Kosmos harakatsiz yulduzlar bilan chegaralanadi – yoqishga hukm qilingan Nikolay Kopernik g‘oyalari


Saqlash
22:27 / 23.11.2023 2384 0

Faylasuflar orasida Nikolay Kopernikni faylasuf deb hisoblamaydiganlar ham bor. Buni Frensis Bekon boshlab bergan. Tarixiy merosga radikal-tanqidiy yondashuvi bilan ma’lum-u mashhur bo‘lgan ingliz olimi bunday yozadi: “Uning (ya’ni Kopernikning) astronomiyasi, bizning fikrimizcha, mutlaq noto‘g‘ridir” (Бэкон Ф. Сочинения в двух томах. Том 1. Москва, “Наука”, 1971. Стр. 222).

 

Yevropa falsafasini ikki yirik bosqichga (Suqrot, Platon va Aristotelga borib taqaluvchi qadimgi yunon falsafasi hamda Bekon, Dekart, Gobbs, Spinoza, Lokk, Leybnis, Yum, Russo va Volterga borib taqaluvchi Yangi davr falsafasi) ajratgan Entoni Gottlib ham o‘z tadqiqotida Kopernikni tilga olmaydi. “Vikipediya” elektron qomusida ham u astronom, mexanik, matematik, gidroinshootchi, iqtisodchi, ilohiyotchi, vrach bo‘lgani ta’kidlanadi-yu, faylasuf ham ekani qayd etilmaydi. Faylasuflar pleyadasida polyak olimini tilga olmaslik yoki uning geliotsentrik g‘oyasini aytib o‘tish bilan cheklanish hayrat uyg‘otadi.

 

Bizningcha, fanlar falsafasida Kopernikning o‘rni beqiyos. U geliotsentrizm ta’limoti bilan 1500 yil hukmronlik qilib kelgan, diniy-falsafiy dogmaga aylangan geotsentrizmni rad etdi, Aristotel-Ptolemey sxolastikasiga qarshi ilmiy tanqidiy yondashuvni yoqlab chiqdi. U ilk turtki, ya’ni borliqni Xudo yaratgani haqidagi falsafiy-diniy qarashga muqobil ravishda barcha planetalar doiraviy harakatlari bilan o‘zini va Quyosh tizimini muvozanatda ushlab turadi degan fikrni ilgari surdi. To‘g‘ri, olim sof falsafiy yoki gnoselogiyaga oid asar yozgani ma’lum emas. Shunday bo‘lsa-da, fan falsafasiga ilmiy-tanqidiy yondashuvni olib kirgani, insoniyat tafakkurini daqqi qarashlardan xalos qilgani, sxolastikaga qarshi chiqqani uni faylasuf o‘laroq tan olmoqni taqozo etadi.

 

* * *

Kosmologiya eng qadimgi dunyoqarashlardan biridir. Akademik Aleksey Losev uni o‘rganib, dunyoning shakllanishi va koinotning harakatlari qadimgi kishilar o‘y-xayolini band etgan, bu merosdan Platon, Yevdoks, Aristarx va Ptolemey ham foydalangan, deb yozadi. Mazkur faylasuflarning qarashlarida Yer dunyo, borliq, kosmos markazi sifatida talqin etilgan, hayot Oy osti va Oy ustiga ajratilgan. Ptolemey (100–170-yillar) ushbu qarashlarni jamlab, astronomiyaga oid traktat yozgan. Uning fikricha, Yer – borliq markazi; Quyosh, Oy, Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter va Saturn (Uran va Saturn keyin qo‘shilgan) Yer atrofida kunlik, yillik va o‘ziga xoslikda harakatlanadi. Kosmos harakatsiz yulduzlar bilan chegaralanadi. Ptolemeyning bu qarashi ilm-fanda “geotsentrizm” deb ataladi.

 

O‘z davrining yirik olimlaridan sanalgan Ptolemey astronomiya, matematika, mexanika, astrologiya, optika, musiqa nazariyasi, geografiya fanlarini puxta egallagan, qadimgi Yunon va Bobildagi ilmiy, falsafiy qarashlardan yaxshi xabardor bo‘lgan. Uning ilmiy risolalari, jumladan, “Almagest” asaridagi astronomik-kosmologik qarashlar hanuz qiziqish uyg‘otib keladi. A.Losev ta’biricha, “Ptolemey geotsentrizmi xato bo‘lsa-da, uning merosi bebahodir”. Eng muhimi, ushbu boylik Kopernik va u orqali Jordano Bruno, Galileo Galiley, Iohann Kepler, Isaak Nyuton kabi aql darg‘alarini uyg‘otdi, ularni tanqidiy-ratsional va obyektiv fikrlashga undadi.

 

* * *

Nikolay Kopernik (Nicolaus Copernicus) 1473-yili Visla daryosi bo‘yidagi Torun shaharchasida (Polsha) o‘ziga to‘q oilada tug‘ilgan (bugun Torun UNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatida). Taqdirni ko‘ringki, Yevropa bo‘ylab tarqalgan vabo uni birin-ketin ota-onasidan judo qiladi. Cherkov yepiskopi bo‘lgan tog‘a yetim qolgan to‘rt jiyanini o‘z himoyasiga oladi. Aka-uka Adjey va Nikolayni ruhoniylikka tayyorlashga ahd qilgan tog‘a ularni 1491-yili Krakov universitetiga jo‘natadi. Kopernik tarjimai holini o‘rgangan tadqiqotchilar fikricha, Krakov universitetida Ptolemey ta’limotidan voqif, hatto unga tanqidiy yondashishga moyil astronomlar Voysex Brudzevskiy va Yan Glogovchik dars bergan. Kopernik astronomiya, jumladan, geotsentrizm nazariyasi bilan aynan Krakovdagi tahsil kezlari tanishgan. Bir muddatdan keyin aka-uka o‘qishni Bolonya universitetida (Italiya) davom ettiradi.

 

Kopernik 1497-yili italyan astronomi Domeniko Novara bilan ilk astronomik kuzatuv o‘tkazadi. O‘shanda unda Ptolemey qarashlarining to‘g‘riligiga shubha uyg‘ongan. Ehtimol, bunga Aristarx, Geraklid, Ekfant va Giketlarning fikr-mulohazalari ham sabab bo‘lgandir (olim o‘z asarida ularning nomini alohida tilga olgan). Qayd etish joizki, Kopernik Ptolemeyning geotsentrizmi ilmiy eksperimentlar emas, balki kundalik kuzatishlar, astrologik farazlar, hatto kosmologik dogmalar mahsuli ekanini bilar edi. U o‘zining 40 yillik ilmiy astronomik izlanishlari mahsuli bo‘lgan “Osmon sferalarining aylanishi haqida” asarida Yevklid, Regiomontan, Al-Battoniy, Ptolemey qarashlarini bayon qiladi.

 

Traktat olti qismdan iborat bo‘lib, birinchi bobda Yer va borliq sharsimon ekani asoslanadi. Keyinchalik Fernan Magellanning dengiz osha sayohati bu fikrni ilmiy-empirik tasdiqlaydi. Astronomik uskunalar va tajriba taraqqiy etmagan davrda Yerning tekis emas, sharsimon ekanini aytmoq uchun katta salohiyat va jur’at kerak edi.

 

Kitobning ikkinchi qismi yulduz va planetalarning holatini o‘rganish va aniqlash haqidadir. Kopernikka qadar ular harakati haqida aniq fikr aytish mushkul edi. Bundan tashqari, kosmologik qarashlar sodda faraz yoki teologik doktrinalar asosiga qurilgan edi. Yerning harakatlanuvchi sayyora ekani xaqidagi fikrlar Beruniy, Ibn al-Haysam, Nikolay Orem, Nikolay Kuzanskiy, Chelio Kalkanini va boshqa olimlar asarlarida uchraydi. Ular Ptolemey va dogmatik qarashlarga qarshi chiqmagan.

 

Uchinchi qismda kunlar taqsimi, ekvatorning ekliptik kesimi bilan tutashuvi ochib beriladi. Bu borada Kopernik trigonometriya va matematikaning modellashtirish imkoniyatlaridan foydalangan. U o‘z kuzatuvlariga asoslanib, yil uzunligini 365 kun, 5 soat, 49 minut, 16 sekund deb belgilaydi. Keyinchalik bu yangi kalendar tuzish, bayram kunlarini belgilash va umumiy vaqtni o‘rnatishga asos bo‘ladi.

 

Muallif kitobining to‘rtinchi qismini Oyga bag‘ishlagan. Bu borada u o‘zidan avvalgi kosmologik qarashlarga tayangan, ba’zi hollarda qadimgi yunonlarga ayon fikrlarni takrorlagan. Ammo u Oy Quyosh atrofida aylanuvchi planeta deb hisoblagan. Aslida, Quyoshning oddiy planeta ekanini italyan olimi J.Bruno asoslagan. Geliotsentrizmda Ptolemey epitsikli kamaytirilgan tarzda saqlab qolingan. Yerning orbitadagi o‘rni, maqomi o‘zgargan bo‘lsa ham, qolgan planetalar orbitasi Quyoshga emas, Yer orbitasiga moslashtirilgan. Natijada Ptolemey ekvanti bekor qilinadi-yu, Yer orbitasi ta’siri saqlanib qoladi.

 

Asar beshinchi qismi boshqa sayyoralarga bag‘ishlangan. Quyosh tizimiga kiruvchi 8 planetaning (Pluton va serera jajji planetalar hisoblanadi) o‘ziga xos xususiyatlari va harakat tartibi mavjud. Kopernik barcha planetalar Quyosh va o‘z o‘qi atrofida aylanishini aniqlagan, ammo ba’zi planeta (aslida yo‘ldoshlar, ya’ni sputniklar) o‘ngdan chapga emas, balki, aksincha chapdan o‘ngga yoki chayqalib, to‘lqinsimon aylanishi haqida fikr bildirmagan. XX asrga kelib planetashunoslar “retgrograd obyektlar”, ya’ni asteroidlar, kometalar yoki planetalar yo‘ldoshlari bo‘lishini aniqlagan. Masalan, Saturn – Feba, Neptun – Triton deb atalgan yo‘ldoshlariga ega bo‘lib, ularning Quyosh tizimidagi harakati teskari. Olimlarning farazicha, bu yo‘ldoshlar turli gazlardan paydo bo‘lish jarayonida yaqin planetalarning ta’sirida o‘z harakatini o‘zgartirib yuborgan. Ular Quyosh tizimidagi barcha sayyoralar harakat tizimiga moslashadimi yoki teskari harakatida davom etadimi – aytish mushkul.

 

“Osmon sferalarining aylanishi haqida” asari oxirgi qismida planetalar kengligi, ularning Quyosh hamda o‘z o‘qi atrofida aylanishi, Yer harakatining kunlik, oylik, yillik sikllari ochib berilgan. Olim planetalar harakati mexanizmlarini ilgaridagidek qoldirgan; chamasi, unga empirik manbalar yetishmagan.

 

Asar nashri haqida turli fikrlar mavjud. Kopernik uning trigonometriya qismini chop etish (1542) bilan chegaralanmoqchi bo‘lgan, biroq izdoshlari Georg Retik va Tideman Gize asarni to‘liq holda nashr etishga ko‘ndiradi. Kitob 1543-yili Nyurnbergda chop qilinadi. Geliotsentrizm ta’limoti Kopernikni mashhur qiladi.

 

Muallif kitobini ko‘rgani haqida aniq dalil yo‘q. Ayrim tadqiqotchilar Kopernik kitobni qo‘lida ushlagan desa, ba’zi avtograflar traktat chop etilgan yili muallif o‘lim to‘shagida edi, deya e’tiroz bildiradi. Kitobning titul varag‘i ham yo‘q, unga nomni noshir bergan bo‘lsa ajab emas.

 

Asar o‘sha davr an’anasiga muvofiq papa Pavel III ga bag‘ishlangan. Shunga qaramay, kitob inkvizitsiyani darg‘azab etadi. Frombork shahri inkvizitsiyasi 70 yashar Nikolay Kopernikni gulxanda yoqish haqida hukm chiqaradi, ammo o‘lim farishtasi olimni bu vahshiylikdan qutqarib qoladi. Kopernikning qarashlarini inkvizitsiyaga yetkazgan, shu tariqa uni jazolamoqchi bo‘lgan shaxs yetim qolganida o‘z qanotiga olgan, o‘qitgan, yepiskoplikka ko‘targan tog‘asi degan taxmin mavjud.

 

O‘sha kezlar e’tiqod sofligini saqlash shiori ostida hurfikr egalarini mutaassib mahkamaga topshirish, ularning gulxanda azoblanishini tomosha qilish odatga aylangan edi. Shu tariqa 1543-yili inkvizitsiya kitobga taqiq qo‘yadi, 1616-yili esa katolik cherkovi geliotsentrizmni dahriyona qarash deb e’lon qiladi.

 

Aslida, inkvizitsiyaning ildizi antik davr sud tizimiga borib taqaladi. Bu istiloh lotin tilidagi inquisitio so‘zidan olingan bo‘lib, ta’qib, so‘roq degan ma’nolarni anglatadi. Katolitsizm o‘z dogmatikasini e’tiqodga aylantirishda maxsus mahkama – inkvizitsiyadan foydalanadi. XIII asrdayoq inkvizitsiya o‘zga dinga e’tiqod qiluvchilarni jazolashga kirishadi. Manbalarning guvohlik berishicha, 1215-yilgi Lyuteran soborida inkvizitsiyaga katolitsizmdan boshqa dindagilarni izlab topish, so‘roq qilish, aybdor bo‘lsa gulxanda kuydirishga ruxsat beriladi. O‘sha davrda birgina Angliyada 25-30 mingga yaqin ayol jodugar sifatida gulxanga tashlanadi. Italiyada olovda kuydirilganlar soni 30 ming kishidan ziyod. 1481–1498-yillarda ispan inkvizitsiyasi 10 mingdan oshiq kishini gulxanda yoqqan, 6,5 ming kishini qatl etgan, 100 ming kishining mol-mulkini tortib olib, o‘zini badarg‘a qilgan. Ba’zi manbalarda inkvizitsiya Niderlandiyaning 3 million aholisini yoppasiga gulxanda kuydirish haqida qaror qabul qilgani qayd etilgan.

 

1542-yili Rim papasi Pavel III inkvizitsiyaning markaziy mahkamasini tuzib, unga cheksiz vakolat beradi. Mahkama Yevropa bo‘ylab ilm-fan tarafdorlari, ma’rifatli va hur fikrli kishilarni ham jazolashga tushadi. Chex islohotchisi Yan Gus (1415), fransuz vatanparvari Janna d’Ark (1431), italyan olimi Jordano Bruno (1600) tiriklay gulxanda yondiriladi. Yetmish yashar Galileo Galiley esa nasroniylik aqidasiga shubha uyg‘otgani va Kopernik geliotsentrizmi tarafdori bo‘lgani uchun Rim markaziy maydonida sazoyi qilinadi, fikridan qaytgani hisobga olinib, umrbod uy qamog‘iga mahkum etiladi.

 

Tahlikali davrda Kopernikning gulxanda yondirilmagani unga taqdirning tuhfasi edi. Ehtimol, aynan inkvizitsiya dahshati bois u kitobini chop etishni ortga surgandir? Harqalay, olimni shu sabab jur’atsizlikda ayblashga haqimiz yo‘q... Darvoqe, oradan salkam uch asr o‘tib, Ma’rifatchilik harakati ta’sirida Kopernikning kitobiga qo‘yilgan taqiq bekor qilingan.

 

* * *

Kopernikni ijodxonaga bekinib, faqat o‘zini qiziqtirgan muammolar ustida bosh qotirishni sevadigan, zohidona yashashga moyil olimlar sirasiga kiritib bo‘lmaydi. U vatani taqdiri, yurtdoshlari farovon yashashi haqida ham bosh qotirgan. Olimning tashkilotchilik qobiliyatidan xabardor Polsha qiroli uni Olshtin va Penenjno okrugi rahbari etib tayinlaydi. O‘sha kezlar Tevton ordeni okrugni qaytarib olish uchun bostirib keladi. Yirik mulkdorlar, badavlat va e’tiborli kishilar okrugni tashlab ketganida Kopernik mudofaaga tayyorgarlik ko‘radi, xarbiy bo‘linmalar tuzadi, ularni qurol-aslaha, oziq-ovqat bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yadi. Kuchli qarshilikka duch kelgan dushman Polsha qiroli shartlariga ko‘nib sulh tuzadi. Kopernikka Polsha va Litva yerlari xaritasini tuzgani katta yordam beradi, jug‘rofiy bilimlar harb maydonida asqatadi.

 

Kopernik okrug rahbari sifatida aholini suv bilan ta’minlash loyihasini ishlab chiqadi. Gidravlik mashina ixtiro qiladi, uning yordamida kemalarga energiya, omborxonalarga suv yetkazish va bug‘doy yanchish uskunalarini yaratadi. Suvning tekin quvvatini foydali o‘zanga yo‘naltirish mexanikadagi yirik loyiha edi.

 

Iqtisodiy-moliyaviy muammolarni hal etishga bel bog‘lagan olim pul, tanga zarb etishni markazlashtirish tashabbusi bilan chiqadi. Gap shundaki, o‘rta asrlarda har bir o‘lka, viloyat o‘z pulini zarb etgan, bu esa firibgarlik va turli jinoyatlarni keltirib chiqargan. Olimning “Yomon pul yaxshi pulni iste’moldan siqib chiqaradi”, “Davlat kuchli pulni kuchsiz pulga almashtirish tartibini o‘rnatsa, kuchli pulni sandiqda yig‘ish avj oladi” kabi fikrlari hanuz ahamiyatini yo‘qotmagan.

 

Darhaqiqat, aholi kuchli pulni “yostiq ostida” yig‘ishi oqibatida u kam istifoda etiladi, zaif valyuta esa kundalik iste’mol vositasiga aylanadi. Bu iqtisodiy-moliyaviy qonun Aristofan davridan ma’lum, biroq uni ilmiy asoslashni Kopernik boshlab bergan.

 

* * *

Nikolay Kopernik qo‘li yengil vrach ham bo‘lgan. U pruss qiroli oila a’zolarini davolagan. O‘zi tayyorlagan dori-darmonlarni yo‘qsillarga bepul tarqatgan. Qiziqarli fakt shundaki, u buyuk zamindoshimiz Abu Ali ibn Sino tibbiy merosi va davolash usullaridan xabardor bo‘lgan, kezi kelganda ulardan foydalangan.

 

Cherkov ruhoniysi maqomi olimga daromad topish, qo‘shni mamlakatlarga borib bilim orttirish imkonini bergan. Ferrara universiteti ilohiyotshunoslik doktori ilmiy unvoni esa tinch-osuda izlanishlar kafolati bo‘lgan.

 

Ham cherkovga, ham ilmga xizmat qilish Kopernikning qismati edi. Shu bois u dinga, teologik qarashlarga qarshi chiqolmasdi. Nega u barhayot chog‘ida geliotsentrik qarashlari mujassam kitobini chop etmagan? Bunga nima to‘sqinlik qilgan: xizmat burchimi yoki mutaassiblik vahshatimi? Nazarimda, bu savolga polyak rassomi Yan Mateyko “Astronom Kopernik. Xudo bilan suhbat” rangtasvir asarida javob bergandek.

 

Olim qo‘lidagi sirkul, qalam, trigonometrik chizmalarni unutib, ilohiy nuqtaga bor vujudi, o‘y-xayoli bilan talpingan ko‘yi o‘tiribdi. Ilohiy nuqta – u izlagan sir; balki olim ham, musavvir ham hali anglab yetmagan savolga javob berishi mumkin bo‘lgan abadiyatdir. Badiiy-estetik rangtasvir fikr uyg‘otadi, lekin real hayot, aql-u idrok bilan kosmik kenglik o‘rtasidagi muroqaba undan-da keng, sirli, mahobatli. Qani edi, abadiy savollarga inson idroki, izlanishlar-la javob topa olsa...

 

Ilmiy-falsafiy qarashlar tarixini o‘rgangan E.Gottlib bunday yozadi: “Agar Dekart flamand boshqotirmasini yechishda yordam so‘ramagan va tushiga “hayratli ilm” kirmaganida nima bo‘lardi? Agar Leybnis professor unvoniga ko‘nib, o‘z g‘oyalariga mahliyo tarzda butun Yevropa bo‘ylab hukmdorlarga loyihalarini tavsiya etmaganida nima bo‘lardi? Agar Yum kareraga erishgan, Oksford universiteti Lokka tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasini berishni rad qilgan, Gobbs Kopernik, Galiley, Yevklid nazariyalariga mahliyo bo‘lmaganida nima bo‘lardi? Agar Spinoza o‘z ibodatxonasidan chiqmaganida-chi? Chamasi, biz yashayotgan dunyo ehtimoliy dunyolarning a’losi emas, ammo nomi zikr etilgan novatorlar uni intellektual zavqli, (fransuz olimi) Jan D’Alamber aytganidek, esliroq qilgani rost” (Готтлиб Э. Мечта о Просвещении. Рассвет философии Нового времени. Москва, “Альпина нон-фикшн”, 2020. Стр. 340).

 

“Nikolay Kopernik Birinchi ilmiy inqilobning boshlovchisi, Uyg‘onish davrining buyuk vakili edi. Ammo uning ta’limoti XVII asrga kelib Kepler va Galiley tomonidan o‘zlashtirilgandan va takomillashtirilgandan so‘ng keng yoyildi” deb yozadi atoqli faylasuf Bertran Rassel. Xo‘sh, zahmatkash olimning ilmdagi inqilobiy xizmati nimada namoyon bo‘ladi?

 

Birinchidan, u ongda, dunyoqarash va diniy-falsafiy ta’limotlarda dogmaga aylangan fikrni shubha ostiga qo‘yadi. “Ilk turtki yo‘q, planetalar Quyosh tizimi va o‘z o‘qi atrofida aylanib, bir-birini ma’lum bir masofada tutib turish tartibini shakllantirgan” degan nuqtai nazarni ilgari suradi.

 

Ikkinchidan, Aristotel, Ptolemey qarashlarini tanqidiy o‘rganish asosida fan falsafasiga olamning cheksizligi, sayyora va yulduzlarning mudom harakatda ekani haqidagi fikrni olib kirdi. Bu esa aql-u idrokni dogmatika va sxolastikadan xalos qilishga yo‘l ochdi.

 

Uchinchidan, olim “Yer – harakatdagi planetalardan biri. U Quyosh atrofida aylanadi” degan fikrda sobit bo‘ldi. Bu – geliotsentrizm ta’limotining ilmiy mag‘zidir.

 

To‘rtinchidan, kosmosni muqaddaslashtirishga qarshi bo‘lgan Kopernik uni desakrallashtirishni boshlab berdi. Uning fikricha, borliq, kosmos “o‘zi o‘zi uchun” mavjud, u kimningdir mehnati yoki sehrli ishorasi mahsuli emas; kosmos cheksiz, ammo olamning chegarasi muqim yulduzlardadir.

 

Beshinchidan, u inson Yer va kosmos oralig‘idagi mavjudot, antropotsentrik va teotsentrik qarashlar noto‘g‘ri degan fikrni ilgari surdi.

 

Oltinchidan, olim asarlaridan kelib chiqadigan yana bir xulosa: Yer va Quyosh sayyoralar ichida alohida maqomga ega emas.

 

Yettinchidan, Kopernik birinchi bo‘lib Yerning Quyosh va o‘z o‘qi atrofida aylanishini aytgan. Bu esa sayyoralarning borliqdagi o‘rnini obyektiv baholash, bilishga yordam berdi. Quyosh tizimi haqidagi fikrlar kuzatuv va g‘ayriilmiy farazlarga emas, balki eksperimental izlanishlarga tayanadigan bo‘ldi.

 

Bugungi astronomik va kosmologik izlanishlar Yerning Quyosh tizimida uchinchi, diametri va massasi bo‘yicha beshinchi o‘rinda turishini, u 4,54 milliard yil avval paydo bo‘lganini tasdiqlaydi. Yerda hayot 4,25 milliard yil avval yuzaga kelgan. Kurrai arzning 70,8 foizi suv va okeanlardan iborat, qolgan qismining 40 foiziga yaqiniga ekin ekiladi. Yer chang va gazlardan iborat katta bulutlardan paydo bo‘lgan, bu bulut asosan vodorod va geliydan iborat. Yerning hozirgi shakliga kelishi uchun 10–20 million yillar ketgan. Odamzodning paydo bo‘lishi esa nafaqat Yerdagi, balki Quyosh tizimi, umuman, borliqdagi betakror voqeadir. Ushbu faktlarni aniqlashga, bilishga Nikolay Kopernik geliotsentrizmi, ilmiy-astronomik va falsafiy-kosmologik qarashlari turtki berganini unutib bo‘lmaydi.

 

 

Viktor ALIMASOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.

“Ilmiy inqilob darg‘asi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 107
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//