalga oshirildi. 2000-yildan boshlab “Ma’naviyat” nashriyoti “Istiqlol qahramonlari”, keyinchalik “Ona yurt fidoyilari” ruknida  jadid adabiyotiga katta o‘rin ajrata boshladi. 2017-yilda “Info Capital Group” nashriyoti Abdulla Qodiriyning mavjud barcha asarlari: maqola, felyeton, she’r, hikoya, qissa, roman va adib haqidagi xotiralar jamlangan 5 tomlikni nashr etgan edi. 2022-yilda Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan “Yoshlar nashriyot uyi”da har biri 23.000 nusxada chop etilgan “Jadidlar” to‘plamida o‘zbek jadidchiligining 8 nafar yirik vakili: G‘ulom Zafariy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti, asarlari haqida kitobxonga qisqa ma’lumot berildi.

 

Yaqinda “Zabarjad media” nashriyoti xayrli ishga qo‘l urib, filologiya fanlari doktori Shahnoza Nazarova g‘oyasi hamda nashriyot direktori Ma’mura Qutliyeva tashabbusi bilan jadidlar davrida eski o‘zbek alifbosida chop etilgan va bir asrdan beri tabdilini kutib yotgan 8 ta to‘plamni “Jadid kulliyoti” turkumida lotin yozuvida chop etdi. Kulliyotdan “Sabzazor”, “Buloqlar”, “Uyg‘onish”, “Adabiyot parchalari”, “Ichkari”, “O‘zbek yosh shoirlari”, “Ulug‘ Turkiston”, “Go‘zal yozg‘ichlar” to‘plami joy olgan. Kitobning har biri o‘sha davr adabiy muhiti, ijtimoiy hayotini aks ettirishi va mualliflarning o‘zlari tartib bergani bilan ham qimmatlidir. Ushbu kulliyotni jadidlar tomonidan tuzilgan “ijodiy guldasta” deyish ham mumkin. Ammo ular shu kungacha turli kutubxonalar, fond va arxivlar tokchalarida changlanib yotgan edi. Bugun ular kitobxonlar qo‘liga yetib bordi. Kulliyot vatani va millati uchun shahid ketgan xalqimizning otashqalb farzandlari xotirasiga bag‘ishlanadi.

 

“Jadid kulliyoti”ni “Sabzazor” to‘plami ochib beradi. Bayoz 1914-yilning 12-avgustida Toshkentda Ilin bosmaxonasida nashr qilingan. Asliyatda 49 sahifadan iborat ushbu toshbosma kitobni Munavvarqori Abdurashidxonov to‘plab, nashrga tayyorlagan. To‘plam an’anaviy basmala (Bismillahir Rohmanir Rohim, deya Alloh nomi bilan)dan boshlanib, idora nomidan hamd va na’t keltiriladi. Shu bilan birga, “Hadyayi ojizonamizdir bu” deya ta’kidlanadi. So‘ngra Saidahmad Vasliy, So‘fizoda Muhammadsharif, Abdulla Avloniy, Xislat, Tavallo, Siddiqiy Ajziy, Xolid Said, Miskin, Hamza, Mirmulla, Ahqariy, Afandixon, Laylixonim kabi ijodkorlarning tahririyatga yo‘llagan tabriklari va milliy mavzudagi g‘azal, muxammas, musaddaslari beriladi, so‘ng xotima bilan yakun topadi. Kitob jadid ziyolilari ta’sis etgan “Sadoyi Turkiston” gazetasi sahifalarida e’lon qilingan materiallar asosida, bayoz shaklida tartiblangan. Kitobning unvon varag‘ida to‘plovchi va noshir Munavvarqorining “Sadoyi Turkiston” jaridasina she’r yozib turgon yosh shoirlarimizning daruni dillaridan chiqorib, millati islomiyaning ahvoli hozirasin go‘zal suratda tasvir etgon milliy she’rlarini millat xotirida abadan qoldirmak orzusinda aksarlarining musoidayi millatparvarlari ila bu risola tartib o‘lundi” degan izohi keltirilgan. To‘plamdan o‘rin olgan she’rlarni yurt, millat qayg‘usida yongan jadidlarning ohlari deyish mumkin. Buni So‘fizodaning:

 

“Qumri bilan bulbul-u bedonalar,

Yaxshi o‘qur, siz ham o‘qung, onalar!”

 

 degan da’vatidan yoki Miskinning:

 

“Uyondi barcha millat, biz hanuz g‘aflatga qonmaymiz,

Gumon uyqudamiz, yuz ming sado o‘lsa uyonmaymiz,

Jahon ilm ila obod o‘ldi, derlar, biz inonmaymiz,

O‘qub biz ham o‘zumizni nechun odamga sonmaymiz,

Ajab bid’atparastdurmiz ado bo‘ldik, o‘sonmaymiz,

Xarob o‘ldik jaholatdin hanuz ham, oh, yonmaymiz!”

 

kabi misralaridan yoki G‘ofilning:

 

“Ko‘zing och, ahli Turkiston, bukun ro‘zi nadomatdir,

Hama millat taraqqiyda bizim millat kasolatdir.

Nechun biz ilm, san’atdin hamisha inqiroz etdik,

Bunga bois hamisha o‘zaro chiqg‘on adovatdir”

 

kabi kuyunchlaridan ham bilish mumkin. To‘plamda bunday misollar nihoyatda ko‘p. Muxtasar aytganda, “Sabzazor”dan o‘rin olgan 47 ta she’rning barchasi boshdan oxir xalqqa murojaatdan iborat bo‘lib, millatning ruhini uyg‘otishga qaratilgan.

 

Ikkinchi to‘plam Cho‘lponning 1922 -yilda Toshkentda Turkiston jumhuriyatining davlat nashriyotida chop etilgan “Uyg‘onish” to‘plami bo‘lib, shoir uni xuddi hazrat Navoiy kabi yaratgan. Kitob muhtasham “Xamsa” kabi besh qism, ya’ni besh fasldan iborat bo‘lib, “Yurt qayg‘usi”, “Umid va iymon”, “Cho‘rilar uchun”, “Sezgilar” va “Sevgi” deb nomlangan. To‘plamning unvon varag‘ida Cho‘lponning “Nechun ochildi ko‘zim, qayda ketdi uyqularim? Bu uyg‘onishda to‘lib-toshdi, oshdi qayg‘ularim...” degan og‘rinchlari bor. Mazkur to‘plamning ahamiyati shundaki, unga Cho‘lponning o‘zi tartib bergan bo‘lib, undagi ayrim she’rlar, masalan, “Ziyoyi qamar” shu paytgacha e’lon qilingan to‘plamlarda uchramaydi... Bundan tashqari, maktab darsliklariga kiritilgan va siz-u biz yod olgan “Xalq” she’ridagi ayrim tovush o‘zgarishlarini ham aynan shu to‘plamdan topa olasiz. Bunday taqqoslarni keyingi “Buloqlar” to‘plamida ham uchratish mumkin.

 

 

“Buloqlar” 1923-yilda Turkiston davlat nashriyotida chop etilgan bo‘lib, Cho‘lpon mazkur to‘plamni ham “Xamsa” kabi besh faslga ajratgan. “Sharq uchun”, “Sezgilar”, “Sevgi”, “Qora yo‘llar” va “Qor qo‘ynida” deb nomlangan ushbu fasllarda shoirning dardi sirqirab turadiki, bu kitob o‘z davrida Turkiston bolalarining yuraklarini qanday jizillatgan bo‘lsa, bugungi millat yoshlarini ham shunday ko‘yga soladi. Tuzuvchi Shahnoza Nazarova ta’kidlaganidek, “Cho‘lpon tasavvurida bir mangu tashnalik, ikki mangu buloq bor. Biri ko‘klarga salom bergan tog‘lar boshida jannat bulog‘idek ko‘z ochgan-u, istibdoddan buzilgan o‘lka bo‘ylab sirqirab oqayotgan, tomchilari yoshga aylangan buloq. Yana biri bo‘lsa – ishq bulog‘i. Cho‘lpon yuragidagi mangu tashnalik shu ikki buloq atrofida aylanadi, ammo istibdod va hijronda sho‘r yoshlarga aylangan bu buloqlar tashnalikni bosarmidi?” Axir Cho‘lpon bejizga kitobning unvon varag‘iga “Jahon fotihlari changalida ezilib yotqon Sharq o‘lkalariga bag‘ishlanadir” deb yozganmi? To‘plamdan o‘rin olgan “Yong‘in”, “Geliyorsang”, “Mastlikda”, “Qilich va qon”, “Qizlarning daftariga”, “Ishq yo‘li”, “Ishq”, “Ketding”, “Ulug‘ yo‘lovchiga” kabi she’rlarni Cho‘lponning shu kungacha chop etilgan nashrlarida o‘qimaganmiz. Qolaversa, davr to‘fonlaridan omon o‘tgan va maktab darsliklariga kiritilgan “Buzilgan o‘lkaga”, “Binafsha” she’rlaridagi tafovutlar va tovush, harf almashishlarni ham aynan shu kitob orqali taqqoslab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

 

“O‘zbek yosh shoirlari” to‘plami 1922-yilda Turkiston davlat nashriyotida chop etilgan bo‘lib, asliyatda 105 sahifadan iborat. So‘zboshi muallifi Shahnoza Nazarova ta’kidlaganidek, ushbu kitob o‘z davrida Turkiston xalqlari uchun bir yorug‘lik, bir najotdek, yonib turgan cho‘g‘dek yuraklarni o‘rtagan, ko‘krak cho‘ntaklarda, yurak ustida saqlangan, taqiq zamonlarida esa yuraklarga ko‘milgan kitob chordoqlarda, qabristonlarda “yashagan”. Kitob so‘zboshida “O‘zbek bilim hay’ati” tomonidan “Adabiyoti yuksalgan bir elning bilim-hunari-da yuksalgusidir. Bir elning adabiyoti qancha yuksalsa, uning bilim-hunarining-da shuncha yuqorilashg‘onligi anglashiladir”, deb katta umid va ishonch bildirilgan. Bu tilak va umidlar Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Elbek va Botu she’rlari, ularda ko‘tarilgan yuksak ma’rifiy g‘oyalar, hurriyat va ishq, millat qayg‘usi bilan yuzaga chiqadi. Tuzuvchi ta’kidlaganidek, “kitobda so‘zboshi hay’at nomidan berilgan bo‘lsa-da, unda Fitrat qalami va nafasi aniq namoyon bo‘ladi”. To‘plamdan Fitratning, Cho‘lponning 14 tadan, Elbekning 21 ta, Botuning 10 ta she’ri o‘rin olgan. Ularni boshqa to‘plamlardan joy olgan she’rlar bilan qiyosiy o‘rganish esa galdagi vazifalardandir.

 

“Ulug‘ turkiston” kulliyotdan o‘rin olgan navbatdagi to‘plam bo‘lib, 1917-yil 25-apreldan to 1918-yilning 30-noyabrigacha qisqa muddatda faoliyat yuritgan va dastlabki sonlaridanoq musulmonlik va turklik muhimligi alohida ta’kidlangan gazeta nomi bilan bog‘liq. Gazeta “o‘rtoq bir sheva” orqali barcha o‘quvchilarni birlashtirishni ko‘zlagan edi. Tadqiqotchi Akmal Azzamqulovning ta’kidlashicha, “Ulug‘ Turkiston” gazetasida xabar va maqolalar ma’lum mavzudagi ruknlarga ajratib bosilgan. Masalan, birinchi sahifadagi e’lonlar qismidan keyin dolzarbligi yuqori bo‘lgan o‘rtacha hajmdagi maqolalar berilgan. Hajman katta bo‘lgan maqolalar ikkinchi va uchinchi sahifalarning pastki qismlarida berib borilgan. Agar maqola bu qismda ham sig‘masa, davomi keyingi sonlarga qoldirilgan”. E’tiborli jihati, gazetaning birinchi betida doimiy ravishda e’lonlar berib borilganidir. E’lon bahosi: birinchi sahifada berish 50 tiyin, oxirgi sahifada berish – bir satri 30 tiyin bo‘lgan bo‘lib, bundan keladigan daromad gazeta sarf-xarajatlarini qoplash uchun xizmat qilgan. 1917-yilning kuziga kelib gazetada “Adabiyot” rukni ham berila boshlangan. Qizig‘i, tahrir hay’ati faqat she’rlargagina adabiy asar sifatida qaragan. “Kulliyot”dan o‘rin olgan to‘plamda aynan ana shu bo‘limda e’lon qilingan Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, Hamza, Hodi Toqtosh, Hidoyatulla Aliyev, Latifiy, A.Begiy (Abdulla Mustaqayev) she’rlari va milliy adabiyot, alifbo tarixi, yoshlar masalasiga, “...ezilgan millatning haqiqiy dushmani jaholatdir” ekanligiga oid dolzarb mavzudagi qator maqolalar o‘rin olgan bo‘lib, ular nafaqat kitobxonlar, balki tadqiqotchilar uchun ham nihoyatda qadrlidir. Bundan tashqari, to‘plamga “Ulug‘ Turkiston” gazetasida e’lon qilingan materiallar ro‘yxati ham keltirilgan.

 

“Adabiyot parchalari” talabalar, o‘qitg‘uchilar va umuman, adabiyotni sevguchilar uchun terma darslik – xristomatiya bo‘lib, 1924–1926-yillar oralig‘ida Cho‘lpon va Ashurali Zohiriy tomonidan nashrga tayyorlangan. To‘plamdan joy olgan asarlar o‘sha davrning mashhur ijodkorlari – Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Oltoy, shuningdek, endi tanila boshlagan Shokir Sulaymon, Q.Arslon (Qizil Arslon (G‘ozi Olim Yunusov) – ta’kid bizniki, X.S) kabi yosh ijodkorlar hamda Alisher Navoiy, Bobur, Muqimiy kabi mumtoz shoirlar ijodidan saralab olingan. Asarlar davr adabiy muhitini, yosh ijodkorlarning badiiy va ilmiy-adabiy saviyasini, zamon ruhini o‘zida aks ettirganligi bilan ham ahamiyatlidir. Tadqiqotchi Saodat Fayziyeva ta’kidlaganidek, “umumiy soni 63 tani tashkil etuvchi bu asarlarning ba’zilari o‘z davri uchun muhim hodisalarni, ijtimoiy hayotda muammolarga olib kelayotgan ayrim voqealarni aks ettirsa, ba’zilari lirik kayfiyat beradi”. Ushbu to‘plam o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida yangi bir davrni boshlab bergan jadid adabiyoti, barmoq vaznining imkoniyatlari, hikoyachilikning shakllanishi va ravnaqi, doston va tarjimalarning, “Safar hikoyalari”ning yuzaga kelishi, tarixiy mavzuga qo‘l urilishida o‘ziga xos minbar va qo‘llanma ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.

 

“Go‘zal yozg‘ichlar” “Jadid kulliyoti”ning badiiy qimmatini oshirgan to‘plam sifatida qadrlidir. Boisi, 1920-yillarga qadar ham bunday xarakterdagi darsliklar mavjud bo‘lsa-da, ular xalq turmushidan, millat ruhiyatidan uzoq, o‘quvchilarda havas qo‘zg‘atolmaydigan ta’sirsiz kitoblar hisoblangan. Buni chuqur his etgan Elbek 1923-yilda “Yo‘qdan ko‘ra bor bo‘lib, darslik o‘rnini olib turadir” degan niyatda millat qayg‘usini shior qilib chiqqan yosh, sevikli yozuvchi va shoirlarning she’r va hikoyalarini “Go‘zal yozg‘ichlar” nomi ostida to‘plab, “birinchi galda el uchun” maydonga chiqaradi. “Bul kitobning eng ko‘b she’r va hikoyalarini xotin-qizlarimizning qulliqdan va razillikdan qutulishi to‘g‘risida yozilg‘on o‘tli she’rlar va achchiq insholar bilan bezadim”, deydi u. Tabdilni tayyorlovchilar kitobning 1925-yilgi ikkinchi nashrini asos qilib olishgan. E’tiborlisi, to‘plamdan o‘rin olgan har bir asarda o‘zbek xotin-qizlariga e’tibor va da’vat sezilib turadi. Masalan, Botu “O‘zbek qiziga” she’rida:

 

“O‘ynoq, qizcha, erkin-erkin o‘ynab ol,

Erta-indin erking qo‘ldan ketadir.

Erkalanib bir-iki kun quvnab qol,

Erka ko‘ngling hasratlarga botadir”,

 

deya davr jaholatidan ogohlantirsa, Cho‘lpon “O‘zbek qizi” she’rida o‘z bog‘iga ham titrab-qaltirab kiradigan, jaholatga botgan yirtqich eridan, xurofotlarga belangan qaynonasidan qo‘rqadigan qizni “Baxti yiroq, ko‘ngli to‘la qonlig‘, Erkin Sharqning tutqun qizidir”, deya ta’riflaydi. Elbek esa “Erk qizi” she’rida oktabr inqilobidan keyin yurt ozodligini xotin-qizlar timsolida ko‘radi va:

 

“Baxtliman”, deb lof urguchi har kimsa,

Sanday baxt yuzini sira ko‘rmagan!

Shuning uchun o‘yna, quvna erk qizi,

Yolg‘iz sensan bu dunyoning baxtlig‘i...”

 

– deydi.

 

E’tibor beradigan bo‘lsak, to‘plamdan o‘rin olgan asarlar mualliflari aksar holda taxallus qo‘llagan.  Bu ham bejiz emas. O‘sha davr ruhidan kelib chiqsak, birgina A.Qodiriyning 36 ta taxallusi bo‘lgan. Taxalluslar muallifning serqirraligini va har bir mavzuga xos qo‘shimcha ismlar qo‘llash an’anasini ifodalashdan tashqari, o‘zlarini himoya qilish vositasi edi. “Go‘zal yozg‘ichlar”da ma’lum va mashhur Julqunboy, Cho‘lpon, Fitrat, Elbek, Botu nomlaridan tashqari, Gultagin, Choy, Suboy, Saidali, Muhsin, Tikan, Kavkab kabi taxalluslarda ijod qilgan shoir va yozuvchilar ijodidan ham misollar keltirilganki, bu tadqiqotchilar uchun alohida mavzu. Qolaversa, asarlardagi “qor”, “bulut”, “soya”, “ko‘lanka”, “kuz”, “qish” kabi qator ramz va timsollar, sarlavhaga yashiringan ma’nolar, motivlar ham bayozning qimmatini oshiradi va istiqbolda tadqiq uchun qator mavzularni o‘rtaga tashlaydi.

 

“Ichkari” Lolaxon Sayfullina taxallusi bilan ijod qilgan rus adibasi Osipova Sveskayaning hikoyalar to‘plamidir. Adiba asarlarini 1926-yilda Cho‘lpon o‘zbek tiliga o‘giradi va O‘zbekiston davlat nashriyotida chop ettiradi. Filologiya fanlari doktori Shahnoza Nazarova “Hikoyalar tarjimada aslidan-da go‘zalroq chiqqan” deya e’tirof etadi. Akademik Naim Karimov ham “Ularni rus adibasi emas, balki Cho‘lponning aynan o‘zi yozgan, deb o‘ylashingiz hech gap emas”, deydi.

 

 

O‘sha davrda O‘rta Osiyo byurosi xotinlar sho‘basining mudirasi bo‘lib faoliyat yuritgan S.Lyubimova “Ichkari”ga yozgan so‘zboshisida “Sayfullinaning juda nafis va san’atkorona...” deb hikoyalarni Gomerning “Iliada”si vaznida yozilganligini e’tirof etadi. Ammo Cho‘lpon “Lekin Homer vazni yo‘q, ishlanmagan muosir (zamondosh) o‘zbek adabiy tili bor” degan xulosaga keladi va asarni o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Sayfullinaning “Baxtli bir kechada, yorug‘ yulduz shu’lasi ostida tug‘ildi Guljamol”, “Nazar soldi yaxshi shamol endigina ochilgan ko‘zlarga” tarzidagi “teskari jumla tuzish” mahoratini yuqori baholaydi va kitobga yozilgan “So‘zboshi” oxirida “Sharq va G‘arb chegarasida alamli haramlarning ko‘z yoshlari-da ochilib qolg‘on Lolaguldin kechirim so‘rab qolamen”, deydi.

 

“Ichkari”... Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bu o‘zbek xotin-qizlarining ziddiyatlarga to‘la hayoti, dunyoga go‘zallik bag‘ishlash va farzand ko‘rib, hayotning davomiyligini ta’minlash uchun yaratilgan ayollarning noxush tarixiy davr, nosog‘lom muhit ta’siridagi ayanchli taqdiri, toptalgan  insoniy haq-huquqlari, boshdan kechirgan fojealari haqida. Undagi hikoyalar bugungi kunda og‘irning ostida, yengilning ustida bo‘lsa ham nolishni odat qilib qolgan ayrim insonlarning, ayniqsa, xotin-qizlarning shukronasini orttiradi, ko‘zlarini ochadi...

 

“Zabarjad media” nashriyoti “Jadid kulliyoti” turkumida bizga ana shunday bebaho asarlarni taqdim etdi. Musavvir Azizbek To‘ychiboyev o‘sha davrda har bir asar mazmuniga mos chizilgan suratlarga qayta jon kiritganki, bu ham kulliyotning yanada jozibador, mohiyatan pishiq bo‘lishiga xizmat qilgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida xalqimiz boshidan kechirgan sinovli hayot, achchiq taqdir aks etgan, jadid bobolarimizning xalq ongini yuksaltirish, ma’rifatga chorlash va shu orqali zalolatdan xalos bo‘lish g‘oyalariga to‘yingan va har biri 3000 nusxadan chop etilgan ushbu kulliyot barchaga muborak bo‘lsin!

 

Xoliyor SAFAROV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 120
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//